Ekvador (isp. Ecuador), rasmiy nomi — Ekvador Respublikasi (isp. República del Ecuador [reˈpuβlika ðel ekwaˈðor]), — unitar davlat hisoblanadi. U Janubiy Amerikaning shimoli-gʻarbida joylashgan.
Gʻarbda Ekvador Tinch okeani bilan tutashadi; shimolda Kolumbiya, sharq va janubda esa Peru bilan chegaradosh. Ekvador tarkibiga kiradigan orollar — Galapagos orollari.
Poytaxti — Kito. 2022-yil holatiga koʻra, aholisi 18 267 203 kishi. Davlat tili — ispan tili, biroq tub xalqlarning tillari ular yashaydigan hududlarda rasmiy maqomga ega boʻlishi mumkin.
Etimologiya
1830-yildadavlatdan ajralib chiqqan hudud, yaʼni Buyuk Kolumbiya Respublikasining Kito departamenti mustaqil davlat deb eʼlon qilinib, unga «Ekvador» (isp. Ecuador — isp. ecuador — «ekvator») nomi berildi. Bu nom mamlakat hududi ekvatorning har ikki tomonida joylashgani bilan bogʻliq. XIX asr oxiri — XX asr boshlaridagi adabiyotlarda «Ekuador».
Tarix
Ispaniya mustamlakachiligidan avval
Hozirgi Ekvador hududida qadimdan turli hindu qabilalari — kara, kitu, tumbe, kanyari va boshqalar yashagan. Ular ovchilik, baliqchilik va dehqonchilik bilan shugʻullangan.
Milodiy 1-ming yillik oxirida sohilboʻyida yashagan kara qabilasi togʻli hududlarga bostirib kirib, mahalliy kitu va boshqa qabilalarni boʻysundirdi (ularning bir qismini qirib tashlab, boshqalarini oʻziga singdirdi). Natijada Lotin Amerikasi adabiyotida «Kitu podsholigi» deb ataladigan davlat vujudga keldi.
XV asrda (taxminan 1460-yilda) «Kitu podsholigi» inklarning Tavantinsuyu davlati tomonidan bosib olindi (istilo jarayoni qariyb 15 yil davom etdi). Inklar davlati aholisining aksariyati (inklar — hukmron tabaqa) kechua qabilasiga mansub hindulardan iborat edi. Bu istilo natijasida kechua tili hozirgi Ekvador hududidagi eng keng tarqalgan mahalliy tilga aylandi.
Ispaniya mustamlakachiligi
Ekvador hududini Ispaniya uchun Fransisko Pisarro — Bartolome Ruis (1526-yilda ilk bor qoʻshin tushirgan) va Sebastyan de Belalkasar (1531-yilga kelib Ekvador hududini egallagan) boshchiligidagi istilochilar zabt etdi. Ular qadimiy hindu manzilgohi oʻrnida San-Fransisko-de-Kito shahrini barpo etdilar. 1529-yilda Pisarro Yangi Kastiliya (hozirgi Peru va Ekvador hududlari) general-kapitani lavozimini oldi, 1539-yilda esa oʻz ukasi Gonsaloni San-Fransisko-de-Kito hukmdori etib tayinladi.
Hududni zabt etgan ispanlar bu yerda yirik oltin va kumush konlarini topmagach, mamlakatda plantatsiyalar tashkil eta boshladi. Ularda hindular va Afrikadan keltirilgan qullar mehnat qildi. Togʻli hududlarda qoʻychilik katta ahamiyat kasb etgan.
Mustaqillik
XIX asr Ekvador va butun Lotin Amerikasi uchun milliy ozodlik urushlari hamda inqiloblar davri boʻldi. Shunday inqiloblardan biri 1809-yil avgustida Kitoda sodir boʻldi. Shu voqea xotirasiga Ekvadorda 10-avgust Mustaqillik kuni sifatida nishonlanadi.
9-oktabr 1820-yildagi inqilob natijasida davlat eʼlon qilindi — Guayakil erkin provinsiyasi.
1822-yilda Kolumbiya qoʻshinlari ispanlarni magʻlub etgach, milliy ozodlik harakati gʻalaba qozondi. Ekvador ustidan nazorat Simon Bolivarga oʻtdi.
1822—1830-yillarda Ekvador Buyuk Kolumbiya tarkibida boʻlib, oʻsha paytda «Kito viloyati» deb atalgan.
13-may 1830-yilda mustaqil Ekvador Respublikasi eʼlon qilindi. Mamlakat aynan shu kundan buyon hozirgi nomi bilan ataladi.
XIX asr va XX asr boshlarida Ekvadorning ikki yirik siyosiy partiyasi oʻrtasida keskin kurash kechgan. Bular — konservatorlar va liberallar.
XIX asr oʻrtalaridan Yevropa davlatlari Ekvador ishlariga aralasha boshladi. 1845-yilda Buyuk Britaniya bosimi ostida Ekvadorda qullikni bekor qilish toʻgʻrisida qonun qabul qilindi. 1860-yillarda Ekvador prezidenti (amalda diktator) Gabriel Garsiya Moreno mamlakat ustidan Fransiya tomonidan protektorat oʻrnatilishi haqida yozishmalar olib bordi.
XIX asr oxirida Ekvadorga xorijiy sarmoya faol kirib kela boshladi: britaniyaliklar neft qidirish, amerikaliklar esa kakao va qahva plantatsiyalarini rivojlantirish hamda temiryoʻllar qurish bilan shugʻullandi.
XX va XXI asrlarda Ekvador
1906-yilda Konstitutsiyaga muvofiq katolik cherkovi rasman davlatdan ajratildi.
1923-yildan Ekvadorda neftni sanoat miqyosida qazib olish boshlandi.
