Paleogeografiya nima

Fan
Paleogeografiya
Mavzu Geografiya, geologiya
O‘rganish obyekti Yer yuzasi
Vujudga kelgan davri XIX asr
Asosiy yo‘nalishlari geomorfologiya, iqlimshunoslik, tarixiy geografiya, to‘rtlamchi davr geologiyasi, tarixiy geologiya, paleoekologiya va boshqalar
Логотип Викисклада Vikimedia omboridagi mediafayllar
Materiklarning Pangeya davridan hozirgacha siljishi

Paleogeografiya (qadimgi yunoncha παλαιός — qadimgi + geografiya) — geologik o‘tmishda Yer yuzasidagi tabiiy-geografik sharoitlarni, ularning o‘zgarishini hamda bu o‘zgarishlarning omillarini — iqlim o‘zgarishi va tektonik harakatlarni o‘rganadigan fan.

Paleogeografiya quyidagi fanlar tarkibiga kiradi:

  • Yer po‘sti va umuman Yerning rivojlanish tarixini o‘rganishga ma’lumot beradigan tarixiy geologiyaning tarkibiy qismi;
  • Yerning hozirgi tabiatini tushunish uchun o‘tmishdagi tabiiy-geografik sharoitlarni o‘rganadigan umumiy tabiiy geografiyaning tarkibiy qismi.

Paleogeografiya usullari, asosan, tog‘ jinslarini (ularning tarkibi, tuzilishi, teksturasi, yotish xususiyatlari va boshqalarni), shuningdek, tog‘ jinslari tarkibidagi makroskopik va mikroskopik organik qoldiqlarni batafsil o‘rganishga asoslanadi. Paleogeografiya sayyoramizning fizik tuzilishini o‘rganuvchi fanlar, jumladan, fatsiyalar, litologiya, stratigrafiya, tektonika , geokimyo, geomorfologiya bilan chambarchas bog‘liq. U, shuningdek, Yerning qadimgi davrlardagi sharoitlarini qayta tiklashga (paleoekologiya, iqlimshunoslik) yordam beradi va shu sababli hayotning rivojlanishini (paleontologiya).

Fan tarixi

Paleogeografiya XIX asr o‘rtalarida shakllandi. Buning uchun quyidagi shart-sharoitlar zarur edi: biostratigrafiya ma’lumotlari asosida nisbiy geoxronologik shkalani ishlab chiqish; fatsiyalar haqidagi ta’limotning paydo bo‘lishi (shveysariyalik geolog A. Gressli, 1838). Bu ta’limotga ko‘ra, bir xil yoshdagi, ammo turli cho‘kindi jinslar bilan ifodalangan yotqiziqlar ularning hosil bo‘lishidagi turlicha tabiiy-geografik sharoitlarni aks ettiradi. Shuningdek, ingliz geologi Ch. Layell tomonidan aktualizm usulining asoslab berilishi muhim bo‘ldi. Bu usul hozirgi sharoitlar bilan qiyoslash orqali o‘tmish geologik davrlarining tabiiy-geografik sharoitlarini tiklash imkonini beradi.

Paleogeografiyaning asosini turli xil paleogeografik xaritalarni tuzish tashkil etadi.

1860-yillarda paydo bo‘lgan dastlabki paleogeografik xaritalarda hozirgi materiklar o‘rnida qadimgi dengiz havzalarining tarqalishi ko‘rsatilgan. Bunga yura davri bo‘yicha J. Markuning dunyo va Yevropa Rossiyasiga oid xaritalari (1860), bo‘r davri bo‘yicha J. Dananing Shimoliy Amerika xaritasi (1863), G. A. Trautsholdning Yevropa Rossiyasiga oid bir necha ketma-ket geologik davr xaritalari (1877), A. P. Karpinskiyning (1880) va A. A. Inostransevning (1884) xaritalari misol bo‘ladi. Karpinskiy tuzgan xaritalar (1887 va 1894) eng mashhuri bo‘ldi. Ularning tahlili asosida olim Rus tekisligi hududida Yer po‘stining harakatlanish qonuniyatlari haqida muhim xulosalar chiqardi va ularni qo‘shni tog‘ tizimlarining rivojlanishi bilan bog‘ladi.

