Kalsiy nima

Kalsiy nima
Kalsiy
← Kaliy | Skandiy →
Oddiy moddaning tashqi ko‘rinishi
Atomning xossalari
Nomi, belgisi, tartib raqami Kalsiy/Calcium (Ca), 20
Guruh, davr, blok 2 (eski tasnif bo‘yicha IIA), 4,
s-element
Atom massasi
(molyar massa)
40,078(4) a. m. b. (g/mol)
Elektron konfiguratsiyasi [Ar] 4s2
1s22s22p63s23p64s2
Atom radiusi 197 pm
Kimyoviy xossalari
Kovalent radiusi 174 pm
Ion radiusi (+2e) 99 pm
Elektrmanfiylik 1,00 (Poling shkalasi)
Elektrod potensiali −2,76 V
Oksidlanish darajalari 0, +2
Ionlanish energiyasi
(birinchi elektron)
589,4 (6,11) kJ/mol (eV)
Oddiy moddaning termodinamik xossalari
Zichlik (sharoit: n. sh.) 1,55 g/sm3
Suyuqlanish harorati 1112 K; 838,85 °C
Qaynash harorati 1757 K; 1483,85 °C
Molyar suyuqlanish issiqligi 9,20 kJ/mol
Molyar bug‘lanish issiqligi 153,6 kJ/mol
Molyar issiqlik sig‘imi 25,9 J/(K·mol)
Molyar hajm 29,9 sm3/mol
Kristall panjara (oddiy moddaniki)
Panjaraning tuzilishi Yoq markazlashgan kubsimon
Panjaraning parametrlari 5,580 Å
Debay harorati 230 K
Boshqa tavsiflar
Issiqlik o‘tkazuvchanligi (300 K) (201) Vt/(m·K)
CAS raqami 7440-70-2
Emissiya spektri

Kalsiy (kimyoviy belgisi — Ca, lotincha Calcium) — kimyoviy elementdir. U 2-guruhda ( eski tasnif bo‘yicha — ikkinchi guruhning asosiy kichik guruhi, IIA), to‘rtinchi davrda joylashgan. D. I. Mendeleyevning kimyoviy elementlar davriy sistemasida uning atom raqami 20.

Oddiy modda kalsiy — o‘rtacha qattiq, juda yengil va kimyoviy faol ishqoriy-yer metali bo‘lib, kumushsimon oq rangga ega.

Sof holda ilk bor G. Devi tomonidan 1808-yilda olingan.

Kalsiy organizmlar uchun hayotiy muhim elementlardan biridir.

Tarixi va nomining kelib chiqishi

Elementning nomi lotincha calx (qaratqich kelishigida calcis) — «ohak», «yumshoq tosh» degan ma’nolarni bildiradi. Bu nomni ingliz kimyogari Gemfri Devitaklif qilgan. U 1808-yilda metall kalsiyni elektroliz usulidaajratib olgan. Devi nam so‘ndirilgan ohak va simob oksidi HgO aralashmasini platina plastinkasida elektroliz qilgan. Bu plastinka anod vazifasini bajargan. Katod sifatida suyuq simobichiga botirilgan platina sim ishlatilgan. Natijada kalsiy amalgamasi hosil bo‘lgan. Devi undan simobni haydab chiqarib, metall kalsiyniolgan va bu metallni kalsiy deb atagan.

Kalsiy birikmalari — ohaktosh, marmar, gips (shuningdek, ohak — ohaktoshni kuydirish mahsuloti) qurilishda bir necha ming yil avval ham ishlatilgan. XVIII asr oxirigacha kimyogarlar ohakni oddiy modda deb hisoblashgan. 1789-yilda A. Lavuazye ohak, magneziya, barit, glinozyom va kremnezyom murakkab moddalar ekanini taxmin qilgan.

Tabiatda uchrashi

Kimyoviy faolligi yuqori bo‘lgani sababli kalsiy tabiatda erkin holda uchramaydi.