Deyarli shu davrda (1920-yillar boshidan) Ekvadorda sotsialistlar, anarxistlar va kommunistlarning radikal tashkilotlari paydo boʻla boshladi. 1925—28-yillarda ular bir necha qurolli qoʻzgʻolon koʻtardi, ammo Ekvador hukumati ularni bostirdi.
1941-yilda Ekvador va Peru oʻrtasidagi urush Amazonka daryosining yuqori oqimidagi katta hudud uchun boshlandi. Peru armiyasi son va jangovar salohiyat jihatidan ustun boʻlib, Ekvador kuchlariga bir necha bor zarba berdi. Natijada qariyb 280 ming km² bahsli hudud Peruga oʻtdi (bu hozirgi Ekvador maydoniga deyarli teng).
- 1972-yilda general Rodriges Lara.
- harbiy toʻntarish uyushtirdi. 31-avgustdan 1-sentabrga oʻtar kechasi, 1975-yil — Amerikaning «Texaco Gulf Oil» kompaniyasi homiylik qilgan davlat toʻntarishiga urinish boʻldi.
- 29-aprel 1979-yilda qariyb oʻn yillik harbiy diktaturadan keyin Konstitutsiyaga muvofiq mamlakatda birinchi prezidentlik saylovi oʻtkazildi. Xayme Roldos Agilera rekord darajada — bir milliondan ortiq ovoz toʻplab gʻalaba qozondi va 10-avgust 1979-yilda lavozimga kirishdi. «Birlashgan xalq kuchlari» (Concentracion de Fuerzas Populares) partiyasidan chiqqach, u 1980-yilda «Xalq, oʻzgarish va demokratiya» (Partido Pueblo, Cambio y Democracia) partiyasiga asos soldi. 24-may 1981-yilda Roldos boʻlgan samolyot Loxa provinsiyasidagi Uayrapunga togʻlarida halokatga uchradi. Barcha yoʻlovchilar: Roldosning rafiqasi Marta Bukaram, mudofaa vaziri Marko Subia Martines va uning rafiqasi, ikki harbiy ofitser hamda yana uch hamroh halok boʻldi. Roldosning islohotchilik siyosati tufayli hayotiga bir necha bor tahdid qilingani, tergov davomida ikki muhim guvoh avtohalokatda vafot etgani va samolyot halokati guvohlarining koʻrsatmalari bir-biriga zid boʻlgani uning yashirin fitna oqibatida oʻldirilgani haqidagi taxminlarni keltirib chiqardi.
- 1984—1988-yillar prezident Leon Febres Kordero (9-mart 1931-yil — 15-dekabr 2008-yil) hukmronligi davri boʻlib, uning oʻng markazchi hukumati Ekvador tarixidagi eng repressiv hukumatlardan biri edi. 1987-yilda Kordero general Frank Vargas Passos boshchiligidagi harbiylar isyonini bostirdi. General Kordero hukumatini korrupsiya va ekstremizmda ayblagan edi. Isyon bostirilgach, shafqatsiz qatagʻonlar davri boshlandi: koʻplab muxolifat vakillari hibsga olindi, qiynoqqa solindi yoki bedarak yoʻqoldi. Politsiya tomonidan hibsga olingach bedarak ketgan, jasadlari topilmagan, asli kolumbiyalik 12 va 16 yoshli Restrepo aka-ukalarining yoʻqolishi alohida eʼtibor tortdi.
- 1997-yilda parlament prezident Abdala Bukaramni «mamlakatni boshqarish uchun aqliy jihatdan layoqatsiz» degan asosda lavozimidan chetlatdi.
- 2000-yil 9-yanvarda keyingi prezident — Xamil Mauad maʼmuriyati iqtisodiy inqirozdan chiqish uchun milliy valyuta — sukredan voz kechib, AQSH dollarini rasmiy valyuta sifatida qabul qilish niyatini eʼlon qildi. Bu prezidentning korrupsiyasi va iqtisodiy siyosatiga qarshi ekvadorlik hindular hamda kasaba uyushmalarining minglab kishilar ishtirokidagi noroziliklariga sabab boʻldi.
- 2000-yil 21-yanvarda prezident qoʻriqlash polki komandiri, polkovnik Lusio Guterres namoyishchilarni tarqatib yuborish buyrugʻini olgan edi. Biroq milliy parlament binosiga hujum paytida u qoʻmondonlikdan chetga chiqdi. Bino egallangach, qoʻzgʻolon yetakchilaridan ikkisi bilan birga «milliy najot hukumati» deb atalgan tuzilmaga kirdi. Ammo bu hukumat atigi bir necha soat mavjud boʻldi.
- 2000-yil 22-yanvarda aralashgan qurolli kuchlar qoʻmondonligi (general Mendosa) hokimiyatni vitse-prezident Gustavo Noboa qoʻliga topshirdi, Guterres esa 6 oyga qamaldi. U qamoqdan mashhur siyosatchi sifatida chiqdi va mahalliy xalqlarning «Pachakutik» harakati koʻmagida «21-yanvar vatanparvarlik jamiyati» (Sociedad Patriótica) siyosiy partiyasini tuzdi.
- 2002-yilda Lusio Guterres prezidentlik saylovida Ekvadorning eng boy kishisi, «banan qiroli» Alvaro Noboa (Álvaro Noboa) ustidan gʻalaba qozondi. Unga Ekvador neftini mamlakat nazoratiga qaytarish haqidagi vaʼdalar gʻalaba keltirdi. Ammo tez orada yangi davlat rahbari tanlagan iqtisodiy sogʻlomlashtirish usullari vaziyatni yaxshilay olmasligi maʼlum boʻldi. Inflyatsiya halokatli surʼatlarda oʻsdi, korrupsiya hokimiyatning barcha boʻgʻinlarini qamrab oldi. Oxir-oqibat prezident AQSH va XVJ murojaat qilishga majbur boʻldi. Shundan keyin qoʻllangan keskin iqtisodiy choralar aholining yanada qashshoqlashishiga hamda saylovda Guterresni qoʻllagan soʻl va mahalliy xalqlar partiyalarining noroziligi keskin ortishiga olib keldi. Vitse-prezident Palasio undan uzoqlashdi, ammo eski populistik shiorlarga sodiq qoldi.
