Missuri daryosi haqida

Missuri
ingl. Missouri
Tavsifi
Uzunligi 3767 km
Havzasi 1 371 010 km²
Suv sarfi 2478 m3/s (Hermann)
Suv oqimi
Boshlanish joyi daryolarning qo‘shilishi: Jefferson va Madison
 • Koordinatalari 45°55′39″ sh. k. 111°30′29″ g‘. u.HGYaO
Quyilish joyi Missisipi
 • Joylashuvi Spanish-Leyk[ingl.]
 • Koordinatalari 38°48′49″ sh. k. 90°07′11″ g‘. u.HGYaO
Joylashuvi
Suv tizimi Missisipi  → Atlantika okeani

Mamlakat
Hududlar Montana, Shimoliy Dakota, Janubiy Dakota, Nebraska, Ayova, Kanzas, Missuri
Миссури (река) (США)
Голубая точка
Синяя точка — устье
Голубая точка — boshlanish joyi, Синяя точка — quyilish joyi
Логотип Викисклада Vikimedia omboridagi mediafayllar

Missuri (ingl. Missouri, Xalqaro fonetik alifbo: [mɨˈzɝi]) — AQSHdagi daryo. U Missisipining uzunligi bo‘yicha eng katta, suv sarfi bo‘yicha esa ikkinchi irmog‘idir. Asosiy daryo — Missisipi.

Daryoning uzunligi 3767 km (Missuri Missisipidan atigi 3 km qisqa bo‘lib, dunyoda Irtish dan ( Rossiya) keyin ikkinchi eng uzun irmoq hisoblanadi). Uning manbai Qoyali tog‘larda joylashgan; daryo asosan sharq va janubi-sharq tomon oqadi. Missisipiga Sent-Luisshahri yaqinida quyiladi. Havzasining maydoni 1 300 000 km² dan ortiq bo‘lib, AQSHning o‘nta shtati va Kanadaning ikki provinsiyasi hududlarining bir qismini qamrab oladi.

Missuri vodiysida dastlabki odamlar 12 ming yildan ko‘proq vaqt avval paydo bo‘lgan. Daryo sohillarida hindularning 10 dan ortiq turli qabilasi yashagan. XIX asrda daryo ko‘chmanchilarning g‘arbga siljishi va AQSH hududining kengayishida muhim yo‘lga aylangan. XX asrning birinchi yarmida daryoda ko‘plab to‘g‘onlar va boshqa sug‘orish inshootlari qurilgan. Missurida 1830-yillardan jadal rivojlangan, 1850-yillarning oxirida eng yuqori darajaga yetgan kemachilik hozir tanazzulga yuz tutgan.

Oqimi

Gallatin — Missurining yuqori oqimidagi daryolardan biri
Jeyms — Missurining chap irmog‘i

Missuri Qoyali tog‘lar ning janubi-sharqida, Montana hududida ikki daryo — Jefferson va Madisonqo‘shilishidan hosil bo‘ladi. Uning eng uzoqdagi boshlanish tarmog‘i dengiz sathidan 2750 m balandlikda, Jefferson tog‘ining g‘arbiy yonbag‘ridagi Brauer jilg‘asidan boshlanadi. Dastlab g‘arbga, keyin shimolga oqib, jilg‘a Hell-Riarin-Krikka, u esa o‘z navbatida Red-Rok daryosiga quyiladi. Shimoli-sharqqa burilgan Red-Rok Biverhed daryosiga quyiladi, u esa Jefferson daryosini hosil qiladi. Fayrxol daryosi Yellouston milliy bog‘idagi Madison ko‘lidan boshlanadi va Gibbon daryosi bilan qo‘shilib, Madison daryosini hosil qiladi. Missurining yana bir boshlanish tarmog‘i — Gallatin ham milliy bog‘ hududidagi shu nomli ko‘ldan boshlanadi. So‘nggi ikki daryo Vayomingda boshlanib, asosan shimol va shimoli-g‘arb tomon Montana hududiga oqadi.

