| Miokard infarkti | |
|---|---|
| Miokard infarkti (2) tasviri: chap koronar arteriya tarmog‘i berkilganidan keyin old devor sohasidagi (apikal) infarkt | |
| XKT-10 | I21-I22 |
| XKT-10-KM | I21 va I22 |
| XKT-9 | 410 |
| OMIM | 608557 |
| DiseasesDB | 8664 |
| MedlinePlus | 000195 |
| eMedicine | med/1567 emerg/327 ped/2520 |
| MeSH | D009203 |
Miokard infarkti (yurak xuruji) yurakni qon bilan ta’minlovchi to‘liq yoki qisman berkilgan arteriya tufayli yuz beradi. Yurakka qon kelishining buzilishi yurak mushagining jiddiy shikastlanishi yoki nobud bo‘lishiga olib kelishi mumkin. Miokard infarkti hayot uchun xavfli holat, shu sababli o‘zingizda yoki boshqa kishida undan shubhalansangiz, tez yordamni imkon qadar tez chaqirish muhim.
Odatda, miokard infarkti alomatlari stenokardiyani eslatadi, ammo kuchliroq namoyon bo‘ladi. Alomatlarga nafas qisishi, ko‘krakda bosim, achishish yoki og‘riq kiradi. Ko‘krak qafasidagi og‘riq bo‘yinga, chap qo‘lga, orqaga yoki jag‘ga tarqalishi mumkin. Shuningdek, ko‘ngil aynishi, qorin og‘rig‘i kuzatilishi mumkin. Alomatlarning turi va kuchi turlicha bo‘lishi mumkin: ba’zilarda og‘riq juda kuchli, boshqalarda yengil bo‘ladi yoki umuman sezilmaydi. «Og‘riqsiz» («yashirin») miokard infarkti ko‘proq keksalar va qandli diabet bilan yashovchilarda uchraydi. Yurak xuruji paytida ayollar erkaklarga qaraganda ko‘proq noodatiy alomatlar, masalan, belning yuqori qismi yoki yelkadagi og‘riq, bosh aylanishi, odatdagidan ortiq charchoq haqida xabar berishadi. Alomatlar bir necha soat davomida paydo bo‘lib, so‘nib turishi mumkin.
Miokard infarktining aksariyat holatlari yurak ishemik kasalligi (YIK) bor odamlarda yuz beradi. YIKda yurakni qon bilan ta’minlovchi arteriyalar torayadi va natijada yurakka kamroq kislorod yetib boradi. Arteriyalarning torayishi ko‘pincha tomir devorlarida xolesterin to‘planishi natijasida sodir bo‘ladi.
Miokard infarktining xavf omillariga yuqori qon bosimi va xolesterin, chekish, ortiqcha vazn, qandli diabet, jismoniy faollik yetishmasligi kiradi. Yurak xurujining kamroq uchraydigan sababi — spazm (qisqarish), ya’ni koronar arteriyalarning (yurakni qon bilan ta’minlovchi tomirlarning) spazmidir. Bu spazmning nimadan kelib chiqishi to‘liq ma’lum emas; ehtimoliy sabablar orasida giyohvandlik moddalari iste’moli, chekish, kuchli stress (masalan, yaqin insonidan ayrilish; bu holat Takotsubo sindromi yoki «singan yurak sindromi» deb ham ataladi) bor. Spazm ateroskleroz bilan zararlanmagan arteriyalarda ham yuzaga kelishi mumkin. Yurak xurujining yana bir kamyob sababi arteriya devorining qatlamlarga ajralishi (yirtilishi)dir.
Yurak xurujini aniqlash uchun elektrokardiogramma (EKG) qo‘llanadi, unda xuruj belgilari ko‘rinishi mumkin. Shuningdek, qonda miokard shikastlanishi markerlari (masalan, troponin) tekshiriladi. Shifokorlar boshqa tekshiruvlarni ham qo‘llashi mumkin, masalan: angiografiya, yurak ultratovush tekshiruvi, yurakning rentgen tasviri, KT yoki MRT.
Davolashni imkon qadar tez boshlash kerak. Bunda dori vositalari va jarrohlik muolajalari — masalan, teri orqali koronar aralashuv yoki aortokoronar shuntlash — qo‘llanadi. Ularning maqsadi arteriyalarning o‘tkazuvchanligini tiklash. Davolash usuli yurak xurujining turiga bog‘liq. Ular ikkita: ST segmenti ko‘tarilmagan miokard infarkti (NSTEMI) va ST segmenti ko‘tarilgan miokard infarkti (STEMI). Birinchi turda arteriya qisman, ikkinchisida esa to‘liq berkiladi.
Miokard infarktini boshdan kechirgan bemorlarga, odatda, turmush tarzini o‘zgartirish va umr bo‘yi dori vositalarini qabul qilish tavsiya etiladi. Jumladan, quyidagi dorilar qo‘llanadi: statinlar, antiagregantlar.
Epidemiologiya va xavf omillari
2020-yil holatiga ko‘ra, yurak ishemik kasalligi dunyo bo‘ylab 126 million kishida uchraydi. Erkaklarda YIK ayollarga qaraganda ko‘proq kuzatiladi. JSST ma’lumotlariga ko‘ra, yurak ishemik kasalligidan o‘lim eng yuqori darajada Rossiyada, Ukrainada va AQShda.
O‘tkir miokard infarkti yurak ishemik kasalligining eng og‘ir ko‘rinishidir. Uning oqibatida 4 milliondan ortiq kishi Yevropa va Shimoliy Osiyo hududlarida vafot etadi. Rivojlangan mamlakatlarda har yili o‘limlarning uchdan bir qismidan ortig‘i miokard infarkti hissasiga to‘g‘ri keladi. Amerikada miokard infarkti har 40 soniyada sodir bo‘ladi. Yurak xurujining o‘rtacha kuzatilish yoshi erkaklarda 66, ayollarda esa 72 yoshni tashkil etadi. Shu bilan birga, so‘nggi 20 yil ichida o‘tkir miokard infarktidan keyingi 6 oy davomida o‘lim ko‘rsatkichi kamaygan.
