Antidiuretik gormon

Antidiuretik gormon
Identifikatorlar
Boshqa nomlariADHargipressinAVPvasopressinarginine-vasopressinantidiuretik gormon
Tashqi IDGeneCards:
RNK ekspressiyasi xususiyatlari
Bgee
OdamSichqon (ortolog)
BioGPS
Qo‘shimcha ma’lumotlar
Ortologlar
TurOdamSichqon
Entrez
Ensembl
UniProt
RefSeq (mRNK)

ma’lumot yo‘q

ma’lumot yo‘q

RefSeq (oqsil)

ma’lumot yo‘q

ma’lumot yo‘q

Lokus (UCSC)ma’lumot yo‘qma’lumot yo‘q
Quyidagidan qidirish: PubMedma’lumot yo‘qma’lumot yo‘q
Логотип Викиданных Vikima’lumotlardagi axborot
Ko‘rish (odam)

Arginin-vazopressin (AVP), shuningdek, vazopressin, argipressin yoki antidiuretik gormon (ADG) — peptid gormon gipotalamusda sintezlanadi va ko‘pchilik sutemizuvchilarda uchraydi.

Ko‘p hollarda uning tarkibida arginin bo‘ladi, shuning uchun u arginin-vazopressin yoki argipressin deb ham ataladi. Gormon gipofizning orqa bo‘lagida (ya’ni neyrogipofizda) to‘planib, u yerdan qonga ajraladi. Uning asosiy vazifalari organizmda suyuqlikni saqlash va qon tomirlarini toraytirishdan iborat. Vazopressin organizmdagi suv miqdorini buyraklarda suvning qayta so‘rilishini (reabsorbsiyani) kuchaytirish (bunda siydik konsentratsiyasi oshib, hajmi kamayadi) orqali boshqaradi. Bunda buyrakning yig‘uvchi naychalari funksional birlik — nefron hosil qilgan suyultirilgan (konsentrlanmagan) siydikni qabul qiladi. Vazopressin buyrak yig‘uvchi naychalarining suv o‘tkazuvchanligini oshiradi. Gormon sekretsiyasi qon plazmasida osmolyarlik oshganda hamda hujayradan tashqari suyuqlik hajmi kamayganda kuchayadi. Bundan tashqari, u qon tomirlariga va bosh miyaga ham ta’sir ko‘rsatadi.

Tuzilishi

9 ta aminokislotadan iborat: Cys-Tyr-Phe-Gln-Asn-Cys-Pro-(Arg yoki Lys)-Gly. Sutemizuvchilarning ko‘pchiligida 8-o‘rinda arginin (arginin-vazopressin, AVP), cho‘chqalar va ularga qarindosh ayrim hayvonlarda esa lizin (lizin-vazopressin, LVP) joylashgan. Cys1 va Cys6 qoldiqlari o‘rtasida disulfid bog‘ hosil bo‘ladi.

Vazopressinning tuzilishi oksitotsinning tuzilishiga juda o‘xshaydi. U ham disulfid ko‘prikchali nonapeptid gormon bo‘lib, aminokislotalar ketma-ketligi faqat ikkita o‘rinda farq qiladi. Oksitotsin va vazopressin genlari bitta xromosomada joylashgan va aksariyat hollarda ularni nisbatan qisqa masofa (15,000 asosdan kam) ajratib turadi. Bu ikki peptidning o‘xshashligi ayrim o‘zaro kesishuvchi reaksiyalarni keltirib chiqarishi mumkin: oksitotsin biroz antidiuretik faollikka ega, ADG miqdori yuqori bo‘lganda esa bachadon qisqarishi yuz berishi mumkin.

Sintez va sekretsiya

Vazopressinning katta qismi gipotalamus supraoptik yadrosidagi yirik hujayrali neyronlarda sintezlanadi. Mazkur neyronlarning uzun o‘simtalari, ya’ni aksonlari gipofizning orqa bo‘lagiga («neyrogipofiz») yo‘nalib, qon tomirlari bilan sinapsga o‘xshash tutashuvlar hosil qiladi. Neyronlar tanasida sintezlangan vazopressin akson transporti orqali akson uchlariga yetkaziladi va presinaptik vezikulalarda to‘planadi, neyron qo‘zg‘alganda qonga ajraladi .

