Alp tog‘lari haqida

Alp tog‘lari
frans. Alpes, nem. Alpen, ital. Alpi, retorom. Alps, sloven. Alpe
Заснеженные Альпы, вид из космоса
Kosmosdan ko‘rinayotgan qor bilan qoplangan Alp tog‘lari
Xususiyatlari
Shakllanish davriMezozoy 
Maydoni190 000 км²
Uzunligi1 200 км
Kengligigacha 260 км
Eng baland nuqtasi
Eng baland cho‘qqisiMonblan 
Eng baland nuqtasi4810 м
Joylashuvi
46°01′00″ shim. keng. 11°11′00″ sharq. uzun.HGЯO
Mamlakatlar
Европа
Красная точка
Alp tog‘lari
Логотип Викисклада Vikimedia omboridagi mediafayllar

Alp tog‘lari (frans. Alpes, nem. Alpen, ital. Alpi, retorom. Alps, sloven. Alpe) — shimoli-g‘arb tomonga qavariq yoy shaklida cho‘zilgan tizma va tog‘ massivlarining murakkab tizimi bo‘lib, Liguriya dengizidan O‘rta Dunay pasttekisligigacha davom etadi. Alp tog‘lari sakkiz mamlakat hududida joylashgan: Fransiya, Monako, Italiya, Shveytsariya, Germaniya, Avstriya, Lixtenshteyn va Sloveniya. Alp yoyining umumiy uzunligi taxminan 1200 km (yoyning ichki cheti bo‘ylab taxminan 750 km), kengligi esa 260 km gacha yetadi. Alp tog‘larining eng baland cho‘qqisi — Monblan tog‘i bo‘lib, uning dengiz sathidan balandligi 4810 metr. U Fransiya va Italiya chegarasida joylashgan. Alp tog‘larida jami 100 ga yaqin balandligi to‘rt ming metrdan oshadigan cho‘qqi bor.

Alp tog‘lari xalqaro alpinizm, tog‘ chang‘isi sporti va turizm markazidir. Alp tog‘larida turizm XX asrda jadal rivojlana boshlagan va Ikkinchi jahon urushi tugaganidan keyin yanada tezlashib, asr oxiriga kelib yetakchi yo‘nalishlardan biriga aylangan. Sakkiz mamlakatdan beshtasi (Shveytsariya, Fransiya, Italiya, Avstriya va Germaniya) Alp tog‘laridagi inshootlarda o‘tkazilgan qishki Olimpiya o‘yinlariga mezbonlik qilgan. Turizm jadal rivojlanishiga qaramay, Alp mintaqasida o‘ziga xos an’anaviy madaniyat saqlanib qolgan. Unga quyidagilar kiradi: qishloq xo‘jaligi, mavsumiy yaylov chorvachiligi, yog‘ochga ishlov berish va pishloq tayyorlash.

Alp tog‘lari G‘arbiy Yevropaning markazida joylashgani tufayli eng yaxshi o‘rganilgan tog‘ tizimlaridan biridir. Ko‘plab tushunchalar Alp tog‘lari nomi bilan ataladi, xususan, alp iqlim mintaqasi, alp burmalanish davri, alp relyef tipi, alp o‘tloqlari, alpinizm. Shuningdek, Alp tog‘lari sharafiga boshqa tog‘ tizimlari ham nomlangan, masalan, Avstraliya Alp tog‘lari Avstraliyada, Janubiy Alp tog‘lari Yangi Zelandiyada va boshqalar.

Etimologiyasi

Hozircha Alp tog‘lari nomining kelib chiqishi bo‘yicha umumiy fikr mavjud emas.

«Tog‘ manzarasi» (Alp tog‘lari), Mixail Erassi

Bir taxminga ko‘ra, lotincha Alpes so‘zi albus (oq) so‘zidan kelib chiqqan bo‘lib, qor bilan qoplangan tog‘larni ifodalash uchun miloddan avvalgi I asrdayoq ishlatilgan. Boshqa bir taxminga ko‘ra, bu nom Al yoki Ar so‘zlaridan kelib chiqqan, ular baland tog‘li hududni anglatgan. Hozirgi Alpe so‘zi fransuz va italyan tillarida tog‘ cho‘qqisini anglatadi; xuddi shunday, Alp atamasi nemis tilida ham shu ma’noda ishlatiladi.

