| Kristian Dopler | |
|---|---|
| nem. Kristian Dopler | |
| | |
| Tug‘ilgandagi ismi | nem. Kristian Andreas Dopler |
| Tug‘ilgan sanasi | 29-noyabr 1803 |
| Tug‘ilgan joyi | Zalsburg, Avstriya |
| Vafot etgan sanasi | 17-mart 1853 (49 yosh) |
| Vafot etgan joyi | Venetsiya, Italiya |
| Davlati | |
| Faoliyat turi | matematik, fizik, ilmiy xodim, astronom, pedagog, professor, universitet o‘qituvchisi |
| Ilmiy sohasi | fizika, matematika, astronomiya |
| Ish joyi | Chexiya texnika universiteti, Vena universiteti |
| Ta’lim olgan oliygohi | Vena texnika universiteti |
| Veb-sayti | christian-doppler.net (nemischa) |
Kristian Andreas Dopler (nem. Kristian Dopler (/ˈdɒplər/); 29-noyabr 1803-yil, Zalsburg — 17-mart 1853-yil, Venetsiya) — avstriyalik matematikvafizik, professor, Vena universiteti Fizika institutining birinchi direktori, Praga universitetining faxriy doktori, Bogemiya Qirollik ilmiy jamiyati[inglizcha]hamdaVena fanlar akademiyasining a’zosi. U, ayniqsa, akustikavaoptika sohasidagi tadqiqotlari bilan mashhur. U birinchi bo‘lib kuzatuvchi qabul qiladigan tovush va yorug‘lik tebranishlari chastotasining to‘lqin manbai hamda kuzatuvchining bir-biriga nisbatan harakat tezligi va yo‘nalishiga bog‘liqligini ilmiy asoslab bergan. Fizik hodisa sifatida Dopler kashf etgan bu effekt Koinotning kelib chiqishiga oid zamonaviy nazariyalarning (masalan, Katta portlashvaqizilga siljish nazariyalarining) ajralmas qismi bo‘lib, ob-havoni prognozlashda, yulduzlar harakatini o‘rganishda va yurak-qon tomir kasalliklarini tashxislashda foydalaniladi, bundan tashqari, ushbu hodisa radarlar va navigatsiya tizimlari ishlashining asosini tashkil etadi.
Biografiyasi
Kelib chiqishi va ta’limi
Kristian Dopler 29-noyabr 1803-yilda Zalsburgda Iogann (1766—1823) va Tereza Dopler oilasida tug‘ilgan. Oilada besh farzand bo‘lgan: Iogann, Katarina, Tereziya, Kristian va Anna. Doplerning otasi tosh yo‘nuvchi usta bo‘lib, marmar plitalarvamehroblarni Augsburg, Myunxen, Lins, VenavaShtiriyaga, shuningdek, Bavariya qiroli Lyudvig I qarorgohiga yetkazib berish bilan shug‘ullangan. Kristian tosh ustalari muhitida o‘sib, bolaligidan shu hunarni o‘rgangan.
Bolaligida Dopler Zalsburgdagi boshlang‘ich maktabda va Linsdagi o‘rta maktabda o‘qigan. O‘qish davridayoq uning matematikaga bo‘lgan favqulodda qobiliyati namoyon bo‘lgan. Zalsburg litseyidagi matematika professorining tavsiyasiga ko‘ra, Dopler 1822—1825-yillarda Vena politexnika institutida tahsil olgan.
1825-yilda u tug‘ilib o‘sgan Zalsburgga qaytib, Zalsburg litseyida falsafa bo‘yicha ma’ruzalar kursini tinglagan. Taxminan bir yil davomida Dopler Avliyo Rupert kollejida fizika va matematikadan dars berib kun kechirgan, shundan so‘ng oliy matematika, mexanika va astronomiya fanlarini Vena universitetida o‘rgangan.
