Kalkutta haqida

Shahar
Kalkutta
bengalcha কলকাতা
inglizcha Kolkata
22°34′22″ sh. k. 88°21′50″ sh. u.HGЯO
Mamlakat  Hindiston
Shtat G‘arbiy Bengaliya
Mer Firhod Hakim
Tarixi va geografiyasi
Birinchi marta tilga olinishi 1690
Maydoni 185 km²
Dengiz sathidan balandligi 9 m
Vaqt mintaqasi UTC+5:30
Aholisi
Aholisi 4 486 679 kishi (2011)
Zichligi 27 462 kishi/km²
Aglomeratsiya aholisi 14 112 536
Raqamli identifikatorlar
Telefon kodi +91 33
Pochta indeksi 700001 - 700157
Avtomobil kodi WB-01, WB-02, WB-03, WB-04

kmcgov.in
 (inglizcha) (bengalcha)
Калькутта на карте
Калькутта
Kalkutta
Калькутта на карте
Калькутта
Kalkutta
Логотип Викисклада Vikimedia omboridagi mediafayllar

Kalkutta (2001-yildan rasmiy nomi — Kolkata; bengalcha কলকাতা, Xalqaro fonetik alifbo: [kolˈkata]fayl haqida; inglizcha Kolkata) — shahar bo‘lib, Gang deltasida, Hindistonning sharqida joylashgan, G‘arbiy Bengaliya shtatining poytaxti. Maydoni bo‘yicha Hindistonda Mumbaydan keyin ikkinchi, aholisi soni bo‘yicha esa Mumbay, Dehli va Bangalordan keyin to‘rtinchi o‘rinda turadi. 2011-yil holatiga ko‘ra, shahar aholisi 4 486 679 kishini, shahar aglomeratsiyasi aholisi esa 14 112 536 kishini tashkil etgan (Hindiston shahar aglomeratsiyalari orasida 3-o‘rin).

Britaniya imperiyasi davrida Kalkutta butun Britaniya Hindistonining 1911-yilgacha poytaxti bo‘lgan. Shu bois hozir ham u ta’lim, fan, madaniyat va siyosatning yirik markazi hisoblanadi. Boshqa tomondan, shaharda qashshoqlik, havoning ifloslanishi va yo‘l tirbandliklari kabi muammolar mavjud.

Nomi

Hugli daryosi

Shahar o‘z nomini inglizlar yangi poytaxt qurishni boshlagan Kalikata (inglizcha) (bengalcha কলিকাতা) qishlog‘idan olgan. Bu so‘zning kelib chiqishi haqida bir nechta nazariya bor. Ulardan biriga ko‘ra, Kalikata «Kali ma’budasining tekisligi» degan ma’noni anglatadi. Boshqa izohlarda Kalikata nomi «tekis yer» (bengalcha কিলকিলা kilkila), shu yerda so‘ndirilmagan ohak (কলি চুন [ˈkɔlitɕun] va কাতা [ˈkat̪a]) ishlab chiqarilishi hamda «qazilgan kanal» (খাল [ˈkʰal] va কাটা [ˈkata]).

Ilgari shaharning rasmiy nomi ingliz tilida Calcutta shaklida yozilgan. Bu esa boshqa til vakillarining uni Kalkutta deb noto‘g‘ri o‘qishiga ko‘pincha sabab bo‘lgan (aslida ingliz tilida nom Kalkata [kælˈkʌtə] tarzida talaffuz qilinadi). 2001-yil 1-yanvardan mahalliy hukumat shahar nomining yozilishini Kolkata shakliga o‘zgartirishga qaror qildi. Bu bengalcha talaffuzga ko‘proq mos keladi. 2001-yil 30-iyulda yangi yozilish rasman tasdiqlangan qonun qabul qilindi.

Tarixi

Kalkutta yaqinidagi hududlarda odamlar 2 ming yildan ko‘proq vaqt oldin yashagan. Buni Chandraketugarh qishlog‘idagi arxeologik qazishmalar tasdiqlaydi. Ammo zamonaviy shahar shakllanishi faqat 1690-yilda, Britaniya Ost-Indiya kompaniyasining Bengaliya bilan savdo qilish uchun kelishi bilan boshlandi. An’anaviy ravishda Kalkutta asoschisi kompaniya xodimi Job Charnok deb hisoblangan. Biroq shahar britaniyaliklar kelishidan oldin ham mavjud bo‘lgan degan fikrlar bor. 2003-yil 16-mayda Kalkutta Oliy sudi (inglizcha) ilmiy komissiya hisobotiga asoslanib, yevropaliklar kelishidan ancha avval Kalkutta o‘rnida «muhim savdo markazi» bo‘lgan degan qarorga keldi. Sud Charnokni Kalkutta asoschisi deb hisoblamaslikni belgiladi hamda hukumatga uning nomini shahar tarixiga oid barcha darslik va rasmiy hujjatlardan chiqarishni buyurdi. Biroq G‘arb tarixchilari bunday tarixiy revizionizmni rad etadilar.

