| Poytaxt | |||||
| Maskat | |||||
|---|---|---|---|---|---|
| arab. مسقط | |||||
|
|||||
| 23°36′ sh. k. 58°35′ sh. u.HGYaO | |||||
| Mamlakat |
|
||||
| Tarix va geografiya | |||||
| Maydoni |
|
||||
| Markazining balandligi | 69 m | ||||
| Vaqt mintaqasi | UTC+4:00 | ||||
| Aholisi | |||||
| Aholisi | 1 560 000 kishi (2015) | ||||
| Aholi zichligi | 368 kishi/km² | ||||
| Aholisining nomlanishi | maskatliklar, maskatlik | ||||
|
|
|||||
| mm.gov.om/Default.aspx (arab.) | |||||
Maskat (arab. مسقط [ˈmasqatˤ]) — Ummon davlatining poytaxti va eng yirik megapolisi, shuningdek, hukumat joylashgan va shu nomdagi gubernatorlikning eng yirik shahri. Maydoni qariyb 3500 km² bo‘lgan ushbu metropol hududiga 6 ta viloyat kiradi. Milliy statistika va axborot markazi maʼlumotlariga ko‘ra, 2015-yil sentabrida gubernatorlikning umumiy aholisi 1,56 million kishini tashkil etgan.
Shaharning ilk tarixi yetarlicha o‘rganilmagan. O‘rta asrlarda Maskat Fors va Hindistonga yo‘l olgan kemalarga xizmat ko‘rsatuvchi yirik portga aylangan. XVI asrda shahar Portugaliya tomonidan bosib olingan, XVII asr oxirida esa Maskat qudratli Ummon imperiyasining poytaxtiga aylangan. Imperiya eng gullagan davrida Suaxili sohillaridan[ingl.] hozirgi Eron qirg‘oqlarigacha bo‘lgan hududlarga egalik qilgan. 1970-yilda Ummon taxtiga sulton Qobus bin Said kelganidan so‘ng Maskat infratuzilmasi jadal rivojlantirildi. Natijada tez rivojlanayotgan iqtisodiyot va ko‘p millatli jamiyat shakllandi.
Shahar asosan qoyali Hajar tog‘larida, Ummon qo‘ltig‘i sohilida, Hurmuz bo‘g‘ozidan uncha uzoq bo‘lmagan joyda joylashgan. Eski shaharning manzarasini pasttekislikdagi oq uylar shakllantiradi. Aglomeratsiyaning shimoli-sharqiy chekkasida esa Sulton Qobus porti[ingl.] joylashgan bo‘lib, bu yerga xos sohilbo‘yi sayilgohlari (kornishlar) va bandargoh mavjud. Shahar iqtisodiyotining asosini savdo, jumladan, neft va gaz savdosi hamda portda kemalarga xizmat ko‘rsatish tashkil etadi.
Etimologiyasi
«Maskat» nomining aniq kelib chiqishi maʼlum emas. Eng ehtimoliy taxminga ko‘ra, shaharning arab tilidan oldingi nomi arabchalashtirilib, «Maskat» shakliga kelgan. Yaqin davrlargacha nom turlicha yozilgani ham bunga dalil bo‘ladi.
Ayrim olimlar bu so‘z arabchadagi «mosxa» so‘zidan kelib chiqqan, uning maʼnosi «shishirilgan teri» yoki «charm» deb hisoblaydi. Boshqalar esa atama «langar tashlab turish joyi» yoki «langar tashlanadigan joy» degan maʼnoni anglatishini taʼkidlaydi.
Bir qator manbalarda «Maskat» so‘zi qadimgi fors tilidan tarjima qilinganda «o‘tkir hidli» maʼnosini anglatishi yoki arabchadagi «botiqlik» otidan yoxud «yashirin» sifatidan kelib chiqqani aytiladi. Tarixchi Jon Kreyven Uilkinson[ingl.] bu ikki taxminni ham yetarlicha asoslanmagan deb hisoblaydi.
Shahar nomidan Eronning «مسقطی» deb ataladigan shirinligi nomi ham kelib chiqqan: masqati. Bu shirinlik dastlab Maskatda paydo bo‘lib, keyin butun Fors imperiyasiga tarqalgan deb hisoblanadi.
Geografiyasi va geologiyasi
Maskat Ummonning shimoli-sharqida joylashgan. Uning g‘arbida Al-Botina tekisliklari, sharqida esa Ash-Sharqiya mintaqasi bor. Shaharning shimoliy va g‘arbiy qirg‘oqlarini Ummon qo‘ltig‘i suvlari yuvib turadi. Qo‘ltiq Maskat va Matrah nomli ikkita tabiiy ko‘rfazni hosil qiladi. G‘arbiy qirg‘oq Hajar tog‘lariga tutashgan. Maskatning janubidan Saraton tropigi o‘tadi.
