Yulduzning shakllanishi

Yulduzlar shakllanish sohasi N11B — Katta Magellan Bulutida

Yulduzning shakllanishi (yulduzning hosil bo‘lishi) — yulduzlar evolyutsiyasining boshlang‘ich bosqichi bo‘lib, unda yulduzlararo bulut esa yulduzga aylanadi. Bu jarayonda bulut siqilib, bo‘laklarga ajraladi, o‘z nurlanishi uchun shaffof bo‘lmay qoladi va protoyulduzga aylanadi. Bu bosqichda protoyulduzga akkretsiya jarayoni orqali bulutning tashqi qismlaridagi modda tushadi. Akkretsiya tugagach, u bosh ketma-ketlikkacha bo‘lgan yulduzga aylanadi va o‘zining siqilishi hisobiga nur sochadi. Asta-sekin yulduz yadrosida termoyadro reaksiyalari boshlanadi, shundan so‘ng shakllanish yakunlanadi va yulduz bosh ketma-ketlikka o‘tadi.

Jarayon

Evolyutsiya bosqichlari: protoyulduzlar va bosh ketma-ketlikkacha bo‘lgan yulduzlar

«Yulduzning shakllanishi» yoki «yulduzning hosil bo‘lishi» atamasi alohida yulduzning paydo bo‘lish jarayoniga nisbatan qo‘llanadi, «yulduzlar shakllanishi» esa odatda galaktikada yulduzlar paydo bo‘lishining keng ko‘lamli jarayonini anglatadi. Shunga qaramay, ba’zan har ikkala jarayon ham yulduzlar shakllanishi deb ataladi.

Molekulyar bulutning siqilishi

Globulalar — IC 2944

Yulduzlararo muhit galaktikalarda asosan vodorod va geliydan iborat bo‘lib, ushbu elementlar atomlari soni bo‘yicha mos ravishda 90 % va 10 % ni tashkil etadi. Bundan tashqari, uning massasining taxminan bir foizini yulduzlararo chang tashkil etadi. Aksariyat sohalarda harorat 100 dan 106 K gacha, zarralar konsentratsiyasi esa — 10−3 dan 10 sm−3 gacha bo‘ladi. Yulduzlararo muhitda ulkan molekulyar bulutlar uchraydi, ularning massasi 105—106 M⊙, harorati 10 dan 100 K gacha, konsentratsiyasi esa 10 dan 100 sm−3 gacha bo‘lib, aynan ular yulduzlar shakllanish sohalariga aylanadi.

Bulutda Gravitatsion beqarorlik rivojlanganda bulut siqila boshlashi mumkin. Beqarorlikni turli omillar, masalan, ikki bulutning to‘qnashuvi, bulutning spiral galaktikaning zich tarmog‘idan o‘tishi yoki yetarlicha yaqin masofada o‘ta yangi yulduzning portlashi keltirib chiqarishi mumkin. Portlashning zarba to‘lqini molekulyar bulut bilan to‘qnashishi mumkin. Bundan tashqari, galaktikalar to‘qnashganda gaz bulutlarining to‘qnashuvlari tez-tez sodir bo‘la boshlaydi, bu esa yulduzlar shakllanish tezligining ortishini tushuntiradi.

Bunda virial teoremasiga ko‘ra, ikkilangan kinetik energiya va potensial energiya yig‘indisi nolga teng bo‘lganda bulut barqaror bo‘ladi. Agar bu yig‘indi noldan kichik bo‘lsa, gravitatsion beqarorlik yuzaga keladi. Bulutning zichligi o‘zgarmas va radiusi R bo‘lganda potensial energiyaning moduli (energiyaning o‘zi manfiy) R5 ga mutanosib ravishda, barcha molekulalar kinetik energiyalarining yig‘indisi esa R3 ga mutanosib ravishda ortadi. Demak, yetarlicha katta bulut siqiladi. Bulutni sferik va aylanmaydigan deb hisoblasak, uning massasi M, radiusi r, gazining molyar massasi μ va harorati T bo‘lganda bulutning siqilish shartini quyidagicha yozish mumkin:

3RgTMμ<35GM2r,

bu yerda G — gravitatsion doimiy, Rg — universal gaz doimiysi. Agar r=3M/4πρ ifodalansa, bu yerda ρ — bulut zichligi, quyidagi shart hosil bo‘ladi:

M>MJ=(34πρ)1/2(5RgTμG)3/2.

