II turdagi o‘ta yangi yulduz

Kengayib borayotgan SN 1987A qoldig‘i — Katta Magellan Bulutidagi II-P turdagi o‘ta yangi yulduz qoldig‘i. Tasvir: NASA

II turdagi o‘ta yangi yulduz (ingl. Type II supernova) — o‘ta yangi yulduzning yadrosi kollapsga uchraydigan turi bo‘lib, massiv yulduzning tez siqilishi va undan keyingi kuchli portlashi oqibatida uning (108 — 1010 baravar) keskin ortadigan yorqinligi kuzatiladi. Bunday portlash sodir bo‘lishi uchun yulduz massasi Quyosh massasidan (M⊙) kamida 8 baravar, ammo ko‘pi bilan 40-50 baravar katta bo‘lishi kerak. O‘ta yangi yulduzlar ularning spektrlaridagi farqlarga ko‘ra tasniflanadi; II turdagi o‘ta yangi yulduzlarni xarakterli vodorod spektral seriyasi orqali aniqlash mumkin. Bunday o‘ta yangi yulduzlar odatda spiral yengli galaktikalarda va H II sohalarida kuzatiladi, ammo elliptik galaktikalarda uchramaydi.

Yulduzlarda energiya elementlarning termoyadro sintezi reaksiyalari natijasida ajraladi. Quyoshdan farqli ravishda, katta yulduzlarning massasi vodorod va geliydan atom massasi kattaroq elementlarni sintez qilish uchun yetarli bo‘ladi. Yulduz ichida harorat va bosim ancha yuqori bo‘lgani sababli bunday yulduzlarning hayot sikli qisqaroq bo‘ladi. Elektronlarning itarilish bosimi va sintez reaksiyalari natijasida hosil bo‘ladigan energiya yulduz muvozanatini saqlashga yetadi: bu jarayonlar siqilish kuchiga qarshilik ko‘rsatib, yulduzning kollapsga uchrashiga yo‘l qo‘ymaydi. Yulduz avval vodorod va geliydan boshlab, tobora og‘irroq elementlarni sintez qiladi va davriy jadval bo‘ylab temir hamda nikel hosil bo‘lgunicha davom etadi. Temir va nikelning termoyadro sintezi ulardan og‘irroq elementlar hosil bo‘lishi uchun yetarli energiya ajratmaydi. Shu bois nikel va temir yulduzning markazida asta-sekin to‘planib, termoyadro sintezida qatnashadigan yengil elementlari kamaygan yadroni hosil qiladi. Energiya tanqisligi tufayli tashqi bosimga qarshilik susayadi, muvozanat buziladi va yulduzning tashqi qatlamlari massasi ta’sirida markaziy yadro siqiladi.

Siqilgan markaziy yadro massasi Chandrasekar chegarasidan (taxminan 1,4 M⊙) oshgach, elektronlarning itarilish energiyasi gravitatsion siqilishga qarshi turishga yetmaydi. Bir necha soniya ichida yadroning halokatli ichkariga qulash jarayoni (imploziya) sodir bo‘ladi. Ichki yadro qarshiligi yo‘qolgach, tashqi modda gravitatsiya ta’sirida qulab, tezligi 23 foizgacha, ya’ni yorug‘lik tezligining qariyb to‘rtdan birigacha yetadi. Tez siqilish ichki yadro haroratini 100 milliard kelvingacha oshiradi. Natijada neytronlanish reaksiyalari boshlanib, neytronlar va neytrinolar hosil bo‘ladi. Bu esa hosil bo‘layotgan neytrinolar olib chiqib ketadigan energiyaning tez yo‘qolishiga olib keladi: o‘n soniyalik portlash davomida taxminan 1046 J (100 foe) energiya ajraladi. Ichki yadroning kollapsi neytronlarning degeneratsiya bosimi tufayli to‘xtaydi: atom yadrosi nuklonlari (proton va neytronlar) orasidagi itarilish kuchi ta’sir qila boshlaydi va imploziya teskari yo‘nalib, tashqariga tarqaladi. Kengayib borayotgan zarba to‘lqinining energiyasi yulduzning tashqi qatlamlarini parchalash va ularning tezligini oshirish uchun yetarli bo‘lib, o‘ta yangi yulduz portlashini yuzaga keltiradi. Portlash shu qadar kuchliki, elementlarni sintez qilish orqali temirdan og‘irroq elementlarni ham hosil etishi mumkin. Yulduzning dastlabki kattaligiga qarab, yadro qoldig‘i neytron yulduz yoki qora tuynuk hosil qiladi. Asosiy hosil bo‘lish mexanizmi tufayli bunday o‘ta yangi yulduz yadrosi kollapsga uchraydigan o‘ta yangi yulduz deb ham ataladi.