Maskat yaqinidagi qo‘ltiq sohillari effuziv tog‘ jinslari, serpentinit va dioritdan tashkil topgan. Qirlar va tog‘lar Arabiston yarimorolining janubi-sharqiga xos plutonik tog‘ jinslaridan — serpentinit, yashil slanes[ingl.] va bazaltdan hosil bo‘lgan. Maskatning janubida vulqon jinslari 1800 m balandlikkacha ko‘tariladi, xususan, Ad-Doxiliya mintaqasida. Ummonning eng baland tog‘ tizmasi — Al-Axdar ham shu yerda joylashgan. Maskat qirlarida temir ko‘p, ammo daraxtlar yo‘q.
Shaharni g‘arbdan sharqqa Sulton Qobus nomidagi avtomagistral kesib o‘tadi.
- Zamonaviy Maskatning sunʼiy yo‘ldoshdan olingan tasviri
Iqlimi
| Ko‘rsatkich \ Davr | Yan | Fev | Mar | Apr | May | Iyun | Iyul | Avg | Sen | Okt | Noy | Dek | Yil |
|---|---|---|---|---|---|---|---|---|---|---|---|---|---|
| Mutlaq maksimal harorat t, °C | 34,6 | 38,2 | 41,5 | 44,9 | 48,3 | 48,5 | 49,1 | 49,2 | 47,2 | 43,6 | 39,4 | 37,8 | |
| O‘rtacha maksimal harorat t, °C | 25,5 | 26,1 | 29,8 | 34,7 | 39,5 | 40,4 | 38,6 | 36,2 | 36,3 | 35,0 | 30,5 | 27,1 | |
| O‘rtacha harorat, °C | 21,3 | 21,9 | 25,2 | 29,8 | 34,2 | 35,2 | 34,3 | 32,0 | 31,4 | 29,7 | 25,7 | 22,6 | |
| O‘rtacha minimal harorat t, °C | 17,3 | 17,6 | 20,7 | 24,7 | 29,1 | 30,6 | 30,4 | 28,4 | 27,5 | 24,9 | 20,9 | 18,9 | |
| Mutlaq minimal harorat t, °C | 1,6 | 2,3 | 7,0 | 10,3 | 17,2 | 21,6 | 23,5 | 21,3 | 19,0 | 14,3 | 9,4 | 4,5 | |
| Yog‘in miqdori (meʼyor), mm | 12,8 | 24,5 | 15,9 | 17,1 | 7,0 | 0,9 | 0,2 | 0,8 | 0,0 | 1,0 | 6,8 | 13,3 | |
| Manba: NOAA | |||||||||||||
Flora va fauna
Maskat o‘simlik qoplamining asosiy qismini galofit cho‘l o‘simliklari tashkil etadi. Ular sho‘rxok yerlar — sebxalarda o‘sa oladi. Qurum qo‘riqxonasida Arthrocnemum macrostachyum[ingl.] va Halopeplis Perfoliata o‘sadi, qo‘ltiqda esa marjon riflari ko‘p. Jussa va Xayron yo‘ldosh shaharlari yaqinidagi sokin suvlarda Acropora[ingl.] koloniyalari hamda kichik Porites[ingl.] riflari uchraydi. Qo‘ltiqda qisqichbaqalar, langustlar, sardinalar va pelamidalar ko‘p. Chuchuk suvli estuariylarda, xususan, Qurum qo‘riqxonasida, shaffof tanali olabug‘alar yashaydi.
Tarix
Qadimgi tarix va dastlabki eslatmalar
XVI asrgacha bo‘lgan Maskat va unga yaqin aholi punktlari tarixi haqida maʼlumotlar oz va uzuq-yuluq. Buning sabablaridan biri shaharning muntazam qayta qurilgani, ayniqsa, 1970-yillardan boshlab bu jarayonning keskin jadallashganidir. Shunga qaramay, uning qo‘ltiqdagi qulay joylashuvi, chuchuk suv manbalarining ko‘pligi, tevarakdagi tepaliklar taʼminlagan himoya va Bandar al-Jissa[ingl.] kabi qo‘shni aholi punktlarida odamlar tarixdan oldingi davrlardayoq yashaganini hisobga olsak, Maskat ham taxminan o‘sha davrlarda vujudga kelgan degan xulosaga kelish mumkin.
