Hayot

Hayot (lot. vita) — falsafa va biologiyaning asosiy tushunchasi bo‘lib, materiyaning — faol mavjudlik shakli hisoblanadi. Bu materiyaning tug‘ilishdan o‘limgacha davom etadigan va albatta «tiriklik xususiyatlari»ni o‘z ichiga oladigan holatdir. Shuningdek, hayot organizmda kechadigan va moddalar almashinuvi, hujayralarning bo‘linishi yoki ko‘payishni taʼminlaydigan fizik hamda kimyoviy jarayonlar majmuidir. Atrof-muhitga moslashish jarayonida tirik hujayra turli-tuman tirik organizmlarni shakllantiradi (hujayradan tashqarida hayot mavjud emas, viruslar tirik materiya xususiyatlarini faqat virionning genetik materiali hujayraga o‘tgandan so‘ng namoyon qiladi). Tirik materiyaning asosiy belgisi — genetik axborot bo‘lib, u ko‘payish (replikatsiya) jarayonida qo‘llanadi.

«Hayot» tushunchasini nisbatan aniq taʼriflash uchun uni jonsiz narsalardan ajratib turadigan xususiyatlarni sanab o‘tish mumkin. Hozircha hayot tushunchasiga doir yagona fikr mavjud emas. Biroq olimlar hayotning biologik namoyon bo‘lishiga quyidagilar xosligini umuman eʼtirof etadilar: tashkil topganlik (yuqori darajada tartiblangan tuzilish), metabolizm (atrof-muhitdan energiya olish va undan o‘z tuzilishidagi tartibni saqlash hamda kuchaytirish uchun foydalanish), o‘sish (rivojlanish qobiliyati), moslashuv (o‘z muhitiga moslashganlik), taʼsirlovchilarga javob qaytarish (atrof-muhit taʼsirlariga faol javob berish), ko‘payish (barcha tirik mavjudotlar ko‘payadi) va evolyutsiya. Genetik axborot har bir tirik organizm uchun zarur bo‘lib, unda parchalanadi, xromosomalarda saqlanadi va har bir individdan avlodlariga uzatiladi. Shuningdek, hayotni organizm holatining xususiyati deb ham aytish mumkin.

Hayot deganda alohida organizmning paydo bo‘lishidan to uning o‘limigacha davom etadigan davr ham tushuniladi.

Taʼriflar

«Hayot» tushunchasining yuzdan ortiq taʼrifi mavjud bo‘lib, ularning ko‘pchiligi bir-biriga zid. Hayot «tizim», «modda», «murakkablik (axborot)», «(o‘z-o‘zini) ko‘paytirish», «evolyutsiya», «jarayon» va shu kabi so‘zlar orqali taʼriflanishi mumkin.

Asli rus bo‘lgan isroillik genetik Eduard Trifonov hayotning 123 ta taʼrifini ko‘rib chiqdi. Trifonov bu taʼriflarning til tuzilishini tahlil qilib, ularni toifalarga ajratdi. U rang-barang taʼriflar ortida umumiy asos borligini aniqlab, eng qisqa taʼrifni shakllantirdi. Olim barcha talqinlar bitta fikrda birlashadi, degan xulosaga keldi: hayot — «o‘zgaruvchanlik bilan birga o‘z-o‘zini ko‘paytirish»dir (ingl. Life is self-reproduction with variations).

Fridrix Engels quyidagi taʼrifni bergan: «Hayot — oq­silli jismlarning mavjudlik usuli bo‘lib, uning muhim jihati ular bilan tashqi tabiat o‘rtasida doimiy moddalar almashinuvi sodir bo‘lishidir. Bu almashinuv to‘xtaganda hayot ham tugaydi va oqsil parchalanadi».

Hayotni tashqaridan olingan energiyani sarflab, molekulyar tuzilmani faol saqlab turish va o‘z-o‘zini qayta hosil qilish jarayoni deb taʼriflash mumkin.

Rossiyalik olim M. V. Volkenshteyn hayot tushunchasiga quyidagicha taʼrif berdi: «Yerda mavjud tirik jismlar oqsillar va nuklein kislotalardan tashkil topgan biopolimerlarga asoslangan ochiq, o‘z-o‘zini boshqaruvchi va ko‘paytiruvchi tizimlardir»».

