O‘ta zaharli, ayniqsa og‘iz orqali qabul qilinganda; kuchli kanserogen, mutagen va ta’sirlantiruvchi modda (terini ta’sirlantiradi, ko‘rish a’zolari uchun xavfli).
1860-yillarga kelib, benzol molekulasidagi atomlaruglerod bilan vodorod atomlari sonining nisbati atsetilendagi kabi ekani, ularning empirik formulasi esa CnHn ekani ma’lum edi. Benzolni nemis kimyogariFridrix Avgust Kekule jiddiy o‘rgangan va 1865-yilda ushbu birikmaning to‘g‘ri — halqasimon tuzilish formulasini taklif qilishga muvaffaq bo‘lgan. Ma’lum bir rivoyatga ko‘ra, F. Kekule benzolni oltita uglerod atomidan iborat ilon sifatida tasavvur qilgan. Halqasimon tuzilish haqidagi fikr unga tushida xayoliy ilon o‘z dumini tishlaganida kelgan. Fridrix Kekule o‘sha davrda benzolning xossalarini eng to‘liq tavsiflab bergan.
Fizik xossalari
Benzol (suyuq)
O‘ziga xos o‘tkir hidli rangsiz suyuqlik. Erish harorati = 5,5°C, qaynash harorati = 80,1°C, zichligi = 0,879 g/sm³, molyar massasi = 78,11 g/mol.
To‘yinmagan uglevodorodlar singari, benzol ham kuchli tutun hosil qiluvchi alanga bilan yonadi. Havo bilan portlovchi aralashmalar hosil qiladi, efir, benzin va boshqa organik erituvchilar bilan yaxshi aralashadi, suv bilan azeotrop aralashma hosil qiladi; uning qaynash harorati 69,25°C (91 % benzol). Suvda eruvchanligi 1,79 g/l (25°C da).
Kimyoviy xossalari
Benzolga almashinish reaksiyalari xos — u alkenlar, xloralkanlar, galogenlar, nitrat va sulfat kislotalari bilan reaksiyaga kirishadi. Benzol halqasi uzilishi bilan boradigan reaksiyalar qattiq sharoitda (yuqori harorat va bosimda) sodir bo‘ladi.
Alkenlar bilan reaksiyada (alkillash) benzol gomologlari hosil bo‘ladi, masalan, etilbenzol va kumol:
Benzol brom bilan oleum eritmasida reaksiyaga kirishganda geksabrombenzol hosil bo‘ladi:
Alkanlarning galogenli hosilalari bilan reaksiyasi (benzolni alkillash, Fridel — Krafts reaksiyasi) natijasida alkilbenzollar hosil bo‘ladi:
Benzolning karbon kislotalar angidridlari va galogenangidridlari bilan Fridel—Krafts bo‘yicha atsillanish reaksiyasi mahsulotlari — aromatik va yog‘-aromatik ketonlar:
Birinchi va ikkinchi reaksiyalarda atsetofenon (metilfenilketon) hosil bo‘ladi; aluminiy xlorid o‘rniga surma(V) xlorid ishlatilsa, reaksiya haroratini 25 °C gacha pasaytirish mumkin.
Uchinchi reaksiyada benzofenon (difenilketon) hosil bo‘ladi.
Formillanish reaksiyasi — benzolning CO va HCl aralashmasi bilan yuqori bosim va katalizator ishtirokida o‘zaro ta’sirlashishidir. Uning mahsuloti — benzaldegid:
Reaksiyalar: sulfirlash va nitrolash reaksiyalari natijasida nitrobenzol hamda sulfobenzol hosil bo‘ladi (elektrofil almashinish):
Benzolning vodorod bilan qaytarilib, siklogeksan hosil qilishi (katalitik gidrogenlash):
Ozonoliz reaksiyasi. Benzol ham ozonolizga uchraydi, ammo bu jarayon to‘yinmagan uglevodorodlarga qaraganda sekinroq kechadi:
Reaksiya natijasida dialdegid — glioksal (1,2-etandial) hosil bo‘ladi.