Yaqin atrofdagi Suhor va Qalhat portlaridan farqli ravishda, Maskatning tashqi dunyodan ajralib qolishiga bir qancha omillar sabab bo‘lgan. Qishda shimoldan ko‘rfazga shamal shamoli esib, kemalar qatnoviga xalaqit bergan; tog‘lar esa shaharga quruqlikdan kirishni to‘sib turgan. Maskat dehqonchilikka yaroqsiz tuproqlarda joylashgan. Shu sababli asrlar davomida odamlarni bu shaharga olib kelgan yagona omil chuchuk suv manbalari bo‘lgan.
Maskat haqidagi dastlabki ehtimoliy eslatma Klavdiy Ptolemeyning Arabiston xaritasida uchraydi: unda Kriptus va Mosxa port shaharlarining hududlari ko‘rsatilgan. Ehtimol, Ptolemeyning «Eritreya dengizi peripli» asarida Maskat «Kriptos-Limen», yaʼni «yashirin bandargoh» deb atalgan. Olimlar bu nomni aynan qaysi joy bilan bog‘lash borasida bir fikrga kelmaganlar. Shuningdek, Flaviy Arrian «Nearx sayohati» asarida Omana va Mosxa nomlarini tilga oladi. Arrian asarini sharhlagan Uilyam Vinsent[ingl.] va Jan Batist Burginyon de Anvil talqiniga ko‘ra, Omana — Ummon, Mosxa — Maskat. Xuddi shunday, boshqa ayrim tadqiqotchilar Katta Pliniy tilga olgan Amitoskutani Maskat deb hisoblashadi. IX asrga oid ikkita asarda Maskat Fors qo‘ltig‘idan Hindistonga ketish yo‘lida chuchuk suv zaxirasini to‘ldirish mumkin bo‘lgan so‘nggi port sifatida tilga olingan. Ibn Battuta 1330-yilda Maskatni qisqacha «kichik manzilgoh» deb taʼriflagan. Taxminan 1470 va 1474-yillarda shaharga Afanasiy Nikitin kelgan va uni o‘zining «Uch dengiz osha sayohat» nomli yo‘l qaydlarida «Moshkat» deb atagan.
- 1690-yilgi fransuz gravyurasi
- 1746-yilgi golland gravyurasi
- Shahar manzarasi, 1876-yil
Portugaliya hukmronligi
Kemasozlik va savdoning rivojlanishi natijasida XIII—XV asrlarda Maskat Fors va Hindistonga boradigan yo‘ldagi muhim yuk tashish va qayta ortish maskaniga aylandi. Ahmad ibn Mojid Maskatni maqtov bilan «tengsiz port» deb atagan.
Ummon sohillari Portugaliyaning eʼtiborini tortdi va u 1507-yilda Maskatga bostirib kirdi. Portugaliya hukmronligi shaharning qiyofasiga sezilarli taʼsir ko‘rsatdi: xususan, to‘plar o‘rnatilgan to‘lqinqaytargich va shahar devori mustahkamlandi; deyarli barcha binolar, jumladan, yog‘ochdan qurilgan jome masjidi yoqib yuborildi. Keyinchalik masjid o‘rnida cherkov qurildi. Shu bilan birga, portugallar Maskat haqida ijobiy fikr bildirgan: dengizchi Duarte Barbosa bu yerdagi baliq va boshqa mahsulotlarni maqtagan, shaharni egallagan admiral Albukerke esa uning meʼmorchiligi va savdo imkoniyatlaridan hayratlangan.
Albukerke Masira oroliga tushib, Qalhatga jangsiz kirgan. Shundan so‘ng u qonli jangda Qurayyatni egalladi. U Maskatdan 80 km uzoqlikda joylashgan. Maskat aholisining portugallar bilan kelishuv tuzish urinishlari natija bermadi. Albukerke dastlab shaharni dengizdan to‘pga tutdi, so‘ng askarlarini hujumga yubordi. 25-avgust 1507-yilda Maskat bosib olindi, aholining ko‘pchiligi o‘ldirildi, uylari esa yondirildi.
Shaharni egallagach, portugallar bandargohni himoya qilish uchun darhol ikkita ulkan qalʼa qurishni boshladi. Shu bilan birga, Jaloliy qalʼasi[ingl.] avvalgi istehkomlar xarobalari ustiga qurilgan bo‘lishi mumkin. Portugallar hukmronligi davrida Maskatga Usmonli imperiyasi kemalari bir necha bor hujum qilgan: 1546-yilda shahar dengizdan o‘qqa tutilgan, 1552-yilda esa 18 kunlik qamaldan so‘ng uni flot egallagan. Flotga Piri Rais qo‘mondonlik qilgan. O‘sha paytda qurilayotgan Al-Mironiy qalʼasi[ingl.] kichik portugal garnizonini himoya qila olmagan. Keyinchalik Portugaliya Maskatni qayta egallagan bo‘lsa-da, 1580 yoki 1581-yilda Mir Ali Bey boshchiligidagi Usmonli floti shaharni yana qo‘lga kiritib, talon-toroj qilgan va so‘ng yo‘lida davom etgan.
