Blez Paskal haqida

Blez Paskal
frans. Blez Paskal
Портрет Паскаля, выполненный Франсуа II Кенелем для Герарда Эделинка в 1691 году
Fransua II Kenel tomonidan Gerard Edeling uchun 1691-yilda chizilgan Paskal portreti
Tug‘ilgan sanasi 19-iyun 1623(1623-06-19)[…]
Tug‘ilgan joyi
Vafot etgan sanasi 19-avgust 1662(1662-08-19)[…] (39 yoshda)
Vafot etgan joyi
Davlati
Faoliyat turi matematik, faylasuf, ilohiyotshunos, fizik, yozuvchi, fransuz axloqshunosi, statistik
Ilmiy sohasi ehtimollar nazariyasi, matematika, adabiyot va fizika
Ilmiy rahbari Maren Mersenn
Dastxati Изображение автографа
Логотип Викицитатника Vikiiqtibosdagi iqtiboslar
Логотип Викитеки Vikimanbadagi asarlar
Логотип Викисклада Vikimedia omboridagi mediafayllar

Blez Paskal (frans. Blez Paskal [blɛz pasˈkal]; 19-iyun 1623[…], Blez Paskalning tug‘ilgan uyi[vd], Klermon-Ferran, Fransiya qirolligi — 19-avgust 1662[…], Parij, Fransiya qirolligi[…]) — fransuz matematik, mexanik, fizik, adib, faylasuf va ilohiyotshunos. Fransuz adabiyoti klassigi; matematik analiz, ehtimollar nazariyasi va proyektiv geometriya asoschilaridan biri, dastlabki hisoblash qurilmalarini yaratgan hamda asosiy qonunni gidrostatika sohasida kashf etgan olim.

Tarjimayi holi

Bolaligi

XVII asrda noma’lum rassom chizgan Blez Paskal portreti

Paskal Klermon-Ferran (Fransiyadagi viloyat — Overn) shahrida, soliq boshqarmasi raisi Etyen Paskal (1588—1651) va Overn seneshalining qizi Antuanetta Begon (1596—1626) oilasida tug‘ilgan. Oilada uch farzand — Blez va uning ikki singil-opasi bor edi: kichigi — Jaklin (1625—1661), kattasi esa Jilberta[frans.] (1620—1687). Blez 3 yoshligida onasi vafot etdi. 1631-yilda oila Parijga ko‘chib o‘tdi.

Blez iste’dodli bola bo‘lib ulg‘aydi. Uning ta’limi bilan otasi Etyenning o‘zi shug‘ullangan. Etyen matematika fanini ham yaxshi bilgan: u Maren Mersenn va Jerar Dezarg bilan do‘st bo‘lgan, keyinchalik «Paskal chig‘anog‘i» deb atalgan algebraik egri chiziqni o‘rgangan; shuningdek, geografik uzunlikni aniqlash komissiyasi a’zosi bo‘lgan; uni tashkil etgan — Rishelye.

Paskalning otasi o‘quv predmetlarining murakkabligi bolaning aqliy imkoniyatlariga mos bo‘lishi kerak, degan tamoyilga amal qilgan. Uning rejasiga ko‘ra, Blez qadimgi tillarni 12 yoshidan, matematikani esa 15—16 yoshidan o‘rganishi lozim edi. Ta’lim usuli avval umumiy tushuncha va qoidalarni tushuntirish, keyin esa alohida masalalarni o‘rganishga o‘tishdan iborat bo‘lgan. Masalan, otasi sakkiz yoshli o‘g‘liga barcha tillar uchun umumiy bo‘lgan grammatika qonuniyatlarini tushuntirar ekan, uni mantiqiy fikrlashga o‘rgatishni maqsad qilgan. Uyda matematika masalalari doimo muhokama qilinar, Blez ham bu fan bilan tanishishni so‘rardi. Matematika o‘g‘lining lotin va yunon tillarini o‘rganishiga xalal berishidan xavotirlangan otasi uni keyinroq o‘rgatishga va’da bergan. Bir kuni Blez geometriya nima ekanini yana so‘raganida, Etyen bu to‘g‘ri shakllarni chizish va ularning o‘zaro nisbatlarini topish usuli ekanini qisqacha aytgan, biroq bu sohada izlanish olib borishni taqiqlagan. Shunga qaramay, Blez yolg‘iz qolganida ko‘mir bilan polga turli shakllarni chizib, ularni o‘rgana boshlagan. Geometrik atamalarni bilmagani uchun chiziqni «tayoqcha», aylanani esa «halqacha» deb atagan. Bir kuni otasi uni shunday mustaqil mashg‘ulotlardan birida ko‘rib qolib, hayratga tushgan: shakllarning nomini ham bilmagan bola 32-teoremani — Yevklidning uchburchak burchaklari yig‘indisi haqidagi teoremasini — mustaqil isbotlagan edi. Do‘sti Le Payening maslahati bilan Etyen Paskal dastlabki ta’lim rejasidan voz kechib, o‘g‘liga matematika kitoblarini o‘qishga ruxsat bergan. Bo‘sh vaqtlarida Blez Yevklid geometriyasini o‘rgangan, keyinchalik otasi yordamida Arximed, Apolloniy va Papp, so‘ngra Dezarg asarlarini o‘qishga kirishgan.