XVII asr oxirida hozirgi Kalkutta hududida 3 ta qishloq — Kalikata (inglizcha), Gobindapur (inglizcha) va Sutanati (inglizcha) joylashgan edi. Kalikata kichik baliqchilar qishlog‘i bo‘lib, Gobindapurda asosan to‘quvchilar yashagan. Bu hudud Buyuk Boburiylar imperiyasi tarkibiga kirgan va uni zamindorlar (yer egalari), ya’ni Sabarna Roy Choudhuri (inglizcha) oilasi boshqargan. 1698-yil 10-noyabrda hududni boshqarish huquqi inglizlarga berildi.

Tasvir: Fort-Uilyam qal’asining 1735-yildagi ko‘rinishi
Kalkutta rejasi (1744—1745-yillar)
Vokzal binosi

1712-yilda inglizlar Fort-Uilyam qal’asi qurilishini Gang daryosining tarmoqlaridan biri — Hugli qirg‘og‘ida yakunladilar. Fransuz qo‘shinlari bilan tez-tez yuz bergan qurolli to‘qnashuvlar tufayli 1756-yilda britaniyaliklar qal’ani mustahkamlash uchun qator mudofaa inshootlarini qurdilar. Shu davrda Bengaliya navobi Siroj ud-Davla Britaniya Ost-Indiya kompaniyasining harbiylashuvi va soliq to‘lashdan bo‘yin tovlashini qoraladi. Uning noroziligi e’tiborsiz qoldirildi, shundan so‘ng harbiy harakatlar boshlandi. Qal’a egallandi, himoyachilarning ko‘pchiligi halok bo‘ldi. Bu hodisa tarixga Kalkuttaning «Qora zindoni» nomi bilan kirdi. Keyingi yili Britaniya Ost-Indiya kompaniyasining yollanma askarlari (sipohiylar) va Robert Klayv qo‘mondonligidagi muntazam qo‘shinlar yordamida inglizlar Kalkuttani qayta egalladilar. Ollohobod tinchlik shartnomasi, Buyuk Boburiylar imperiyasi podshohi hamda Bengaliya va Avadh navoblari qo‘shinlari Buksar jangida mag‘lub bo‘lgach, Ost-Indiya kompaniyasiga Bengaliya, Bihar va Orissa aholisini boshqarish va ulardan soliq undirish huquqi berildi. aholisi ustidan boshqaruv va soliq yig‘ish huquqi berildi. Buyuk Boburiylar bu hududlar ustidan faqat nomigagina hokimiyatni saqlab qoldilar. 1772-yilda Kalkutta Hindistondagi Britaniya mulklarining poytaxtiga aylandi. 1793-yilda navoblar Bengaliyadagi hatto rasmiy hokimiyatidan ham butunlay ayrildilar. Inglizlar Kalkutta atrofidagi botqoqliklarni quritish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlarni amalga oshirdilar. Shahar rivoji va me’morchiligiga ayniqsa general-gubernator Richard Uelsli katta hissa qo‘shdi. Kalkutta afyun savdosining ham markaziga aylandi. 1863-yilda Hindiston general-gubernatori Jon Lourens Britaniya Hindistonining yozgi poytaxtini inglizlar uchun qulayroq bo‘lgan Shimla shahriga ko‘chirishga qaror qildi.