Bu MJ kattaligi Jins massasi deb ataladi. Molekulyar bulutlarda kuzatiladigan sharoitlarda u 103—105 M⊙ ni tashkil etadi. Siqilgan sari bulut zichlashishi va qizishi kerak, biroq bulut nurlanish uchun shaffof ekan, qizigan gaz va chang energiya chiqaradi va shu tariqa soviydi.

Shu sababli siqilish ancha yuqori aniqlik bilan izotermik tarzda kechadi. Bulut zichligining ortishi tufayli siqilish vaqtida Jins massasi kamayadi va bulutda kichikroq o‘lcham va massaga ega bo‘lgan qismlar ajralib chiqib, bir-biridan mustaqil ravishda siqila boshlaydi. Bu jarayon yulduzlar shakllanadigan bulutning fragmentatsiyasi deb ataladi. Fragmentatsiya bulut o‘z nurlanishi uchun shaffof bo‘lmay qolguniga qadar ko‘p marta sodir bo‘lishi mumkin. Bu sovish jarayonini sezilarli darajada sekinlashtiradi va Jins massasining kamayishini to‘xtatadi. Yulduzlarning asosan guruh bo‘lib shakllanishi shu bilan izohlanadi. Bulutdagi moddaning hammasi ham oxir-oqibat yulduzlarga aylanmaydi: o‘rtacha hisobda, bulut massasining 30 % dan ko‘prog‘i yulduzlarga aylansa, gravitatsion bog‘langan yulduzlar to‘dasi shakllanadi, lekin ko‘pincha yulduzlar shakllanishining samaradorligi pastroq bo‘ladi va yulduzlar assotsiatsiyalari hosil bo‘ladi.

Bundan tashqari, fragmentatsiya hodisasi yulduzlarning massasi nega dastlabki bulutning Jins massasidan ancha kichikligini tushuntiradi. Fragmentatsiya natijasida hosil bo‘lishi mumkin bo‘lgan bulutning eng kichik massasi taxminan 10−2 M⊙ ni tashkil etadi. Biroq bulut moddasida geliydan og‘ir elementlar juda kam bo‘lsa, sovish ancha samarasiz kechadi va bulut ancha kam bo‘laklarga ajraladi. Birlamchi nukleosintezda hosil bo‘lgan moddadan eng dastlabki yulduzlar aynan shu ssenariy bo‘yicha shakllangan deb hisoblanadi: bu yulduzlarning massasi asosan kamida 100 M⊙ bo‘lishi va ular juda qisqa muddat mavjud bo‘lishi kerak edi.

Siqila boshlagan bulutlar ko‘pincha globulalar — massasi taxminan 100 M⊙ va o‘lchami taxminan bir parsek bo‘lgan qorong‘i tumanliklar sifatida kuzatiladi. Ba’zan ularda shakllanishi yakunlanishiga yaqinroq obyektlar ham uchraydi: Savr T tipidagi yulduzlar va Xerbig — Aro obyektlari.

Protoyulduz bosqichi

Protoyulduzning tuzilishi.
1 — erkin tushayotgan modda
2 — fotosfera, infraqizil diapazonda nur sochadi
3 — shaffof bo‘lmagan gaz-chang qobig‘i
4 — zarba to‘lqini fronti
5 — gidrostatik muvozanatdagi yadro

Bulutning siqilishi notekis sodir bo‘ladi va siqilish boshlanganidan ma’lum vaqt o‘tgach, bulutda gidrostatik muvozanatdagi yadro shakllanadi — odatda shu paytdan boshlab bulut yadrosi protoyulduz hisoblanadi. Bulutning massasiga deyarli bog‘liq bo‘lmagan holda, yadroning massasi 0,01 M⊙, radiusi — bir necha a.b., markazidagi harorat esa — 200 K. Akkretsiya, ya’ni bulut tashqi qatlamlarining yadroga tushishi, uning massasi va haroratining ortishiga olib keladi, biroq 2000 K haroratda energiya vodorod molekulalarining parchalanishiga sarflangani sababli haroratning ortishi to‘xtaydi. Bir payt muvozanat buziladi va yadro siqila boshlaydi. Navbatdagi muvozanat holatiga endi ionlashgan, kichikroq, massasi 0,001 M⊙, radiusi taxminan 1 R⊙ va harorati 2⋅104 K bo‘lgan yadroda erishiladi. Bunda optik diapazonda nurlanadigan yadro atrofdagi fazodan ancha past haroratga ega bo‘lgan va faqat infraqizil diapazonda nurlanadigan qobiq bilan to‘silgan bo‘ladi.