Kalsiyning ulushi 3,38 % ga teng bo‘lib, bu yer po‘sti massasidagi miqdoridir (tarqalganligi bo‘yicha 5-o‘rin — kislorod, kremniy, alyuminiy va temirdankeyin). Elementning dengiz suvidagi konsentratsiyasi — — 400 mg/l.

Izotoplari

Kalsiy tabiatda oltita izotop aralashmasi ko‘rinishida uchraydi: 40Ca, 42Ca, 43Ca, 44Ca, 46Ca va 48Ca. Ular orasida eng ko‘p tarqalgani — 40Ca — 96,97 % ni tashkil etadi. Kalsiy yadrolaridagi protonlar soni sehrli son hisoblanadi: Z = 20. Quyidagi izotoplar: 40
20
Ca20
va 48
20
Ca28
tabiatda uchraydigan beshta ikki karra sehrli yadroning ikkitasidir.

Kalsiyning oltita tabiiy izotopidan beshtasi barqaror. Oltinchi izotop — 48Ca — oltitasining eng og‘iri va juda kam uchraydigani (uning tabiiy izotop ulushi atigi 0,187 %), ikki karra beta-parchalanishga uchraydi; uning yarim yemirilish davri (4,39 ± 0,58)⋅1019 yil.

Tog‘ jinslari va minerallarda

Yer po‘stida faol ko‘chib yuradigan va turli geokimyoviy tizimlarda to‘planadigan kalsiy 385 ta mineralni hosil qiladi (minerallar soni bo‘yicha to‘rtinchi o‘rin).

Kalsiyning katta qismi silikatlar va alyumosilikatlar ko‘rinishida turli tog‘ jinslarida (granitlar, gneyslar va hokazolarda), ayniqsa, dala shpati — anortitda Ca[Al2Si2O8].

Kalsit

Kalsiyning quyidagi minerallari ham keng tarqalgan: kalsit CaCO3, angidrit CaSO4, alebastr CaSO4·0.5H2O va gips CaSO4·2H2O, flyuorit CaF2, apatitlar Ca5(PO4)3(F,Cl,OH), dolomit MgCO3·CaCO3. Tabiiy suvdagi kalsiy va magniy tuzlari uning qattiqligini belgilaydi.

Asosan yashirin kristalli kalsitdan tashkil topgan cho‘kindi tog‘ jinsi — ohaktosh (uning turlaridan biri — bo‘r). Hududiy metamorfizm ta’sirida ohaktosh marmarga aylanadi.

Yer po‘stida migratsiyasi

Kalsiyning tabiiy migratsiyasida «karbonat muvozanati» muhim rol o‘ynaydi: kalsiy karbonat suv va karbonat angidrid bilan reaksiyaga kirishib, eruvchan gidrokarbonat:

𝖢𝖺𝖢𝖮𝟥+𝖧𝟤𝖮+𝖢𝖮𝟤⇄𝖢𝖺(𝖧𝖢𝖮𝟥)𝟤⇄𝖢𝖺𝟤++𝟤𝖧𝖢𝖮𝟥−

hosil qiladi (muvozanat karbonat angidrid konsentratsiyasiga qarab chapga yoki o‘ngga siljiydi).

Biogen migratsiya ham nihoyatda katta ahamiyatga ega.

Biosferada

Kalsiy birikmalari deyarli barcha hayvon va o‘simlik to‘qimalarida mavjud (quyiga qarang). Tirik organizmlar tarkibida kalsiy sezilarli miqdorda mavjud. Masalan, gidroksiapatit Ca5(PO4)3OH yoki boshqa yozuvda 3Ca3(PO4)2·Са(OH)2 — suyak to‘qimasining asosidir (jumladan, odam va boshqa umurtqalilarda); kalsiy karbonat CaCO3 dan esa ko‘plab umurtqasizlarningchig‘anoqlari va qobiqlari, tuxum po‘stlog‘i va boshqalar tuzilgan. Odam va hayvonlarning tirik to‘qimalarida Ca ning massaviy ulushi 1,4—2 % ni tashkil etadi; tana massasi 70 kg bo‘lgan odam organizmidagi kalsiy miqdori taxminan 1,7 kg (asosan suyak to‘qimasining hujayralararo moddasida bo‘ladi).