Atamalar — Alpeis yoki Alpes — baland tog‘lar va tog‘ massivlarini ifodalash uchun Qadimgi Yunoniston va Qadimgi Vizantiya olimlari tomonidan ishlatilgan. Xususan, Kesariyalik Prokopiy ismli VI asr vizantiyalik yozuvchisi o‘z asarlarida Alp tog‘lari va Pireney tog‘larini bitta nom bilan — Geminas Alpeis deb atagan. Boshqa tog‘lar ham shunga o‘xshash nomlangan (Karpat tog‘lari — Basternikae Alpes). Bu so‘z zamonaviy yunon tilida — Άλπεις (Alpeis).

Hatto kelt tilida ham Alpes so‘zi mavjud bo‘lib, keltlar barcha baland tog‘larni shunday atagan. Keyinchalik u inglizcha Alps shakliga aylangan. Taxminlarga ko‘ra, keltlar bu so‘zni Rim imperiyasidan olgan.

Aholisi

Galshtat

2001-yil holatiga ko‘ra, Alp tog‘larida jami 12 million 300 ming kishi yashagan. Ularning asosiy qismini fransuzlar, nemislar va italyanlar tashkil qilgan. Muhim etnik guruhlardan yana biri — slovenlar.

Alp tog‘laridagi eng yirik shaharlar: Grenobl (Fransiya) — aholisi 155 100 kishi, Insbruk (Avstriya) — 127 000 kishi, Trento (Italiya) — 116 893 kishi va Boltsano (Italiya) — 98 100 kishi.

Geologiyasi

Yevropalik olimlar XVIII asr boshlarida Alp tog‘larining kelib chiqishi va tuzilishini o‘rganishga qiziqa boshlaganlar. Alp tog‘lari muntazam va batafsil o‘rganila boshlangan birinchi tog‘ tizmasi bo‘lgan. Natijada ularni tadqiq etishdagi yutuqlar tufayli bir necha muhim geologik konsepsiya shakllangan. XIX asr o‘rtalarida tog‘ tizmalarining «burmalanishi»ni tushuntirish uchun geosinklinallar nazariyasi qo‘llanilgan. 1960-yillarning o‘rtalarida uning o‘rnini okeanlar geologiyasidagi yangi kashfiyotlar bilan birga vujudga kelgan plitalar tektonikasi nazariyasi egalladi. Bu nazariya Alp tog‘lari evolyutsiyasining hozirgi talqiniga asos bo‘ldi.

O‘rta dengiz mintaqasining tektonik xaritasi

Ushbu tog‘ tizmasining shakllanishini bir necha bosqichga ajratish mumkin.

Alp tog‘lari chuqurligidagi eng qadimgi tog‘ jinslari, xususan, ulardagi sirkon mineralini tahlil qilish bu jinslar proterozoy oxiri — kembriy boshlarida (taxminan 540 million yil oldin) shakllana boshlaganini ko‘rsatadi. Alp tog‘larida ba’zan kembriy davriga oid qazilma qoldiqlar ham uchraydi. Shu davrda Gondvana va Lavraziya materiklarining yaqinlashuvi ham boshlangan. Perm davrigacha kristalli poydevor jinslari shakllangan, keyinchalik ular gersin burmalanishi davrida burmalangan.

Pangeya supermaterigining shakllanishi toshko‘mir davri oxirida Gondvana va Lavraziya materiklarining to‘qnashuvi bilan yakunlangan. Kelajakdagi Alp tog‘lari ikki tektonik plita to‘qnashgan hududda joylashgan, sharqiy qismi esa qadimgi Paleotetis okeani tubida, suv ostida qolgan. Ilk perm davrida vulqon faolligi kuchaygan, shamol va yog‘inlarning ta’siri bilan birgalikda bu gersin burmalarining yemirilishiga olib kelgan.

Aynan yura davri oxirida (taxminan 150 million yil oldin), Dunyo okeani sathi keskin pasaygach, Paratetis hozirgi Janubiy Alp tog‘lari hududidan chekingan va bu hududga xos ohaktosh yotqiziqlarini qoldirgan. Ayni paytda Afrikadan Yevropa tomonga Adriatika plitasi harakatlana boshlagan. Bu plita Sharqiy Alp tog‘larida okean botiqlarining hosil bo‘lishiga sabab bo‘lgan. Hozir ham plita Yevropa tomon siljimoqda. Xususan, Alp tog‘laridagi Periadriatika yorig‘i plitalar chegarasida joylashgan.