XIX asr o‘rtalarida Kalkutta amalda 2 alohida qismga bo‘lingan edi: inglizlar yashaydigan hudud (Oq shahar deb ham atalgan) markazi Chouringhi tumani (inglizcha) va Dalhauzi maydoni (inglizcha) atrofida joylashgan edi. Ikkinchi qism esa shaharning shimolidagi hindlar yashaydigan hudud (Qora shahar) edi. 1850-yillar boshida shaharda, ayniqsa, to‘qimachilik va jut sanoati tez rivojlandi. Britaniya kompaniyalari telegraf va temiryo‘l vokzali (inglizcha) qurdi. Ingliz va hind madaniyatlarining qo‘shilishi natijasida hindlarning babu deb atalgan yangi tabaqasi shakllandi. Ularning vakillari yuqori kastalarga mansub, shaharcha turmush tarzini olib boradigan, yaxshi haq to‘lanadigan lavozimlarni egallaydigan va asosan anglofillar edi. XIX asr ikkinchi yarmida Bengal uyg‘onishi boshlandi va Kalkutta aholisi o‘rtasidagi ijtimoiy-madaniy ziddiyatlarni kuchaytirdi. 1893-yilda shaharda Hindiston milliy assotsiatsiyasi (inglizcha)ning qurultoyi bo‘lib o‘tdi. U Hindistondagi ilk keng tan olingan millatchi tashkilot edi. Kalkutta Hindistonning inglizlardan mustaqil bo‘lishi tarafdori bo‘lgan inqilobiy tashkilotlar (inglizcha) markaziga aylandi. 1905-yilda britaniyaliklar Bengaliyani ikki qismga bo‘lishga muvaffaqiyatsiz urinishdi. Bu tartibsizliklar va chetdan keltirilgan tovarlarni boykot qilishni ko‘zlagan svadeshi harakatining paydo bo‘lishiga olib keldi. Bu hodisalar, shuningdek, Kalkuttaning Britaniya Hindistoni poytaxti sifatida noqulay joylashuvi inglizlarni 1911-yilda poytaxtni Nyu-Dehliga ko‘chirishga undadi.

Ikkinchi jahon urushi davomida Yaponiya qo‘shinlari Kalkutta va uning portini bir necha bor bombardimon qildi. Birinchi hujum 1942-yil 20-dekabrda, oxirgisi 1944-yil 24-dekabrda bo‘ldi. Urush va tabiiy omillarning birgalikdagi ta’siri 1943-yilgi ocharchilikka sabab bo‘ldi va bu davrda bir necha million kishi halok bo‘ldi. 1946-yilda shaharda diniy to‘qnashuvlar boshlandi, ularda 4 mingdan ortiq kishi halok bo‘ldi. Hindistonning bo‘linishi 1947-yilda yangi to‘qnashuvlarga sabab bo‘ldi. Musulmonlar Sharqiy Pokistonga (hozirgi Bangladesh), Pokistondan kelgan hindular esa Kalkuttaga ko‘chib o‘tdilar.

1960—1970-yillarda oziq-ovqatning keskin tanqisligi, ish tashlashlar va marksistik-maoistik naksalitlar harakatining faoliyati shahar infratuzilmasining vayron bo‘lishi va iqtisodiy turg‘unlikka olib keldi. 1971-yilda Bangladeshning mustaqillik urushi davomida Pokistondan ko‘plab qochqinlar Kalkuttaga ko‘chib keldi. Bu voqealar fonida 1980-yillarda Kalkutta Hindistonning eng ko‘p aholi yashaydigan shahri maqomini yo‘qotdi. 1985-yilda bosh vazir Rajiv Gandi Kalkuttadagi ijtimoiy-siyosiy muammolarni hisobga olib, uni «o‘layotgan shahar» deb atadi. 1977-yildan 2011-yilgacha Kalkutta va G‘arbiy Bengaliyani So‘l front (inglizcha) boshqardi. Unda asosiy o‘rinni kommunistik partiya egallagan. Shu tariqa Kalkuttadagi mintaqaviy hukumat tarixga demokratik saylovlar orqali hokimiyatga kelgan kommunistlarning eng uzoq davom etgan boshqaruvi sifatida kirdi.

Kalkuttaning tiklanishi 1990-yillarda, Hindiston iqtisodiyotni liberallashtirishga qaratilgan bir qator islohotlarni amalga oshirgach boshlandi. 2000-yillarda axborot texnologiyalarining rivojlanishi shahar iqtisodiyotining jadal o‘sishiga yordam berdi. Shaharda ishlab chiqarish ham o‘sa boshladi.

Geografiyasi

Shaharning sun’iy yo‘ldoshdan olingan surati
Sharqiy Kalkutta botqoqliklari (inglizcha)

Kalkutta Hindistonning sharqida, Gang deltasida, dengiz sathidan 1,5 metrdan 9 metrgacha balandlikda joylashgan. Shahar hududining katta qismi dastlab botqoqlik bo‘lgan. Bu yerlarni yashashga moslashtirish uchun ko‘p o‘n yilliklar kerak bo‘ldi. Quritilmasdan qolgan Kalkuttaning sharqiy qismidagi botqoqliklar (inglizcha) 12500 gektar maydonni egallaydi va Ramsar konvensiyasi bo‘yicha xalqaro ahamiyatga ega deb tan olingan. Butun Hind-Gang tekisligida bo‘lgani kabi, Kalkutta tuproqlari ham allyuvial hisoblanadi. To‘rtlamchi davr yotqiziqlari gil, loyqa va qumdan iborat bo‘lib, ikki gil qatlami orasida joylashgan. Quyi qatlam 250 metrdan 650 metrgacha, yuqori qatlam esa 10 metrdan 40 metrgacha chuqurlikda yotadi. Hindiston standartlar byurosi (inglizcha) ma’lumotlariga ko‘ra, shahar seysmik xavfli hududda joylashgan va 5 ballik baholashda 3 ballga ega.