Ilmiy faoliyati
1829-yilda Dopler Vena universitetining oliy matematika va mexanika professori Adam fon Byorg[nemischa] bilan assistent sifatida ishlay boshladi. Vena universitetida ishlagan vaqtida u matematika bo‘yicha to‘rtta maqola chop ettirdi. Ulardan birinchisi «Parallellar nazariyasiga hissa» deb nomlangan. Dopler universitetda ilmiy lavozimga erisha olmadi va boshqa ish izlay boshladi. U Lins, Lyublyana, Vena, Syurix, Praga shaharlaridagi institutlarga ariza topshirdi, ammo rad javobini oldi. 1833-yildan boshlab olim bir yarim yil davomida Zalsburgdagi paxta gazlama fabrikasida idora xodimi bo‘lib ishladi. O‘z kasbiy salohiyatini ro‘yobga chiqara olmagani sababli Dopler ko‘chib ketishga, ya’ni Amerika Qo‘shma Shtatlariga muhojir bo‘lishga qaror qildi. U Myunxendagi AQSh konsuliga Amerikaga ko‘chib o‘tish va u yerda o‘qituvchilik qilish imkoniyatlari haqida murojaat etdi. Biroq ayni paytda Yevropadan ikkita ish taklifini oldi va ulardan birini qabul qildi.
30-aprel 1835-yilda Dopler Pragada davlat o‘rta maktabida boshlang‘ich matematika va hisoblash fanlaridan dars bera boshladi. U maktabdagi faoliyati bilan birga 1836-yildan Praga politexnika institutida ham haftasiga bir necha soat dars berdi. 1835—1841-yillarda Dopler tor va dim auditoriyalarda ko‘p vaqt o‘tkazgan, taxminan 400 nafar talabaga ma’ruza o‘qigan. Zamondoshlari u aynan shu yillarda o‘pka siliga chalingan va keyinchalik shu kasallikdan vafot etgan deb hisoblashgan.
1841-yil martida Dopler Praga politexnika institutida amaliy geometriya va boshlang‘ich matematika professori lavozimini egalladi. Sog‘lig‘i yomonlashgani va o‘qituvchilik faoliyati mashaqqatli bo‘lishiga qaramay, u ilmiy izlanishlarini jadal davom ettirdi. Uning ilmiy qiziqishlari fizikaning optikavaakustika kabi sohalarini qamrab olgan. U masofalarni aniqlashning yangi usulini e’lon qildi, yorug‘lik aberratsiyasini o‘rgandi, mikroskop nazariyasi va ranglar nazariyasi, optik masofa o‘lchagich qurilmasi ustida ishladi hamda astronomiyada fotografik usullardan foydalanishni taklif etdi. Shuningdek, elektr va magnetizmni, magnit og‘ishining vaqt o‘tishi bilan o‘zgarishini tadqiq qildi.

25-may 1842-yilda u Pragadagi Bogemiya Qirollik ilmiy jamiyatining tabiiy fanlar bo‘limi yig‘ilishida keyinchalik unga keng shuhrat keltirgan «Qo‘shaloq yulduzlar va osmondagi ayrim boshqa yulduzlarning rangli yorug‘ligi haqida[inglizcha]» (nem. «Über das farbige Licht der Doppelstern und einiger anderer Gestirne des Himmels») nomli maqolasini taqdim etdi. Maqola keyingi yili jamiyat ilmiy to‘plamida nashr etildi. Dopler suv yuzasidagi to‘lqinlar ustida olib borgan kuzatuvlariga tayanib, havoda ham boshqa turdagi to‘lqinlar bilan shunga o‘xshash hodisalar sodir bo‘lishini taxmin qildi. To‘lqin nazariyasi asosida u yorug‘lik manbai kuzatuvchiga yaqinlashganda kuzatilayotgan chastota ortishini, uzoqlashganda esa kamayishini ko‘rsatib berdi. Dopler kuzatuvchi qabul qiladigan tovush va yorug‘lik tebranishlari chastotasining to‘lqin manbai va kuzatuvchining o‘zaro harakat tezligi hamda yo‘nalishiga bog‘liqligini nazariy jihatdan asoslab berdi. Keyinchalik bu hodisa uning nomi bilan ataldi — Dopler effekti.
Maqolasini taqdim etganidan ko‘p o‘tmay, Dopler Bogemiya Qirollik ilmiy jamiyatiga a’zo etib saylandi. 1847-yilda unga Praga universitetining faxriy doktori unvoni berildi, 1848-yilda esa u Avstriya fanlar akademiyasiga a’zo etib saylandi.