Yonish reaksiyasi. Benzolning yonishi oksidlanishning eng oxirgi holatidir. Benzol oson alangalanadi va havoda kuchli tutunli alanga bilan yonadi (molekulasi tarkibida 92 % gacha uglerod mavjud):
Tuzilishi
Tarkibiga ko‘ra benzol to‘yinmaganuglevodorodlar qatoriga kiradi (gomologik qator CnH2n−6), ammo etilen qatoridagi C2H4 uglevodorodlardan farqli ravishda, to‘yinmagan uglevodorodlarga xos xususiyatlarni (ular uchun birikish reaksiyalari xos) faqat keskin sharoitlarda namoyon etadi. Benzol almashinish reaksiyalariga esa ko‘proq moyil. Benzolning bunday xususiyati uning alohida tuzilishi: atomlarining bitta tekislikda joylashgani va molekulada konjugatsiyalangan 6π-elektron buluti mavjudligi bilan izohlanadi. Benzoldagi bog‘larning elektron tabiati haqidagi zamonaviy tasavvur Laynus Poling gipotezasiga asoslanadi. U benzol molekulasini ichiga aylana chizilgan oltiburchak shaklida tasvirlashni taklif qilgan. Bu tasvir qat’iy belgilangan qo‘sh bog‘lar yo‘qligini va halqadagi barcha oltita uglerod atomini qamrab oluvchi yagona elektron buluti mavjudligini ko‘rsatadi.
Ilmiy va ommabop adabiyotlarda benzol halqasi atamasi keng qo‘llanadi. Odatda, bu atama uglerod atomlariga bog‘langan boshqa atom va guruhlar hisobga olinmagan holdagi benzolning uglerod skeletini anglatadi. Benzol halqasi juda ko‘p turli birikmalar tarkibiga kiradi.
Ishlab chiqarilishi
Hozirgi vaqtda benzol ishlab chiqarishning bir-biridan tubdan farq qiladigan bir necha usuli mavjud.
Kokslash — toshko‘mirni kokslash. Tarixan bu jarayon benzol olishning birinchi usuli bo‘lgan va Ikkinchi jahon urushigacha uning asosiy manbai hisoblangan. Hozir bu usul bilan olinadigan benzol ulushi 10 % dan kam. Shuni qo‘shimcha qilish kerakki, toshko‘mir smolasidan olinadigan benzol tarkibida sezilarli miqdorda tiofen mavjud bo‘lib, bu uni qator texnologik jarayonlar uchun yaroqsiz xomashyoga aylantiradi.
Katalitik riforming — neftning benzin fraksiyalarini aromatlashtirish. Bu jarayon AQSHda benzol olishning asosiy manbai hisoblanadi. G‘arbiy Yevropa, Rossiya va Yaponiyada benzolning umumiy miqdoridan 40—60 % shu usul bilan olinadi. Bu jarayonda benzoldan tashqari toluol va ksilollar ham hosil bo‘ladi. Toluol unga bo‘lgan talabdan ortiq miqdorda hosil bo‘lgani uchun uning bir qismi ham quyidagilarga qayta ishlanadi:
benzolga — gidrodealkillash usuli bilan;
benzol va ksilollar aralashmasiga — disproportsiyalash usuli bilan.
Piroliz — neftning benzin va undan og‘irroq fraksiyalarini piroliz qilish. Benzolning 50 % gacha qismi shu usul bilan ishlab chiqariladi. Benzol bilan birga toluol va ksilollar ham hosil bo‘ladi. Ayrim hollarda bu fraksiyaning barchasi dealkillash bosqichiga yuboriladi; bunda toluol ham, ksilollar ham benzolga aylanadi.