ST segmenti ko‘tarilgan miokard infarkti (STEMI) erkaklarda ko‘proq uchraydi. Ayollarda miokard infarkti va boshqa yurak-qon tomir kasalliklarining rivojlanish xavfi pastroq. Buning sabablari hozircha aniq emas. Ilgari estrogen himoya ta’siriga ega deb hisoblangan, ammo tadqiqotlar bu nazariyani tasdiqlamagan. Tadqiqotlarga ko‘ra, ayollarda yurak-qon tomir kasalliklari xavf omillari kamroq tarqalgan: ular erkaklarga qaraganda kamroq chekadi, yuqori qon bosimi, diabet va ortiqcha vaznga kamroq duch keladi. Bundan tashqari, ayollar miokard infarktining keng tarqalgan alomatlarini yaxshiroq bilishadi.
Rivojlanish mexanizmi va atamalar
Inson tanasidagi barcha a’zo va to‘qimalar singari, yurak ham kislorodga muhtoj. Arteriyalar yurakni kislorodga boy qon bilan ta’minlaydi. Yurakka boradigan arteriya shikastlansa, yurakning qon bilan ta’minlanishi buzilishi yoki butunlay to‘xtashi mumkin. Shunda yurak mushagining (miokardning) kislorodsiz qolgan (ya’ni ishemiyaga uchragan) qismi nobud bo‘ladi. Bu holat miokard infarkti deyiladi.
Yurak ishemik kasalligida arteriyalar devorida yog‘ to‘planmalari (pilakchalar) hosil bo‘lgani uchun tomirlar torayadi. Bu yurakka keladigan qon miqdorini kamaytirib, ko‘krakda og‘riq va siqilish hissini keltirib chiqarishi mumkin. Bunday holat stenokardiya deb ataladi. Agar pilakcha yorilsa, tromb paydo bo‘ladi va yurakka qon olib boruvchi arteriyadagi oqimni to‘sib qo‘yishi mumkin. Yurak xuruji yurak yetishmovchiligiga (yurak organizm faoliyati uchun yetarlicha qon hayday olmasligi), hayot uchun xavfli ritm buzilishlariga yoki yurak to‘xtashiga olib kelishi mumkin.
EKG natijalariga ko‘ra, miokard infarkti ST segmenti ko‘tarilmagan (NSTEMI) va ST segmenti ko‘tarilgan (STEMI) turlarga ajratiladi. Birinchisida arteriya qisman, ikkinchisida esa butunlay berkiladi.
Miokard infarkti patomorfologik, klinik va prognozga oid farqlariga ko‘ra boshqa turlarga ham ajratilishi mumkin. Miokard infarktining to‘rtinchi universal ta’rifiga ko‘ra, quyidagi turlar mavjud (ularning ayrimlari jarrohlik muolajalari paytida miokard shikastlanishi bilan bog‘liq):
- Miokard infarkti, aterosklerotik pilakchaning yorilishi yoki shikastlanishi tufayli yuzaga kelgan;
- Kislorodga ehtiyoj oshgan vaqtda uning yetib kelishi kamayishi bilan bog‘liq miokard infarkti, masalan, qon ketishida (gemoglobinning keskin pasayishi), ayrim aritmiyalar (taxiaritmiya, bradiaritmiya) yoki koronar tomirlar spazmi tufayli;
- Alomatlar miokard infarktini ko‘rsatsa-da, bemor miokard shikastlanishi markerlari bo‘yicha tahlil natijalari chiqishidan yoki EKG o‘tkazilishidan oldin vafot etgan holat;
- Teri orqali koronar aralashuv (TKA) bilan bog‘liq miokard infarkti;
- TKA dan keyin stent trombozi bilan bog‘liq, angiografiya yoki autopsiyada tasdiqlangan miokard infarkti;
- TKA dan keyin stent ichidagi restenoz (arteriya bo‘shlig‘ining qayta torayishi) bilan bog‘liq miokard infarkti;
- Miokard infarktining aortokoronar shuntlash bilan bog‘liq turi.
Alomatlar
Og‘riq
Miokard infarktining eng keng tarqalgan alomati ko‘krak qafasining o‘rtasi yoki chap tomonidagi og‘riq yoxud noqulaylikdir. Og‘riq o‘rniga bosilish, siqilish yoki achishish sezilishi mumkin. Og‘riq tananing boshqa qismlariga — qorinning yuqori qismi, yelkalar, qo‘llar, bo‘yin, tomoq, pastki jag‘ va tishlarga tarqalishi mumkin. U asta-sekin boshlanadi va bir necha soniyadan uzoq davom etadi. Og‘riq kuchi odamga qarab farq qiladi. Ayrimlar bu hissiyotlarni ovqat hazm bo‘lmasligidagi og‘riqqa o‘xshatadi. Ba’zilar, ayniqsa, keksalar va diabeti bor kishilar infarkt paytida umuman og‘riq sezmasligi mumkin.
Boshqa alomatlar
Miokard infarktida nafas qisishi, ko‘ngil aynishi, qayt qilish, sovuq ter bosishi, yurak urishining tezlashishi, holsizlik, bosh aylanishi va vahima xurujiga o‘xshash xavotir hissi ham kuzatilishi mumkin. Infarkt paytida ayollarda erkaklarga qaraganda nafas qisishi, ko‘ngil aynishi va qayt qilish, bel, yelka va jag‘dagi og‘riq ko‘proq uchraydi.
«Og‘riqsiz» miokard infarkti
Miokard infarkti alomatsiz yoki juda sust alomatlar bilan kechishi mumkin. Bunday holat «og‘riqsiz» yoki «yashirin» yurak xuruji deb ataladi. Ko‘pincha u keyinchalik odatiy kardiogramma tekshiruvida aniqlanadi. Alomatlarning yo‘qligi tashxisni o‘z vaqtida qo‘yish va ikkilamchi profilaktikani qiyinlashtiradi. «Og‘riqsiz» yurak xurujining uchrash chastotasini hisoblash ham murakkab: turli ma’lumotlarga ko‘ra, u barcha miokard infarkti holatlarining 9–37 % idan qariyb yarmigacha bo‘lishi mumkin. Bu tur ko‘proq keksalar va diabeti bor kishilarda uchraydi.
Xavf omillari
Miokard infarkti xavf omillari o‘zgartiriladigan (inson ta’sir qila oladigan) va o‘zgartirib bo‘lmaydigan (ta’sir qilib bo‘lmaydigan) turlarga bo‘linadi. Bir necha xavf omilining birgalikda mavjudligi miokard infarkti va boshqa yurak-qon tomir kasalliklari ehtimolini oshiradi.
