

Geologik uzilma yoki uzilish — tog‘ jinslari yaxlitligining buzilishi bo‘lib, u jinslarning siljishisiz (yoriq) yoki uzilish yuzasi bo‘ylab siljishi bilan kechadi. Uzilmalar Yer massalarining bir-biriga nisbatan harakatlanishini ko‘rsatadi. Yer po‘stidagi yirik uzilmalar tektonik plitalarning tutashuv joylarida siljishi natijasida hosil bo‘ladi. Faol uzilma zonalarida uzilma chizig‘i bo‘ylab tez sirpanish vaqtida energiya ajralib chiqishi natijasida ko‘pincha zilzilalar sodir bo‘ladi. Uzilmalar aksariyat hollarda bitta yoriq yoki uzilishdan emas, balki uzilma tekisligi bilan bog‘liq bir xil turdagi tektonik deformatsiyalarning strukturaviy zonasidan iborat bo‘lganligi sababli bunday zonalar uzilma zonalari deb ataladi.
Vertikal bo‘lmagan uzilmaning ikki tomoni osma qanot va taglik (yoki yotuvchi qanot) deb ataladi. Ta’rifga ko‘ra, birinchisi uzilma chizig‘idan yuqorida, ikkinchisi esa pastda joylashadi. Bu atamalar konchilik sanoatidan olingan.
Uzilma turlari

Geologik uzilmalar harakat yo‘nalishiga qarab uchta asosiy guruhga bo‘linadi. Asosiy harakat vertikal tekislikda sodir bo‘ladigan uzilma qiyalik bo‘ylab siljishli uzilma, gorizontal tekislikda sodir bo‘ladigani esa gorizontal siljish deb ataladi. Agar siljish ikkala tekislikda ham sodir bo‘lsa, bunday siljish tashlama-siljish deb ataladi. Har qanday holatda ham nom uzilmaning hozirgi yo‘nalishiga emas, balki harakat yo‘nalishiga qarab beriladi. Uzilmaning hozirgi yo‘nalishi mahalliy yoki mintaqaviy burmalar yoxud qiyalanishlar ta’sirida o‘zgargan bo‘lishi mumkin.
Qiyalik bo‘ylab siljishli uzilma
Qiyalik bo‘ylab siljishli uzilmalar tashlamalar, ko‘tarilma uzilmalar va surilmalarga bo‘linadi. Tashlamalar Yer po‘sti cho‘zilganda, uning bir bloki (osma qanot) ikkinchi blokka (taglikka) nisbatan pastga siljishi natijasida yuzaga keladi. Yer po‘stining atrofdagi tashlama qismlariga nisbatan pastga tushgan va ular orasida joylashgan qismi graben deb ataladi. Agar qism, aksincha, ko‘tarilgan bo‘lsa, u gorst deb ataladi. Qiyalik burchagi kichik bo‘lgan mintaqaviy ahamiyatdagi tashlamalar ajralish uzilmasi yoki qatlamlanib ajralish deb ataladi. Ko‘tarilma uzilmalarda harakat teskari yo‘nalishda sodir bo‘ladi: osma qanot taglikka nisbatan yuqoriga siljiydi, bunda yoriqning qiyalik burchagi 45° dan katta bo‘ladi. Ko‘tarilma uzilmalarda Yer po‘sti siqiladi. Qiyalik bo‘ylab siljishli uzilmaning yana bir turi — surilma bo‘lib, undagi harakat ko‘tarilma uzilmadagi kabi kechadi, ammo yoriqning qiyalik burchagi 45° dan oshmaydi. Surilmalar odatda qiyaliklar, riftlar va burmalarni hosil qiladi. Natijada tektonik qoplamalar va klipplar hosil bo‘ladi. Uzilish sodir bo‘ladigan tekislik uzilma tekisligi deb ataladi.