Reppe usuli bilan benzol olishAtsetilenning trimerlanishi — atsetilen 400°C da faollashtirilgan ko‘mir ustidan o‘tkazilganda benzol va boshqa aromatik uglevodorodlar yaxshi unum bilan hosil bo‘ladi: 3C2Н2 → С6H6. Benzolni atsetilendan olish Marselen Bertlo nomi bilan bog‘liq bo‘lib, uning tadqiqotlari 1851-yilda boshlangan. Ammo yuqori haroratda boradigan Bertlo usulidagi reaksiyada benzoldan tashqari murakkab tarkibli aralashma ham hosil bo‘lgan. Faqat 1948-yilda V. Reppe reaksiya haroratini pasaytirish uchun mos katalizator — nikelni topa olgan. Reaksiyaning to‘liq mexanizmi esa faqat 2020-yilda Rossiya Fanlar akademiyasining N. D. Zelinskiy nomidagi Organik kimyo instituti xodimlari tomonidan tavsiflangan.
Benzoldan boshqa ayrim birikmalarni sintez qilishda juda kam miqdorda foydalaniladi. Yuqori zaharliligi tufayli u faqat zarur holatlarda erituvchi sifatida ham ishlatiladi.
Bundan tashqari, benzol benzin tarkibiga kiradi. 1920—1930-yillarda benzol qo‘shilishi [nem.] orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri haydalgan benzinning oktan soni oshirilgan, ammo 1940-yillarga kelib bunday aralashmalar yuqori oktanli benzinlar bilan raqobatlasha olmadi. Yuqori zaharliligi sababli zamonaviy standartlar yoqilg‘idagi benzol miqdorini 1 % gacha cheklaydi.
Biologik ta’siri va toksikologiyasi
Benzol (C6H6) — xavfli zahar bo‘lib, antropogen kelib chiqishga ega eng ko‘p tarqalgan ksenobiotiklardan biridir.
Benzol yuqori konsentratsiyalarda kuchli zaharlidir. GOST 12.1.005-88 va GOST 12.1.007-76 standartlariga muvofiq, u II xavflilik sinfiga (yuqori xavfli moddalar sinfiga) kiradi. Og‘iz orqali qabul qilinganda eng kichik o‘limga olib keluvchi doza 15 ml, o‘rtacha doza 50—70 ml ni tashkil etadi. Benzol bug‘lari qisqa vaqt nafas bilan yutilganda darhol zaharlanish yuz bermaydi. Shu sababli yaqin vaqtgacha benzol bilan ishlash tartibi alohida qat’iy cheklanmagan.
Katta dozalarda benzol ko‘ngil aynishi va bosh aylanishiga sabab bo‘ladi, ayrim og‘ir hollarda esa zaharlanisho‘limga olib kelishi mumkin. Benzol bilan zaharlanishning dastlabki belgisi ko‘pincha eyforiya bo‘ladi. Benzol bug‘lari shikastlanmagan teri orqali ham o‘tishi mumkin. Suyuq benzol terini ancha kuchli ta’sirlantiradi. Inson organizmiga uzoq vaqt davomida oz miqdorda benzol ta’sir qilsa ham, oqibatlari juda jiddiy bo‘lishi mumkin.
Benzolning organizmda o‘zgarish mexanizmi va mutagen ta’siri
Inson organizmida benzolning o‘zgarishi bir necha mexanizm bo‘yicha kechishi mumkin. Birinchi mexanizmda benzol molekulasi mikrosomal oksidlanish tizimi tomonidan sitoxrom P450 (CYP) ishtirokida gidroksillanadi. Bu mexanizmga ko‘ra, benzol avval reaksiyaga kirishish qobiliyati yuqori bo‘lgan epoksidga oksidlanadi, so‘ng u fenolga aylanadi. Bundan tashqari, erkin radikallar (kislorodning faol shakllari) ham hosil bo‘ladi. Bu sitoxrom P450 ning quyidagi reaksiya bo‘yicha kuchli faollashishi bilan bog‘liq:
Benzol promutagen hisoblanadi, ya’ni u mutagen xossalarni faqat biotransformatsiyadan keyin, reaksiyaga kirishish qobiliyati yuqori bo‘lgan birikmalar hosil bo‘lgach namoyon etadi. Shunday birikmalardan biri benzol epoksididir. Epoksid halqasidagi katta burchak kuchlanishi tufayli —C—O—C— bog‘lari uziladi va molekula elektrofilga aylanadi. U nuklein kislotalar molekulalaridagi azotli asoslarning nukleofil markazlari bilan, ayniqsa DNK.