II turdagi o‘ta yangi yulduz portlashlari bir necha toifaga bo‘linadi. Ular portlashdan keyin olingan yorqinlik egri chizig‘i (yorqinlikning vaqtga bog‘liqlik grafigi) asosida tasniflanadi. II-L turida portlashdan keyin yorqinlik egri chizig‘i muntazam chiziqli pasayadi, II-P turida esa sekin pasayish davri (plato) kuzatilib, undan so‘ng odatiy pasayish boshlanadi. Ib va Ic turdagi o‘ta yangi yulduzlar — yadrosi kollapsga uchraydigan, vodorod qobig‘ini va (Ic turi uchun) geliy qobig‘ini yo‘qotgan massiv yulduzlardir. Shu sababli ularning spektrlarida ushbu elementlar ko‘rinmaydi.

Shakllanishi

Yadro kollapsidan sal avval evolyutsiyalanayotgan massiv yulduzning piyoz qatlamlariga o‘xshash tuzilishi. (Masshtabga rioya qilinmagan.)

Quyoshdan ancha massivroq yulduzlar evolyutsiyalanadi murakkab evolyutsiya yo‘lini bosib o‘tadi. Yulduz yadrosida vodorod sintezlanib, geliyga aylanadi va issiqlik energiyasi ajraladi. Bu energiya kengayayotgan gazning bosimini ta’minlaydi. Ushbu bosim yulduzni gravitatsion kollapsdan saqlab, gidrostatik muvozanatni ta’minlaydi. Hosil bo‘lgan geliy asta-sekin to‘planadi, chunki yadro harorati hali geliyning yonishi va yangi elementlarni sintez qilish uchun yetarlicha yuqori emas. Oxir-oqibat yadrodagi vodorod tugaydi, uning yonishidan ajraladigan energiya kamayadi va gravitatsiya kuchi yadroni siqilishga majbur qiladi. Siqilish haroratni yetarlicha oshirib, geliy ishtirokidagi qisqaroq termoyadro reaksiyasi bosqichini boshlaydi. Bu bosqich yulduzning umumiy umrining 10 foizidan kam qismini tashkil etadi. Massasi 8 Quyosh massasidan kichik yulduzlarda geliyning birikishi natijasida hosil bo‘lgan uglerod keyingi sintez reaksiyalariga kirishmaydi; yulduz asta-sekin sovib, oq mittiga aylanadi. Agar oq mittining yaqin yo‘ldoshi qizil gigant bo‘lsa, u yo‘ldoshidan modda tortib olib, Ia turdagi o‘ta yangi yulduzga aylanishi mumkin. Bu akkretsiya jarayoni hisobiga ro‘y beradi.

Biroq kattaroq yulduz yetarlicha massiv bo‘lgani uchun geliy ham tugab, yadro yana siqilganda uglerod yona boshlaydi. Bunday massiv yulduzlarning markaziy sohalari, markazda og‘irroq atom yadrolari to‘plangani sari, piyozga o‘xshash qatlamli tuzilishga ega bo‘ladi: tashqi qobiqda vodorod geliyga aylanadi, undan keyin geliy uch alfa reaksiyasi orqali uglerodga aylanadigan qatlam, so‘ng esa tobora og‘irroq elementlardan iborat qatlamlar keladi. Yulduzda bu jarayon doimo rivojlanib, takrorlanuvchi bosqichlardan o‘tadi: navbatdagi elementning termoyadro sintezi to‘xtaganda yadro siqiladi, bosim va harorat keyingi sintez bosqichini boshlashga yetgach esa siqilish to‘xtaydi.

