Immunologiya nima

Bakteriyalar MRSA (sariq rangda) neytrofil (binafsha rangda) tomonidan yutilmoqda.

Immunologiya ( lotincha immunis — erkin, ozod qilingan, biror narsadan xalos bo‘lgan + yunoncha λόγος — bilim) — tibbiy-biologik fan bo‘lib, organizmning begona tuzilmalarga (antigenlar) reaksiyasini, bu reaksiyalarning mexanizmlari, namoyon bo‘lishi, normal va patologik holatlardagi kechishi hamda natijalarini o‘rganadi, shuningdek, tadqiqot va davolash usullarini ishlab chiqadi.

Immunologiyaning o‘rganish predmeti

  • Immun tizimining tuzilishi;
  • Immun reaksiyalarining rivojlanish qonuniyatlari va mexanizmlari;
  • Immun reaksiyalarini nazorat qilish va boshqarish mexanizmlari;
  • Immun tizimi kasalliklari va uning faoliyati buzilishlari;
  • Immunopatologik reaksiyalarning rivojlanish shartlari va qonuniyatlari hamda ularni tuzatish usullari;
  • Yuqumli va yuqumsiz kasalliklarga qarshi kurashishda immun tizimi zaxiralari va mexanizmlaridan foydalanish imkoniyatlari;
  • Ko‘payish jarayonining immunologik muammolari;
  • A’zolar va to‘qimalarni transplantatsiya qilishning immunologik muammolari.

Immunologiya yo‘nalishlari

Umumiy immunologiya

Umumiy immunologiya immun reaksiyalarining hujayraviy va molekulyar asoslarini, ularning boshqarilishini, genetik nazoratini, shuningdek, individual rivojlanish jarayonlarida immun mexanizmlarining rolini o‘rganadi.

Maxsus immunologiya

Maxsus immunologiya amaliy yo‘nalishga ega; uning asosiy tarmoqlariga immunopatologiya, molekulyar immunologiya, embriogenez immunologiyasi, allergologiya, transplantatsion immunologiya, infeksion immunologiya, immunokimyo, immunomorfologiya, neyroimmunologiya.

Klinik immunologiya yoki immunopatologiya — immun mexanizmlarining buzilishi natijasida yuzaga keladigan kasalliklar yoki patologik jarayonlari bor bemorlarni tekshirish, tashxislash va davolash, shuningdek, immunologik muolajalar davolash va/yoki profilaktikaning muhim qismi bo‘ladigan holatlar bilan shug‘ullanuvchi klinik va laboratoriya fanidir.

Infeksion immunologiya — odamlar va hayvonlarning yuqumli kasalliklarida immun javobni o‘rganadigan hamda bu kasalliklarning maxsus profilaktikasi, diagnostikasi va davolash usullarini ishlab chiqadigan immunologiya bo‘limi.

Noinfeksion immunologiya — yuqumli va invazion kasalliklar qo‘zg‘atuvchilari bilan bog‘liq bo‘lmagan antigenlarga, masalan, izoantigenlar va o‘sma antigenlariga organizmning immun javobini o‘rganadigan immunologiya bo‘limlari majmui.

Molekulyar immunologiya — immun javobning molekulyar mexanizmlarini o‘rganadigan immunologiya bo‘limi.

Radiatsion immunologiya — ionlashtiruvchi nurlanish ta’sirida immun javobning o‘zgarishlarini o‘rganadigan, transplantatsion immunitetni susaytirish uchun nurlanishdan foydalanish usullarini hamda radiatsion shikastlanishlarda immun tizimini tiklash usullarini ishlab chiqadigan immunologiya bo‘limi va hokazo.

Embriogenez immunologiyasi yoki reproduktiv immunologiya — embrional rivojlanish davomida to‘qima va a’zolarning antigen tuzilishi shakllanishini hamda ona va homila organizmlari o‘rtasidagi immunologik munosabatlarni o‘rganadigan immunologiya va embriologiya bo‘limi.

