Antioksidantlar nima

Antioksidantlarga boy oziq-ovqat mahsulotlari

Antioksidantlar (shuningdek, oksidlanishga qarshi moddalar, konservantlar) — ingibitsiya qilish orqali oksidlanish jarayonini sekinlashtiradigan moddalar; bular organizm faoliyati natijasida tabiiy hosil bo‘ladigan mahsulotlar va ovqat orqali olinadigan oziq moddalarni ham o‘z ichiga olgan, erkin radikallarning hamda boshqa moddalarning oksidlovchi ta’sirini neytrallay oladigan ko‘plab kimyoviy birikmalardir. Ular, asosan, organik birikmalarning oksidlanishi nuqtayi nazaridan o‘rganiladi.

Tasnifi

Antioksidantlar fermentativ tabiatli (fermentlar, ya’ni eukariot va prokariot hujayralar tomonidan sintezlanadiganlari) va nofermentativ turlarga bo‘linadi. Eng mashhur antioksidant fermentlar (AOF) — oqsil-katalizatorlar, jumladan : superoksiddismutaza (SOD), katalaza va peroksidazalardir. AOF organizm antioksidant tizimining eng muhim ichki qismidir. AOF tufayli har bir hujayra odatda ortiqcha erkin radikallarni zararsizlantira oladi. Ammo zararsizlantirilmagan erkin radikallar haddan tashqari ko‘payganda organizmni oksidlovchi stressdan himoyalashda antioksidant tizimining tashqi qismi — oziq-ovqat orqali olinadigan antioksidantlar katta ahamiyat kasb etadi.

Eng mashhur nofermentativ antioksidantlar: askorbin kislota (C vitamini), tokoferol (E vitamini), ß-karotin (A provitamini) va likopin (pomidor tarkibida uchraydi). Ularga polifenollar: flavin va flavonoidlar (sabzavotlarda ko‘p uchraydi), taninlar (kakao, qahva va choyda), antosianlar (qizil rezavor mevalarda) ham kiradi.

Antioksidantlar suvda (gidrofil) yoki lipidlarda (lipofil) erishiga qarab ikki katta kichik guruhga bo‘linadi. Umuman olganda, suvda eruvchan antioksidantlar hujayra sitozoli va qon plazmasida oksidlanadi, yog‘da eruvchan antioksidantlar esa hujayra membranalarini lipidlarning peroksidli oksidlanishidan himoya qiladi. Antioksidantlar organizmning o‘zida sintezlanishi yoki ovqat bilan kirishi mumkin. Turli antioksidantlar organizm suyuqliklari va to‘qimalarida juda har xil konsentratsiyalarda uchraydi. Ulardan ayrimlari (glutation yoki ubixinon) asosan hujayralar ichida, boshqalari esa (siydik kislotasi) nisbatan bir tekis taqsimlangan. Ayrim antioksidantlar faqat ma’lum organizmlarda uchraydi; bunday birikmalar mikroorganizmlarning patogenezi va virulentlik omillari uchun muhim bo‘lishi mumkin.

Oziq-ovqat tarkibidagi miqdori

Antioksidantlar yangi rezavor mevalarda va boshqa mevalarda, shuningdek, ulardan yangi siqib olingan sharbatlar, mevali ichimliklar (morslar), pyurelar tarkibida ko‘p bo‘ladi. Antioksidantlarga boy rezavor va boshqa mevalarga chakanda, chernika, uzum, klyukva, chetan, qora mevali chetan, smorodina, anor, mangostin, asai.

Antioksidantlarga boy mahsulotlar — yong‘oqlar, ayrim sabzavotlar va dukkaklilar (loviya, keyl karami, artishok), bunda oxirgi guruhdagi sabzavotlar tarkibidagi antioksidantlarning ortiqcha miqdori organizmning temir, rux, kalsiy va boshqa mikroelementlarni o‘zlashtirishiga xalaqit berishi mumkin.

Antioksidantlar saqlovchi boshqa mahsulotlar orasida kakao, qizil vino, ko‘k choy, ivan-choy va kamroq darajada qora choy.

Antioksidantlar qatoriga omega-3 to‘yinmagan yog‘ kislotalari ham kiritiladi; ular ko‘plab dengiz mahsulotlari, zig‘ir urug‘i va boshqa manbalarda uchraydi.

