| Osteoporoz | |
|---|---|
| Osteoporoz bilan kasallangan keksa yapon ayoli | |
| KXK-11 | FB83.1 |
| KXK-10 | M80-M82 |
| KXK-10-KM | M81.0 va M81 |
| KXK-9 | 733.0 |
| KXK-9-KM | 733.0, 733.00 va 733.09 |
| OMIM | 166710 |
| DiseasesDB | 9385 |
| MedlinePlus | 000360 |
| eMedicine | med/1693 |
| MeSH | D010024 |
Osteoporoz (lot. osteoporosis) — surunkali avj olib boruvchi tizimli metabolik (moddalar almashinuvi bilan bog‘liq) kasallik. U skeletga ta’sir qiladi yoki boshqa kasalliklarda klinik sindromsifatida namoyon bo‘ladi. U suyak zichligining kamayishi, mikroarxitekturasining buzilishi va mo‘rtligining ortishi bilan tavsiflanadi. Bunga metabolizmning suyak to‘qimasida buzilishi hamda katabolizmning suyak hosil bo‘lishidan ustun kelishi sabab bo‘ladi. Natijada suyak mustahkamligi pasayadi va sinishlar xavfi ortadi.
Osteoporoz tayanch-harakat tizimi va biriktiruvchi to‘qima (KXK-10) kasalliklari qatoriga kiradi va «metabolik yoki moddalar almashinuvi kasalligi» tushunchasi bilan ham izohlanadi.
Har yili 20-oktabrda Butunjahon osteoporozga qarshi kurash kuni nishonlanadi.
O‘rganilish tarixi
Shimoliy Amerika hindularining miloddan avvalgi 2500—2000-yillarga oid suyak qoldiqlarida osteoporozga xos o‘zgarishlar topilgan. Yunoniston va Qadimgi Xitoy rassomlari suratlarida osteoporozga xos qomat holatini ko‘rish mumkin.
- 1824-yilda — Estli Kuper keksa odamlarda son suyagi bo‘ynining sinishiga suyaklarning mo‘rtlashuvi sabab bo‘lishiga e’tibor qaratgan.
- 1873-yilda — Sharko va Vyulpian osteoporozga xos o‘zgarishlar bilan bog‘liq suyak to‘qimasi patologiyasini tasvirlagan.
- 1900-yilda Zudek Germaniya jarrohlar jamiyati kongressida qo‘l suyaklarida rentgen yordamida aniqlangan, «suyak tasvirining shaffoflashishi» bilan kechuvchi o‘zgarishlar haqida ma’lum qilgan.
- 1925-yilda Pommer osteoporozning klinik ko‘rinishini ta’riflab, uni osteomalyatsiyadan farqlagan.
- 1926-yilda Alvens osteoporozni ichki kasalliklar darsligida tasvirlagan.
- 1930-yilda Gert va Kristian Shmorl osteoporozga xos patologoanatomik belgilarni ta’riflagan.
- 1965-yilda Hini osteoporoz rivojlanishining ehtimoliy mexanizmlarini tahlil qilgan.
- 1984-yilda — Uilyam Olbrayt osteoporoz haqidagi zamonaviy nazariyaga asos solgan.
Epidemiologiya
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ( JSST) ma’lumotlariga ko‘rajarohatlangan ayollarning taxminan 35 % ida va erkaklarning 20 % ida osteoporoz bilan bog‘liq sinishlar kuzatiladi. Osteoporoz muammosi Yevropa, AQSH va Yaponiyada qariyb 75 mln kishiga taalluqlidir. Yevropada 2000-yilda osteoporozga bog‘liq sinishlar soni 3,79 mln deb baholangan, ulardan 890 mingini son suyagi bo‘ynining sinishlaritashkil etgan. Yevropada o‘lim darajasiosteoporoz bilan bog‘liq sinishlar oqibatida, onkologik kasalliklar (bundan o‘pka saratonioqibatidagi o‘limlar mustasno) ko‘rsatkichidan yuqori. 45 yoshdan oshgan ayollar osteoporoz sababli shifoxonada qandli diabet, miokard infarkti va ko‘krak bezi saratonisababli yotganidan ko‘ra ko‘proq vaqt o‘tkazadi. Son suyagi bo‘ynining osteoporoz bilan bog‘liq sinishlari soni yiliga 500 mingdan 1 mln holatgacha ortishi kutilmoqda. Taxminan 10 % ayollarda 60 yoshdan keyin va qariyb 70 % ayollarda 90 yoshda osteoporoz rivojlanadi. Osteoporozning ijtimoiy ahamiyati uning oqibatlari — umurtqa tanalari va periferik skelet suyaklari sinishi bilan belgilanadi. Bunday sinishlar sog‘liqni saqlashda katta xarajatlarga, mehnatga layoqatsizlik, jumladan, nogironlik va yuqori o‘lim darajasiga olib keladi.
Etiologiyasi va xavf omillari
Osteoporoz — ko‘p omilli kasallik bo‘lib, uning rivojlanishi irsiy moyillik, turmush tarzi, jismoniy faollik, endokrinologik holat, hamroh kasalliklarning mavjudligi, dori vositalarini qabul qilish, insonning qarishi va individual umr davomiyligiga bog‘liq.