G‘arbiy Hind okeani hududida keskinlik kuchaygani sababli Portugaliya hukumati Maskatda asta-sekin yaxlit mudofaa tizimini barpo etdi. 1586—1588-yillarda qurib bitkazilgan San-Juano (Jaloliy) va Kapitano (Mironiy) qalʼalaridan tashqari, harbiy meʼmor va kapitan Belkior Kalasa[ingl.] zinapoya orqali qalʼaga tutashtirilgan to‘p o‘rnatiladigan maydonchani ham qurgan. Uning xizmatlari eʼtirof etilib, Kapitano qalʼasiga Belkior nomi berilgan. Ummonning Yaʼrubiylar sulolasiga mansub sultonlari kuchaygani sababli Maskatni quruqlikdan bo‘lishi mumkin bo‘lgan hujumlardan ham himoyalashga to‘g‘ri keldi: shahar atrofiga xandaqli tuproq devor qurildi, bir nechta kuzatuv minorasi barpo etildi va mavjud mudofaa inshootlari mustahkamlandi. Istehkomlarni yaxshi holatda saqlash uchun zarur mablag‘ shahar hokimi shayx Qays ibn Rashiddan olingan. Buning evaziga Portugaliya unga Maskatni mustaqil boshqarishga ruxsat bergan.
Qalʼalardan tashqari, 1597-yilda portugallar Maskatda avgustinliklar monastiri va cherkov ham qurganlar. Ular gubernator qarorgohi, savdo faktoriyasi, harbiy garnizon, quduq va bog‘ joylashgan majmua tarkibida bo‘lgan. Majmua portugal tilidagi «cherkov» maʼnosini anglatuvchi (port. igreja) so‘zidan kelib chiqqan «gareyza» yoki «greyza» deb atalgan. Taxminan shu davrda yangi bojxona binosi ham qurilgan va portning yuk ortish platformasi Kapitano (Mironiy) qalʼasigacha kengaytirilgan. Matrah mudofaa inshootlari ham mustahkamlangan, ammo hujjatlar yo‘qligi sababli aynan qanday ishlar bajarilganini aniqlash qiyin. Ehtimol, Sur al-Lavatiya mustahkamlangan mahallasi dastlab portugal qalʼasining bir qismi bo‘lgan.
Ummon sultonlarining hujumlari tobora kuchayib bordi: Nosir ibn Murshidning 1640-yilda Maskatni egallashga urinishi muvaffaqiyatsiz tugadi, biroq 1648-yilda u shaharni ikki oy qamal qilib, portugallarni Maskatdan tashqaridagi barcha qalʼalarni tark etishga majbur qildi. Uning vorisi, Sayf I, Yaʼrubiylar sulolasiga mansub bo‘lib, tunda Maskatga bostirib kirdi va gareyzani olti oy qamal qildi. Gareyza qo‘lga olingach, Sayf I u yerda yashiringan barcha portugal va balujlarni, islomni qabul qilgan 18 kishidan tashqari, qirib tashlagan.
- Jaloliy (chapda) va Mironiy (o‘ngda) qalʼalari
- Eski shahar, bandargoh manzarasi
- Matrah qalʼasi
- 1654-yilgi xaritada Maskat
Yaʼrubiylar davrida
Yaʼrubiylar davridagi Maskat haqidagi maʼlumotlar ham portugallar davridagidek oz va uzuq-yuluq. Maʼlumki, bu davrda maskatliklar avgustinliklar monastiri va ikkita cherkovdan foydalangan: ulardan biri imom qarorgohiga, ikkinchisi omborga aylantirilgan. Yaʼrubiy sultonlari Ummonni savdo imperiyasiga aylantirgan, Maskat esa uning bosh portiga aylangan. Portugaliya Maskatga boshqa qaytib kelmagan. Yaʼrubiylar davrida Maskat mudofaasi yanada kuchaytirildi: shahar ortidagi tepaliklarda bir nechta kuzatuv minorasi qurildi va Jaloliy qalʼasi taʼmirlandi.
