

Yer atmosferasining ifloslanishi yoki havoning ifloslanishi sodir bo‘ladi, bunda Yer atmosferasigazararli yoki ortiqcha miqdordagi moddalar, jumladan gazlar (masalan, karbonat angidrid, uglerod monoksidi, oltingugurt dioksidi, azot oksidlari, metan va xlorftoruglerodlar), zarrachalar (ham organik, ham noorganik) va biologik molekulalar tushadi. Bu holat kasalliklar, allergiya va hatto odamlarning o‘limiga sabab bo‘lishi mumkin. Shuningdek, hayvonlar va o‘simliklar kabi boshqa tirik organizmlarga zarar yetkazishi, Yerning tabiiy yoki sun’iy ekotizimiga (muhitiga) ham zarar keltirishi mumkin. Havoning ifloslanishiga inson faoliyati ham, tabiiy jarayonlar ham sabab bo‘lishi mumkin.
«Biz nafas olayotgan havoni tozalash yuqumli bo‘lmagan kasalliklarning oldini oladi, shuningdek, ayollar va bolalar hamda keksalar kabi zaif guruhlar orasida kasallanish xavfini kamaytiradi». «Uy ichidagi havo ifloslanishi uchun eng katta narxni kambag‘al ayollar va bolalar to‘laydi, chunki ular ko‘proq vaqtini uyda o‘tkazib, ko‘mir va o‘tin yoqiladigan nosoz oshxona pechlaridan chiqqan tutun va qurumni nafas orqali yutadi».
Uy ichidagi havoning ifloslanishi va shaharlardagi havo sifatining pastligi dunyodagi eng jiddiy ikki muammo qatoriga kiradi. Bu muammolar zaharli ifloslanish bilan bog‘liq. Bu haqda BlekSmit institutining 2008-yildagi eng ifloslangan joylar bo‘yicha hisobotida qayd etilgan. Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining 2014-yilgi hisobotiga ko‘ra, 2012-yilda havoning ifloslanishi butun dunyo bo‘ylab taxminan 7 million kishining o‘limiga sabab bo‘lgan. Bu ko‘rsatkich Xalqaro energetika agentligining bahosiga taxminan mos keladi. 2013-yil ma’lumotlariga ko‘ra, faqat tashqi havoning ifloslanishi har yili 2,1 milliondan 4,21 milliongacha odamning bevaqt o‘limiga sabab bo‘ladi; 2024-yil ma’lumotlariga ko‘ra, bu ko‘rsatkich 4,5 milliondan ortiq. 2024-yil holatiga ko‘ra, PM2,5 juda mayda qattiq zarrachalari miqdorining qisqa muddatli keskin oshishi har yili dunyo bo‘ylab bir milliondan ortiq bevaqt o‘limga olib keladi. Ma’lumotlarga ko‘ra, Ostindagi Texas universiteti (AQSh) olimlari global havo ifloslanishi inson umrini o‘rtacha bir yilga qisqartirishini aniqlagan. Bunga, asosan, zavodlar va transportning turli turlari sabab bo‘ladi.
Ifloslanish turlari
Ifloslanish manbalariga ko‘ra:
- tabiiy;
- antropogen.
Atmosfera ifloslanishining xususiyatiga ko‘ra:
- fizik — mexanik (chang, qattiq zarrachalar), radioaktiv (radioaktiv nurlanish va izotoplar), elektromagnit (turli xildagi elektromagnit to‘lqinlar, jumladan radioto‘lqinlar), shovqin (turli baland tovushlar va past chastotali tebranishlar) hamda issiqlik ifloslanishi (masalan, iliq havoning chiqarilishi va h.k.);
- kimyoviy — gazsimon moddalar va aerozollar. Bugungi kunda atmosfera havosining asosiy kimyoviy ifloslantiruvchilari quyidagilar: uglerod (IV) oksidi, azot oksidlari, oltingugurt dioksidi, uglevodorodlar, aldegidlar, og‘ir metallar (Pb, Cu, Zn, Cd, Cr), ammiak, chang va radioaktiv izotoplar;
- biologik — asosan, mikrob tabiatiga ega ifloslanish. Masalan, havoning vegetativ shakllar bilan ifloslanishi, spora hosil qiluvchi bakteriyalar va zamburug‘lar, viruslar, shuningdek, ularning toksinlari va hayot faoliyati mahsulotlari bilan ifloslanishi.