Hayot va o‘limni o‘rganadigan tanatologiya fanining asoschilaridan biri M. Bisha fikricha, hayot — o‘limga qarshi turuvchi hodisalar majmui.

Termodinamikaning ikkinchi qonuni nuqtayi nazaridan hayot — rivojlanish yo‘nalishi koinotdagi boshqa, «jonsiz» obyektlarnikiga teskari bo‘lgan va o‘z entropiyasini kamaytirishga yo‘nalgan jarayon yoki tizimdir (qarang: Issiqlik o‘limi).

Akademik E. M. Galimov «Katta Rossiya ensiklopediyasi» uchun yozgan maqolasida hayotni «uglerod birikmalarining kimyoviy tarixida muayyan sharoitlarda yuzaga keladigan, organizmlarda moddiy shakl olgan, tobora ortib boruvchi va irsiy uzatiladigan tartiblanish hodisasi» deb taʼriflaydi. Barcha tirik organizmlarga atrof-muhitdan ajralganlik, o‘z-o‘zini ko‘paytirish, tug‘ilish va o‘lish, tashqi muhit bilan modda hamda energiya almashinuvi orqali faoliyat ko‘rsatish, o‘zgaruvchanlik va moslashish, signallarni qabul qilish hamda ularga javob qaytarish xosdir.

V. N. Parmon quyidagicha taʼrif bergan: «Hayot — faoliyat ko‘rsatuvchi, faza jihatidan ajralgan avtokatalizatorlar bo‘lib, ular kimyoviy mutatsiyalarni boshdan kechirishga qodir va yetarlicha uzoq evolyutsiya jarayonini boshdan kechirgan. Bu jarayonning asosiy omili — tabiiy tanlanish».

Konstantin Severinov hayotni «oxir-oqibatda to‘g‘ri qarorlar qabul qilish masalasi» deb atagan.

Ozanger va Morovits[inglizcha]: «Hayot — materiyaning shunday xususiyatiki, u suvli muhitda bioelementlarning o‘zaro bog‘langan aylanishini yuzaga keltiradi; bu jarayon murakkablik ortib borishi davomida, pirovardida, Quyosh nurlanishi energiyasi bilan harakatga keladi».

Hayotning kibernetik taʼriflari ham mavjud. A. A. Lyapunov taʼrifiga ko‘ra, hayot — «ayrim molekulalar holatida kodlangan axborotdan o‘zini saqlovchi reaksiyalarni ishlab chiqish uchun foydalanadigan moddaning yuqori darajada barqaror holati».

Rasmiy taʼrifga ko‘ra, NASAning 1994-yilda ishlab chiqilgan va koinotda hayot izlashda qo‘llanadigan rasmiy taʼrifiga ko‘ra, hayot — «o‘zini o‘zi taʼminlaydigan, Darvincha evolyutsiyaga qodir kimyoviy tizim».

Ervin Shryodinger «Hayot nima?» kitobida hayotga quyidagicha taʼrif bergan: «Hayot — materiyaning tartibli va qonuniyatlarga muvofiq xatti-harakati bo‘lib, u faqat tartibdan tartibsizlikka o‘tish tendensiyasiga emas, balki doimo saqlab turiladigan tartibning mavjudligiga ham qisman asoslanadi».

Hayotning paydo bo‘lishi

Turli davrlarda Yerda hayotning paydo bo‘lishi haqida quyidagi farazlar ilgari surilgan:

O‘z-o‘zidan paydo bo‘lish va doimiy holat farazlari faqat tarixiy yoki falsafiy ahamiyatga ega, chunki ilmiy tadqiqotlar natijalari ularni rad etadi.

Katta Rossiya ensiklopediyasiga ko‘ra, Yerda hayotning paydo bo‘lishiga oid asosiy zamonaviy nazariyalar (farazlar) — biokimyoviy evolyutsiya farazi (abiogenez) va panspermiya nazariyasidir. Biroq ikkinchisi hayotning qanday paydo bo‘lganini tushuntirib bermaydi.

