| Mikrometr | |
|---|---|
| mkm, μm | |
| To‘g‘nag‘ich boshidagi mikrometr o‘lchamli chang zarrasi | |
| Kattalik | uzunlik |
| Tizim | SI |
| Tur | hosilaviy |
Mikrometr (ruscha belgilanishi — mkm, xalqaro belgilanishi — µm; yunoncha μικρός «kichik» + μέτρον «o‘lchov, o‘lchash» so‘zlaridan) — ulushli o‘lchov birligi sifatida uzunlikni Xalqaro birliklar tizimida (SI) ifodalash uchun ishlatiladi. U milliondan bir qism metrga teng (10−6 metr yoki 10−3 millimetr): 1 mkm = 0,001 mm = 0,0001 sm = 0,000001 m= 1000 nm.
Bu birlik mikron (mk, µ) nomi bilan ham ma’lum. Bu nom 1879—1967-yillarda rasman qo‘llanilgan, keyin esa XIII O‘lchovlar va tarozilar bosh konferensiyasi (1967/1968) qarori bilan bekor qilingan hamda muomaladan chiqarilishi belgilangan.
SI tizimida ulushli birliklarni hosil qilish uchun ishlatiladigan mikro- old qo‘shimchasi XI O‘lchovlar va tarozilar bosh konferensiyasi tomonidan 1960-yilda, SI tizimi to‘liq qabul qilingan paytda tasdiqlangan.
Qo‘llanilishi

Mikrometr standart o‘lchov birligi bo‘lib, belgilangan o‘lchamdan joiz og‘ishlar ( GOST bo‘yicha) mashinasozlikda va o‘lchamlarning nihoyatda yuqori aniqligi talab qilinadigan deyarli barcha ishlab chiqarish sohalarida mikrometrda ifodalanadi. Shuningdek, mikrometrda infraqizil nurlanishning to‘lqin uzunligi ham ifodalanadi.
Bu uzunlik birligini yaxshiroq tasavvur qilish uchun quyidagi misollarni keltirish mumkin:
- inson ko‘zi bilan ko‘riladigan yorug‘likning to‘lqin uzunligi 0,38 mkm (binafsha rang) va 0,78 mkm (qizil rang) orasida bo‘ladi;
- bitta eritrotsitning diametri 7 mkm ga teng;
- inson sochining qalinligi esa 40 dan 120 mkm gacha.