Matterhorn davom etayotgan tog‘ hosil bo‘lish jarayoniga misoldir (unda turli geologik davrlarga mansub tog‘ jinsi qatlamlarini kuzatish mumkin)

Taxminan 60 million yil avval, bo‘r davrida, tog‘ tizmasining asosiy shakllanishi boshlangan. Jarayon dastlab Alp tog‘larining sharqiy Avstriya hududidan boshlanib, asta-sekin g‘arb tomon tarqalgan. Bu jarayon alp burmalanishi deb ataladi. Alp tog‘larining tuzilishi va geologik tarkibiga ko‘ra farqlanadigan hamda tog‘ massivining shakllanishi natijasida vujudga kelgan uch asosiy qismi ajratiladi: G‘arbiy, Sharqiy va Janubiy Alp tog‘lari.

G‘arbiy Alp tog‘lari — Alp tog‘larining eng yosh qismi bo‘lib, kaynozoy yotqiziqlariga ega. U kristalli (gneyslar, slyudali slaneslar) va metamorfik (kvars-fillit slaneslari) jinslardan tarkib topgan baland, uchli cho‘qqilari bilan ajralib turadi. Alp tog‘larining baland qismida tog‘-muzlik relyefi va zamonaviy muzlanish keng tarqalgan. Sharqiy Alp tog‘lari pastroq va yonbag‘irlari yotiqroq bo‘lib, ularda mezozoy erasiga oid yotqiziqlar uchraydi. Janubiy Alp tog‘laridagi asosiy yotqiziqlar esa bo‘r davriga mansub.

Alp tog‘larining geologik tuzilishi Yevropa, Afrika va okean kelib chiqishiga ega tog‘ jinsi qatlamlaridan tashkil topgan. Ayrim cho‘qqilar, masalan, Matterhorn, davom etayotgan tog‘ hosil bo‘lish jarayoniga misoldir. Bu tog‘da yuqorida aytilgan davrlarga oid turli jins qatlamlarini kuzatish mumkin.

Geografiyasi

Fizik xarita: Alp tog‘lari

Alp tog‘lari Yevropadagi muhim iqlim chegarasi hisoblanadi. Ularning shimoli va g‘arbida mo‘tadil iqlimli hududlar, janubida esa O‘rta dengizga xos subtropik landshaftlar joylashgan. Shamolga ro‘para g‘arbiy va shimoli-g‘arbiy yonbag‘irlarga yiliga 1500—2000 mm, ayrim joylarga 4000 mm gacha yog‘in tushadi. Alp tog‘laridan yirik daryolar (Reyn, Rona, Po, Adije, Dunayning o‘ng irmoqlari) boshlanadi, shuningdek, bu yerda ko‘plab ko‘llar (muzlik va tektonik-muzlik kelib chiqishiga ega: Boden ko‘li, Jeneva ko‘li, Komo, Lago-Majore va boshqalar) mavjud.

Landshaftlarning balandlik bo‘yicha mintaqalanishi aniq ifodalangan. 800 metrgacha balandlikda iqlim mo‘tadil iliq, janubiy yonbag‘irlarda esa O‘rta dengiz iqlimi hukmron. Bu yerlarda ko‘plab uzumzorlar, bog‘lar, dalalar, O‘rta dengizga xos butazorlar va keng bargli o‘rmonlar bor. 800—1800 metr balandlikda iqlim mo‘tadil va nam; eman va qayin kabi keng bargli o‘rmonlar yuqoriga ko‘tarilgan sari ignabargli o‘rmonlar bilan almashadi. 2200—2300 metrgacha balandlikda iqlim sovuq, qor uzoq saqlanadi (bu hudud subalpi mintaqasi deb ataladi). Butazorlar va baland o‘tli o‘tloqlar hamda yozgi yaylovlar ustunlik qiladi. Undan yuqorida, doimiy qorlar chegarasigacha alp mintaqasi joylashgan. Bu yerning iqlimi sovuq, siyrak o‘sadigan, past bo‘yli alp o‘tloqlari ustun bo‘lib, ular yilning katta qismida qor bilan qoplanadi. Undan ham yuqorida nival mintaqa joylashgan bo‘lib, bu hududda muzliklar, qor uyumlari va toshloq yonbag‘irlar mavjud.