Retseptor turlari va gormonal signalni hujayra ichida uzatish tizimlari

Barcha vazopressin retseptorlari klassik membrana retseptorlari bo‘lib, geterotrimer G-oqsillar bilan bog‘langan.

V1A va V1B-retseptorlar (V1R) Gq-oqsillari bilan bog‘lanib, gormonal signal uzatilishining fosfolipaza-kalsiy mexanizmini faollashtiradi.

Buyraklarda V1R retseptorlari yig‘uvchi naychalar epiteliy hujayralarida yuqori zichlikda joylashgan. V1A-retseptorlar qon tomirlarining silliq mushaklarida topilgan bo‘lib, fosfoinozitol kaskadi orqali hujayra ichidagi kalsiy miqdorini oshirib, tomirlarning torayishiga sabab bo‘ladi. V1R retseptorlari, shuningdek, kardiomiotsitlarda, bosh miyada, urug‘donda, yuqori bo‘yin tugunida va jigarda uchraydi.

Bu retseptorlarning agonistlari bilish jarayonlarini rag‘batlantiradi hamda skopolamin ta’sirida yuzaga kelgan fazoviy xotira buzilishlarini bartaraf etadi; antagonistlari esa xotiradagi ma’lumotlarni qayta tiklashni yomonlashtiradi. Ushbu moddalardan foydalanish ularni organizmga yuborish usuli bilan cheklangan. Xotiraga ta’sir qiluvchi V1R agonistlariga NC-1900 va [pGlu4,Cyt6]AVP misol bo‘la oladi.4-9.

V1B (V3)-retseptorlar gipofizning oldingi bo‘lagida («adenogipofiz») va bosh miyada ekspressiyalanadi, bu yerda vazopressin neyromediator vazifasini bajaradi. Ular stressga xulq-atvor va neyroendokrin moslashuv uchun javobgar bo‘lib, ayrim psixiatrik holatlar, xususan depressiya bilan bog‘liq. Ushbu retseptorlar asosan selektiv antagonist SSR149415 yordamida o‘rganiladi.

V2-retseptorlar Gs-oqsillari bilan bog‘lanadi va gormonal signalni uzatishning adenilatsiklaza mexanizmini rag‘batlantiradi. Ular asosan buyrakning yig‘uvchi naychalarida joylashgan. Vazopressinning antidiuretik ta’siri V2R faollashuvi orqali namoyon bo‘ladi. Vazopressin buyrak yig‘uvchi naychalarining osmotik suv o‘tkazuvchanligini oshirish orqali suv ajralishini boshqaradi. Bu ta’sir V2R ning Gs oqsili bilan bog‘lanib, siklik adenozinmonofosfat (sAMF) signalini faollashtirishi bilan izohlanadi.

Ushbu retseptorlar qandsiz diabetga qarshi qo‘llanadigan ko‘plab dorilarning nishonidir. Markaziy nerv tizimida ular kognitiv buzilishlarga qarshi ta’sir nishoni bo‘lishi mumkin. Biroq batafsil o‘rganilgan yagona modda bu retseptorlar agonisti DDAVP (desmopressin, 1-deamino-8-D-arginin-vazopressin) bo‘lib, u xotira va bilish qobiliyatini kuchaytiradi.

Fiziologik ta’sirlari

Gipofizning oldingi bo‘lagida — adenogipofizda vazopressin kortikotropin-rilizing-gormon bilan birga AKTG ajralishini rag‘batlantiradi.

