Gepatit D virusi haqida

Delta gepatiti virusi
Ilmiy tasnif
Guruh:
Realm:
Ribozyviria
Urug‘:
Tur:
Delta gepatiti virusi
Xalqaro ilmiy nomi
Deltavirus italiense
Sinonimlar
  • Hepatitis delta virus
  • HDV
Baltimor tasnifi bo‘yicha guruh
V: (-) bir zanjirli RNK viruslari

Delta gepatiti virusi, yoki D gepatiti virusi (lot. Deltavirus italiense) — infeksion agent bo‘lib, D gepatitini insonda keltirib chiqaradi. Aniqroq aytganda, bu kichik RNK tutuvchi infeksion agent aslida yo‘ldosh virus hisoblanadi, chunki uning hujayralarda ko‘payishi va infeksiya rivojlanishi uchun hujayralar B gepatiti virusi (HBV) bilan zararlangan bo‘lishi zarur. HDV B gepatiti virusining qobiq oqsillari (HBsAg[ingl.]) yordamida o‘z genomini qadoqlaydi.

Delta gepatiti virusi dastlab B gepatiti virusi keltirib chiqaradigan infeksiyaning og‘irroq shakli kuzatilgan bemorlarda tavsiflangan. D gepatiti B gepatiti bilan bir vaqtda yuqishi mumkin; bu qo‘shma infeksiya (koinfeksiya) deb ataladi. Shuningdek, u surunkali B gepatiti ustiga qo‘shilishi (superinfeksiya) mumkin. Ikkala holatda ham bemorlarda faqat B gepatitiga qaraganda og‘irroq alomatlar kuzatiladi. Jumladan, o‘tkir infeksiya natijasida jigar yetishmovchiligining so‘nggi bosqichiga o‘tish, jigar sirrozining tez rivojlanishi, surunkali infeksiyalarda esa gepatotsellyulyar karsinoma rivojlanish xavfi ortadi.

Delta gepatiti virusi inson va hayvonlar patogenlari orasidahamo‘ziga xosdir: uning ayrim xususiyatlari o‘simlik viroidlari bilan, shuningdek, o‘simliklarning viroidga o‘xshash yo‘ldosh RNKlari bilan umumiylikka ega. Qon orqali yuqadigan bu patogen jigarda ko‘payib, o‘tkir gepatitni ham primatlarda, ham primat bo‘lmagan sutemizuvchilarda keltirib chiqarishi mumkin (ammo virusning yagona tabiiy xo‘jayini insondir). Dunyo bo‘ylab 15 milliondan ortiq odam delta gepatiti virusini yuqtirgan, shu bois u zamonaviy sog‘liqni saqlashning muhim muammolaridan biridir.

O‘rganilish tarixi

Delta gepatiti virusi haqida ilk xabarlar 1977-yil o‘rtalarida paydo bo‘lgan. Uni Mario Ritsetto[ingl.] va uning hamkasblari kashf etgan; ular B gepatiti virusini yuqtirgan va gepatitning ayniqsa og‘ir o‘tkir shakliga chalingan bemorlarni o‘rganishgan. U B gepatiti virusining yangi yadro antigeni sifatida tavsiflanib, delta antigeni (δ, HDAg) deb atalgan. Keyinchalik shimpanzelarda o‘tkazilgan tajribalar delta antigeni aslida ko‘payishi uchun B gepatiti virusi zarur bo‘lgan patogenning tarkibiy elementi ekanini ko‘rsatdi. 1980-yilgacha delta gepatiti virusi infeksion agent deb hisoblanmagan. Biroq virus patogen deb tan olingach, ko‘p o‘tmay uni aniqlashning samarali testlari ishlab chiqilgan. Bundan tashqari, D gepatiti bo‘yicha epidemiologik ma’lumotlarni yig‘ish boshlangan (bu ish janubiy Italiyadan boshlangan). Delta gepatiti virusining genomi klonlangan va sekvensiyalangan — bu 1986-yilda sodir bo‘lgan. 1993-yilda virus Viruslar taksonomiyasi bo‘yicha xalqaro qo‘mita tomonidan ro‘yxatga olinib, monotipik urug‘iga kiritilgan: Deltavirus.

Evolyutsiyasi va kelib chiqishi

Delta gepatiti virusining turli genotiplari tarqalishi

HDVning yagona tabiiy xo‘jayini insondir. Filogenetik tadqiqotlar natijalari uning Afrikadan kelib chiqqanini ko‘rsatadi. HDV yuqori darajadagi genetik xilma-xillikka ega. Uning evolyutsiyasini 3 ta asosiy mexanizm ta’minlaydi deb hisoblanadi: mutatsiyalar, tahrirlanish va rekombinatsiya. Turli baholarga ko‘ra, mutatsiyalanish tezligi yiliga har bir genom uchun 3⋅10-2 dan 3⋅10-3 tagacha nukleotid almashinuvini tashkil etadi. Bu tezlik infeksiya bosqichiga (o‘tkir bosqichda eng yuqori), genom sohasiga (konservativ bo‘lmagan sohalarda yuqori, konservativ sohalarda, masalan, ribozim hududida past) bog‘liq hamda davolash bosimi ta’sirida ortadi. HDVning mutatsiyalanish tezligi ko‘pgina RNK tutuvchi viruslarnikidan yuqori. Shu sababli HDV bitta zararlangan xo‘jayin organizmida kvaziturlar majmuasi sifatida aylanib yuradi, deb taxmin qilinadi. Aniqlanishicha, almashinuvlarning 70 % gacha qismi tahrirlanish natijasida yuzaga kelishi mumkin. HDVda rekombinatsiya ilk bor 1999-yilda tavsiflangan; u turli genotipdagi viruslar bilan zararlanishda yuz beradi, degan xulosaga kelingan. Rekombinatsiya gomologik rekombinatsiya yo‘li orqali sodir bo‘ladi. Unda xo‘jayin hujayraning RNK-polimerazasi qatnashadi, deb taxmin qilinadi.

