| Natriy gidrokarbonat | |
|---|---|
| | |
| | |
| Umumiy ma’lumotlar | |
| Sistematik nomi |
natriy gidrokarbonat |
| An’anaviy nomlari | oziq-ovqat (ichimlik) sodasi, natriy bikarbonat |
| Kimyoviy formulasi | NaHCO3 |
| Ratsional formulasi | NaHCO3 |
| Fizik xossalari | |
| Agregat holati | qattiq |
| Molyar massasi | 84,0066 g/mol |
| Zichligi | 2,159 g/sm³ |
| Termik xossalari | |
| Harorat | |
| • parchalanish | 60—200 °C |
| Entalpiya | |
| • hosil bo‘lish | -947,7 kJ/mol |
| Kimyoviy xossalari | |
| Eruvchanlik | |
| • suvda | 9,59 g/100 ml |
| Tasnifi | |
| Ro‘yxatga olish raqami CAS | 144-55-8 |
| PubChem | 516892 |
| Ro‘yxatga olish raqami EINECS | 205-633-8 |
| SMILES | |
| InChI | |
| Kodeks Alimentarius | E500(ii) |
| RTECS | VZ0950000 |
| ChEBI | 32139 |
| ChemSpider | 8609 |
| Xavfsizligi | |
| LD50 | 4220 mg/kg |
| Xavf xususiyatlarining qisqacha tavsifi (H) |
H319 |
| Ehtiyot choralari (P) |
P305+P351+P338 |
| Ogohlantiruvchi signal so‘zi | Ehtiyot bo‘ling |
| GHS piktogrammalari |
|
| NFPA 704 | |
| Ma’lumotlar standart sharoitlar (25 °C, 100 kPa) uchun keltirilgan, agar boshqacha ko‘rsatilmagan bo‘lsa. | |
Natriy gidrokarbonat (lot. Natrii hydrocarbonas), boshqa nomlari: natriy bikarbonat, ichimlik yoki oziq-ovqat sodasi, natriy bikarbonat — noorganik modda, natriyning nordon tuzi (karbonat kislotaning tuzi) bo‘lib, kimyoviy formulasi NaHCO3.
Odatdagi holatda oq rangli mayda kristalli kukun hisoblanadi.
Sanoatda va oziq-ovqat sanoatida, tibbiyotda esa konsentrlangan kislotalar tufayli teri hamda shilliq pardalarda yuzaga kelgan kimyoviy kuyishlarni neytrallash va me’da shirasining kislotaliligini kamaytirish uchun ishlatiladi. Shuningdek, bufer eritmalarda ham qo‘llanadi.
Kimyoviy xossalari
Natriy gidrokarbonat — karbonat kislotaning natriyli nordon tuzi. U kuchli asos va kuchsiz kislotadan hosil bo‘lgan tuzga xos barcha xususiyatlarni namoyon qiladi. Suvli eritmalarda kuchsiz ishqoriy muhit hosil qiladi. Suvli eritmadagi konsentratsiya keng oraliqda o‘zgarganda ham pH ko‘rsatkichi uncha o‘zgarmaydi. Moddaning eritmasidan bufer eritma sifatida foydalanish aynan shu xususiyatga asoslangan.
Ion almashinish reaksiyalariga kirishadi, shu sababli ayrim karbonatlarni olishda ishlatiladi. Masalan, marganes(II) tuzlari bilan reaksiyada natriy gidrokarbonat marganes(II) karbonatining MnCO3 (asosli tuz aralashmasisiz) cho‘kmasini hosil qiladi. Bu jihatdan u natriy karbonatnikidan farq qiladi:
Kislotalar bilan reaksiyasi
Natriy gidrokarbonat kislotalar bilan reaksiyaga kirishib, tegishli kislotaga mos tuz (masalan, xlorid kislota bilan — natriy xlorid, sulfat kislota bilan — natriy sulfat) va karbonat kislota hosil qiladi. Reaksiya jarayonida karbonat kislota karbonat angidrid va suvga parchalanadi; karbonat angidrid esa pufakchalar ko‘rinishida ajraladi:
Kundalik turmushda ba’zan sodani sirka kislotasi bilan reaksiyaga kiritib, natriy asetat hosil qilish yoki limon kislotasi bilan reaksiyaga kiritib, natriy sitrat hosil qilish usuli qo‘llanadi. Sirka kislotasi bilan reaksiya:
Termik parchalanish
60 °C dan yuqori haroratda natriy gidrokarbonat natriy karbonat, karbonat angidrid va suvga parchalanishni boshlaydi (parchalanish jarayoni 200 °C da eng samarali kechadi:
Bu jarayonda karbonat angidrid va suv (suv bug‘i ko‘rinishida) ajralishi tufayli boshlang‘ich moddaning massasi 36,917 % ga kamayadi.