1634-yilda (Blez 11 yoshda bo‘lganida) dasturxon atrofida o‘tirganlardan biri pichoq bilan sopol likopchaga tegib ketgan. Likopchadan tovush chiqqan. Bola likopchaga barmoq tekkizilishi bilanoq tovush yo‘qolishini payqagan. Buning sababini tushunish uchun Paskal bir qator tajribalar o‘tkazgan va natijalarini keyinchalik o‘z risolasida bayon qilgan: «Tovushlar haqida risola».

14 yoshidan boshlab Paskal Mersennning har payshanba o‘tkaziladigan haftalik seminarlarida qatnashgan. Shu yerda u Dezarg bilan tanishgan. Yosh Paskal murakkab tilda yozilgan va yangi atamalarga boy bo‘lgan Dezarg asarlarini o‘rgangan sanoqli kishilardan biri edi. U Dezargning g‘oyalarini takomillashtirib, asoslash usullarini umumlashtirgan va soddalashtirgan. 1640-yilda Paskalning Dezarg asarlarini o‘rganishi natijasida yozilgan ilk bosma asari — «Konus kesimlari haqida tajriba» nashr etildi. Asarga teoremalar (isbotlarsiz), uchta ta’rif, uchta lemma kiritilgan, shuningdek, muallif konus kesimlariga bag‘ishlashni rejalashtirgan asarining boblarini ko‘rsatgan. «Tajriba...»dagi uchinchi lemma — Paskal teoremasi: agar oltiburchak uchlari muayyan konus kesimida joylashgan bo‘lsa, uning qarama-qarshi tomonlari yotgan to‘g‘ri chiziqlarning kesishishidan hosil bo‘lgan uchta nuqta bitta to‘g‘ri chiziqda yotadi. Bu natija va undan kelib chiqadigan 400 ta xulosani Paskal «Konus kesimlari haqida to‘liq asar»da bayon etgan. U bu asarni tugatganini o‘n besh yil keyin ma’lum qilgan; bugungi tasnif bo‘yicha asar proyektiv geometriyaga taalluqli bo‘lar edi. «To‘liq asar...» nashr qilinmay qolgan: 1675-yilda qo‘lyozmani Leybnits o‘qib chiqib, Paskalning jiyani Etyen Peryega uni zudlik bilan chop etishni tavsiya qilgan. Biroq Perye Leybnits maslahatiga quloq solmagan va keyinchalik qo‘lyozma yo‘qolgan.

Ruan

1640-yil yanvarida Paskal oilasi Ruanga ko‘chib o‘tdi. Shu yillarda Paskalning avvaldan yaxshi bo‘lmagan sog‘lig‘i yanada yomonlashdi. Shunga qaramay, u ilmiy ishini davom ettirdi.