Fizik xossalari

Kalsiy metali ikki xil allotropik modifikatsiyadamavjud. 443 °C gacha α-Ca yoq markazlashgan kubsimon panjarali (parametri a = 0,558 nm) barqaror, undan yuqori haroratda esa β-Ca hajm markazlashgan kubsimon panjarali α-Fe (parametri a = 0,448 nm). Standart entalpiya ΔH0 faza o‘tishi ( α → β ) uchun — 0,93 kJ/mol.

Bosim asta-sekin oshirilganda kalsiy yarimo‘tkazgichxossalarini namoyon qila boshlaydi, ammo so‘zning to‘liq ma’nosida yarimo‘tkazgichga aylanmaydi (shu bilan birga metall xossalarini ham yo‘qotadi). Bosim yanada oshirilganda u yana metall holatiga qaytadi va o‘ta o‘tkazuvchanlik xossalarini ko‘rsatadi (o‘ta o‘tkazuvchanlik harorati simobnikidan olti baravar yuqori, o‘tkazuvchanligi esa boshqa barcha elementlarnikidan sezilarli darajada ustun). Kalsiyning bunday o‘ziga xos xususiyati ko‘p jihatdan stronsiyga o‘xshaydi (ya’ni davriy sistemadagi qonuniyatlar bu yerda ham saqlanadi).

Kimyoviy xossalari

Kalsiy odatiy ishqoriy-yer metallidir. Kalsiyning kimyoviy faolligi yuqori, biroq u og‘irroq ishqoriy-yer metallariga qaraganda kamroq faol. Kalsiy kislorod, karbonat angidrid va havodagi namlik bilan oson reaksiyaga kirishadi. Shu sababli metall kalsiyning yuzasi odatda xira kulrang bo‘ladi. Laboratoriyalarda kalsiy boshqa ishqoriy-yer metallar singari mahkam yopilgan idishda, ustiga kerosin yoki suyuq parafin quyilgan holda saqlanadi.

Standart elektrod potensiallari qatorida kalsiy vodoroddanchapda joylashgan. Quyidagi juftlikning standart elektrod potensiali: Ca2+/Ca0 −2,84 V; shuning uchun kalsiy suv bilan faol reaksiyaga kirishadi, ammo alangalanmaydi:

𝖢𝖺+𝟤𝖧𝟤𝖮→𝖢𝖺(𝖮𝖧)𝟤+𝖧𝟤↑

Faol metallmaslar (kislorod, xlor, brom, yod) bilan kalsiy odatdagi sharoitda reaksiyaga kirishadi:

𝟤𝖢𝖺+𝖮𝟤→𝟤𝖢𝖺𝖮
𝖢𝖺+𝖡𝗋𝟤→𝖢𝖺𝖡𝗋𝟤

Boshqa metallar singari kalsiy ham kamroq faol metallarni ularning tuzlaridan siqib chiqaradi:

Ca+FeClA2⟶CaClA2+Fe

Havoda yoki kislorodda qizdirilganda kalsiy alangalanadi va to‘q sariq tusli qizil («g‘isht-qizil») alanga bilan yonadi. Faolligi pastroq metallmaslar (vodorod, bor, uglerod, kremniy, azot, fosfor va boshqalar) bilan kalsiy qizdirilganda reaksiyaga kirishadi, masalan:

𝖢𝖺+𝖧𝟤→𝖢𝖺𝖧𝟤
𝖢𝖺+𝟨𝖡→𝖢𝖺𝖡𝟨
𝟥𝖢𝖺+𝖭𝟤→𝖢𝖺𝟥𝖭𝟤
𝖢𝖺+𝟤𝖢→𝖢𝖺𝖢𝟤
𝟥𝖢𝖺+𝟤𝖯→𝖢𝖺𝟥𝖯𝟤
𝟤𝖢𝖺+𝖲𝗂→𝖢𝖺𝟤𝖲𝗂

Bu reaksiyalarda hosil bo‘ladigan kalsiy fosfidi Ca3P2 va kalsiy silitsidi Ca2Si dan tashqari tarkibi СаР va СаР5 bo‘lgan kalsiy fosfidlari, shuningdek, kalsiy silitsidlari — CaSi, Ca3Si4 va CaSi2.

Yuqoridagi reaksiyalar, odatda, katta miqdorda issiqlik ajralishi bilan kechadi. Kalsiyning metallmaslar bilan barcha birikmalarida oksidlanish darajasi +2. Uning metallmaslar bilan hosil qilgan birikmalarining aksariyati suv ta’sirida oson parchalanadi, masalan:

𝖢𝖺𝖧𝟤+𝟤𝖧𝟤𝖮→𝖢𝖺(𝖮𝖧)𝟤+𝟤𝖧𝟤↑
𝖢𝖺𝟥𝖭𝟤+𝟨𝖧𝟤𝖮→𝟥𝖢𝖺(𝖮𝖧)𝟤+𝟤𝖭𝖧𝟥↑

Ca2+ ioni rangsiz. Kalsiyning eruvchan tuzlari alangaga kiritilganda alanga g‘isht-qizil rangga kiradi.

Kalsiyning quyidagi tuzlari: xlorid CaCl2, bromid CaBr2, yodid CaI2 va nitrat Ca(NO3)2suvda yaxshi eriydi. Suvda erimaydiganlari: ftorid CaF2, karbonat CaCO3, sulfat CaSO4, ortofosfat Ca3(PO4)2, oksalat СаС2О4 va boshqa ayrim birikmalar.

Muhim jihati shundaki, kalsiy karbonat СаСО3dan farqli ravishda kalsiyning nordon karbonati (gidrokarbonati) Са(НСО3)2 suvda eriydi. Tabiatda bu quyidagi jarayonlarni yuzaga keltiradi. Sovuq yomg‘ir yoki daryo suvi karbonat angidridbilan to‘yingan holda yer ostiga singib, ohaktoshlargayetib borganida ular eriydi. Kalsiy gidrokarbonatiga to‘yingan suv yer yuzasiga chiqib, quyosh nurlari ta’sirida isiganda esa teskari reaksiya sodir bo‘ladi.

𝖢𝖺𝖢𝖮𝟥+𝖢𝖮𝟤+𝖧𝟤𝖮⇄𝖢𝖺(𝖧𝖢𝖮𝟥)𝟤

Shunday qilib, tabiatda juda katta miqdordagi moddalar ko‘chadi. Natijada yer ostida ulkan karst bo‘shliqlari va o‘pirilishlar, g‘orlarda esa chiroyli tosh «sumalaklar» — stalaktitlar va stalagmitlar hosil bo‘ladi.

Suvda erigan kalsiy gidrokarbonati suvning vaqtinchalik qattiqligini sezilarli darajada belgilaydi. Bu qattiqlik vaqtinchalik deyilishining sababi shundaki, suv qaynatilganda gidrokarbonat parchalanib, СаСО3cho‘kmaga tushadi. Masalan, shu sababli choynakda vaqt o‘tishi bilan quyqa (nakip) hosil bo‘ladi.