dagi markazlar bilan oson reaksiyaga kirishadi. Epoksid halqasining azotli asoslardagi nukleofil markazlar — aminoguruhlar bilan o‘zaro ta’sirlashish mexanizmi (arillanish reaksiyasi) nukleofil almashinish reaksiyasiSN2 sifatida kechadi. Natijada DNK bilan kovalent bog‘langan, ancha barqaror adduktlar hosil bo‘ladi. Bunday hosilalar ayniqsa guaninda ko‘p uchraydi (chunki guanin molekulasida nukleofil markazlar soni eng ko‘p); masalan, N7-fenilguanin. Hosil bo‘lgan DNK-adduktlar DNKning tabiiy tuzilishini o‘zgartirishi, natijada transkripsiya va replikatsiya jarayonlarining to‘g‘ri kechishini buzishi mumkin. Bu esa genetik mutatsiyalarni keltirib chiqaradi. Epoksidning gepatotsitlarda (jigar hujayralarida) to‘planishi qaytarilmas oqibatlarga olib keladi: DNKning arillanishi kuchayadi, buning natijasida genetik mutatsiya mahsuli bo‘lgan mutant oqsillarning ekspressiyasi (o‘ta yuqori ekspressiyasi) ham ortadi; apoptoz sekinlashadi; hujayralar o‘zgaradi va hatto nobud bo‘ladi. Benzol kuchli genotoksiklik va mutagenlikdan tashqari, yuqori miyelotoksiklik hamda kanserogen faollikka ega. Bu ta’sir ayniqsa miyeloid to‘qima hujayralarida seziladi (chunki ular ksenobiotiklar).
Juda yuqori konsentratsiyalarda deyarli darhol hushdan ketish va o‘lim bir necha daqiqa ichida yuz beradi. Yuz ko‘kimtir tus oladi, shilliq pardalar ko‘pincha olcharang-qizil bo‘ladi. Pastroq konsentratsiyalarda avval spirtli ichimlik ta’siriga o‘xshash qo‘zg‘alish, keyin uyquchanlik, umumiy holsizlik, bosh aylanishi, ko‘ngil aynishi, qusish, bosh og‘rig‘i va hushdan ketish kuzatiladi. Mushaklar tortishishi ham mumkin, bu tonik tirishishlarga aylanishi ehtimol. Ko‘z qorachiqlari ko‘pincha kengayadi va yorug‘likka javob bermaydi. Nafas olish dastlab tezlashadi, keyin sekinlashadi. Tana harorati keskin pasayadi. Puls tezlashadi va kuchsiz bo‘ladi. Qon bosimi pasayadi. Kuchli yurak aritmiyasi.
holatlari qayd etilgan. Bevosita o‘lim bilan tugamagan og‘ir zaharlanishlardan so‘ng ham ba’zan sog‘liqning uzoq davom etuvchi buzilishlari: plevrit, yuqori nafas yo‘llari katari, shox parda kasalliklari va to‘r parda kasalliklari, jigar shikastlanishi, yurak faoliyatining buzilishi va boshqalar kuzatiladi. Benzol bug‘laridan o‘tkir zaharlanishdan ko‘p o‘tmay, shish yuz va oyoq-qo‘llarda kuzatilgani, sezuvchanlikning buzilishi hamda tirishishlar bilan kechgan vazomotor nevroz holati tasvirlangan. Ba’zan o‘lim zaharlanishdan ma’lum vaqt o‘tgach yuz beradi.
