| Jigar saratoni | |
|---|---|
| | |
| Sinonimlari | Jigar saratoni, jigarning birlamchi xavfli o‘smasi, birlamchi jigar saratoni, gepatoma. |
| Tibbiyot sohasi | Onkologiya |
| Belgilari | Ko‘krak qafasi ostida, o‘ng tomonda shish yoki og‘riq, qorin dam bo‘lishi, terining sarg‘ayishi, tanada ko‘karishlarning oson paydo bo‘lishi, vazn yo‘qotish, holsizlik |
| Odatda boshlanadigan yosh | 55 yoshdan 65 yoshgacha |
| Sabablari | Jigar sirrozi (B yoki C gepatiti oqibatida), alkogolizm, aflatoksinlar, alkogolsiz yog‘li jigar kasalligi, jigar so‘rg‘ichlilari |
| Tashxislash usullari | Qonning biokimyoviy tahlili, tibbiy tasvirlash usullari, biopsiya |
| Oldini olish | B gepatitiga qarshi vaksina, B yoki C gepatiti viruslari bilan zararlangan bemorlarni davolash |
| Davolash | Jarrohlik, Maqsadli terapiya, Nur terapiyasi |
| Dori vositalari | Atezolizumab, bevasizumab, sorafenib, lenvatinib[VM], ramutsirumab va kabozantinib[VM] |
| Prognoz | Besh yillik omon qolish ko‘rsatkichi taxminan 18% (AQSH); 40% (Yaponiya) |
| Kasallanish holatlari soni | 618 700 (2015-yil holatiga ko‘ra) |
| O‘lim holatlari | 782 000 (2018) |
Jigar saratoni — saraton bo‘lib, u jigarda boshlanadi. Boshqa aʼzodan jigarga tarqalgan saraton jigarning o‘zida boshlangan saratonga nisbatan ko‘proq uchraydi. Jigar saratonining belgilari o‘ng tomonda, ko‘krak qafasi ostida paydo bo‘ladigan shish yoki og‘riq, qorinning shishishi, terining sarg‘ayishi, tanada ko‘karishlarning oson paydo bo‘lishi, vazn kamayishi va holsizlikni o‘z ichiga olishi mumkin.
Jigar saratonining asosiy sababi — sirroz bo‘lib, u B gepatiti, C gepatiti yoki spirtli ichimliklarni isteʼmol qilish oqibatida yuzaga keladi. Boshqa sabablar qatoriga aflatoksin, alkogolsiz yog‘li jigar kasalligi va jigar so‘rg‘ichlilari kiradi. Eng ko‘p uchraydigan turlari — gepatotsellyulyar karsinoma (GTSK), u barcha holatlarning 80 % ini tashkil qiladi, hamda xolangiokarsinoma. Kamroq uchraydigan turlariga mutsinoz kistoz o‘sma va o‘t yo‘llarining intraduktal papillyar o‘smasi kiradi. Tashxisni qon tahlillari, tibbiy tasvirlash usullari va to‘qima biopsiyasi orqali tasdiqlash mumkin.
Profilaktika choralariga B gepatitiga qarshi emlash hamda B yoki C gepatiti bilan zararlangan kishilarni davolash kiradi. Surunkali jigar kasalligi bo‘lgan kishilarga skrining tekshiruvidan o‘tish tavsiya etiladi. Davolash usullari orasida jarrohlik amaliyoti, maqsadli terapiya va nur terapiyasi bor. Ayrim hollarda ablyatsion terapiya, embolizatsion terapiya yoki jigar transplantatsiyasi qo‘llanishi mumkin. Jigardagi kichik tugunlarni muntazam kuzatib borish mumkin.
Birlamchi jigar saratoni dunyoda uchrash chastotasi bo‘yicha oltinchi o‘rinda turadi (6%) va saraton tufayli o‘lim sabablarining ikkinchi yirik turidir (9%). 2018 yilda bu kasallik 841 000 kishida qayd etilib, 782 000 kishining o‘limiga sabab bo‘lgan. 2015 yilda jigar saratonidan yuz bergan o‘limlarning 263 000 tasi B gepatiti, 245 000 tasi — spirtli ichimliklar va 167 000 tasi — C gepatiti bilan bog‘liq bo‘lgan. Jigar saratoni B va C gepatitlari keng tarqalgan hududlarda, jumladan, Osiyo va Sahroi Kabirdan janubda joylashgan Afrika mamlakatlarida ko‘proq uchraydi. Erkaklarda GTSK ayollarga qaraganda ko‘proq uchraydi. Tashxis ko‘pincha 55 yoshdan 65 yoshgacha bo‘lgan kishilarga qo‘yiladi. Besh yillik omon qolish ko‘rsatkichi AQSHda 18,4 % va Yaponiyada 40,4 % ni tashkil etadi.