Odamda suyak to‘qimasi massasi 20-30 yoshga kelib eng yuqori darajaga yetadi. So‘ng 35-40 yoshgacha suyak massasi deyarli o‘zgarmaydi, keyin asta-sekin kamayishni boshlaydi. Ayollarda esa suyakning mineral zichligi (SMZ, ingl.) erkaklarga qaraganda ancha tez pasayadi, bu estrogenlar yetishmovchiligi bilan bog‘liq bo‘lib, peri- va postmenopauza davrida yuz beradi.
Suyakning mineral zichligi, sifati va mustahkamligi suyak hosil bo‘lishi va suyak rezorbsiyasijarayonlari o‘rtasidagi muvozanatga bog‘liq; bu jarayonlar suyak to‘qimasining uzluksiz yangilanishida bir vaqtda kechadi. Estrogen yetishmovchiligidan tashqari, mineral zichlikning pasayishiga fosfor-kalsiy almashinuviva paratireoid gormon, D vitamini, o‘sish gormoni, kalsitonin, qalqonsimon bez gormonlari, glyukokortikoidlardarajasidagi o‘zgarishlar, qarish va unga bog‘liq sekretor fenotip va boshqalar sabab bo‘ladi.
Hozirgi vaqtda osteoporoz xavfi odatda anamnezning bir qator obyektiv ma’lumotlari hamda tibbiy tekshiruv natijalariga ko‘ra baholanadi.
Osteoporoz xavf omillarining tasnifi
Genetik omillar:
- insonning yevropeoid yoki mongoloid irqiga mansubligi;
- yaqin qarindoshlarda osteoporoz, patologik sinishlar va/yoki son suyagi bo‘ynining sinishlari hamda umurtqa suyaklarining sinishi kuzatilganligi;
- keksa va juda keksa yosh;
- ayol jinsi (erkaklarda osteoporoz xavfi ayollardagidan uch baravar kam);
- tana vaznining pastligi (osiyolik ayollarda 57 kg gacha, yevropeoid ayollarda 56 kg gacha, har ikkala irqdagi erkaklarda 60 kg gacha);
- suyak massasining maksimal darajasi pastligi (obyektiv hisoblanadi);
- son suyagi bo‘ynining uzunligi diafizga nisbatan katta bo‘lishi;
- tarqalgan osteoartrozning yo‘qligi;
- revmatoid artrit.
Endokrinologik omillar:
- har qanday gormonal muvozanat buzilishi;
- kamdan-kam jinsiy faollik;
- erta menopauza (shu jumladan, tuxumdonlar olib tashlangandan keyingi);
- kech menarxe;
- menopauzadan oldingi amenoreya davrlari anamnezda bo‘lishi;
- barcha turdagi bepushtlik.
Turmush tarzi bilan bog‘liq omillar:
- tamaki chekish;
- spirtli ichimliklarni suiiste’mol qilish (alkogolizm);
- kamharakatlik, yetarli darajada jismoniy faol bo‘lmaslik (suyak massasining ko‘payishini rag‘batlantirishda mushak tizimining ishtiroki kamayadi);
- ortiqcha jismoniy zo‘riqish;
- uzoq muddatli parenteral oziqlanish;
- siydik haydovchi dorilarni suiiste’mol qilish;
- ovqat orqali kalsiy yetishmovchiligi (oziq-ovqatda mineralning kamligi yoki uning so‘rilishidagi buzilish);
- D gipovitaminozi (oziq-ovqatda vitaminning kamligi yoki shimoliy hududlarda yashash).
Hamroh kasalliklar bilan bog‘liq omillar:
- endokrin kasalliklar (giperparatireoz, tireotoksikoz, giperprolaktinemiya, qandli diabet, Kushing sindromi, birlamchi gipogonadizm, Addison kasalligi);
- qon va qon yaratuvchi a’zolar kasalliklari (leykoz, ko‘p sonli miyeloma, limfoma, pernitsioz anemiya);
- tizimli autoimmun-allergik kasalliklar (revmatoid artrit, Bexterev kasalligi, polimiozit, tizimli qizil yugurik va boshqalar);
- hazm qilish tizimi kasalliklari ( so‘rilishning buzilishi);
- surunkali qon aylanishi yetishmovchiligi;
- surunkali buyrak yetishmovchiligi;
- a’zolar transplantatsiyasidan keyingi holat;
- depressiya.
Dori vositalarini uzoq muddat qabul qilish bilan bog‘liq omillar:
- glyukokortikoidlar (kuniga ≥5 mg prednizolon yoki unga teng doza ≥3 oy davomida);
- qalqonsimon bez gormonlari (L-tiroksin va boshqalar);
- antikoagulyantlar (bevosita va bilvosita ta’sir qiluvchilar);
- tirishishga qarshi vositalar (fenitoin va boshqalar);
- litiy;
- o‘smalarni davolash vositalari (sitostatiklar, sitotoksinlar);
- metotreksat, siklosporin A;
- tetratsiklinlar guruhidagi antibiotiklar;
- fosfatlarni bog‘lovchi antatsidlar;
- gonadotrop gormonning va uning rilizing omilining agonist va antagonistlari.