Shahar tuzilishi

Kalkutta shahar atrofi bilan birga 1886 km² dan ortiq maydonni egallaydi

Iqlimi

Kalkutta tropik iqlimga ega. O‘rtacha yillik harorat 26,3°C, o‘rtacha oylik harorat esa 19°C dan 30°C gacha o‘zgaradi. Yoz issiq va nam, harorat taxminan 30°C bo‘ladi. Qishda harorat 9—11°C gacha tushishi mumkin. Qayd etilgan eng yuqori harorat 45°C, eng past harorat esa 3°C. Yilning eng issiq oyi odatda may, eng sovuq oyi yanvar hisoblanadi. O‘rtacha yillik yog‘in miqdori 1781 mm bo‘lib, uning katta qismini janubi-g‘arbiy musson shamollari keltiradi. Eng ko‘p yog‘in iyulda (377 mm) kuzatiladi.

Kalkutta iqlimi
Ko‘rsatkich \ Davr Yan Fev Mar Apr May Iyun Iyul Avg Sen Okt Noy Dek Yil
Mutlaq maksimal t, °C 33 38 43 42 44 45 40 38 38 37 36 32 45
O‘rtacha maksimal t, °C 25,7 29,1 33,5 35,8 35,7 34,2 32,9 32,7 32,8 32,1 29,9 26,7 31,8
O‘rtacha harorat, °C 18,6 22,4 27,0 29,7 30,3 29,8 29,0 28,9 28,6 27,5 23,9 19,7 26,3
O‘rtacha minimal t, °C 12,7 16,4 21,4 24,7 25,6 26,4 26,2 26,3 25,8 23,7 18,9 13,9 21,8
Mutlaq minimal t, °C 3 6 10 13 18 20 18 16 13 10 7 5 3
Yog‘in (me’yor), mm 12 20 38 56 146 290 377 327 314 160 33 9 1781

Aholisi

2011-yilgi umumiy aholini ro‘yxatga olish ma’lumotlariga ko‘ra, 185 km² maydonni egallagan Kalkutta shahri chegaralarida 4 486 679 kishi yashagan. 10 yil ichida aholi soni 1,88 % ga kamaygan. Har 1000 erkakka 899 ayol to‘g‘ri kelgan. Bunga Kalkuttaga G‘arbiy Bengaliya, shuningdek, Orissa, Bihar va Uttar-Pradeshning qo‘shni qishloq hududlaridan erkaklar ishlash uchun kelishi sabab bo‘ladi. 2011-yilda shahardagi savodxonlik darajasi Hindiston bo‘yicha o‘rtacha ko‘rsatkichdan yuqori bo‘lgan (87,14 % ga nisbatan 74 %). Butun shahar aglomeratsiyasi aholisi 2011-yilda 14 112 536 kishini tashkil etgan.

Kalkuttaning Xitoy mahallasida Yangi yil bayrami

Aholining aksariyatini bengallar tashkil etadi. Shaharda, shuningdek, milliy ozchiliklar (inglizcha), jumladan, xitoylar, tamillar, nepallar, oriyalar, telugular, assamliklar, gujarotliklar, armanlar, yunonlar, tibetliklar, marathilar, konkanilar (inglizcha), malayalilar, parslar, panjobliklar va boshqalar yashaydi. XX asr davomida Kalkuttadagi armanlar, yunonlar va yahudiylar soni sezilarli darajada kamaydi. Ikkinchi jahon urushidan oldin Britaniya Hindistonining sobiq poytaxtida 5 ming yahudiy yashagan. Biroq Isroil tashkil topgach, yahudiylar jamoasi ancha qisqardi. 2013-yilda Kalkuttada 25 nafar yahudiy yashagan. Kalkuttaning sharqida Xitoy shaharchasi (inglizcha) joylashgan. Bir vaqtlar u yerda 20 ming xitoy yashagan. 2009-yilga kelib, shahardagi xitoylar soni 2 minggacha kamaydi. Bunga 1962-yilgi Xitoy–Hindiston urushi davridagi repatriatsiya, shuningdek, ijtimoiy-iqtisodiy sharoiti yaxshiroq shaharlarga ko‘chib ketish sabab bo‘ldi. Xitoy jamoasi an’anaviy ravishda charm sanoati va restoran biznesida ishlagan.