1844-yilda Doplerning sog‘lig‘i yomonlasha boshladi, talabalar tomonidan shikoyatlar tushdi va olim kasalligi sababli ta’til oldi. U faqat 1846-yilda ishga qaytdi. 1847-yilda olim Konchilik akademiyasi[inglizcha]da matematika, fizika va mexanika professori bo‘lib ishlash uchun kichik Banska-Shtyavnitsa shahriga ko‘chib o‘tdi. Siyosiy beqarorlik 1848-yilda Doplerni Venaga ko‘chishga va Politexnika institutida amaliy geometriya professori bo‘lib ishlashga majbur qildi. Imperator Frans Iosif Ining 17-yanvar 1850-yildagi farmoni bilan u Vena universiteti qoshidagi yangi Fizika institutining birinchi direktori etib tayinlandi. Doplerning Venada ishlagan davridagi talabalaridan biri Gregor Iogann Mendel — Avliyo Tomas Avgustin abbatiyasining Bryun shahridagi (hozirgi Brno, Chexiya) monaxi va aspiranti, keyinchalik irsiyat haqidagi ta’limotning asoschisi bo‘lgan. 1850-51-yillarda Mendel ikki semestr davomida Doplerning fizika bo‘yicha ma’ruzalari va xususiy darslarida qatnashgan.
1852-yil noyabrida u Venetsiyaga ko‘chib o‘tdi. O‘sha davrda bu shaharning havosi o‘pka kasalliklari bilan og‘rigan bemorlarga tavsiya etilgan. O‘zini yomon his qilishiga qaramay, Dopler ishlashda davom etdi. Besh oy davom etgan kasallikdan so‘ng, 17-mart 1853-yilda Kristian Dopler sil kasalligidan vafot etdi. U San-Mikele orolidagi qabristonga dafn qilindi. 1853-yil yozining oxiriga kelib, shahar ma’muriyatining ruxsati bilan qabriston galereyasida uning yodgorligi o‘rnatildi.
Shaxsiy hayoti
1836-yilda Kristian Dopler Matilda Shturmga (nem. Matilda Shturm) uylandi. 22-yanvar 1837-yilda ularning qizi Matilda tug‘ildi. Keyinchalik Doplerlar oilasida yana to‘rt farzand dunyoga keldi: Lyudvig (1838—1906), Adolf (1840—1916), Berta (1843) va Herman (1844).
Doplerning do‘stlari ko‘p emas edi. 1832-yilda Vena universitetida u falsafa professori Frans Eksner[nemischa] bilan tanishdi va ular yaqin do‘st bo‘lib qolishdi. Pragada uning do‘sti va ustozi Bernard Bolsano bo‘lgan. Bolsano Doplerni Bogemiya Qirollik ilmiy jamiyatiga tavsiya qilgan va uning mashhur maqolasi taqdim etilgan paytda jamiyatga raislik qilgan.
Xotirasi

Dopler sharafiga u kashf etgan fizik effekt, shuningdek, shu effektga asoslangan texnologiyalar va o‘lchov asboblari — dopplerografiya, Dopler apparatlari, Dopler radari, Dopler o‘lchagichi, akustik Dopler oqim o‘lchagichi (ADCP), Dopler tezlik va siljish o‘lchagichi (DISS), lazerli Dopler anemometri va boshqa qurilmalar nomlangan.
Dopler nomidagi bir qator ilmiy laboratoriyalar, jumladan, Kembrijda, Vena universiteti va Zalsburg universitetida faoliyat yuritadi. Avstriyada Kristian Dopler nomidagi tadqiqot uyushmasi tashkil etilgan bo‘lib, u ilm-fan va biznes sohalari o‘rtasidagi hamkorlikni yo‘lga qo‘yadi hamda Kristian Dopler nomidagi laboratoriyalarni qo‘llab-quvvatlaydi. Olimning tug‘ilib o‘sgan shahri Zalsburgda uning nomi bilan atalgan shifoxona, maydon va ko‘prik bor. Mashhur shokolad ishlab chiqaruvchi Fürst («Motsartkugel» konfetlarini yaratgan kompaniya) «DopplerKonfekt» shirinliklarini ishlab chiqaradi. Vena universitetida Doplerga yodgorlik o‘rnatilgan.
1970-yilda Xalqaro astronomiya ittifoqi Kristian Dopler nomini kraterga berdi. Mazkur krater Oyning orqa tomonida joylashgan.