Dastlab ushbu virusning 3 ta genotipi (I—III) tavsiflangan. I genotip Yevropada, Shimoliy Amerikada, Afrikada hamda Osiyoning ayrim hududlarida aniqlangan. II genotip Yaponiyada, Tayvanda, shuningdek, Yakutiyada uchraydi. III genotip faqat Janubiy Amerikada (Peru, Kolumbiya va Venesuela) uchraydi. Hozir delta gepatiti virusining kamida 8 ta genotipi (HDV-1 — HDV-8) ma’lum. HDV-1 dan tashqari ularning barchasi muayyan geografik hududlarga xos. HDV-2 (ilgari HDV-IIa deb atalgan) Yaponiya, Tayvan va Yakutiyada; HDV-4 (HDV-IIb) Yaponiya va Tayvanda; HDV-3 Amazonka havzasida; HDV-5, HDV-6, HDV-7 va HDV-8 Afrikada aniqlangan.

Hozir delta gepatiti virusining kelib chiqishi haqida ikkita asosiy nazariya mavjud. Ularga ko‘ra, HDV o‘simlik viroidlaridan kelib chiqqan va/yoki xo‘jayin hujayrasida splaysingga uchragan pre-mRNKdan[ingl.] kelib chiqishi mumkin. HDV RNKsi tuzilishi va replikatsiyasi jihatidan hozircha ma’lum bo‘lgan ikki viroid oilasiga mansub viroidlarning har biri bilan o‘xshash xususiyatlarga ega (Pospiviroidae va Avsunviroidae). Pospiviroidae bilan uni RNKning tayoqchasimon tuzilishi va yadroda replikatsiyalanishi, Avsunviroidae bilan esa ribozimning mavjudligi va simmetrik aylanma halqa mexanizmi bo‘yicha replikatsiya birlashtiradi. Bundan tashqari, HDV va o‘simlik viroidlarining RNKsi gomologik hujayra oqsillari bilan o‘zaro ta’sirlashadi. 2012-yilda o‘tkazilgan, ammo hali to‘liq tasdiqlanmagan tajribalar HDV barglariga kiritilgandan so‘ng pomidor nihollarida ham replikatsiyalanishi va ko‘payishi mumkinligini ko‘rsatdi. Bu HDV bilan viroidlar yaqinligining yana bir dalilidir. Biroq ushbu faraz delta antigenining kelib chiqishini va HDVning HBV bilan bog‘liqligini izohlab bermaydi.

Birinchi nazariyani to‘ldirishi mumkin bo‘lgan ikkinchi nazariyaga ko‘ra, HDV xo‘jayin hujayraning transkriptomidan kelib chiqqan bo‘lishi mumkin. Bu nazariyani qo‘llab-quvvatlovchi tadqiqotlarga ko‘ra, inson hujayralarida ribozim mavjud. Xususan, intronida ribozim joylashgan gen — CPEB3 — aniqlangan. Bu ribozimning ikkilamchi tuzilishi va biokimyoviy xususiyatlari HDV ribozimiga[ingl.] o‘xshaydi. Biroq psevdotugun tuzilish elementiga ega ribozimlar keyinchalik olamlarning barcha tirik organizmlarida, arxeylardan tashqari, shuningdek, hasharotlarning viruslarida ham aniqlangan. Delta antigeni ham xo‘jayin hujayradan kelib chiqqan bo‘lishi mumkin. Dastlab uning taxminiy ajdod oqsili DIPA (ingl. delta interacting protein A) hisoblangan. Keyinchalik bu oqsillar gomologik emasligi ma’lum bo‘lsa-da, DIPA HDAg bilan o‘zaro ta’sirlashishi mumkin.

Birlashtirilgan modelga ko‘ra, HDV viroidga o‘xshash element bilan hujayra pre-mRNKsi/mRNKsi o‘rtasidagi rekombinatsiya natijasida paydo bo‘lgan bo‘lishi mumkin.

Tuzilishi va genomi

Tashqi tasvirlar
Delta gepatiti virusi virionlari (sharsimon tuzilmalar) va bo‘sh subvirus zarrachalarining elektron mikrofotosurati

Delta gepatiti virusi diametri 35—37 nm bo‘lgan, B gepatiti virusi (HBsAg) sirt antigenlari bilan qoplangan zarrachadir. Uning zichligi 1,25 g/sm³ ni tashkil etadi (bu qiymat gradientda seziy xlorid ishlatilganda o‘lchangan). Uning sedimentatsiya koeffitsiyenti HBsAgdan iborat bo‘sh B gepatiti virusi (HBV) zarrachalari bilan to‘liq virion HBV ko‘rsatkichlari oralig‘ida bo‘ladi. HDV virioni uch asosiy tarkibiy qismdan tashkil topgan: delta antigeni molekulalari bilan bog‘langan genom RNKsi (nukleokapsid) va tashqi kapsid, u B gepatitining sirt antigenlaridan[ingl.] tashkil topgan. HDV qobig‘ida lipidlar bor va u HBVning uch turdagi glikoproteinlaridan: kichik (S-HBsAg), o‘rta (M-HBsAg) va yirik (L-HBsAg; taxminan 100 nusxa) shakllaridan tashkil topgan. Har ikkala virusda ham bu oqsillar gepatotsitlarga kirish va ulardan chiqish vazifasini bajaradi. HDV bilan zararlangan hujayralar to‘liq virus zarrachalaridan tashqari ko‘p miqdorda bo‘sh subvirus zarrachalarini (SVP) ham hosil qiladi; ular diametri 25 nm bo‘lgan sharsimon zarrachalar va diametri 22 nm bo‘lgan filamentsimon tuzilmalar.