Massasi 25 Quyosh massasiga teng yulduzda yadroviy sintez orqali elementlarning o‘zgarish bosqichlari
Jarayon Asosiy yoqilg‘i Asosiy mahsulotlar 25 Mʘ
Harorat
(K)
Zichlik
(g/sm3)
Davomiyligi
Vodorod yonishi vodorod geliy 7×107 10 107 yil
Uch alfa reaksiyasi geliy uglerod, kislorod 2×108 2000 106 yil
Uglerod yonishi uglerod Ne, Na, Mg, Al 8×108 106 103 yil
Neon yonishi neon O, Mg 1,6×109 107 3 yil
Kislorod yonishi kislorod Si, S, Ar, Ca 1,8×109 107 0,3 yil
Kremniy yonishi kremniy nikel (parchalanib, temirga) 2,5×109 108 5 kun

Yadroning gravitatsion kollapsi

Yulduzda elementlarning yonishini cheklovchi omil — termoyadro sintezi paytida ajraladigan energiya miqdoridir. U bog‘lanish energiyasiga, ya’ni atom yadrosidagi nuklonlarni birga tutib turuvchi energiyaga bog‘liq. Har bir navbatdagi bosqichda og‘irroq yadrolar hosil bo‘ladi, ammo ularning sintezida tobora kamroq energiya ajraladi. Bundan tashqari, uglerodning yadroviy yonishi paytida yulduzdan osongina chiqib ketuvchi neytrinolar orqali katta miqdorda energiya yo‘qoladi. Shu bois bu reaksiya boshqa bosqichlarga qaraganda tezroq tugaydi. Jarayon nikel-56 hosil bo‘lguncha davom etadi; u radioaktiv parchalanish orqali avval kobalt-56ga, so‘ng temir-56ga bir necha oy ichida aylanadi. Temir va nikel barcha elementlar orasida har bir nuklon uchun eng yuqori bog‘lanish energiyasiga ega bo‘lgani sababli yulduz keyingi termoyadro sintezi orqali energiya ololmaydi va nikel-temir yadrosi kattalashadi. Ushbu yadro nihoyatda kuchli gravitatsion bosim ostida bo‘ladi. Yulduz haroratini bundan keyin oshiradigan energiya manbai yo‘qligi sababli gravitatsion siqilish faqat elektronlarning itarilish bosimi hisobiga cheklanadi. Bu holatda modda shu qadar zichki, yanada siqilishi uchun elektronlar bir xil energiya sathlarini egallashi kerak bo‘ladi. Ammo elektronlar kabi aynan bir xil fermion zarralar uchun bunday holat Pauli taqiqlash prinsipiga ko‘ra mumkin emas.

Yadro massasi Chandrasekar chegarasidan, ya’ni taxminan 1,4 Mʘ dan oshganda, elektronlarning itarilish bosimi siqilishni to‘xtatolmaydi va halokatli kollaps boshlanadi. Yadroning tashqi qismi yulduz markazi tomon 70 000 km/s (23 % yorug‘lik tezligi) gacha tezlik bilan harakatlanadi. Tez siqilayotgan yadro qizib, yuqori energiyali gamma nurlarini chiqaradi. Bu nurlar yadrolarni — temir yadrolarini — yadroviy fotoeffekt orqali parchalab, geliy yadrolari va erkin neytronlar ajralishiga olib keladi. Yadroning zichligi ortgani sari energiya nuqtayi nazaridan neytronlanish reaksiyasi qulaylashadi. Bu reaksiyada elektronlar va protonlar teskari beta-parchalanish orqali birikib, neytronlar hamda elementar zarralar — neytrinolarni hosil qiladi. Neytrinolar oddiy modda bilan juda kam o‘zaro ta’sirlashgani sababli yadrodan oson chiqib ketib, energiyani olib chiqadi va millisekundlar ichida yuz beradigan kollapsni tezlashtiradi. Ichki soha yulduzning tashqi qatlamlaridan ajralganda neytrinolarning ayrimlari tashqi qatlamlar tomonidan yutiladi va hali to‘liq o‘rganilmagan mexanizm orqali o‘ta yangi yulduz portlashini boshlaydi.