Tirik tizim

Tirik tizim — atrof-muhit bilan faol o‘zaro taʼsirlashadigan, tirik mavjudotlarga xos belgilarga ega o‘z-o‘zini tashkil etuvchi, o‘z-o‘zini ko‘paytiruvchi elementlardan tashkil topgan yaxlit birlikdir.

Ilm-fanda tirik odamlardan iborat iqtisodiy yoki ijtimoiy tizimlar ham tirik organizmga o‘xshash ayrim xususiyatlarga ega, degan qarash mavjud. Bunday tizimni o‘z hujayralari, moddalar almashinuvi va asab tizimiga ega tirik mavjudotga qiyoslash mumkin. Unda turli ijtimoiy institutlar organizmning hayot faoliyatini taʼminlaydigan, har biri o‘z vazifasini bajaradigan aʼzolar rolini o‘ynaydi. Masalan, armiya organizmni tashqi hujumlardan himoya qiluvchi immun tizimiga o‘xshasa, hukumat qaror qabul qiladigan va boshqaradigan miya vazifasini bajaradi. Bu fikrni ilk bor qadimgi yunon faylasufi Aristotelga borib taqaladi.

Fan rivojlanishi davomida organizmlarga mexanistik qarashdan uzoqlashdi. Tirik tizimlarni o‘rganishda olimlarni tizimning doimo o‘zgarib turuvchi tashqi muhitga moslashishiga yordam beradigan jarayonlar xilma-xilligi qiziqtiradi. «Murakkablik nazariyasi» sohasida birlashgan ko‘plab g‘oya va usullar organizmlarni o‘z-o‘zini tashkil etuvchi moslashuvchan tizimlar sifatida tushunishga olib keldi. Bunday tizimlardagi jarayonlar markazlashmagan, noaniq va doimiy o‘zgaruvchandir. Ularning murakkab moslashuvchan xatti-harakati alohida mustaqil tarkibiy qismlarning o‘zaro taʼsiri natijasida yuzaga keladi. Boshqaruv bitta alohida blokka bo‘ysundirilgan modellar aksariyat haqiqiy tizimlarga yetarlicha mos kelmasligi tan olindi.

Tirik tizimlarning umumiy xususiyatlari

Barcha tirik tizimlarga xos bo‘lgan va evolyutsiya natijasida rivojlangan eng muhim xususiyatlar quyidagilardir: kimyoviy tarkibning birligi, ko‘payish (irsiyat va o‘zgaruvchanlik), genetik kodning mavjudligi, o‘sish va rivojlanish, metabolizm (moddalar almashinuvi), gomeostazni (organizm ichki muhitining doimiyligini) saqlash va taʼsirchanlik (tashqi hamda ichki taʼsirlarga javob qaytarish).

Moddalar almashinuvi

Moddalar almashinuvi (metabolizm) — tirik organizmdagi hayotni taʼminlaydigan kimyoviy reaksiyalar majmuasidir. Bu reaksiyalar tirik organizmda hayotni saqlab turadi. Ular organizmning o‘sishi va ko‘payishi, tuzilishini saqlashi hamda atrof-muhit taʼsirlariga javob berishiga imkon yaratadi.

Metabolizm odatda ikki bosqichga bo‘linadi: katabolizm va anabolizm. Katabolizm jarayonida murakkab organik moddalar oddiyroq moddalarga parchalanadi va odatda energiya ajraladi. Anabolizm jarayonida esa oddiyroq moddalardan murakkabroq moddalar sintezlanadi va buning uchun energiya sarflanadi.

Ko‘payish

Barcha tirik organizmlar o‘ziga o‘xshash avlodlarni hosil qilish xususiyatiga ega bo‘lib, bu hayotning uzluksizligi va davomiyligini taʼminlaydi. Ko‘payish usullari ikkita asosiy turga ajratiladi: jinssiz va jinsiy. Hujayraviy tuzilishga ega organizmlarda barcha ko‘payish shakllari hujayra bo‘linishiga asoslanadi.

