


Aqlli ko‘zoynaklar, shuningdek, smart-ko‘zoynaklar deb ham ataladi. Ular foydalanuvchi ko‘rayotgan manzaraga qo‘shimcha ma’lumot chiqaradigan yoki ko‘rinayotgan manzara o‘rniga axborot namoyish etadigan taqiladigan kompyuter ko‘zoynaklaridir. Ba’zan aqlli ko‘zoynaklar muayyan vazifalarni bajarish uchun o‘z optik xususiyatlarini o‘zgartira oladigan taqiladigan kompyuter ko‘zoynaklari sifatida ham ta’riflanadi. Elektron boshqaruv yordamida tusini o‘zgartirishga dasturlangan aqlli quyoshdan saqlovchi ko‘zoynaklar smart-ko‘zoynak turlaridan biriga misoldir. Aqlli ko‘zoynaklarda ma’lumot ko‘rish maydoni ustiga optik boshga taqiladigan displey (OHMD), ko‘z oldida axborot aks ettiruvchi displey (Head-up display) yoki kengaytirilgan reallik yordamida chiqariladi. Smart-ko‘zoynaklarning dastlabki modellari oddiy vazifalarni bajarishi, masalan, masofadagi tizim uchun tashqi displey bo‘lib xizmat qilishi mumkin edi. Zamonaviy smart-ko‘zoynaklar mustaqil mobil ilovalarni ishga tushira oladigan taqiladigan kompyuterlardir. Ularning ayrimlari ovozli buyruqlar, boshqalari esa sensorli tugmalar orqali boshqariladi.
Boshqa kompyuterlar singari, aqlli ko‘zoynaklar ham ichki yoki tashqi datchiklardan ma’lumot to‘plashi mumkin. Ular simsiz texnologiyalarni, jumladan, Bluetooth, Wi-Fi va GPS tizimlarini qo‘llab-quvvatlashi mumkin. Ayrim smart-ko‘zoynaklar ko‘chma multimedia pleyeri vazifasini bajarib, Bluetooth yoki Wi-Fi garniturasi orqali foydalanuvchiga audio va videofayllarni ijro etib bera oladi. Ba’zi modellar inson faolligini to‘liq kuzatish funksiyasiga ham ega. Bundan tashqari, ayrim aqlli ko‘zoynaklar smartfon vazifalarini ham bajara oladi.
Xususiyatlari va qo‘llanilishi
Faollikni kuzatuvchi boshqa qurilmalar kabi smart-ko‘zoynaklar ham GPS moduli va raqamli kameradan foydalanadi. Aqlli ko‘zoynak yordamida mashg‘ulot tugagach, ma’lumotlarni kompyuterga yuklash yoki mashqlar jurnalini tuzish va keyinchalik tahlil qilish uchun internet orqali uzatish mumkin. Ayrim smart-ko‘zoynaklar GPS-navigatsiya qurilmasi vazifasini bajarib, ekranida xaritalar va joriy koordinatalarni ko‘rsatishi mumkin.
Hozirgi smart-ko‘zoynaklarning ayrim modellari butunlay mustaqil qurilma sifatida ishlasa-da, ko‘pchilik ishlab chiqaruvchilar foydalanuvchilarga ularni sinxronlashtirish va imkoniyatlarini kengaytirish uchun mobil telefonlardan foydalanishni tavsiya etadi. Telefon bilan sinxronlashtirilgan smart-ko‘zoynaklar kiruvchi qo‘ng‘iroqlar haqida xabar berishi, shuningdek, SMS, elektron pochta (E-mail) xabarlari hamda taqvim bildirishnomalarini ko‘rsatishi mumkin.
Xavfsizlikni ta’minlashda qo‘llanilishi
Smart-ko‘zoynaklardan videokamera sifatida foydalanish mumkin. 2018-yilda Xitoy politsiyasi Chjenchjou shahrida hukumatning ma’lumotlar bazasi bilan sinxronlashtirilgan smart-ko‘zoynaklardan foydalandi. Ushbu ko‘zoynaklarda yuzni tanib olish funksiyasi mavjud edi. Bu gumon qilinuvchilar va qonunbuzarlarni qidirishni osonlashtirgan.