- 2004-yil, noyabr. Muxolifat ommaviy norozilik namoyishlari uyushtirib, prezidentga impichment eʼlon qilishga urindi. Oʻshanda Guterresni armiya koʻmagi va muxolifat safidagi boʻlinish saqlab qoldi. Noroziliklarga Guterresning oliy sud hokimiyatiga nisbatan Konstitutsiyani buzishi sabab boʻldi: 2004-yil dekabrda uning parlamentdagi tarafdorlari Oliy sud aʼzolarining aksariyatini almashtirdi. Natijada muxolifat tayanchi hisoblangan Oliy sud Lusio Guterresga toʻliq sodiq organga aylandi. Davlat rahbari muxoliflari uni diktatura oʻrnatishga urinishda aybladi. Shu paytda prezident tashabbusi bilan Oliy sud korrupsiyada ayblangan Ekvadorning sobiq prezidentlari Abdala Bukaram (1996—1997) va Gustavo Noboa (2000—2003-yillar)ga qarshi barcha ayblovlarni bekor qildi. Biroz oʻtib, ikkala sobiq prezidentga ham muhojirlikdan vatanga qaytishga ruxsat berdi. Bu ommaviy noroziliklarni keltirib chiqardi: odamlar oʻzlarining ogʻir ahvoliga sababchi deb bilgan shaxslar avf etilib, jazolanmayotganidan gʻazablandi.
- 2005-yil 15-aprelda siyosiy inqiroz kuchayib borayotgan bir paytda prezident Guterres mamlakat poytaxti Kitoda favqulodda holat joriy etdi va Oliy sudning yangi tarkibini tarqatib yuborishini eʼlon qildi. U ommabop boʻlmagan qaror uchun javobgarlikni sud zimmasiga yuklamoqchi edi. Muxolifat Lusio Guterresni yana hokimiyatni noqonuniy egallashda aybladi va Kitoda keng koʻlamli koʻcha namoyishlari boshlandi. 16-aprelning oʻzidayoq favqulodda holat bekor qilindi. Ommaviy tartibsizliklarda, turli maʼlumotlarga koʻra, bir nafardan uch nafargacha odam halok boʻldi, oʻnlab kishilar jarohatlandi va koʻzdan yosh oqizuvchi gazdan zaharlandi. 19-aprelda Ekvador politsiyasi rahbari, general Xorxe Poveda isteʼfoga chiqdi, keyin esa armiya prezidentga boʻysunmasligini eʼlon qildi.
- 2005-yil 20-aprel — «Banan putchi»: Ekvador parlamenti — Milliy kongress (Congreso Nacional) (majlisda faqat muxolif deputatlar qatnashgan) Lusio Guterresni hokimiyatdan chetlatdi va bir soat oʻtgach vitse-prezident Alfredo Palasioni davlat rahbari sifatida qasamyod qildirdi. Guterres prezident saroyidan vertolyotda qochdi, mamlakatdan chiqib ketish imkoniga ega boʻlmagach, siyosiy boshpana soʻrab Braziliya elchixonasiga yashirindi. Ekvador Bosh prokuraturasi namoyishchilarga nisbatan zoʻravonlik qilganlikda ayblab, sobiq prezident Guterresni hibsga olishga order berdi.
- 2006-yil 25-noyabrda boʻlib oʻtgan saylovda soʻl kuchlar nomzodi Rafael Korrea 57 % ovoz bilan gʻolib boʻldi. Uning raqibi Alvaro Noboa (Alvaro Noboa) atigi 43 % ovoz oldi. Saylov arafasida Rafael Korreaning gʻalabasi unchalik aniq emas edi. Birinchi turda u ikkinchi oʻrinni egallagan va faqat keng koʻlamli targʻibot kampaniyasi tufayli saylov poygasida yetakchiga aylangan. Bungacha Rafael Korrea Ekvador moliya vaziri edi. Yevropa va AQSHda tahsil olgan yosh iqtisodchi barcha xorijiy neft kompaniyalarini mamlakatdan chiqarib yuborish va 10 mlrd dollarlik tashqi qarzni toʻlashdan bosh tortishni vaʼda qildi. Oxir-oqibat Rafael Korrea hukumatdan chetlatildi, biroq mamlakat aholisining 75 % ini — 14 million kishilik aholining katta qismini tashkil etgan kambagʻallar orasida mashhurlikka erishdi. U Ekvadorni neft daromadlari ijtimoiy ehtiyojlarga sarflanadigan, Venesuela namunasidagi kuchli prezident hokimiyatiga ega davlatga aylantirishga vaʼda berdi. Saylovda magʻlub boʻlgan Alvaro Noboa oʻz raqibiga mutlaqo zid siyosatchi edi. U Ekvadorning eng badavlat fuqarosi. 1994-yilda otasidan 110 ta korxonadan iborat ulkan biznes imperiyasini meros qilib oldi va neftdan keyingi asosiy tabiiy boylik hisoblangan banan savdosi bilan shugʻullanib, oilasining boyligini koʻpaytirdi. Nomzodlar oʻrtasidagi asosiy tafovut AQSHga munosabatida edi. Rafael Korrea Amerikaga qarshi qarashlari bilan tanilgan va Oq uyning asosiy dushmanlaridan biri — Venesuela prezidenti Ugo Chaves bilan doʻstona aloqada boʻlgan. Alvaro Noboa esa, aksincha, Ekvador Kuba va Venesuela bilan munosabatlarini muzlatib, AQSH bilan aloqalarini mustahkamlashini istagan.