Ifloslanish manbalari
Atmosferani ifloslantiruvchi asosiy manbalar quyidagilar:
- Tabiiy (mineral, o‘simlik yoki mikrobiologik kelib chiqishga ega tabiiy ifloslantiruvchilar; ularga vulqon otilishi, o‘rmon va dasht yong‘inlari, chang, o‘simlik changchisi, hayvonlar ajratmalari, issiqxona effekti va boshqalar kiradi)
- Sun’iy (antropogen) manbalar bo‘lib, ularni bir necha guruhga ajratish mumkin:
- Transport manbalari — avtomobil, temiryo‘l, havo, dengiz va daryo transporti ishlashi natijasida hosil bo‘ladigan ifloslantiruvchilar;
- Ishlab chiqarish manbalari — texnologik jarayonlar, isitish va qurilish vaqtida chiqindi sifatida hosil bo‘ladigan ifloslantiruvchilar;
- Maishiy manbalar — turar joylarda yoqilg‘i yoqilishi va maishiy chiqindilarni qayta ishlash bilan bog‘liq ifloslantiruvchilar.
Tarkibiga ko‘ra, atmosferani ifloslantiruvchi antropogen manbalarni ham bir necha guruhga ajratish mumkin:
- Mexanik ifloslantiruvchilar — sement zavodlarining changi, qozonxona, o‘txona va pechlarda ko‘mir yoqilishidan hosil bo‘ladigan chang, neft va mazut yonishidan hosil bo‘ladigan qurum, yeyilayotgan avtomobil shinalari va boshqalar; ular kimyoviy reaksiyalarga kirishishi mumkin;
- Radioaktiv ifloslantiruvchilar.
Ayrim ifloslantiruvchi moddalar inson faoliyati natijasida hosil bo‘ladi (masalan, azot oksidlari), boshqalari esa faqat tabiiy kelib chiqishga ega (radon), biroq ko‘plab ifloslantiruvchilar ham tabiiy, ham antropogen kelib chiqishga ega. Bundan tashqari, inson tabiiy manbalarga ham faol ta’sir ko‘rsatadi: masalan, qishloq xo‘jaligi o‘g‘itlardan foydalanish sababli nafaqat azot oksidlarini, balki metanni ham chiqaradi; metan chorva mollari oziqni hazm qilishi jarayonida ajralib chiqadi.
Asosiy ifloslantiruvchilar
- Karbonat angidrid (СО2) — uglerod dioksidi deb ham ataladigan, nordon hid va ta’mga ega rangsiz gaz; u uglerodning to‘liq oksidlanishi mahsulidir. U Yerda erkin fotosintez jarayonining kechishi uchun zarur bo‘lib, fotosintez erkin kislorodning Yerdagi asosiy manbaidir. Kichik konsentratsiyalarda xavfli emas, ammo havodagi konsentratsiyasi oshganda, nafas oluvchi tirik organizmlarga ta’siriga ko‘ra, u bo‘g‘uvchi gazlar turkumiga kiritiladi[inglizcha]. 2024-yilda CO2 umumiy chiqindilari 41,6 mlrd tonnani tashkil etdi; shundan qazilma yoqilg‘ini yoqish natijasidagi karbonat angidrid chiqindilari 37,4 mlrd tonnani tashkil qildi.