O‘zgartiriladigan omillar
- Chekish qon tomirlariga zarar yetkazadi, ateroskleroz va tromb hosil bo‘lishi xavfini oshiradi. Sigaret tutunida 7000 dan ortiq kimyoviy modda bor, shu sababli passiv chekish ham yurak-qon tomir kasalliklari xavfini oshiradi.
- Yuqori qon bosimi (arterial gipertenziya) yurakka yuklamani oshiradi, yurakni qon bilan ta’minlovchi arteriyalarga zarar yetkazadi va yurak yetishmovchiligi, buyrak yetishmovchiligi, miokard infarkti va insult xavfini oshiradi. Arterial bosim qonning tomir devorlariga ko‘rsatadigan bosim kuchidir. 120/80 me’yoriy bosim deb hisoblanadi. 120—129/80 dan past ko‘rsatkichlar yuqorilagan bosim deb baholanadi va gipertoniya rivojlanish xavfini oshiradi. Amerika kardiologiya kolleji / Amerika yurak assotsiatsiyasining (American College of Cardiology/American Heart Association (ACC/AHA)) 2017-yilgi tavsiyalarida arterial bosimning oshish darajalari belgilangan, jumladan I daraja — 130—139/80—89 va II daraja — kamida 140/90.
- Qonda xolesterin miqdorining yuqoriligi. Xolesterin jigarda ishlab chiqariladi, bir qismi esa oziq-ovqat bilan kiradi. U gormonlar, D vitamini va o‘t kislotalari (ovqat hazm bo‘lishiga yordam beruvchi moddalar) sintezida ishtirok etadi. Xolesterin tashuvchi lipoproteinlar ikki turga bo‘linadi: yuqori zichlikdagi lipoproteinlar — «yaxshi» va past zichlikdagi lipoproteinlar — «yomon». «Yaxshi» xolesterin jigarga qaytadi va u orqali tanadan chiqariladi. «Yomon» xolesterin miqdori turmush tarzi, noto‘g‘ri ovqatlanish va irsiy xususiyatlar sababli oshib, tomir devorlarida pilakchalar paydo bo‘lishiga olib kelishi mumkin. Umumiy populyatsiyada (yurak-qon tomir xavfi past bo‘lsa) umumiy xolesterinning maqbul darajasi taxminan 3,8 mmol/l, past zichlikdagi lipoproteinlarniki esa 2,6 mmol/l. Ammo ateroskleroz rivojlanish xavfini belgilashda bundan ham muhim ko‘rsatkich — aterogenlik koeffitsiyenti. Shu bois lipidogrammani talqin qilishda avvalo aynan shu ko‘rsatkichga e’tibor berish kerak, alohida lipoproteinlar yoki umumiy xolesterin miqdoriga emas.
- Ortiqcha vazn yuqori qon bosimi, yuqori xolesterin, metabolik sindrom, qandli diabet, yurak-qon tomir va boshqa kasalliklar uchun xavf omilidir. Ortiqcha vazn darajasini baholash usullaridan biri bel aylanasining son aylanasiga yoki bo‘yga nisbatini o‘lchashdir. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tavsiyalariga ko‘ra, bel va son aylanalari nisbati erkaklarda 0,90 dan, ayollarda 0,85 dan yuqori bo‘lsa, semizlik belgisi hisoblanadi. Bu ko‘rsatkichlar yevropoid irqiga mansub odamlarga taalluqli bo‘lib, boshqa irqlarda farq qilishi mumkin.
- Bu yerda noto‘g‘ri ovqatlanish deganda xolesterin, to‘yingan yog‘lar (jumladan, qizil va qayta ishlangan go‘sht — sosiska, vetchina, bekon) hamda transyog‘lar (pishiriqlar, chipslar) ko‘p bo‘lgan ratsion tushuniladi. Noto‘g‘ri ovqatlanish xolesterin miqdori va diabet rivojlanish xavfini oshirishga hamda ortiqcha vazn yig‘ilishiga sabab bo‘ladi.
- Jismoniy faollikning yetishmasligi o‘z-o‘zicha yurak kasalliklari xavf omili bo‘lishi, shuningdek, ortiqcha vazn, arterial gipertenziya, yuqori xolesterin va diabet kabi boshqa xavf omillari yuzaga kelish ehtimolini oshirishi mumkin. Muntazam o‘rtacha (tez yurish, raqs) va yuqori jadallikdagi (yugurish, suzish) jismoniy mashqlar yurak-qon tomir kasalliklari xavfini kamaytiradi, xolesterin miqdori, vazn va diabetni nazorat qilishga yordam beradi.
- Qonda glyukoza (qand) miqdorining yuqoriligi qon tomirlariga zarar yetkazishi mumkin. Qandli diabet, ayniqsa, nazorat qilinmasa, yurak-qon tomir kasalliklari xavfini oshiradi.
Ortiqcha vazn, arterial gipertenziya va qon shakarining yuqoriligi ko‘pincha birga uchraydi. Bunday holat metabolik sindrom. deb ataladi. Metabolik sindromi bor kishida yurak kasalliklari ehtimoli ikki baravar, qandli diabet ehtimoli esa besh baravar yuqori bo‘ladi.
- Stress — kuchli xavf omili. Ayrimlar stressni chekish, alkogol ichish, me’yoridan ortiq ovqatlanish va boshqa zararli odatlar orqali yengishga urinadi. Bular ham yurak-qon tomir salomatligi uchun xavf omillaridir. Stress arterial bosimni oshirishi va Takotsubo sindromini («singan yurak sindromi», stress kardiomiopatiyasi) keltirib chiqarishi mumkin. Bunda yurak xurujiga o‘xshash alomatlar paydo bo‘ladi, yurakka qon kelishi to‘xtaydi yoki kamayadi, ammo buning sababi arteriyaning berkilishi yoki torayishi emas. Sindrom asosan ayollarda uchraydi.
O‘zgartirib bo‘lmaydigan omillar
- Yurak-qon tomir kasalliklari xavfi yosh ulg‘ayishi bilan ortadi: erkaklarda 45 yoshdan, ayollarda esa 55 yoshdan (ya’ni menopauzadan keyin).