Ta’sir mexanizmlari

Erkin kislorod ta’sirida uglevodorodlar, spirtlar, kislotalar, yog‘lar va boshqa moddalarning erkin kislorod bilan oksidlanishi zanjirli jarayondir. Zanjir reaksiyalari faol erkin radikallar — peroksid (RO2·), alkoksil (RO·), alkil (R·) radikallari, shuningdek, kislorodning faol shakllari (superoksid-anion, singlet kislorod) ishtirokida kechadi. Tarmoqlangan zanjirli oksidlanish reaksiyalarida jarayon davomida tezlik ortib boradi (avtokataliz). Bunga oraliq mahsulotlar — gidroperoksidlar va boshqa moddalarning parchalanishi natijasida erkin radikallar hosil bo‘lishi sabab bo‘ladi.

Eng keng tarqalgan antioksidantlar (aromatik aminlar, fenollar, naftollar va boshqalar)ning ta’sir mexanizmi reaksiya zanjirlarini uzishga asoslanadi: antioksidant molekulalari faol radikallar bilan ta’sirlashib, faolligi past radikallarni hosil qiladi. Gidroperoksidlarni parchalaydigan moddalar (dialkilsulfidlar va boshqalar) ishtirokida ham oksidlanish sekinlashadi. Bunda erkin radikallarning hosil bo‘lish tezligi kamayadi. Antioksidantlar hatto juda oz miqdorda (0,01—0,001 %) ham oksidlanish tezligini pasaytiradi. Shu sababli ma’lum vaqt davomida (tormozlanish yoki induksiya davrida) oksidlanish mahsulotlari aniqlanmaydi. Oksidlanish jarayonlarini sekinlashtirish amaliyotida sinergizm — aralashmadagi antioksidantlar yoki boshqa moddalar ishtirokida ularning samaradorligi o‘zaro kuchayishi hodisasi katta ahamiyatga ega.

Qo‘llanilishi

Oksidlanish jarayonlari qimmatli oziq-ovqat mahsulotlarining buzilishiga (taxirlanish, ya’ni yog‘larning buzilishi, vitaminlarning parchalanishi), polimerlar (kauchuk, plastmassa, tolalar)ning mexanik mustahkamligi pasayishi va rangi o‘zgarishiga, yoqilg‘ida smolasimon moddalarning hosil bo‘lishiga, turbina va transformator moylarida kislotalar hamda cho‘kma (shlam) paydo bo‘lishiga va boshqa salbiy oqibatlarga olib keladi.

Oziq-ovqat sanoatida

Antioksidantlardan oziq-ovqatning buzilishini kamaytirish uchun oziq-ovqat qo‘shimchalari sifatida foydalaniladi. Kislorod va quyosh nuri oziq-ovqatning oksidlanishiga sabab bo‘ladigan ikkita asosiy omildir. Mahsulotlar uzoqroq saqlanishi uchun ular qorong‘i joyda saqlanadi, havo o‘tkazmaydigan idishlarga joylanadi yoki hatto mum bilan qoplanadi. Biroq kislorod o‘simliklarning nafas olishi uchun ham zarur: o‘simlik xomashyosini anaerob sharoitda saqlash yoqimsiz hid va rang paydo bo‘lishiga olib keladi. Shu sabablarga ko‘ra, yangi meva va sabzavotlar qadoqlanganda tarkibida taxminan 8 % kislorod bo‘lgan gaz aralashmasi ishlatiladi. Antioksidantlar konservantlarning ayniqsa muhim turidir, chunki bakteriya yoki zamburug‘lar keltirib chiqaradigan buzilishdan farqli ravishda, oksidlanish reaksiyalari hatto muzlatilgan yoki sovitilgan oziq-ovqatlarda ham nisbatan tez kechadi. Bunday konservantlarga askorbin kislota (AA, E300) va tokoferollar (E306) kabi tabiiy antioksidantlar, shuningdek, propilgallat (PG, E310), tert-butilgidroxinon (TBHQ), butilgidroksianizol (BHA, E320) va butilgidroksitoluol (BHT, E321) kabi sintetik antioksidantlar kiradi.