Sog‘liqni saqlashda qo‘llanilishi
2013-yil iyul oyida Radboud REshape innovatsiyalar markazi direktori Lyusen Engelen Google Glass qurilmasidan sog‘liqni saqlash sohasida foydalanish bo‘yicha tadqiqotlarni boshladi. Uning Google Glass bilan bog‘liq tadqiqotlari operatsiya xonalarida, tez yordam mashinalarida, tibbiy vertolyotda, tibbiy amaliyotda va uy sharoitida, shuningdek, ko‘rish qobiliyati buzilgan insonlar uchun jamoat transportida olib borildi. Tadqiqot ishtirokchilari Google Glass yordamida tasvirga olish, videoni jonli uzatish va amaliyot jurnalini ovoz orqali yozdirish bilan shug‘ullanishdi.
Tadqiqotlar davomida Lyusen Engelen quyidagi xulosalarga keldi:
- Tasvir va video sifati ulardan sog‘liqni saqlash sohasida o‘qitish, ma’lumot berish va masofaviy maslahat uchun foydalanish imkonini beradi.
- Google Glass’dan operatsiyalar davomida foydalanish mumkin.
- Tibbiyotda foydalanish uchun video funksiyasiga tasvir stabilizatorini qo‘shish kerak.
- Qurilmaning quvvatlanmasdan ishlash vaqtini tashqi akkumulyator yordamida osonlikcha uzaytirish mumkin.
- Google Glass ekranida ko‘rsatiladigan protokol yoki nazorat ro‘yxati muolajalar vaqtida foydali bo‘lishi mumkin.
Doktor Fil Haslam va doktor Sebastyan Mafeld Google Glass’dan invaziv radiologiya sohasida foydalanish konsepsiyasini namoyish qildilar. Ular Google Glass jigar biopsiyasini bajarishda qanday yordam berishi mumkinligini ko‘rsatdilar. Shifokorlarning ta’kidlashicha, Google Glass invaziv radiologiyada bemorlar xavfsizligini oshirish, shifokorlarga qulaylik yaratish va muolajalar samaradorligini yaxshilash imkoniyatiga ega. 2013-yil iyun oyida jarroh Rafael Grossmann Google Glass’dan operatsiya xonasida foydalangan ilk inson bo‘ldi. U o‘shanda aqlli ko‘zoynakni endoskopik muolaja vaqtida ishlatgan.
16-noyabr, 2013-yil kuni Santyago-de-Chilida doktor Antonio Marino boshchiligidagi yuz-jag‘ jarrohligi jamoasi Google Glass yordamida Lotin Amerikasida birinchi ortognatik operatsiyani o‘tkazdi. 2014-yil yanvar oyida hindistonlik ortoped Selen G. Parex Google Glass’dan foydalanib, Jaypurda to‘piq sohasida operatsiya o‘tkazdi. Operatsiya Google saytida jonli efirda namoyish etildi. Avstraliyada 2014-yil yanvar oyida Melburn shahridagi Small World Social texnologik startapi Avstraliya emizishni qo‘llab-quvvatlash uyushmasi bilan hamkorlikda yosh onalar foydalanishi uchun Google Glass’ning ilk bepul ilovasini yaratdi. Google Glass Breastfeeding deb nomlangan ilova onalarga emizish jarayonida ko‘p uchraydigan muammolar bo‘yicha ko‘rsatmalarni ko‘rib turib, bolalarini emizish imkonini bergan. Shuningdek, ilova Google Hangouts orqali shifokor bilan bog‘lanishga imkon yaratgan. Bunday vaziyatda shifokor muammoni Google Glass kamerasi orqali ko‘rishi mumkin edi.