Kalkuttada shtatning rasmiy tili — bengal tili ustunlik qiladi. Ingliz tilidan asosan yuqori maosh oladigan «oq yoqalilar» foydalanadi. Hind, urdu va boshqa tillarda shahar aholisining kichik qismi so‘zlashadi. Aholining ko‘pchiligi hinduizmga, qariyb 20 % esa islomga e’tiqod qiladi. Hindistonning boshqa yirik shaharlari bilan solishtirganda, Kalkuttada jinoyatchilik darajasi past. 2010-yilda shaharda har 100 ming aholiga 117,3 ta jinoyat to‘g‘ri kelgan, Hindiston bo‘yicha o‘rtacha ko‘rsatkich esa 187,6 ta bo‘lgan.

Riksha — Kalkuttada
1,5 mln aholi xarobalarda yashaydi, 14 % esa qashshoqlik chegarasidan pastda

2003-yilda shahar aholisining uchdan bir qismi, taxminan 1,5 mln kishi xarobalarda yashagan. Kalkuttadagi suv ta’minoti, kanalizatsiya va shahar xizmatlari tomonidan chiqindi olib ketish tizimiga ega rasmiy ro‘yxatga olingan xarobalarni shartli ravishda 2 guruhga ajratish mumkin: bastilar (bustees), ularning aholisi yer egalari bilan qandaydir uzoq muddatli ijara shartnomalariga ega, hamda udbastu koloniyalari (udbastu colonies) — qochqinlar uchun mo‘ljallangan manzillar. Bu qochqinlar Bangladesh Respublikasidan kelgan. Hokimiyat ruxsat bermagan, suv ta’minoti bo‘lmagan xarobalar kanallar, temiryo‘llar va magistral yo‘llar bo‘ylab joylashgan. 2006-yilda qashshoqlik chegarasidan pastda aholining 14 % i yashagan. 1979-yilda Tereza ona Nobel tinchlik mukofotini Kalkuttada «Mehr-muhabbat missioner opa-singillari» tashkilotini tuzib, undagi faoliyati uchun oldi. Tashkilotning maqsadi nochorlarga g‘amxo‘rlik qilish edi.

Iqtisodiyoti

Kalkutta butun Shimoli-sharqiy Hindistonning eng yirik iqtisodiy va moliyaviy markazidir. Bu yerda Kalkutta fond birjasi joylashgan bo‘lib, u mamlakatdagi ikkinchi eng yirik birja hisoblanadi. Hindistonning boshqa yirik shaharlaridagi kabi, 1990-yillardan boshlab axborot texnologiyalari sohasi tez rivojlanmoqda. Kalkutta mamlakatdagi ko‘plab sanoat kompaniyalarining bosh qarorgohi joylashgan shahar. Jumladan: ITC Limited (inglizcha), India Government Mint, Kolkata, Haldia Petrochemicals, Exide Industries, Hindustan Motors, Britannia Industries, Bata India, Birla Corporation, CESC Limited, RPG Group, Texmaco Limited, Bengal Ambuja, Philips India, Eveready Batteries, Coal India Limited, Damodar Valley Corporation, PwC India va Peerless Group. Bu yirik bank va moliya markazi bo‘lib, quyidagi banklarning bosh qarorgohlari shu yerda joylashgan: Allahabad Bank, Uco Bank va United Bank of India. Shahar muhim sanoat markazi bo‘lib qolmoqda: bu yerda po‘lat eritish, mashinasozlik (shu jumladan elektronika ishlab chiqarish), sement, farmatsevtika, oziq-ovqat va to‘qimachilik sanoati korxonalari bor.

2005-yilgi ma’lumotlarga ko‘ra, Kalkuttaning yalpi ichki mahsuloti 94 mlrd AQSH dollarini tashkil etgan; 2009-yilga kelib esa bu ko‘rsatkich 162 mlrd dollarga yetgan (Hindiston shaharlari orasida uchinchi o‘rin).

Aloqa

Shaharda mobil aloqani davlat kompaniyasi BSNL va xususiy operatorlar: Vodafone, Airtel, Reliance Communications, Uninor, Idea Cellular, Aircel, Tata DoCoMo, Tata Indicom va Virgin Mobile ta’minlaydi. Keng polosali internetga kirish imkonini BSNL, Tata Indicom, Sify, Airtel, Reliance va Alliance kompaniyalari taqdim etadi.