Yaʼrubiylarning so‘nggi hukmdori Sayf II ibn Sulton mamlakat ichida qo‘llab-quvvatlanmagani sababli Fors shohi Nodirshohdan yordam uchun qo‘shin yuborishni so‘ragan. Forslar Maskat va Ummon qirg‘oqlarining katta qismini egallagan. Keyinroq Sayf II ni savdogar Ahmad ibn Said mag‘lub etib, Al Said sulolasiga asos solgan.
Al Saidlar sulolasining dastlabki hukmdorlari

Dastlabki Al Said hukmdorlari dengiz savdosini faol kengaytirdi, bu esa Maskatning nufuzi ortishiga olib keldi.
Ahmadning o‘g‘illari Sayf va Sulton 1781-yilda Jaloliy hamda Mironiy qalʼalarini egallab, akasi Saidni u yerga qamab qo‘ydi. Ahmad qalʼalarni qamal qilishga majbur bo‘ldi. Avval Mironiy taslim bo‘ldi, so‘ng Ahmad ikkinchi qalʼadan va dengizdan turib Jaloliyni o‘qqa tuta boshladi. Said Jaloliydan qochib qutuldi. Shundan so‘ng Ahmad diplomatik yo‘l bilan Sayf va Sultonni taslim bo‘lishga majbur qildi.
Hokimiyatni meros qilib olgan Saidning o‘zi ham otasinikiga o‘xshash vaziyatga tushdi: Maskat vakilining (hokimining) o‘g‘li Muhammad ibn Xalfon Saidning o‘g‘li Ahmadni Jaloliy qalʼasiga qamadi. Biroq bu gal mahbusning akasi Homid otasiga Ahmadni ozod qilishda yordam berdi. Shundan keyin Muhammad ibn Xalfon lavozimidan chetlatildi, Homid esa voris bo‘ldi.
Homid ibn Said — Al Said sulolasining uchinchi sultoni — ajdodlari singari dengiz savdosini rivojlantirdi. Uni yaxshiroq nazorat qilish uchun poytaxtni Rustoqdan Maskatga 1784-yilda ko‘chirdi. Homid hukmronligi davrida Maskatda vaqti-vaqti bilan Britaniya Ost-Indiya kompaniyasining savdogarlari to‘xtab o‘tar, shuningdek, Maysurning. Homid davrida shahar mudofaasi mustahkamlandi; xususan, yaqin atrofdagi Ruviy qishlog‘ida mudofaa istehkomlari qurildi[ingl.].
XIX asr Ummon qudratining eng yuqori davri bo‘lib, u hozirgi Pokistondan Zanzibargacha cho‘zilgan sohillarni egallay oldi. Ammo imperiyaning kengayishi Maskat ahamiyatining pasayishiga ham olib keldi. Al Saidlar sulolasining beshinchi imomi Said ibn Sultonning doimiy qarorgohi Zanzibarga ko‘chirildi. Uning vafotidan keyin vorislari imperiyani ikki qismga — boy Zanzibar sultonligi va kambag‘al Maskat va Ummon davlatiga bo‘lishdi. Maskat bilan Arabiston yarimorolining ichki hududlarida yashovchi qabilalar o‘rtasidagi ziddiyat ham kuchaydi.
Shunga qaramay, Said ibn Sulton davrida Maskatda qurilish ishlari davom etdi. Xususan, Al-Alam saroy majmuasi[ingl.]: haram, asosiy bino va sulton majlislar (adabiy suhbatlar, qabullar) o‘tkazadigan Bayt al-Barza kabi bir nechta inshoot qurildi. Bu paytga kelib gareyzadagi cherkov buzib tashlangan edi. Shuningdek, 1830-yillarda shaharda zodagonlar uchun ko‘plab uylar qurildi; ularning ancha qismi 1970-yillargacha saqlangan. Bular qatoriga Faysal bin Turki o‘g‘illarining Bayt-Nodir-ibn-Faysal va Bayt-Abbos-ibn-Faysal uylari, Bayt al-Vakil, Fransiya konsulining Bayt-Faransa uyi, ehtimol, Ruvayhiy qabilasidan biriga tegishli Bayt ar-Ruvayhiy va gareyza yonidagi Bayt-Gareyza kiradi.
Ummon imperiyasi bo‘linganidan keyin
Salim ibn Tuvayni 1866-yilda otasi Tuvayni ibn Saidni o‘ldirib, Maskatga kirdi. Ikki yil o‘tib, Azzon ibn Qays boshchiligidagi sahro qabilalari va diniy yetakchilar ittifoqi shaharni egalladi. Qays atigi uch yil hukmronlik qildi, keyin Matrah yaqinida o‘ldirildi.