Displey turlari
Shaffof displeylarni yaratish uchun bir necha texnologiya mavjud. Ularning aksariyatini ikkita asosiy guruhga ajratish mumkin: «Curved Mirror» (egri oyna) va «Light-guide» (yorug‘lik o‘tkazgichi). Curved Mirror oyna texnologiyasidan EyeTap, Meta va Vuzix.
kabi ishlab chiqaruvchilar foydalanadi. Aqlli ko‘zoynak displeylarida turli xil to‘lqin o‘tkazgichlar qo‘llaniladi. Ularning eng keng tarqalganlari difraksion optika, golografik optika, qutblangan optika, qaytaruvchi optika va proyeksiyalash usullaridir:
- Difraksion to‘lqin o‘tkazgich — difraksion panjaraning qiya elementlaridan foydalanadi. Texnologiya Nokia kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilgan va Vuzix kompaniyasiga litsenziyalangan.
- Golografik to‘lqin o‘tkazgich — birlashtirilgan 3 ta golografik optik elementdan (RGB) tashkil topadi. Bu texnologiyadan foydalanuvchi kompaniyalar: Sony va Konica Minolta.
- Qutblangan to‘lqin o‘tkazgich — shisha qatlamlar orasiga joylashtirilgan 6 ta ko‘p qatlamli qutblangan qaytargichdan iborat. Uni ishlab chiqqan kompaniya — Lumus.
- Qaytaruvchi to‘lqin o‘tkazgich — bitta yarim shaffof qaytaruvchi oynaga ega qalin yorug‘lik o‘tkazgich. Bu texnologiyadan Epson kompaniyasi o‘zining Moverio mahsulotida foydalanadi.
- «Clear-Vu» yorug‘lik qaytaruvchi to‘lqin o‘tkazgichi — Optinvent ishlab chiqqan yupqa monolit, shakllantirilgan sirt qaytargichlari va odatiy qoplamalardan iborat.
- Almashlab ulanadigan to‘lqin o‘tkazgich — SBG Labs tomonidan ishlab chiqilgan.
- Virtual retinal monitor — tasvirni bevosita ko‘z to‘r pardasiga proyeksiyalaydigan chiqarish qurilmalari texnologiyasi. Natijada foydalanuvchi ko‘z o‘ngida havoda «muallaq turgan» tasvirni ko‘radi.
Aqlli quyoshdan saqlovchi ko‘zoynaklar
Ishlash vaqtida yorug‘likni filtrlash xususiyatlarini o‘zgartira oladigan aqlli quyoshdan saqlovchi ko‘zoynaklarda odatda suyuq kristalli texnologiya qo‘llaniladi. Yoritish sharoiti o‘zgarganda, masalan, foydalanuvchi bir xonadan boshqasiga o‘tganda, yorqinlik nisbati ham o‘zgaradi va ko‘zoynak orqali ko‘rish yomonlashishi mumkin. Bu muammoni hal qilish uchun aqlli quyoshdan saqlovchi ko‘zoynaklarga ko‘zga tushadigan tashqi yorug‘lik miqdorini nazorat qiluvchi qoraytiruvchi filtrlar o‘rnatiladi. Bunday ko‘zoynaklarning linzalarida suyuq kristallarga asoslangan PolarView komponenti ishlatiladi.
Aqlli quyoshdan saqlovchi ko‘zoynaklarning yana bir turida moslashuvchan qutblanish filtri qo‘llaniladi. Bunday ko‘zoynaklar taqilgan paytda qutblanishni filtrlash xususiyatlarini o‘zgartira oladi. Ular birgina tugmani bosish orqali gorizontal qutblanishni filtrlash rejimidan vertikal qutblanishni filtrlash rejimiga o‘ta oladi.
Aqlli quyoshdan saqlovchi ko‘zoynak linzalari bir nechta moslashuvchan elementdan tayyorlanishi mumkin, shu sababli linzaning turli qismlari turlicha optik xususiyatlarga ega bo‘ladi. Masalan, linzaning yuqori qismi elektron vositalar yordamida pastki qismidan farq qiluvchi qutblanish filtri xususiyatlariga ega bo‘ladigan qilib sozlanishi mumkin.