Immunomorfologiya — immunitetning hujayraviy asoslarini o‘rganadigan immunologiya bo‘limi.

Immunokimyo — immun javobning kimyoviy asoslarini o‘rganadigan immunologiya bo‘limi.

Transplantatsion immunologiya to‘qimalarning immunologik nomuvofiqligi, transplantatlarning rad etilishi, nomuvofiqlikni bartaraf etish shartlari va usullarini o‘rganadi.

Mikrobiologik immunologiya

Immunologiya tarixi

Qadimgi dunyo va o‘rta asrlar

Miloddan avvalgi 1000-yil — chechak kasalligining og‘ir shaklidan himoya qilish maqsadida sog‘lom odamlarga chechak papulalari tarkibini dastlab Xitoyda emlashgan, keyinchalik bu amaliyot Hindiston, Yevropa, Kichik Osiyo va Kavkazga tarqalgan.[manba kerak?]

1546-yil — italiyalik shifokor Jirolamo Frakastoroning «Yuqum» (lotincha On Contagion et Contagiosis Morbis) kitobi nashr etiladi. Unda u hali XI asrda Ibn Sino tomonidan ilgari surilgan orttirilgan immunitet nazariyasini rivojlantiradi. Ibn Sino va Frakastoro barcha kasalliklar odamdan odamga o‘tadigan mayda «urug‘lar» tufayli kelib chiqadi, deb hisoblashgan. Turli «yuqum urug‘lari» turli o‘simlik va hayvonlarga, organizm ichida esa turli a’zolar va tana suyuqliklariga turlicha moyillik ko‘rsatadi.

Dastlabki vaksinalar

1701 yildan boshlab variolyatsiya (ya’ni chechakka qarshi emlash) Konstantinopolda ommalashib, u yerdan Yevropaga tarqaladi.

1722 yili Uels shahzodasi va malikasi ikki qizini chechakka qarshi emlatib, Angliya aholisiga qirollik oilasi namunasini ko‘rsatdi.

Londonda 1746 yili barcha xohlovchilarga chechakka qarshi emlash o‘tkaziladigan maxsus Avliyo Pankratiy kasalxonasi ochildi.

12-oktabr 1768 yili eng mohir emlash shifokorlaridan biri Tomas Dimsdeyl imperatrisa Yekaterina II va uning o‘g‘li Pavelni chechakka qarshi emladi.

1796 yili o‘ttiz yillik tadqiqotlardan so‘ng Edvard Jenner sigir chechagiga qarshi emlash usulini dastlab 8 yoshli bolada, keyin yana 23 kishida sinab ko‘rdi. 1798-yilda u tadqiqotlari natijalarini e’lon qildi. Jenner chechakka qarshi emlashning tibbiy usulini ishlab chiqib, uni vaksinatsiya ( lotincha vaccus — sigir) deb atadi.

Immunologiyadagi inqilob

1880-yilda Lui Pasterning tovuqlarni xoleradan virulentligi pasaytirilgan patogen bilan immunizatsiya qilish orqali himoyalash haqidagi maqolasi chop etildi.

1881-yilda Paster 27 ta qo‘yni kuydirgiga qarshi vaksina bilan emlash bo‘yicha ommaviy tajriba o‘tkazdi, 1885-yilda esa quturishga qarshi vaksinani quturgan it tishlagan bolada muvaffaqiyatli sinab ko‘rdi. Bu voqealar infeksion immunologiyaning vujudga kelishi va keng ko‘lamli emlash davrining boshlanishini belgiladi (vaksinatsiya).

1883-yilda immunolog Ilya Mechnikov immunitetning fagotsitar nazariyasi to‘g‘risida ilk ma’ruzasini Odessadagi tabiatshunos shifokorlar qurultoyida qildi. Aynan Mechnikov hujayraviy immunitetni o‘rganishning boshlanishida turgan. U inson organizmida amyobasimon harakatlanuvchi maxsus hujayralar — neytrofillar va makrofaglar mavjudligini, ular kasallik qo‘zg‘atuvchi mikroorganizmlarni yutib, parchalay olishini ko‘rsatdi. Organizmni himoya qilishda u asosiy rolni aynan shu hujayralarga bergan.