1883 va 1885-yillarda Maskat Hinaviy qabilalari ittifoqi qo‘shinlari tomonidan qamal qilingan, Turki ibn Said esa birinchi hujumni qaytarishga muvaffaq bo‘ldi, ammo hokimiyatni meros qilib olgan o‘g‘li Faysal bin Turki Jaloliy qalʼasida yashirinishga va Hinaviylarga dushman bo‘lgan G‘ofiriy ittifoqining yordamini kutishga majbur bo‘ldi. Ular kelgunicha Hinaviylar shaharni talon-toroj qildi, so‘ng sovg‘alar evaziga ortga chekinishga rozi bo‘ldi.
Hinaviylar hujumidan keyin Faysal bin Turki saroy garnizonini kengaytirib, qalʼalarning qurol-aslaha zaxirasini to‘ldirdi. Shu bilan birga, sayyohlar Ummon daromadlari kamayganini qayd etgan. Ular 1898-yilda saroyda hamon 1885-yilgi hujumdan qolgan vayronalik izlari ko‘ringanidan hayratga tushganlar.
Britaniya bilan ittifoqda bo‘lishiga qaramay, Ummon vaqti-vaqti bilan Fransiya bilan ham yaqinlashib turgan. Qul savdosini taqiqlashni talab qilgan Britaniyadan farqli o‘laroq, Fransiya qul tashuvchi dou kemalarini yashirishga yordam bergan. Bunday kemalar Ummonga, xususan, Maskatga katta daromad keltirgan. Fransuzlar Maskatdagi bozordan (suqdan) ham faol qurol sotib olgan. 1898-yilda Faysal bin Turki Bandar al-Jissada fransuz kemalariga ko‘mir yetkazib berish stansiyasi qurishga ruxsat berdi. Britaniya hukumati bu kelishuvdan xabar topgach, Maskat saroyini to‘pga tutdi va Faysalni bitimdan voz kechishga majbur qildi. Shunga qaramay, fransuz kemalari Maskatga keltiriladigan ko‘mirdan foydalanishda davom eta oldi.
Birinchi jahon urushi boshlanishidan oldin dunyoda keskinlik ortib borar ekan, Hindiston hukumati Maskatni himoya qilish uchun Matrah yaqinidagi Bayn al-Falajga harbiy bo‘linma yubordi. Ikki yil o‘tib, ular Ummon qabilalarining hujumini qaytarishga yordam berdi.
1885-yildan 1910-yillargacha Maskatda yana bir kichik qurilish yuksalishi yuz berdi: Britaniya konsulligining yangi binosi qurildi (1890), Hindiston vakolatxonasi hududi kengaytirildi. Shu davrda 1970-yillargacha qurilgan Maskatning uchta eng yirik masjidi ham barpo etildi: Ali Muso masjidi (1910), az-Zavaviy masjidi (1906) va Nasibxon masjidi (qurilgan sanasi nomaʼlum). Bu masjidlarning barchasi sunniylarga mansub; eng katta ibodiy masjidi esa al-Xavr masjididir.
- 1903-yilda Maskat bandargohi
- Birinchi jahon urushi davrida Maskat
- Al-Xavr masjidi
1900—1960-yillar
XX asrning katta qismida Maskat asta-sekin tanazzulga yuz tutdi, yangi qurilishlar deyarli olib borilmadi. 1950-yillarda ham shahar portugallar qurgan devor bilan ikki qismga ajralgan edi: boylar devor ichida, kambag‘allar esa tashqarida yashardi. Devor tashqarisidagi mahallalar aholisining kasbiga qarab atalgan: ad-Dalalil («savdo vositachilari»), an-Nisasil («to‘quvchilar»), al-Hinna («xina sotuvchilari»).
Shahar devorida kirish uchun uchta darvoza bor edi: janubdagi al-Bob as-Sag‘ir («kichik darvoza») dastlab shaharning asosiy kirish joyi bo‘lib, bozorga olib borgan; janubi-sharqdagi al-Bob al-Kabir («katta darvoza») quvurga olingan kanal o‘rnida qurilgan; g‘arbdagi al-Bob al-Mitayib esa Mironiy qalʼasi yonida joylashgan.
XX asr boshlaridan Mironiy va Jaloliy qalʼalari, shuningdek, kuzatuv minoralari asta-sekin xarobaga aylana boshladi. Portugal cherkovlaridan hech narsa qolmadi. Al-Alam saroyi vaqti-vaqti bilan taʼmirlangan bo‘lsa-da, 1958-yildan boshlab sulton u yerda yashamay qo‘ydi va binoning holati yomonlashdi. Shahar devoridan tashqarida qurilish biroz faolroq kechdi: 1940—1965-yillarda maktab, bank va munitsipalitet binosi barpo etildi.