Patogenez
Osteoporoz patogenezi yagona mexanizmga ega emas, chunki suyak to‘qimasi zichligining kamayishi va suyak mikroarxitekturasining buzilishi kasallikning qaysi xavf omili ustunligiga qarab turlicha kechadi. Barcha omillar uchun umumiy bo‘lgan quyidagi jarayonlar bir vaqtda kechadi, ammo har bir keyingi jarayon oldingisi bilan bog‘liq:
- O‘sish davrida suyak to‘qimasi shakllanishi buziladi yoki suyak yangilanishida suyak hosil bo‘lishi va parchalanishi muvozanati buzilib, jarayon katabolizm tomonga siljiydi.
- Suyak to‘qimasi massasi kamayadi. Osteoporozda suyakning kortikal qavati yupqalashadi, g‘ovak suyakdagi trabekulalar soni kamayadi. Suyak massasi kamayishi uning mineral va organik tarkibiy qismlari nisbatining albatta o‘zgarishini anglatmaydi.
- Suyak to‘qimasining mustahkamligi pasayadi. Bu bolalikda suyak deformatsiyasiga, kattalarda esa suyak sinishiga olib keladi.
Osteoporoz patogenezida kalsiy, fosfor va D vitaminialmashinuvining buzilishi hal qiluvchi ahamiyatga ega. Boshqa almashinuv buzilishlari orasida bor, kremniy, marganes, magniy, ftor, A vitamini, C vitamini, E vitamini va K vitamini yetishmasligining rolini ham ta’kidlash kerak.
Klinik belgilari
Osteoporoz uzoq vaqt yashirin kechadi. Bemor kasalligi borligini bilmagan holda kichik jarohat tufayli ilk sinishlarni boshdan kechiradi. Ko‘pincha umurtqa tanalarizararlanib, og‘riq paydo qiladi va shifokorga murojaat etishga majbur qiladi. Bitta umurtqa sinishi alomatsiz kechishi mumkin, ammo bir nechta yonma-yon umurtqa tanasi singanida belda og‘riq sindromi paydo bo‘ladi.
Holatlarning yarmida osteoporoz alomatsiz kechadi va oldin jarohat bo‘lmasdan suyak sinishi uning birinchi klinik belgisi bo‘lib chiqadi. Boshqa hollarda bel va ko‘krak umurtqasi sohalarida uzoq vaqt bir vaziyatda qolish yoki kichik jismoniy yuklamadan so‘ng kuchayadigan o‘ziga xos og‘riqlar ko‘p uchraydi.
Siqilish tufayli umurtqa tanalarining oldingi qismlari shikastlanib, ponasimon deformatsiya yuz beradi. Bu qomatning o‘zgarishi va bo‘yning bir necha yil ichida 5 sm yoki undan ko‘proq pasayishiga olib keladi. Bu ko‘krak umurtqalarining o‘rta qismi (Th VIII—X) zararlanishiga xosdir. Bunday bemorlarda og‘riq bo‘lmasligi mumkin, ammo ularda asta-sekin orqa qism kifozi rivojlanib, bo‘yin lordozikuchayadi, natijada «aslzoda ayol bukri» paydo bo‘ladi. Ayollarda skoliozrivojlanishiga moyillik yuqori bo‘lib, u umurtqa pog‘onasiningharakatchanligini cheklaydi. Osteoporoz bilan bog‘liq umurtqa sinishlarining eng xos belgilari — og‘riq va umurtqa pog‘onasi deformatsiyasidir. Odatda Th XII — LI segmentidagi umurtqalar zararlanganda og‘riq kuchli bo‘ladi. Og‘riq to‘satdan boshlanadi va qovurg‘alar orasidan qorin old devoriga tarqaladi. Xurujlar tananing keskin burilishi, sakrash, yo‘tal, aksirish, og‘ir yuk ko‘tarish va boshqalar oqibatida kelib chiqadi.
Ba’zan og‘riq xurujlarini anamnezdagijarohat bilan bog‘lab bo‘lmaydi. Orqa mushaklarining ortiqcha tonusi tufayli og‘riq surunkali qaytalanuvchi tus oladi va umurtqa holati o‘zgarganda namoyon bo‘ladi. Ertalab og‘riq eng sust bo‘ladi, yotib dam olganda bosiladi va kun davomida jismoniy faollik natijasida kuchayadi. Nerv ildizchasi sindromlari va orqa miyaning siqilishi juda kam uchraydi. Ba’zan og‘riq xurujlari qorin dam bo‘lishi va funksional ichak tutilishi bilan kechadi.
Og‘riq taxminan bir hafta davom etadi, bir oydan so‘ng bemor odatdagi faoliyatiga qaytishi mumkin. Simillovchi og‘riq saqlanib, vaqti-vaqti bilan bezovta qiladi, bemorga o‘tirish va o‘rnidan turish qiyinlashadi. Osteoporozning alohida bemorda qanday kechishini oldindan aytish qiyin, sinishlar orasidagi davr ba’zan bir necha yilga cho‘ziladi.
Jismoniy ko‘rik belgilari:
- bo‘yning pasayishi (tana uzunligi yoyilgan qo‘llar oralig‘idan 12 sm yoki undan ko‘proq kalta bo‘lishi);
- tukillatish va paypaslab tekshirishda umurtqa pog‘onasining og‘rishi, orqa mushaklari tonusining ortishi;
- bukchayish, ko‘krak kifozi rivojlanishi va bel bo‘limidagi lordozning kuchayishi;
- yonbosh suyagi qanoti qirrasi va pastki qovurg‘alar orasidagi masofaning umurtqa pog‘onasi qisqarishi tufayli kamayishi;
- qorinning yon tomonlarida teri burmalari paydo bo‘lishi.
