Qonning biokimyoviy tahlili — ichki aʼzolar (jigar, buyraklar, oshqozon osti bezi, o‘t pufagi va boshqalar) faoliyatini baholash, metabolizm (lipidlar, oqsillar va uglevodlar almashinuvi) haqida maʼlumot olish hamda mikroelementlarga bo‘lgan ehtiyojni aniqlash imkonini beradigan laboratoriya diagnostikasi usuli.
Tahlil o‘tkazishga ko‘rsatmalar
Salomatlik holatini nazorat qilish (yiliga kamida 1 marta). Yil davomida odamdan, jumladan, diagnostika maqsadida olingan qonning umumiy miqdori eritrotsitlarning hosil bo‘lish surʼatidan oshib ketmasligini nazorat qilish zarur.
Boshdan kechirilgan yuqumli yoki somatik kasalliklar.
Tahlilni o‘tkazish
Odam qonining biokimyoviy tahlilini o‘tkazishdan oldin zarur tayyorgarlik ishlari bajariladi. Qo‘lning tirsakdan yuqori qismiga maxsus jgut qo‘yiladi. Infeksiya tushishining oldini olish uchun qon olinadigan joyga avval antiseptik bilan ishlov beriladi. Venaga igna kiritiladi va tirsak venasi qon bilan to‘lgach, qon olinadi. Tirsak venasidan qon olishning iloji bo‘lmasa, ko‘zdan kechirish va mahkamlash mumkin bo‘lgan boshqa venalardan qon olinadi. Qon probirkaga quyiladi va yo‘llanma bilan birga biokimyo laboratoriyasiga yuboriladi.
Katta yoshli odam qonidagi biokimyoviy ko‘rsatkichlarning meʼyoriy (referens) qiymatlari.Qonni shprits yordamida olish (1941-yil)
Tahlil natijalari
Ko‘rsatkichlar
Glyukoza («qondagi qand») — meʼyori 3,33—5,55 millimol/litr (barmoqdan olingan qonda). Glyukoza darajasining yuqori bo‘lishi qandli diabet xavfi yoki glyukozaga tolerantlik buzilganidan dalolat beradi; bunday holatda endokrinolog maslahatini olish zarur.
Mochevina (karbamid) — yo‘l qo‘yiladigan qiymati 2,5—8,3 millimol/litr. Ushbu ko‘rsatkichning ortishi buyraklarning ajratish faoliyati yetarli emasligi va filtratsiya buzilganidan dalolat beradi. Qondagi mochevina miqdorining 16—20 mmol/l gacha (mochevina azoti hisobida) ortishi buyrak faoliyatining o‘rtacha og‘irlikda buzilishi, 35 mmol/l gacha ortishi og‘ir buzilish, 50 mmol/l dan oshishi esa prognozi noqulay bo‘lgan o‘ta og‘ir buzilish sifatida tasniflanadi. O‘tkir buyrak yetishmovchiligida qondagi mochevina konsentratsiyasi 50—83 mmol/l ga yetishi mumkin.
Qondagi qoldiq azot (qondagi oqsilga bog‘lanmagan azot) — qon plazmasidagi oqsillar chiqarib tashlanganidan keyin qoladigan moddalar tarkibidagi azot. Qoldiq azot mochevina azoti (50 %), aminokislotalar azoti (25 %), siydik kislotasi azoti (4 %), kreatin azoti (5 %), kreatinin azoti (2,5 %), ergotionein azoti (8 %), ammiak va indikan azotidan (0,5 %) iborat; azotning 5 % i polipeptidlar, glutation, bilirubin va boshqa oqsil bo‘lmagan birikmalar tarkibida bo‘ladi. Meʼyorda qon zardobidagi qoldiq azot miqdori 14,3 dan 28,6 mmol/l gacha o‘zgarib turadi.
Kreatinin mochevina bilan birgalikda baholanadi. Kreatinin meʼyori — 44—106 mikromol/litr. Mochevina kabi kreatinin ham buyraklar faoliyatini aks ettiradi.
Qonning biokimyoviy tahlilida xolesterin darajasi quyidagi ko‘rsatkichlar orqali ifodalanadi: umumiy xolesterin, PZLP-xolesterin (past zichlikdagi lipoproteinlar, LDL), YZLP-xolesterin (yuqori zichlikdagi lipoproteinlar, HDL), triglitseridlar.