- Uglerod oksidi (СО) — rangsiz, hidsiz gaz; u «is gazi» nomi bilan ham tanilgan. Kislorod yetishmagan va harorat past bo‘lgan sharoitda qazilma yoqilg‘i (ko‘mir, gaz, neft) to‘liq yonmasligi natijasida hosil bo‘ladi. Is gazini nafas bilan yutganda, uning molekulasidagi qo‘sh bog‘ tufayli u inson qonidagi gemoglobin bilan mustahkam kompleks birikmalar hosil qiladi va shu tariqa kislorodning qonga o‘tishini to‘sadi.
- Oltingugurt dioksidi (SO2) (oltingugurt dioksidi, oltingugurtli angidrid) oltingugurt saqlovchi qazilma yoqilg‘ilar, asosan ko‘mir, yonishi jarayonida, shuningdek, oltingugurtli rudalarni qayta ishlashda hosil bo‘ladi. Kislota yomg‘irlarining shakllanishida ishtirok etadi. 2022-yil holatiga ko‘ra, SO2 ning dunyo bo‘yicha umumiy chiqindisi yiliga 73 mln tonna deb baholangan; chiqindilar eng yuqori darajaga 1979-80-yillarda yetgan, o‘shanda ko‘rsatkich yiliga 140 mln tonnani tashkil etgan.
- Oltingugurt dioksidining insonga uzoq muddat ta’sir qilishi dastlab ta’m sezish qobiliyatining yo‘qolishiga, nafas olishning qiyinlashishiga, keyin esa — o‘pka shishiga, yurak faoliyatining buzilishiga, qon aylanishining izdan chiqishiga va nafas olishning to‘xtashiga.
- Azot oksidlari (azot oksidi va azot dioksidi) — gazsimon moddalar: azot monoksidi NO va azot dioksidi NO2 birgalikda NOx umumiy formulasi bilan ifodalanadi. Barcha yonish jarayonlarida azot oksidlari hosil bo‘ladi, bunda ularning katta qismi oksid shaklida bo‘ladi. Yonish harorati qancha yuqori bo‘lsa, azot oksidlarining hosil bo‘lishi shuncha jadal kechadi.
- Azot oksidlarining yana bir manbai — quyidagilarni ishlab chiqaruvchi korxonalar:azotli o‘g‘itlar, azot kislotasi va nitratlar, anilin bo‘yoqlari, nitrobirikmalar. Atmosferaga chiqariladigan azot oksidlari miqdori yiliga 65 mln tonnani tashkil etadi. Atmosferaga chiqariladigan azot oksidlarining umumiy miqdoridan transport ulushiga 55%, energetika sohasiga — 28 %, sanoat korxonalariga — 14 %, kichik iste’molchilar va maishiy sektorga — 3 %.
- Ozon (О3) — o‘ziga xos hidli gaz; u kislorodga qaraganda kuchliroq oksidlovchidir. U havoni ifloslantiruvchi odatiy aralashmalar orasida eng zaharlilaridan biri hisoblanadi. Atmosferaning quyi qatlamida ozon azot dioksidi va uchuvchan organik birikmalar ishtirokidagi fotokimyoviy jarayonlar natijasida hosil bo‘ladi.
- Uglevodorodlar — uglerod va vodorodning kimyoviy birikmalari. Ularga atmosferani ifloslantiruvchi minglab turli moddalar kiradi; bular yonmay qolgan benzinda, kimyoviy tozalashda ishlatiladigan suyuqliklarda, sanoat erituvchilarida va boshqalarda mavjud.
- Qo‘rg‘oshin (Pb) — kumushrang-kulrang metall bo‘lib, ma’lum bo‘lgan barcha shakllarida zaharli hisoblanadi. Bo‘yoqlar, o‘q-dorilar, bosmaxona qotishmasi va boshqalarni ishlab chiqarishda keng qo‘llanadi. Jahonda qazib olinadigan qo‘rg‘oshinning taxminan 60 %i har yili kislotali akkumulyatorlar ishlab chiqarishga sarflanadi. Biroq atmosferaning qo‘rg‘oshin birikmalari bilan ifloslanishining asosiy manbai (taxminan 80 %) etillangan benzin ishlatiladigan transport vositalarining chiqindi gazlaridir.