Skeletning boshqa suyaklarida tarqoq og‘riq sindromi kam uchraydi. Osteoporozning jiddiy asoratlaridan biri — son suyagi bo‘ynining sinishi bo‘lib, u o‘lim ko‘rsatkichining yuqoriligi, nogironlik va davolashga katta xarajatlar bilan bog‘liq. Steroid (ayollardagi postmenopauzal) osteoporozda qovurg‘alarning ko‘p sonli sinishlari kuzatiladi.
Shifokorlar osteoporozning sekin va o‘tkir boshlanuvchi shakllarini ajratadi:
- Sekin kechuvchi osteoporozning boshida o‘tkir og‘riq xos emas. U umurtqalarning sekin rivojlanuvchi, tobora ortib boruvchi deformatsiyasi bilan bog‘liq. Dastlab belgisiz kechishiga qaramay, keyinchalik kuchli og‘riq xurujlari yuz berishi mumkin.
- O‘tkir boshlanish lyumbago belgilariga o‘xshaydi va umurtqa tanasining kompression sinishibilan bog‘liq, masalan, og‘ir yuk ko‘tarilgandan keyin. Kuchli og‘riq anamnezda jarohat bo‘lmasa ham 1–2 kun davom etadi.
Tasniflar
Suyak zichligi va tuzilishi buzilishlariga KXK-10 ning M80–M85 bo‘limlari bag‘ishlangan. Ukrainaning klinik amaliyotida Ukraina revmatologlar uyushmasi hamda Ukraina osteoporoz assotsiatsiyasi Arxiv nusxasi 23-sentabr 2012-yildagi Wayback Machine 2004-yilda qabul qilingan bo‘lib, u Rossiya osteoporoz assotsiatsiyasi prezidiumi Arxiv nusxasi 20-sentabr 2012-yildagi Wayback Machine 1997-yil yanvarida qabul qilingan tasnifni biroz to‘ldiradi.
Tarqalishiga ko‘ra mahalliy va tizimli osteoporoz farqlanadi.
Sababiga ko‘ra osteoporoz birlamchi (organizmdagi tabiiy jarayonlarga bog‘liq) va ikkilamchi (kasalliklar hamda tashqi sabablar oqibati) turlarga ajratiladi.
Birlamchi:
- postmenopauzal (I tur);
- keksalikdagi (II tur);
- idiopatik (o‘rta yoshlilarda va o‘smirlarda).
Ikkilamchi:
- endokrin kasalliklarda;
- revmatik va biriktiruvchi to‘qima kasalliklarida (revmatoid artrit, TQY (tizimli qizil yugurik), Bexterev kasalligi););
- ovqat hazm qilish yo‘li kasalliklarida;
- buyrak kasalliklarida;
- qon kasalliklarida;
- boshqa kasallik va holatlarda.
Ikkilamchi osteoporozning tasnifi kasallik rivojlanishida u yoki bu xavf omili ustunligini aks ettirishi oson ko‘rinadi.
Suyakning morfologik mezonlariga ko‘ra quyidagilar ajratiladi:
- kortikal (kortikal moddaning kamayishi);
- trabekulyar (g‘ovak moddaning kamayishi);
- aralash.
Rossiya ilmiy maktablari kortikal modda kamaymasdan g‘ovak suyak moddasining yo‘qolishi sodir bo‘lmaydi, deb hisoblaydi va osteoporozni quyidagi morfologik turlarga ajratadi:
- kortikal;
- kortikal va g‘ovak modda bir xil miqdorda kamayadigan aralash tur;
- asosan g‘ovak modda kamayadigan aralash tur;
- asosan kortikal modda kamayadigan aralash tur.
Jarayon xususiyatiga ko‘ra osteoporoz bir tekis va dog‘simon shakllarga bo‘linadi.
Suyak to‘qimasidagi metabolizm jadalligiga ko‘ra:
- past jadallikda;
- me’yoriy jadallikda;
- yuqori jadallikda.
Tashxislash
Osteoporozni tashxislash usullari:
- anamnez yig‘ish bilan klinik tekshiruv (suhbat, obyektiv ko‘rik, jismoniy tekshiruv va antropometriya);
- nurli diagnostika (rentgenografik, tomografik va densitometrik usullar);
- biokimyoviy usullar;
- biopsiya namunasini tekshirish.
Anamnez yig‘ish va bemorni jismoniy tekshirishda osteoporoz bilan bog‘liq xavf omillariga e’tibor qaratiladi. Kattalarda osteoporozni umurtqa pog‘onasi uzunligini avvalgi o‘lchovlar bilan taqqoslab, antropometriya orqali taxmin qilish mumkin. Odatda qarish jarayonida umurtqa pog‘onasi yiliga 3 mm gacha qisqaradi, osteoporozda esa 1 sm yoki undan ko‘proq qisqaradi. «Osteoporoz xavfini baholash uchun skrining testi» taklif etilgan (bemor uchun IOF so‘rovnomasi Arxiv nusxasi 10-noyabr 2012-yildagi Wayback Machine).
