Tabiatda inson paydo bo'lishi bilan unda tabiatni, atrof muhitni o'rganish va undan foydalanish ko‘nikmalari paydo bo'lgan. Hayotning rivojlanishi, insonning o'zi va atrof muhitni o'rab turgan borliqni o'rganishga intilishi natijasida tabiat va jamiyat to'g'risidagi fanlar kelib chiqqan.
Shunday tabiiy fanlar qatoriga kimyo fani ham kiradi. Kimyo fani atrofdagi barcha borliqni, uni tashkil etgan tarkibiy qismlari moddalardan iborat deb qaraydi. Moddalarni o'rganish bilan borliqni o'rganadi.
Shu sababli kimyo — moddalarning tarkibi, tuzilishi, xossalari va ularning bir turdan boshqa turga aylanishi sababi va qonuniyatlarini o'rganadigan fan. Kimyo fanining predmeti (o'rganadigan ob’ekti) — moddadir.
Kimyo sanoat to’g’risidagi fandir
Kimyo fani boshqa fanlardan shunisi bilan farq qiladiki, bu fanning natijalari aniq ishlab chiqarish (kimyo sanoati) sohalarida qoʻllaniladi, fanning bu sohasi kimyoviy texnologiya deb nomlanadi. Kimyoviy texnologiya kimyo fanining chuqur ilmiy tekshirishlar natijasida ishlab chiqilgan uslub, qonuniyatlar va iqtisodiy hisoblashlarga tayangan holda xalq xoʻjaligida foydalaniladigan kimyoviy moddalar ishlab chiqarish va ularning muammolari bilan shugʻullanadigan boʻlimidir.
Mavjud kimyoviy texnologik jarayonlar kimyo fanining sanoat fani ekanligini koʻrsatadi va oziq-ovqat, yengil va toʻqimachilik, kimyoviy oʻgʻitlar, sintetik polimerlar, sintetik yuvish vositalari, metallurgiya, neft va gazni qayta ishlash sanoati va dori-darmonlar ishlab chiqarishni oʻz ichiga oladi.
Kimyo fanini oʻrganishdagi ilmiy uslublar
Kimyo fanini oʻrganishda quyidagi bilishning ilmiy uslublaridan foydalaniladi.
Biror kimyoviy muammoni o'rganish va uning yechimini topishda, avvalo muammoga taalluqli kuzatish va tadqiqotlar olib borilib, ma'lumotlar yigʻiladi. Dalillar asosida u yoki bu hodisa (oʻzgarish)lar orasida oʻzaro bogʻlanish va qonuniyatlar borligi aniqlanib, oxirida yagona xulosaga kelinadi, yaʼni umumlashtiriladi.
Moddalar massasining saqlanish qonuni, tarkibning doimiylik qonuni, Avogadro qonuni, Gund qonuni, Faradey qonunlari shular qatoriga kiradi. Bunga dunyoni (borliqni) bilishning induktiv bilish usuli deyiladi. Misol sifatida moddalar massasining saqlanish qonuni, tarkibning doimiylik qonuni, Avogadro qonuni, Faradey qonunini keltirish mumkin.

Muammoni oʻrganish va uning yechimidan amalda foydalanish uchun avval umumiy xulosa aytilib, soʻngra bu xulosaning qanchalik hayotiyligini tasdiqlash uchun zarur tajribalar olib boriladi. Bu deduktiv bilish usuli boʻlib, kimyo fanida bunday usullardan koʻp foydalaniladi. Masalan, avval davriy qonun kashf qilinib, hozirga qadar bu qonun qanchalik hayotiy ekanligi ko'p sonli tajriba va yangi elementlar kashf etilishi bilan isbotlab kelinmoqda. Kimyoni oʻrganishda ilmiy uslublar — qonun, gipoteza (faraz), nazariya, taʼlimotlardan foydalaniladi
Kimyoviy qonunlar
Kimyoviy qonunlar — kimyoviy jarayonlar ro'y berganda dalillar asosida topilgan (yoki aytilgan) ilmiy xulosadir. Kimyoviy qonunlar biror kimyoviy oʻzgarishlarni amalga oshirish uchun kerak boʻlgan talab emas, aksincha, shu oʻzgarishga olib kelgan yoki oʻzgarishning mohiyatini ochib beruvchi haqiqatdir.
Kimyoviy qonunlarning mohiyatini tushunish, yaʼni qonun qanday va nima sababdan amal qiladi, degan savollarga javob berish kerak. Buning uchun, avvalo biror fikr (taxmin) aytilib, so'ngra aniq tajribalar asosida tekshiriladi. Bunday ilmiy uslub gipoteza deyiladi.
Agar bu aytilgan fikr tajribalar asosida tasdiqlansa, nazariyaga aylanadi. Buning isboti sifatida modda (materiya)ning asosiy tarkibini atomlar tashkil etishi toʻgʻrisida atomistik nazariya yaratildi. Bu nazariya M.V. Lomonosov tomonidan tajriba va yangi natijalar bilan modda tuzilishi toʻgʻrisida atom-molekulyar taʼlimot darajasiga yetkazildi.
Kimyo fanining hozirgi zamon muammolarini hal etishdagi o'rni
Barcha fanlar qatori kimyo fani oʻz taraqqiyoti davomida insoniyatga yirik muammolarni hal etib berishda asosiy ilmiy, tajribaviy va amaliy yordam berib keldi, ya'ni katta tarixiy yoʻlni bosib oʻtdi.