Buyraklar

Vazopressin ( natriyuretik peptidlar, aldosteron va boshqalar bilan birga) suvning buyrak orqali chiqarilishini boshqaradigan gormonlardan biridir. Yig‘uvchi naychadagi V2-retseptorlarga vazopressinning bog‘lanishi asosiy hujayralarning apikal membranasiga suv kanali oqsili — akvaporin 2 kirib borishiga olib keladi. Bu epiteliyning suv o‘tkazuvchanligini oshirib, suvning reabsorbsiyasini kuchaytiradi. Vazopressin bo‘lmaganda, masalan, qandsiz diabetda odamning sutkalik diurezi 20 l ga yetishi mumkin, me’yorda esa u 1,5 litrni tashkil etadi. Ajratib olingan buyrak naychalari (canaliculi renalis) ustidagi tajribalarda vazopressin natriyning qayta so‘rilishini oshiradi, butun hayvon organizmida esa ushbu kationning chiqarilishini kuchaytiradi. Bu ziddiyatni qanday tushuntirish hozirgacha aniq emas.

Vazopressin buyraklarga ta’sir etganda organizmdagi suv miqdori va aylanib yuruvchi qon hajmi (AQH) ko‘payadi (gipervolemiya), natijada qon plazmasi suyuladi (giponatriyemiya va osmolyarlikning pasayishi).

Yurak-qon tomir tizimi

Aynan V1A-retseptorlar[ingl.] orqali vazopressin ichki a’zolarning, ayniqsa oshqozon-ichak yo‘lining silliq mushaklari tonusini oshiradi, tomirlar tonusini kuchaytiradi va shu tariqa periferik qarshilikni oshiradi. Shu ta’sir hamda aylanib yuruvchi qon hajmining ko‘payishi tufayli vazopressin arterial bosimni oshiradi. Biroq gormonning fiziologik konsentratsiyalarida uning tomirlarga ta’siri uncha katta emas. Vazopressin qon to‘xtatuvchi (gemostatik) ta’sir ko‘rsatadi: bu mayda tomirlar spazmi va qon ivishida qatnashuvchi moddalarning jigardan ajralishi bilan bog‘liq. Jigarda V1A-retseptorlar mavjud; ayniqsa VIII ivish omili, to‘qima plazmin faollashtiruvchisi miqdori va trombotsitlar agregatsiyasi kuchayadi. Katta dozalarda ADG arteriolalarni toraytirib, arterial bosimni oshiradi. ADG ta’sirida tomir devori katexolaminlarning tomir toraytiruvchi ta’siriga ko‘proq sezgir bo‘lib qoladi, bu ham gipertenziya rivojlanishiga yordam beradi. Shu sababli ADG vazopressin deb atalgan.

Markaziy nerv tizimi

Bosh miyada tajovuzkor xatti-harakatlarni boshqarishda ishtirok etadi. Xotira mexanizmlarida ham qatnashishi taxmin qilinadi.

Arginin-vazopressin, aniqrog‘i uning miyadagi V1A-retseptori[ingl.] ijtimoiy xulq-atvorda, jumladan juft tanlashda va hayvonlarning otalik instinktida hamda erkaklarning farzandiga bo‘lgan mehrida rol o‘ynaydi. Dasht dala sichqoni Microtus ochrogaster — kulrang dala sichqonlari urug‘iga mansub. Bu turda retseptor geni oldidagi promotor-mikrosatellitining RS3 qismi uzunroq bo‘lgani tufayli retseptorning ekspressiyasi yuqoriroq; bu tur qat’iy monogam bo‘lib, qarindosh tog‘[ingl.] va o‘tloq (Pensilvaniya) dala sichqonlaridan shu jihati bilan farq qiladi. Bundan tashqari, poligam dala sichqonlari orasida RS3 uzunligi boshqalarnikidan kattaroq bo‘lgan individlar juftiga ko‘proq sodiq bo‘ladi. Hatto «xotinbozlarni» ham miyadagi vazopressin retseptorlari ekspressiyasini oshirish orqali sodiq juftga aylantirish mumkin. Odamlarda ham promotor mikrosatellit uzunligi bilan oilaviy munosabatlar mustahkamligi o‘rtasida bog‘liqlik aniqlangani xabar qilingan.