Oddiy rentgenografiya osteoporozni erta bosqichda aniqlamaydi, chunki suyak to‘qimasining zichligi kamida to‘rtdan bir qismga pasaymaguncha rentgenogrammada o‘zgarishlar ko‘rinmaydi. Erta osteoporoz kompyuter tomografiyasida yoki magnit-rezonans tomografiyasida g‘ovak suyakdagi zichligi kamaygan o‘choqlar (dog‘simon osteoporoz) sifatida aniqlanadi. Funksional yuklamada kamroq qatnashadigan trabekulalar oldinroq yo‘qoladi. Tekshiruv ma’lumotlarini vaqt o‘tishi bilan taqqoslash muhim. Zamonaviy kompyuter tomograflari suyakning uch o‘lchamli modelini yaratish, suyak to‘qimasi zichligi va hajmini, trabekulalar soni hamda ular orasidagi masofani o‘lchash, suyak mustahkamligini belgilovchi minerallar taqsimotini baholash imkonini beradi.
Osteoporoz uchun mavjud ko‘plab densitometriya usullari orasida ikki energiyali rentgen absorbsiyometriyasi «oltin standart» hisoblanadi. Bu usul yordamida aksial skelet tekshiriladi; uning sezgirligi maqbul, aniqligi yetarli va narxi nisbatan arzon. Densitometriya ko‘rsatkichlari bo‘yicha osteoporoz mezonlari va turli natijalarda sinish ehtimoli JSST tomonidan baholangan.
Suyak to‘qimasida moddalar almashinuvi buzilishini aniqlashning biokimyoviy usullari:
- kalsiy-fosfor almashinuvi va kalsiyni boshqaruvchi gormonlar;
- suyak hosil bo‘lishi va suyak to‘qimasi rezorbsiyasi.
markerlarini aniqlash. Birinchi guruhga siydik bilan sutkalik fosfor va kalsiy ajralishini aniqlash (shuningdek, kalsiyning kreatininganisbatini), ularning qondagi darajasini, shuningdek, kalsitonin, paratgormon, D vitaminimiqdorini o‘lchash kiradi. Ikkinchi guruhga ishqoriy fosfataza, (osteokalsin,), kislotali fosfataza, oksiprolin va boshqalar kiradi. «Oltin standart» deb dezoksipiridinolin va piridinolindarajasini baholash hisoblanadi. Boshqa diagnostika usullaridagi kabi olingan natijalarni vaqt bo‘yicha taqqoslash muhimdir.
Biopsiya yonbosh suyagi qanoti qirrasidan olinib, osteoporozni o‘sma jarayonlaridan farqlash uchun qo‘llanadi.
Osteoporozni davolash
Parhez
Osteoporozda parhezga rioya qilishda quyidagi tamoyillar muhim:
- Parhezning asosiy vazifasi organizmga ovqat orqali yetarli miqdorda kalsiy va D vitaminiolinishini ta’minlashdir. Postmenopauza davridagi ayollar va 50 yoshdan oshgan erkaklar ovqat orqali bir kunda 1200—1500 mg kalsiy olishi kerak. Keksalarda D vitaminini buyurishda ateroskleroz rivojlanishi tezlashishi xavfi hisobga olinishi kerak.
- Quyidagilarni kamaytirish yoki ulardan voz kechish tavsiya etiladi: spirtli ichimliklar iste’moli, chekish, sho‘r taomlar. Bular kalsiyning organizmdan chiqishiga sabab bo‘ladi.
- Kalsiyni ko‘proq eruvchan shakllarda, masalan, nordon sut mahsulotlaridaiste’mol qilish tavsiya etiladi. Ayrim vegetarianlar, ayniqsa veganlar esa aynan sut va hayvonlardan olinadigan boshqa mahsulotlar osteoporozning asosiy sababi, deb ta’kidlashadi. Bunday mahsulotlarda kalsiy bo‘lishi shubhasiz, lekin ulardagi hayvon oqsili organizmni kislotalashtiradi (atsidoz), deydilar. Bu jarayonni neytrallash uchun suyaklardan kalsiy ajralib chiqadi, degan qarash mavjud.
- Kalsiy 1 g yog‘ga 10 mg kalsiy nisbati bo‘lganda eng yaxshi so‘riladi. Ushbu nisbatning har qanday tomonga o‘zgarishi kalsiy so‘rilishini kamaytiradi.
- Magniy, kaliy va fosfor kalsiyning so‘rilishida muhim rol o‘ynaydi, shuning uchun ovqatlanish ratsioni ushbu mikroelementlar bo‘yicha muvozanatli bo‘lishi lozim.
- Quyidagi moddalarga boy oziq-ovqat mahsulotlarini yetarli miqdorda iste’mol qilish tavsiya etiladi: kremniy, bor, rux, marganes, mis, C vitamini, D vitamini, E vitamini, K vitamini.
Dori vositalari bilan davolash
Osteoporozga qarshi farmakoterapiyaga muhtoj bemorlarni aniqlashda sinish xavfi yuqori bo‘lgan uch guruh ajratiladi (F. Kosman va hammualliflar, 2014):
- anamnezida kam energiyali ta’sir oqibatidagi sinishlar bo‘lgan bemorlar;
- suyak massasi past bo‘lgan bemorlar (ikki energiyali rentgen absorbsiyometriyasi bo‘yicha T-mezon −2,5 SD);
- osteoporozga bog‘liq sinish xavfi yuqori bo‘lgan bemorlar ( FRAX® onlayn kalkulyatoriga ko‘ra Arxiv nusxasi 29-sentabr 2018-yildagi Wayback Machine). Bunday bemorlarda asosiy osteoporozga bog‘liq sinishlar xavfi ≥20 % yoki son suyagi sinishi xavfi ≥3 % bo‘lib, bu ehtimollar keyingi 10 yil uchun baholanadi.