Surunkali zaharlanish
Og‘ir hollarda quyidagilar kuzatiladi: bosh og‘riqlari, haddan tashqari tez charchash, hansirash, bosh aylanishi, holsizlik, asabiylik, uyquchanlik yoki uyqusizlik, hazm qilish buzilishi, ko‘ngil aynishi, ba’zan qusish, ishtahaning yo‘qolishi, tez-tez siyish, hayz ko‘rishning tezlashishi. Ko‘pincha og‘iz shilliq qavatidan, ayniqsa milklar va burundan soatlab, hatto kunlab davom etadigan to‘xtovsiz qon ketishlar kuzatiladi. Ba’zan tish oldirilgandan so‘ng ham qon uzoq vaqt to‘xtamaydi. Terida ko‘plab mayda gemorragiyalar (qon quyilishlar) paydo bo‘ladi. Najasda qon, bachadondan qon ketishi, to‘r pardaga qon quyilishi kuzatiladi. Odatda aynan qon ketish, ko‘pincha unga hamroh bo‘ladigan isitma (harorat 40°C va undan yuqori) zaharlanganlarni kasalxonaga olib keladi. Bunday hollarda kasallikning oqibati bo‘yicha prognoz har doim jiddiydir. Ba’zan o‘limga ikkilamchi infeksiyalar sabab bo‘ladi: suyak usti pardasining gangrenoz yallig‘lanishi va jag‘ nekrozi, milklarning og‘ir yarali yallig‘lanishi, septik endometrit bilan kechuvchi umumiy sepsis holatlari ma’lum.
Ba’zan og‘ir zaharlanishlarda asab tizimi kasalliklari belgilari rivojlanadi: pay reflekslarining kuchayishi, ikki tomonlama klonus, musbat Babinskiy belgisi, chuqur sezuvchanlikning buzilishi, paresteziyalar, ataksiya, paraplegiya va harakat buzilishlari bilan kechuvchi psevdotabetik o‘zgarishlar (orqa miyaning orqa ustunlari va piramidal yo‘llari shikastlanishi belgilari).
Eng xarakterli o‘zgarishlar qonda kuzatiladi. Eritrotsitlar soni odatda keskin kamayib, 1—2 million va undan ham pastga tushadi. Gemoglobin miqdori ham keskin pasayadi, ba’zan 10 % gacha. Rang ko‘rsatkichi ayrim hollarda past, ba’zan me’yorga yaqin, ayrim hollarda esa yuqori (ayniqsa og‘ir anemiyada) bo‘ladi. Anizotsitoz, poykilotsitoz, bazofil donadorlik, yadroli eritrotsitlarning paydo bo‘lishi, retikulotsitlar soni va eritrotsitlar hajmining ortishi qayd etiladi. Leykotsitlar sonining keskin kamayishi ko‘proq xosdir. Ba’zan dastlab leykotsitoz kuzatilib, u tezda leykopeniya bilan almashinadi, EChT tezlashadi. Qondagi o‘zgarishlar bir vaqtda rivojlanmaydi. Ko‘pincha avval leykopoez tizimi shikastlanadi, keyinroq trombotsitopeniya qo‘shiladi. Eritroblastlar faoliyatining buzilishi ko‘pincha bundan ham keyin boshlanadi. So‘ngra og‘ir zaharlanishga xos bo‘lgan aplastik anemiya.
rivojlanishi mumkin. Zaharlanish belgilari benzol bilan ishlash to‘xtatilganidan bir necha oy, hatto yillar o‘tgach ham saqlanishi yoki kuchayishi mumkin.