- 2007-yil 30-sentabrda Ekvador Taʼsis assambleyasiga saylovda prezident Rafael Korrea tarafdorlari koʻpchilik oʻrinni egalladi. Bu ularga uning «XXI asr sotsializmi» konsepsiyasiga asoslangan yangi Konstitutsiyani ishlab chiqish imkonini berdi.
- 2008-yilda Konstitutsiya qabul qilindi.
- 2009-yil 26-apreldagi prezidentlik saylovida amaldagi prezident Rafael Korrea birinchi turdayoq deyarli 52 % ovoz olib, gʻalaba qozondi. Uning asosiy raqiblari 28 % ovoz olgan sobiq prezident Lusio Guterres va qariyb 12 % saylovchi ovozini yigʻgan Ekvadorning eng boy fuqarosi Alvaro Noboa edi.
- 2010-yil 30-sentabrda politsiya va qurolli kuchlar prezidentni hokimiyatdan agʻdarib, mamlakatda hokimiyatni egallashga urindi.
- 2011-yil 8-mayda umumxalq referendumida ekvadorliklar qimor oʻyinlarini va korridani taqiqlash, ijroiya hokimiyatining sud tizimi ustidan nazoratini kuchaytirish hamda ommaviy axborot vositalarini kuzatadigan maxsus davlat organini tashkil etishni oʻz ichiga olgan bir qator islohotlarni maʼqulladi.
- 2013-yil 17-fevralda Rafael Korrea saylovda gʻolib chiqib, uchinchi marta Ekvador prezidenti etib qayta saylandi.
- 2017-yil 2-aprelda Lenin Moreno prezidentlik saylovning ikkinchi turida raqibi Gilyermo Lassoni 51,15 % natija bilan ortda qoldirib, prezident boʻldi.
- 2021-yil 24-mayda Gilyermo Lasso saylovning ikkinchi turida gʻalaba qozonib, mamlakat prezidenti boʻldi.
- 2022 — qamoqxona isyonlari.
- 2023-yilda Gilyermo Lasso Milliy assambleyani tarqatib yuborish va yangi umumiy saylovlar oʻtkazish haqida farmon imzoladi. Bunga qonunchilar uning korrupsion sxemada ishtirok etganiga doir ayblovlar asosida impichment masalasini koʻrib chiqishni boshlagani sabab boʻldi.
- 2023-yil 15-oktabrda Daniel Noboa saylovning ikkinchi turida gʻalaba qozonib, dunyodagi amaldagi davlat rahbarlari orasida yosh jihatdan ikkinchi oʻrinni egalladi.
- 2024-yil 9-yanvarda prezident Daniel Noboa turli shaharlarda garovga olishlar, jumladan, jonli efirdagi telestudiyani qurolli shaxslar bosib olishi fonida mamlakatda ichki qurolli mojaro rejimini joriy qildi.
Geografik maʼlumotlar


Ekvator mamlakatni poytaxtdan 25 kilometr shimolda kesib oʻtadi (poytaxt — Kito). Mamlakat nomi ham shu bilan bogʻliq.
Mamlakat gʻarbida, Tinch okeani sohillari boʻylab pasttekisliklar va And togʻlarining etaklari choʻzilgan. Markaziy qismida ikkita parallel togʻ tizmasi — Gʻarbiy Kordilyera va Sharqiy Kordilyeradan iborat And togʻlari joylashgan. Bu yerda soʻngan (Chimboraso, 6310 m) va faol (Kotopaxi, 5896 m — eng baland vulqonlardan biri; faol Tunguraua vulqoni — 5023 m, vaqti-vaqti bilan otilib turadi) vulqonlar konuslari bor. Mamlakatning sharqiy qismi Amazonka pasttekisligida joylashgan.
Ekvador quruqlikda Kolumbiya bilan 590 kilometr va Peru bilan 1420 kilometr chegaraga ega.
Mamlakatni zich daryolar tarmogʻi qoplagan, ularning aksariyati Amazonka daryosining irmoqlaridir.
Shimoldagi nam doimiy yashil oʻrmonlar (gileya) janubda yozda yashil boʻladigan oʻrmonlarga, markazda siyrak oʻrmonlarga, janubi-gʻarbda esa chala choʻllarga almashinadi. Hayvonot dunyosi: yaguar, puma, kichik bugʻular, pekari yovvoyi choʻchqalari, zirhlilar va chumolixoʻrlar.
Iqlim
Ekvador issiq iqlim mintaqalarida — ekvatorial (shimolda) va subekvatorial (janubda) joylashgan. Iyul harorati +25 °C, yanvar harorati +24 °C. Haroratning mavsumiy farqi deyarli yoʻq, yil davomida bir xil mavsum kuzatiladi.
Kito shahrida (2800 m balandlikda) oʻrtacha oylik harorat +13 °C. Janubda +23 dan +27 °C gacha. Yogʻingarchilik yiliga janubda 100 mm dan And togʻlarining sharqiy yonbagʻirlarida 6000 mm gacha yetadi.
Iqlimi va biologik xususiyatlariga koʻra, Ekvador toʻrt mintaqaga aniq ajraladi: Kosta (sohil), Syerra (togʻli hudud), Oryente (Amazoniya — jungli) va Galapagos orollari.
Davlat tuzumi
Respublika. Davlat va hukumat rahbari — prezident, xalq tomonidan 4 yil muddatga saylanadi va qayta saylanishi mumkin.
Parlament — bir palatali Milliy assambleya boʻlib, uning 151 deputati xalq tomonidan 4 yil muddatga saylanadi.
Sud hokimiyati — 21 nafar sudyadan iborat Milliy adliya sudi (Corte Suprema de Justicia).
Siyosiy partiyalar
Oʻtkazilgan 2025-yilgi saylovlardan keyin Milliy assambleyadagi oʻrinlar partiyalar oʻrtasida quyidagicha taqsimlandi:
- Milliy demokratik harakat — oʻng markazchi, 66 deputat.
- Fuqarolik inqilobi harakati — soʻl, 65 deputat.