Hayotning tashkil topish darajalari

Ko‘pincha hayotning sakkizta asosiy tuzilish darajasi ajratiladi:

  1. molekulyar,
  2. hujayraviy,
  3. to‘qimaviy,
  4. aʼzoviy,
  5. organizm darajasi,
  6. populyatsiya-tur darajasi,
  7. biogeotsenoz darajasi,
  8. biosfera darajasi.

Odatda, bu darajalarning har biri quyi darajadagi kichik tizimlardan tashkil topgan tizim va ayni paytda yuqoriroq darajadagi tizimning tarkibiy qismi hisoblanadi.

Tirik tizimlarning tartiblanganligi va murakkabligi

Hayot kimyoviy tarkibiy qismlarining xilma-xilligi va murakkabligi, shuningdek, tirik tizimlarda sodir bo‘ladigan o‘zgarishlar dinamikasi jihatidan materiya mavjudligining boshqa shakllaridan sifat jihatidan ustun turadi. Tirik tizimlarga makon va vaqt bo‘yicha tuzilish hamda faoliyatning ancha yuqori darajadagi tartiblanganligi xosdir.

Tirik tizimlar atrof-muhit bilan energiya, modda va axborot almashinadi, shu sababli ular ochiq tizimlar hisoblanadi. Shu bilan birga, jonsiz tizimlardan farqli ravishda, ularda energiya farqlari tenglashib ketmaydi va tuzilmalar ehtimoli yuqoriroq holatlarga o‘z-o‘zidan o‘tmaydi, aksincha, «muvozanatga qarshi» uzluksiz ish olib boriladi. Ana shu holat tirik tizimlar go‘yoki termodinamikaning ikkinchi qonuniga bo‘ysunmaydi, degan noto‘g‘ri fikrlarga asos bo‘lgan. Aslida tirik tizimlarda entropiyaning kamayishi faqat atrof-muhitda entropiya ortishi hisobiga mumkin (negentropiya). Shu sababli umumiy hisobda entropiyaning ortishi davom etadi va bu termodinamikaning ikkinchi qonuniga to‘liq mos keladi.

Organizm

Organizm — tirik jism bo‘lib, uni jonsiz materiyadan farqlaydigan xususiyatlar majmuiga ega. Organizm hayotning asosiy birligi va uning xususiyatlarining haqiqiy tashuvchisidir, chunki hayotiy jarayonlar faqat organizmning hujayralarida kechadi. Organizm alohida individ sifatida tur va populyatsiya tarkibiga kiradi hamda hayotning populyatsiya-tur darajasidagi tuzilish birligi hisoblanadi.

Organizmlar biologiyaning asosiy o‘rganish obyektlaridan biridir. O‘rganishni qulaylashtirish uchun barcha organizmlar turli guruh va toifalarga ajratiladi; bu ularning biologik tasniflash tizimini tashkil etadi. Eng umumiy bo‘linish — yadrolilar va yadrosizlarga ajratishdir. Organizmni tashkil etuvchi hujayralar soniga ko‘ra ular tasnifdan tashqari bir hujayrali va ko‘p hujayrali toifalarga bo‘linadi. Ular orasida bir hujayrali organizmlar koloniyalari alohida o‘rin egallaydi.

Yaxlit ko‘p hujayrali organizmning shakllanishi tabaqalanish — tuzilmalarning (hujayralar, to‘qimalar, aʼzolar) va vazifalarning farqlanishi hamda ularning ontogenez va filogenez davomida birlashishidan iborat jarayondir. Ko‘plab organizmlar bir tur ichidagi jamoalarga birlashadi (masalan, odamlarda oila yoki mehnat jamoasi).

Tirik mavjudotlarning xilma-xilligi

Sakkizta asosiy biologik sistematikaning taksonomik darajasi iyerarxiyasi. Hayot domenlarga bo‘linadi, ular esa keyingi guruhlarga ajraladi. Oraliq toifalar ko‘rsatilmagan

Tirik mavjudotlar olamida bir necha million tur mavjud. Organizmlarning bunday xilma-xilligini biologik sistematika o‘rganadi; uning asosiy vazifasi organik olam tizimini yaratishdir. Hozir tirik tabiat quyidagi sakkizta olamga bo‘linadi: viruslar, protistlar, arxeylar, xromistlar, bakteriyalar, zamburug‘lar, o‘simliklar va hayvonlar.

ga ajratiladi. Tirik tabiat ekotizimlarga birlashadi va ular biosferani tashkil qiladi.