Zaharlanishda birinchi yordam va davolash
Benzoldan (benzol bug‘laridan) o‘tkir zaharlanganda jabrlanuvchini avvalo toza havoga olib chiqish lozim. Nafas olish to‘xtasa, sun’iy nafas oldirish nafas me’yoriga kelguncha davom ettiriladi. Nafasni rag‘batlantiruvchi vositalar sifatida kislorod va lobelin qo‘llanadi. Adrenalinni analeptik sifatida qo‘llash qat’iyan man etiladi! Qusish paydo bo‘lsa, 40 % li glyukoza eritmasi vena ichiga yuboriladi, qon aylanishi buzilganda esa kofein eritmasi inyeksiya qilinadi. Benzol og‘iz orqali qabul qilinib, oshqozonga tushgan bo‘lsa, uni o‘simlik moyi yordamida yuvish kerak (moy benzolni yaxshi yutadi); aspiratsiya xavfi bo‘lgani uchun muolaja ehtiyotkorlik bilan bajarilishi lozim. Yengil zaharlanishda bemorga tinchlik tavsiya qilinadi. Qo‘zg‘alish holatlarida tinchlantiruvchi vositalar zarur. Anemiya yuzaga kelganda qon quyish, B12 vitamini, foliy kislotasi, leykopeniya — da B6 vitamini va pentoksil qo‘llanadi. Immunitet pasayganda (immun tanqisligi holatida) — immunostimulyatorlar.
Benzolning biomembranalarga ta’siri
Biologik membranalar — ikki qavatli lipid qatlamdan iborat ustmolekulyar tuzilmalar bo‘lib, ularning ichiga oqsil, polisaxarid molekulalari joylashadi yoki ular qatlam yuzasiga birikadi. Lipidlar, biomembranalar tarkibiga kiruvchi amfifil (difil) birikmalar bo‘lib, qutbli va qutbsiz moddalarda eriy oladi. Bunga ulardagi qutbli guruhlar, ya’ni «bosh» (karboksil —COOH, gidroksil —OH, aminoguruh —NH2 va boshqalar) hamda qutbsiz «dumlar» (uglevodorod radikallari — alkillar, arillar, xolestan tipidagi polisiklik tuzilmalar va boshqalar) sabab bo‘ladi.
Benzol biologik membranalarga kuchli ta’sir qiluvchi solyubilizator hisoblanadi. U lipidlarning qutbsiz guruhlarini (uglevodorodli «dumlar»ni), ayniqsa membrana tarkibiga kiruvchi xolesterinning qutbsiz qismlarini tez eritadi. Solyubilizatsiya jarayonining tezligi benzol konsentratsiyasiga bog‘liq: benzol qancha ko‘p bo‘lsa, jarayon shuncha tez kechadi. Bu jarayonda energiya ajralib, ikki qavatli lipid qatlamni (lipid ikki qavati) tom ma’noda parchalab yuboradi. Natijada membrana tuzilishi butunlay buziladi va keyinchalik hujayraapoptozga uchraydi (biomembrana parchalanganda membranadagi retseptorlar (jumladan, CD95, TNFR1, DR3, DR4 va boshqalar) faollashib, hujayra apoptozini ishga tushiradi).
Teriga ta’siri
Suyuq benzol terini ta’sirlantiruvchi xususiyatga ega. Qo‘llar benzolga tez-tez tegib turganda teri qurishi, yorilishlar, qichishish, qizarish (ayniqsa barmoqlar orasida), shish va mayda donasimon pufakchali toshmalar paydo bo‘ladi. Ba’zan teri shikastlanishi sabab ishchilar ishni tark etishga majbur bo‘ladi.
Ko‘rish a’zolariga ta’siri
Suyuq benzol oz miqdorda (5 ml gacha) ko‘zga tushganda shox pardani yemirishi va ko‘rish tizimining boshqa qismlarini, jumladan ko‘z gavhari, shishasimon tana va to‘r pardani shikastlashi mumkin. Ko‘zga ko‘p miqdorda (5 ml dan ortiq) benzol tushsa, to‘r pardaning chuqur shikastlanishi va ko‘rish nervi degeneratsiyasi natijasida ko‘rish butunlay yo‘qoladi.