Aqlli ko‘zoynaklarni boshqarish
Aqlli ko‘zoynaklar uchun klaviatura va sichqoncha kabi an’anaviy ma’lumot kiritish qurilmalari mos kelmaydi. Shuning uchun ma’lumot kiritish imkon qadar sodda yoki umuman qo‘l ishlatmasdan amalga oshirilishi kerak. Aqlli ko‘zoynaklar uchun ma’lumot kiritish qurilmalari uch turga bo‘linadi: qo‘lda, sensor orqali va tegmasdan kiritish. Hozirgi vaqtda aqlli ko‘zoynaklar uchun ma’lumot kiritish interfeyslarini ishlab chiqish dolzarb masala bo‘lib qolmoqda.
Usullar:
- Sensorli panel (touchpad) yoki tugmalar.
- Masofadan boshqarish uchun mos qurilmalar (masalan, smartfon).
- Nutqni tanib olish.
- Ko‘z harakatlarini qayd etish usuli (okulografiya).
- Miya–kompyuter interfeysi.
- Imo-ishoralarni tanib olish.
Mahsulotlar
- Apple Vision Pro — aralash reallik uchun aqlli ko‘zoynaklar; ishlab chiqaruvchi — Apple.
- Google Glass — aqlli ko‘zoynaklar; ishlab chiqaruvchi — Google.
- Microsoft HoloLens — aralash reallik uchun aqlli ko‘zoynaklar; ishlab chiqaruvchi — Microsoft.
- Airscouter, virtual retinal monitor — ishlab chiqaruvchi — Brother Industries.
- Epiphany — Vergence Labs tomonidan ishlab chiqilgan aqlli ko‘zoynaklar.
- Epson Moverio BT-300 va Moverio Pro BT-2000/2200 — kengaytirilgan reallik uchun aqlli ko‘zoynaklar; ishlab chiqaruvchi — Epson.
- EyeTap — ko‘zga taqiladigan kamera va ko‘z oldida axborot aks ettiruvchi HUD-displey.
- Focals by North — golografik displeyli aqlli ko‘zoynaklar. Ular matnli xabarlarni o‘qish va ularga javob qaytarish, ob-havoni tekshirish, Uber orqali taksi buyurtma qilish, Amazon Alexa bilan muloqot qilish va boshqa ko‘plab ishlarni bajarish imkonini beradi.
- Recon Snow 2 — chang‘i uchish uchun himoya vazifasini bajaruvchi aqlli ko‘zoynaklar.
- Recon Jet — sport uchun mo‘ljallangan mustahkam, ko‘zga taqiladigan kamera va proyeksion displey (HUD).
- Vuzix — 3D o‘yinlar, ishlab chiqarishdagi ta’lim va harbiy maqsadlar uchun kengaytirilgan reallik ko‘zoynaklari.
- Everysight Raptor — Everysight kompaniyasining velosipedchilar uchun aqlli ko‘zoynaklari.
2018-yilda Intel kompaniyasi Vaunt’ni taqdim etishini e’lon qildi. U oddiy ko‘zoynakka o‘xshaydigan, tasvirni bevosita ko‘z to‘r pardasiga proyeksiyalash orqali ma’lumot ko‘rsata oladigan aqlli ko‘zoynakdir.
Aqlli ko‘zoynaklar bozori
IHS tahliliy kompaniyasi hisob-kitobiga ko‘ra, aqlli ko‘zoynaklar bozori atigi 50 000 dona bo‘lgan 2012-yildagi darajadan 6,6 million donaga yetishi kutilgan 2016-yilgacha o‘sishi mumkin edi. Forrester Research 4600 nafardan ortiq voyaga yetgan amerikalik orasida o‘tkazgan so‘rov natijalariga ko‘ra, respondentlarning qariyb 12 foizi qiziqishlariga mos xizmat taklif etilsa, Google Glass yoki unga o‘xshash boshqa qurilmani taqishga tayyorligini bildirgan. Business Insider tahlilchilari 2018-yilda Google Glass savdosi 21 million donaga yetishini kutgan. Samsung va Microsoft olti oy ichida narxi 200 dan 500 dollargacha bo‘lgan Google Glass’ning o‘z versiyalarini ishlab chiqishi kutilgan. 2006-yilda Apple o‘zi yaratgan ko‘z oldida axborot aks ettiruvchi HUD-displey uchun patent arizasini topshirgan. 2013-yil iyul oyida APX Labs asoschisi va bosh direktori Brayan Ballard o‘z smart-ko‘zoynak versiyalari ustida ishlayotgan 25-30 ta apparat ishlab chiqaruvchi kompaniyadan xabardor ekanini aytgan.