Paskalning hisoblash mashinasi

Blezning otasi Ruanda xizmat vazifasi tufayli (intendant Normandiyada) ko‘pincha ko‘p vaqt oladigan hisob-kitoblar bilan shug‘ullanar, o‘g‘li ham unga soliq, boj va boshqa yig‘imlarni hisoblashda yordam berardi. An’anaviy hisoblash usullari bilan ishlash noqulayligini ko‘rgan Paskal hisob-kitoblarni yengillashtiradigan qurilma yaratishni rejalashtirdi. 1642-yilda (19 yoshida) u o‘zining yig‘uvchi hisoblash mashinasi — «paskalina»ni yaratishga kirishdi. Paskalning o‘zi e’tirof etishicha, bunda unga bolaligida olgan bilimlari yordam bergan. Paskal mashinasi bir-biriga bog‘langan ko‘plab tishli g‘ildiraklar joylashtirilgan qutiga o‘xshardi. Qo‘shiladigan yoki ayriladigan sonlar tegishli g‘ildiraklarni burish orqali kiritilar, uning ishlash tamoyili aylanishlar sonini hisoblashga asoslangan edi. G‘oyani amalga oshirishdagi muvaffaqiyat ustalar mashina qismlarining o‘lchami va nisbatlarini qanchalik aniq yasashiga bog‘liq bo‘lgani uchun Paskal barcha qismlarning tayyorlanishini shaxsan kuzatgan. Tez orada Ruanlik bir soatsoz asl nusxani ko‘rmasdan, faqat «hisoblash g‘ildiragi» haqidagi hikoyalarga tayanib, Paskal mashinasining soxta nusxasini yasagan. Garchi u matematik amallarni bajarishga mutlaqo yaroqsiz bo‘lsa-da, bu voqeadan ranjigan Paskal qurilma ustidagi ishni to‘xtatgan. Do‘stlari uni mashinani takomillashtirishga qaytarish uchun kansler Segyening e’tiborini loyihaga qaratgan. Loyiha bilan tanishgan Segye Paskalga ishni davom ettirishni maslahat bergan. 1645-yilda Paskal unga mashinaning tayyor namunasini taqdim etgan. 1652-yilgacha Paskal nazoratida «paskalina»ning qariyb 50 xil varianti yaratilgan. 1649-yilda u hisoblash mashinasi uchun qirollik imtiyozini qo‘lga kiritgan: Paskal modelini ko‘chirish ham, uning ruxsatisiz boshqa turdagi yig‘uvchi mashinalarni yasash ham taqiqlangan; chet elliklarning bunday mashinalarni Fransiyada sotishi ham man etilgan. Taqiqni buzganlik uchun jarima uch ming livr bo‘lib, u uch teng qismga — davlat xazinasi, Parij kasalxonasi va Paskalga yoki uning huquq egasiga — taqsimlanishi kerak edi. Olim mashina yaratishga ko‘p mablag‘ sarflagan, biroq ishlab chiqarishning murakkabligi va yuqori narxi loyihaning tijorat maqsadida joriy etilishiga to‘sqinlik qilgan.

Paskal ixtiro qilgan o‘zaro bog‘langan g‘ildiraklar tamoyili qariyb uch asr davomida ko‘plab arifmometrlarni yaratishga asos bo‘ldi.

1646-yilda Paskal oilasi Etyenni davolagan shifokorlar orqali yansenizm bilan tanishdi. Blez Yanseniyning «Ichki insonni o‘zgartirish haqida» risolasida «ulug‘vorlik, bilim va huzur-halovat»ga intilish tanqidini o‘qib, ilmiy izlanishlari gunoh va Xudoga qarshi ish emasmi, degan shubhalarga tusha boshladi. Oilada aynan Blez yansenizm g‘oyalarini eng chuqur qabul qilib, o‘zining «ilk diniy burilishi»ni boshdan kechirdi. Biroq u hali ilm-fandan voz kechmagan edi.

Torrichelli naychasi bilan tajribalar

Parijdagi Sen-Jak minorasida Paskal yodgorligi

1646-yil oxirida Paskal otasining bir tanishidan Torrichelli naychasi haqida eshitib, italiyalik olim tajribasini takrorladi. Keyin naychadagi simob ustidagi bo‘shliq simob bug‘i, siyraklashgan havo yoki qandaydir «nozik modda» bilan to‘lmaganini isbotlash maqsadida bir qator o‘zgartirilgan tajribalarni o‘tkazdi. 1647-yilda Parijda bo‘lganida, kasalligi kuchayganiga qaramay, Paskal tajriba natijalarini «Bo‘shliq haqidagi yangi tajribalar» risolasida e’lon qildi. Asarning yakuniy qismida u naycha yuqorisidagi bo‘shliq «tabiatda ma’lum bo‘lgan hech qanday modda bilan to‘lmagan ... va tajribada u yerda biror modda borligi isbotlanmaguncha, bu fazoni haqiqatan bo‘sh deb hisoblash mumkin», deya ta’kidlagan. Bu bo‘shliq mavjud bo‘lishi mumkinligining dastlabki dalili va Arastuning «tabiat bo‘shliqdan qo‘rqadi» degan farazi cheklanganligini ko‘rsatuvchi dalil edi.