- Oilada yurak kasalliklari uchragani. Agar yaqin qarindoshlarda (ota, ona, aka-uka yoki opa-singilda) yurak kasalligi bo‘lsa, ayniqsa, u erkaklarda 55 yoshgacha, ayollarda 65 yoshgacha aniqlangan bo‘lsa, xavf yuqoriroq bo‘ladi. Oilaviy anamnezda yurak-qon tomir kasalliklari mavjud bo‘lsa, tekshiruvlarni qaysi yoshdan va qanchalik tez-tez o‘tkazish, qanday ko‘rsatkichlar va xavf omillarini nazorat qilish haqida shifokor bilan maslahatlashish lozim.
- Preeklampsiya — odatda, ayrim ayollarda homiladorlikning 20-haftasidan keyin yuzaga keladigan asorat. Uning keng tarqalgan belgilari yuqori qon bosimi, siydikda oqsil paydo bo‘lishi va shishlardir. Davolanmasa, preeklampsiya ona va bola uchun xavfli asoratlarni, jumladan, muddatidan oldin tug‘ruq yoki yo‘ldoshning ko‘chishini keltirib chiqarishi mumkin. Preeklampsiya kelajakda yurak-qon tomir kasalliklari, shu jumladan miokard infarkti xavfini oshiradi.
- Yangi koronavirus infeksiyasi sababli yuzaga keladigan kasallik tromb hosil bo‘lish xavfini oshiradi. Bu esa miokard infarkti, insult va boshqa asoratlarga olib kelishi mumkin. COVID-19 paytida miokard shikastlanishi avval yurak-qon tomir kasalliklari bo‘lmagan odamlarda ham yuz berishi mumkin.
Boshqa xavf omillari. Ijtimoiy-demografik omillar, jumladan, ta’lim va daromad darajasining pastligi, kambag‘al hududlarda yashash yurak ishemik kasalligi xavfini oshiradi. G‘azab va qayg‘u kabi kuchli hissiyotlar, ayniqsa, oldindan yurak-qon tomir kasalliklari bo‘lgan odamlarda miokard infarkti xavfini oshirishi mumkin. Ishdagi surunkali stress (ortiqcha ishlash, uzoq ish kuni, yuqori psixologik talablar) erkaklarda yurak ishemik kasalligining erta rivojlanishiga sabab bo‘lishi mumkin. Oiladagi uzoq davom etadigan stressli vaziyatlar ham bu xavfni oshiradi. Boshqa xavf omillariga klinik depressiya, vahima xurujlari, xavotirlanish ham kiradi.
Tashxis


Ko‘krak og‘rig‘i bilan shoshilinch qabul bo‘limiga kelgan bemorlarda miokard infarkti va boshqa tashxislarning taxminiy ulushi quyidagicha: 5—10 % — STEMI, 15—20 % — NSTEMI, 10 % — nostabil stenokardiya, 15 % — boshqa yurak-qon tomir kasalliklari, 50 % — yurak-qon tomir tizimiga aloqador bo‘lmagan kasalliklar. Shifokorlar quyidagi hayot uchun xavfli holatlarni ham istisno etishi kerak: aorta disseksiyasi, o‘pka arteriyasi tromboemboliyasi va pnevmotoraks. Ko‘krak og‘rig‘i boshqa kasalliklar, masalan, pankreatit, xoletsistit, ko‘krak qafasi jarohati va bo‘yin qismidagi umurtqa pog‘onasi patologiyalari.
Odatda, miokard infarkti quyidagi mezonlar asosida aniqlanadi: alomatlar mavjudligi, EKGda ST segmentining ko‘tarilgan yoki ko‘tarilmagani, troponin darajasining oshishi, angiografiya yoki kompyuter tomografiyasi yordamida trombning aniqlanishi.
Elektrokardiogramma yurakning elektr faolligini o‘lchaydi: yurak qisqarganda elektr signallarini hosil qiladi va EKG apparati ularni qog‘ozda aks ettiradi. EKG yurakning qanchalik tez urayotganini ko‘rsatadi va uning ritmini (muntazam yoki nomuntazamligini) qayd etadi. EKG taxminan 80 % holatda tashxisni tasdiqlaydi. Miokard infarktini aniqlash jarayonida EKG bir necha marta olinishi mumkin.
Miokard shikastlanishi markerlarini aniqlash uchun yurak troponini darajasi o‘lchanadi. Bu oqsil odatda qonda aniqlanmaydi va faqat miokard nekrozida ajralib chiqadi; u miokard infarktini laboratoriya usulida aniqlashning eng o‘ziga xos vositalaridan biri hisoblanadi. Troponin miqdori 2-3 soatdan keyin oshishni boshlaydi va 24-28 soatda eng yuqori darajaga yetadi.
Tashxis qo‘yishda tasvirlash usullari, ya’ni yurak tasvirini olish imkonini beruvchi tekshiruvlar ham qo‘llanadi. Ular noinvaziv (rentgenografiya, ko‘krak qafasining KT yoki MRT tekshiruvi, exokardiografiya) va invaziv (angiografiya) bo‘lishi mumkin. Rentgenografiya alomatlarning boshqa sabablarini istisno qilishga va miokard infarktidan keyingi asoratlarni tekshirishga yordam beradi. Exokardiografiya (yurak UTT) yordamida yurak mushagini tasvirlash, yurak klapanlari orqali qon haydalishini ko‘rish va ehtimoliy shikastlanishlarni baholash mumkin.
Koronar angiografiya arteriyaning berkilib qolganini yoki torayganini aniqlashga yordam beradi. Muolaja paytida shifokor chov yoki qo‘ldagi qon tomiri orqali ingichka naycha — kateterni kiritadi, u orqali esa tomirning berkilgan yoki toraygan joyini ko‘rsatadigan maxsus bo‘yoq — kontrast modda yuboradi. Bunday muammoni darhol stent o‘rnatish orqali bartaraf etish mumkin. Bu muolaja teri orqali koronar aralashuv (TKA) deb ataladi.
Davolash

Birinchi yordam
Miokard infarkti yuz berganda shifokorlar davolashni zudlik bilan boshlashi kerak. Shu sababli infarktdan ilk shubhalanishdayoq tez yordam chaqirish juda muhim. Yurak xurujida birinchi yordam quyidagicha:
- Tez yordam chaqiring.