Tashqi qatlamlarning akkretsiyasi davom etadi, yadroga 15 km/s tezlikda tushayotgan modda esa zarba to‘lqinini hosil qiladi. Sferik qobiqning moddasi yadroga tushadi va ionlashadi. Moddaning katta qismi protoyulduzga tushgach, uni kuzatish mumkin bo‘ladi. Shu paytgacha tashqi qobiqning siqilishi dinamik vaqt shkalasi bo‘yicha kechadi, ya’ni uning davomiyligi gaz bosimi to‘sqinlik qilmaydigan moddaning erkin tushish davomiyligiga teng bo‘ladi.

Massasi yetarlicha katta protoyulduzlarda ortib boruvchi nurlanish bosimi va yulduz shamoli qobiq moddasining bir qismini uchirib yuboradi, bunda Xerbig — Aro obyekti hosil bo‘lishi mumkin. Bundan tashqari, protoyulduzda protoplanetar disk ham qolishi mumkin. U yulduzga akkretsiyalanmagan moddadan iborat bo‘lib, keyinchalik sayyoralar tizimiga aylanishi mumkin. Sayyoralarning shakllanish jarayoni, masalan, HL Savr yulduzida kuzatiladi.

HL Savr va uning protoplanetar diski

Bosh ketma-ketlikkacha bo‘lgan yulduz bosqichi

Turli massali protoyulduzlarning sekin siqilish davridagi evolyutsion treklari (ko‘k rang) va ularning izoxronalari (turli ranglar bilan belgilangan)

Qobiqlarining akkretsiyasi tugagan protoyulduzlar ba’zan alohida turga ajratiladi: bosh ketma-ketlikkacha bo‘lgan yulduzlar. Ingliz tilidagi adabiyotlarda bunday obyektlar endi protoyulduzlar deb atalmaydi, biroq «yosh yulduz obyekti» (ingl. young stellar object) atamasi mavjud bo‘lib, u protoyulduzlar va bosh ketma-ketlikkacha bo‘lgan yulduzlarni birlashtiradi.

Bu bosqichda protoyulduzning o‘rnini Gershprung — Rassel diagrammasida belgilash mumkin: harorati past va yorqinligi yuqori protoyulduz uning yuqori o‘ng qismida joylashadi. Yulduzda termoyadro reaksiyalari boshlanmaguncha va u gravitatsion siqilish hisobiga energiya chiqarib turganida, u asta-sekin bosh ketma-ketlik tomon siljiydi.

Bu jismlar o‘z bosimi hisobiga muvozanatda turgani sababli oldingi bosqichga qaraganda ancha sekin — issiqlik vaqt shkalasi bo‘yicha siqiladi, ya’ni gravitatsion potensial energiyaning yarmi nurlanishga sarflanadigan davr mobaynida. Massasi eng katta yulduzlarda bu taxminan 105 yil, massasi eng kichik yulduzlarda esa taxminan 109 yil davom etadi. Quyosh uchun bu bosqich 30 million yil davom etgan.

Turli massali protoyulduzlar o‘rtasida sifat jihatidan farq mavjud: massasi 3 M⊙ dan kichik protoyulduzlarda konvektiv zona butun chuqurlik bo‘ylab tarqalgan bo‘ladi, massasi bundan katta protoyulduzlarda esa bunday emas. Bu farq yulduzlar evolyutsiyasining keyingi bosqichlarida tafovutlarni yuzaga keltiradi.