Transporti

Kalkutta jamoat transportiga metro, shahar atrofi temiryo‘l tizimi, avtobuslar va tramvaylar kiradi. Shahar temiryo‘llar orqali mamlakatning boshqa hududlari bilan yaxshi bog‘langan. Hindiston temiryo‘llarining Sharqiy va Janubi-sharqiy zonalari bosh qarorgohlari Kalkuttada joylashgan. Shahar atrofi temiryo‘llari Kalkuttani qo‘shni okruglar — Shimoliy 24 Pargana, Janubiy 24 Pargana, Nadiya, Haura va Hugli bilan bog‘laydi. Bundan tashqari, Kalkutta atrofidan halqa temiryo‘li o‘tadi.

Kalkutta metropoliteni — Hindistondagi birinchi metro. U 1984-yilda ochilgan va SSSRning texnik yordami bilan qurilgan. Tizim Hugli daryosi bo‘ylab janubdan shimolga 28 km ga cho‘zilgan bitta liniyani o‘z ichiga oladi. Bundan tashqari, bir nechta metro liniyasi qurilish va loyihalash bosqichida.

Shaharda avtobus yo‘nalishlari tizimi rivojlangan. Davlat avtobus kompaniyalari: Calcutta State Transport Corporation (CSTC), South Bengal State Transport Corporation (SBSTC), West Bengal Surface Transport Corporation (WBSTC).

Kalkutta — Hindistonda tramvay liniyalari tizimini saqlab qolgan yagona shahar. Yo‘llar va qulay transport aloqalarining yetishmasligi shaharning muhim muammolaridan bo‘lib, ko‘plab tirbandliklarga sabab bo‘ladi.

Netaji Subhash Chandra Bos nomidagi xalqaro aeroport Dum-Dum shaharchasida joylashgan bo‘lib, xalqaro va ichki reyslarni qabul qiladi. U Kalkutta markazidan taxminan 17 km uzoqlikda joylashgan. Kalkutta dengizdan 148 km masofada joylashganiga qaramay, Sharqiy Hindistonning eng yirik dengiz portidir. Portga okean kemalari ham kira oladi.

Madaniyati

Hindiston muzeyi
Viktoriya memoriali

Kalkutta adabiyot va san’at sohasidagi merosi bilan mashhur. Britaniya Hindistonining poytaxti bo‘lgani sababli bu yer zamonaviy hind adabiyoti va san’atining shakllanish markaziga aylandi. Shahar «jo‘shqin ijodiy energiya shahri» va «Hindistonning madaniy poytaxti» deb atalgan. Uning o‘ziga xos xususiyatlaridan biri «paralar (para) (inglizcha)» — aholisi muayyan jamoalarni tashkil qiladigan mahallalardir. Odatda har bir «para»ning o‘z klubi va sport maydonchasi bo‘ladi. Mahalliy muloqot shakli — «adda (inglizcha)» turli mavzulardagi shoshilmasdan olib boriladigan intellektual suhbatdir.

Kalkutta me’morchiligi rang-barangligi bilan ajralib turadi. Ko‘plab binolar hind-islom va hind-saratsin uslublarida qurilgan. Ularning bir qismi me’moriy yodgorlik deb e’lon qilingan, ro‘yxatga kirmagan boshqalari esa asta-sekin yemirilmoqda. Kalkuttaning eng mashhur binolari Hindiston muzeyi, Marmar saroy (inglizcha), Viktoriya memoriali, Milliy kutubxona va fan muzeyi (inglizcha)dir. 1814-yilda tashkil etilgan Hindiston muzeyi mamlakatdagi eng qadimgi muzeydir. Unda Hindiston san’ati va tabiatshunoslikka oid eksponatlar saqlanadi (inglizcha). Marmar saroy (inglizcha) — inglizlar mustamlakada qurgan klassik Yevropa qasrlarining namunasi. Viktoriya memorialida shahar muzeyi joylashgan. Kalkuttaning Milliy kutubxonasi va fan muzeyi mamlakatdagi eng yiriklaridir.

