Limfotsitlar (limfa va yunoncha κύτος — “idish”, bu yerda — “hujayra” so‘zlaridan) — immun tizimining hujayralari bo‘lib, agranulotsitlar guruhiga mansub leykotsitlarning bir turi hisoblanadi. Limfotsitlar immun tizimining asosiy hujayralaridir. Ular gumoral immunitetni (antitanalar ishlab chiqarish), hujayraviy immunitetni (nishon-hujayralar bilan bevosita kontaktli o‘zaro ta’sir), shuningdek, boshqa turdagi hujayralar faoliyatini tartibga solishni ta’minlaydi. Voyaga yetgan odam organizmida qondagi barcha leykotsitlarning 25—40 % ini limfotsitlar tashkil etadi (1 mkl da 500—1500 hujayra), bolalarda esa bu hujayralarning ulushi 50 % ga teng.

Inson limfotsitlarining skanerlovchi elektron mikroskop tasviri.
Morfologik belgilarga ko‘ra limfotsitlarning ikki turi ajratiladi: katta donador limfotsitlar (ko‘pincha bular NK-hujayralar bo‘ladi yoki ancha kam hollarda — limfoid qatorning faol bo‘linayotgan hujayralari: limfoblastlar va immunoblastlar) hamda kichik limfotsitlar (T- va B-hujayralar).
Funksional belgilarga ko‘ra limfotsitlarning uch turi farqlanadi: B-hujayralar, T-hujayralar, NK-hujayralar.
- B-limfotsitlar, yoki B-hujayralar, begona tuzilmalarni (antigenlarni) taniydi va shu jarayonda spetsifik antitanalarni (muayyan begona tuzilmalarga qarshi yo‘naltirilgan oqsil molekulalarini) ishlab chiqaradi.
- T-limfotsitlar, yoki T-hujayralar, tarkibiga sitotoksik T-limfotsitlar, T-xelperlar (T-helpers), T-regulyatorlar kiradi. Sitotoksik T-limfotsitlar “qotil” (killer) vazifasini bajaradi, T-xelperlar immun javobni faollashtiradi va yo‘naltiradi, T-regulyatorlar esa ortiqcha immun javobni susaytiradi.
- NK-limfotsitlar organizm tomonidan genetik jihatdan “begona” deb tan olinadigan yoki “o‘ziga xos” belgilarini yo‘qotgan hujayralarni (antigen spetsifikligini hisobga olmagan holda) yo‘q qila oladi.
Qonda T-limfotsitlar miqdori limfotsitlarning umumiy soniga nisbatan 65—80 %, B-limfotsitlar — 8—20 %, NK-limfotsitlar — 5—20 % ni tashkil etadi.