Boshqarilishi

Vazopressin ajralishini eng ko‘p kuchaytiradigan omil — qon plazmasi osmolyarligining oshishi. Bunday o‘zgarishni osmoretseptorlar gipotalamusning paraventrikulyar va supraoptik yadrolarida sezadi, shuningdek uchinchi miya qorinchasining old devorida, ehtimol, jigarda va boshqa a’zolarda ham sezishi mumkin. Bundan tashqari, aylanib yuruvchi qon hajmi kamayganda ham gormon sekretsiyasi kuchayadi; bu o‘zgarishni volyumoretseptorlar (hajm retseptorlari) ko‘krak qafasida joylashgan venalar va yurak bo‘lmachalarida aniqlaydi. Keyinchalik AVP ajralishi ushbu o‘zgarishlarni me’yorga keltirishga yordam beradi.

Vazopressin kimyoviy tuzilishi jihatidan oksitotsinga juda o‘xshaydi. Shuning uchun u oksitotsin retseptorlariga bog‘lanib, ular orqali uterotonik va oksitotsik (bachadon tonusini hamda qisqarishini rag‘batlantiruvchi) ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Biroq OT retseptorlariga moyilligi past bo‘lgani sababli vazopressinning fiziologik konsentratsiyalarida bu ta’sirlar oksitotsinga nisbatan ancha kuchsiz. Xuddi shuningdek, oksitotsin vazopressin retseptorlariga bog‘lanib, kuchsiz bo‘lsa-da, vazopressinga xos antidiuretik va tomir toraytiruvchi ta’sir ko‘rsatadi.

Qondagi vazopressin miqdori shok holatlarida, jarohatlarda, qon yo‘qotilganda, og‘riq sindromlarida, psixozlarda va ayrim dorilar qabul qilinganda ortadi.

Vazopressin faoliyati buzilishi bilan bog‘liq kasalliklar

Qandsiz diabet

Kasallik qandsiz diabet deb ataladi: bunda suvning qayta so‘rilishi buyraklarning yig‘uvchi naychalarida kamayadi. Kasallikning patogenezi vazopressin — ADG yetarlicha ajralmasligi (markaziy kelib chiqishli qandsiz diabet) yoki buyraklarning gormon ta’siriga sezgirligi pasayishi (nefrogen shakl, buyrak qandsiz diabeti) bilan bog‘liq. Kamroq hollarda qandsiz diabetga qonda aylanib yuruvchi vazopressinazalar ta’sirida vazopressinning tezroq faolsizlanishi sabab bo‘ladi. Homiladorlik davrida vazopressinazalar faolligining ortishi yoki yig‘uvchi naychalar sezgirligining pasayishi sababli qandsiz diabet og‘irroq kechadi.

Qandsiz diabetga chalingan bemorlar sutkasiga ko‘p miqdorda (>30ml/kg) past konsentratsiyali siydik ajratadi, chanqoq sezadi va ko‘p suv ichadi (polidipsiya). Qandsiz diabetning markaziy va nefrogen shakllarini aniqlash uchun vazopressinning analogi — desmopressin qo‘llanadi; u faqat markaziy shaklda davolovchi ta’sir ko‘rsatadi.

Antidiuretik gormonning nomuvofiq sekretsiyasi sindromi

Bunday holatda qon plazmasining osmotik bosimi past bo‘lsa va gipovolemiya bo‘lmasa ham, antidiuretik gormon sekretsiyasi yetarlicha bostirilmaydi. Antidiuretik gormonning nomuvofiq sekretsiyasi sindromi siydik ajralishining kamayishi, giponatriyemiya va qonning gipoosmotik holati bilan kechadi. Klinik alomatlar: uyquchanlik, anoreksiya, ko‘ngil aynishi, qusish, mushaklarning beixtiyor tortishishi, tirishishlar, koma. Organizmga ko‘p miqdorda suv (og‘iz orqali yoki vena ichiga) kirishi bemor ahvolini og‘irlashtiradi; aksincha, suv iste’moli cheklansa, remissiya yuz beradi.