Kalkutta fan muzeyi
Kalkuttada tug‘ilgan, 1913-yilgi adabiyot bo‘yicha Nobel mukofoti sovrindori Rabindranat Tagor
Ganesha — Parvatining bag‘rida. Kaligxat rassomlik uslubi (inglizcha)

1980-yillardan boshlab Kalkuttadagi klassik teatrlar mashhurligini yo‘qota boshladi. Ularning o‘rnini ijtimoiy jihatdan muhim mavzularda turli spektakllarni sahnalashtiradigan havaskor truppalar egallamoqda. Para (inglizcha) Chitpur (inglizcha) mahallasi aholisi an’anaviy ravishda jatra (inglizcha) deb ataladigan, musiqa va raqsdan iborat teatr san’ati yo‘nalishiga ixtisoslashgan. Kalkutta, shuningdek, G‘arbiy Bengaliya kinematografiyasining markazidir. «Tollivud» atamasi 1932-yilda Gollivud va Kalkuttadagi Tolligunj (inglizcha) tumani nomlarining birikishidan paydo bo‘lgan. Bengaliyadagi studiyalarning ko‘pchiligi shu tumanda joylashgan. Bu yerda vujudga kelgan kino yo‘nalishi «parallel kino» deb nom oldi. U keng ommaga mo‘ljallanmagan bo‘lib, realizmi hamda ijtimoiy va siyosiy muammolarga e’tibori bilan ajralib turadi. Kalkutta kinosining mashhur vakillari quyidagilar: 1992-yilda kinematografiyadagi ulkan xizmatlari uchun «Oskar» mukofotiga sazovor bo‘lgan Satyajit Ray, shuningdek, rejissyorlar Ritvik Ghatak, Mrinal Sen, Rituparno Ghosh (inglizcha), Tapan Sinxa, Aparna Sen va Buddhadeb Dasgupta.

XIX—XX asrlardagi bengal adabiyoti Ishvar Vidyasagar (inglizcha), Bonkimchondro Chottopaddhay, Modhusudon Dotto, Rabindranat Tagor, Qozi Nazrul Islom, Sarat Chandra Chattopadhyay nomlari bilan bog‘liq. Ularning ijodiy faoliyati Ram Mohan Roy va Svami Vivekanandaning ijtimoiy islohotlari bilan bir qatorda Bengal uyg‘onishining ajralmas qismiga aylandi. XX asr ikkinchi yarmida postmodernistik adabiyot rivojlandi. Kalkutta bilan kallol (inglizcha), hangrializm (inglizcha) va «kichik jurnallar» (inglizcha) oqimlari bog‘liq. Shahardagi nashriyotlarning aksariyati Kollej-strit (inglizcha) hududida joylashgan. Ko‘chaning o‘zida yangi va o‘qilgan kitoblarni sotadigan do‘konlar va rastalar jamlangan.

XIX asrda Kalkuttada Kaligxat rassomlik uslubi (inglizcha) paydo bo‘ldi. Unda mifologik va kundalik hayot mavzulari tasvirlanadi. 1864-yilda Kalkuttada san’at va hunarmandchilik kolleji (inglizcha) ochildi. Keyinchalik undan Abanindranat Tagor, Jamini Roy va Nandalal Bos (inglizcha) kabi taniqli rassomlar yetishib chiqdi. Kollej Bengal tasviriy san’at maktabi (inglizcha)ning shakllanish markaziga aylandi. Bu maktab millatchilik harakatining bir qismi bo‘lib, akademizm an’analaridan voz kechishni ko‘zlagan. Kalkutta Tasviriy san’at akademiyasi (inglizcha) muntazam ravishda tasviriy san’at ko‘rgazmalarini o‘tkazadi. Shahar Tagor qo‘shiqlari (inglizcha) va hind klassik musiqasiga muhabbati bilan mashhur. Bengal musiqasiga baullar balladalari. Ular 2005-yilda og‘zaki va nomoddiy madaniy meros durdonalari sifatida YUNESKO ro‘yxatiga kiritilgan. Shuningdek, diniy kuylash shakli — kirtan ham mavjud. 1990-yillardan boshlab shaharda musiqa san’atining zamonaviy yo‘nalishlari rivojlanmoqda.