Professor J. Kanis va hammualliflari (2015) boshchiligidagi tadqiqot guruhi osteoporoz farmakoterapiyasini boshlash uchun alohida diagnostik mezonlarni belgilash shart emas, deb hisoblaydi. Ularning fikricha, sinish xavfini onlayn vosita — FRAX® kalkulyatori Arxiv nusxasi 29-sentabr 2018-yildagi Wayback Machineyordamida baholab, xavfi chegaraviy darajadan yuqori bemorlarni davolashni boshlash kerak.
Bugun klinik amaliyotda uzoq muddatli, ko‘p markazli, platsebo nazoratidagi klinik tadqiqotlarda turli joylardagi (umurtqa va boshqa suyaklardagi) sinishlar xavfini kamaytirishi isbotlangan dorilar qo‘llanadi. Davolashni tanlash aniq klinik vaziyatga, ayrim preparatlarda esa ularni yuborishning afzal yo‘liga (og‘iz orqali, teri ostiga yoki vena ichiga) bog‘liq. Preparatlarning teri ostiga yuboriladigan shakli qabul qilish tartibiga rioya etish qulayligi bilan birga iqtisodiy jihatdan ham afzallikka ega.
Osteoporozni davolash dorilari uch guruhga bo‘linadi:
- Suyak to‘qimasi metabolizmiga ko‘p tomonlama ta’sir qiluvchi vositalar.
- Preparatlar — kalsiy va D vitamini, klinik osteoporozda ularni dori sifatida buyurish maqsadga muvofiq. Bu asosiy davolash hisoblanadi. Kalsiy (1000—1200 mg) va D3 vitamini (700—800 ME/kun) birikmasi eng samarali deb hisoblanadi.
- Flavon birikmalari (masalan, osteoxin) ta’siri asta-sekin kuchayishi sabab uzoq muddat qo‘llanadi.
- Ossein-gidroksiapatit kompleksi (ossein oqsili va gidroksiapatit) qarshi ko‘rsatmalarga ega emas, u osteoklastlarning faoliyatini susaytiradi va osteoblastlarni rag‘batlantiradi.
- Suyak rezorbsiyasini susaytiruvchi vositalar.
- Estrogenlar postmenopauzada o‘rnini bosuvchi davolashda qo‘llanadi. Hozir 2-avlod selektiv estrogen retseptori modulyatorlari (masalan, raloksifen) qo‘llanadi. Ular suyak mineral zichligini oshiradi va uning rezorbsiyasini oldini oladi. Bu guruh preparatlarining qarshi ko‘rsatmalari bor, ular faqat ginekolog bilan maslahatlashgandan keyin buyuriladi. Raloksifen umurtqa sinishlarini kamaytirishda samarali, ammo umurtqadan tashqari sinishlar xavfiga ta’sir qilmaydi. U ko‘krak bezi saratoni xavfini kamaytirar ekan, tromboz va insult xavfini oshiradi. Gormon o‘rnini bosuvchi davolash osteoporozga qarshi samarali, ammo faqat menopauza alomatlari ham bo‘lgan ayollarga tavsiya qilinadi. Osteoporozning o‘zini davolash uchun tavsiya etilmaydi.
- Denosumab — IgG2 guruhiga mansub to‘liq inson monoklonal antitanasi va suyak rezorbsiyasiga qarshi dori bo‘lib, osteoklastlarning yetilishini to‘xtatish orqali suyak rezorbsiyasini boshqaradi. Osteoporozni davolashda 60 mg dozada 1 marta har yarim yilda teri ostiga yuboriladi. Denosumab suyakning trabekulyar va kortikal qatlamlarida mineral zichlikni oshiradi. Bu dozada denosumabning qo‘llanish ko‘rsatmalari: sinish xavfi yuqori bo‘lgan postmenopauzal osteoporozli ayollarni davolash; sinish xavfi yuqori bo‘lgan osteoporozli erkaklarda suyak massasini oshirish; sinish xavfi yuqori bo‘lgan ayollar va erkaklarda glyukokortikoidlar ta’sirida yuzaga kelgan osteoporozni davolash; prostata bezining metastaz bermagan saratoni uchun androgenlarni susaytiruvchi davolash olayotgan va sinish xavfi yuqori erkaklarda suyak massasini oshirish; ko‘krak bezi saratoni uchun aromataza ingibitorlari bilan adyuvant davolash olayotgan va sinish xavfi yuqori ayollarda suyak massasini oshirish. Tadqiqotlar denosumab uzluksiz 10 yil qabul qilinganda ham barqaror samaradorlik ko‘rsatishini bildiradi.
- Kalsitonin — parafollikulyar C-hujayralar ishlab chiqaradigan qalqonsimon bez gormoni. Kalsitoninning asosiy ta’siri qondagi kalsiy miqdorini kamaytirishdir. Uning ishlab chiqarilishini giperkalsemiyarag‘batlantiradi. Ushbu gormonning ta’siri suyaklardagi rezorbsiya jarayonlarinisusaytirishga qaratilgan. Preparat homiladorlikdaqo‘llanmaydi. U gastrin, xlorid kislota sintezini oshqozonda kamaytiradi hamda oshqozon osti bezi sekretsiyasinisusaytiradi. Ilgari tavsiya etilgan kalsitonin hozir saraton rivojlanishi xavfi bilan bog‘liqligi va sinish ehtimolini kamaytirishdagi ta’siri shubhali bo‘lgani sababli qo‘llanmaydi.