Umumiy xolesterin meʼyori 3,6 mmol/l dan 7,8 mmol/l gacha, tavsiya etiladigan xolesterin darajasi < 5 mmol/l. Xolesterin darajasining yuqori bo‘lishi ateroskleroz xavfidan dalolat beradi.
PZLP-xolesterin — past zichlikdagi lipoproteinlar, LDL, «yomon xolesterin». Erkaklar uchun meʼyor — 2,02—4,79 mmol/l, ayollar uchun 1,92—4,51 mmol/l. Odatda, ko‘rsatkich qancha past bo‘lsa, shuncha yaxshi.
YZLP-xolesterin — yuqori zichlikdagi lipoproteinlar, HDL, «yaxshi xolesterin». Erkaklar uchun meʼyor — 0,72—1,63 mmol/l, ayollar uchun 0,86—2,28 mmol/l. Odatda, ko‘rsatkich qancha yuqori bo‘lsa, shuncha yaxshi.
Aterogenlik koeffitsiyenti (Ka) — aterosklerozning odamda rivojlanish xavfi darajasini ifodalovchi hisoblangan ko‘rsatkich. Quyidagi formula bo‘yicha hisoblanadi: , bunda H — umumiy xolesterin, HDL — YZLP-xolesterin. Meʼyori — 3 dan oshmasligi kerak.
Umumiy oqsil — qon zardobidagi oqsil darajasini ifodalaydi. Yetarli ovqatlanmaslik va ozib ketish holatlarida oqsil darajasi keskin pasayadi. Jigar kasalliklarida oqsil darajasi ko‘tariladi.
Uning meʼyori:
Yosh
gramm/litr
yangitug‘ilganchaqaloqlar
48—73
biryoshgacha
47—72
1yoshdan4yoshgacha
61—75
5yoshdan7yoshgacha
52—78
8yoshdan15yoshgacha
58—76
kattalar
65—85
Albumin — qon plazmasining asosiy oqsili bo‘lib, qon zardobida umumiy oqsilning taxminan 60 % ini tashkil etadi. Jigarda sintezlanadi. Qon plazmasining onkotik bosimi 65—80 % albuminga bog‘liq. Ko‘plab biologik faol moddalarni, xususan, gormonlarni tashishda muhim vazifani bajaradi. Shuningdek, xolesterin, bilirubin, kalsiy va turli dori moddalari bilan bog‘lanadi. Qondagi miqdori 35 dan 50 g/l gacha. Organizm suvsizlanganda ko‘tariladi; ovqat bilan yetarli oqsil tushmaganda, oshqozon-ichak yo‘llari kasalliklarida, surunkali buyrak kasalliklarida, kuyishlarda, jarohatlarda va homiladorlikda pasayadi.
AsAT (AST, aspartataminotransferaza) — yurak faoliyatini baholashda qo‘llaniladigan ferment. Qondagi miqdori 10—38 XB/l (xalqaro birlik/litr). AsAT darajasi miokard infarktida, yurak va tana mushaklari shikastlanishlarida ko‘tariladi.
AlAT (ALT, alaninaminotransferaza) — jigar faoliyatini baholashda qo‘llaniladigan ferment. Qondagi miqdori 7—41 XB/l, uning darajasi ortishi jigar kasalliklaridan dalolat beradi.
Lipaza — asosan oshqozon osti bezi tomonidan ajratiladigan ferment. Oshqozon osti bezi yallig‘langanda yoki shikastlanganda uning qondagi darajasi ko‘tariladi.
Amilaza — asosan oshqozon osti bezi va so‘lak bezlari tomonidan ajratiladigan ferment. Oshqozon osti bezi yallig‘langanda yoki shikastlanganda uning qondagi darajasi ko‘tariladi.