Gorizontal siljishlar
Gorizontal siljishda tomonlar bir-biriga nisbatan gorizontal yo‘nalishda (chapga yoki o‘ngga) harakatlanadi. Alohida[aniqlashtirish kerak] siljish turi — transform uzilma.
Uzilmalardagi tog‘ jinslari
Barcha uzilmalar o‘lchash mumkin bo‘lgan qalinlikka ega. Bu qalinlik deformatsiyalangan jinslarning ko‘lami (ular orqali Yer po‘stining qaysi qatlamida uzilish sodir bo‘lganligi aniqlanadi), deformatsiyaga uchragan tog‘ jinslarining turi va tabiatda minerallashuvni ta’minlovchi suyuqliklarning mavjudligiga qarab hisoblanadi. Litosferaning turli qatlamlaridan o‘tadigan uzilmaning uzilish chizig‘ida turli xil tog‘ jinslari uchraydi. Qiyalik bo‘ylab uzoq davom etadigan siljish Yer po‘stining turli sathlariga xos jinslarning bir-biri ustiga joylashishiga olib keladi. Bu ayniqsa ajralish uzilmalari yoki yirik surilmalarda yaqqol namoyon bo‘ladi.
Uzilmalarda uchraydigan asosiy tog‘ jinslari (tektonitlar) quyidagilardan iborat:
- Kataklazit — teksturasi jinsning strukturasiz, mayda donali moddasi bilan belgilanadigan tog‘ jinsi.
- Milonit — slanetsimon metamorfik tog‘ jinsi. U tog‘ jinslari massalarining tektonik uzilish yuzalari bo‘ylab harakatlanishi jarayonida, dastlabki jinslar minerallarining maydalanishi, ishqalanib ezilishi va siqilishi natijasida hosil bo‘ladi.
- Tektonik brekchiya — o‘tkir qirrali, yumaloqlanmagan jins bo‘laklari va ularni birlashtirib turuvchi sementlovchi moddadan tashkil topgan tog‘ jinsi. Uzilma zonalarida tog‘ jinslarining maydalanishi va mexanik ishqalanib yeyilishi natijasida hosil bo‘ladi.
- Uzilma gili — gili ko‘p, bog‘lanmagan yumshoq jins bo‘lib, unga o‘ta mayda donali kataklazit ham qo‘shiladi. U yassi strukturaviy naqshga ega bo‘lishi va tarkibida < 30 % ko‘rinadigan jins bo‘laklarini saqlashi mumkin.
- Psevdotaxilit — odatda qora rangli, o‘ta mayda donali, shishasimon tog‘ jinsi.
Uzilmalar ko‘pincha geokimyoviy to‘siq vazifasini bajaradi. Shu sababli qattiq foydali qazilmalar to‘plamlari ular bilan bog‘liq bo‘ladi. Shuningdek, ular ko‘pincha (tog‘ jinslarining siljishi tufayli) sho‘r eritmalar, neft va gaz o‘tishi uchun to‘sqinlik qiladi. Bu esa ularni tutib qoluvchi geologik tuzoqlar — konlarning shakllanishiga yordam beradi.
Chuqur uzilmalarni aniqlash
Chuqur uzilmalarning joylashuvi Yer yuzasida kosmik suratlarni deshifrlash hamda geofizik tadqiqot usullari — Yer po‘stini seysmik zondlashning turli turlari, magnit va gravimetrik syomka yordamida aniqlanadi va xaritaga tushiriladi (kartografiyalanadi). Geokimyoviy usullar, xususan, radon va geliy syomkasi ham ko‘p qo‘llaniladi. Geliy Yer po‘stining yuqori qatlamida ko‘p uchraydigan radioaktiv elementlarning parchalanish mahsuloti sifatida yoriqlar orqali sizib chiqadi, atmosferaga ko‘tariladi, so‘ng kosmik fazoga tarqaladi. Bunday yoriqlarda, ayniqsa, ularning kesishgan joylarida geliy konsentratsiyasi yuqori bo‘ladi. Ushbu hodisa birinchi marta rossiyalik geofizik I. N. Yanitskiy tomonidan olib borilgan uran rudalarini qidirish ishlari vaqtida aniqlangan, ilmiy kashfiyot sifatida e’tirof etilgan va SSSR Davlat kashfiyotlar reyestriga 68-raqam bilan, 1968-yildagi ustuvorlik sanasi asosida quyidagi ta’rifda kiritilgan: «Erkin harakatchan geliyning anomal (yuqori) konsentratsiyalari taqsimlanishi Yer po‘stining chuqur, jumladan, ruda saqlovchi uzilmalariga bog‘liq ekanidan iborat, ilgari noma’lum bo‘lgan qonuniyat tajriba yo‘li bilan aniqlangan».
Adabiyotlar
- Maknayt, Tom L.; Hess, Darrel (2000). «Ichki jarayonlar: uzilma turlari», Tabiiy geografiya: landshaftni o‘rganish (Physical Geography: A Landscape Appreciation). Apper-Sadl-River, Nyu-Jersi: Prentice Hall, 416-7-betlar. ISBN 0-13-020263-0.
- Deyvis, Jorj H.; Reynolds, Stiven J. (1996). «Burmalar», Tog‘ jinslari va mintaqalarning strukturaviy geologiyasi (Structural Geology of Rocks and Regions). Nyu-York, John Wiley & Sons, 372—424-betlar. ISBN 0-471-52621-5.
Havolalar
- Repin, A. G. G‘arbiy Sibir shimolidagi uzilmalar, lineamentlar va dizplikatlar. (2005). Murojaat qilingan sana: 9-sentabr 2012-yil.