2003-yilda Kristian Dopler tavalludining ikki yuz yilligi munosabati bilan Zalsburg, Praga, Vena va Venetsiyada ilmiy konferensiyalar o‘tkazildi. Ularning materiallari «Kristian Dopler: hayoti va faoliyati, prinsipi va qo‘llanilishi : 2003-yilda Zalsburg, Praga, Vena va Venetsiyada o‘tkazilgan xotira simpoziumlari materiallari» kitobida chop etildi. Unda Doplerning hayoti va u kashf etgan effektning qo‘llanilishi sharhlangan.
Dopler effekti Koinotning paydo bo‘lishi haqidagi zamonaviy nazariyalarning (Katta portlash va qizilga siljish) ajralmas qismidir. Astronomiyada u yulduzlarning ko‘rish chizig‘i bo‘ylab harakat tezligini (kuzatuvchiga yaqinlashishi yoki undan uzoqlashishini), o‘z o‘qi atrofida aylanishini, sayyoralarning aylanish parametrlarini va Saturn halqalarining aylanishini o‘lchashda (bu ularning tuzilishini aniqlashtirish imkonini berdi), Quyosh fotosferasidagi turbulent oqimlarni va sun’iy yo‘ldoshlar trayektoriyalarini o‘rganishda, termoyadro reaksiyalarini nazorat qilishda, keyinchalik esa fizika va texnikaning juda ko‘p sohalarida (ob-havoni prognozlash, havo navigatsiyasi va politsiya radarlarida) qo‘llanila boshlandi. Dopler effekti zamonaviy tibbiyotda ham keng qo‘llanadi — ultratovush diagnostikasi uchun ko‘plab asboblarning ishlashi aynan shu hodisaga asoslangan.
Nashr etilgan ayrim ilmiy ishlari
Ko‘plab tadqiqotchilarning fikricha, Dopler jami 51 ta ilmiy ish nashr etgan. Ulardan ayrimlari quyidagilar:
- Dopler K. Parallellar nazariyasiga hissa (nemischa) = Ein Beitrag zu den Parallelen-Theorien // Wiener Polytechn. Jahrb. 17. — 1832.
- Dopler K. Kontakt va elektr potensiali orqali elektrlanishning ehtimoliy sababi haqida (nemischa) = Über die wahrscheinliche Ursache der Elecktricitats-Erregung durch Berührung und der elektrischen Spannung. — O‘sha manba, 1834.
- Dopler K. Qo‘shaloq yulduzlar va osmondagi ayrim boshqa yulduzlarning rangli yorug‘ligi haqida (nemischa) = Über das farbige Licht der Doppelstern und einiger anderer Gestirne des Himmels. — Praga: Borrosch & Andre, 1834.
- Dopler K. Ishqalanishning elektr hosil bo‘lishiga qo‘shgan hissasi (nemischa) = Ein Beitrag zur Electrizitäts-Erzeugung durch Reibung // Hessler’s encyclopädische Zeitschrift. — 1842. — 16-jild.
- Dopler K. Turli fanlar va amaliy hayot ehtiyojlariga alohida e’tibor qaratilgan, 450 ta masala va misol ilova qilingan arifmetika va algebra darsligi = Arithmetik und Algebra mit besonderer Rücksicht auf die Bedürfnisse der verschiedenen Wissenschaften und des praktischen Lebens, mit einem Anhange von 450 Aufgaben und Beispielen. — Praga: Borrosch & Andre, 1842.
- Dopler K. Yorug‘likni qaytarish qobiliyati bo‘yicha avvalgi barcha metall aralashmalaridan ustun bo‘lgan va shu sababli optik maqsadlar uchun ayniqsa mos keladigan qotishma haqida (nemischa) = Über eine alle bisherigen Metallgemische an Reflexionsvermögen übertreffende und daher zu optischen Zwecken vorzuglich geeignete Legirung // Jahrbuch der österreichischen Akademie der Wissenschafien. — 1853.
- Dopler K. Qaytaruvchi mikroskopning muhim takomillashtirilishi haqida (nemischa) = Über eine wesentliche Verbesserung der katoptrischen Mikroscope. — Borrosch & Andre, Praga, 1845.
- Dopler K. Ranglarni tizimli tasniflashga urinish (nemischa) = Versuch einer systematischen Classification der Farben. — Praga: Borrosch & Andre, 1848.