Maskat aholisi juda xilma-xil edi. Tarixan bu yerda arablarning Bani Uhayb qabilasi yashagan, biroq XX asr boshlarida shahardagi eng yirik etnik guruh balujlar bo‘lib, ulardan keyingi o‘rinni afrikaliklar egallagan. Arablardan tashqari, Maskatda forslar, baniyalar va boshqa hindlar ham yashagan. Zamondoshlarning aytishicha, shahar bozorida 14 xil tilni eshitish mumkin edi. Maskat atrofidagi ko‘plab qishloqlarda aholining asosiy qismini arablar tashkil etishda davom etgan, ammo balujlar ko‘pincha baliqchilar mahallalarida istiqomat qilgan. Shaharning kichik yahudiy jamoasi XX asr boshlariga kelib yo‘qolgan edi.
- Eski Maskat, 1904-yil. Chapdagi ayvonli bino — eski Al-Alam saroyi; uning chapida haram binosi joylashgan
- Jaloliy qalʼasi, 1973-yil
Sulton Qobus hukmronligi

1964-yilda Ummonda neft topildi. 23-iyul, 1970-yilda hukmron sulton Said bin Taymurning o‘g‘li Qobus davlat to‘ntarishi orqali otasini hokimiyatdan chetlatdi. Shu bilan Ummonda yakkalanish va anʼanaviylik davri yakun topdi. Yangi sulton xalq tomonidan keng qo‘llab-quvvatlangan jadal modernizatsiyani boshladi. Jumladan, Qobus bin Said britaniyalik meʼmor Jon Harrisni yolladi va u Maskat hamda Matrahning rivojlanish rejasini tuzdi.
Davlat xizmatchilari sonining keskin ko‘payishi faol qurilish ishlarini talab qildi va ko‘p o‘tmay Mudofaa vazirligi[ingl.] yangi aeroport ortidagi Muaskar al-Murtafa hukumat binolari majmuasini egalladi. Boshqa vazirliklar esa shaharning savdo markaziga aylangan Ruviy qishlog‘iga hamda al-Xuvayr va al-Qurm tumanlariga ko‘chdi. Ruviy ham shahar tarkibiga qo‘shilgan edi.
Shahar tez o‘sdi: yo‘llar qurildi, turar joy va boshqa binolar qad ko‘tardi. Biroq geografik cheklovlar tufayli Maskat sharq tomon deyarli kengaya olmadi. 1970-yillar boshida oldindan rejalashtirilgan Madinat-Qobus mahallasi barpo etildi, uning atrofida ketma-ket savdo-ko‘ngilochar hududlar ochildi. Shaharning kengayishi va tobora ko‘proq qishloqlarning unga qo‘shilishi oqibatida Maskat g‘arbdan sharqqa 60 km cho‘zilgan tor hududga aylandi. Yangi binolarni markazdan borgan sari uzoqroqda qurishga to‘g‘ri keldi. Bu jiddiy tirbandlik muammolarini keltirib chiqardi: avariya yoki oliy rahbariyatning o‘tishi sababli Sulton Qobus avtomagistrali yopilsa, haydovchilar turar joylar orasidagi tor ko‘chalardan aylanib o‘tishga majbur bo‘ladi.
1970-yillarda Maskatga ko‘chib kelgan ummonliklar dastlab har hafta o‘z yurtlariga qaytib turgan, ammo asta-sekin shaharni doimiy yashash joyi deb hisoblay boshlagan. Shu bilan birga, 2003-yil holatiga ko‘ra, shahar aholisining qariyb 40 foizi chet elliklardan iborat edi. Aholining tumanlar bo‘yicha joylashuvi ijtimoiy-iqtisodiy mavqega bog‘liq: o‘rta va yuqori bo‘g‘in amaldorlari, tijorat kompaniyalari rahbarlari va deyarli barcha chet elliklar markazdan uzoqda, al-Qurmdan as-Sib va al-Xavdgacha bo‘lgan tumanlarda yashaydi. Quyi bo‘g‘indagi yollanma ishchilar eski markazdan xonalar ijaraga oladi yoki kompaniya bergan turar joylarda yashaydi; ish beruvchilar bilan birga yashovchi uy xizmatchilari bundan mustasno. Ruviyda osiyolik aholining ulushi va Osiyo mahsulotlari do‘konlari ko‘p, biroq umuman olganda, Maskatda etnik guruhlarning qatʼiy ajratilishi kuzatilmaydi.