XIX—XX asrlar bo‘sag‘asida ayrim geologik davr va epoxalarning dunyo paleogeografik xaritalari fransuz geologlari A. Lapparan va E. Og, avstriyalik geolog M. Neymayr hamda rus olimi I. D. Lukashevich tomonidan nashr etildi. Ushbu xaritalarda quruqlik va dengizlarning tarqalishini nafaqat materiklarda, balki hozirgi okeanlar hududida ham, ularni o‘rab turgan quruqliklar haqidagi ma’lumotlarni ekstrapolyatsiya qilish orqali tiklashga urinildi. E. Og xaritalarga paleotektonik mazmun kiritdi: ularda quruqlik va dengizlardan tashqari, geosinklinal va platforma hududlarini ham ko‘rsatdi. Nemis geofizigi A. Vegener 1912-yilda geologiyada mobilizm yo‘nalishiga asos solib, xaritalar turkumida faraziy ulkan materik — Pangeyaning parchalanishi va Atlantika hamda Hind okeanlarining hosil bo‘lish jarayonini tasvirladi.

XX asr boshida ayrim geologik davr va epoxalarga oid umumlashtirilgan paleogeografik sxemalar o‘rnini kichik hududlar uchun tuzilgan, geologik asrlar yoki undan ham qisqa vaqt oraliqlarini qamrab oladigan batafsil xaritalar egallay boshladi. Jumladan, N. I. Andrusovning Qora dengiz–Kaspiy mintaqasidagi neogen havzalariga oid, A. P. Pavlovning Yevropa Rossiyasidagi ilk bo‘r davri havzalariga oid, A. D. Arxangelskiyning kech bo‘r davridagi Volgabo‘yi va Turkiston hududlariga oid xaritalari shular jumlasidandir. Andrusovning tadqiqotlari paleogeografiyada paleoekologik, Arxangelskiyning ishlari esa qiyosiy-litologik yo‘nalishga asos soldi. 1910-yilda Ch. Shuxert ilk bor Shimoliy Amerikaning ko‘plab paleogeografik xaritalaridan iborat turkumni e’lon qildi. Bu xaritalar keyinchalik yangi ma’lumotlar asosida bir necha bor qayta nashr etildi. Oliy ta’lim muassasalarida paleogeografiya kursining o‘qitila boshlanishi (Myunxen universiteti, E. Dake, 1912) va paleogeografiyaga oid ilk qo‘llanmalarning nashr etilishi (E. Dacqué, 1915; Th. Arldt, 1919, 1922) paleogeografiyaning mustaqil fan sifatidagi mavqeini mustahkamladi.

1930-yillardan boshlab paleogeografik rekonstruksiyalar foydali qazilmalarni (neft va gaz, ko‘mir, tuzlar, boksitlar, fosforitlar, olmoslar va boshqalarni) izlashning zarur shartiga aylandi. Paleogeografiyaning asosiy tayanchlaridan biri — fatsiyalar haqidagi ta’limot takomillashdi (U. Tvenhofel, D. V. Nalivkin).

Paleogeografik tadqiqotlarda L. B. Ruxinning (1959), B. P. Jijchenkoning (1959), K. K. Markovning (1960) va boshqa olimlarning ishlari katta ahamiyat kasb etdi.

Paleogeografiyaning yo‘nalishlari

Usullarning xilma-xilligi geologik o‘tmishdagi tabiiy-geografik sharoitlarning turli jihatlarini o‘rganadigan bir nechta paleogeografik yo‘nalishni ajratishga imkon beradi.