1890-yilda nemis shifokori Emil fon Bering Sibasaburo Kitasato bilan birgalikda difteriya yoki qoqshol bilan kasallangan va tuzalgan odamlar qonida antitoksinlar paydo bo‘lishini ko‘rsatdi. Ular bu kasalliklardan tuzalganlarga ham, ushbu qon quyilgan kishilarga ham immunitet beradi. O‘sha yili bu kashfiyotlar asosida qon zardobi bilan davolash usuli ishlab chiqildi. Olimlarning ishlari gumoral immunitet mexanizmlarini o‘rganishga asos soldi. 1901-yilda esa Emil fon Bering ilk Fiziologiya yoki tibbiyot bo‘yicha Nobel mukofotiga «zardob bilan davolash, ayniqsa difteriyani davolashda uni qo‘llash borasidagi ishlari uchun; bu tibbiyot fanida yangi yo‘llarni ochib, shifokorlarning qo‘liga kasallik va o‘limga qarshi g‘alaba keltiruvchi qurol berdi» degan e’tirof bilan sazovor bo‘ldi.

1891-yilda nemis farmakologi Paul Erlixning maqolasi chiqdi. Unda u qondagi mikroblarga qarshi moddalarni «antitana» deb atadi. Mechnikov bilan bir vaqtda Erlix organizm immun himoyasi haqidagi o‘z nazariyasini ishlab chiqdi. U antitanalarning asosiy xususiyati yuqori darajadagi o‘ziga xoslik ekanini payqadi. Bu xususiyatni tushuntirish uchun Erlix «yon zanjirlar» nazariyasini ilgari surdi. Unga ko‘ra, antitanalar hujayralar yuzasida avvaldan retseptorlar sifatida mavjud bo‘ladi. Keyinchalik ushbu, dastlab ko‘proq nazariy mulohazalarga asoslangan qarash ayrim tuzatishlar bilan tasdiqlandi.

Dastlab fagotsitar (hujayraviy) va gumoral nazariyalar bir-biriga qarama-qarshi qo‘yilgan. 1908-yilda Mechnikov va Erlix tibbiyot bo‘yicha Nobel mukofotini birgalikda olishdi, keyinchalik esa ularning nazariyalari bir-birini to‘ldirishi ma’lum bo‘ldi.

1900-yilda avstriyalik shifokor-immunolog Karl Landshteyner insonning qon guruhlarini kashf etdi va buning uchun 1930-yilda Nobel mukofotini oldi.

1904-yilda mashhur kimyogar Svante Arrenius antigen va antitana o‘rtasidagi o‘zaro ta’sirning qaytuvchanligini isbotlab, immunokimyoga asos soldi.

1908-yilda Germaniya va Fransiyada immunologiyaga oid maqolalar chop etuvchi ilk ilmiy jurnallar — Zeitschrift für Immunitätsforschung[inglizcha] va Annales de I’lnstitut Pasteur tashkil etildi; 1916-yildan AQSHda American Journal of Immunology nashr etila boshladi.

1913-yilda quyidagi tashkilot tuzildi: Amerika immunologlar uyushmasi (inglizcha American Association of Immunologists).

40-yillarning oxiriga kelib xavfli infeksiya qo‘zg‘atuvchilariga — chechak, quturish, xolera, o‘lat, ich terlama, sariq isitma, difteriya va qoqsholga qarshi vaksinalar majmuasining yaratilishi immunologiya rivojlanishining birinchi bosqichini yakunladi.

Nazariy immunologiyadagi yutuqlar

Infeksion immunologiya muvaffaqiyatlariga qaramay, XX asr o‘rtalarida eksperimental va nazariy immunologiya hali boshlang‘ich rivojlanish bosqichida edi.