Hududlarga bo‘linishi

Ko‘ndalang vodiy orqali — Boden ko‘li va Komo ko‘li oralig‘ida — Alp tog‘lari ikki qismga bo‘linadi: balandroq G‘arbiy Alp tog‘lari (balandligi 4808 m gacha, Monblan tog‘i) va pastroq, kengroq Sharqiy Alp tog‘lari (balandligi 4049 m gacha, Bernina tog‘i)

Fransuz an’anasiga ko‘ra, yaxlit G‘arbiy Alp tog‘lari o‘rniga G‘arbiy va Markaziy Alp tog‘lari ajratiladi. Bunday tasnifda uch qism o‘rtasidagi chegaralar deyarli davlat chegaralariga mos tushadi: G‘arbiy Alp tog‘lari asosan Fransiyada, Markaziy Alp tog‘lari Shveytsariyada, Sharqiy Alp tog‘lari esa Avstriyada joylashgan.

Quyida Alp tog‘larining asosiy hududlari ro‘yxati keltirilgan. Bu bo‘linish ko‘p jihatdan shartli, chunki turli manbalarda tegishli chegaralar turlicha belgilanadi.

Alp tog‘larining asosiy tog‘li hududlari va G‘arbiy hamda Sharqiy Alp tog‘larini ajratuvchi chiziq. 1. — Liguriya Alp tog‘lari, 2. — Dengizbo‘yi Alp tog‘lari, 3. — Provans Alp tog‘lari, 4. — Kott Alp tog‘lari, 5. — Dofine Alp tog‘lari, 6. — Gray Alp tog‘lari, 7. — Pennin Alp tog‘lari, 8. — Bern Alp tog‘lari, 9. — Lepontin Alp tog‘lari, 10. — Glarn Alp tog‘lari, 11. — Shimoliy Ohaktoshli Alp tog‘lari, 12. — Retiya Alp tog‘lari, 13. — Etstal Alp tog‘lari, 14. — Tsillertal Alp tog‘lari, 15. — Yuqori Tauern, 16. — Lombardiya Alp tog‘lari, 17. — Dolomit Alp tog‘lari, 18. — Karniya Alp tog‘lari, 19. — Yuliya Alp tog‘lari, 20. — Karavanke

O‘z navbatida, bu hududlar yanada kichik qismlarga bo‘linadi. Masalan, Insbruk shimolida Vettershteyngebirge va Karvendelgebirge, janubida esa Shtubayer-Alpen va Tukseralpen [2123 kundan beri sahifa ko‘rsatilmagan].

Foydali qazilmalar

Alp tog‘lari minerallar manbai bo‘lib, odamlar ularni bir necha ming yildan buyon qazib kelmoqda. Galshtat madaniyati davrida (miloddan avvalgi VIII—VI asrlar) kelt qabilalari mis qazib olgan, keyinchalik rimliklar Bad-Gashteyn hududida tangalar uchun oltin qazib olgan. Shtiriyadagi kon metallurgiya sanoati uchun yuqori sifatli temir rudasi manbaidir. Bundan tashqari, Alp tog‘lari mintaqasining katta qismida kristallar, xususan, kinovar, ametist va kvars kabi minerallar uchraydi. Sloveniyadagi kinovar konlari turli xil kinovar pigmentlarining muhim manbaidir.

Eng baland cho‘qqilar

Tog‘ Monblan, 2004-yil oktabr
Nomi Balandligi, m Joylashuvi
Monblan 4810,45 Gray Alp tog‘lari
Monte-Roza 4634 Pennin Alp tog‘lari
Dom 4545 Pennin Alp tog‘lari
Vaysxorn 4505 Pennin Alp tog‘lari
Matterhorn 4478 Pennin Alp tog‘lari
Gran-Komben 4314 Pennin Alp tog‘lari
Finsteraarxorn 4273 Bern Alp tog‘lari
Alechxorn 4192 Bern Alp tog‘lari
Barr-dez-Ekren 4102 Dofine Alp tog‘lari
Gran-Paradizo 4061 Gray Alp tog‘lari
Bernina 4049 Retiya Alp tog‘lari
Vaysmis 4023 Pennin Alp tog‘lari

Muzliklar (gletcherlar)