- Bisfosfonatlar. Bisfosfonatlar suyak minerallashuvini sekinlashtiradi va rezorbsiyani susaytiradi (osteoklastlar faoliyatini to‘xtatib, ularning nobud bo‘lishiga olib keladi). Bisfosfonatlarning birinchi avlodiga klodron va etidron kislotalari preparatlari (etidronat), ikkinchi avlodiga pamidron, tiludron va alendron kislotalarining hosilalari kiradi. Ikkinchi avlod preparatlari kamroq zaharli, rezorbsiyani kuchliroq susaytiradi va suyak minerallashuviga kamroq ta’sir qiladi. Uchinchi avlod — ibandronat va zoledronat bo‘lib, ular osteoklastlar bilan bog‘liq rezorbsiyani yanada kuchliroq susaytiradi. Samaradorligiga ko‘ra bisfosfonatlar quyidagi tartibda joylashadi: zoledronat > rizedronat = ibandronat > alendronat > olpadronat > pamidronat = neridronat > klodronat > etidronat. Bisfosfonatlar ilgari osteoporoz tufayli suyak sinishini boshdan kechirgan bemorlarda takroriy sinishlar xavfini sezilarli kamaytirishi isbotlangan. Bu afzallik 3–5 yil davomida qabul qilinganda namoyon bo‘ladi. Qaysi suyaklar zararlanganiga qarab sinish xavfi 25 % dan 70 % gacha kamayadi. Rezorbsiyaga qarshi dorilarni uzoq muddat qabul qilishda son suyagining noodatiy sinishi va pastki jag‘ osteonekrozi xavfi mavjud, biroq bu xavf juda past. 3–5 yildan keyin samaradorlik pasayishi va nojo‘ya ta’sirlar paydo bo‘lishi hisobga olinib, ushbu davrdan so‘ng bisfosfonatlarni qabul qilishni to‘xtatish mumkin. Bisfosfonatlar faqat suyakning trabekulyar qatlamida mineral zichlikni oshiradi va og‘iz orqali yoki vena ichiga yuboriladigan shakllarda ishlab chiqariladi (osteoporozni davolash uchun zoledron kislotasi 100 ml eritma shaklida bo‘lib, unda 5 mg suvsiz zoledron kislotasi mavjud; bu 5,33 mg zoledron kislotasi monogidratiga teng);.
- Preparatlar — stronsiy. Stronsiy kimyoviy jihatdan kalsiyga o‘xshaydi va suyaklarda ham to‘planadi. Stronsiyning rezorbsiyani susaytiruvchi xususiyati va skeletga anabolik ta’siri aniqlangan. Stronsiy ranelati suyak hujayralariga kalsiy ionlari kabi ta’sir qiladi.
- Monoklonal antitanalar: romosozumab.
- Boshqa preparatlar: natriy ibandronat.
- Suyak hosil bo‘lishini rag‘batlantiruvchi vositalar.
- Paratireoid gormon. Bunday preparat — teriparatidbo‘lib, suyak to‘qimasining qayta tuzilishini tezlashtiradi (osteoblastlarni faollashtiradi). Og‘ir osteoporozda (bir yoki bir nechta osteoporozga bog‘liq sinish bo‘lsa) avval suyak massasini oshirish uchun teriparatid, keyin esa erishilgan darajani saqlash uchun bisfosfonatlarni qo‘llash maqbul bo‘lishi mumkin. Teriparatid bilan davolash 24 oydan ortiq davom ettirilmaydi. Teriparatid osteoporozga qarshi kurashuvchi yetakchi tashkilotlarning barcha klinik tavsiyalariga kiritilgan. Jahonda bunga Xalqaro osteoporoz jamg‘armasi (IOF), Rossiyada esa Rossiya osteoporoz assotsiatsiyasi (www.osteoporoz.ru) kiradi.
- Abaloparatid — paratireoid gormon bilan bog‘liq peptidning (PTHrP) analogi.
- Ftor tuzlari. Ular, avvalo, keksalikdagi osteoporozda ishlatiladi. Biroq hozirgi kunda bu davolash usuliga munosabat turlicha. Ushbu preparatlar bilan uzoq muddat davolanish natijasida osteomalyatsiya rivojlanishi mumkinligi haqida ma’lumotlar bor. Qo‘shimcha ftor qabul qilish postmenopauzal osteoporozda samara ko‘rsatmagan: suyakning mineral zichligi oshsa ham, ftor sinish xavfini kamaytirmaydi.
- Somatotrop gormon. Keksalikdagi osteoporozda cheklangan miqdorda qo‘llanadi. Jiddiy qarshi ko‘rsatmalari mavjud.
Son suyagi, umurtqa va boshqa suyaklar sinishi sonini kamaytirishdagi samaradorligi isbotlangan hamda boshlang‘ich davolash uchun tavsiya etiladigan preparatlar (alifbo tartibida): alendronat, denosumab, zoledron va rizedron kislotalaridir. Og‘iz orqali qabul qilinadigan preparatlar qarshi ko‘rsatma bo‘lgan va sinish xavfi yuqori bemorlarda dastlabki davolash sifatida teriparatid, denosumab yoki zoledron kislotasi buyurilishi kerak.