1961-yilda Tyusiro Xayasi (Xayashi) yulduzning butun hajmini konvektiv zona egallasa, sekin siqilish vaqtida uning harorati deyarli o‘zgarmasligini, yorqinligi esa pasayishini ko‘rsatdi. Bu diagrammada yulduzning joriy holati vertikal ravishda pastga siljishiga mos keladi va yulduzning bunday yo‘li Xayashi treki deb ataladi. Massasi 0,3—0,5 M⊙ dan (turli baholarga ko‘ra) 3 M⊙ gacha bo‘lgan yulduzlarda siqilish davomida konvektiv qatlamlar yo‘qoladi va ular ma’lum paytda Xayashi trekidan chiqadi, massasi 0,3—0,5 M⊙ dan kichik yulduzlar esa butun siqilish davrida Xayashi trekida qoladi.

Xayashi trekidan chiqqach (o‘rtacha massali yulduzlarda) yoki sekin siqilishning boshidanoq (katta massali yulduzlarda) yulduz konvektiv bo‘lmay qoladi va siqilish vaqtida qiziy boshlaydi, bunda yorqinligi sezilarli o‘zgarmaydi. Bu diagrammada chapga siljishga mos keladi va yo‘lning bu qismi Xenyi treki deb ataladi.

Har qanday holatda ham siqilish jarayonida yulduz markazidagi harorat ortadi va uning yadrosida termoyadro reaksiyalari boshlanadi — kichik va o‘rtacha massali yulduzlarda siqilish boshlanganidan ma’lum vaqt o‘tgach, massasi 8 M⊙ dan katta yulduzlarda esa akkretsiya tugashidan oldin. Dastlabki bosqichlarda bu litiy va berilliyning geliyga aylanishidan iborat bo‘lib, ushbu reaksiyalar yulduz chiqaradigan energiyadan kamroq energiya hosil qiladi. Siqilish davom etadi, biroq energiya ajralishida termoyadro reaksiyalarining ulushi ortadi, yadro qizishda davom etadi va harorat 3—4 million K ga yetganda vodorodning geliyga aylanishi p-p siklida boshlanadi.

Ma’lum bir paytda, agar yulduzning massasi 0,07—0,08 M⊙ dan katta bo‘lsa, termoyadro reaksiyalari hisobiga energiya ajralishi yulduzning yorqinligiga tenglashadi va siqilish to‘xtaydi — bu payt yulduz shakllanishining yakunlanishi hamda uning bosh ketma-ketlikka o‘tishi deb hisoblanadi. Agar yulduzning massasi bu qiymatdan kichik bo‘lsa, unda ham ma’lum vaqt davomida termoyadro reaksiyalari kechishi mumkin, biroq yulduz yadrosidagi modda siqilish to‘xtashidan oldin aynigan (degeneratsiyalangan) holatga o‘tadi. Shuning uchun termoyadro reaksiyalari hech qachon yagona energiya manbai bo‘lib qolmaydi va siqilish to‘xtamaydi. Bunday obyektlar jigarrang mittilar deb ataladi.

O‘rganilish tarixi

Yulduzlarning shakllanishi haqidagi dastlabki ilmiy asoslangan g‘oyalar 1644-yilda Rene Dekart tomonidan ilgari surilgan. U yulduzlar va sayyoralar yulduzlararo muhitning uyurmaviy harakati natijasida shakllanadi deb hisoblagan.

1692-yilda Isaak Nyuton gravitatsiya ta’sirida modda zichlashib, yulduzlarni hosil qilishi mumkinligini taxmin qilgan. Shunga o‘xshash farazlar Nyutondan oldin ham mavjud bo‘lgan bo‘lsa-da, faqat butun olam tortishish qonunining kashf etilishi bilan bu g‘oyalar fizik asosga ega bo‘ldi. Shu bilan bir vaqtda diffuz tumanliklar kashf etilayotgan bo‘lib, ular zichlashayotgan yulduzoldi modda sifatida tasavvur qilingan. Shu mulohazalar asosida batafsil ishlab chiqilgan Kant — Laplas — Shmidt gipotezasi paydo bo‘ldi. Unga ko‘ra, yulduzlar va sayyoralar tizimlarining shakllanishidagi asosiy mexanizm aylanuvchi bulutlarning siqilishidir.