Alp tog‘laridagi suv havzasi

Alp mintaqasida tog‘-muzlik relyef shakllari keng tarqalgan. Dengiz sathidan 3000 metrdan baland tog‘larda qishda erishi mumkin bo‘lganidan ko‘proq qor yog‘adi. Qor yil davomida saqlanadigan joylarda uning bosimi, yuqori qatlamning erib qayta muzlashi natijasida muzlik asosi shakllanadi. Muzlik yuzasidan suv oqishi bilan muz massalari asta-sekin vodiy ichkarisiga siljiydi. Sirpanayotgan muz yo‘l-yo‘lakay tuproqning ustki qatlamini yemiradi, tosh, qum yoki gruntning bir qismini uzib olib ketadi. Muzlik yuzasida turli kattalikdagi yoriqlar bo‘ladi.

Doimiy qor chizig‘i shimolda 2,5 km, janubda esa 3—3,2 km balandlikda joylashgan. Alp tog‘larida taxminan 1200 ta muzlik bor, ularning eng kattasi — Alech muzligi, Bern Alp tog‘larida joylashgan bo‘lib, maydoni 169 km². Muzliklardan Rona, Reyn va boshqa daryolar boshlanadi.

Iqlimi

Alp tog‘larining shimoli va g‘arbida mo‘tadil iqlimli hududlar, janubida esa O‘rta dengizga xos subtropik landshaftlar joylashgan. Alp mintaqalarining iqlimi balandlik, joylashuv hamda shamol yo‘nalishiga bog‘liq. Yozda issiq kunlardan keyin salqin oqshomlar keladi. Tog‘larda ertalab odatda quyoshli bo‘ladi, tushdan keyin esa bulutlar to‘planadi. Qishda tez-tez qor yog‘adi va uzoq vaqt past harorat saqlanadi. Alp tog‘larining shimoliy tomonida iqlim sovuqroq va namroq, janubida esa, aksincha, iliqroq va quruqroq. Iyulning o‘rtacha harorati +14 °C dan past, yanvarniki esa −15 °C gacha bo‘ladi. Yiliga 1000 mm yog‘in tushadi. Tekisliklarda qor yiliga bir oydan olti oygacha saqlanadi. Qishning katta qismida vodiylarni tuman qoplaydi. Alp tog‘lariga mahalliy shamollar xos. Ularning eng muhimi — iliq va quruq fyon shamoli bo‘lib, u havo massalarining tog‘ yonbag‘irlari bo‘ylab pastga tushishi va siqilishi natijasida hosil bo‘ladi. Bu jarayon adiabatik qizish bilan kechadi. Natijada mahalliy harorat sezilarli ko‘tarilib, qor tez eriydi va tez-tez qor ko‘chkilari yuz beradi. Bu odamlar hayotiga xavf tug‘diradi hamda ayrim tog‘li hududlarni tashqi dunyodan uzib qo‘yishi mumkin. Shu bilan birga, fyon shamoli u bo‘lmagan joylarga qaraganda ancha baland hududlarda ham dehqonchilik qilish imkonini beradi.

Alp tog‘lari osmonidagi yulduzlar

Alp tog‘larining iqlimi va tuproq-o‘simlik qoplami yaqqol vertikal mintaqalanish xususiyatiga ega. Alp tog‘lari beshta iqlim mintaqasiga bo‘linadi, ularning har biri tabiiy muhit turi bilan ajralib turadi. Har xil iqlim mintaqalarida iqlim, o‘simlik va hayvonot dunyosi farqlanadi. Tog‘ massivining 3000 metrdan yuqori qismi nival mintaqa deb ataladi. Sovuq iqlimli bu hudud doimo ko‘p yillik qor bilan qoplangan. Shu sababli nival mintaqada o‘simlik deyarli uchramaydi.

Alp o‘tloqlari 2000—3000 metr balandlikda joylashgan. Bu mintaqa nival mintaqaga qaraganda iliqroq. Alp o‘tloqlariga past bo‘yli o‘ziga xos o‘simliklar, shuningdek, «o‘t yostiqchalari» hosil qiluvchi o‘simliklar xos. Bu ekotizimlar tundraga o‘xshagani uchun Alp o‘tloqlari «tog‘ tundrasi» deb ham ataladi.