Oksidlanishga eng ko‘p uchraydigan molekulalar to‘yinmagan yog‘lardir. Oksidlanish ularni taxirlashtiradi. Oksidlangan lipidlar ko‘pincha rangini yo‘qotadi va odatda metall yoki oltingugurtni eslatuvchi yoqimsiz ta’mga ega bo‘ladi. Shuning uchun yog‘ga boy mahsulotlarda yog‘larning oksidlanishiga yo‘l qo‘ymaslik muhim. Bunday mahsulotlarni saqlash uchun quritish kamdan-kam qo‘llanadi; ko‘proq dudlash, tuzlash va achitish (fermentatsiya) usullaridan foydalaniladi. Mevalar singari yog‘i kamroq mahsulotlarga ham havoda quritishdan oldin oltingugurt saqlovchi antioksidantlar sepiladi. Oksidlanishni ko‘pincha metallar katalizlaydi, shu sababli yog‘ga boy mahsulotlarni alyuminiy folgaga o‘rash yoki metall idishlarda saqlash tavsiya etilmaydi. Zaytun moyi kabi ayrim yog‘li mahsulotlar tarkibidagi tabiiy antioksidantlar tufayli oksidlanishdan qisman himoyalangan bo‘lsa-da, yorug‘lik ta’siridagi oksidlanishga sezgirligicha qoladi. Yog‘ saqlovchi kosmetika mahsulotlariga, jumladan, lab bo‘yog‘i, namlovchi va yumshatuvchi vositalarga ham taxirlanishning oldini olish uchun antioksidant konservantlar qo‘shiladi.

Yoqilg‘ini barqarorlashtirishda

Yoqilg‘ida smolasimon moddalarning hosil bo‘lishi paraoksidifenilamin, alfa-naftol, yog‘och smolasining turli fraksiyalari kabi juda oz miqdordagi antioksidantlar (0,1 % va undan kam) qo‘shilganda keskin sekinlashadi. Moylash moylari va konsistent moylarga quyidagi antioksidantlar (1—3 %) qo‘shiladi: paraoksidifenilamin, ionol, tributilfosfat, rux (yoki bariy) dialkilditiofosfati, rux dialkilfenilditiofosfati va boshqalar.

Tibbiyotda

Organizmda lipidlarning peroksidli oksidlanishi jarayonlari doimiy ravishda sodir bo‘ladi va biomembranalarning tarkibini yangilash hamda funksional xususiyatlarini saqlash, energetik jarayonlar, hujayra bo‘linishi va biologik faol moddalar sintezi hamda hujayra ichidagi signallar uzatilishi uchun muhim ahamiyatga ega.

Yangi o‘simlik mahsulotlarini muntazam iste’mol qilish yurak-qon tomir va ayrim nevrologik kasalliklar ehtimolini kamaytirishi sababli, antioksidantlar erkin radikallarning tirik organizm hujayralariga zararli ta’sirining oldini olishi va shu tariqa ularning qarishini sekinlashtirishi mumkinligi haqidagi ishchi faraz ilgari surildi va ommaviy axborot vositalari orqali keng tarqaldi. Natijada antioksidant xususiyatli biologik faol qo‘shimchalar uchun qiymati milliardlab dollarga teng bozor vujudga keldi.

Hozirgacha o‘tkazilgan ko‘plab ilmiy tadqiqotlar ushbu farazni tasdiqlamadi. Aksincha, keng ko‘lamli tadqiqotlar oziq-ovqat qo‘shimchalari tarkibidagi antioksidantlar salomatlik uchun xavf tug‘dirishi mumkinligini ko‘rsatdi. Meta-tahlil 18 yoshdan 103 yoshgacha bo‘lgan 240 mingdan ortiq odam (44,6 % ayollar) qatnashgan klinik tadqiqotlarni umumlashtirib, beta-karotin va E vitamini tavsiya etilgan kunlik me’yordan yuqori dozalarda qabul qilinsa, umumiy o‘lim darajasini sezilarli darajada oshirishini ko‘rsatdi. 1994-yilda Finlyandiyadagi Milliy sog‘liqni saqlash instituti tomonidan 29 133 nafar chekuvchi ishtirokida o‘tkazilgan beta-karotin qo‘shimchasi bo‘yicha klinik tadqiqot o‘pka saratoni bilan kasallanish ko‘payganini aniqladi. 1996-yilda 18 ming kishi ishtirokida A vitamini va beta-karotin qabul qilish bo‘yicha o‘tkazilgan tadqiqotda ushbu moddalarni iste’mol qilganlar orasida saraton bilan kasallanish 1,5 baravar ko‘proq uchragani ma’lum bo‘ldi. 2004-yilda 211 818 nafar bemor qatnashgan va A, C, E vitaminlari hamda beta-karotin bo‘yicha o‘tkazilgan yigirmata tadqiqotni ko‘rib chiqish natijasida bu vitaminlar o‘lim darajasini oshirishi qayd etildi. 2005-yilda E vitamini qo‘shimchalari bo‘yicha o‘tkazilgan meta-tahlil ham shunga o‘xshash natijalarni ko‘rsatdi. 2012-yilda antioksidant vitaminlar qo‘llanilishi bo‘yicha 215 900 bemorlar ishtirokidagi tadqiqotlarni umumlashtirgan tizimli sharhda E vitamini, beta-karotin va A vitaminining katta dozalari saqlangan qo‘shimchalar xavfli degan xulosaga kelindi. Eng yangi ma’lumotlarga ko‘ra, yangi o‘simlik oziq-ovqatlarining salomatlikka foydali ta’siri antioksidantlarning o‘zidan ko‘ra boshqa birikmalar va omillar bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin.

