Qor bo‘roni

Qor bo‘roniga qarshi
Katta Herman Kaufman (1808—1889)

Qor bo‘roni (buran (буран), izg‘irin, qorli bo‘ron, purga (пурга)) — yer yuzasiga yaqin qatlamda esadigan kuchli shamol ta’sirida yog‘ayotgan va/yoki ilgari yog‘ib qo‘ygan qorning ko‘chirilishi.

Rasmiy meteorologiya stansiyalarida quyidagilar qayd etiladi:

  • yer bag‘irlab qor uchishi,
  • pastki qor bo‘roni,
  • umumiy qor bo‘roni.

Yer bag‘irlab qor uchishi — qor qoplamasi yuzasidan shamol ko‘targan qorning 0,5—2 m balandlikdagi qatlamda ko‘chishi bo‘lib, ko‘rinish masofasining sezilarli yomonlashuviga olib kelmaydi (boshqa atmosfera hodisalari — qor yog‘ishi, xira tuman va hokazolar bo‘lmasa, gorizontal ko‘rinish masofasi 2 m balandlikda 10 km yoki undan ko‘proq bo‘ladi). Bu hodisa kam bulutli ob-havoda ham, qor yog‘ayotganidaham kuzatilishi mumkin. Odatda, qor qoplamasi quruq va muzlab birikmagan, shamol tezligi esa 5—6 m/s yoki undan yuqori bo‘lganda yuzaga keladi.

Pastki qor bo‘roni — qor qoplamasi yuzasidan shamol ko‘targan qorning bir necha metr balandlikdagi qatlamda ko‘chishi bo‘lib, gorizontal ko‘rinish masofasini sezilarli kamaytiradi (odatda, 2 m balandlikda 1 dan 9 km gacha bo‘ladi, ayrim hollarda esa bir necha yuz metrgacha qisqarishi mumkin). Bunda vertikal ko‘rinish yaxshi saqlanadi, shuning uchun osmon holatini (bulutlarning miqdori va shaklini) aniqlash mumkin. Yer bag‘irlab qor uchishi singari, bu hodisa ham kam bulutli ob-havoda, ham qor yog‘ayotganida kuzatiladi. Odatda, qor qoplamasi quruq va muzlab birikmagan, shamol tezligi esa 7—9 m/s yoki undan yuqori bo‘lganda yuzaga keladi. Kuchli pastki qor bo‘roni purga (пурга) deb ham ataladi.

Umumiy qor bo‘roni — atmosferaning yerga yaqin qatlamida qorning shamol ta’sirida kuchli ko‘chishi bo‘lib, u vertikal yo‘nalishda ham shu qadar rivojlanadiki, osmon holatini (bulutlarning miqdori va shaklini) aniqlash hamda qor bulutlardan yog‘ayotganini yoki faqat qor qoplamasi yuzasidan ko‘tarilganini bilish imkonsiz bo‘ladi. 2 m balandlikdagi gorizontal ko‘rinish masofasi odatda 1—2 km dan bir necha yuz, hatto bir necha o‘n metrgacha qisqaradi. Odatda, qor qoplamasi quruq va muzlab birikmagan, shamol tezligi 10 m/s yoki undan yuqori bo‘lganda yuzaga keladi. Ayrim mamlakatlarning turli hududlarida ayniqsa kuchli umumiy qor bo‘ronini buran (буран) deb atashadi.

Qor havoga ko‘tarilib, aylanib uchishiga sabab bo‘ladigan kuchli shamol oqimlari vyuga (вьюга) deb ataladi.[manba 2140 kundan beri ko‘rsatilmagan] Qor bo‘ronidan oldin yoki keyin (shamol susayganda), shuningdek uzoqdagi qor bo‘ronidan havoga ko‘tarilgan qor zarralari shamol bilan katta masofaga ko‘chirilganda, qorli g‘ubor kuzatilishi mumkin.