Shu bilan birga, 2016-yilda dunyo bo‘ylab xaridorlarga atigi 150 mingga yaqin kengaytirilgan reallik ko‘zoynaklari yetkazib berilgan. Bunga ishlab chiqaruvchilarning funksionallik va kichik o‘lcham o‘rtasidagi muvozanatni ta’minlaydigan mahsulotni taklif qilishiga to‘sqinlik qiluvchi ayrim jiddiy texnik cheklovlar sabab bo‘lgan. Chunki xaridorlar qo‘pol va hajmi katta qurilmalarni taqishni istamaydi.
Jamiyatning munosabati va tijoriy foydalanish
Jamoatchilik fikri
2012-yil noyabr oyida Google Glass «2012-yilning eng yaxshi ixtirolari»dan biri deb topildi. Bunday bahoni haftalik Time jurnali bergan. 2013-yil fevral oyida Google rahbari Erik Shmidt Kembrij universitetiga tashrif buyurganidan so‘ng professor Jon Noton Google Glass’ni yuqori baholab, uni Duglas Engelbartning ixtirolari bilan qiyosladi. Tug‘ma kar bo‘lgan jurnalist Liza A. Goldshteyn nogironligi bo‘lgan insonlar nomidan mahsulotni sinovdan o‘tkazdi va 6-avgust, 2013-yilda o‘z sharhini e’lon qildi. Goldshteyn sharhida Google Glass eshitish apparatlarini qo‘llab-quvvatlamasligi va shu sababli nutqni tushuna olmaydigan odamlar uchun mos emasligini ta’kidladi. U, shuningdek, mijozlarni qo‘llab-quvvatlash faqat telefon orqali amalga oshirilgani sababli bu xizmat juda cheklanganini qayd etdi.
2013-yil dekabr oyida Devid Datuna zamonaviy san’at asarida Google Glass’dan foydalangan birinchi rassom bo‘ldi.
Jamoatchilikning salbiy munosabatidan so‘ng 2015-yil yanvar oyida Google Glass’ning chakana savdosi to‘xtatildi. 2017-yildan boshlab kompaniya biznes mijozlarga e’tibor qaratdi.
Shaxsiy hayot daxlsizligi masalalari
Turli manbalarda jamoat joylarida aqlli ko‘zoynaklardan foydalanishning shaxsiy hayot daxlsizligi va axloqiy jihatlari yuzasidan xavotirlar bildirilgan. Sababi bu ko‘zoynaklar orqali tasvirga tushayotgan shaxslarning ruxsatisiz yashirin video olish mumkin. Shaxsiy hayot daxlsizligi himoyachilari bunday ko‘zoynak taqqan odamlar yuzni tanib olish funksiyasi yordamida ko‘chada notanish insonlarning kimligini aniqlashi yoki shaxsiy suhbatlarni yashirincha yozib olib, efirga uzatishi mumkinligidan xavotirda. AQShdagi ayrim kompaniyalar o‘z muassasalarida Google Glass’dan foydalanishni taqiqlovchi belgilarni joylashtirgan. 2013-yil iyul oyida, mahsulot rasman chiqarilishidan oldin, Lambda Labs hammuassisi Stiven Balaban Google tasdiqlamagan o‘z yuzni tanib olish tizimini yaratib, Google’ning yuzni tanib olish tizimidagi cheklovni chetlab o‘tdi. Lookout kompaniyasining xavfsizlik bo‘yicha bosh tadqiqotchisi Mark Rojers esa foydalanuvchi zararli QR-kodni suratga olsa, Google Glass buzib kirish hujumiga uchrashi mumkinligini aniqladi.