Ifloslantiruvchilarga, shuningdek, quyidagilar ham kiradi: xlorftoruglerodlar (konditsionerlar, muzlatkichlar, aerozol purkagichlar va boshqalardan ajralib chiqadigan gazlar), barqaror organik ifloslantiruvchilar (parchalanishga chidamli organik birikmalar), poliaromatik uglevodorodlar (organik birikmalar, jumladan, ko‘mir, neft va tamaki to‘liq yonmaganda hosil bo‘ladigan aromatik birikmalar guruhi), mikroplastik.
Sanoat changlari hosil bo‘lish mexanizmiga qarab quyidagi 4 sinfga bo‘linadi:
- mexanik chang — texnologik jarayon davomida mahsulotni maydalash natijasida hosil bo‘ladi;
- sublimatlar — texnologik apparat, qurilma yoki agregatdan o‘tkazilayotgan gaz sovitilganda, modda bug‘larining hajmiy kondensatsiyasi natijasida hosil bo‘ladi;
- uchuvchi kul — tutun gazida muallaq holatda bo‘ladigan yonmaydigan yoqilg‘i qoldig‘i; u yoqilg‘ining mineral aralashmalaridan yonish jarayonida hosil bo‘ladi;
- sanoat qurumi — sanoat chiqindilari tarkibiga kiradigan, yuqori dispersiyali qattiq uglerod; u uglevodorodlarning to‘liq yonmasligi yoki termik parchalanishi natijasida hosil bo‘ladi.
Havoni antropogen aerozollar bilan ifloslantiruvchi asosiy manbalar — issiqlik elektr stansiyalari — ko‘mir yoqadigan korxonalar. Toshko‘mirni yoqish, sement ishlab chiqarish va cho‘yan eritish natijasida atmosferaga yiliga jami 170 mln tonna chang chiqariladi.
Salomatlikka ta’siri
2012-yilda dunyo bo‘yicha vafot etgan har sakkiz kishidan biri havoning ifloslanishi oqibatida halok bo‘lgan. Ifloslanish bir qator kasalliklar uchun muhim xavf omili hisoblanadi. Bular qatoriga ifloslanish bilan bog‘liq nafas yo‘llari infeksiyalari, yurak kasalliklari, SO‘OK, insult va o‘pka saratoni kiradi. Havoning ifloslanishi sababli salomatlikka yetadigan zarar nafas olishning qiyinlashishi, hansirash, yo‘tal, astma va mavjud nafas yo‘llari hamda yurak kasalliklarining kuchayishini o‘z ichiga olishi mumkin. Bu ta’sirlar dori vositalaridan ko‘proq foydalanishga, shifokor yoki shoshilinch yordam bo‘limiga ko‘proq murojaat qilishga, kasalxonaga yotqizish holatlarining ortishiga va bevaqt o‘limga olib kelishi mumkin. Havo sifatining yomonligi inson salomatligiga keng ko‘lamli va uzoq muddatli ta’sir ko‘rsatadi, biroq asosan insonning nafas olish va yurak-qon tomir tizimlariga ta’sir qiladi. Havoni ifloslantiruvchi moddalarga individual reaksiyalar odam duch keladigan ifloslantiruvchi moddaning turiga, ta’sir darajasiga, shuningdek, uning salomatligi va genetikasiga bog‘liq. Homila davrida havoning ifloslanishiga duch kelish bolalarda nerv tizimining rivojlanishiga ta’sir qiladi. Havoni eng ko‘p ifloslantiruvchi manbalar qattiq zarrachalar, ozon, azot dioksidi va oltingugurt dioksididir. Rivojlanayotgan mamlakatlarda yashovchi besh yoshgacha bo‘lgan bolalar uy ichidagi va tashqi havo ifloslanishi bilan bog‘liq umumiy o‘lim ko‘rsatkichi bo‘yicha eng zaif aholi guruhidir.