Ayrim mualliflar bulutlardanyog‘ayotgan va hali yer yuzasiga yetib bormagan qorning shamol bilan ko‘chishini ham qor bo‘roniga kiritadi. Ular yuqori qor bo‘roni deb ataluvchi hodisani — qor yog‘ishini shamol paytida, ya’ni qor parchalari yer yuzasiga yetguniga qadar havo oqimi bilan birga harakatlanib, yerga tushgach esa qimirlamay qoladigan holatni alohida ajratadi. Rasmiy meteorologiya stansiyalarida yuqori qor bo‘roni qayd etilmaydi.

Rossiyaning ayrim shaharlarida qor bo‘ronli kunlarning o‘rtacha yillik soni
ShaharQor bo‘ronli kunlarning o‘rtacha yillik soni
Petropavlovsk-Kamchatskiy38
Murmansk37
Xanti-Mansiysk35
Qozon31
Omsk29
Yekaterinburg24
Orenburg22
Tomsk20
Siktivkar18
Vladivostok15
Samara15
Voronej15
Xabarovsk14
Arxangelsk13
Moskva11
Irkutsk10
Sankt-Peterburg6
Rostov-Don5
Astraxan2
Yakutsk2

Pastki qor bo‘roniga o‘xshash hodisalardan biri — chang bo‘ronlaridir. Bundan tashqari, qishi sovuq bo‘lgan qurg‘oqchil hududlarda chang va qum quruq qor bilan birga ko‘chadigan o‘ziga xos qor-qum to‘zonlari, hatto bo‘ronlar ham yuz berishi mumkin.

Qor bo‘ronining jadalligi

Qor bo‘ronining jadalligi tezlik va turbulentlik darajasiga (qor-shamol oqimi xususiyatlariga), qor yog‘ishiningjadalligiga, qor zarralarining shakli va o‘lchamiga, haroratga hamda havo namligigabog‘liq. Qor bo‘ronida ko‘chiriladigan qattiq moddaning umumiy sarfi yer yuzasi bo‘ylab harakatlanuvchi qor-shamol oqimining bir metr kenglikdagi kesimidan 1 soniyadao‘tadigan qor massasiga teng. Qorning eng yuqori ko‘chish miqdoriga ko‘ra qor bo‘ronlari quyidagi turlarga ajratiladi.

Jadallik Shamol tezligi, m/s Qorning maksimal ko‘chish miqdori, kg/(m·s)
kuchsiz 6—10 0,2 gacha
odatiy 10—20 0,4 gacha
kuchli 20—30 1,2 gacha
juda kuchli 30—40 2,0 gacha
o‘ta kuchli 40—90 2,0 dan ortiq

Rossiya ilmiy adabiyotlarida qattiq sovuqda yuz beradigan kuchli pastki qor bo‘ronini ifodalash uchun ba’zan inglizcha blizzard (близзард)atamasi ishlatiladi. Kanadada bu atama shamol tezligi 40 km/soat yoki undan yuqori, ko‘rinish masofasi 1 km dan kam, harorat -25  °C dan past va davomiyligi 4 soatdan ortiq bo‘lgan pastki yoki umumiy qor bo‘ronini anglatadi. AQSHda bu atama shamolning barqaror tezligi 56 km/soat, ko‘rinish masofasi 400 m yoki undan kam va davomiyligi 3 soat yoki undan ko‘p bo‘lgan pastki qor bo‘ronini anglatadi. Buyuk Britaniyada bu atama shamolning o‘rtacha tezligi 48 km/soat va ko‘rinish masofasi 200 m bo‘lgan o‘rtacha yoki kuchli qor yog‘ishini anglatadi.

To‘yingan va to‘yinmagan qor bo‘ronlari

Pastki qor bo‘ronlari shamol oqimi qor ko‘chirishning maksimal imkoniyatiga mos miqdorni tashish-tashimasligiga qarab to‘yingan yoki to‘yinmagan bo‘lishi mumkin. To‘yingan pastki qor bo‘ronida ko‘chiriladigan qattiq moddaning umumiy sarfini (Q, kg/(m·s) shamolning 10—15 m balandlikdagi tezligiga (Uf, m/s) qarab quyidagi formula bilan taxminan ifodalash mumkin:

Q=0,0077(Uf−5)3.