- Pachakutik — soʻl, 9 deputat.
- Sotsial-xristian partiyasi — oʻng markazchi, 4 deputat.
- Xalq birligi — oʻta soʻl, 1 deputat.
- Assambleya harakati — markazchi, 1 deputat.
- Vatanparvarlik jamiyati partiyasi — soʻl markazchi, 1 deputat.
- RETO harakati — soʻl markazchi, 1 deputat.
Maʼmuriy boʻlinish

Ekvador maʼmuriy-hududiy jihatdan 24 provinsiyaga boʻlinadi. Provinsiyalar 199 kantonga, kantonlar esa parishlarga (mahalliy maʼmuriy birliklarga) boʻlinadi.
| № | Provinsiya | Maʼmuriy markaz |
| 1 | Asuay | Kuenka |
| 2 | Bolivar | Guaranda |
| 3 | Kanyar | Asoges |
| 4 | Karchi | Tulkan |
| 5 | Chimboraso | Riobamba |
| 6 | Kotopaxi | Latakunga |
| 7 | El-Oro | Machala |
| 8 | Esmeraldas | Esmeraldas |
| 9 | Galapagos | Puerto-Bakeriso-Moreno |
| 10 | Guayas | Guayakil |
| 11 | Imbabura | Ibarra |
| 12 | Loxa | Loxa |
| 13 | Los-Rios | Babaoyo |
| 14 | Manabi | Portovyexo |
| 15 | Morona-Santyago | Makas |
| 16 | Napo | Tena |
| 17 | Orelyana | Puerto-Fransisko-de-Orelyana |
| 18 | Pastasa | Puyo |
| 19 | Pichincha | Kito |
| 20 | Santa-Elena | Santa-Elena |
| 21 | Santo-Domingo-de-los-Tsachilas | Santo-Domingo |
| 22 | Sukumbios | Nueva-Loxa |
| 23 | Tunguraua | Ambato |
| 24 | Samora-Chinchipe | Samora |
Galapagos orollari
12 ta asosiy orol (ulardan 5 tasida aholi yashaydi) va umumiy maydoni 7880 km² boʻlgan koʻplab kichik orolchalar asosan milliy bogʻ hududiga kiradi. Orollar aholisi — 25 124 kishi (2010). Poytaxti — Puerto-Bakeriso-Moreno shahri, u San-Kristobal orolida joylashgan. Natural xoʻjalik yuritiladi. Tunets va omar ovlash kabi baliqchilik muhim oʻrin tutadi. Biroq orollar iqtisodiyotining asosiy tarmogʻi — noyob hayvonlar va oʻsimliklarning moʻjizaviy olamini sayyohlarga namoyon etadigan turizmdir.
Iqtisodiyot
Jahon banki (World Bank) maʼlumotlariga koʻra, Lotin Amerikasi va Karib havzasi mamlakatlari boʻyicha Jahon taraqqiyoti koʻrsatkichlari (WDI) umumlashtirilgan jadvallarida Ekvador 8-oʻrinni egallaydi. 2025-yilgi hisob-kitoblarga koʻra, uning YAIMi 130,32 mlrd AQSH dollarini tashkil etib, Braziliya, Meksika, Argentina, Kolumbiya, Chili, Peru va Kubadan (yoki hisoblash usuliga qarab Venesueladan) keyinda turadi.
| 1990—2023-yillarda Ekvadorda eng kam ish haqining AQSH dollarida. |
oʻsishi. 2000-yildan mamlakatning rasmiy valyutasi AQSH dollari hisoblanadi. Ekvador iqtisodiyoti asosan neft sanoati, qishloq xoʻjaligi, chorvachilik va baliqchilikka bogʻliq; yengil sanoat koʻlami nisbatan kichik. Iqtisodiyotning asosiy tayanchi neft sanoati boʻlib, mamlakat dunyoda «banan mamlakati» sifatida ham tanilgan.
2026-yil aprel holatiga koʻra, Ekvador 145 ta davlat bilan diplomatik munosabat oʻrnatgan. BMT, JST, 77 lar guruhi, Lotin Amerikasi va Karib davlatlari hamjamiyati va boshqa xalqaro hamda mintaqaviy tashkilotlarga aʼzo. Lotin Amerikasi mamlakatlari orasida Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar bankiga toʻlaqonli aʼzo boʻlgan birinchi davlatdir.
Ekvador qulay geologik sharoit va boy neft qatlamlariga ega. Neft-gaz resurslari asosan Amazonka havzasining sharqiy qismida, kichik hajmda esa gʻarbdagi Guayas provinsiyasi va Guayakil koʻrfazida toʻplangan. Ekvadorda xom neft zaxiralari katta boʻlsa-da, mamlakatdagi uchta neftni qayta ishlash zavodining quvvati kichik, texnologiyalari eskirgan. Ular mazut kabi qayta ishlangan neft mahsulotlarining faqat ayrim turlarini ishlab chiqara oladi, shu sababli neft mahsulotlarining aksariyati import qilinadi. 2024-yil birinchi choragida mamlakatda jami 12 mln barrel neft qayta ishlandi. 2025-yil toʻrtinchi choragida jami 16,18 mln barrel neft qazib olindi. Bu oldingi chorakka nisbatan 5,9% va oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 15,2% kam.
Iqtisodiy taraqqiyotda uchta alohida davr ajratiladi: kakao, banan va neft davrlari. Ekvador dunyoda «banan mamlakati» nomi bilan mashhur; 1992-yildan boshlab koʻp yillar davomida banan ishlab chiqarish va eksport qilish boʻyicha dunyoda birinchi oʻrinni egallab keldi. 2000-yilda Ekvador rasman iqtisodiyotni dollarlashtirish siyosatini boshladi. 2021-yilda ilk bor dunyoning eng yirik krevetka ishlab chiqaruvchisiga aylandi.