II turdagi o‘ta yangi yulduzlarda zichlik atom yadrosi zichligiga yaqinlashgach, kollaps oxir-oqibat neytronlar orasidagi itarilish kuchlari ta’sirida to‘xtaydi. Bu kuchlar kuchli o‘zaro ta’sir hamda neytronlarning degeneratsiya bosimi tufayli yuzaga keladi. Kollaps to‘xtagach, siqilgan modda tashqariga itarilib, zarba to‘lqinini hosil qiladi. Bu to‘lqin tashqariga tarqaladi. Atom yadrolarining parchalanishi hamda elektronlarning yutilishi zarba to‘lqini energiyasini kamaytirib, uni 100–200 kilometr masofada sekinlashtirishi mumkin.

Yadro kollapsi bosqichi shu qadar qisqa va kuchli energiyali kechadiki, faqat neytrinolar tashqariga chiqishga ulguradi. Protonlar va elektronlar elektron tutib olish jarayonida neytronlarga birikishi natijasida elektron neytrinosi paydo bo‘ladi. Odatdagi II turdagi o‘ta yangi yulduzda endigina hosil bo‘lgan neytron yadrosining dastlabki harorati taxminan 100 milliard kelvin bo‘lib, bu Quyosh yadrosi haroratidan 104 baravar yuqori. Ushbu issiqlik energiyasining katta qismi yo‘qotilishi kerak, aks holda barqaror neytron yulduz hosil bo‘la olmaydi, chunki neytronlar shunchaki «qaynab chiqib ketadi». Energiya neytrinolarning yana ajralib chiqishi orqali olib ketiladi. Bunday «issiqlik» neytrinolari ossillyatsiya natijasida barcha flavorlar (turlar) uchun neytrino–antineytrino juftlari ko‘rinishida hosil bo‘ladi; ularning miqdori elektron tutib olishda ajralgan neytrinolardan bir necha baravar ko‘p. Neytrino hosil bo‘lishining ushbu ikki mexanizmi kollapsning gravitatsion potensial energiyasini o‘n soniya davom etadigan neytrino oqimiga aylantiradi va quyidagi miqdorda energiya ajratadi: taxminan 1046 J (100 foe).

Hali to‘liq tushuntirilmagan jarayon orqali ajralgan energiyaning (neytrino shaklidagi) taxminan 1 foizi yoki 1044 J (1 foe) qismi sekinlashgan zarba to‘lqini tomonidan qayta yutilib, o‘ta yangi yulduz portlashini keltirib chiqaradi. SN 1987A o‘ta yangi yulduzidan chiqqan neytrinolar yetakchi astrofiziklarga yadro kollapsining nazariy tasviri asosan to‘g‘ri degan xulosaga kelish imkonini berdi. Suv asosida ishlaydigan Kamiokande II va IMB detektorlari issiqlik kelib chiqishli antineytrinolarni qayd etdi, Baksandagi galliy-71 asosidagi detektor esa neytrinolarni (lepton soni = 1) aniqladi; ular issiqlik jarayonlari yoki elektron tutib olish natijasida paydo bo‘lgan bo‘lishi mumkin.

Evolyutsiyalanayotgan massiv yulduzda (a) piyozsimon qatlamlardagi elementlar termoyadro sinteziga kirishib, nikel-temir yadrosini (b) hosil qiladi. Yadro Chandrasekar massasiga yetib, kollapsga uchray boshlaydi. Yadroning ichki qismi neytronlarga siqiladi (c), moddaning portlab otilishiga (d) va tashqariga yo‘nalgan zarba to‘lqini (qizil) hosil bo‘lishiga olib keladi. Zarba fronti sekinlasha boshlaydi (e), lekin neytrinolar ta’sirida qayta faollashadi. Atrofdagi modda tashqariga otiladi (f) va faqat yangi hosil bo‘lgan qoldiq qoladi.