Alp mintaqasidan biroz pastda subalpi mintaqasi, ya’ni 1500—2000 metr balandlikdagi hudud joylashgan. Bu mintaqada qoraqarag‘ay o‘rmonlari o‘sadi, havo harorati esa asta-sekin ko‘tariladi. Yozning issiq, quyoshli kunlarida harorat eng ko‘pi +24 °C gacha ko‘tariladi, odatda esa +16 °C ga yetmaydi. Yilning istalgan faslida sovuq urishi mumkin.

1000—1500 metr balandlikda mo‘tadil mintaqa joylashgan. Bu yerda millionlab emanlar o‘sadi. Bu mintaqada dehqonchilik ham qilinadi.

1000 metrdan pastda pasttekislik joylashgan bo‘lib, unda o‘simliklar xilma-xilligi katta. Qishloqlar ham pastliklarda joylashadi, chunki bu yerdagi harorat sharoiti odamlar va hayvonlar hayoti uchun qulaydir.

Hayvonot va o‘simlik dunyosi

Alp tog‘lari florasi

Ignabargli o‘simliklar Avstriya Alp tog‘larida

Olimlar Alp tog‘larida 13 000 turdagi o‘simlikni aniqlagan[havolani aniqlashtirish 2123 kun]. Alp o‘simliklari yashash muhiti va tuproq turiga ko‘ra guruhlanadi. Tuproq ohakli (ohaktosh) yoki ohaksiz bo‘lishi mumkin. O‘simliklar turli tabiiy sharoitlarda — o‘tloqlar, botqoqliklar, o‘rmonlar (bargli va ignabargli) hamda ko‘chki va tosh uyumlari ta’sir etmagan joylardan tortib, qoya va tog‘ tizmalarigacha uchraydi.

Balandlik mintaqalanishi mavjudligi sababli Alp florasining xilma-xilligi va o‘ziga xos xususiyatlari, asosan, dengiz sathidan balandlikka bog‘liq. Alp tog‘larida turli biotoplar — vodiylardagi yorqin rangli gullar bilan qoplangan o‘tloqlar va o‘simliklari siyrak baland tog‘li hududlar mavjud. Dengiz sathidan 2400 metr balandlikkacha ignabargli daraxtlar o‘sadi. Undan yuqorida, 3200 metrgacha esa pakana daraxtlar ham uchraydi.

Eng mashhur tog‘ o‘simliklaridan biri — muzlik ayiqtovoni bo‘lib, u o‘simliklar orasida balandlik bo‘yicha rekordchi sanaladi va 4200 metrgacha balandlikda uchraydi. O‘simliklarning kichik guruhlari 2800 metr balandlikda ham mavjud. Ularning ko‘pchiligi, masalan, nezabudochnik (Eritrichium) va smolka (Silene), alohida yostiqsimon shaklga ega. Bu shakl ularni shunday balandlikda yashovchi o‘txo‘r hayvonlardan va namlikni yo‘qotishdan himoya qiladi. Yosh novdalar ham shu tarzda shamol va sovuqdan saqlanadi. Mashhur edelveys o‘simligi issiqlikni yaxshi saqlaydigan oq tuklar qatlami bilan qoplangan.

Alp tog‘lari faunasi

Alp tog‘lari 30 000 turdagi hayvonlarning yashash muhitidir. Barcha sutemizuvchilar Alp tog‘larida yil davomida yashaydi, biroq ayrimlari qishda uyquga ketadi. Qushlarning faqat ayrim turlari tog‘larda yil bo‘yi qoladi. Alp tog‘larida yashovchi ba’zi qush turlari bu ancha noqulay muhitga ajoyib tarzda moslashgan. Masalan, qorli tog‘ sayrog‘i (snejniy vyurok) (Oenanthe deserti) o‘rmon chegarasidan yuqoridagi qoya yoriqlarida uya quradi, oziqni (urug‘ va hasharotlarni) esa tog‘ yonbag‘irlaridan izlaydi.

Alp zag‘izg‘oni (Pyrrocorax graculus) ham o‘rmon chegarasidan ancha yuqorida, qoyalarda uya quradi. Qishda Alp zag‘izg‘onlari katta galalarga to‘planib, turistik bazalar va stansiyalar atrofida, asosan, chiqindilar bilan oziqlanadi. O‘ziga xos tarzda qishga tayyorlanadigan yong‘oqchi qush (Nucifraga caryocatactes) kuzda urug‘ va yong‘oqlarni yerga ko‘mib zaxira qiladi. Qish boshlanguncha u 100 mingdan ortiq urug‘ to‘plab, qariyb 25 ming yashirin joyga bekitadi. Yaxshi xotirasi tufayli qishda qor qalinligi bir metrdan oshgan taqdirda ham zaxiralarining katta qismini topadi. Yong‘oqchi qush bu urug‘lar bilan jo‘jalarini ham boqadi.