Keyinchalik Paskal shisha naychadagi simob ustunini havo bosimi ushlab turishini isbotlashga e’tibor qaratdi. Uning iltimosiga ko‘ra, pochchasi Floren Perye Klermon yaqinidagi Pyui-de-Dom tog‘ida bir qator tajribalar o‘tkazib, natijalarini Blezga xat orqali bildirdi (tog‘ cho‘qqisi va etagidagi simob ustuni balandliklari farqi 3 dyuym 1 1/2 liniya, ya’ni taxminan 8,5 sm bo‘lgan). Parijda Sen-Jak minorasida Paskalning o‘zi tajribalarni takrorlab, Perye ma’lumotlarini to‘liq tasdiqladi. Bu kashfiyotlar sharafiga minoraga olimning haykali o‘rnatildi. «Suyuqliklar muvozanati haqidagi buyuk tajriba bayoni»da (1648) Paskal pochchasi bilan yozishmalarini hamda tajribadan kelib chiqadigan xulosalarni keltirgan: endi ikki joy bir sathdami, ya’ni Yer markazidan bir xil uzoqlikdami yoki qaysi biri balandroqda ekanini, ular bir-biridan qanchalik olis bo‘lmasin, «aniqlash» mumkin edi.

Paskal ilgari «bo‘shliqdan qo‘rqish» bilan izohlangan barcha hodisalar aslida havo bosimining natijasi ekanini ham qayd etgan. Olingan natijalarni umumlashtirib, u havo bosimini suyuqliklarning muvozanati va ulardagi bosimning xususiy holati, deb xulosa qilgan. Paskal Torrichellining atmosfera bosimi mavjudligi haqidagi taxminini tasdiqladi. Stevin va Galileyning gidrostatika sohasidagi tadqiqotlarini rivojlantirib, Paskal «Suyuqliklar muvozanati haqida risola»da (1653; 1663-yilda nashr etilgan) suyuqliklarda bosimning taqsimlanish qonunini aniqlashga yaqinlashdi. Risolaning ikkinchi bobida u gidravlik press g‘oyasini ilgari suradi: «suv bilan to‘ldirilgan idish mexanikaning yangi tamoyili va kuchni istalgan darajada oshiruvchi yangi mashinadir, chunki bu vosita yordamida inson istalgan og‘irlikdagi yukni ko‘tara oladi». U gidravlik pressning ishlashi boshqa oddiy mexanizmlar — richag, blok va cheksiz vint — bilan bir xil qonunga bo‘ysunishini qayd etadi. Paskal Torrichelli tajribasini oddiy takrorlashdan boshlab, eski fizikaning asosiy aksiomalaridan birini inkor etdi va gidrostatikaning asosiy qonunini kashf etib, fan tarixiga kirdi.

1651-yilda uning otasi Etyen Paskal vafot etdi. Kichik singlisi Jaklin Por-Royal monastiriga kirdi. Ilgari singlisining rohibalik hayotini tanlashini qo‘llab-quvvatlagan Blez endi do‘sti va yordamchisidan ayrilishdan qo‘rqib, Jaklindan uni tashlab ketmaslikni so‘radi. Ammo singlisi qaroridan qaytmadi.

Dunyoviy hayot. «Tasodif matematikasi»

Paskalning odatiy hayoti o‘zgardi. Sog‘lig‘i ham yomonlashib, shifokorlar unga aqliy zo‘riqishni kamaytirishni buyurdilar. Paskal jamiyatga ko‘proq chiqib, aslzodalar bilan muloqot qila boshladi. 1652-yil bahorida Kichik Lyuksemburg saroyida, d’Egiyon gersoginyasi huzurida, u hisoblash mashinasini namoyish etdi va fizik tajribalar o‘tkazib, barchaning qoyil qolishiga sazovor bo‘ldi. Paskal mashinasi Shvetsiya qirolichasi Kristinaning ham qiziqishini uyg‘otdi — abbat Burdeloning iltimosi bilan olim unga o‘z ixtirosining bir nusxasini sovg‘a qildi. Shu davrda Paskalda tadqiqotlarga va shuhratga intilish qayta uyg‘ondi; yansenistlar ta’limoti ta’sirida u bu istaklarini ilgari bosib kelgan edi.