Ekvador hukumati ishlab chiqarish va tashqi savdoni ragʻbatlantiradi, qator mamlakatlar bilan erkin savdo boʻyicha muzokaralarni qayta boshlamoqda va xalqaro arbitraj muassasalariga qaytishga intilmoqda. 2025-yilda yalpi ichki mahsulot 130,3 mlrd AQSH dollariga yetdi, iqtisodiy oʻsish 3,7% ni tashkil etdi. 2025-yil oxirida tashqi qarzning umumiy hajmi 62,53 mlrd AQSH dollari yoki yalpi ichki mahsulotning taxminan 47,3% iga teng boʻldi.
2000-yilda Ekvadorda nihoyatda ogʻir iqtisodiy inqiroz yuz berdi va tashqi qarzlar boʻyicha defolt eʼlon qilindi. 2000-yil martda parlament bir qator tarkibiy islohotlarni, jumladan AQSH dollarini Ekvadorning davlat valyutasi sifatida joriy etishni maʼqulladi. Dollarlashtirish iqtisodiyotni barqarorlashtirdi va iqtisodiy oʻsish boshlandi. Ammo 2006-yilda hukumat Ekvadorda faoliyat yuritgan xorijiy va xususiy neft kompaniyalariga soliqlarni keskin oshirdi. Bu mamlakat iqtisodiyotining neft sektorida ishlab chiqarishni darhol sezilarli kamaytirdi. Natijada iqtisodiy beqarorlik yuzaga keldi, xususiy investitsiyalar keskin qisqardi va umumiy iqtisodiy koʻrsatkichlar pasaydi.
2009-yilda aholi jon boshiga YAIM — 7,5 ming dollar (dunyoda 123-oʻrin).
Ishsizlik darajasi (2009-yilda) — 7,9 %; qashshoqlik chegarasidan pastda yashovchilar — aholining 35 % i (2006-yilda).
1-yanvar 2020-yildan eng kam ish haqi Ekvadorda $400. Ekvadorda ish haftasi 40 soatni tashkil etadi. 2021-yil holatiga koʻra, Ekvador eng kam ish haqi eng yuqori boʻlgan Janubiy Amerikadagi uchinchi mamlakat edi. Eng kam ish haqi faqat Chilida — oyiga 441 AQSH dollari va Urugvayda — 423 AQSH dollari boʻlib, bundan yuqori edi. Lekin bunday taqqoslash chalgʻitishi mumkin: har bir mamlakatda yashash xarajatlari va haftalik maksimal ish soatlari har xil. Big Mak indeksiga koʻra, Chilidagi eng kam ish haqiga Janubiy Amerikada eng koʻp «Big Mak» — oyiga 108 ta burger sotib olish mumkin. Keyingi oʻrinda Ekvador: bu yerda eng kam ish haqiga 90 ta «Big Mak» sotib olish mumkin. Undan keyin Urugvay: eng kam ish haqiga 88 ta «Big Mak» sotib olish mumkin. Venesueladagi ishchiga esa bittagina «Big Mak» olish uchun deyarli toʻqqiz oylik eng kam ish haqi kerak boʻlardi. Turli davlatlardagi eng kam ish haqini oʻzaro toʻgʻri taqqoslash uchun ish soatlarini tenglashtirish zarur, chunki hamma joyda maksimal ish haftasi bir xil emas. Bu koʻrsatkich kompaniyaning xodimni yollash boʻyicha haqiqiy xarajatini aniqlashga yordam bergani uchun muhim. Ekvadorda ish haftasi 40 soat ekanini hisobga olsak, haftalik ishlangan soatlar boʻyicha Janubiy Amerikada eng yuqori eng kam ish haqi aynan Ekvadorda. Chunki Janubiy Amerikada odamlar haftasiga 40 soatdan koʻproq ishlaydigan davlatlar bor. Masalan, Kolumbiyada haftasiga 48 soat ishlanadi, eng kam ish haqi esa atigi 261 AQSH dollari. Shuningdek, Argentina, Peru, Boliviya va Paragvayda haftalik ish 48 soat, Chilida 45 soat, Urugvayda esa 44 dan 48 soatgacha davom etadi.
1-yanvar 2022-yildan Ekvadorda eng kam ish haqi $425. Eng kam ish haqining 425 AQSH dollarigacha oshirilishi 450 000 kishiga, yaʼni Ekvadorning 8,3 million iqtisodiy faol aholisining bir qismiga bevosita taʼsir qiladi. Sababi, taxminan 384 204 kishi ishsiz, 2 million kishi toʻliq boʻlmagan bandlik sharoitida ishlaydi va oyiga eng kam ish haqidan oz daromad oladi. Yana 2,3 million kishi toʻliq ishlamaydi, yaʼni oyiga eng kam ish haqidan oz topadi va koʻproq daromad olish uchun ishlashni istamaydi yoki ishlay olmaydi. Toʻliq band boʻlgan 2,2 million kishi eng kam ish haqidan koʻproq daromad olgani sababli oshirishdan foyda koʻrmaydi. Ijtimoiy sugʻurta tizimiga badal toʻlaydigan 2,7 million kishining 450 000 nafari 2021-yilda oyiga 400 AQSH dollarini tashkil etgan eng kam ish haqiga ishlaydi, ularning 60 % i erkaklar. 1-yanvar 2023-yildan Ekvadorda eng kam ish haqi $450. 1-yanvar 2024-yildan Ekvadorda eng kam ish haqi $460. 1-yanvar 2025-yildan Ekvadorda eng kam ish haqi $470. 1-yanvar 2026-yildan Ekvadorda eng kam ish haqi $482.
Tashqi savdo
2017-yilda eksport — 19.12 mlrd dollar: neft, banan, gullar, krevetka, kakao, qahva, yogʻoch, baliq, kanop.
Asosiy xaridorlar — AQSH — 31,5 %, Vyetnam — 7,6 %, Peru — 6,7 %, Chili — 6,5 %, Panama — 4,9 %, Rossiya — 4,4 %, Xitoy — 4 %.
