Gaz gigantlari nima

Yupiter
Saturn
Gaz gigantining badiiy tasviri

Gaz gigantlari — gigant sayyoralar; ular asosan vodorod va geliydan tashkil topgan. Bu turdagi sayyoralar zichligining pastligi, o‘z o‘qi atrofida tez aylanishi va shu sababli qutblari tomon sezilarli yassilanganligi bilan ajralib turadi.

Quyosh tizimida gaz gigantlari qatoriga Yupiter va Saturn kiradi. Ular asosan vodorod va geliydan iborat bo‘lib, og‘irroq elementlar sayyora massasining 3 dan 13 % gacha qismini tashkil etadi.

Atamalar

“Gaz giganti” atamasini 1952-yilda fantastika yozuvchisi Jeyms Blish kiritgan bo‘lib, dastlab u barcha gigant sayyoralarni anglatgan. “Gigant sayyora” va “gaz giganti” tushunchalari ko‘pincha sinonim deb hisoblansa-da, birinchisining ma’nosi kengroq. Masalan, muz gigantlari gigant sayyoralar hisoblanadi, ammo gaz gigantlari emas. Bu ikki sinfning asosiy farqi kimyoviy tarkibi bilan bog‘liq: gaz gigantlarida vodorod va geliyning massa ulushi 90 % dan yuqori, muz gigantlarida esa 15—20 % ni tashkil etadi. Massasi ham farq qiladi: gaz gigantlari muz gigantlaridan og‘irroq. 1990-yillarda Uran va Neptun asosan og‘irroq uchuvchan moddalardan (ular “muzlar” deb ataladi) tashkil topgan gigant sayyoralarning alohida sinfiga mansubligi ma’lum bo‘ldi. Shu sababli Uran va Neptun ko‘pincha muz gigantlari degan alohida toifaga kiritiladi.

Gaz gigantlari sayyoralar orasida eng katta massaga egaligi va kimyoviy tarkibi yulduzlarnikiga o‘xshashligi sababli ba’zan “shakllanmay qolgan yulduzlar” deb ataladi. Ammo bu ancha bo‘rttirilgan ta’rifdir, chunki sayyoralar bilan jigarrang mitti yulduzlar o‘rtasidagi umumqabul qilingan chegara 13 MJ.

Tasniflash

Gaz gigantlarini “sovuq yupiterlar” va “issiq yupiterlar” ga ajratish keng tarqalgan, biroq Sudarskiy bo‘yicha tasniflash tizimi ham mavjud. Bu tizim gaz gigantlarini harorati va shunga bog‘liq ravishda yuqori qatlamlarining kimyoviy tarkibiga qarab besh sinfga ajratadi.

Shakllanishi

Quyosh tizimining kelib chiqishi haqidagi gipotezaga ko‘ra, gigant sayyoralar Yer guruhiga mansub sayyoralardan keyin shakllangan. Bu vaqtga kelib qiyin eriydigan moddalarning katta qismi (oksidlar, silikatlar, metallar) gaz fazasidan ajralib chiqqan va ulardan ichki sayyoralar (Merkuriydan Marsgacha) hosil bo‘lgan edi. Beshinchi gaz giganti haqidagi gipoteza ham mavjud. Unga ko‘ra, Quyosh tizimi hozirgi ko‘rinishini olayotganda bu sayyora tizimning eng chekka qismlariga (faraziy Tyuxe sayyorasiga yoki boshqa “X sayyorasi”ga aylangan) yoxud Quyosh tizimidan tashqariga (yetim sayyoraga aylangan) siqib chiqarilgan. Shunday gipotezalarning eng so‘nggisi to‘qqizinchi sayyora haqidagi Braun va Batigin gipotezasidir.