- Bemorning o‘tirishini so‘rang va tez yordam yo‘lga chiqqanini ayting — bu uni biroz tinchlantirishi mumkin. O‘tirgan holat yurakka tushadigan yukni kamaytiradi. Tor kiyimlarini yechishga yordam bering.
- Bemor yurak-qon tomir kasalliklari uchun dori qabul qiladimi, so‘rang. Agar davolovchi shifokor yurak xuruji paytida biror dori (masalan, nitroglitserin preparatlari, antiagregantlar) qabul qilishni tavsiya qilgan bo‘lsa, uni qabul qilishiga yordam bering.
- Agar bemor hushini yo‘qotgan va nafas olmayotgan bo‘lsa, yurak-o‘pka reanimatsiyasini boshlash kerak.
Reperfuziya terapiyasi
Davolash miokard infarktining turiga (NSTEMI yoki STEMI) bog‘liq. Ayniqsa, STEMIda reperfuziya terapiyasini, ya’ni arteriyadagi qon oqimini tiklashni imkon qadar tez bajarish zarur. Davolashdan maqsad — infarkt sababini bartaraf etish va berkilib qolgan arteriya o‘tkazuvchanligini tiklab, yurakni imkon qadar asrab qolish.
Teri orqali koronar aralashuv
Teri orqali koronar aralashuv (TKA) — berkilib qolgan arteriyadagi qon oqimini tiklashga qaratilgan afzal reperfuziya usuli. TKAni tibbiy yordam so‘ralgan paytdan boshlab 120 daqiqa ichida o‘tkazish muhim. Muolaja angiografiyadan boshlanadi: chov yoki qo‘ldagi qon tomiri orqali bemorga kateter kiritiladi. Unda kontrast modda bo‘ladi va u orqali tomirning berkilgan joyi hamda darajasi aniqlanadi. Shifokor kateter joylashuvini rentgen apparati orqali kuzatadi. Kateter maxsus ballon bilan jihozlangan. Kateter toraygan joyga yetganda ballon shishiriladi va arteriya bo‘shlig‘ini kengaytiradi. Odatda, shundan so‘ng shifokorlar arteriyaga darhol stent o‘rnatadi. Bu keyinchalik tomirning qayta torayish xavfini kamaytiradi.
Bunday muolajaning samaradorligi 90 % ga yetadi, ammo ayrim hollarda tomir yana torayishi mumkin. Bunday holat restenoz deb ataladi. Restenoz quyidagi hollarda kuzatiladi:
- stent o‘rnatilmagan holda TKA o‘tkazilgan bemorlarning 30 % ida;
- metall stent o‘rnatilgan bemorlarning 15 % ida;
- dori qoplamali stent o‘rnatilgan bemorlarning 10 % dan kamida.
TKAning yana bir asorati — stent ichida qon ivindisi (stent trombozi) hosil bo‘lishidir. Bu tromb qon oqimini to‘sib, miokard infarktiga sabab bo‘lishi mumkin. Odatda, trombozlarning ko‘pchiligi muolajadan keyingi dastlabki 30 kun ichida qayd etiladi. Antikoagulyantlar — tromb hosil bo‘lishining oldini oluvchi dorilar — bu muammoni kamaytirishga yordam beradi.
Agar belgilangan vaqt ichida stentlashni o‘tkazishning imkoni bo‘lmasa, fibrinoliz, ya’ni trombni erituvchi dorini yuborish tanlanishi mumkin. Fibrinolizdan keyin shifokorlar kechiktirilgan TKAni o‘tkazishi mumkin. Qon ketishi, yaqinda olingan jarohati, anamnezida insult bo‘lgan bemorlarga, arterial gipertenziyasi yoki NSTEMI bo‘lgan kishilarga fibrinolitik yuborish tavsiya etilmaydi.
Dori vositalari bilan davolash
Miokard infarktini dori vositalari bilan davolash quyidagi preparatlarni o‘z ichiga olishi mumkin:
- Og‘riq qoldiruvchi dorilar og‘riqni yengillashtiradi va simpatik nerv tizimi faolligini kamaytiradi. Bu esa yurakka tushadigan yukni kamaytiradi.
- Beta-adrenoblokatorlar yurak mushagiga yuklamani kamaytiradi, yurak urishini sekinlashtiradi va qon bosimini pasaytiradi. Natijada, ishemiya tufayli yurak shikastlanishi kamayadi.
- Renin-angiotenzin-aldosteron tizimi (RAAT) blokatorlari arterial bosimni va yurakka tushadigan yukni kamaytiradi.
- Lipid miqdorini pasaytiruvchi terapiya qondagi xolesterin miqdorini kamaytirib, qayta yurak xuruji va insult xavfini pasaytiradi.
- Antiagregantlar yangi tromblar hosil bo‘lishining oldini oladi va takroriy miokard infarkti xavfini kamaytiradi.
- Antikoagulyantlar qonning ivish jarayoniga ta’sir qiladi. Ular yurak xurujidan keyingi dastlabki bir necha soatda eng samarali hisoblanadi.
Jarrohlik yo‘li bilan davolash
Aortokoronar shuntlash arteriyadagi qon oqimini TKA yordamida tiklab bo‘lmaganda (masalan, bemorning anatomik xususiyatlari bunga imkon bermaganda) yoki miokard infarktidan keyin kardiogen shok va yurak klapanlarining shikastlanishi kabi asoratlar paydo bo‘lganda o‘tkaziladi. Operatsiyada shifokor bemorning tanasidan sog‘lom arteriya yoki venani olib, uni qon berkilib qolgan joyni aylanib o‘tib yurakka boradigan qilib ko‘chirib o‘rnatadi. Operatsiyaning ehtimoliy asoratlari: qon ketishi, yurak yetishmovchiligi, insult, infeksiya, miokard infarkti, buyrak yetishmovchiligi va o‘lim.
Reabilitatsiya
Reabilitatsiya yurak-qon tomir kasalliklaridan o‘lim va kasalxonaga yotqizilish holatlarini kamaytiradi, hayot sifatini yaxshilaydi. Miokard infarktidan keyingi reabilitatsiya shifoxonada boshlanib, uyga qaytgach ham davom etishi kerak. U quyidagi chora-tadbirlarni o‘z ichiga olishi mumkin:
- Turmush tarzini o‘zgartirish — yurak-qon tomir hodisalari xavfini kamaytirish bo‘yicha maslahat va xavf omillarini nazorat qilish.