O‘lim ko‘rsatkichi
Hisob-kitoblariga ko‘ra, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tomonidan 2014-yilda e’lon qilingan ma’lumotlarda, 2012-yilda havoning ifloslanishi butun dunyo bo‘ylab taxminan 7 million kishining bevaqt o‘limiga sabab bo‘lgan. 2019-yil mart oyida e’lon qilingan tadqiqotlar bu raqam taxminan 8,8 million bo‘lishi mumkinligini ko‘rsatdi.
2014-yil holatiga ko‘ra, havoning ifloslanishi sababli o‘lim darajasi eng yuqori mamlakat Hindiston edi. Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining ma’lumotlariga ko‘ra, Hindistonda astma tufayli o‘lim holatlari ham boshqa har qanday mamlakatdagidan ko‘proq. 2013-yil dekabrida hisob-kitoblarga ko‘ra, Xitoyda havoning ifloslanishi har yili 500 000 kishining hayotiga zomin bo‘lgan. Avtotransport chiqindilari sababli havoning ifloslanishi bilan pnevmoniyadan o‘lim o‘rtasida ishonchli korrelyatsiya mavjud. 2025-yilga kelib, PM2.5 mayda zarrachalarining eng yuqori miqdori hanuz Hindistonda kuzatilgan — dunyoning eng iflos shahri bo‘lgan Hindistonning Loni shahrida PM2.5 ning o‘rtacha konsentratsiyasi 112,5 ni tashkil etgan; bu JSST.
tomonidan belgilangan xavfsiz darajadan 22 baravar yuqori. Yevropada havoning ifloslanishi tufayli har yili 430 000 — 800 000 kishining bevaqt o‘limi kuzatiladi. Bu o‘limlarning muhim sabablaridan biri azot dioksidi (NO2) va boshqa azot oksidlari (NOx), yo‘l transporti vositalari tomonidan chiqariladigan moddalardir. 2015-yildagi maslahat hujjatida Buyuk Britaniya hukumati azot dioksidi Buyuk Britaniyada yiliga 23 500 ta bevaqt o‘limga sabab bo‘lishini ma’lum qilgan.
Ifloslanishga qarshi kurash
Havoning ifloslanishini kamaytirish uchun uni nazorat qilishga qaratilgan turli texnologiyalar va strategiyalar mavjud. Eng oddiy darajada, yerdan foydalanishni rejalashtirish hududlarni zonalarga ajratish va transport infratuzilmasini rejalashtirishni o‘z ichiga olishi mumkin. Rivojlangan mamlakatlarning aksariyatida yerdan foydalanishni rejalashtirish ijtimoiy siyosatning muhim qismi bo‘lib, yer resurslaridan iqtisodiyot va butun aholi manfaatlari yo‘lida samarali foydalanishni, shuningdek, atrof-muhitni muhofaza qilishni ta’minlaydi.
Samarali kurashish uchun quyidagi tamoyillar muhim: barqaror rivojlanish, arxitektura, ekologik loyihalash, yashil qurilish. Shuningdek, chiqindilarni nazorat qilish, ekologik toza transportni rivojlantirish, transportdan foydalanish hajmini kamaytiradigan infratuzilmani yaratish, yoqilg‘i samaradorligini oshirish va masofadan ishlashni rivojlantirish zarur.
Havo ifloslanishining katta qismi qazilma yoqilg‘ilarni yoqish natijasida yuzaga keladi. Masalan, ko‘mir va neftdan foydalanishni kamaytirish havoning ifloslanishini sezilarli darajada kamaytirishi mumkin. Eng samarali yo‘l — quyidagilarga o‘tish: toza energiya manbalari, masalan, shamol energiyasi, quyosh energiyasi, gidroenergiya, ular havoni ifloslantirmaydi.