Xulq-atvor

Xulq-atvor — hayvonlarning ichki va tashqi omillar taʼsirida o‘z harakatlarini o‘zgartirish qobiliyati bo‘lib, hayvonlarga xos tuzilishning muhim belgisidir. Xulq-atvor moslashishda juda katta ahamiyatga ega: u hayvonlarga atrof-muhitning salbiy omillaridan qochish imkonini beradi. Ko‘p hujayrali organizmlarda xulq-atvorni asab tizimi boshqaradi.

boshqaradi. O‘simliklar va bakteriyalar ham tashqi omillar taʼsirida faol va tartibli harakatlanish qobiliyatiga ega (taksis). Masalan, foto- va xemotaksis bakteriyalar hamda ko‘k-yashil suvo‘tlarda kuzatiladi.

misol bo‘ladi. Yuksak o‘simliklar ham harakatlanish qobiliyatidan mahrum emas. O‘simliklardagi niktinastiya — kun va tun almashishi bilan gullarning ochilishi va yopilishi, barglar fototropizmi, hayvonlarni tutishda o‘simliklar harakati, gidro- va xemotropizmi ildizlarning harakatiga misol bo‘ladi.

Shunga qaramay, o‘simliklar harakati mexanizmlari sof fiziologik xususiyatga ega bo‘lgani sababli ularda xulq-atvor yoki psixika mavjud deb bo‘lmaydi. Psixologiyada o‘simliklar harakati psixikadan oldingi aks ettirish darajasiga kiritiladi.

Xulq-atvor psixikadan farqli o‘laroq, bevosita kuzatilishi mumkin. U fanlarning keng doirasi, yaʼni psixologiya, etologiya, zoopsixologiya va qiyosiy psixologiyadan tortib xulq-atvor ekologiyasigacha bo‘lgan fanlarda o‘rganiladi.

Biologiya

Biologiya — fan, hayot (yaʼni tirik tabiat) haqidagi tabiiy fanlardan biri bo‘lib, uning o‘rganish obyektlari tirik mavjudotlar va ularning atrof-muhit bilan o‘zaro taʼsiridir. Biologiya hayotning barcha jihatlarini, xususan, tirik organizmlarning tuzilishi, faoliyati, o‘sishi, kelib chiqishi, evolyutsiyasi va Yerda tarqalishini o‘rganadi. Shuningdek, tirik mavjudotlarni, ularning turlari kelib chiqishini, o‘zaro va atrof-muhit bilan munosabatlarini tasniflaydi va tavsiflaydi.

Biologiya alohida fan sifatida tabiiy fanlardan XIX asrda ajralib chiqqan. O‘sha paytda olimlar barcha tirik organizmlarning ayrim umumiy xususiyatlarini aniqlaganlar. «Biologiya» atamasi bir-biridan mustaqil ravishda bir necha muallif tomonidan kiritilgan: Fridrix Burdax tomonidan 1800-yilda, 1802-yilda Gotfrid Reynxold Treviranus va Jan Batist Lamark tomonidan.

Zamonaviy biologiya beshta asosiy tamoyilga tayanadi: hujayra nazariyasi, evolyutsiya, genetika, gomeostaz va energiya. Hozirgi kunda biologiya butun dunyodagi o‘rta va oliy taʼlim muassasalarida o‘qitiladigan standart fandir. Har yili biologiya, tibbiyot va biotibbiyotga oid milliondan ortiq maqola va kitob nashr etiladi.