HBV qobiq oqsillarining roli

B va delta gepatiti viruslari virionlarining tuzilishi

HBsAgning uchala shakli umumiy C-uchiga ega. Har bir turdagi HBsAgning taxminan 50 % qismi muayyan joyda N-glikozillanishga[ingl.] uchraydi. S-domenidan tashqari, M-HBsAg tarkibida N-uchki gidrofil PreS2 domeni, L-HBsAgda esa PreS2 dan tashqari PreS1 domeni ham mavjud. L-HBsAg HBV zarrachalarining yig‘ilishi va yuqumliligi[ingl.] uchun zarur, ammo uning o‘zi yetarli emas; S-HBsAg esa zarrachalarning hujayradan ajralib chiqishi uchun zarur. M-antigen yig‘ilish uchun ham, yuqumlilik uchun ham shart emas. HBVdan farqli o‘laroq, HDV yig‘ilishi uchun faqat S-HBsAg kerak bo‘ladi, biroq L-HBsAg bo‘lmasa, zarrachalar yuqumlilik xususiyatini yo‘qotadi. Zarur oqsillardagi bu farqlar HBV nukleokapsidi va HDV ribonukleoproteini bilan bog‘lanadigan sohalarning qobiq oqsillari sitozoldagi halqalarida turlicha joylashishi bilan izohlanadi. So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, HDV-1 genotipining yig‘ilishi (va yuqumliligi) faqat bitta HBV genotipiga bog‘liq emas. Bu jarayon boshqa gepadnaviruslarning sug‘ur, ko‘rshapalak va junli maymunlarga xos qobiq oqsillari ishtirokida ham yuz berishi mumkin..

Virus RNKlari

Delta gepatiti virusining RNKsi. R — ribozim

HDV virioni halqasimon genomni saqlaydi; u manfiy qutbli RNKdan[ingl.] iborat bo‘lib, RNKning ikkilamchi tuzilishida ikki zanjirli qismlar mavjud. Virus zararlangan hujayrada ko‘payganda yana ikkita asosiy virus RNKsini topish mumkin: genom RNKsiga komplementar bo‘lgan molekula (antigenom RNKsi yoki antigenom) hamda HDV mRNKsi. HDV genomining uzunligi atigi 1672—1697 nukleotidni tashkil qiladi. Bu uni sutemizuvchilarning ma’lum viruslari orasidagi eng kichigiga aylantiradi va o‘simlik viroidlariga yaqinlashtiradi. Genomda GC tarkibi yuqori (60 %), molekula ichidagi asoslarning juftlashish darajasi esa 74 % ga yetadi. Natijada genom tayoqchasimon tuzilma hosil qila oladi. Bunday tuzilmalar in vitro sharoitida ferment Dicer ta’sirida kesilishga chidamli. Zararlangan hujayrada taxminan 300 000 ta HDV genomi molekulasi bo‘lishi mumkin; ular yadro va sitoplazma o‘rtasida taqsimlanadi, bu esa replikatsiya sur’ati yuqoriligini ko‘rsatadi. HDV antigenom RNKsi replikatsiya siklining oraliq mahsuloti bo‘lib, genom RNKsiga komplementar (demak, musbat qutbli) va HDAgni kodlaydigan ketma-ketlikni saqlaydi. Uning miqdori genom RNKsiga nisbatan 5—22 marta kam; u faqat yadroda bo‘lgani uchun virionlarga qadoqlanmaydi. HDV oqsillari translyatsiya qilinadi — uzunligi 800 nukleotid bo‘lgan maxsus mRNKdan. Bu mRNK xo‘jayin hujayrasining DNKga bog‘liq RNK-polimeraza II fermenti tomonidan transkripsiyalanadi va hujayra mRNKlariga xos yetilish bosqichlaridan (jumladan, kep qo‘shilishi va poliadenillanish) o‘tadi.

Ribozim

HDV ribozimining fazoviy tuzilishi

HDVning genom va antigenom RNKlarida uzunligi taxminan 85 nukleotid bo‘lgan, o‘zini o‘zi kesuvchi qisqa ketma-ketliklar aniqlangan. Bu ribozimlar ketma-ketligi HDV genotiplari orasida yuqori konservativlikka ega bo‘lib, replikatsiya vaqtida hosil bo‘ladigan ko‘p birlikli RNK molekulalarini kesadi. HDV ribozimi o‘ziga xos tuzilish va funksional belgilarga ega bo‘lib, viroid ribozimlaridan farqlanadi. Ushbu ribozimlarning bir nechta kristall tuzilmasi olingan va ular yordamida psevdotugunlarga asoslangan kesish mexanizmi tavsiflangan. in vitro sharoitida ikki valentli metallar ionlari ishtirokida HDV ribozimi muayyan joydan transesterifikatsiya reaksiyasi natijasida kesilib, 5'-OH va 2'-, 3'-siklik monofosfat hosil qiladi. Yuqorida aytilganidek, xo‘jayin hujayralar genomida HDV ribozimiga juda o‘xshash ribozimlar mavjud.