  • Paleoekologik yo‘nalish — geologik o‘tmishda yashagan hayvonlar va o‘simliklarning hayot tarzi hamda yashash muhitini aniqlash uchun cho‘kindi jinslarning tarkibi va boshqa xususiyatlarini, ulardagi organik qoldiqlarni tahlil qiladi. Shuningdek, suv havzalarining turli qismlari va ularning qo‘shni dengizlar bilan aloqasi o‘rganiladi; indikator organizmlar asosida iqlim sharoitlari, suvning sho‘rlanish darajasi va havzalarning boshqa xususiyatlari haqida xulosa chiqariladi.
  • Paleobiogeografik yo‘nalish geologik o‘tmishning alohida davr va epoxalaridagi zoogeografik hamda floristik provinsiya va hududlarni aniqlaydi (fransuz olimlari A. va J. Termyening dunyo xaritalari turkumi). Paleobiogeografik, litologik-geokimyoviy va paleoharorat ma’lumotlari qadimgi iqlimni qayta tiklashda qo‘llanadi. Masalan, L. B. Ruxin (1959), N. M. Straxov (1960) va M. Shvarsbax (1961) tuzgan dunyo xaritalari qadimgi iqlim mintaqalanishi hozirgisidan sezilarli farq qilganini ko‘rsatdi. Yerning qadimgi iqlimlarini paleoiqlimshunoslik.
  • Terrigen-mineralogik yo‘nalish cho‘kindi qatlamlarini o‘zaro taqqoslash uchun og‘ir va yengil (kvars, dala shpatlari) fraksiyalardagi aksessor minerallar tarkibidan foydalanadi. Bu usul tarkibi va kelib chiqishi ma’lum bo‘lgan bo‘lakli cho‘kindilarning qaysi hududlardan yuvilib kelgani, qanday yo‘llar orqali ko‘chirilgani va qayerda to‘planganini aniqlash imkonini beradi.
  • Geokimyoviy yo‘nalish qadimgi suv havzalarining sho‘rligi va fizik-kimyoviy rejimini, ularning tarkibi vaqt davomida qanday o‘zgarganini, shuningdek, atmosfera tarkibining tarixiy o‘zgarishini o‘rganadi. Buning uchun avtigen minerallar, xos elementlarning (Cl, F, В, Вг, Ca, Mg, Sr) konsentratsiyasi va nisbatlari, gilli hamda karbonat jinslarda temirning oksidlanish darajasi — FeO (Fe2O3) tekshiriladi. 1960—1970-yillarda qadimgi suv havzalarining turli xususiyatlarini aniq fizik-kimyoviy usullar bilan belgilash metodikasi tobora katta ahamiyat kasb eta boshladi.
  • Qadimgi suv havzalarining dinamikasini o‘rganish — oqimlarni aniqlash va cho‘kindi to‘planish muhiti (daryo o‘zani, dengiz va boshqalar) xususiyatlarini belgilash — dinamik paleogeografiyaning tadqiqot mavzusidir. Bu yo‘nalishda cho‘kindi jinslarning teksturasi, masalan, qiya qatlamlanishning yo‘nalishi, to‘lqin izlari va boshqa belgilar hisobga olinadi.
  • Paleotektonik yo‘nalish qadimgi yotqiziqlardagi fatsiyalar, qatlamlar qalinligi va formatsiyalarning tarqalishini tahlil qilishga asoslanadi.
  • Paleogeografiyaning alohida tarmog‘i sifatida paleovulkanologiya ajralib chiqqan. U vulqonli hududlarning paleogeografik sharoitlarini qayta tiklaydi. Bunday joylarda cho‘kindi to‘planishining odatdagi jarayoni vaqti-vaqti bilan lava oqimlari, vulqon kulining ko‘p miqdorda tushishi va boshqa vulqon mahsulotlari tufayli uzilib turadi. Paleovulkanologiyada strukturaviy-fatsial va formatsion tahlil, shuningdek, zamonaviy fizik hamda kimyoviy tadqiqot usullari qo‘llanadi.
  • Qadimgi relyefni o‘rganish paleogeomorfologiyaning tadqiqot sohasidir. Relyefning ochiq holda yoki ko‘milgan holatda saqlangan qoldiq shakllari ko‘milish va qayta ochilish jarayonida ham qisman yemiriladi, ichki (endogen) hamda tashqi (ekzogen) jarayonlar ta’sirida turli darajada o‘zgaradi. Paleogeomorfologiya qoldiq relyef shakllarini umumiy geomorfologik tahlil qilish, paleogeografik va paleotektonik tahlil ma’lumotlariga tayanish orqali turli geologik davrlarda mavjud bo‘lgan relyefni qayta tiklaydi, uning rivojlanish tarixi va qonuniyatlarini aniqlaydi. 1950-yillarda qadimgi geografik kengliklarni belgilashning paleomagnit usuli paydo bo‘lgach va okeanlardagi ishorasi almashinib turadigan chiziqli magnit anomaliyalar o‘rganila boshlagach, paleogeografik rekonstruksiyalarda keng o‘rganiladigan masalalardan biriga qadimgi materiklarning joylashuvi aylandi.

Adabiyotlar

Havolalar