Biologiyada quyidagi tashkil topish darajalari ajratiladi:

Biologiya fanlarining aksariyati tor ixtisoslashgan fanlar hisoblanadi. Anʼanaga ko‘ra, ular o‘rganiladigan organizmlar turiga qarab guruhlanadi: botanika o‘simliklarni, zoologiya — hayvonlarni, mikrobiologiya — bir hujayrali mikroorganizmlarni o‘rganadi. Biologiya ichidagi sohalar tadqiqot ko‘lami yoki qo‘llanadigan usullar bo‘yicha ham ajratiladi: biokimyo hayotning kimyoviy asoslarini, molekulyar biologiya biologik molekulalar o‘rtasidagi murakkab o‘zaro taʼsirlarni, hujayra biologiyasi va sitologiya ko‘p hujayrali organizmlarning asosiy tarkibiy birliklari — hujayralarni, gistologiya va anatomiya to‘qimalar hamda alohida aʼzo va to‘qimalardan tashkil topgan organizm tuzilishini, fiziologiya aʼzo va to‘qimalarning fizik hamda kimyoviy funksiyalarini, etologiya — xulq-atvorni, ekologiya esa turli organizmlar bilan ularning muhiti o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlikni o‘rganadi.

Irsiy axborotning uzatilishini genetika o‘rganadi. Organizmning ontogenez davomidagi rivojlanishini rivojlanish biologiyasiTirik tabiatning kelib chiqishi va tarixiy rivojlanishi bilan paleobiologiya va evolyutsion biologiya shug‘ullanadi.

o‘rganadi. Yondosh fanlar bilan tutashgan sohalarda quyidagi yo‘nalishlar shakllanadi: biotibbiyot, biofizika (tirik obyektlarni fizik usullar bilan o‘rganish), biometriya va boshqalar. Insonning amaliy ehtiyojlari tufayli kosmik biologiya, sotsiobiologiya, mehnat fiziologiyasi, bionika kabi yo‘nalishlar shakllanadi.

Sunʼiy hayot

Sunʼiy hayot — hayot, tirik tizimlar va ularning evolyutsiyasini inson yaratgan modellar va qurilmalar yordamida o‘rganishdir. Bu soha tabiati qanday bo‘lishidan qatʼi nazar, barcha tirik tizimlarga xos jarayonlar mexanizmlarini o‘rganadi. Atama ko‘proq hayotiy jarayonlarning kompyuter modellashtirilishiga nisbatan qo‘llansa-da, probirkadagi hayot (ingl. wet alife), sunʼiy yaratilgan oqsillar va boshqa molekulalarni o‘rganishga ham taalluqlidir.

Koinotdagi hayot

Koinotdagi hayot deganda hayotni izlash bilan bog‘liq muammo va vazifalar majmui tushuniladi. Eng umumiy maʼnoda hayot juda keng — materiyaning faol mavjudlik shakli sifatida talqin qilinadi va u maʼlum maʼnoda materiyaning fizik hamda kimyoviy mavjudlik shakllaridan yuqoriroq deb qaraladi. Shu sababli masalaning umumiy qo‘yilishida hayot Yerdagiga o‘xshash bo‘lishi shart emas; uning haqqatan boshqa shakllarda ham mavjud bo‘lishi mumkinligini asoslovchi qator nazariyalar mavjud. Biroq astrobiologiyada hayotni izlash strategiyalarini ishlab chiqishda qo‘llanadigan asosiy yondashuv ikki bosqichdan iborat:

  1. Yerda hayotning paydo bo‘lishini o‘rganish. Asosiy qoidalarni ishlab chiqish. Buning tayanchi quyidagilardir:
    • Sayyoraning geologik tarixi, xususan, vulqonizm, tektonika va magnit maydoni haqidagi maʼlumotlar.
    • Iqlim tarixi va uni boshqaruvchi mexanizmlar haqidagi bilimlarimiz.
    • Hayotning tuzilishi, xususan, DNK, hujayralar va tirik organizmlarning yashab qolish chegaralari haqidagi asosiy tasavvurlar.
    • Tirik organizmlarning kelib chiqishi va evolyutsiyasi haqidagi maʼlumotlar.
  2. Asosiy qoidalarni astronomik kuzatishlar va nazariyalar bilan uyg‘unlashtirish hamda maqsadli izlanish olib borish. Bunga quyidagilar kiradi:
    • Hayot uchun yaroqli ekzosayyoralarni izlash.
    • Keyinchalik hayot vujudga kelishi mumkin bo‘lgan murakkab molekulyar tuzilmalarning shakllanishi haqidagi nazariyalarni ishlab chiqish.
    • Quyosh tizimini o‘rganish va olingan maʼlumotlarni Quyosh tizimidan tashqaridagi tizimlarga oid maʼlumotlar bilan taqqoslash.