Xavfsizlik
Benzol bilan ishlash zaharlanish va sog‘liqning jiddiy yomonlashuvi xavfini tug‘diradi. Benzol — uchuvchanligi 320 mg/l (20 °C da) bo‘lgan, oson alangalanadigan suyuqlik. Shu bois u bilan ishlashda tez yonuvchi suyuqliklar bilan muomala qilish xavfsizlik qoidalariga rioya qilish zarur. Ayniqsa katta xavfni benzol bug‘lari tug‘diradi, chunki ular havo bilan portlovchi aralashmalar hosil qilishi mumkin. Hozir benzoldan organik erituvchi sifatida foydalanish uning bug‘lari zaharli va kanserogen ta’sir ko‘rsatishi, shuningdek teriga salbiy ta’siri tufayli jiddiy cheklangan. Laboratoriyalarda ham benzol bilan ishlash qat’iy tartibga solinadi. Tajribalarda benzolni faqat kichik hajmlarda (50 ml dan ko‘p emas) ishlatish tavsiya qilinadi; ish faqat ftor-kauchuk qo‘lqopda bajarilishi kerak (lateks benzol ta’sirida eriydi va shishadi).
Quyidagilar qat’iyan taqiqlanadi:
benzolni issiqlik manbalari, ochiq alanga, kuchli oksidlovchilar, oziq-ovqat mahsulotlari va shu kabilar yaqinida saqlash;
benzol solingan idishni ochiq qoldirish yoki uning yonida chekish;
benzoldan bo‘shagan idishlarni oziq-ovqat uchun, qo‘l yoki idish-tovoq yuvishda ishlatish;
havo harorati 30 °C dan yuqori bo‘lgan yopiq, yomon shamollatiladigan xonada ishlash;
benzoldan katta hajmda erituvchi sifatida foydalanish;
qo‘l terisi, ko‘z va nafas olish a’zolarini himoya qiluvchi vositalarsiz ishlash.
Ish joyi havosida ruxsat etilgan eng yuqori konsentratsiya 5 mg/m³ (8 soatlik smena bo‘yicha o‘rtacha).
Mehnatni muhofaza qilish
Rossiyada benzolning ruxsat etilgan eng yuqori konsentratsiyasi ish zonasi havosida 5 mg/m³ (8 soatlik smena bo‘yicha o‘rtacha) va 15 mg/m³ (bir martalik eng yuqori qiymat) etib belgilangan. Ammo ayrim tadqiqotlarga ko‘ra, bu moddaning hidini sezish chegarasi ish zonasi uchun belgilangan me’yordan ancha yuqori bo‘lishi mumkin. Masalan, bir tadqiqotda hidni sezish chegarasining o‘rtacha qiymati smenalik o‘rtacha ruxsat etilgan konsentratsiyadan qariyb 100 marta va bir martalik eng yuqori me’yordan qariyb 30 marta katta bo‘lgan. Ayrim odamlarda esa bu chegara o‘rtacha qiymatdan ham ancha yuqori edi. Shuning uchun keng tarqalgan filtrlovchi nafas olish a’zolarini himoya qilish vositalaridan foydalanib, «filtrlarni niqob ostida hid sezilganda almashtirish» (Rossiyada bunday vositalarni yetkazib beruvchilar deyarli doim shuni tavsiya qiladi) usuli kamida ayrim ishchilarning benzol bug‘lari ta’siriga ortiqcha duch kelishiga olib kelishi mumkin. Bunga gazniqob filtrlarini kech almashtirish sabab bo‘ladi. Benzoldan himoyalanish uchun ancha samaraliroq texnologik jarayonni o‘zgartirish va jamoaviy himoya vositalari.
Ekologiya
Benzol ekologik jihatdan xavfli, antropogen kelib chiqishga ega zaharli modda hisoblanadi. Oqova suvlar yoki atmosferaga tashlanadigan chiqindilar orqali benzolning atrof-muhitga tushishiga asosan neft-kimyo va koks-kimyo sanoati korxonalari, yoqilg‘i ishlab chiqarish hamda transport sabab bo‘ladi.