Qor bo‘ronida qor parchalari harakati

Pastki qor bo‘ronida qor parchalari uch usulda harakatlanadi:

  • sudralish — qor qoplamasi, muz yoki yer yuzasi bo‘ylab yumalab siljish; bunda zarralar yuzadan faqat ba’zan va qisqa muddatga uziladi;
  • saltatsiya (sakrab ko‘chish)— qor parchalari avval deyarli tik yuqoriga sakraydi, so‘ng yotiq egri chiziq bo‘ylab pastga tushadi. Bunda uchayotgan bitta zarra yuzadan yana bir nechta zarrani ko‘tarib yuborishi mumkin, natijada qor-shamol oqimi qor bilan to‘yinadi;
  • muallaq uchish (diffuziya) — qor qoplamasidan uzilgan qor parchalari shamol ta’sirida havoda muallaq holda turib, yuzadan baland ko‘tarilishi.

Umumiy qor bo‘ronida qorning ushbu uch xil ko‘chish usuli atmosfera qor parchalari yog‘ishi bilan bir vaqtda yuz beradi.

Qor bo‘ronidagi jarayonlar

  • Qor bo‘roni qor qoplamasining relyefini shakllantiradi. Kuchsiz qor bo‘ronlarida qorda mayda mavjlar— qum barxanlari va qumli sayozliklarmavjlariga o‘xshash to‘lqinsimon izlar paydo bo‘ladi. Shamol kuchayganda qordan barxanlar, to‘lqinlar va qator uyumlar paydo bo‘lib, ular shamol yo‘nalishida asta-sekin siljiydi. Bu shakllarning o‘zi ham qor-shamol oqimining tuzilishiga ta’sir qiladi.
  • Qor bo‘roni vaqtida qor qoplamasi ichida bug‘ va issiqlik almashinuvi bo‘ron bo‘lmagan vaqtdagiga qaraganda o‘nlab marta kuchliroq kechadi. Agar qor qoplamasining yuzasi pastda yotgan qorga nisbatan sovuqroq bo‘lsa, bug‘ pastdan yuqoriga ko‘chadi, yuqori qatlamlarda kristallanadi va qor yuzasi tezda qotib, mustahkamlanadi.
  • Qor-shamol oqimining o‘zida qor zarralarining bug‘lanishi (sublimatsiyasi) keskin kuchayadi. Buning sababi shundaki, uchayotgan har bir zarraning yuzasi har tomondan ochiq bo‘lib, shamol ta’sirida qoladi; bo‘ronning yerga yaqin eng zich qatlamida ham, ayniqsa undan yuqorida, zarralar bir-biridan yetarlicha ajralgan bo‘ladi va havo kuchli turbulent aralashgani tufayli bug‘lanishga sarflanadigan issiqlikni oladi. Qorning bo‘ron vaqtida bug‘lanishi uning ko‘chishi mumkin bo‘lgan eng katta masofani, ya’ni qor-shamol oqimidagi qor butunlay yangilanadigan masofani cheklaydi. Bu hodisa bo‘ron paytidagi qor diffuziyasi qatlamining balandligini ham cheklaydi. Qorning ko‘chish masofasi shamol tezligi, harorat, havo namligiyetishmovchiligi va zarralar o‘lchamiga bog‘liq. Qor bo‘roni zarralari butunlay bug‘lanib ketishidan oldin bosib o‘tishi mumkin bo‘lgan masofa yuzlab metrdan o‘nlab kilometrgacha o‘zgaradi (Rossiyaning Yevropa qismida 1,5—2 km, Antarktidada esa 10—20 km va undan ortiq).
  • Qor-shamol oqimida qor parchalari maydalanib va bir-biridan ajralib ketganda qorning bo‘ron paytidagi elektrlanishi yuz beradi. Qor bo‘ronidagi zarralarning massasiga nisbatan hisoblangan maksimal elektr zaryadlari 0,2 nKl/mg ga teng. Elektr maydon kuchlanganligiqor bo‘roni ta’sirida 6—10 kV/m yoki undan yuqoriga yetishi mumkin. Shu sababli qor bo‘ronlarida ko‘pincha elektr razryadlari va yorug‘lik effektlari kuzatiladi. Yirik gradiyentlar (elektr potensiali o‘zgarishlari) ayniqsa kuchli umumiy qor bo‘ronlarida, past harorat va quruq qor sharoitida yuzaga keladi. Natijada radioxalaqitlarpaydo bo‘ladi, havoning elektr izolatsiya xususiyatlari pasayadi va elektr teshilishi xavfi yuqori kuchlanishli qurilmalar hamda elektr uzatish liniyalarida ortadi.