Agar dastlabki yulduz massasi 20 Mʘ dan kichik bo‘lsa, portlash kuchi va qulayotgan modda miqdoriga qarab, hosil bo‘lgan yadro qoldig‘i neytron yulduzga aylanadi. Agar massasi kattaroq bo‘lsa, qoldiq qora tuynukka aylanadi. Bunday ssenariyning nazariy massa chegarasi taxminan 40–50 Mʘ ga teng. Bu chegaradan yuqorida yulduz o‘ta yangi yulduz sifatida portlamasdan, to‘g‘ridan-to‘g‘ri qora tuynukka aylanadi, deb hisoblanadi. Biroq o‘ta yangi yulduz kollapsi modellaridagi noaniqliklar bu chegaralarni aniq hisoblashga imkon bermaydi.

O‘ta yangi yulduz portlashi modelining nazariy tavsifi

Standart model elementar zarralar fizikasida ma’lum bo‘lgan to‘rtta fundamental o‘zaro ta’sirning uchtasini hamda barcha elementar zarralar orasidagi ta’sirlarni tavsiflovchi nazariyadir. Bu zarralar barcha moddani tashkil etadi. Nazariya turli sharoitlarda zarralar qanday o‘zaro ta’sirlashishini bashorat qilish imkonini beradi. O‘ta yangi yulduzdagi zarra energiyasi odatda bir pikojouldan yuz ellik pikojoulgacha (o‘nlabdan yuzlab MeV) bo‘ladi. Bu energiya yetarlicha kichik bo‘lgani sababli zarralar fizikasining Standart modeliga asoslangan bashoratlar asosan to‘g‘ri hisoblanadi. Biroq yuqori zichliklar Standart modelga tuzatishlar kiritishni talab qilishi mumkin. Jumladan, Yerdagi zarra tezlatkichlari o‘ta yangi yulduzdagidan ancha yuqori energiyali zarralar o‘zaro ta’sir qiladigan sharoitlarni yaratishi mumkin. Lekin bunday tajribalarda kam sonli zarralar o‘zaro ta’sirlashadi; o‘ta yangi yulduz ichidagi yuqori zichlik esa noma’lum effektlarni yuzaga keltirishi ehtimol. O‘ta yangi yulduzda neytrinolar va boshqa zarralarning o‘zaro ta’siri kuchsiz yadroviy o‘zaro ta’sir orqali sodir bo‘ladi va u yaxshi o‘rganilgan deb hisoblanadi. Protonlar bilan neytronlar orasidagi o‘zaro ta’sir esa kuchli yadroviy o‘zaro ta’sir orqali yuz beradi; u ancha kam o‘rganilgan.

II turdagi o‘ta yangi yulduzlar bilan bog‘liq asosiy yechilmagan muammo — neytrinolar oqimi o‘z energiyasini yulduzning qolgan qismiga qanday uzatib, portlashga sabab bo‘ladigan zarba to‘lqinini hosil qilishidir. Yuqoridagi izohdan ko‘rinadiki, portlashni yuzaga keltirish uchun energiyaning atigi bir foizini uzatish kifoya. Ammo bu energiya uzatilishi qanday sodir bo‘lishini tushuntirish juda qiyin, garchi jarayonda qatnashadigan zarralar yaxshi o‘rganilgan deb hisoblansa ham. 1990-yillarda taklif etilgan modellardan biri konvektiv almashinuv(ingl.)ga asoslanib, pastdan neytrinolar ishtirokidagi yoki yuqoridan qulayotgan modda ta’siridagi konveksiya dastlabki yulduzni yemirish jarayonini yakunlaydi, deb faraz qilgan. Portlash vaqtida temirdan og‘ir elementlar neytronlarni tutib olish va «neytrino sferasi» chegarasiga to‘plangan neytrinolar bosimi orqali hosil bo‘ladi.[manba 3164 kundan beri ko‘rsatilmagan] O‘ta yangi yulduz portlashi atrofdagi fazoga gaz va chang bulutini chiqaradi; bu bulut yulduzning dastlabki moddasi bilan solishtirganda og‘ir elementlarga ancha boy bo‘ladi.