Olimning aristokrat do‘stlari orasida unga eng yaqini matematikaga qiziquvchi yosh de Roanne gersogi edi. Paskal uzoq vaqt yashagan gersog uyida unga alohida xona ajratilgan. Roanne orqali Paskal boy va ashaddiy qimorboz Damye Mitton hamda bilimdon de Mere shevalyesi bilan tanishdi. Uning dunyoviy jamiyatda kuzatgan voqealaridan tug‘ilgan fikrlar keyinchalik «Fikrlar» asariga kiritilgan.

Paskal uchburchagi

Qimor o‘yinlarining ashaddiy ishqibozi de Mere shevalyesi 1654-yilda Paskalga o‘yinning muayyan sharoitlarida yuzaga keladigan bir necha masalani yechishni taklif etdi. De Merening birinchi masalasi — ikkita o‘yin toshini necha marta tashlagandan so‘ng yutish ehtimoli yutqazish ehtimolidan oshishi — uning o‘zi, Paskal, Ferma va Roberval tomonidan yechildi. Ikkinchi, ancha murakkab masalani Paskal va Ferma o‘zaro yozishmalarda yecharkan, ehtimollar nazariyasiga asos soldilar. Olimlar o‘yinlar turkumi to‘xtatilganida o‘yinchilar o‘rtasida garovlarni taqsimlash masalasini (bu masala bilan XV asr italiyalik matematigi Luka Pacholi ham shug‘ullangan) har biri o‘zining ehtimollarni hisoblash tahliliy usuli bilan yechib, bir xil natijaga erishgan. Paskal va Ferma izlanishlari haqidagi ma’lumotlar Gyuygensni ehtimollar masalalarini o‘rganishga undagan. Gyuygens «Qimor o‘yinlaridagi hisob-kitoblar haqida» (1657) asarida matematik kutilma tushunchasiga ta’rif bergan. Paskal «Arifmetik uchburchak haqida risola»ni (1665-yilda nashr etilgan) yaratib, unda «Paskal uchburchagi»ning xususiyatlari va algebraik formulalardan foydalanmasdan kombinatsiyalar sonini hisoblashda qo‘llanishini o‘rgangan. Risolaga ilova qilingan ishlardan biri «Sonlarning darajalari yig‘indisi haqida» bo‘lib, unda Paskal natural sonlar qatori hadlari darajalarini yig‘ish usulini taklif qilgan.

Paskalning kelajak uchun ko‘plab rejalari bor edi. 1654-yilda Parij akademiyasiga yo‘llagan xatida u «Tasodif matematikasi» nomli fundamental asar tayyorlayotganini ma’lum qilgan.

«Memorial»

23-noyabrdan 24-noyabrga o‘tar kechasi (1654-yil), Paskalning o‘z so‘zlariga ko‘ra, «kechki soat o‘n yarimdan tungi yarim birgacha» u ilohiy mistik ravshanlikni his qilgan. O‘ziga kelgach, u qoralamada qayd etgan fikrlarini darhol pergament parchasiga ko‘chirib, uni kiyimining astariga tiktirgan. Tarjimayi holini yozganlar keyinchalik «Memorial» yoki «Paskal tumori» deb atagan bu yodgorlikdan u umrining oxirigacha ajralmagan. Yozuv Paskal vafotidan keyin uning buyumlari tartibga solinayotgan paytda katta opasining uyidan topilgan.

Paskal avlodlarga diniy mazmundagi ko‘plab matnlarni qoldirgan bo‘lsa-da, ularning hech biri muallifning ichki dunyosini «Memorial» singari ochib bermaydi. Bu yerda ilk bor namoyon bo‘lgan fan va e’tiqod, falsafa va ilohiyot o‘rtasidagi chuqur ziddiyat uning butun taqdirida alangali iz qoldiradi.

Bu voqea uning hayotini tubdan o‘zgartirdi. Paskal bo‘lib o‘tgan hodisani hatto singlisi Jaklinga ham aytmadi, biroq Por-Royal rahbari Antuan Senglendan uning ruhiy ustozi bo‘lishni so‘radi, dunyoviy aloqalarini uzdi va Parijni tark etishga qaror qildi.