Tezlanish va qor to‘planish zonalari

Qor bo‘roni ta’sir qiladigan hududlarda qorning ko‘chishi boshlanadigan joylarni aniqlash mumkin. Odatda, bular shamol yo‘lida joylashgan o‘rmonlar, jarliklar, daryo o‘zanlari va boshqa to‘siqlardir. Ulardan ma’lum masofada havo oqimida qor deyarli bo‘lmaydi. Bu — qor-shamol oqimi asta-sekin qor bilan to‘yinadigan bo‘ronning tezlanish zonasi. Tezlanish zonasining uzunligi relyefning notekisligi, mayda to‘siqlar mavjudligi, shamol tezligi, qor qoplamasining holati va bo‘ron davomiyligiga bog‘liq bo‘lib, bir necha metrdan bir necha kilometrgacha yetadi. Demak, bu zonada to‘yinmagan qor bo‘roni yuz beradi va u yo‘lidagi shamol uchira oladigan barcha qorni supurib ketadi. Bu yerda qor yuzasining, masalan, qor tizmalari (zastrugalar) va shamol hosil qilgan egatlarkabi mikrorelyef shakllari paydo bo‘ladi. Aynan shunday joylar qor bosmaydigan yo‘llarni qurish uchun qulaydir.

Qor-shamol oqimi tezlanish zonasidan chiqishi bilanoq, salgina imkon tug‘ilishi bilan qorni yotqiza boshlaydi. Bunga relyef notekisliklari, sirt g‘adir-budurligi, bo‘ron yo‘lidagi har qanday to‘siq va o‘simliklar, shuningdek shamol tezligining o‘zgarib turishi yordam beradi. Bu joylarda qor uyumlari va qor bosgan joylar hosil bo‘ladi.

Shu munosabat bilan qorni tartibga solish, ya’ni shamol ta’sirida qorning qayta taqsimlanishini sun’iy boshqarish muhim amaliy vazifadir. Bu, bir tomondan, yo‘llar va boshqa obyektlarni qor bosishidan himoya qilish, ikkinchi tomondan esa dalalarda qorni shamol uchirib ketishining oldini olish va qorni to‘plash orqali tuproqdagi suv zaxirasini ko‘paytirish hamda qishlovchi o‘simliklarni sovuqdan himoya qilish.

Pastki qor bo‘ronini umumiy qor bo‘ronidan qanday ajratish mumkin?

Kuchli shamol paytida qor kuzatuvchidan balandroqda uchayotgan bo‘lsa, pastki qor bo‘ronini umumiy qor bo‘ronidan ajratish qiyin bo‘lishi mumkin. Biroq ularni farqlashga yordam beradigan bir necha belgilar bor.