- Jismoniy mashqlar — o‘rtacha jadallikdagi aerob jismoniy yuklamalarni haftasiga kamida uch marta, kuniga kamida 30 daqiqadan bajarish. Yuklama darajasi bemorning holati og‘irligiga qarab belgilanadi.
- Stress, xavotir va depressiya bilan ishlash — skriningni savolnomalar orqali o‘tkazish, psixologik maslahat berish va zarur bo‘lganda dori buyurish.
Mutaxassis bilan mashq qilishdan iborat jismoniy terapiyani fizioterapiya (masalan, elektroforez, magnitoterapiya va boshqalar) bilan chalkashtirmaslik kerak. Birinchi usul miokard infarkti, insult va jarohatlardan keyingi reabilitatsiyada haqiqatan samarali. Ikkinchi usulning esa miokard infarktidan keyingi samaradorligi va xavfsizligi isbotlanmagan.
Prognoz
O‘tkir miokard infarktidan o‘lim ko‘rsatkichi taxminan 30 % ni tashkil etadi. Infarktdan omon qolganlarning yana 5—10 % i undan keyingi bir yil ichida vafot etadi. Bemorning prognozi ko‘plab omillarga, xususan, infarktning qanchalik keng tarqalganiga va reperfuziya o‘tkazilgan-o‘tkazilmaganiga (berkilgan arteriyada qon oqimi tiklanganiga) bog‘liq. Yaxshi prognozga yordam beruvchi omillar: reperfuziyaning erta va muvaffaqiyatli o‘tkazilishi (shifoxonaga kelgach 90 daqiqa ichida TKA yoki 30 daqiqa ichida fibrinoliz), yurak chap qorinchasining funksiyasi saqlangan bo‘lishi. Prognozni yomonlashtiruvchi omillar: katta yosh, hamroh yurak-qon tomir kasalliklari, qandli diabet, kechikkan yoki muvaffaqiyatsiz reperfuziya, chap qorincha funksiyasining yomon saqlangani va depressiya.
Ehtimoliy asoratlar ko‘pincha yurakning ishemiya sababli shikastlanishi bilan bog‘liq bo‘lib, aritmiya, yurak yetishmovchiligi (yurakning shikastlanmagan qismi juda kichik bo‘lib, yuklamani uddalay olmaydi) va yurakning to‘satdan to‘xtashiga olib kelishi mumkin. Boshqa ehtimoliy asoratlar: kardiogen shok, insult (trombning bosh miya tomirlariga revaskulyarizatsiyadan keyin ko‘chishi yoki antitrombotik terapiya fonida miyaga qon quyilishi tufayli yuz berishi mumkin).
Bundan tashqari, miokard infarktidan keyin odam stress, xavotir va depressiyani boshdan kechirishi mumkin. Masalan, o‘tkir miokard infarkti tufayli shifoxonada davolangan bemorlarning 2/3 qismida depressiyaning yengil shakllari, yurak-qon tomir kasalliklari bor barcha bemorlarning taxminan 15 % ida esa og‘ir depressiya aniqlangan. Bu umumiy aholiga nisbatan bir necha baravar ko‘p. Depressiya noxush oqibat xavfini oshirishi va miokard infarktidan keyin depressiya paydo bo‘lgan bemorlarda o‘lim xavfi uch baravar yuqori bo‘lishi mumkinligi haqidagi faraz mavjud.
Profilaktika
Profilaktika — yurak-qon tomir kasalliklari (YQTK) xavfini bartaraf etish yoki uning ta’sirini kamaytirishga qaratilgan chora-tadbirlar majmuasi. Profilaktika bir necha darajada amalga oshiriladi: aholi darajasida odamlarning xavf omillari va sog‘lom turmush tarzi haqidagi xabardorligini oshirish (birlamchi profilaktika); individual darajada esa yurak-qon tomir kasalliklari xavfi yuqori bo‘lgan va shu kasalliklarga chalingan insonlar bilan ishlash (bunday holatlarda sog‘lom turmush tarzi dori vositalari bilan davolash orqali to‘ldiriladi). Miokard infarktining qaytalanishiga yo‘l qo‘ymaslik ikkilamchi profilaktika deyiladi.
Xavfni baholash turmush tarzini o‘zgartirishdan tashqari kimlarga dori bilan davolash zarurligini tushunishga yordam beradi. Yurak-qon tomir kasalliklari xavfini turli tizimlar va onlayn kalkulyatorlar yordamida hisoblash mumkin. Keyingi 10 yil ichida YQTK rivojlanish xavfini baholash 40 yoshdan boshlab tavsiya etiladi. Agar insonda YQTK xavfi yuqori bo‘lsa, baholash va shifokor maslahati ertaroq o‘tkazilishi kerak. Natijalarga ko‘ra, shifokor xavfni kamaytiruvchi, masalan, qon bosimi va qondagi xolesterinni nazorat qiluvchi dorilarni tavsiya qilishi mumkin. Antiagregantlar yurak-qon tomir kasalliklarining ikkilamchi profilaktikasi uchun tavsiya etiladi, ammo birlamchi profilaktikada ularni qo‘llash tobora ko‘proq bahsga sabab bo‘lmoqda. Masalan, aspirinning bu vaziyatdagi zarari foydasidan ko‘proq bo‘lishi mumkin (atsetilsalitsil kislota qon ketish xavfini oshiradi).
- Jismoniy faollik — profilaktikaning asosiy choralaridan biri bo‘lib, yurak-qon tomir va boshqa kasalliklardan o‘limni kamaytiradi. Kattalarga haftasiga kamida 150 daqiqa o‘rtacha yoki 75 daqiqa yuqori jadallikdagi jismoniy mashqlar (yoki har xil jadallikdagi mashqlar uyg‘unligi), ya’ni 15—30 daqiqadan haftasiga 5 kun shug‘ullanish tavsiya etiladi. Jismoniy faollikni haftasiga 300 daqiqa o‘rtacha yoki 150 daqiqa intensiv aerob mashqlargacha oshirish xavfni yanada kamaytiradi. O‘rtacha faollikka tez yurish, raqs, uy yumushlari; intensiv faollikka esa yugurish, suzish va velosipedni tez haydash kiradi.