Kalkuttaning bengal oshxonasiga mansub mahalliy taomlarida guruch va baliqli karri (machher jhol) asosiy o‘rinni egallaydi. Bular roshogolla, sandesh («shondesh» deb talaffuz qilinadi) va mishti doi deb ataladigan shirin yogurt kabi desertlar bilan to‘ldirilishi mumkin. Shahar turli chuchuk suv va dengiz baliqlari hamda dengiz mahsulotlari bilan mashhur. Ayniqsa, ilish balig‘idan tayyorlangan taomlar (masalan, hilsha bhaja) katta shuhrat qozongan. Ko‘cha tezkor taomlari orasida begun bhaja (ziravorlar va zarchava bilan marinadlab yog‘da qovurilgan baqlajon bo‘laklari), kati roll (sabzavot yoki go‘sht solingan yupqa nonli o‘ramalar), phuchka (qarsildoq bug‘doy xamiridan tayyorlangan ichi bo‘sh kichik taom. Uni barmoq bilan ehtiyotkorlik bilan ochib, ziravorli va achchiq sovuq ezilgan kartoshka bilan to‘ldiradilar; yeyishdan oldin u bilan nordon sous suzib olinadi — tok jhol (nordon suv; tarkibida tamarind, limon sharbati, ziravorlar va qora tuz (bit nun)), ghugni (ziravorli no‘xat bo‘tqasi), Shimoliy Hindiston taomlari (chole bature, kulcha), shuningdek, Xitoy oshxonasidan olingan turli taomlar (veg manchurian). Shaharliklar ovqatlanishida shirinliklar ham katta o‘rin tutadi.

Kalkutta uchun eng muhim bayram — Durga-pujadir. Shaharda, shuningdek, Bengal Yangi yili 15-aprelda, diniy bayramlar — Divali, Vasant-panchami, Ramazon hayiti, Holi, Rojdestvo va Ratha-yatra nishonlanadi. Har yili G‘arbiy Bengaliya poytaxtida quyidagi tadbirlar o‘tkaziladi: xalqaro kitob festivali (inglizcha), hind klassik musiqasi festivali (inglizcha), xalqaro kinofestival, milliy teatr festivali (inglizcha), shuningdek, retroavtomobillar rallisi (inglizcha).

Ta’lim

Kalkutta 17 ta universitet va institut joylashgan shahar. Ulardan quyidagilarni ta’kidlash mumkin: Kalkutta universiteti (1857-yilda tashkil etilgan), Aliah University, Jadavpur University, Indian Institute of Management Calcutta, West Bengal State University, West Bengal University of Technology va boshqalar.

Maktablarda ingliz va bengal tillarida ta’lim beriladi, ba’zan urdu tilidan ham foydalaniladi.

Kalkuttada mamlakatning eng katta kutubxonasi — Hindiston Milliy kutubxonasi.

Ommaviy axborot vositalari

Kalkuttada bengal tilida eng keng tarqalgan gazetalar: Anandabazar Patrika, Bartaman, Sangbad Pratidin, Jago Bangla, Aajkaal, Dainik Statesman, Ganashakti. Ingliz tilidagi gazetalar: Times of India, Hindustan Times, The Hindu, The Indian Express, The Statesman, The Telegraph va Asian Age. The Economic Times, The Financial Express, Business Line va Business Standard kundalik biznes gazetalari ham chop etiladi.

Butun Hindiston radiosi — milliy radioeshittirish stansiyasi Kalkuttada bir nechta AM chastotasida efirga uzatiladi. Bu yerda 12 ta FM radiostansiyasi ham ishlaydi (ulardan ikkitasi Butun Hindiston radiosiga qarashli). Hindistonning davlat telekompaniyasi Doordarshan shahar hududida ikkita bepul telekanalni qabul qilish imkonini beradi. Ingliz, bengal va hind tillarida efirga uzatiladigan ko‘plab xususiy telekanallar esa kabel tarmoqlari, sun’iy yo‘ldosh va internet obunasi orqali mavjud.

Sport

Eng ommabop sport turlari — kriket va futbol. 2004-yil 12-aprelda Kalkuttada tarixdagi ilk rashbol o‘yini bo‘lib o‘tdi. Kalkutta mamlakatning eng «futbolsevar» shahri hisoblanadi. Hindistonning eng taniqli futbol klublari shu yerda joylashgan, jumladan: Mohun Bagan A.C., Kingfisher East Bengal F.C., Prayag United S.C. va Mohammedan Sporting Club. Kalkutta futbol ligasi, 1898-yilda tashkil etilgan bo‘lib, Osiyodagi eng qadimiy futbol ligalaridan biridir. Shahar katta sig‘imli stadionlari bilan mashhur. Xususan, Salt Lake Stadium, Yuva Bharati Krirangan nomi bilan ham tanilgan, 2010-yilda dunyodagi sig‘imi bo‘yicha ikkinchi eng katta futbol stadioni edi (120 ming kishi).

Diqqatga sazovor joylari

Shahar me’morchiligida gotika, roman, barokko, sharqona va hind-islom uslublariga mansub binolar bor. Hindiston muzeyi 1814-yilda tashkil etilgan, Osiyodagi eng qadimiy muzeylardan biri bo‘lib, Hindiston tarixi va san’atiga oid katta to‘plamga ega.

Qardosh shaharlar

Havolalar