Alp tog‘lari hududidagi milliy bog‘lar hayvonot dunyosini muhofaza qilishga xizmat qiladi.

Alp tog‘lari orqali o‘tadigan yo‘llar

Qo‘shni, keyinchalik esa uzoqroq mintaqalar o‘rtasidagi transport aloqalariga ehtiyoj qadimdayoq paydo bo‘lgan. Alp tog‘laridan o‘tish uchun eng qulay yo‘laklar tanlangan: yo‘llar bo‘ylama vodiylardan o‘tkazilib, nisbatan past dovonlar orqali davom ettirilgan.

Qiyinchiliklar va xavf-xatarlarga qaramay, bu yo‘llardan kelt, karfagen, rim va kimvr qo‘shinlari foydalangan. Vaqt o‘tishi bilan yo‘l sharoitlari sezilarli yaxshilangan: yo‘llar kengaytirilib, tosh yotqizilgan, tog‘ soylari ustidan ko‘priklar qurilgan, dovon va vodiylarda yo‘lovchilar uchun boshpanalar paydo bo‘lgan. Mahalliy so‘qmoqlar yonida uzoq masofali yo‘llarning tarmoqlangan tizimi asta-sekin shakllangan. Bu yo‘llar Italiyaning Alp tog‘larining narigi tomonidagi hududlar bilan harbiy va savdo aloqalarini ta’minlagan. O‘rta asrlarda ular orqali german ko‘chmanchilari va german qirollari Italiyaga yurishlar paytida o‘tgan. Xuddi shu yo‘llar Italiya, Fransiya, Germaniya va Vengriya, shuningdek, bu yo‘llardan ziyoratchilar ham Rimga borish uchun foydalangan..

Alp tog‘laridan o‘tgan Suvorov (1799-yil)
Dovondagi avtomagistral ko‘rinishi: Brenner
Italiya tomonidan Mon-Seni tunneliga kirish

Qadimda va O‘rta asrlarda eng mashhur o‘tish yo‘llari quyidagilar bo‘lgan: G‘arbiy Alp tog‘larida — Kol-di-Tende[ingl.], Mon-Jenevr[ingl.], Mon-Seni, Kichik va Katta Sen-Bernar; Markaziy Alp tog‘larida — Simplon, Sen-Gotard, Bernardin[ingl.], Septimer, Shplyugen[ingl.], Yuliya dovoni Maloya bilan, Reshensheydek Vorms dovoni bilan; Sharqiy Alp tog‘larida — Brenner, yon yo‘llari esa Puster, Ampetstso, Talyamento va Brenta, shuningdek, o‘tish yo‘li Pontafel va Predil[ingl.] dovonlari orqali o‘tgan. Bu yo‘llar Tarvizioda tutashib, Shauerfeld orqali Mur vodiysiga yetib borgan. U yerda yo‘llar yana ikkiga ajralgan: biri g‘arbga, Selker va Pirn orqali, boshqasi esa sharqqa, Zemmering orqali Alp tog‘larining shimoliy chekkasiga yetgan.

XIX asrgacha Kol-di-Tende, Brenner va Arlberg dovonlaridan boshqa hech biri aravada yurish uchun moslashtirilmagan. Tog‘ etagida aravani qismlarga ajratish, qismlarini yuk hayvonlarida tog‘ning narigi tomoniga olib o‘tib, u yerda qayta yig‘ishga to‘g‘ri kelgan. Alp tog‘laridagi arava yo‘llari tarmog‘ining rivojlanishiga dastlabki turtkini Napoleon I ning Italiya yurishlari bergan. Uning buyrug‘i bilan Simplon (1800—6-yillar), Mon-Jenevr (1802-yil) va Mon-Seni (1803—10-yillar) dovonlari orqali yo‘llar qurilgan. Bu yo‘llar sabab Italiya bilan aloqalari uzilib qolmasligi uchun italyanlar, avstriyaliklar, shuningdek, Shveytsariyaning markaziy va sharqiy kantonlari arava yo‘llari qurishgan. Bu yo‘llar asta-sekin eski yuk hayvonlari yo‘llarining o‘rnini egallagan.