Olinishi
Sanoatda natriy gidrokarbonat ammiak-xlorid usulida olinadi. Natriy xloridning ammiak bilan to‘yintirilgan konsentrlangan eritmasi orqali bosim ostida karbonat angidrid o‘tkaziladi. Sintez jarayonida ikkita reaksiya sodir bo‘ladi:
Natriy gidrokarbonat sovuq suvda kam eriydi, shu bois uni sovitilgan eritmadan filtrlash orqali ajratib olishadi. Filtrlashdan keyin qolgan ammoniy xlorid eritmasidan ammiak yana ajratib olinib, ishlab chiqarish jarayoniga qaytariladi:
Qo‘llanilishi
Natriy gidrokarbonat (bikarbonat) kimyo, oziq-ovqat, yengil, tibbiyot va farmatsevtika sanoatida, rangli metallurgiyada hamda kundalik turmushda ishlatiladi. U oziq-ovqat qo‘shimchasi E500 (ii) sifatida ro‘yxatga olingan hamda E500 qo‘shimchasi tarkibiga kiradi.
Kimyo sanoatida
Bo‘yoqlar, ko‘pik plastmassalar va boshqa organik mahsulotlar, ftororganik birikmalar, maishiy kimyo mahsulotlari hamda o‘t o‘chirgichlar uchun to‘ldirgichlar ishlab chiqarishda qo‘llanadi. Shuningdek, gaz aralashmalaridan, masalan, yoqilg‘i yoqish qurilmalaridan chiqadigan gazlardan karbonat angidrid va vodorod sulfidni ajratib olish uchun reagent sifatida ishlatiladi. Bu jarayonda yuqori bosim va past haroratda karbonat angidrid natriy gidrokarbonat eritmasiga yutiladi, keyin esa eritma isitilib, bosim pasaytirilganda yutilgan karbonat angidrid ajralib chiqadi;
Yengil sanoatda
Poyabzal tagliklari uchun rezina va sun’iy charmlar ishlab chiqarishda, terini qayta ishlash sanoatida oshlash jarayonida va kislotali oshlashdan keyin terini neytrallashda, shuningdek, to‘qimachilik sanoatida ipak hamda paxta matolariga yakuniy ishlov berishda qo‘llanadi;
Oziq-ovqat sanoatida
Qandolat va non mahsulotlarini, shuningdek, gazlangan ichimliklarni tayyorlashda qo‘llanadi.
Oshpazlikda

Oziq-ovqat sodasining oziq-ovqat sanoati va kundalik turmushdagi asosiy qo‘llanish sohasi — oshpazlik bo‘lib, u asosan asosiy yoki qo‘shimcha ko‘pchituvchi vosita sifatida nordon hamda achitilmagan xamir tayyorlashda ishlatiladi. Soda nordon xamirga qo‘shilganda sut kislotasi bilan reaksiyaga kirishadi. Bu kislota xamir achitilayotganda xamirturushli mikroorganizmlar tomonidan hosil qilinadi. Reaksiyada xamirni ko‘pchitadigan karbonat angidrid ajraladi.
Soda achitilmagan xamirga qo‘shilganda pishirish vaqtida karbonat angidrid ajraladi, chunki bunda termik parchalanish yuz beradi.
Sodadan sof holda foydalanilganda uning miqdorini to‘g‘ri belgilash muhim, chunki u mahsulot tarkibida natriy karbonat qoldiradi va bu o‘ziga xos ta’m beradi. Xamir qorishda sodani unga, kislotali tarkibiy qismlarni (sirka, kefir va boshqalar) esa suyuqlikka qo‘shish kerak.
Tibbiyotda
Og‘iz orqali qabul qilish
U antatsid vosita sifatida qo‘llanadi. Og‘iz orqali qabul qilinganda me’da shirasining kislotaliligini kamaytiradi va me’da yarasini hamda o‘n ikki barmoqli ichak yarasini davolashda ishlatiladi. Biroq buning natijasida kislota qaytishi (rebound) ro‘y berishi mumkin. Chunki soda xlorid kislota bilan reaksiyaga kirishganda CO2 ajralib chiqadi. U me’da devorini ta’sirlantirib, gastrin ajralishini kuchaytiradi.
An’anaga ko‘ra, ichimlik sodasi eritmasidan tish og‘rig‘ida tish va milklarni, og‘iz bo‘shlig‘i hamda tomoqni dezinfeksiya qilish uchun, shuningdek, kuchli yo‘tal, angina, faringit holatlarida foydalaniladi. Shuningdek, rinit, konyunktivit, stomatit, laringit va shu kabi holatlarda chayish, yuvish hamda ingalyatsiya qilish uchun 0,5 — 2 % li eritmalardan foydalaniladi.