Organizmda erkin radikallar va antioksidantlarning rolini o‘rgangan tadqiqotchilar shunday xulosaga keldi: organizm biologik faol qo‘shimchalar tarkibidagilarga qaraganda kuchliroq antioksidantlarni o‘zi ishlab chiqaradi, antioksidantlarning ortiqcha miqdori esa zarar yetkazishi mumkin. Tadqiqotchilarning fikricha, erkin radikallarni mutlaqo zararli deb hisoblab bo‘lmaydi; ularning foydali vazifasi ham muhim: immun tizimi ulardan bakteriyalar va saraton hujayralariga hujum qilishda foydalanadi. Olimlar organizm uchun erkin radikallarning butunlay yo‘qligi emas, balki ular bilan tabiiy antioksidantlar o‘rtasidagi muvozanat foydali, degan fikrga moyil. Inson organizmi faqat ayrim noyob kasalliklarda bu muvozanatni saqlay olmaydi; bunday kasalliklar bo‘lmasa, uni odatda muvaffaqiyatli saqlab turadi.

Biologik antioksidantlar darajasining pasayishi

E vitamini yetishmovchiligida, shuningdek, C, P va K vitaminlari yetishmovchiligida ayrim biologik antioksidantlarning to‘qimalardagi miqdori uzoq muddat kamayadi yoki ular butunlay yo‘qoladi. Bunday patologik holatlarda radikal oksidlanishni faollashtiradigan ionlashtiruvchi nurlanish yoki kislorod bilan zaharlanish kabi omillarga chidamlilik keskin pasayadi. Oksidlanishga qarshi ta’sir, aftidan, tokoferollarning biologik vazifalarini belgilaydigan asosiy xususiyatlardan biridir. Buni E vitamini yetishmovchiligining dastlabki bosqichlarida hayvonlar to‘qimalarida lipid peroksidlarining to‘planishi hamda bu holat belgilari bilan hayvonlarga yog‘larning oksidlanish mahsulotlari berilganda paydo bo‘ladigan belgilar o‘xshashligi tasdiqlaydi. Bundan tashqari, tokoferol bilan faqat antioksidant xususiyatlari umumiy bo‘lgan ayrim birikmalarni (masalan, difenilparafenilendiaminni) yuborish natijasida lipid peroksidlari darajasi pasayishi va E vitamini yetishmovchiligining asosiy belgilarining bartaraf etilishi ham bunga dalildir.

Nurlanish ta’sirida shikastlanishda tirik organizm to‘qimalarining umumiy antioksidant faolligi uzoq vaqt pasayadi.

Qarish davomida mushak to‘qimasi lipidlari antioksidant faolligi doimiy ravishda, garchi uncha katta bo‘lmagan darajada bo‘lsa ham, kamayadi.

Tirik organizm to‘qimalarida biologik antioksidantlar darajasi sezilarli yoki uzoq muddat pasaygan o‘rganilgan holatlarning barchasiga xos jihat — normal moddalar almashinuvining buzilishidir. Natijada o‘sish sur’ati sekinlashadi, regeneratsiya va proliferatsiya (hujayralar ko‘payishi) jarayonlari susayadi, organizmning moslashish imkoniyatlari kamayadi.