Xususiyatlari

Yuqorida aytilganidek, gaz gigantlari asosan vodorod va geliydan tashkil topgan. Ularning massasi ancha katta: Quyosh tizimidagi ikki gaz giganti — Yupiter va Saturnning massalari mos ravishda Yer massasidan 317 va 95 baravar katta. Nazariy jihatdan massaning yuqori chegarasi 13 MJ ni tashkil etadi, chunki bundan katta massada jismning yadrosida termoyadro reaksiyalari boshlanadi va u jigarrang mitti yulduzlar sinfiga o‘tadi. Massaning quyi chegarasi hozircha aniq belgilanmagan, ammo bunday chegara bo‘lishi kerak: kichik osmon jismlari vodorod kabi yengil gazni o‘zida ushlab tura olmaydi.

Ichki tuzilishi

Quyosh tizimidagi gigant sayyoralarning ichki tuzilishi

Gaz sayyoralarining ichki tuzilishi modellariga ko‘ra, ular bir necha qatlamdan iborat. Ma’lum chuqurlikda gaz sayyoralarining atmosferalarida bosim vodorodning suyuq holatga o‘tishi uchun yetarli darajada yuqori bo‘ladi. Agar sayyora yetarlicha katta bo‘lsa, undan ham chuqurroqda metall vodorod qatlami bo‘lishi mumkin. Undagi elektr toklari Yupiter va Saturndagi kabi sayyoraning kuchli magnit maydonini yuzaga keltiradi. Bundan tashqari, gaz sayyoralarining nisbatan kichik toshli yoki metall yadrosi ham bor deb hisoblanadi.

Gaz sayyoralari atmosferasiga tushirilgan “Galileo” zondining o‘lchovlari ko‘rsatishicha, gaz sayyoralarining yuqori qatlamlaridayoq bosim va harorat tez ortadi. Yupiter atmosferasining 130 km chuqurligida harorat taxminan 145 °C, bosim esa 24 atm bo‘lgan. Gaz sayyoralari hisob-kitoblarda bashorat qilinganidan sezilarli darajada ko‘proq issiqlik tarqatadi. Juda oz miqdordagi issiqlik ajralishini nazarda tutuvchi modellar ham taklif etilgan. Ularga ko‘ra, Yupiter ichida sodir bo‘ladigan termoyadro sintezi reaksiyalari issiqlik ajratishi mumkin. Biroq bu modellar kuzatuvlar bilan tasdiqlanmagan. Muqobil gipotezaga ko‘ra, bu hodisa nihoyatda kuchli qutb yog‘dulari bilan izohlanadi.

Atmosfera

Gaz sayyoralari atmosferasida soatiga bir necha ming kilometrgacha tezlikka yetadigan kuchli shamollar esadi (Saturn ekvatorida shamol tezligi 1800 km/soatga yetadi). Atmosferada ulkan girdoblar ko‘rinishidagi doimiy tuzilmalar ham bor. Masalan, Yupiterdagi Katta qizil dog‘ (o‘lchami Yernikidan bir necha baravar katta) 300 yildan ortiq vaqtdan beri kuzatilmoqda. Saturnda ham kichikroq dog‘lar mavjud.

Tabiiy yo‘ldoshlar

Quyosh tizimidagi barcha sayyoralar ichida eng ko‘p tabiiy yo‘ldosh Yupiter va Saturnda aniqlangan. Quyosh tizimidagi gaz sayyoralarining tabiiy yo‘ldoshlari umumiy massasining sayyora massasiga nisbati taxminan 0,01 % (1:10 000) ni tashkil etadi. Buni tushuntirish uchun yo‘ldoshlar gaz miqdori ko‘p bo‘lgan gaz-chang disklaridan hosil bo‘lishini tavsiflovchi modellar ishlab chiqilgan (bunda yo‘ldoshlarning o‘sishini cheklovchi mexanizm ishlaydi).

Gaz gigantlarini katta o‘lchami va massasi tufayli barcha ekzosayyora turlari ichida istalgan usul bilan aniqlash nisbatan oson.

Havolalar