Shuningdek, tadqiqotlarning alohida sohasi sifatida Yerdan tashqari sivilizatsiyalarni izlashni ajratish mumkin. Bu sohada uchta asosiy savol mavjud:

  • Nimani izlash kerak?
  • Qanday izlash kerak?
  • Qayerdan izlash kerak?

Tadqiqot strategiyasini ishlab chiqishda Dreyk tenglamasi hal qiluvchi ahamiyatga ega. U bilan birga Kardashev bo‘yicha sivilizatsiyalar tasnifi ham qo‘llanadi.

Yerdan tashqaridagi hayot

Yerdan tashqaridagi hayot (o‘zga sayyoraliklar hayoti) — faraziy hayot shakli bo‘lib, Yer sayyorasidan tashqarida paydo bo‘lgan va mavjud deb taxmin qilinadi. U kosmik biologiya va ksenobiologiyaning o‘rganish obyektidir hamda ilmiy fantastikada tasvirlanadigan mavzulardan biri hisoblanadi.

Marsdagi hayot
Rassom tasviridagi Mars — terraformatsiya jarayonidan keyin

Hozirgi vaqtda Marsda hayot mavjudligi haqidagi savolga fan aniq javob bera olmaydi. Ammo uning Yerga yaqinligi va o‘xshashligi ehtimoliy hayot shakllarini izlashga asos yaratadi. Hozir yoki o‘tmishda Marsda hayot bo‘lganmi, degan savol hanuz ochiq.

O‘lmaslik

Julio Romano (1492—1546). O‘lmaslik allegoriyasi. Taxminan 1540-yil

O‘lmaslik — jismoniy yoki maʼnaviy shaklda nomaʼlum (yoki istalgancha) uzoq vaqt davomida uzilmaydigan hayotdir.

Jismoniy o‘lmaslik haqida gap ketganda shartli biologik o‘lmaslik (individual o‘limning ontogenezdagi yakuniy bosqich sifatida yo‘qligi; qarang: bo‘linish orqali ko‘payish) bir hujayrali organizmlarda) va murakkab tuzilgan ko‘p hujayrali tirik mavjudotlar, jumladan, eng avvalo, insonning faraziy biologik o‘lmasligi farqlanadi.

ning faraziy biologik o‘lmasligi farqlanadi. Maʼnaviy o‘lmaslik deganda esa diniy, falsafiy, mistik va ezoterik maʼnolarda individning («men», ruh, monada»), individual iradaning (palingenez — Artur Shopengauerning falsafiy tizimida), shaxsni tashkil etadigan unsurlar majmuining (shaxsiyat (skandhalar — fenomenologiyada buddizm), umuminsoniy maʼnaviy substratning (transpersonal ongsizlik — analitik psixologiyada Karl Gustav Yung, ; noosfera — diniy-falsafiy konsepsiyada Pyer Teyyar de Sharden va boshqalar) abadiy mavjudligi tushuniladi.

Diniy-falsafiy mulohazalarning alohida mavzusi — o‘lmaslikni (azaliy va abadiy mavjudlikni) ajralmas xususiyat deb bilish va uni Xudoga nisbatlash.

O‘limdan keyingi hayot

O‘limdan keyingi hayot yoki oxiratdagi hayot — insonning o‘limidan keyin ham ongli hayoti davom etishi haqidagi tasavvurdir. Aksariyat hollarda bunday tasavvurlar ruhning o‘lmasligiga ishonish bilan bog‘liq bo‘lib, bu turli diniy dunyoqarashlarga xosdir.

Oxirat hayoti haqidagi tasavvurlar turli diniy va falsafiy taʼlimotlarda uchraydi. Asosiy qarashlar quyidagilar:

Adabiyotlar

Havolalar