Havoning ifloslanishini kamaytirishning juda samarali vositasi — quyidagilarga o‘tish: qayta tiklanuvchi energiya. 2015-yilda «Energy and Environmental Science[inglizcha]» jurnalida e’lon qilingan tadqiqotga ko‘ra, AQShning 50 ta shtatida toza va qayta tiklanuvchi energiyaga to‘liq o‘tish AQShda yiliga taxminan $600 mlrd miqdorida sog‘liqni saqlash xarajatlarini tejashdan tashqari, (bu 2014-yilgi darajadagi AQSh yalpi ichki mahsulotining taxminan 3,6 %i) tadqiqot o‘tkazilgan yilda taxminan 62 000 ta, 2050-yilda esa taxminan 42 000 ta bevaqt o‘limning oldini olgan bo‘lardi.
Atmosfera ifloslanishiga qarshi kurashish va karbonat angidrid chiqindilarini kamaytirish maqsadida ko‘plab mamlakatlar 1997-yilda Kioto protokolini imzoladilar. Shuningdek, atmosfera ifloslanishiga qarshi kurash doirasida 2015-yilda BMTning 2030-yilgacha bo‘lgan davr uchun Barqaror rivojlanish kun tartibi va Parij iqlim kelishuvi qabul qilindi. 2019-yilda Yevropa Ittifoqi a’zo mamlakatlar iqtisodiyotini ekologiklashtirish va dekarbonizatsiya strategiyasini — «Yevropa Ittifoqining Yashil kelishuvi» (European Green Deal)ni qabul qildi, 2021-yilda esa chegara uglerodini tartibga solish mexanizmini (Carbon Border Adjustment Mechanism, CBAM) joriy etish taklifini o‘z ichiga olgan «Fit for 55» kompleks iqlim chora-tadbirlari paketini qabul qildi.
Ta’sirni baholash
Havoning ifloslanish xavfi ifloslantiruvchi moddaning xavfliligi va uning ta’siriga bog‘liq. Havoning ifloslanishiga duchor bo‘lish darajasini alohida shaxs, muayyan guruhlar (masalan, ma’lum bir mahalla aholisi yoki mamlakatda yashovchi bolalar) yoxud butun aholi uchun baholash mumkin. Masalan, turli mikro muhitlar va yosh guruhlarini qamrab oladigan geografik hududda havodagi xavfli ifloslantiruvchi moddaning ta’sirini hisoblash mumkin. Buni nafas olish orqali ta’sirlanish darajasi sifatida hisoblash mumkin.
Adabiyotlar
- Opalovskiy A. A.Kimyogar nigohida Yer sayyorasi. — Moskva, Nauka, 1990. — Adadi 10000 nusxa. — 224 bet.
Havolalar
- Havoning ifloslanishi salomatligimizga qanday zarar yetkazadi Arxiv nusxasi (2019-yil 20-oktabrda saqlangan) — Wayback Machine
- JSST havo sifatini yaxshilashga qat’iy bel bog‘lagan: XX asrning 50-yillaridan hozirgi kungacha bo‘lgan tarix Arxiv nusxasi (2019-yil 5-dekabrda saqlangan) — Wayback Machine
- Mintaqada har yili turar joy ichidagi va atrof-muhitdagi havo ifloslanishi yarim milliondan ortiq kishining bevaqt o‘limiga sabab bo‘ladi Arxiv nusxasi (2019-yil 5-dekabrda saqlangan) — Wayback Machine
- JSST videosi: havoning ifloslanishi tanangizga qanday ta’sir qiladi Arxiv nusxasi (2020-yil 1-fevralda saqlangan) — Wayback Machine
- Atmosfera havosining sifati va salomatlik Arxiv nusxasi (2019-yil 18-oktabrda saqlangan) — Wayback Machine
- Turar joy ichidagi havoning ifloslanishi va uning salomatlikka ta’siri Arxiv nusxasi (2019-yil 18-oktabrda saqlangan) — Wayback Machine