Immunologiya rivojlanishining yangi bosqichi avstraliyalik virusolog Frenk Makfarleyn Byornet nomi bilan bog‘liq. U immunitetning klonal-seleksiya nazariyasini yaratdi va immunologik tolerantlik hodisasini kashf etdi. Shu xizmatlari uchun 1960-yilda Nobel mukofotini oldi.

Dastlab immunoglobulinlarni o‘rganish Arne Tizeliusning 1937-yildagi qon oqsillari elektroforeziga oid ishidan boshlandi.

Keyinchalik 40–60-yillarda immunoglobulinlarning sinflari va izotiplari aniqlandi; 1962-yilda Rodni Porter esa immunoglobulin molekulalarining tuzilish modelini taklif qildi. Bu model barcha izotipdagi immunoglobulinlar uchun umumiy ekanligi va hozirgacha to‘g‘riligi tasdiqlangan.

60-yillardan 80-yillarning boshlarigacha — hujayra kulturalari supernatantlaridan immun javobning turli gumoral vositachilarini ajratib olish davri bo‘ldi. 80-yillarning o‘rtalaridan hozirgi kungacha immunologiyada molekulyar klonlash usullari, transgen sichqonlar va belgilangan genlari o‘chirib tashlangan sichqonlar (knokout) qo‘llanilmoqda.

Jeyms Govansning XX asrning 60-yillaridagi ishlari limfotsitlarning organizmdagi rolini ko‘rsatdi. Govans kalamushlarda olib borgan tajribalarida ko‘krak limfa yo‘lini doimiy drenajlash limfotsitlarni organizmdan jismonan chiqarib yuborishini va buning natijasida hayvonlar immun javob hosil qilish qobiliyatini yo‘qotishini ko‘rsatdi.

XX asr o‘rtalarida amerikalik genetik va immunolog Jorj Snell boshchiligidagi guruh sichqonlarda tajribalar o‘tkazdi. Bu tajribalar asosiy gistomoslik majmuasi va transplantatsiya qonuniyatlarining kashf etilishiga olib keldi. Shu xizmatlari uchun Snell Nobel mukofotini 1980-yilda oldi.

2011-yilda fiziologiya yoki tibbiyot bo‘yicha Nobel mukofoti fransuz immunologi Jyul Ofmanga «tug‘ma immunitet faollashuvini o‘rganish» bo‘yicha ishlari uchun berildi.

XXI asrda immunologiyaning asosiy vazifalari tug‘ma va orttirilgan immunitetning molekulyar mexanizmlarini o‘rganish, yangi vaksinalarni, shuningdek, allergiya, immun tanqisligi va onkologik kasalliklarni davolash usullarini ishlab chiqishdan iborat bo‘ldi.

Immunologiyaga oid ishlari uchun Nobel mukofotini fiziologiya va tibbiyot yo‘nalishida olganlar ro‘yxati