2017-yilda import — 19.03 mlrd dollar: sanoat mahsulotlari, neft mahsulotlari, isteʼmol tovarlari.
Asosiy yetkazib beruvchilar — AQSH — 22,8 %, Xitoy — 15,4 %, Kolumbiya — 8,7 %, Panama — 6,4 %, Braziliya — 4,4 %, Peru — 4,2 %.
Energetika
Elektr energiyasining 45 % i issiqlik elektr stansiyalarida, qolgan qismi gidroelektr stansiyalarida ishlab chiqariladi. Biroq Ekvadorning gidroenergetika imkoniyatlaridan toʻliq foydalanilmaydi: suv resurslarining aksariyati (And togʻlaridagi) ishga solinmagan.
Oʻrmon xoʻjaligi
Koʻplab tekisliklar va togʻlarning katta qismi (44 %) nam ekvatorial oʻrmonlar bilan qoplangan. Soʻnggi paytlarda bargli daraxtlarni kesish hajmi ortdi. Balsa yogʻochi tayyorlash, geveya shirasini olish, kapok va palma yongʻoqlarini yigʻish kabi oʻrmon xoʻjaligi faoliyatlari rivojlanmoqda. Yogʻochning 75 % i yoqilgʻi sifatida ishlatiladi.
Transport
Togʻli relyef transport tarmogʻining rivojlanishini qiyinlashtiradi. Barcha temiryoʻllarning umumiy uzunligi atigi 1200 kilometr. Qattiq qoplamali avtomobil yoʻllari — 23 256 km, tuproq yoʻllar esa — 5044 km. Panamerika avtomagistrali sohilboʻyi va ayrim ichki shaharlarni bogʻlab, poytaxt — Kito orqali oʻtadi. Asosiy temiryoʻl yoʻnalishlari Guayakilni Kuenka va Kito bilan bogʻlaydi. Kito shahrida mamlakatdagi yagona metro mavjud boʻlib, u 2022-yilda ochilgan.
Guayakil va Puerto-Bolivar — eng yirik portlardir. 10 ta tijorat aviakompaniyasi xalqaro va ichki havo qatnovlarini quyidagi aeroportlar orqali bajaradi: Xose Xoakin de Olmedo va Mariskal Sukre.
aeroportlaridan xalqaro va ichki havo qatnovlarini amalga oshiradi.
Ekvador qurolli kuchlari (isp. Fuerzas Armadas del Ecuador) — Ekvador Respublikasining erkinligi, mustaqilligi va hududiy yaxlitligini himoya qilish uchun moʻljallangan harbiy kuchlar majmuasi. Ular quruqlik qoʻshinlari, harbiy-dengiz kuchlari va harbiy-havo kuchlaridan iborat. 1996-yilda qurolli kuchlarda 125 185 kishi haqiqiy harbiy xizmatni oʻtagan. 1995-yilda harbiy xarajatlar 386 mln dollar yoki YAIMning 2,1 % ini tashkil etgan.
Aholi

Aholi soni — 16 904 867 (2020-yil, baholash). Aholi eng yirik ikki shaharda — Guayakil va Kitoda toʻplangan, boshqa aholi punktlarining aholisi 400 ming kishidan oshmaydi.
Yillik oʻsish — 1,2 %;
Tugʻilish — 17 ta (har 1000 kishiga);
Oʻlim — 5,2 ta (har 1000 kishiga);
Emigratsiya — 0 ta (har 1000 kishiga).
Oʻrtacha umr koʻrish davomiyligi — erkaklarda 74,5; ayollarda 80,6 yil.
Odam immunitet tanqisligi virusi (OIV) bilan zararlanish — 0,4 % (2018-yilgi baholash).
Etnik va irqiy tarkib: metislar 65 %, mahalliy hindular 25 %, oq tanlilar 7 %, afroamerikaliklar 3 %.
Savodxonlik darajasi — erkaklarda 94 %, ayollarda 92 % (2017-yilgi maʼlumotlar).
Dinlar: katoliklar 74 %, boshqalar 26 % — ular Xristian va missionerlik ittifoqi, Ekvadordagi Xudo assambleyalarining yevangelik konferensiyasi, Xudo cherkovi, baptistlar, adventistlar.
Tillar
Ekvador Konstitutsiyasining 2-moddasi (1-bob)ga muvofiq yagona rasmiy til ispan tilidir. U bilan bir qatorda millatlararo va madaniyatlararo muloqot tillari sifatida kechua va shuar tillari rasman tan olingan. Boshqa tub xalqlar tillari ularning vakillari zich va doimiy yashaydigan joylarda rasmiy tilga tenglashtirilgan holda qoʻllanadi.
Shaharlar
Mamlakatdagi urbanizatsiya darajasi 64,2 % (2020-yilda); mamlakatning gʻarbiy (sohilboʻyi) va markaziy qismlari eng zich joylashgan hududlardir.
Kito — Ekvador poytaxti boʻlib, ispanlar tomonidan kichik hindu manzilgohi oʻrnida asos solingan.Guayakil — mamlakatning eng yirik shahri, yirik port va savdo markazi; serhosil qishloq xoʻjaligi hududida joylashgan.Kuenka — kattaligi boʻyicha uchinchi shahar, koʻp sonli talabalari hamda amerikalik va yevropalik nafaqadagi ekspatlar. orasida mashhurligi sababli mamlakatning «madaniy markazi» hisoblanadi.Manta — 250 000 aholiga ega dengiz porti. Shaharda qayta qurish ishlari olib borilmoqda, bu Mantani mintaqaning eng yirik dengiz portiga aylantirish imkonini beradi.