- Chekishni tashlash inson ko‘p yillardan beri chekayotgan bo‘lsa ham salomatligiga foyda keltiradi. So‘nggi sigaretdan keyin organizm deyarli darhol tiklana boshlaydi, jumladan 20 daqiqadan keyin qon bosimi pasayadi. 1—2 yil o‘tgach, yurak xuruji xavfi ancha kamayadi. Shifokor nikotinga qaramlikni davolash uchun dorilar buyurishi mumkin. Chekishni tashlashda yaqinlarning yordami muhim.
- Muvozanatli ovqatlanish — meva-sabzavotlar (5 porsiya), yong‘oq, dukkakli ekinlar va baliq (haftasiga 2 porsiya, ulardan birida yog‘li baliq) hamda butun donli mahsulotlar ko‘p bo‘lgan ratsion. To‘yingan yog‘lar (sosiska, qizil go‘sht), transyog‘lar (fastfud, margarin, do‘kondagi pishiriqlar), qo‘shilgan shakarli mahsulotlar (tort, gazli ichimlik, ayrim spirtli ichimliklar, shokolad) va tuz iste’molini (kattalar uchun kuniga bir choy qoshiqdan oshirmaslik) kamaytirish, spirtli ichimliklarni cheklash yoki butunlay to‘xtatish kerak. Alkogolning har qanday miqdori salomatlikka zarar yetkazishi haqidagi ma’lumotlar bor. Ammo hozircha ular yurak-qon tomir kasalliklari profilaktikasi bo‘yicha tavsiyalarni o‘zgartirmagan: masalan, Yevropa kardiologiya jamiyati ayollarga kuniga bir porsiya (10 gramm alkogol), erkaklarga ikki porsiyadan (20 gramm alkogol) oshirmaslikni maslahat beradi.
- Sog‘lom vaznga intilish. Hatto oz miqdordagi vazn yo‘qotish ham foydali: vaznni 3—5 % ga kamaytirish qondagi shakar va diabet xavfini pasaytirishi mumkin. Ozish yurak-qon tomir xavfini kamaytirishga yordam beradi. Klinik jihatdan ahamiyatli vazn yo‘qotish (boshlang‘ich vaznning ≥ 5 % i) ortiqcha vaznli odamlarda qon bosimi, past zichlikdagi lipoproteinlar va glyukoza ko‘rsatkichlarining o‘rtacha yaxshilanishi bilan bog‘liq.
- Dori vositalari bilan profilaktik davolash qon bosimi va xolesterinni kamaytiruvchi, antiagregant hamda qandli diabeti bor kishilarda qon shakarini pasaytiruvchi dorilarni o‘z ichiga olishi mumkin.
Adabiyotlar
- rus tilida
- Miokard infarkti : [arxiv. 3-yanvar 2023-yil] / Ruda M. Ya. // Plazma nurlanishi — Islom najot fronti [Elektron resurs]. — 2008. — B. 475. — (Katta Rossiya ensiklopediyasi : [35 jildda] / bosh muharrir Yu. S. Osipov ; 2004—2017, jild. 11). — ISBN 978-5-85270-342-2.
- boshqa tillarda
- Kristian Thygesen, Joseph S Alpert, Allan S Jaffe. Fourth universal definition of myocardial infarction (англ.) // European Heart Journal : Журнал. — 2019. — 14 January (vol. 40, no. 3). — doi:10.1093/eurheartj/ehy462.
- Donna K. Arnett, Roger S. Blumenthal, Michelle A. Albert. 2019 ACC/AHA Guideline on the Primary Prevention of Cardiovascular Disease: A Report of the American College of Cardiology/American Heart Association Task Force on Clinical Practice Guidelines (англ.) // Circulation : журнал. — 2019. — 10 September (vol. 140, no. 11). — doi:10.1161/CIR.0000000000000678.
- Moien AB Khan, Muhammad Jawad Hashim. Global Epidemiology of Ischemic Heart Disease: Results from the Global Burden of Disease Study (англ.) // Cureus[англ.] : журнал. — 2020. — July (vol. 12, no. 7). — doi:10.7759/cureus.9349.
- Alexandra N. Nowbar, Mauro Gitto, James P. Howard, Darrel P. Francis, Rasha Al-Lamee. Mortality From Ischemic Heart Disease (англ.) // Circulation: Cardiovascular Quality and Outcomes : журнал. — 2019. — December (vol. 12, no. 6). — doi:10.1161/CIRCOUTCOMES.118.005375.
- Grant W Reed, Jeffrey E Rossi, Prof Christopher P Cannon. Acute myocardial infarction (англ.) // The Lancet : журнал. — 2017. — 14 January (vol. 389, no. 10065). — doi:10.1016/S0140-6736(16)30677-8.
- Emelia J. Benjamin, Paul Muntner, Alvaro Alonso. Heart Disease and Stroke Statistics—2019 Update: A Report From the American Heart Association (англ.) // Circulation : журнал. — 2019. — Vol. 139, no. 10. — doi:10.1161/CIR.0000000000000659.
- Etienne Puymirat, Tabassome Simon, Guillaume Cayla. Acute Myocardial Infarction: Changes in Patient Characteristics, Management, and 6-Month Outcomes Over a Period of 20 Years in the FAST-MI Program (French Registry of Acute ST-Elevation or Non-ST-Elevation Myocardial Infarction) 1995 to 2015 (англ.) // Circulation : журнал. — 2017. — 14 November (vol. 136, no. 20). — doi:10.1161/CIRCULATIONAHA.117.030798.
- Borja Ibanez, Stefan James, Stefan Agewall. 2017 ESC Guidelines for the management of acute myocardial infarction in patients presenting with ST-segment elevation: The Task Force for the management of acute myocardial infarction in patients presenting with ST-segment elevation of the European Society of Cardiology (ESC) (англ.) // European Heart Journal : журнал. — 2018. — 7 January (vol. 39, no. 2). — doi:10.1093/eurheartj/ehx393.
- Salim S. Virani, Alvaro Alonso, Emelia J. Benjamin. Heart Disease and Stroke Statistics—2020. Update: A Report From the American Heart Association (англ.) // Circulation : журнал. — 2020. — Vol. 141, no. 9. — doi:10.1161/CIR.0000000000000757.