Olinishi

Erkin metall kalsiy elektroliz orqali suyuqlanmaniqayta ishlash yo‘li bilan olinadi. Suyuqlanma CaCl2 (75—80 %) va KCl yoki CaCl2 va CaF2dan iborat bo‘ladi. Shuningdek, alyuminotermik qaytarish usuli bilan CaO dan 1170—1200 °C haroratda olinadi. 𝟦𝖢𝖺𝖮+𝟤𝖠𝗅→𝖢𝖺𝖠𝗅𝟤𝖮𝟦+𝟥𝖢𝖺

Qo‘llanilishi

Kalsiy va uning gidridi qaytarilishi qiyin bo‘lgan quyidagi metallarni olishda ishlatiladi: xrom, toriy, uran, titan, sirkoniy. Sof metall kalsiy nodir yer elementlarini olishda ham ishlatiladi.

Kalsiy metallurgiyada po‘latni kislorodsizlantirish uchun alyuminiy bilan birga yoki uning o‘rnida keng qo‘llaniladi. Tarkibida kalsiy bo‘lgan simlar yordamida pechdan tashqarida ishlov berish muhim o‘rin egallaydi. Buning sababi kalsiyning suyuqlanmaning fizik-kimyoviy holatiga, metallning makro- va mikrotuzilishiga, metall mahsulotlarining sifati va xossalariga ko‘p qirrali ta’sir ko‘rsatishidir; bu usul po‘lat ishlab chiqarish texnologiyasining ajralmas qismidir. Hozirgi metallurgiyada kalsiyni suyuqlanmaga kiritish uchun inyeksion sim ishlatiladi. U po‘lat qobiq ichiga joylashtirilgan kukun yoki presslangan metall ko‘rinishidagi kalsiydan (ba’zan silikokalsiy yoki alyumokalsiydan) iborat bo‘ladi. Kalsiy qo‘llash kislorodsizlantirish (po‘latda erigan kislorodni chiqarib tashlash) bilan bir qatorda, tabiati, tarkibi va shakli jihatidan maqbul bo‘lgan, keyingi texnologik jarayonlarda parchalanmaydigan metallmas qo‘shilmalar hosil qilish imkonini beradi.

Izotopi 48Ca — o‘ta og‘ir elementlarni sintez qilish va Mendeleyev jadvaliningyangi elementlarini kashf etishda qo‘llaniladigan eng samarali va keng ishlatiladigan materiallardan biridir. Buning sababi kalsiy-48 yadrosining ikki karra sehrli yadroekani bilan bog‘liq. Uning barqarorligi yengil yadro uchun nisbatan ortiqcha neytronlarga ega bo‘lish imkonini beradi; o‘ta og‘ir yadrolarni sintez qilishda esa neytronlarning ortiqchaligi zarur.

Biologik ahamiyati

Kalsiy o‘simliklar, hayvonlar va odam organizmida keng tarqalgan makroelementdir . Odam va boshqa umurtqalilar organizmida uning asosiy qismi skelet va tishlardajoylashgan. Suyaklarda kalsiy gidroksiapatit shaklida mavjud. Aksariyat umurtqasizlar guruhlarining (gubkalar, marjon poliplari, mollyuskalar va boshqalar) «skeleti» kalsiy karbonatning (ohakning) turli shakllaridan iborat. Kalsiy ionlari qon ivishijarayonlarida qatnashadi, shuningdek, hujayralar ichida universal ikkilamchi xabarchilardan biri vazifasini bajaradi va juda ko‘p hujayra ichki jarayonlarini, jumladan, mushaklarning qisqarishi, ekzositoz, shu jumladan, gormonlar va neyromediatorlarajralishini boshqaradi. Odam hujayralari sitoplazmasidagi kalsiy konsentratsiyasi taxminan 10−4 mmol/l, hujayralararo suyuqliklarda esa taxminan 2,5 mmol/l.