Shuningdek, bir qator mamlakatlarda, ayniqsa Rossiya, Ukraina va boshqa postsovet davlatlarida Google Glass’dan foydalanishning qonuniyligi haqida savollar tug‘ildi. 2013-yil fevral oyida Google+ foydalanuvchisi Google Glass bilan bog‘liq huquqiy muammolarni payqab, Google Glass hamjamiyatida ushbu qurilmadan foydalanish Rossiya va Ukrainaning amaldagi qonunchiligiga ko‘ra noqonuniy bo‘lishi mumkinligini yozdi. Chunki bu mamlakatlarda sezilmasdan video yoki suratga olishga qodir josuslik qurilmalaridan foydalanish taqiqlangan. Google Glass o‘g‘irlangan yoki yo‘qolgan taqdirda, foydalanuvchilar maxfiyligi va xavfsizligi yuzasidan ham xavotirlar bildirilgan. Hukumat qo‘mitasiga javobida Google bloklash tizimi ustida ishlayotganini va qurilma yo‘qolganda Google Glass sozlamalarini masofadan turib tiklash imkoniyati haqida foydalanuvchilarga ko‘proq ma’lumot berganini ma’lum qildi. Shuningdek, Las-Vegas kazinolari Nevada shtati qonunlari va o‘yin maydonlari yaqinida yozib oluvchi qurilmalardan foydalanishni taqiqlovchi umumiy o‘yin qoidalariga rioya qilish maqsadida Google Glass’dan foydalanishni taqiqladi.
Xavfsizlikka oid mulohazalar
Ayrim mamlakatlarda avtomobil haydash paytida aqlli ko‘zoynaklardan foydalanish yuzasidan xavotir bildirilgan. 31-iyul, 2013-yilda Buyuk Britaniya Transport departamenti qaroriga ko‘ra, Google Glass taqqan holda avtomobil boshqarish taqiqlanishi mumkinligi xabar qilingan. AQShning G‘arbiy Virjiniya shtatida 2013-yil mart oyida haydash vaqtida matnli xabarlarni o‘qishni taqiqlovchi qonunga o‘zgartirish kiritish taklif etilgan. O‘zgartirishga «boshga taqiladigan displeyli kompyuter»dan foydalanishni taqiqlash ham kiritilgan. Shtat vakili intervyusida shunday degan: «Asosiy masala — xavfsizlik, chunki aqlli ko‘zoynaklar ko‘rish maydoningizda matn yoki videoni aks ettirishi mumkin. Bu esa haydovchilarning diqqatini jiddiy chalg‘itadi». 2013-yil oktabrda Kaliforniyada haydovchi Google Glass taqqan holda avtomobil boshqargani uchun jarimaga tortilgan. Xabarlarga ko‘ra, u Google Glass bilan avtomobil boshqargani uchun jarima olgan birinchi haydovchi bo‘lgan. Sudya Google Glass’dan haydash paytida foydalanish taqiqqa tushishini qayd etgan bo‘lsa-da, o‘sha vaqtda qurilma yoqilganini tasdiqlovchi dalillar yo‘qligi sababli ish yopilgan.
Funksional imkoniyatlarning o‘ziga xos jihatlari
Bugungi kunda kengaytirilgan reallik ko‘zoynaklarining aksariyati hajman katta ko‘rinadi. Navigatsiya yoki sayyohlik gidiga o‘xshash ilovalar esa smart-ko‘zoynak akkumulyatorini taxminan 1-4 soatda quvvatsizlantirishi mumkin. Kam quvvat sarflaydigan aks ettirish tizimlaridan foydalanish orqali akkumulyatorning ishlash muddatini uzaytirish mumkin. Shuningdek, qo‘shimcha akkumulyator blokini boshqa qurilmalarda (masalan, kamar yoki aqlli marjon ichida) olib yurish mumkin.