  • Umumiy qor bo‘roni ko‘pincha siklonli ob-havo sharoitida, pastki qor bo‘roni esa antisiklonli ob-havoda yuz beradi.
  • Umumiy qor bo‘ronida qor parchalari dastlabki shaklini saqlab qoladi, pastki qor bo‘ronida esa ularning mayda bo‘laklari uchadi.
  • Umumiy qor bo‘ronining jadalligi relyefga kam bog‘liq bo‘ladi, pastki qor bo‘ronida esa ko‘chiriladigan qor miqdorini yer yuzasining xususiyatlari belgilaydi.
  • Umumiy qor bo‘ronida qorning to‘planishi shamol tezligiga kam bog‘liq, pastki qor bo‘ronida esa shamolning o‘zgaruvchanligiga bog‘liq bo‘ladi.
  • Umumiy qor bo‘ronida bir xil, uncha katta bo‘lmagan zichlikdagiqorning qalin qatlamlari hosil bo‘ladi, pastki qor bo‘ronida esa qor notekis, turlicha, ba’zan juda yuqori zichlikda to‘planadi.
  • Umumiy qor bo‘roni yotqizgan qordagi zarralar o‘lchami 0,25—0,35 mm, pastki qor bo‘ronida esa 0,1—0,2 mm bo‘ladi.

Xalq orasidagi nomlari

Kundalik nutq va badiiy adabiyotda qor bo‘ronining quyidagi turli nomlari uchraydi: qorli bo‘ron, vyuga (вьюга) (odatda pastki turdagi kuchli qor bo‘roni), metelitsa (метелица), metuxa (метуха), zametel (заметель), buran (буран) (past haroratda dashtlarda yuz beradigan kuchli umumiy qor bo‘roni), burga (бурга) (evenk tilida), veya (вея), veyalitsa (веялица), vorogusha (ворогуша) (dovul bilan birga keladigan qor bo‘roni), golomyano (голомяно) (qor bo‘roni, qishki noqulay ob-havo), deruga (деруга), derunya (дерунья), zavert (заверть), zaviva (завива), zaveruxa (заверуха), zavituxa (завитуха), zavoloka (заволока) (kuchli qor bo‘roni), zavoroxa (завороха), kicha (кича), kruten (крутень), krutelitsa (крутелица), kuga (куга), kura (кура) (yer bag‘irlab qor uchishi yoki qor bo‘roni), kurga (курга), kureva (курева), kurevuxa (куревуха), kuren (курень), kurta (курта), kuterga (кутерга), kuterma (кутерьма), kutelga (кутельга), kutelma (кутельма), kutelba (кутельба), kutyoxa (кутёха), kutiga (кутига), kutilovka (кутиловка), kutixa (кутиха), kutnya (кутня), purga (пурга), purdega (пурдега), puterga (путерьга), ryam (рям), sipuga (сипуга) (sanchiluvchi qor bilan birga esadigan keskin shamol), sudra (судра), furta (фурта), fortuna (фортуна), xvilyuga (хвилюга), xivus (хивус), chapqin (чапкын), chiger (чигер), chistyak (чистяк) (pastki qor bo‘roni), chicher (чичер) (ho‘l qor bilan birga esadigan keskin shamol).

Yer bag‘irlab qor uchishi ba’zan quyidagicha ham ataladi: volokusha (волокуша), zamet (заметь), kurexa (куреха), pozyomitsa (позёмица), pozem (поземь), ponizovka (понизовка), ponosuxa (поносуха), popolzuxa (поползуха), sipuga (сипуга), sipuxa (сипуха), tashchixa (тащиха), tyagusha (тягуша).

Ilmiy adabiyotlarda bu atamalar qo‘llanmaydi.

Adabiyotlar

  • Glatsiologiya lug‘ati / V. M. Kotlyakov tahriri ostida. — L.: Gidrometeoizdat, 1984. — 527 bet.
  • Dyunin A. K. Qorning bug‘lanishi. — Novosibirsk: SSSR Fanlar akademiyasining Sibir bo‘limi nashriyoti, 1961. — 119 bet.
  • Dyunin A. K. Qor bo‘ronlari mexanikasi. — Novosibirsk: SSSR Fanlar akademiyasining Sibir bo‘limi nashriyoti, 1963. — 378 bet.