Kalsiyga bo‘lgan ehtiyoj yoshga bog‘liq. 19—50 yoshli kattalar va 4—8 yoshli bolalar uchun kunlik ehtiyoj (RDA) 1000 mgni tashkil etadi; 9 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lgan bolalarda esa kuniga 1300 mg. O‘smirlik davrida skelet jadal o‘sishi sababli kalsiyni yetarli miqdorda iste’mol qilish juda muhim. Biroq AQSHdagi tadqiqotlarga ko‘ra, qizlarning atigi 11 % i va o‘g‘il bolalarning 31 % i (12—19 yoshdagilar) o‘z ehtiyojini qondiradi. Muvozanatli ovqatlanishda bola organizmiga kalsiyning katta qismi (taxminan 80 %) sut mahsulotlariorqali kiradi. Qolgan qismi don mahsulotlari (jumladan, butun donli non va grechka), dukkaklilar, apelsinlardan[manba 4070 kundan beri ko‘rsatilmagan], ko‘katlardan[manba 4070 kundan beri ko‘rsatilmagan]va yong‘oqlardan olinadi. Kalsiy ichakda ikki yo‘l orqali so‘riladi: ichak hujayralari orqali (transsellulyar) va hujayralar oralig‘i orqali (parasellulyar). Birinchi mexanizm faol shakldagi D vitamini (kalsitriol) hamda uning ichakdagi retseptorlari ta’sirida amalga oshadi. U kalsiy kam va o‘rtacha miqdorda iste’mol qilinganda muhim ahamiyat kasb etadi. Ratsionda kalsiy ko‘proq bo‘lganda, uning konsentratsiya gradiyenti katta bo‘lgani uchun hujayralararo so‘rilish yetakchi rol o‘ynaydi. Hujayra orqali so‘rilish mexanizmida kalsiy eng ko‘p o‘n ikki barmoq ichakda so‘riladi (chunki bu yerda kalsitriol retseptorlari eng ko‘p). Passiv hujayralararo transport tufayli kalsiy ingichka ichakning uchala bo‘limida faol so‘riladi. Kalsiyning parasellulyar yo‘l bilan so‘rilishiga laktoza (sut shakari) yordam beradi.

Kalsiyning o‘zlashtirilishiga ayrim hayvon yog‘lari (jumladan, sigir suti yog‘i va mol yog‘i, ammo cho‘chqa yog‘iemas) hamda palma moyito‘sqinlik qiladi. Bunday yog‘lardagi palmitin va stearin yog‘ kislotalari ichakda hazm qilish jarayonida ajralib chiqadi va erkin holatda kalsiy bilan mustahkam birikib, kalsiy palmitati va kalsiy stearati (erimaydigan sovunlar)ni hosil qiladi. Ushbu sovunlar ko‘rinishida organizmdan najas bilan kalsiy ham, yog‘ ham chiqib ketadi. Bu mexanizm palma moyi (palma oleini) asosidagi bolalar aralashmalaridan foydalanilganda kalsiyning so‘rilishi va suyak minerallashuvining pasayishi, shuningdek, go‘daklarda suyak mustahkamligining bilvosita ko‘rsatkichlari kamayishi uchun javobgardir. Bunday bolalarda ichakda kalsiy sovunlarining hosil bo‘lishi najasning qattiqlashishi, ich kelishining kamayishi, shuningdek, qayt qilish va ichak sanchiqlarining ko‘proq uchrashi bilan bog‘liq.

Qondagi kalsiy konsentratsiyasi ko‘plab hayotiy muhim jarayonlar uchun zarur bo‘lgani sababli qat’iy boshqariladi. To‘g‘ri ovqatlanish, yog‘siz sut mahsulotlari va D vitaminini yetarli iste’mol qilishda kalsiy tanqisligi yuzaga kelmaydi. Oziq-ovqatdagi kalsiy va/yoki D vitaminining uzoq muddatli yetishmasligi osteoporozxavfini oshiradi, go‘daklikda esa raxit kasalligini keltirib chiqaradi.