Neytrino fizikasi, ya’ni Standart modelda ifodalangan jarayonlar, ushbu hodisani tushunishda hal qiluvchi ahamiyatga ega. Yana bir muhim tadqiqot yo‘nalishi — halok bo‘layotgan yulduz plazmasining gidrodinamikasi. Yadro kollapsi paytida plazmaning qanday harakatlanishiga «zarba to‘lqini» qachon va qanday paydo bo‘lishi, shuningdek, qachon va qanday sekinlashib, qayta kuchayishi bog‘liq.

Aslida ayrim nazariy modellar sekinlashgan zarba to‘lqinida «Standing Accretion Shock Instability» (SASI — turg‘un akkretsion zarba to‘lqini beqarorligi) deb ataladigan gidrodinamik beqarorlikni ham hisobga oladi. Bu beqarorlik akkretsion zarba to‘lqinida radial bo‘lmagan g‘alayonlar rivojlanib, uni deformatsiyalashi natijasida yuzaga keladi va to‘lqinning yulduz tashqi qatlamlariga chiqib, o‘ta yangi yulduz portlashini keltirib chiqarishiga yordam berishi mumkin. SASI sekinlashgan zarba to‘lqinining qayta faollashishini kompyuterda modellashtirishda ko‘pincha neytrino nazariyalari bilan birga qo‘llanadi.

Kompyuterda modellashtirish II turdagi o‘ta yangi yulduzlarda zarba to‘lqini shakllanish bosqichidagi jarayonlarni hisoblashda muvaffaqiyatli natijalar berdi. Portlashning dastlabki bir soniyasini hisobga olmasdan va portlash boshlangan deb faraz qilib, astrofiziklar o‘ta yangi yulduzda hosil bo‘lgan elementlar hamda uning taxminiy yorqinlik egri chizig‘i haqida batafsil bashoratlar qilishga muvaffaq bo‘ldi.

II-L va II-P turdagi o‘ta yangi yulduzlarning yorqinlik egri chiziqlari

Ushbu yorqinlikning vaqtga bog‘liqlik grafigi II-L va II-P turdagi o‘ta yangi yulduzlarning yorqinlik egri chiziqlariga xos shakllarni ko‘rsatadi.

Spektr odatda II turdagi o‘ta yangi yulduzning Balmer yutilish chiziqlarini ifodalaydi: bu chiziqlar vodorod atomlari energiyani yutadigan o‘ziga xos chastotalarda yorug‘lik oqimining kamayishini ko‘rsatadi. Ushbu chiziqlar II turdagi o‘ta yangi yulduzlarni I turdagi o‘ta yangi yulduzlardan farqlash imkonini beradi.

II turdagi o‘ta yangi yulduz yorqinligini vaqtga nisbatan grafikda ifodalaganda, yorqinlikning xarakterli cho‘qqisi va undan keyingi pasayish ko‘rinadi. Bunday egri chiziqlarda o‘rtacha pasayish tezligi 0,008 yulduz kattaligi birligi/kun bo‘lib, bu Ia turdagi o‘ta yangi yulduzlarning pasayish tezligidan ancha kichik. II tur yorqinlik egri chizig‘i shakliga qarab ikki sinfga bo‘linadi. II-L turidagi o‘ta yangi yulduzda maksimal yorqinlikdan keyin muntazam chiziqli pasayish kuzatiladi. II-P turidagi o‘ta yangi yulduzning yorqinlik egri chizig‘ida esa pasayish davrida plato deb ataladigan yassi qism bor. Bu vaqtda yorqinlik sekinroq pasayadi: II-P turida kuniga 0,0075 yulduz kattaligi, II-L turida esa kuniga 0,012 yulduz kattaligi.