Biologik antioksidantlar darajasining oshishi

Tajribalarda sichqonlarga zaharli bo‘lmagan konsentratsiyalarda glutation, tiomochevina, betaaminoetilizotiuroniy, propilgallat va nordigidrogvayaret kislotasi yuborish orqali antioksidantlar miqdorini qisqa muddatga sun’iy oshirish bir xil natija bergan — hayvonlarning kislorod bilan zaharlanishga chidamliligi ortgan.

Ko‘pchilik radioprotektor vositalar antioksidant xususiyatlarga ega. Ularni organizmga yuborish to‘qimalarning antioksidant faolligini oshirib, hayvonlarning ionlashtiruvchi nurlanish ta’siriga chidamliligini kuchaytiradi.

Ayrim o‘smalarning lipidlari antioksidant faolligi ushbu o‘smalar eng tez o‘sayotgan davrda yuqori bo‘lishi aniqlangan. Shu bilan birga o‘smalarda eng kuchli biologik antioksidantlardan biri — tokoferol to‘planishi kuzatilgan.

Antioksidant faollikning qisqa muddatli oshishi odatda moddalar almashinuvining umumiy faollashuvi, proliferatsiya jarayonlarining kuchayishi va organizmning moslashish imkoniyatlari ortishi bilan birga kechadi. Biologik antioksidantlar darajasining uzoq muddat yuqori bo‘lishi esa normal moddalar almashinuvining buzilishi bilan bog‘liq bo‘lib, xavfli o‘smalar o‘sishida kuzatiladi.

To‘qimalarning umumiy antioksidant faolligi darajasi nisbatan barqaror bo‘lishi va har bir organga xos alohida darajaga egaligi, aftidan, gomeostazning asosiy ko‘rsatkichlaridan biridir. Mavjud tajriba ma’lumotlari antioksidant faollikning sezilarli va uzoq davom etadigan har qanday o‘zgarishi — ortishi ham, pasayishi ham — organizmda patologik o‘zgarishlarga olib kelishini ko‘rsatadi.

To‘qimalar, suvli va lipidli ekstraktlar hamda alohida birikmalarning organizmga yoki model tizimlarga kiritilganda namoyon bo‘ladigan antioksidant ta’sirini aniqlash usullari quyidagilarga asoslanadi: 1) antioksidant ishtirokida hosil bo‘ladigan peroksidlar miqdorining nazorat namunaga nisbatan kamayishini aniqlash; 2) ayrim birikmalarning erkin radikal oksidlanishi mahsulotlari ta’sirida parchalanish tezligidagi o‘zgarishni o‘lchash [masalan, dioksifenilalanin (DOFA) oksidlanganda boshqa xususiyatlarga ega mahsulotlar hosil qiladi]; 3) ma’lum miqdorda peroksidlar hosil bo‘lishi uchun zarur vaqtning (induksiya davrining) uzayishini aniqlash; 4) xemilyuminessensiya intensivligidagi o‘zgarishni aniqlash; 5) radikal sopolimerlanish hajmining kamayishini aniqlash; 6) oksidlanayotgan namunalar zaharliligining pasayishini aniqlash; 7) nisbatan barqaror radikallar to‘planishi dinamikasini elektron paramagnit rezonans usuli bilan qayd etish А'.

Adabiyotlar

  • Emanuel N. M., Lyaskovskaya Yu. N., Yog‘larning oksidlanish jarayonlarini sekinlashtirish, M., 1961.
  • Emanuel N. M., Denisov Ye. T., Mayzus 3. K., Suyuq fazada uglevodorodlarning zanjirli oksidlanish reaksiyalari, M., 1965.
  • Ingold K., Organik birikmalarning suyuq fazada avto-oksidlanishini ingibitsiyalash, inglizchadan tarjima // «Kimyo yutuqlari», 1964, 33-jild, 9-son.
  • Xolliuell B. 1999. Antioksidant himoya mexanizmlari: boshidan oxirigacha (boshlanishning oxirigacha). Free Radical Research 31:261-72.
  • Rouds C. J. Kitob: Inson yashash muhitining toksikologiyasi — erkin radikallarning muhim roli, Taylor and Francis, London (2000).

Havolalar