Por-Royal

Dastlab u de Lyuin gersogining Vomyurye qasrida yashadi, keyin yolg‘izlik izlab, shahar tashqarisidagi Por-Royalga ko‘chib o‘tdi. U ilmiy mashg‘ulotlarni gunoh deb bilib, butunlay to‘xtatdi. Por-Royal zohidlari rioya qilgan qattiq tartibga qaramay, Paskalning sog‘lig‘i sezilarli yaxshilandi va u ruhiy yuksalishni boshdan kechirdi. Endi u himoyachi targ‘ibotchi (apologet) yansenizmga aylandi, butun kuchini adabiyotga bag‘ishlab, «abadiy qadriyatlar»ni himoya qilishga kirishdi. Parijning barcha cherkovlarini ziyorat qildi. Yansenistlarning «kichik maktablari» uchun «Geometriya elementlari» darsligini, unga ilova sifatida «Matematik tafakkur haqida» va «Ishontirish san’ati» asarlarini tayyorladi.

«Viloyatlikka xatlar»

Por-Royalning diniy rahnamosi o‘sha davrning eng bilimdon kishilaridan biri, Sorbonna Antuan Arno. Uning iltimosiga ko‘ra, Paskal yansenistlar bilan iyezuitlar o‘rtasidagi bahsga qo‘shilib, fransuz adabiyotining yorqin namunasi bo‘lgan «Viloyatlikka xatlar»ni yaratdi. Unda orden keskin tanqid qilinib, ratsionalizm ruhida ifodalangan axloqiy qadriyatlar targ‘ib etilgan. Avval yansenistlar va iyezuitlar o‘rtasidagi aqidaviy kelishmovchiliklarni muhokama qilgan Paskal keyin iyezuitlarning axloqiy ilohiyotini qoralashga o‘tdi. Shaxslarning o‘ziga tegmasdan (orden ruhoniylarining aksariyati benuqson hayot kechirgan), u iyezuitlarning kazusistika uslubini tanqid qildi: uning fikricha, bu odamlarning axloqiy tanazzuliga olib kelardi.

«Xatlar» 1656—1657-yillarda taxallus ostida nashr etilib, katta mojaro keltirib chiqardi. Paskal Bastiliyaga tushib qolish xavfi ostida edi. Bir muddat yashirinishga, tez-tez yashash joyini o‘zgartirishga va boshqa ism ostida yashashga majbur bo‘ldi. Volter XVIII asrda shunday yozgan: «Iyezuitlarni jirkanch qilib ko‘rsatish uchun turli yo‘llar sinab ko‘rildi; Paskal bundan ham ko‘prog‘iga erishdi: ularni kulgili qilib ko‘rsatdi».

Sikloida bo‘yicha tadqiqotlar

Ogysten Paju (1730—1809). Sikloidani o‘rganayotgan Paskal, Luvr

Muntazam ilmiy mashg‘ulotlardan voz kechgan Paskal ba’zan do‘stlari bilan matematik masalalarni muhokama qilsa-da, ilmiy ijod bilan yana shug‘ullanishni rejalashtirmasdi. Faqat sikloidani tubdan o‘rganishi bundan mustasno bo‘lgan (do‘stlarining aytishicha, u bu masala bilan tish og‘rig‘idan chalg‘ish uchun shug‘ullangan). Bir kechada Paskal Mersennning sikloidaga oid masalasini yechib, uni o‘rganishda bir qator kashfiyotlar qildi. Dastlab u natijalarini ommaga e’lon qilishni istamagan. Ammo do‘sti de Roanne gersogi uni yevropalik matematiklar o‘rtasida sikloida segmenti yuzasi va og‘irlik markazini, shuningdek, sikloidadan hosil bo‘lgan aylanish jismlarining hajmi va og‘irlik markazlarini aniqlash bo‘yicha tanlov o‘tkazishga ko‘ndirdi. Tanlovda ko‘plab mashhur olimlar: Vallis, Gyuygens, Ren va boshqalar qatnashdi. Hamma ishtirokchilar masalalarni yecha olmagan bo‘lsa-da, ish jarayonida muhim kashfiyotlar qilindi: Gyuygens sikloidali mayatnikni ixtiro qildi, Ren esa sikloida uzunligini aniqladi. Karkavi raislik qilgan hakamlar hay’ati Paskal yechimlarini eng yaxshi deb topdi; uning cheksiz kichik miqdorlar usulidan foydalanishi keyinchalik differensial va integral hisobning yaratilishiga ta’sir ko‘rsatdi.