Madaniyat
Ekvador ispan madaniy merosi va tub aholining madaniy anʼanalari uygʻunligi bilan ajralib turadi. Bir vaqtlar mamlakat hududi Inklar imperiyasi tarkibida boʻlgan.Kito — Janubiy Amerikaning boshqa mustamlakachilik davri poytaxtlariga qaraganda yaxshiroq saqlangan shahar boʻlib, ilk mustamlaka meʼmorchiligining yorqin namunalarini namoyon etadi. Mustamlakachilik davrida barcha sanʼat turlari cherkov taʼsirida rivojlangan va oʻsha paytda Yevropada hukmron boʻlgan barokko uslubi izini saqlagan. Hozir ham Kitodagi koʻplab faol cherkovlarda bebaho sanʼat asarlari — rasmlar, diniy buyumlar, yogʻoch oʻymakorligi namunalari, haykallar va turli bezaklar saqlanadi.
Oshxona
Ekvador oshxonasi mahalliy hind xalqlarining rang-barang taomlar anʼanalarini meros qilib olgan. Bu yerda quyidagi taomlar juda ommabop: yaguarlokro (qon qoʻshilgan kartoshka shoʻrvasi), lokro-de-keso (pishloq va avokadoli kartoshka shoʻrvasi), kaldo-de-pata (qovurilgan buzoq tuyogʻidan tayyorlangan bulyon), seviche (laym sharbati va achchiq qalampirda marinadlangan xom dengiz mahsulotlari: baliq, krevetka, ustritsa), gazak yoki garnir sifatida tortiladigan qovurilgan banan — patakon hamda kangrexada (qaynatilgan qisqichbaqalar). Mashhur qovurilgan kuy (dengiz choʻchqachasi) ham togʻlarda, ham sohillarda dasturxonga tortiladi. Orelyana provinsiyasida mahalliy aholi mangalda qovurilgan palma qoʻngʻizi.
lichinkalarini ham yeydi. Ekvador pivosi anʼanaviy Yevropa pivosiga qaraganda kamroq alkogolli va taʼmi yengilroq. Bundan tashqari, barlarda milliy «chicha», shakarqamishdan tayyorlanadigan «pisko» yoki «aguardiyente» aroqini taklif qilishlari mumkin.
Tashqi siyosat
Ekvador tashqi siyosatining asosiy maqsadlari: mamlakat hududini tashqi tajovuz va ichki noqonuniy faoliyatdan himoya qilish; Birlashgan Millatlar Tashkiloti (BMT) va Amerika davlatlari tashkilotini (ADT) qoʻllab-quvvatlash; baliqchilik maqsadida qirgʻoqdan 200 mil masofadagi dengiz hududiga daʼvo qilish; 1942-yilgi Tinchlik, doʻstlik va chegaralar toʻgʻrisidagi protokolni (Rio protokoli) qayta koʻrib chiqish. Bu protokol qarama-qarshilikka — Peru va Ekvador oʻrtasidagi hududiy nizoga yakun yasagan edi. Ekvadorning tashqi savdo aloqalari anʼanaviy ravishda yoʻnaltirilgan — Amerika Qoʻshma Shtatlariga boʻlsa-da, 1970—1980-yillarda mamlakat Neft eksport qiluvchi mamlakatlar tashkiloti (OPEK) aʼzosi sifatida baʼzan mustaqil tashqi siyosat yuritgan. Prezident Rodrigo Borxa Sevalyos davrida, 1980-yillar oxirida Ekvadorning xalqaro aloqalari AQSH siyosatiga tayangan prezident Leon Febres-Kordero Ribadeneira davridagiga qaraganda xilma-xil boʻldi. Masalan, Ekvador Uchinchi dunyo mamlakatlari, xalqaro tashkilotlar, Gʻarbiy Yevropa va sotsialistik mamlakatlar bilan munosabatlarini faollashtirdi. 1969-yilda Ekvador va Sovet Ittifoqi oʻzaro diplomatik munosabatlar oʻrnatdi. Ammo faqat 1972-yilda Ekvador OPEKga kirganidan keyingina SSSR mamlakatga qiziqa boshladi. 1970-yillar oʻrtalariga kelib Sovet Ittifoqi Kitoda elchixona ochdi va bu mamlakatdagi taʼsir uchun AQSH bilan raqobatlashdi.
Ekvador tomonidan berilgan siyosiy boshpanalar
- 16.08.2012 kuni Ekvador siyosiy boshpanani Londondagi oʻz elchixonasi hududida WikiLeaks — asoschisi Julian Assanjga berdi. 11.04.2019 kuni Julian Assanj Ekvador fuqaroligidan mahrum qilinib, London politsiyasiga topshirildi.
- 24.06.2013 kuni Ekvador Markaziy razvedka boshqarmasining sobiq xodimi Edvard Snoudenga qochqin hujjatlarini berdi.
Bayramlar
- 1-yanvar — Yangi yil.
- mart — Muqaddas hafta.
- 1-may — Mehnat kuni.
- 24-may — Pichincha jangining kuni.
- 26-may — Masihning tanasi va qoni bayrami.
- 24-iyul — Simon Bolivar kuni.
- 10-avgust — Mustaqillik kuni.
- 2-noyabr — Barcha marhum moʻminlarni xotirlash kuni.
- 25-dekabr — Rojdestvo.
Adabiyotlar
- Pospelov Ye. M. Dunyoning geografik nomlari. Toponimik lugʻat / masʼul muharrir R. A. Ageyeva. — 2-nashr, oʻzgarishsiz. — M.: «Russkiye slovari», «Astrel», «AST», 2002. — 512 bet — 3000 nusxa. — ISBN 5-17-001389-2.
Havolalar
- Ekvador prezidenti
- Markaziy razvedka boshqarmasining Faktlar kitobida Ekvador haqidagi maʼlumotlar (ingl.)
- Galapagos geografiyasi (ingl.)
- Galapagos orollari (ingl.)
- Ekvador havolalar katalogida Curlie (dmoz)
- Ekvador profili — BBC News (ingl.)
Vikimedia Commons: Atlas: Эквадор