Delta antigeni

Delta antigeni oligomerlashish domeni

Delta gepatiti virusining antigenom RNKlarining bir qismi replikatsiya vaqtida tahrirlanadi: muayyan adenozin qoldig‘i (1014-holatda) dezaminlanib, inozinga aylanadi. Bu jarayon RNKga ta’sir qiluvchi hujayra fermenti — adenozindezaminaza[ingl.] (ADAR1) tomonidan bajariladi. Keyingi replikatsiyada o‘zgargan qoldiq Uotson–Krik juftini sitozin bilan hosil qiladi, uridin bilan emas; natijada 1014-holatdagi dastlabki adenozin guanozin bilan almashinadi. Tahrirlanishning o‘ziga xosligi, ehtimol, delta gepatiti virusining RNK birlamchi va ikkilamchi tuzilishlari bilan belgilanadi.

ADAR1ning ikkita izoformasi mavjud: kichigi (ADAR1-S) va kattasi (ADAR1-L); ularning C-uchi bir xil. ADAR1-S ko‘proq tarqalgan, doimiy ifodalanadi va yadroda joylashadi. ADAR1-L esa, asosan, sitoplazmada uchraydi va uning ekspressiyasi interferon ta’sirida kuchayadi. Aniqlanishicha, ADAR1-L sitoplazmadagi transkriptlarni juda samarali tahrirlaydi. Biroq keyinchalik HDV RNKsi sitoplazmada emas, yadroda tahrirlanishi va bu jarayon o‘sha yerda joylashgan ADAR1-S orqali amalga oshishi ko‘rsatilgan. Shunga qaramay, 2004- va 2006-yillardagi tadqiqotlar interferon bilan ishlov berilgach HDV RNKsi tahrirlanishining kuchayishi ADAR1-S emas, ADAR1-L bilan bog‘liq bo‘lishi mumkinligini ko‘rsatgan.

Tahrirlanish natijasida stop-kodon UAG odatda oqsil sintezini 195-aminokislota qoldig‘ida to‘xtatib, ochiq o‘qish ramkasini tugatsa, u triptofanni kodlovchi UGG kodoniga almashadi. Tahrirlangan antigenom RNKlar replikatsiya vaqtida genom RNKlarini hosil qiladi; ular esa RNK-polimeraza II tomonidan o‘zgartirilgan mRNKlarga transkripsiyalanadi. Delta gepatiti virusi mRNKlarining 30 % gacha qismida stop-kodon o‘zgargan bo‘ladi. Ushbu mRNKlardan uzunroq peptid — 214 aminokislota qoldig‘idan iborat oqsil sintezlanadi. Shunday qilib, delta gepatiti virusida antigenning ikki shakli bor: kichik shakli 195 aminokislota qoldig‘i va massasi 24 kDa, katta shakli esa 214 aminokislotadan iborat bo‘lib, massasi 27 kDa. Ikkala shaklning N-uchlari bir xil; ular C-uchidagi 19 ta aminokislota qoldig‘i bilan farqlanadi. C-uchidagi farqdan tashqari, ularning N-uchida motiv — qo‘sh spiral[ingl.] mavjud; u dimerlanish uchun zarur. Delta antigeni dimerlarida argininga boy motiv mavjud bo‘lib, ular virus RNKlariga bog‘lanish imkonini beradi. Biroq L-HDAgning uzaygan C-uchida to‘rtta o‘ziga xos sistein qoldig‘i bo‘lib, ular farnezillanish jarayonining nishonidir. Bu posttranslyatsion modifikatsiyadan so‘ng L-HDAg HBVning sirt oqsillari bilan o‘zaro ta’sirlashib, yangi virus zarrachalarining yig‘ilishiga yordam beradi.

Delta antigenining kichik va katta shakllarida yadroga yo‘naltirish signali va RNK bilan bog‘lanish sohalari mavjud. Ayrim o‘zaro ta’sirlarni N-uchdagi qo‘sh spiral motivi ta’minlaydi. Aminokislota ketma-ketliklari 90 % o‘xshash bo‘lishiga qaramay, bu ikki shakl virus infeksiyasida turli vazifalarni bajaradi. Kichik delta antigeni virus RNKsining replikatsiyasi uchun zarur va infeksiyaning dastlabki bosqichlarida faoliyat ko‘rsatadi. Katta delta antigeni esa virus genomini qadoqlashda qatnashadi hamda virus RNKsi replikatsiyasini to‘xtatuvchi ingibitor vazifasini bajaradi. Delta antigenining ikki shakli infeksiyaning turli bosqichlarida ekspressiyalangani sababli RNK tahrirlanishi qat’iy boshqarilishi kerak. Hozircha bu boshqaruv mexanizmlari yetarli o‘rganilmagan.

Ribonukleoprotein

HDV genom RNKsi HDAg bilan bog‘lanib, virus zarrachalarida ham, zararlangan hujayralarda ham uchraydigan ribonukleoproteinni hosil qiladi. U nafaqat virion yig‘ilishi, balki HDV RNKsining yadro bilan sitoplazma o‘rtasida ko‘chishi uchun ham kerak. Ushbu ribonukleoproteinning tuzilishi va stexiometriyasi bahsli masaladir. Dastlabki tadqiqotlarda viriondagi genom RNKsi 70 ta HDAg molekulasi bilan bog‘langani, zararlangan hujayra yadrosidagi genom hamda antigenom RNKlari esa 30 ta HDAg molekulasi bilan ribonukleoprotein hosil qilishi ko‘rsatilgan. Keyingi tadqiqotlar virionlar va zararlangan hujayralarda har bir genom molekulasiga 200 ta HDAg molekulasi to‘g‘ri kelishini ko‘rsatgan. Biroq so‘nggi izlanishlar bu ko‘rsatkichlarni shubha ostiga qo‘ydi: delta antigeni molekulalari RNK bilan bog‘langanda oligomerlashadi RNK bilan bog‘langanda. Antigen molekulalari RNKga kam miqdorda bog‘langanda buni hisobga olish ayniqsa muhim. Bundan tashqari, HDAgning genomga bog‘lanish xosligi, aftidan, RNKning ikkilamchi tuzilishi bilan belgilanadi, birlamchi tuzilishi bilan emas.