- Dopler K. Dastlab turli oddiy qattiq jismlarda atomlar sonini, ular orasidagi mutlaq masofani va ularning o‘zaro tortishish kuchini aniqlash imkoniyati haqida (nemischa) = Über die Möglichkeit, die Anzahl und den absoluten Abstand der Korperatome sowie das Mass ihrer wechselseitigen Anziehungsstärke zunächst bei den verschiedenen einfachen festen Körpern zu bestimmen. — Praga: Borrosch & Andre, 1853. — 498−514-betlar.
Sharhlar
- ↑ В англоязычной литературе существует несколько вариаций имени Доплера: Иоганн Кристиан Доплер, Кристиан Андреас Доплер, Кристиан Иоганн Доплер и Иоганн Кристиан Андреас Доплер. В его церковном свидетельстве о рождении указано имя Кристиан Андреас Доплер, однако Доплер никогда не использовал своё второе имя. Считается, что данная ошибка могла быть совершена первыми исследователями-биографами, которые в записях в церковной книге приняли имя отца за второе имя Кристиана.
- ↑ В русском языке норма правописания имени учёного с одной буквой «п» — Доплер, см., например, Русский орфографический словарь. РАН, 4-е изд. М., 2012.
Adabiyotlar
- Kudryavtsev P. S. Fizika tarixi. 1-jild. — Moskva: RSFSR GUPIM, 1956. — 320 bet
- Kuperberg E. B. Bosh miya va qo‘l-oyoq arteriyalarining okklyuzion shikastlanishlarida klinik dopplerografiya. — Moskva: A. N. Bakulev nomidagi Rossiya tibbiyot fanlari akademiyasi Yurak-qon tomir jarrohligi ilmiy markazi, 1997. — 106 bet
- Xramov Yu. A. Dopler, Kristian // Fiziklar : biografik ma’lumotnoma / Tahrirchi: A. I. Axiezer. — 2-nashr, tuzatilgan va to‘ldirilgan. — M. : Nauka, 1983. — B. 106. — 400 bet — 200 000 nusxa
- Tahrirchilar: E. Hibl, M. Musso. Kristian Dopler: hayoti va faoliyati, prinsipi va qo‘llanilishi: 2003-yilda Zalsburg, Praga, Vena va Venetsiyada o‘tkazilgan xotira simpoziumlari materiallari. — Living Edition, 2007. — 207 bet — ISBN 9783901585098.
- Eden A. Kristian Doplerni izlash. — Vena: Springer-Verlag, 1992. — 136 bet — ISBN 3211823670.
- Rogin A. Kristian Iogann Dopler: effekt ortidagi inson (inglizcha) // The British Journal of Radiology. — 2002. — 75-jild, № 895. — 615—619-betlar. — doi:10.1259/bjr.75.895.750615.
- Paskuale M., Polshok B. Z. Kristian Kristian Dopler (1803–1853): mohirona nazariya, muhim effekt (inglizcha) // J.Lab.Clin.Med. : jurnal. — 1991. — 118-jild. — 384—386-betlar.
- Eden A. Iogann Kristian Dopler (inglizcha) // Ultrasound Med Biol[inglizcha] : jurnal. — 1985. — 118-jild. — 537—539-betlar.
- Shuster P. Yulduzlarni harakatga keltirish. Kristian Dopler, uning hayoti, ilmiy ishlari, prinsipi va undan keyingi dunyo. — Living Edition Publishers, 2005. — 232 bet — ISBN 3901585052.
Havolalar
- ; J. J. O’Konnor, E. F. Robertson: . Dopler biografiyasi (inglizcha). Sent-Endryus universiteti Matematika va statistika maktabi, Shotlandiya. Murojaat qilingan sana: 10-may 2015-yil. Arxivlangan 16-aprel 2015-yilda.
- Shuster P. Yulduzlarni harakatga keltirish. Kristian Dopler, uning hayoti, ilmiy ishlari, prinsipi va undan keyingi dunyo. — Living Edition Publishers, 2005. — 232 bet — ISBN 3901585052.
- Rogin A. Kristian Iogann Dopler: effekt ortidagi inson. (inglizcha) // The British Journal of Radiology : jurnal. — 2002. — 75-jild, № 895. — 615—619-betlar. — doi:10.1259/bjr.75.895.750615.
- ; J. J. O’Konnor, E. F. Robertson: . Kristian Doplerga oid manbalar (inglizcha). Sent-Endryus universiteti Matematika va statistika maktabi, Shotlandiya. Murojaat qilingan sana: 10-may 2015-yil. Arxivlangan 5-mart 2016-yilda.