«Fikrlar»

Blez Paskal (rassom — Filipp de Shampen)

Taxminan 1652-yildayoq Paskal fundamental asar yaratishni rejalashtirgan bo‘lib, uning asosiy maqsadlaridan biri ateizmni tanqid qilish va e’tiqodni himoya qilish edi. U din masalalari haqida tinimsiz mulohaza yuritar, niyati vaqt o‘tishi bilan o‘zgarib borar, biroq umrining asosiy asari deb bilgan ishni boshlashiga turli holatlar xalaqit berardi. 1657-yil o‘rtalaridan u asar uchun alohida varaqlarga mavzular bo‘yicha tasniflangan parchali qaydlar yoza boshladi. 1658-yil kuzida Por-Royal zohidlariga rejasini aytib, kitobni yaratish uchun o‘ziga o‘n yil vaqt ajratdi. Biroq kasallik bunga yo‘l qo‘ymadi: 1659-yil boshidan u faqat qisqa qaydlar yozdi. Shifokorlar aqliy zo‘riqishni taqiqlaganiga qaramay, bemor qo‘liga tushgan istalgan narsaga xayoliga kelgan fikrlarini yozib qo‘yardi. Keyinchalik u hatto diktovka ham qila olmay, ishni butunlay to‘xtatdi. Blez vafotidan so‘ng yansenist do‘stlari ip bilan bog‘langan shunday yozuvlar bog‘lamlarini topdilar. Janri, hajmi va tugallanganlik darajasi turlicha bo‘lgan mingga yaqin parcha saqlangan. Ular o‘qilib, 1670-yilda «Din va boshqa mavzular haqidagi fikrlar» (frans. Pensées sur la religion et sur quelques autres sujets» nomi bilan kitob holida nashr etildi. Keyin asar shunchaki «Fikrlar» (frans. Pensées) deb atala boshlandi. Dastlabki nashrning katta qismi senzura qilingan bo‘lib, asarda Xudo va inson munosabatlari hamda yansenizm talqinidagi nasroniylikni himoya qilish masalalari yoritilgan. «Fikrlar» fransuz adabiyoti klassikasiga aylandi; Paskal yangi davr tarixida bir vaqtning o‘zida buyuk adib va buyuk matematik bo‘lgan yagona inson sifatida e’tirof etildi. Oxirgi kitobida u shunday yozgan:

  • Nafaqat imkonsiz, balki befoyda ham — Xudoni Iso Masihsiz bilish..
  • Insonlar faqat uch toifaga bo‘linadi: birinchilari Xudoni topgan va Unga xizmat qiladi; ular aqlli va baxtlidir. Ikkinchilari Uni topmagan va izlamaydi; ular aqlsiz va baxtsizdir. Uchinchilari Uni topmagan, lekin izlaydi; ular aqlli, ammo hozircha baxtsizdir.

Shu qo‘lyozmada «Garov haqidagi parcha» yoki Paskal garovi deb ataladigan dialog ham bor. Unda muallif suhbatdoshini nasroniy axloqiga muvofiq yashashga undash uchun Xudoning mavjudligi ustidan garov bog‘laydi. Muallif yutuq va yutqazish ehtimolini baholashni taklif qilib, ijobiy natijada e’tiqod cheksiz ne’mat (Xudo mavjud bo‘lsa, mukofot — boqiylik), salbiy natijada esa zarar juda oz (Xudo mavjud bo‘lmasa, faqat diniy marosimlarga sarflangan vaqt va mablag‘ yo‘qotiladi).

So‘nggi yillari

Vafotidan keyin olingan yuz niqobi

1658-yildan Paskalning sog‘lig‘i tez yomonlasha boshladi. Zamonaviy ma’lumotlarga ko‘ra, Paskal umri davomida bir qator kasalliklar: bosh miyaning xavfli o‘smasi, ichak sili va revmatizmdan aziyat chekkan. U kuchli holsizlik va dahshatli bosh og‘riqlarini boshdan kechirgan. 1660-yilda uni ko‘rgani kelgan Gyuygens Paskalni yoshi o‘tgan cholga o‘xshatgan, holbuki u o‘sha paytda atigi 37 yoshda edi. Paskal yaqinda vafot etishini tushungan, biroq o‘limdan qo‘rqmagan: opasi Jilbertaga o‘lim insonni «gunoh qilishning baxtsiz imkoniyati»dan mahrum etishini aytgan. O‘qish, yozish va mulohaza yuritishga ham qodir bo‘lmay qolganida u xayriya bilan shug‘ullangan va onda-sonda eski do‘stlarini ko‘rib turgan.