Hayot sikli

Delta gepatiti virusi (HDV) va yordamchi B gepatiti virusi (HBV)ning hayot sikli. NC — HBV nukleokapsidi, rcDNK — bo‘shashgan halqasimon DNK, cccDNK — kovalent yopiq halqasimon DNK, RT — teskari transkriptaza, MVB — multivezikulyar tanacha, SVPs — subvirus zarrachalari, G RNK — genom RNKsi, AG RNK — antigenom RNKsi, RNP — ribonukleoprotein, HSPGs — geparansulfat proteoglikanlar.

Hujayraga kirishi

HDVning jigarga moyilligi va gepatotsitlar ichida ko‘payish qobiliyati ularning HBV bilan koinfeksiyasiga bog‘liq. HDV virionlari yig‘ilishi uchun o‘sha hujayrada HBV sirt ekspressiyasi oqsillari — glikoproteinlari zarur bo‘lsa-da, ikkala virus replikatsiyasining qolgan jihatlari bir-biridan butunlay mustaqil. Jigarga xos transkripsiya omillariga muhtoj HBVdan farqli ravishda, HDV genomi hujayraga oldindan kiritilsa, turli sutemizuvchilar hujayralarida replikatsiyalanishi mumkin. HBV va HDV qobiqlarining tuzilishi juda o‘xshashligi sababli, ularning nishon hujayraga birikishi va kirishi mexanizmlari ham umumiy, deb taxmin qilish mumkin. Darhaqiqat, HBVning hujayraga kirishi haqidagi hozirgi ma’lumotlarning katta qismi HDV infeksiya modellaridan olingan.

Har ikkala virus yuqumli bo‘lishi uchun L-HBsAg kerak. N-uchki 75 ta aminokislota qoldig‘idagi (Pre-S1 domeni) muayyan mutatsiyalar yoki miristoillanishni[ingl.] to‘xtatish virusni yuqumlilikdan mahrum qilishi mumkin. Yuqumlilikka S-HBsAgning antigen halqa domeni va uning glikozillanish xususiyati ham ta’sir qiladi, chunki bu domendagi mutatsiyalar PreS1 domenidan qat’i nazar infeksiya rivojlanishini to‘xtatishi mumkin.

Hujayraga kirish uchun HBV va HDV avval uning yuzasiga birikishi kerak; bu hujayradagi proteoglikanlar geparansulfatlar[ingl.]. HDV zarrachalarining hujayraga birikishi 15 martadan ko‘proq oshgan (4—5 % li polietilenglikol bilan ishlov berilgach). HDV va HBVning birikishida ishtirok etuvchi aniq geparansulfatlar hali aniqlanmagan, biroq 2015-yilda bu jarayonda glipikan-5[ingl.] eng muhim ekani ko‘rsatilgan. Hujayraga birikish infeksiya uchun zarur, ammo yetarli emas; geparansulfatlar bilan bog‘langan viruslarning hujayraga kirishi baribir to‘sib qo‘yilishi mumkin. Bundan tashqari, birikishdan keyingi kirish jarayoni ancha sekin kechadi. Masalan, insonning birlamchi gepatotsitlari HDV bilan 3 soat ta’sirlashgach, virus zarrachalarining yarmidan ko‘prog‘i hujayra yuzasida qolgan va shu bois hujayraga kirishni bloklaydigan ingibitorlarga (masalan, L-HBsAg N-uchidagi PreS1 domenining bir qismiga mos peptidga) sezgir bo‘lgan. HDV va HBVning hujayraga birikishi suramin ta’sirida to‘silishi aniqlangan; shu bois bu jarayonga purinergik retseptorlar[ingl.].

2012-yilda HBV va HDVning funksional retseptori natriy bilan birga tashiladigan tauroxolat transporti polipeptidi (hNTCP, SLC10A1 geni tomonidan kodlanadi) ekani aniqlangan. NTCP gepatotsitlar bazolateral membranasida joylashib, o‘t kislotalari tuzlarining jigarda tashilishida qatnashadi. Aftidan, virus infeksiyasini natriy emas, o‘t kislotalarini bog‘lovchi aminokislotalar ta’minlaydi. NTCP va HBV/HDV o‘rtasidagi o‘zaro ta’sir virus sirt oqsillarining N-uchidagi 75 ta aminokislota qoldig‘i (PreS1 domeni) hamda NTCPning tashqi qatlamdagi 5-spiralda joylashgan, hujayra membranasidagi bog‘lanish sohasi orqali yuz beradi. HDV genomi to‘g‘ri yetkazilsa, virus turli xil hujayralarda (faqat inson gepatotsitlarida emas) replikatsiyalanishi mumkin. Shu sababli hNTCP-transgen sichqonlar[ingl.] ham HDVni yuqtira olishi ko‘rsatilgan.

Yadroga tashilish

HBV hujayraga klatringa bog‘liq endotsitoz yo‘li bilan kiradi va erta hamda kech endosomalardan o‘tadi; bunda muhitning kislotalanishi va proteaza faolligi unga ta’sir qilmaydi. HDV uchun buni tasdiqlovchi dalillar yo‘q, ammo L-HDAg klatrin bilan o‘zaro ta’sirlashganda adapter oqsil[ingl.] bo‘lib xizmat qilishi mumkinligi ko‘rsatilgan. Hujayraga kirib, genom qobiqdan ajralgach, HDV ribonukleoproteinining yadroga tashilish bosqichlari hali to‘liq o‘rganilmagan. Uning sitoplazma va yadro o‘rtasida harakatlanishi HDAg hamda uning importinlar bilan o‘zaro ta’siri orqali yuz berishi mumkin. Nukleokapsid yadroga delta antigenidagi yadroga yo‘naltirish signali tufayli ko‘chiriladi.