Ishqoriy fosfataza — fosfat kislotaning organik birikmalaridan ajralishini katalizlaydi; ishqoriy fosfataza uchun optimal pH ishqoriy muhitga (pH 8,6—10,1) to‘g‘ri kelgani sababli shunday nomlangan. Ferment hujayra membranasida joylashgan va fosfor tashilishida ishtirok etadi. Fosfat kislota va organik birikmalarning murakkab efirlari gidrolizini katalizlaydi. Ishqoriy fosfatazaning eng yuqori konsentratsiyasi suyak to‘qimasida (osteoblastlarda), gepatotsitlarda, buyrak kanalchalari hujayralarida, ichak shilliq qavatida va yo‘ldoshda aniqlanadi. Ishqoriy fosfataza faolligining ortishi har qanday etiologiyali raxit, Pedjet kasalligi, giperparatireoz bilan bog‘liq suyak o‘zgarishlarida kuzatiladi. Osteogen sarkoma, saratonning suyaklarga metastaz berishi, miyeloma kasalligi, suyaklar zararlanishi bilan kechadigan limfogranulematozda ferment faolligi tez ortadi. Jinsiy yetilish davrigacha bolalarda ishqoriy fosfataza miqdori meʼyorda kattalarnikidan yuqori bo‘ladi. Xolestazda ishqoriy fosfataza faolligining sezilarli darajada ortishi kuzatiladi. Aminotransferazalardan farqli ravishda, virusli gepatitda ishqoriy fosfataza meʼyorda qoladi yoki biroz ortadi. Surunkali alkogolizm fonida alkogoldan zaharlanishda uning faolligi keskin ortadi. Gepatotoksik taʼsir ko‘rsatadigan dorilar (tetratsiklin, paratsetamol, fenatsetin, 6-merkaptopurin, salitsilatlar va boshqalar) buyurilganda ham ortishi mumkin. Infeksion mononukleoz bilan kasallangan bemorlarning taxminan yarmida kasallikning birinchi haftasida ishqoriy fosfataza faolligi ortadi. Estrogen va progesteron saqlovchi homiladorlikdan saqlovchi preparatlarni qabul qiladigan ayollarda xolestatik sariqlik rivojlanishi va ishqoriy fosfataza faolligi ortishi mumkin. Preeklampsiyali ayollarda ferment faolligining juda yuqori ko‘rsatkichlari kuzatiladi, bu yo‘ldoshning shikastlanishi oqibatidir. Homilador ayollarda ishqoriy fosfataza faolligining pastligi yo‘ldoshning yetarli rivojlanmaganidan dalolat beradi. Yuqorida sanab o‘tilganlardan tashqari, quyidagi kasallik va holatlarda ham ishqoriy fosfataza faolligining ortishi aniqlanadi: suyak to‘qimasida metabolizmning kuchayishi (suyak sinishlari bitishida), birlamchi va ikkilamchi giperparatireoz, osteomalyatsiya, ikkilamchi giperparatireoz bilan birga kechadigan D vitaminiga rezistent raxit tufayli yuzaga keluvchi «buyrak raxiti», bolalarda sitomegalovirus infeksiyasi, jigardan tashqari sepsis, yarali kolit, regional ileit, ichakning bakterial infeksiyalari, tireotoksikoz. Gipotireoz, singa (skorbut), yaqqol ifodalangan anemiya, kvashiorkor va gipofosfatazemiyada ferment faolligining pasayishi kuzatiladi.
Oqsil fraksiyalari: albumin — kattalarda meʼyoriy daraja 35 dan 50 g/l gacha, 3 yoshdan kichik bolalarda esa meʼyoriy daraja 25—55 g/l oralig‘ida; alfa—1-globulinlar — fraksiya tarkibiga alfa—1-antitripsin, alfa—1-lipoprotein, kislotali alfa—1-glikoprotein kiradi. Meʼyori 2,1—3,5 g/l; alfa—2-globulinlar — fraksiya tarkibiga alfa—2-makroglobulin, gaptoglobin, A, B, C apolipoproteinlari va seruloplazmin kiradi. Meʼyori 5,1—8,5 g/l; beta-globulinlar — fraksiya tarkibiga transferrin, gemopeksin, komplement komponentlari, immunoglobulinlar va lipoproteinlar kiradi. Meʼyori 6,0-9,4 g/l; gamma-globulinlar — fraksiya tarkibiga G, A, M, D, E immunoglobulinlari kiradi. Meʼyori 8,0—13,5 g/l.