- Zamonaviy Ruviy
- Aeroport manzarasi
Tez o‘sishning salbiy jihati tarixiy merosni asrashga yetarli eʼtibor qaratilmaganidir. Shahar devorlari ichidagi ko‘plab qadimiy yodgorliklar, masalan, XIII—XIV asrlarga oid mehroblari bo‘lgan Nizvo va Nahl jome masjidlari buzib tashlangan. Kam foydalaniladigan Al-Alam saroyi noaniq hind-britan uslubida, beparvolik bilan taʼmirlandi. Natijada juda qimmatli hujjatlar yo‘qoldi, Mironiy va Britaniya elchixonasi orasidagi sohilbo‘yi yo‘lagi buzildi. Al-Banyan hind mahallasining anʼanaviy binolari, jumladan, masjid va hind ibodatxonasi yo‘q qilindi; Maskatning bozori (suqi) ham yo‘qoldi. Shahar devori buzilib, boshqa joydan keltirilgan toshlardan qayta qurildi. 1962-yilda qulab tushgan al-Bob al-Kabir darvozasi esa Maskat meʼmorchiligi inobatga olinmasdan yangidan barpo etildi.
Ilgari qamoqxona sifatida ishlatilgan Jaloliy qalʼasi «Disneylendga o‘xshatish» tarzida qayta bezatildi: daraxtlar ekildi, favvoralar va temiryo‘l qurildi, yorug‘lik shousi tashkil etildi. Mironiy qirollik gvardiyasi qarorgohi bo‘lib qolgani uchun bunday taqdirdan saqlandi, ammo unga yo‘l qurilishi to‘p maydonchasining yo‘q qilinishiga olib keldi. Bayt-Gareyza nisbatan anʼanaviy uslubda tiklandi, biroq Bayt al-Vakil taʼmir vaqtida buzildi. Britaniya elchixonasi binosi ham shunday taqdirga uchradi. Bayt-Abbos va Bayt-Nodir kabi binolar foydalanilmay, asta-sekin xarob bo‘lmoqda. 2004-yilda yangi devon binolarini qurish maqsadida al-Vajat mahallasi va undagi az-Zavaviy masjidi buzildi. Devonning kengaytirilishi shahar devoridan tashqaridagi mahallalar va o‘nlab bog‘larning buzilishiga sabab bo‘ldi.
- Taʼmirdan keyingi shahar darvozasi, 2009-yil
- Saroy majmuasining ichki hovlisi
- Shahar ko‘chalari
Adabiyotlar
- Charlz Foster. Arabistonning tarixiy geografiyasi yoki vahiy qilingan dinning ajdodlarga oid dalillari. — London: Dunkan va Malkolm, 1844. — Jild. II. — 452 bet.
- Semyuel B. Maylz. Fors qo‘ltig‘i mamlakatlari va qabilalari. — Garnet Publishing, 1999. — B. 644. — (Folios arxiv kutubxonasi). — ISBN 187393856X.
- J. E. Peterson. Tarixiy Maskat : rasmli qo‘llanma va geografik maʼlumotnoma. — Brill, 2006. — (Sharqshunoslik bo‘yicha qo‘llanma). — ISBN 9789047418771.
- Maylz, Semyuel Barret[ingl.]; Robin Bidvell[ingl.]. Fors qo‘ltig‘i mamlakatlari va qabilalari (ingl.). — Garnet va Ithaca Press, 1997.
- G‘azanfar, Shahina A.; Martin Fisher. Arabiston yarimoroli o‘simliklari. — Springer, 1998. — ISBN 978-0-7923-5015-6.
- Salm, Rodni V.; Rolf A. C. Yensen; Vasiliy Papastavru. Ummon dengiz faunasi. — IUCN, 1993. — ISBN 978-2-8317-0180-6.
- Bart, Hans-Yorg; Benno Boer. Sebxa ekotizimlari: Arabiston yarimoroli va qo‘shni mamlakatlar (ingl.). — Springer, 2002. — ISBN 978-1-4020-0504-6.
- Dunyo mamlakatlari poytaxtlari. — Moskva: Siyosiy adabiyot nashriyoti, 1965.
- Butun dunyo. Shaharlar va poytaxtlar: ensiklopedik maʼlumotnoma. — Minsk: Xarvest, 1999.
- Chekulayeva E. Dunyo poytaxtlari. — Moskva: AST, Astrel, 2004.
- Gusterin P. V. Arab Sharqi shaharlari. — Moskva: Sharq—G‘arb, 2007. — 352 b. — (Ensiklopedik maʼlumotnoma). — 2000 nusxa. — ISBN 978-5-478-00729-4.