Replikatsiya va oqsil sintezi

Delta gepatiti virusining replikatsiyasi va transkripsiyasi

Replikatsiya vaqtida antigenom RNKsi faqat yadroda bo‘ladi va yadrochada sintezlanadi. Nukleoplazmada sintezlangan genom RNKsi molekulalari esa yadroda navbatdagi replikatsiya sikliga kirishi yoki yangi virus zarrachalarini yig‘ish uchun sitoplazmaga chiqarilishi mumkin.

HDV ikki tomonlama aylanma halqa mexanizmi bo‘yicha RNKga bog‘liq RNK replikatsiyasi orqali ko‘payadi. Bunda hujayraning DNKga bog‘liq RNK-polimerazalari qatnashadi va ular, aftidan, o‘z xosligini DNKdan RNKga o‘zgartiradi. Ikki tomonlama aylanma halqa mexanizmi viroidlardagi simmetrik aylanma halqa replikatsiyasiga o‘xshaydi, ammo mRNK sintezi bosqichini ham o‘z ichiga oladi. U turli qutblilikdagi ikkita halqasimon RNK qolipiga (genom va antigenom) asoslanadi va oraliq mahsulot sifatida ko‘p birlikli chiziqsimon transkriptlar hosil bo‘lishini o‘z ichiga oladi.

HDV RNKsining replikatsiyasi uchun uch turdagi fermentativ faollik zarur:

  • polimeraza faolligi — halqasimon qoliplarda oligomer zanjirlarni sintezlash uchun; birinchi bosqichda genom qolipida antigenom, ikkinchisida antigenom qolipida genom sintezlanadi;
  • ribozimga bog‘liq RNKaza faolligi — ushbu zanjirlarni monomerlarga ajratish uchun;
  • ligaza faolligi — monomerlarni halqaga birlashtirish uchun.

Genomi kattaroq ba’zi RNK tutuvchi viruslardan farqli ravishda, HDVning o‘z RNKga bog‘liq RNK-polimerazasi yo‘q. Bundan tashqari, boshqa yo‘ldosh viruslardan farqli o‘laroq, HDV yordamchi virus (ya’ni HDV virionlari faqat uning ishtirokida hosil bo‘ladigan virus) polimerazasidan ham foydalanmaydi; u to‘liq xo‘jayin hujayraning fermentlariga tayanadi. HDV replikatsiyasida RNK-polimeraza II ishtirok etishini ko‘rsatadigan bir qancha dalillar bor. Birinchidan, hujayra mRNKlari kabi HDV mRNKlarining 5'-uchida kep, 3'-uchida poli(A)-dum mavjud; ikkinchidan, HDV RNKsi transkripsiyasi kichik dozalarda α-amanitin — ingibitori ta’sirida bostiriladi — bu modda RNK-polimeraza II ni to‘xtatadi; nihoyat, RNK-polimeraza II HDVning genom hamda antigenom RNKlariga bog‘lana oladi. Antigenom RNKsi sintezi α-amanitinga ma’lum darajada chidamli ekani haqida ma’lumotlar mavjud; demak, transkripsiyada RNK-polimeraza I[ingl.] ham qatnashishi mumkin. RNK-polimeraza III ham RNK-polimeraza I kabi HDV RNKsi bilan ta’sirlashishi, genom va antigenom sintezi esa yadroning turli hududlarida kechishi ko‘rsatilgan.

Ushbu virus genom RNKsining transkripsiyasi va replikatsiyasi o‘rtasidagi farqlardan biri — ularda ishlatiladigan fermentlardir. Transkripsiya bilan replikatsiya turli joylarda boshlanishi, demak, turli RNK-polimerazalardan foydalanishi isbotlangan. Bundan tashqari, genom replikatsiyasi mexanizmi mRNKning 3'-uchini yetiltirish uchun zarur kesish/poliadenillanish signalini tanimaydi. Hujayrada rRNK genlarini transkripsiyalaydigan RNK-polimeraza I RNK-polimeraza II transkriptlarini kesish va poliadenillashda ishtirok etuvchi hujayra omillari bilan o‘zaro ta’sirlashmaydi. Bu genom RNKsi qolipida aylanma halqa mexanizmi bilan sintezlangan ko‘p birlikli antigenom RNKlar poliadenillanish signali bo‘yicha kesilmasligini izohlashi mumkin.

Tajriba natijalarining muqobil talqiniga ko‘ra, replikatsiya uchun ham, transkripsiya uchun ham RNK-polimeraza II ishlatiladi. Ushbu modelga ko‘ra, kesuvchi hujayra omillari poliadenillanish signalini hamma vaqt ham tanimaydi; shu sababli bitta hujayra RNK-polimerazasi yordamida ko‘p birlikli antigenom qoliplarini ham, uzunligi 800 nukleotidli mRNKlarni ham sintezlash mumkin. Biroq bu model antigenom qoliplari sintezining α-amanitinga sezgir emasligini izohlamaydi.