Mukofot berilgan yilLaureatMukofot berilish sababi
1901Emil Adolf fon BeringAntitoksinlarni (antitanalarni) kashf etgani va ulardan difteriyani davolashda foydalangani uchun.
1905Robert KoxSil kasalligini tadqiq etgani uchun.
1908Ilya Ilich Mechnikov va Paul ErlixImmunitetga oid tadqiqotlari, fagotsitozni kashf etgani (Mechnikov) va immunitetning gumoral nazariyasini ishlab chiqqani (Erlix) uchun.
1913Sharl RisheAnafilaksiya bo‘yicha tadqiqotlari e’tirofi sifatida.
1919Jyul BordeKomplementga bog‘liq bakterioliz va spetsifik gemoliz bo‘yicha eksperimental ishlari, yuqumli kasalliklarga tashxis qo‘yishda komplementni bog‘lash usulini ishlab chiqqani uchun.
1930Karl LandshteynerInsonning qon guruhlarini kashf etgani uchun.
1951Maks TeylerSariq isitmaga qarshi vaksina yaratgani uchun.
1957Daniele BoveAllergik reaksiyalar patogenezida gistaminning rolini aniqlagani va allergik kasalliklarni davolash uchun antigistamin dori vositalarini ishlab chiqqani uchun.
1960Makfarleyn Byornet va Piter Brayan MedavarSun’iy immunologik tolerantlikni (murosalilikni) kashf etgani uchun.
1972Jerald Edelman va Rodni PorterAntitanalarning kimyoviy tuzilishiga oid kashfiyotlari uchun.
1977Rozalin Sasmen YalouPeptid gormonlarni aniqlashning radioimmunologik usullarini rivojlantirgani uchun.
1980Barux Benaserraf, Jan Dosse va Jorj SnellAsosiy gistomoslik majmuasi genlarini va hujayra yuzasidagi tuzilmalarni kashf etgani uchun.
1984Nils Yerne, Georg Kyoler va Sezar MilshteynGibridlar yordamida monoklonal antitanalar ishlab chiqarish tamoyillarini kashf etgani va ishlab chiqqani uchun.
1987Susumu TonegavaAntitanalar xilma-xilligini hosil qilishning genetik tamoyilini kashf etgani uchun.
1996Piter Doxerti va Rolf TsinkernagelInson immun tizimi, xususan, uning virus bilan zararlangan hujayralarni aniqlash qobiliyatiga oid kashfiyotlari uchun
1997Stenli PruzinerInfeksiyaning yangi biologik tamoyilini namoyon etuvchi prionlarni kashf etgani uchun
2011Ralf SteynmanDendrit hujayralarni kashf etgani va ularning orttirilgan immunitetdagi ahamiyatini o‘rgangani uchun
2011Jyul Xoffman va Bryus ByotlerTug‘ma immunitetning faollashuvini o‘rganish bo‘yicha ishlari uchun
2018 Jeyms Ellison va Tasuku Xonjo Salbiy immun boshqaruvni ingibitsiya qilish orqali saraton kasalligini davolash usulini kashf etgani uchun

Immunologiya jurnallari

Adabiyotlar

  • Immunologiya / R. M. Xaitov tahriri ostida. — M.: Meditsina, 2000. — 425 bet — ISBN 522504543X.
  • V. G. Galaktionov Immunologiya: darslik. — M.: Moskva davlat universiteti nashriyoti, 1998. — 480 bet — ISBN 5-211-03717-0.
  • Tibbiy atamalar ensiklopedik lug‘ati / V. I. Pokrovskiy tahriri ostida. — M.: Sovet ensiklopediyasi, 1984. — B. 1591.
  • E. Chepel Klinik immunologiya asoslari / Ingliz tilidan tarjima. 5-nashr. — M.: GEOTAR-Media, 2008. — B. 416. — ISBN 978-1-4051-2761-5.
  • N. N. Popov Klinik immunologiya va allergologiya. — M.: Reinfor, 2004. — 524 bet — ISBN 5-94944-014-5.
  • J. Dosse Immunogematologiya, fransuz tilidan tarjima. — M., 1959.
  • Radiatsion immunologiya. — M., 1965.
  • Noinfeksion immunologiyada laboratoriya tadqiqot usullari / O. E. Vyazov tahriri ostida. — M., 1967.
  • V. I. Ioffe Klinik va epidemiologik immunologiya. — L., 1968.
  • Amaliy immunologiya / tahriri ostida: P. N. Burgasov va I. S. Bezdenejnix. — M., 1969.
  • D. Uilson Tana va antitana / Ingliz tilidan tarjima. — M.: Mir, 1974.
  • K. Dresler Immunologiya: lug‘at = Immunologie / Karl Dresler; nemis tilidan L. I. Martinova tarjimasi; tahrir va so‘zboshi muallifi A. E. Vershigora. — Kiyev: Vishcha shkola, Bosh nashriyot, 1988. — 224 bet — 24 000 nusxa — ISBN 5-11-000318-1.

Havolalar