Yorqinlik egri chiziqlari shaklidagi farq II-L turdagi o‘ta yangi yulduzlarning dastlabki yulduz vodorod qobig‘ining ko‘p qismini tashlab yuborishi bilan izohlanadi. II-P turdagi o‘ta yangi yulduzlarda plato bosqichi tashqi qatlam shaffof emaslik darajasining o‘zgarishi bilan bog‘liq. Zarba to‘lqini tashqi qobiqdagi vodorodni ionlashtiradi — vodorod atomidan elektronni ajratib chiqaradi. Bu esa shaffof emaslikni keskin oshiradi va portlashning ichki qismlaridagi fotonlarning tashqariga chiqishiga to‘sqinlik qiladi. Vodorod rekombinatsiya uchun yetarlicha sovigach, tashqi qatlam shaffoflashadi.

IIn turdagi o‘ta yangi yulduzlar

«N» inglizcha «tor» (narrow) degan ma’noni anglatadi va spektrlarda vodorodning tor yoki o‘rtacha kenglikdagi emissiya chiziqlari borligini bildiradi. O‘rtacha kenglik portlashda otilgan modda yulduz atrofidagi gaz — yulduz atrofi muhiti bilan kuchli o‘zaro ta’sirlashishi mumkinligini ko‘rsatadi. Kuzatilgan xususiyatlarni tushuntirish uchun hisoblangan yulduz atrofi muhiti zichligi yulduz evolyutsiyasining standart nazariyasi bo‘yicha kutilganidan ancha yuqori. Bunday yuqori zichlik IIn turdagi o‘ta yangi yulduz paydo bo‘lishidan oldingi kuchli massa yo‘qotilishi bilan bog‘liq deb hisoblanadi. Hisoblangan massa yo‘qotish qiymatlari odatda 10−3 Mʘ/yil−1 dan yuqori. Ular portlashdan oldin katta miqdorda massa yo‘qotgan, yorqin ko‘k o‘zgaruvchan yulduzlarga o‘xshash yulduzlar sifatida yuzaga kelishiga dalillar bor. SN 1998S[ingl.] va SN 2005gl — IIn turdagi o‘ta yangi yulduzlarga misollar; SN 2006gy, favqulodda faol o‘ta yangi yulduz ham yana bir misol bo‘lishi mumkin.

IIb turdagi o‘ta yangi yulduzlar

IIb turdagi o‘ta yangi yulduzning dastlabki spektrida vodorod chizig‘i kuchsiz ko‘rinadi va shu sababli u II turga kiritiladi. Ammo keyinchalik vodorod nurlanishi sezilmay qoladi, yorqinlik egri chizig‘ida esa ikkinchi cho‘qqi paydo bo‘ladi; uning spektri ko‘proq Ib turdagi o‘ta yangi yulduzga o‘xshaydi. Uning ajdodi tashqi qatlamlarining ko‘p qismini tashlab yuborgan massiv yulduz bo‘lishi yoki qo‘shaloq tizimdagi yo‘ldoshi bilan o‘zaro ta’sirlashib, vodorod qobig‘ining katta qismini yo‘qotgan va asosan geliydan iborat yadroni saqlab qolgan bo‘lishi mumkin. IIb turida tashqariga otilgan modda kengayar ekan, vodorod qatlami tezda yanada shaffoflashadi va chuqurroq qatlamlar ko‘rina boshlaydi. IIb turdagi o‘ta yangi yulduzning klassik namunasi — SN 1993J, yana bir misol — Kassiopeya A. IIb sinfi nazariy tushuncha sifatida ilk marta 1987-yilda Vusli va boshqalar (Woosley et al.) tomonidan taklif qilingan. Ko‘p o‘tmay, bu sinf quyidagi obyektlarga ham tatbiq etilgan: SN 1987K va SN 1993J.

Gipernova yulduzi

Gipernova — odatiy o‘ta yangi yulduzlarga qaraganda ancha yorqin va faol bo‘lgan kam uchraydigan o‘ta yangi yulduz turi. Misollar: 1997ef (Ic turi) va 1997cy (IIn turi). Gipernovalar turli yo‘llar bilan hosil bo‘ladi: relyativistik oqimlar neytron yulduz yadrosiga moddaning qayta qulashi natijasida qora tuynuk hosil bo‘lishi — kollapsar modeli; yulduz atrofi moddalarining zich qobig‘i bilan o‘zaro ta’sirlashuv — CSM modeli (ingl. CircumStellar Material — yulduz atrofi moddasi); ulkan juftlik beqarorligi tufayli yuzaga keladigan o‘ta yangi yulduzlar; shuningdek, qo‘shaloq va kvark yulduzi modellari.