HDV replikatsiyasida alohida polimerazalarning aniq roli hali aniqlanishi kerak bo‘lsa-da, HDV DNKga bog‘liq RNK-polimerazani RNK bilan ishlashga majbur qila olishi ma’lum. Bu o‘tish mexanizmlari ko‘p jihatdan noma’lum. Ehtimol, RNK-polimeraza II xosligining o‘zgarishida S-HDAg qatnashadi. U RNK-polimeraza II bilan bog‘lanib, elongatsiyani bevosita rag‘batlantirish yoki tormozlovchi ta’sirlarni bartaraf etish orqali transkripsiyani kuchaytirishi mumkin. Bundan tashqari, u RNK-polimeraza IIning 9 ta (jami 12 ta) subbirligi bilan biokimyoviy ta’sirlashadi. Ehtimol, bu o‘zaro ta’sir faqat RNK-polimeraza II bilan cheklanmaydi, chunki S-HDAg yadrocha oqsillari (jumladan, nukleofosmin va nukleolin) bilan ta’sirlashadi yoki ular bilan bir joyda uchraydi. Bu RNK-polimeraza I ham HDV replikatsiyasida qatnashishining qo‘shimcha dalili bo‘lishi mumkin. DNKga bog‘liq ferment genom RNKsining qisman ikki zanjirli tayoqchasimon tuzilishi tufayli u bilan ishlashi ham ehtimol.

HDV mRNKsida delta antigenini kodlovchi yagona ochiq o‘qish ramkasi mavjud. HDV RNKsida transkripsiyani boshlash joylari yoki promotorlarning mavjudligi bahsli. HDAg mRNKsining 5'-uchki sohasi tayoqchasimon genom RNKsining bir uchiga mos kelishi, murakkab ikkilamchi tuzilishga egaligi va HDV replikatsiyasida muhim rol o‘ynashi mumkinligi ko‘rsatilgan.

Genom va antigenom molekulalar chiziqsimon poli- yoki oligomer oldingi molekulalarning kesilishi natijasida hosil bo‘ladi. Kesilishni genomda ham, antigenomda ham mavjud ribozim amalga oshiradi. Monomerlarni halqaga (genom yoki antigenom) birlashtirish uchun ligaza faolligi talab qilinadi. Ayrim tadqiqotlar bu jarayonda xo‘jayin hujayra ligazasi qatnashishini ko‘rsatgan, chunki HDV RNKsining birikishi faqat sutemizuvchi hujayralarida yuz beradi; boshqa tadqiqot esa HDV ribozimi ketma-ketliklarining o‘z-o‘zini ligatsiyalash qobiliyatini aniqlagan.

Virionlarning yig‘ilishi

HDV virioni hosil bo‘lishi uchun HDV ribonukleoproteini kamida S- va L-HBsAg bilan qoplanishi kerak. Shu sababli HDV zarrachalari faqat HBV bilan bir vaqtda zararlangan hujayralarda yig‘iladi. HDV zarrachalarining yig‘ilishi va hujayradan chiqishi bilan bog‘liq ko‘p savollar hali javobsiz. HBV zarrachalarining ajralib chiqishi uchun PreS1 bilan PreS2 o‘rtasidagi bog‘lovchi sohani ham o‘z ichiga oladigan HBsAg sitoplazmatik domeni zarur bo‘lsa, HDV uchun bu shart emas. Shu asosda HDV asosan subvirus zarrachalarining Golji apparati orqali chiqarilish yo‘lidan foydalanadi, multivezikulyar tanacha orqali emas, deb taxmin qilingan. HDV virionlarining eksportida klatrin qatnashishi mumkin. HDV ribonukleoproteini atrofida qobiq hosil bo‘lishi uchun L-HDAgning C-uchki qismini farnezillash zarur, chunki bu uning HBsAgning S-qismi bilan bog‘lanishini boshqaradi. Farnezillanish davomida 15 ta atomli uglerod zanjiri L-HDAg C-uchidagi saqlangan motivga C211XXQ-qutichasiga biriktiriladi; bu motiv HDVning barcha genotiplarida konservativdir.

Hujayra oqsillari bilan o‘zaro ta’siri

HDV RNKsi yuqumlilikni imkon qadar oshirish uchun xo‘jayin hujayraning turli oqsil omillari bilan ta’sirlashadi. Bu bevosita yoki HDAg orqali sodir bo‘lishi mumkin. HDAg turli posttranslyatsion modifikatsiyalarga uchrashi mumkin, jumladan: fosforillanish, atsetillanish, metillanish, SUMOylanish[ingl.] va farnezillanish. Bu unga turli hujayra oqsillari bilan ta’sirlashish va virusning yuqumliligini tartibga solish imkonini beradi. Qiziqarli misollardan biri HDAgning YY1[ingl.] transkripsiya omili bilan o‘zaro ta’siri bo‘lib, bu CBP/p300[ingl.] (ikkita bromodomen tutuvchi oqsil) kompleksining yig‘ilishini qo‘zg‘atib, HDV replikatsiyasini kuchaytiradi.

HDV hayot siklining turli bosqichlariga RNKning oqsillar bilan bevosita ta’sirlashuvi ham ta’sir qiladi. Glitseraldegid-3-fosfatdegidrogenaza[ingl.] (GADPH) odatda glyukoza metabolizmida qatnashadi. Ammo uning HDV genom yoki antigenom RNKsi bilan bog‘lanishi oqsilni yadroga ko‘chishga va virusning ribozim faolligini kuchaytirishga majbur qiladi. HDV infeksiyasi paytida GADPH molekulyar shaperon sifatida ishlaydi, ya’ni virus RNKsini yozib, uni ikki psevdotugunli konformatsiyaga keltiradi va shu orqali o‘z-o‘zini kesishni kuchaytiradi.