Ingalyatsiya yo‘li bilan qo‘llash
Eritma nebulayzer yordamida nafas yo‘llariga yuboriladi. U traxeya va bronxlar shilliq qavati sekretsiyasini kuchaytirib, balg‘am miqdorini oshiradi va uning yopishqoqligini kamaytiradi. Balg‘am ajralishini rag‘batlantirib, uni bakteriologik tekshirish maqsadida ftiziatriyada qo‘llash mumkin. Sodaning havodagi mayda chang zarralarini nafasga olish ikkilamchi infeksiya rivojlanish xavfini kamaytiradi (tuz g‘ori ta’siri).[manba 407 kundan beri ko‘rsatilmagan]
Vena ichiga infuziya
Tezkor ravishda metabolik atsidozni tuzatish uchun reanimatsiya tadbirlari davomida tanlanadigan preparat. Shuningdek, antiaritmik vosita sifatida quyidagi moddalardan zaharlanishda qo‘llanadi, chunki ular QT intervalini uzaytiradi: trisiklik antidepressantlar, kokain, neyroleptiklar. Ayrim fiziologik eritmalar tarkibiga kiradi.
Qo‘llash mumkin bo‘lmagan holatlar
Vena ichiga yuborilganda pH ni tez ko‘taradi hamda qon plazmasidagi kaliy va kalsiy miqdorini kamaytiradi. Shuning uchun quyidagi holatlarda qo‘llash mumkin emas:
- Dastlabki pH yuqori bo‘lganda — metabolik alkalozda, masalan, gipoxloremiya — qondagi Cl- ionlari konsentratsiyasining pasayishi, jumladan, qusish yoki me’da-ichak yo‘lida so‘rilishning kamayishi oqibatida yuzaga kelganda;
- Respirator atsidozda — chunki ajralayotgan CO2 bu holatni kuchaytiradi;
- Gipokalsemiyada — chunki tetanik tirishishlarni qo‘zg‘atishi mumkin.
Natriy manbai bo‘lib, plazmaning osmolalligini oshiradi va shu orqali aylanib yuruvchi qon hajmini ko‘paytiradi. Natriyning organizmda ushlanib qolishi shishlarni kuchaytiradi hamda arterial bosimni oshiradi. Shuning uchun arterial gipertenziyada, mineralokortikoidlar bilan birga qo‘llanganda yoki natriy miqdori kam parhezda undan foydalanish cheklanishi kerak. Kalavachalar filtratsiyasi tezligi pasayganida qo‘llash metabolik alkalozga olib kelishi mumkin.
Muqobil tibbiyotda
Ayrim muqobil tibbiyot amaliyotlarida ichimlik sodasi ba’zan «saraton dorisi» sifatida taqdim etiladi, biroq bunday «davolash»ning samaradorligi tajribalar bilan tasdiqlanmagan.
Yong‘inni o‘chirish
Natriy gidrokarbonat ammoniy karbonat bilan birga quruq kukunli o‘t o‘chirgichlar va statsionar quruq yong‘in o‘chirish tizimlarida to‘ldiruvchi modda sifatida ishlatiladi. Chunki yong‘in o‘chog‘idagi yuqori harorat ta’sirida modda karbonat angidrid ajratadi. U esa havodagi kislorodning yonish o‘chog‘iga kirishini qiyinlashtiradi.
Kundalik turmushda
Oziq-ovqat sodasining quruq kukuni nam latta bilan ishlatilganda, ovqatlanish va oshxona idishlari yuzalarini, oshxona stollarini hamda oziq-ovqat bilan aloqa qiladigan boshqa yuzalarni tozalash uchun sog‘liq uchun xavfsiz vosita sifatida qo‘llanadi.
Transportda
Ichimlik sodasining to‘yingan suvli eritmasi yordamida qo‘rg‘oshin-kislotali akkumulyatorlarning plastik korpuslari yuzasidagi elektrolit — sulfat kislota izlari neytrallanadi.
Saqlanishi
Natriy gidrokarbonat yopiq qadoqlarda, quruq joyda, olov manbalaridan uzoqda saqlanadi. Natriy bikarbonat uchun kafolatlangan saqlash muddati ishlab chiqarilgan kundan boshlab 12 oy. Yaroqlilik muddati cheklanmagan.
Xavfsizligi
Modda kam zaharli, LD50 4220 mg/kg (kalamushlar, og‘iz orqali yuborilganda).
Yong‘in va portlash xavfi yo‘q.
Sho‘rtang, sovunga o‘xshash ta’mga ega. Modda changi ko‘z va burun shilliq pardalariga tushsa, yengil ta’sirlanish chaqiradi. Natriy bikarbonat changi bilan ifloslangan havoda tez-tez ishlaganda yuqori nafas yo‘llari ta’sirlanishi mumkin. Ishlab chiqarish xonalari havosida natriy gidrokarbonat changining ruxsat etilgan eng yuqori konsentratsiyasi 5 mg/m3.
Adabiyotlar
- ГОСТ 2156-76. Natriy bikarbonat. Texnik shartlar (1, 2, 3, 4-sonli o‘zgartirishlar bilan).
- ГОСТ 32802-2014. Oziq-ovqat qo‘shimchalari. Natriy karbonatlari E500. Umumiy texnik shartlar.