Dastlabki massasi taxminan 25–90 Quyosh massasiga teng yulduzlarning yadrosi yetarlicha katta bo‘lib, o‘ta yangi yulduz portlashidan keyin modda neytron yulduz yadrosiga qaytib tushishi va qora tuynukni hosil qilishi mumkin. Ko‘p hollarda bu o‘ta yangi yulduz yorqinligini kamaytiradi, massasi 90 M⊙ dan yuqori yulduz esa o‘ta yangi yulduz sifatida portlamasdan, bevosita qora tuynukka aylanadi. Ammo dastlabki yulduz yetarlicha tez aylansa, qulayotgan modda dastlabki portlashdan ham ko‘proq energiya chiqaruvchi relyativistik oqimlarni hosil qiladi. Ular biz tomon yo‘nalgan bo‘lsa, bevosita kuzatilishi va obyektni yanada yorqinroq qilib ko‘rsatishi mumkin. Ayrim hollarda ular gamma-nurlanish chaqnashlarini yuzaga keltirishi mumkin, garchi gamma chaqnashlarning barchasi o‘ta yangi yulduzlar bilan bog‘liq bo‘lmasa ham.

Ba’zi hollarda II turdagi o‘ta yangi yulduz yulduz atrofini, ehtimol, ko‘k o‘zgaruvchan yulduzlar chaqnashlari paytida chiqarilgan juda zich modda buluti o‘raganda paydo bo‘ladi. Portlashning bu modda bilan zarbali o‘zaro ta’siri odatdagi o‘ta yangi yulduzdan ham yorqinroq bo‘ladi. IIn turdagi o‘ta yangi yulduzlarning yorqinlik darajasi turlicha bo‘lishi, eng yorqinlari esa gipernova sifatida namoyon bo‘lishi mumkin.

Juftlik beqarorligi tufayli yuzaga keladigan o‘ta yangi yulduzlar favqulodda massiv yulduzning kislorod yadrosi gamma nurlanishi o‘z-o‘zidan elektron–pozitron juftlarini hosil qiladigan darajada qiziganda paydo bo‘ladi. Bu yadro kollapsini keltirib chiqaradi, ammo temir yadrosining kollapsi og‘irroq elementlar bilan endotermik sintezni yuzaga keltirsa, kislorod yadrosining kollapsi kuchli ekzotermik sintezni boshlab beradi va yulduzni butunlay parchalab yuboradi. Ajraladigan umumiy energiya dastlabki massaga bog‘liq; yadroning katta qismi 56Ni ga aylanib, tashqariga otiladi, bu esa keyingi bir necha oy davom etadigan o‘ta yangi yulduz hodisasiga olib keladi. Hayotining oxirida massasi taxminan 140 M⊙ bo‘lgan yulduzlar uzoq davom etadigan, ammo boshqa jihatdan odatiy o‘ta yangi yulduzlarni hosil qiladi; massasi qariyb 250 M⊙ bo‘lgan eng massiv yulduzlar esa favqulodda yorqin va juda uzoq davom etadigan o‘ta yangi yulduzlar — gipernovalarni yuzaga keltiradi. Bundan ham massiv yulduzlar fotoyadroviy o‘zgarishlar natijasida halok bo‘ladi. Bu bosqichga faqat III populyatsiya yulduzlari, ya’ni metalligi juda past yulduzlar yetishi mumkin. Og‘irroq elementlarga ega yulduzlar xiralashadi va tashqi qatlamlarini tashlab, odatiy Ib/c turdagi o‘ta yangi yulduz sifatida portlay oladigan darajada kichrayadi. Hatto galaktikamizda ham eski, metalligi past yulduzlarning qo‘shilishi juftlik beqarorligi sababli portlay oladigan massiv yulduzlarni hosil qilishi mumkin, deb hisoblanadi.

Havolalar