Osteoporoz farmakoterapiyasining samaradorligini nazorat qilish uchun ko‘rsatkichlar barqarorlashguniga qadar har bir yoki ikki yilda ikki fotonli rentgen absorbsiyometriyasi o‘tkaziladi. Bel umurtqalari, son suyagi yoki uning bo‘ynidagi suyak mineral zichligining o‘zgarishiga e’tibor beriladi; nazorat tekshiruvlarini ayni muassasada va ayni uskunada o‘tkazish maqsadga muvofiq. Bemor dorilarni belgilanganidek qabul qilayotganini va davolash samaradorligini baholash uchun suyak remodellanishi markerlari ham tekshiriladi. Rezorbsiyaga qarshi davolash ta’sirida bu markerlarning sezilarli pasayishi sinish xavfi kamayishi bilan bog‘liq; markerlarning sezilarli oshishi esa anabolik dorilarga javobni ko‘rsatadi.
Profilaktika
Osteoporozning keng qabul qilingan dorisiz oldini olish usuli — shifokorning bemor bilan hamkorlikda tushuntirish ishlari olib borishi va turmush tarzini o‘zgartirishidir (jismoniy faollikni saqlash, ayniqsa shimoliy mamlakatlarda yashovchi keksalarning quyoshda yetarli vaqt bo‘lishi, chekish va spirtli ichimliklarni suiiste’mol qilishdan voz kechish va boshqalar).
Quyidagilarga alohida e’tibor beriladi:
- to‘liq va sifatli uyquga;
- kundalik ovqatlanishdagi kalsiy miqdorini hudud uchun tavsiya etilgan darajada ushlab turishga (o‘rtacha 1200—1500 mg/kun);
- D vitamini darajasini me’yorda saqlashga. Yoshlikda D vitaminining zarur miqdori biosintez orqali ta’minlanadi, ammo keksa yoshda D vitaminini qo‘shimcha qabul qilish zarur. Bu organizmdagi darajani me’yorlashtiradi va kalsiy so‘rilishini ta’minlaydi;
- tana massasi indeksini 19 kg/m2 dan kam bo‘lmagan darajada saqlashga.
Osteoporozning dorilar bilan oldini olish tegishli xavf omillari mavjudligi va baholash shkalasidagi xavf darajasiga qat’iy bog‘liq. Qaysi xavf omili ustunligiga qarab profilaktik dori vositalari farqlanadi. Umuman olganda, osteoporozning faol profilaktikasida shifokor tayinlaganidan so‘ng kasallikni davolashda qo‘llanadigan dori vositalarining o‘zi ishlatiladi.
Osteoporoz rivojlanishining genetik omillari
Postmenopauza davridagi ayollarda sinishlar tezligi bilan D vitamini retseptori (VDR) genining BsmI allellari o‘rtasida bog‘liqlik aniqlangan. Tadqiqotlarda VDR BsmI polimorfizmi suyak zichligiga ta’sir qilmasligi, ammo geterozigota shaklda umumiy sinish xavfini 1,5 baravar, gomozigota shaklda esa 2 baravardan ko‘proq oshirishi ko‘rsatilgan. Kollagen COLIA1 Sp1 (G/T) genidagi T/T gomozigota polimorfizmi ayollarda son suyagi bo‘yni va umurtqa pog‘onasi mineral zichligini sezilarli kamaytiradi hamda umurtqa sinishi xavfini 1,4 baravar oshiradi; farnezildifosfat sintaza (FDPS) geni polimorfizmi keksa ayollarda suyak massasini 3–7 % ga kamaytiradi. VDR Cdx2 polimorfizmining mavjudligi jinsdan qat’i nazar umurtqa sinishi xavfini 20 % gacha kamaytiradi; estrogen alfa retseptori (ESR1) genidagi XbaI gomozigota polimorfizmi esa har qanday yoshdagi ayollarda umumiy sinish xavfini 19 % ga (erkaklarda 9 % ga), umurtqa sinishi xavfini 35 % ga (erkaklarda 16 % ga) kamaytiradi. Laktaza fermentining LCT geni polimorfizmi sabab laktozani (sut shakarini) ko‘tara olmaslik va qorin dam bo‘lishi, spazm hamda ich ketishiga sabab bo‘luvchi sut mahsulotlarini beixtiyor cheklash (klinik manzara surunkali pankreatitga o‘xshaydi) keksalarda suyak massasining sezilarli kamayishi va sinish xavfining 2–5 baravar ortishiga olib keladi.
Adabiyotlar
- Lavrishcheva G. I., Polyakov A. N., Kitayev V. V. Osteoporoz Arxiv nusxasi 25-oktabr 2020-yildagi Wayback Machine // Katta tibbiyot ensiklopediyasi, 3-nashr — Moskva: Sovet ensiklopediyasi. — 18-jild.
- Tonk CH, Shoushrah SH, Babczyk P, El Khaldi-Hansen B, Schulze M, Herten M, Tobiasch E. (2022). Osteoporozning terapevtik muolajalari — yomon variantlar orasida qaysi tabletkalar kombinatsiyasi eng yaxshi? International Journal of Molecular Sciences. 23(3):1393. https://doi.org/10.3390/ijms23031393