1661-yil kuzida Paskal de Roanne gersogi bilan ko‘p o‘rinli aravalarda hamma uchun arzon va qulay qatnov tizimini tashkil etish g‘oyasini o‘rtoqlashdi. Gersog loyihani amalga oshirish uchun aksiyadorlik jamiyati tuzdi va 18-mart kuni, 1662-yilda Parijda jamoat transportining birinchi yo‘nalishi ochildi; keyinchalik u omnibus deb ataldi.

Qabr yozuvi (epitafiya) Paskalga bag‘ishlangan. Parijdagi Sen-Etyen-dyu-Mon cherkovi

1661-yil oktabrida yansenistlarga qarshi ta’qiblarning yangi to‘lqini avjiga chiqqan paytda Jaklin vafot etdi. Bu Paskal uchun og‘ir zarba bo‘ldi.

Ayni paytda hokimiyat Por-Royal jamoasidan Yanseniy ta’limotining besh qoidasini qoralovchi hujjatni hech qanday shartsiz imzolashni talab qildi. Yansenistlar o‘rtasida to‘liq yakdillik yo‘q edi. Arno va Nikol boshchiligidagi guruh hujjatga barcha tomonlarni qanoatlantiradigan izohlarni kiritib, so‘ng imzolash kerak, deb hisoblagan. Paskal esa muqobil, qat’iyroq izoh tarafdori bo‘lib, unda papaning qarori xato ekani ko‘rsatilishi kerakligini ta’kidlagan. Uzoq tortishuvga Paskalning uyida o‘tkazilgan umumiy ovoz berish bilan yakun yasashga qaror qilindi. Ko‘pchilik Arno fikrini ma’qulladi. Bundan larzaga kelgan Paskal kurashdan voz kechib, Por-Royal zohidlari bilan aloqani deyarli to‘xtatdi.

19-avgust kuni, 1662-yilda uzoq davom etgan og‘ir xastalikdan so‘ng Blez Paskal vafot etdi. U Parijdagi Sen-Etyen-dyu-Mon cherkoviga dafn etildi.

Xotirasini abadiylashtirish

Paskal nomi bilan quyidagilar atalgan:

Baholar

Nozik didli ziyolilar Paskalni fransuz tilining eng buyuk asridagi eng mukammal adib sifatida hayrat bilan e’tirof etadilar... Uning qalamidan chiqqan har bir satr qimmatbaho toshdek qadrlanadi.

Men Paskalni senator qilgan bo‘lardim.

[Ajoyib] Paskalni o‘qidim... u buyuk aql va buyuk qalb egasi edi... Uni o‘qib, yuzlab yillar avval vafot etgan bu inson bilan o‘zimni butunlay hamfikr his qilarkanman, ko‘z yoshlarimgacha ta’sirlandim.

Qanday teranlik, qanday ravshanlik — naqadar ulug‘vorlik!.. Qanday erkin, kuchli, dadil va qudratli til!

Vallis 1655-yilda, Paskal esa 1658-yilda har biri o‘zi uchun algebraik xususiyatga ega ifoda tillarini yaratdi. Ularda birorta ham formula yozmasdan, mexanizmi tushunilishi bilanoq integral hisob formulalarida ifodalash mumkin bo‘lgan ta’riflarni berdilar. Paskalning ifoda tili ayniqsa ravshan va aniq; u nafaqat Dekart va Viyetning algebraik belgilashlaridan nega voz kechganini har doim ham tushunish qiyin bo‘lsa-da, uning tilni mukammal egallash orqali namoyon bo‘lgan mahoratiga qoyil qolmaslikning iloji yo‘q.

Blez Paskal asarlari

Paskal asarlarining birinchi to‘liq to‘plami Bossyu tomonidan «Oeuvres de B. Pascal» nomi bilan chop etilgan (5 jild, Gaaga va Parij, 1779; 6 jild, Parij, 1819); so‘nggi nashri 1998—1999-yillarda Parijda chiqarilgan.

  • Sevgi ehtirosi haqida mulohaza. V. Kuzen 1843-yilda Sen-Jermen-de-Pre kutubxonasida topgan qo‘lyozma nusxasida asar Paskalga nisbat berilishi ko‘rsatilgan. Paskalshunoslar muallif kimligi borasida yakdil fikrga kelmagan.

Rus tiliga tarjimalari

Adabiyotlar