Kalsiy va D vitaminining haddan tashqari katta dozalari giperkalsemiyanikeltirib chiqarishi mumkin. Yoshi 19 dan 50 yoshgacha bo‘lgan kattalar uchun eng yuqori xavfsiz doza kuniga 2500 mg (taxminan 340 g miqdoridagi Edam pishlog‘i).

Oziq-ovqatdagi kalsiyning asosiy manbalari

Mahsulotlardagi kalsiy miqdori har bir oziq-ovqat turi uchun o‘rtacha porsiyadan kelib chiqib hisoblanadi. Kalsiyning umumiy miqdoridan tashqari, uning biologik o‘zlashtirilish darajasiham muhim. Umuman, hayvonlardan olinadigan oziq-ovqat mahsulotlarida kalsiy o‘simlik mahsulotlariga qaraganda ko‘proq bo‘ladi. Kalsiy eng ko‘p sut mahsulotlarida uchraydi (ammo ulardagi kalsiyning atigi 27–30 % qismi o‘zlashtiriladi), konservalangan baliqlarda (yeyish mumkin bo‘lgan suyaklari hisobiga), yong‘oqlarda va urug‘larda (kalsiyning o‘rtacha biologik o‘zlashtirilishi 20 %), dukkakli ekinlarda (loviya, no‘xat (nut), yasmiq, mosh, ko‘k no‘xat, soya, edamame; bularning tarkibida kalsiyning o‘zlashtirilishini qiyinlashtiradigan moddalar ham bor. Uning biologik o‘zlashtirilishini oshirish uchun ularni issiqlik bilan ishlov berish ma’qul), ayrim sabzavotlarda (kress-salat, bok-choy karami, bargli salat, brokkoli), shuningdek, ayrim meva va rezavorlarda:

Kalsiy miqdori eng yuqori bo‘lgan oziq-ovqat mahsulotlari
MahsulotStandart porsiyaKalsiy miqdori, mgKalsiyning kunlik me’yoriga nisbatan ulushi, %
qo‘shimchasiz kam yog‘li yogurt227 g (8 vazn unsiyasi)41532
kalsiy bilan boyitilgan apelsin sharbati200 ml (1 piyola)34927
mevali, kam yog‘li yogurt227 g34427
pishloq motsarella42,5 g (1,5 unsiya)33326
suyagi bilan yog‘da konservalangan sardinalar85 g (3 unsiya)32525
yog‘siz sut va soya suti200 ml29923
kalsiy bilan boyitilgan soya suti200 ml29923
yog‘lilik darajasi 3,25 % bo‘lgan tabiiy sut200 ml27621
kalsiy sulfat eritmasida tayyorlangan qattiq tofu100 ml25319
suyagi bilan konservalangan pushti losos85 g18114
tvorog, yog‘lilik darajasi 1 %200 ml13811
kalsiy sulfat eritmasida tayyorlangan yumshoq tofu100 ml13811
qaynatilgan soya donlari100 ml13110
qaynatilgan ismaloq100 ml1239
yumshoq muzlatilgan yogurt (vanilli)100 ml1038
qaynatilgan yangi sholg‘om barglari100 ml998
issiqlik bilan ishlov berilgan yangi karam200 ml947
chia urug‘lari1 osh qoshiq766
yangi bok-choy xitoy karami (maydalangan)100 ml746
konservalangan loviya (suyuqligisiz)100 ml544
diametri 15 sm bo‘lgan makkajo‘xori noni464
kam yog‘li smetana2 osh qoshiq312
butun donli non1 bo‘lak302
xom, mayda to‘g‘ralgan karam200 ml242
xom brokkoli100 ml212
olma navi — Goldeno‘rtacha kattalikdagi meva100

Sutdagi kalsiy miqdori uning yog‘lilik darajasiga kuchli bog‘liq: yog‘li sutda kalsiy konsentratsiyasi pastroq bo‘ladi.

Adabiyotlar

  • Doronin N. A. Kalsiy. — M.: Gosximizdat, 1962. — 191 bet.

Havolalar