Keyinchalik Alp tog‘lari orqali temiryo‘llar qurilgan. Buning uchun tunnellar qazishga to‘g‘ri kelgan. Ulardan birinchisi Mon-Seni tunneli bo‘lib, 1871-yilda qurilgan. 1906-yilda Simplon tunneli qurilgan va u yarim asrdan ko‘proq vaqt dunyodagi eng uzun tunnel bo‘lib qolgan. 1965-yilda avtomobillar uchun Monblan tunneli qurilgan. U Fransiyadan Italiyaga borish yo‘lini sezilarli qisqartirgan. 2011-yilda Gotard bazis tunneli qurib bitkazilgan va u dunyodagi eng uzun temiryo‘l tunneliga aylangan.

Atrof-muhitni muhofaza qilish

Alp tog‘lari etaklaridagi tabiiy ekotizimlar uzoq vaqt davomida muntazam antropogen ta’sirga uchragani sababli, inson o‘zgartirgan landshaftlar yarim tabiiy landshaftlardan juda kam farq qiladi. Eng katta zarar ekin maydonlarini ochish, olxo‘ri ekish va yaylovlar barpo etish uchun kesilgan o‘rmonlarga yetgan. Janubiy Alp tog‘lari etaklarida inson ta’siri bilan o‘zgargan landshaftlarda garriga (garrigue) butazorlari rivojlana boshlagan. Ular davriy yong‘inlarga moyil. Dengizbo‘yi va Janubiy Alp tog‘lari etaklarining asl landshaftlarini saqlash uchun Merkantur milliy bog‘ida bir qancha choralar ko‘rilgan. Uning qo‘riqlanadigan hududida xo‘jalik faoliyati qat’iyan taqiqlangan.

Tog‘li hududlarda har yili chang‘i yo‘llari va dam olish maskanlarini qurish uchun katta o‘rmon maydonlari kesiladi. Bu tog‘lardagi tabiiy muvozanatni buzadi. Daraxtlar tuproq eroziyasining oldini olishda muhim ahamiyatga ega, ularning tanalari esa qor ko‘chkisi xavfini kamaytiradi. O‘rmonlarni kesish qor ko‘chkilari va sel oqimlariga olib keladi. 1987-yilda 20 kun ichida ulardan 60 dan ortiq kishi halok bo‘lgan. O‘rmon maydonlarining qisqarishiga kesishdan tashqari zavodlarning zaharli chiqindilari va tog‘larda og‘ir texnikadan foydalanish ham sabab bo‘lmoqda. Daraxtlar zaiflashib, kasalliklar va dovullarga osonroq chalinadi. Olimlarning hisob-kitoblariga ko‘ra, Alp o‘rmonlarining taxminan 60—80 % qismi yo‘q qilingan. Atrof-muhit holatining yomonlashuvi hayvonlar va o‘simliklar hayotiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Alp tog‘lari joylashgan barcha mamlakatlarda muhofaza etiladigan hududlar tashkil qilingan.

Turizm

Italiya Alp tog‘lari

Alp tog‘lari xalqaro alpinizm, tog‘ chang‘isi sporti va turizm hududidir. Alp tog‘lari yozda ham, qishda ham sayohat va sport maskani sifatida mashhur. Ko‘plab mintaqalarda dekabrdan aprelgacha tog‘ chang‘isi, snoubord, chana uchish, qor poyabzalida sayr qilish va chang‘i sayohatlari bilan shug‘ullanish mumkin. Yozda Alp tog‘lari sayyohlar, velosipedchilar, paraplanchilar va alpinistlarni jalb qiladi, ko‘plab Alp ko‘llari esa suzuvchilar, yaxtachilar va syorfing ishqibozlari orasida mashhur.

Alp tog‘larining pastroq hududlari va yirik shaharlari avtomagistrallar hamda tezyurar yo‘llar bilan yaxshi bog‘langan. Biroq balandroqda joylashgan tog‘ dovonlari va avtomobil yo‘llari yozda ham xavfli bo‘lishi mumkin. Qishda ko‘plab dovonlar yopiladi. Butun Alp mintaqasidagi ko‘p sonli aeroportlar va qo‘shni mamlakatlar bilan yaxshi temiryo‘l aloqalari turizm rivojiga yordam beradi.

Adabiyotlar

Havolalar