- Marjan Walli-Attaei, Philip Joseph, Prof Annika Rosengren, MD, Prof Clara K Chow. Variations between women and men in risk factors, treatments, cardiovascular disease incidence, and death in 27 high-income, middle-income, and low-income countries (PURE): a prospective cohort study (англ.) // The Lancet : журнал. — 2020. — 20 May (vol. 396, no. 10244). — doi:10.1016/S0140-6736(20)30543-2.
- Nisha Arenja, MD, Christian Mueller, MD, Niklas F. Ehl, MD. Prevalence, Extent, and Independent Predictors of Silent Myocardial Infarction (англ.) // The American Journal of Medicine[англ.] : Журнал. — 2013. — June (vol. 126, no. 6). — doi:10.1016/j.amjmed.2012.11.028.
- Prevalence, incidence, predictive factors and prognosis of silent myocardial infarction: A review of the literature (англ.) // Elsevier : Журнал. — 2011. — March (vol. 104, no. 3). — doi:10.1016/j.acvd.2010.11.013.
- Scott M.Grundy, Neil J.Stone, Alison L.Bailey. 2018 AHA/ACC/AACVPR/AAPA/ABC/ACPM/ADA/AGS/APhA/ASPC/NLA/PCNA Guideline on the Management of Blood Cholesterol (англ.) // Journal of the American College of Cardiology[англ.] : Журнал. — 2019. — Vol. 73, no. 24. — ISSN 0735-1097/$36.00. — doi:10.1016/j.jacc.2018.11.003.
- Waist Circumference and Waist–Hip Ratio: Report of a WHO Expert Consultation. — в: World Health Organization, 2011. — Т. Geneva. — 39 с. — ISBN 978 92 4 150149 1.
- Massimo F Piepoli, Arno W Hoes, Stefan Agewall, Christian Albus. 2016 European Guidelines on cardiovascular disease prevention in clinical practice: The Sixth Joint Task Force of the European Society of Cardiology and Other Societies on Cardiovascular Disease Prevention in Clinical Practice (constituted by representatives of 10 societies and by invited experts) (англ.) // European Heart Journal : Журнал. — 2016. — 1 August (vol. 37, no. 29). — doi:10.1093/eurheartj/ehw106.
- Tanya M. Spruill. Chronic Psychosocial Stress and Hypertension (англ.) // Current Hypertension Reports : Журнал. — 2010. — February (vol. 12, no. 1). — doi:10.1007/s11906-009-0084-8.
- David A. Alter, Barry Franklin, Dennis T. Ko. Socioeconomic Status, Functional Recovery, and Long-Term Mortality among Patients Surviving Acute Myocardial Infarction (англ.) // PLOS ONE : Журнал. — 2013. — 3 June. — doi:10.1371/journal.pone.0065130.
- Elizabeth Mostofsky, Elizabeth Anne Penner, Murray A Mittleman. Outbursts of anger as a trigger of acute cardiovascular events: a systematic review and meta-analysis (англ.) // European Heart Journal : Журнал. — 2014. — 1 June (vol. 35, no. 21). — doi:10.1093/eurheartj/ehu033.
- Risk of acute myocardial infarction after the death of a significant person in one's life: the Determinants of Myocardial Infarction Onset Study (англ.) // Circulation : Журнал. — 2012. — 24 January (vol. 125, no. 3). — doi:10.1161/CIRCULATIONAHA.111.061770.
- Mika Kivimäki, Solja T Nyberg, G David Batty, Eleonor I Fransson. Job strain as a risk factor for coronary heart disease: a collaborative meta-analysis of individual participant data (англ.) // The Lancet : Журнал. — 2012. — 27 October (vol. 380, no. 9852). — doi:10.1016/S0140-6736(12)60994-5.
- Elaine D Eaker, Lisa M Sullivan, Margaret Kelly-Hayes, Ralph B D'Agostino Sr, Emelia J Benjamin. Marital status, marital strain, and risk of coronary heart disease or total mortality: the Framingham Offspring Study (англ.) // Psychosomatic Medicine[англ.] : Журнал. — 2007. — July (vol. 69, no. 6). — doi:10.1097/PSY.0b013e3180f62357.
- 2020 ESC Guidelines for the management of acute coronary syndromes in patients presenting without persistent ST-segment elevation: The Task Force for the management of acute coronary syndromes in patients presenting without persistent ST-segment elevation of the European Society of Cardiology (ESC). 2020 ESC Guidelines for the management of acute coronary syndromes in patients presenting without persistent ST-segment elevation: The Task Force for the management of acute coronary syndromes in patients presenting without persistent ST-segment elevation of the European Society of Cardiology (ESC) (англ.) // European Heart Journal : Журнал. — 2020. — 29 August. — doi:10.1093/eurheartj/ehaa575.
- Hasnain M Dalal, Patrick Doherty, Rod S Taylor. Cardiac rehabilitation (англ.) // BMJ : Журнал. — 2015. — 29 September. — doi:10.1136/bmj.h5000.
- Exercise‐based cardiac rehabilitation for coronary heart disease (англ.) // Cochrane Database Syst Review : Журнал. — 2016. — January. — doi:10.1002/14651858.CD001800.pub3.
- Brett D Thombs, Eric B Bass, Daniel E Ford. Prevalence of depression in survivors of acute myocardial infarction (англ.) // Journal of General Internal Medicine[англ.] : Журнал. — 2006. — January (vol. 21, no. 1). — doi:10.1111/j.1525-1497.2005.00269.x.
- David L. Hare, Samia R. Toukhsati, Peter Johansson, Tiny Jaarsma. Depression and cardiovascular disease: a clinical review (англ.) // European Heart Journal : Журнал. — 2014. — 1 June (vol. 35, no. 21). — doi:10.1093/eurheartj/eht462.
- Alcohol use and burden for 195 countries and territories, 1990–2016: a systematic analysis for the Global Burden of Disease Study 2016 (англ.) // The Lancet : Журнал. — 2018. — 22 September (vol. 392, no. 10152). — doi:10.1016/S0140-6736(18)31310-2.
Havolalar
- Onlayn kalkulyator yurak-qon tomir kasalliklari xavfini baholash uchun