Keyingi ikki asr davomida turli tumanliklar haqidagi kuzatuv ma’lumotlari asta-sekin to‘planib bordi va olimlar ularni yagona nazariyaga birlashtirishga urindilar. Masalan, Uilyam Gershel XVIII asr oxiri — XIX asr boshlarida 2,5 mingdan ortiq tumanlikni kashf etib, ularda yulduzlar turli bosqichlarda shakllanayotganini taxmin qilgan va ularni evolyutsion ketma-ketlikka joylashtirgan. Biroq Gershel bu ketma-ketlikka yulduzlarning hosil bo‘lishiga aloqador bo‘lmagan obyektlarni ham, xususan, galaktikalar va planetar tumanliklarni kiritgan. Boshqa tomondan, qorong‘i tumanliklarni, ular aslida yulduzlarning shakllanishi bilan bog‘liq bo‘lsa-da, Gershel o‘z ketma-ketligiga kiritmagan. XIX asrda ma’lumotlarning yanada ko‘proq to‘planishiga fotografiya va spektroskopiyaning ixtiro qilinishi yordam berdi, bu esa tumanliklarning kimyoviy tarkibini o‘rganish imkonini yaratdi.

Yulduzlarning shakllanish nazariyasini rivojlantirishda navbatdagi muhim qadamni Jeyms Jins 1902-yilda qo‘ydi. U «Sferik tumanlikning barqarorligi» nomli nazariy ishida gravitatsion beqarorliklarni o‘rgandi va bulut qanday massaga ega bo‘lganda siqila boshlashi kerakligini hisoblab chiqdi.

Shu bilan birga, shakllanish vaqtida yulduzlararo bulutlarda kechadigan jarayonlar hali yetarlicha yaxshi o‘rganilmagan edi. Protoyulduzlar haqidagi zamonaviy tasavvurga yaqin qarashlar Tyusiro Xayasi tufayli yuzaga keldi. U protoyulduzlarni modellashtirish bilan shug‘ullangan va 1966-yilda ushbu obyektlarni batafsil tavsiflovchi maqola chop etgan. Keyinchalik asosiy g‘oyalar deyarli o‘zgarmadi, biroq nazariya takomillashtirildi: masalan, Richard Larson protoyulduzlar evolyutsiyasi davomidagi ayrim parametrlarning qiymatlarini sezilarli darajada aniqlashtirdi.

Shakllanishning ilk bosqichlaridagi yulduzlar 1980-yillarning oxirigacha kuzatilmagan — asosiy qiyinchilik protoyulduzlar dastlab zich gaz-chang qobig‘i ortida yashiringanligidan iborat edi. Bundan tashqari, qobiqning o‘zi asosan infraqizil diapazonda nurlanadi, bu nurlanish Yer atmosferasi tomonidan kuchli yutiladi va Yer sirtidan kuzatishni yanada qiyinlashtiradi. Uzoq vaqt davomida evolyutsiyaning boshlang‘ich bosqichidagi yulduzlar haqidagi asosiy ma’lumot manbai Savr T tipidagi yulduzlar bo‘lib, ular 1945-yildayoq yulduzlarning alohida turiga ajratilgan edi. Protoyulduzlarni o‘rganishga kosmik infraqizil teleskoplar, jumladan, Spitser va Gershel ham katta hissa qo‘shdi: masalan, hozirda faqat Orion bulutining o‘zida kamida 200 ta protoyulduz ma’lum.

1990-yillarning o‘rtalarigacha yulduzlar hosil bo‘lishining hech qanday belgilari kuzatilmagan katta massali molekulyar bulutlar muammosi dolzarb edi. Buning klassik izohi moddaga singib qolgan magnit maydon (frozen-in magnetic field) bo‘lib, u uzoq vaqt davomida gravitatsion kollapsga to‘sqinlik qiladi. Keyinchalik deyarli barcha katta massali bulutlarda yulduzlarning shakllanish belgilari borligi aniqlandi, biroq boshqa, ma’lum ma’noda teskari muammo paydo bo‘ldi: yulduzlar shakllanish jarayonlari hatto vodorodning katta qismi atomar holatda bo‘lgan bulutlarda ham kuzatiladi. Buni molekulyar bulutlar uzoq vaqt mavjud bo‘lmaydi, balki modda oqimlarining to‘qnashuvi natijasida qisqa muddat ichida hosil bo‘ladi va ularda yulduzlar tez shakllanadi, degan taxmin bilan tushuntirish mumkin.

Adabiyotlar