Yildan-yilga fan va texnika taraqqiyoti rivojlanib borishi bilan qator muammolar yuzaga keladi, ularning ichida hozirgi zamonda insoniyat . hal etishi lozim boʻlgan yirik muammolarni yechishda kimyo fani ham o'z hissasini qo'shmoqda. Yechimini topishda kimyo fani bevosita oʻz hissasini qoʻshadigan zamonaviy dolzarb muammolar, jumladan, quyidagilar:
Yer yuzida insonlarning ko'payishi ularni oziq-ovqat bilan taʼminlash muammosini keltirib chiqarmoqda. Bu muammoni yechishda qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini qayta ishlash sanoati va fan salmoqli oʻrin tutadi. Shu bilan birgalikda kimyo fani qishloq xoʻjaligi ekinlari zararkunandalariga qarshi kurash vositalari, oʻgʻitlar, ekinlarning oʻsi- shini tezlashtiruvchi stimulyatorlar, toza, sifatli, tabiiy va sun'iy oziq- ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish usullarini yoʻlga qoʻyadi.
Toza ichimlik suvi ishlab chiqarish va suv osti dunyosidan toʻgʻri va oqilona foydalanib, oziq-ovqat mahsulotlari, oʻgʻitlar, mineral moddalar, osh tuzi, metallar, brom va yod olish muammolarini yechish, ichimlik suvi tanqisligi kuchayib borayotgan bir vaqtda okean, dengiz, daryo va ko'l suvlaridan chuchuk suv olish masalalarini hal etish.
Ilmiy tadqiqotlar. Kimyo fani sohasida hal etilishi lozim boʻlgan fundamental muammolar: kimyoviy reaksiyalar (fotosintez natijasida glyukozaning kraxmal yoki sellyulozaga aylanishi) ayrim katalitik reaksiyalarning mexanizmi, kristallarning oʻsishi, quyosh sistemasi va koi- notdagi jarayonlar, mikrozarrachalar, yadro reaksiyalari va yadro tarkibining oʻzgarishi bilan bogʻliq muammolarni hal etish, biokimyoviy jarayonlarni oʻrganishda yangi kimyoviy usullar va moddalarni qoʻllab, modda almashinuvi mexanizmini, fikrlash, irsiyat, dorivor moddalarning organizmga ta'sirining kimyoviy talqinini toʻlaqonli ochib berish boʻyicha ilmiy tadqoqotlar olib boriladi.
Yangi energiya manbalarini yaratish. Neft va gaz mahsu- lotlarini qayta ishlash sanoatini takomillashtirish, yangi texnologiyalarni oʻzlashtirish va yaratish, toshko'mir asosida olinadigan mahsulotlar turini koʻpaytirish, tugab borayotgan neft va gaz zahiralari oʻrnini bosa oladigan yadro energiyasidan foydalanish, quyosh energiyasi va suvdan energiya manbai sifatida foydalanish muammolarini hal etish.
Yangi kimyoviy moddalar va materiallarni yaratish. Odamlar turmush darajasini oshirish va ular ehtiyojini toʻlaroq qondirish maqsadida turli yangi bezarar kompozitsion polimer, yarimoʻtkazgich, oʻta yuqori oʻtkazuvchan va keramika materiallari ishlab chiqarish, yangi dorivor moddalarni ularning tabiiy manbalari (oʻsimlik va hayvonot dunyosi) dan ajratib olish, sintez qilish va hayotda qoʻllash.
Atrof muhit muhofazasi bilan bogʻliq ekologik muammolar: atmosfera, gidrosfera, yer va yer yuzasi turli zaharli moddalar bilan ifloslanishining oldini olish, chiqindisiz texnologiya yaratish, ozon qatlamining buzilishi, radioaktiv moddalar bilan zaharlanishning oldini olish choralarini izlab topish.
Oʻzbekistonda kimyo sanoatining istiqbollari kattadir. Oʻzbekiston Respublikasining birinchi Prezidenti I. A. Karimov oʻzining “Oʻzbekiston XXI asr bo'sag'asida" asarida zararsiz va chiqindisiz yangi texnologiyalarni yaratish, xalqning turmush darajasini oshirish va xalq xoʻjaligi ehtiyojlarini qondirish maqsadida sanoatni rivojlantirish muammolariga ahamiyat berdi. Polimer mahsulotlar ishlab chiqarish boʻyicha respublikamiz tutgan muhim o'rinni ta'kidlab o'tdi. Respublika oʻzining katta istiqbollarini gaz qazib chiqarish sanoati, tabiiy gaz va gaz kondensatini ishlab chiqarish, qayta ishlash bilan bogʻlashini aytib oʻtdi.
Masalan, Shoʻrtangaz kimyo komplek- sida olinuvchi etilen akrilonitril nitron tolasi olish uchun ishlatilishi mumkin. I. A. Karimov, shuningdek, kompozitsion polimer materiallar, shu jumladan, polimer kaprolaktam, yuqori sifatli paxta sellyulozasi, atsetat tolalar ishlab chiqarish va qayta ishlashning ekologik jihatdan xavfsiz texnologi- yalarini yaratish masalasining muhimligiga alohida e'tibor berib o'tdi.
Yuqoridagi muammolarni hal etish Oʻzbekistonda iqtisodiy jihatdan toʻla mustaqillikka erishish, xalq xoʻjaligida kimyo sanoati mahsulotlariga boʻlgan talab va ehtiyojni toʻla qondirish uchun xizmat qiladi.