HDV RNKsining hujayra oqsillari bilan bevosita bog‘lanishiga yana bir misol — HDVning uchala RNKsi bilan PKR[ingl.] — kinaza o‘rtasidagi o‘zaro ta’sir. Bu kinaza turli hujayra omillarini, jumladan, eIF2a[ingl.]ni faollashtiradi. U translyatsiya boshlanishidan oldingi kompleksning muhim omili bo‘lib, tug‘ma immunitetda katta rol o‘ynaydi. HDV RNKsi bilan ta’sirlashish PKRni faollashtiradi, holbuki bu oqsil odatda bir zanjirli emas, ikki zanjirli RNKlar bilan bog‘lanadi. Ehtimol, HDV RNKsida mavjud ikki zanjirli sohalar shu o‘zaro ta’sir uchun yetarlidir. Quyidagi jadvalda HDV bilan o‘zaro ta’sirlashadigan boshqa hujayra oqsillari (yuqorida tilga olingan RNK-polimerazalardan tashqari) keltirilgan.

OqsilSog‘lom hujayradagi vazifasiHDVdagi taxminiy vazifasi
GADPHGlyukoza metabolizmiHDV ribozimining faolligini kuchaytiradi
PKRTranslyatsiyaPosttranslyatsion modifikatsiyalar
PSFPre-mRNKni qayta ishlashHDV RNKsini RNK-polimeraza II ga jalb qiladi
p54nrbPre-mRNKning qayta ishlanishi?
hnRNPL[ingl.]Pre-mRNKning qayta ishlanishi?
ASFPre-mRNK splaysingi?
eEF1A1[ingl.]Translyatsiya?
NUMA1[ingl.]Bo‘linish urchug‘ini barqarorlashtirish?
ANKS6??
FBXL-17Ubikvitinli kompleks?

Kasalliklar bilan bog‘liqligi

Insonda HDV jigarning og‘ir kasalligi — D gepatitini keltirib chiqaradi. Alomatlar B gepatitidagi kabi, ammo ancha kuchli namoyon bo‘ladi. Bundan tashqari, D gepatitida jigar sirrozi rivojlanish xavfi ancha yuqori. Kasallikning kechishi delta gepatiti virusining genotipiga bog‘liq bo‘lishi mumkin: 1-genotip keltirib chiqargan infeksiya 2- va 4-genotipli viruslar sababli yuzaga keladigan infeksiyalarga nisbatan og‘irroq o‘tadi. Shuningdek, delta gepatiti virusining oqsillari jigar hujayralari proteomida ularning xavfli o‘smaga aylanishiga yordam beruvchi o‘zgarishlarni keltirib chiqarishi mumkin. Shunday qilib, D gepatiti gepatotsellyulyar karsinoma rivojlanishiga asos bo‘lishi mumkin. Bundan tashqari, D gepatitini interferon bilan davolash ko‘pincha qalqonsimon bez faoliyatining buzilishiga olib keladi.

Delta gepatiti virusining jigardagi autoimmun kasalliklar, jumladan, Shegren sindromi rivojlanishida ishtirok etishi mumkinligi ko‘rsatilgan.

Eksperimental modellar

Delta gepatiti virusi kashf etilgach, uni keyingi o‘rganishda in vitro hamda in vivo.

In vitro

Yuqorida aytilganidek, HDV genomi hujayraga yetkazilsa, virus HBVdan farqli ravishda faqat gepatotsitlarda emas, turli sutemizuvchi hujayralarda ham ko‘paya oladi. Virus replikatsiyasi bo‘yicha ko‘pchilik tadqiqotlar hujayralarning in vitro transfeksiyasi modelida, xususan, gepatotsellyulyar karsinoma hujayra liniyalarida (jumladan, Huh7, HepG2) o‘tkazilgan. Biroq virus zarrachalarini yig‘ish uchun HBV oqsillari zarur bo‘lgani sababli, ko‘pincha uning sirt oqsillarini kodlaydigan plazmidlar bilan birgalikda transfeksiya qilinadi.

Yaqin vaqtgacha HDVni faqat insonning differensiatsiyalangan birlamchi gepatotsitlariga (PHH), shimpanze yoki tupayya gepatotsitlariga, shuningdek, transformatsiyalanmagan HepaRG liniyasi hujayralariga yuqtirish mumkin edi. Bu hujayralar bilan ishlash murakkab, tajribalarni takrorlash esa qiyin bo‘lgan. hNTCPning HDV retseptori ekani aniqlanishi vaziyatni o‘zgartirdi: bu HDVni tadqiqot uchun qulayroq hujayralarga yuqtirish imkonini berdi.

In vivo

Delta gepatiti virusining tabiiy xo‘jayini inson bo‘lsa-da, ayrim sutemizuvchilar ham unga sezgir. HDV shimpanzelarda HBV yordamchi virus bo‘lgan holda, shuningdek, sug‘urlarda (yordamchi virus sifatida gepadnavirus — sug‘ur virusi ishlatilgan) keng o‘rganilgan. Bundan tashqari, HDVni o‘rganishda malay tupayyasidan ham foydalanilgan; u HBVga sezgir, junli maymunlar va keyingi paytlarda ko‘rshapalaklar ham ishlatilgan. Hozirgacha HDVni o‘rganish uchun turli sichqon modellari yaratilgan.

Qo‘llanilishi

Delta gepatiti virusi ribozimidan gen ekspressiyasini boshqaruvchi sun’iy tartibga soluvchi elementlarni yaratishda foydalaniladi. Masalan, MAP4K4[ingl.] geni ekspressiyasini boshqarish uchun allosterik boshqariladigan HDV ribozimi va unga kiritilgan teofillin aptameridan iborat tuzilma yaratilgan. U birlamchi mikroRNK bilan birgalikda gen ekspressiyasini susaytirish (saylensing) — jigar hujayralarida MAP4K4 genini RNK darajasida boshqarish — jarayonini RNK-interferensiyasi orqali amalga oshirishi mumkin.

Adabiyotlar