Rasmiy ravishda Missuri Jefferson va Madison daryolari qo‘shiladigan joyda, Tri-Forks (Montana) shaharchasi yaqinidagi Missuri daryosi boshlanish joyi shtat bog‘ida boshlanadi. Gallatin daryosi undan atigi 1,6 km quyi oqimda quyiladi. Keyin Missuri Kanyon-Ferri suv omboridan, Qoyali tog‘larning Katta Belbog‘ deb ataladigan qismidan g‘arbda oqadi. Kaskeyd okrugidagi shu nomli shaharcha yaqinida tog‘lardan tushib, daryo shimoli-sharq tomon Greyt-Folsshahrigacha oqadi va u yerda bir qator sharsharalar hosil qiladi. So‘ng Missuri Missuri daralari deb ataladigan manzarali kanyonlar hududidan sharqqa oqadi. Bu yerda unga chapdan Marayasdaryosi quyiladi, shundan keyin Missuri Fort-Pek suv omboriga aylanib kengayadi. Suv ombori Masselshelldaryosi quyiladigan joydan bir necha kilometr yuqorida joylashgan. Suv omboridan sal quyida Missuriga shimoldan yirik irmoq — Milk.

Sharqiy Montananing tekisliklari bo‘ylab sharqqa oqarkan, Missuri Shimoliy Dakota chegarasini kesib o‘tish joyi yaqinida shimoldan quyiladigan Poplar irmog‘ini qabul qiladi. So‘ng janubi-g‘arbdan oqib keladigan eng sersuv irmog‘i — Yellouston daryosi bilan tutashadi. Ikki daryo qo‘shiladigan joyda Missurining suv sarfiYelloustonga qaraganda aslida kamroq. Keyin daryo burilishlar hosil qilib, Uilliston shahri yonidan sharqqa oqadi va Garrison to‘g‘oni barpo etgan Sakakavi suv omborini hosil qiladi. To‘g‘ondan quyida Missuri g‘arbdan keladigan Nayfirmog‘ini qabul qilib, so‘ng Shimoliy Dakota poytaxti — Bismarkshahri tomon janubga oqadi. Bu yerda unga g‘arbdan Xart daryosi quyiladi. Keyin Kannombol irmog‘idan sal quyiroqda Oaxe suv ombori joylashgan. Oaxe to‘g‘onidan quyida Missuri janubga oqishda davom etib, Grand, Moro va Shayennkabi g‘arbiy irmoqlarni Janubiy Dakota hududida qabul qiladi.

Missuri Buyuk tekisliklarga chiqqach janubi-sharqqa buriladi; bu yerda g‘arbdan yirik Niobrara irmog‘i hamda ko‘plab mayda irmoqlar quyiladi. So‘ng daryo sharqqa oqib, Janubiy Dakota va Nebraskashtatlari o‘rtasidagi chegarani hosil qiladi. Keyin shimoldan keladigan yirik Jeymsirmog‘ini qabul qilib, janubi-sharqqa buriladi va endi Nebraska bilan Ayova chegarasi bo‘ylab oqadi. Jeyms quyiladigan joydan sal quyida unga shimoldan yana bir yirik irmoq — Big-Suquyiladi. Omaxa shahri yaqinida Missuriga g‘arbdan uning eng uzun irmog‘i — Plattdaryosi quyiladi. Quyi oqimda daryo Nebraska va Missuri shtatlari, so‘ng Kanzas va Missuri shtatlari chegarasining qisqa qismlarini tashkil etadi. Missuriga Kanzasdaryosi quyiladigan Kanzas-Siti shahridan quyida u Missuri shtatining markaziy qismidan oqib o‘tadi va Oseyjirmog‘ini qabul qiladi. Bu irmoq Jefferson-SitiMissuri Missisipiga Sent-Luisdan shimolda, Illinoys shtati chegarasida quyiladi.

Missuri havzasi

Missuri daryosi havzasi xaritasi
Denver — Missuri havzasidagi eng yirik shahar
Missuri daryosi Su-Sitishahrida, Ayova

Havzasining maydoni taxminan 1 371 000 km²bo‘lgan Missuri havzasi AQSH hududining qariyb oltidan bir qismini yoki butun Shimoliy Amerika maydonining taxminan 5 % ini egallaydi. Maydoni Kanada provinsiyasi Kvebekga tenglashadigan havza Buyuk tekisliklarning deyarli butun markaziy qismini qamrab oladi: g‘arbda Qoyali tog‘lardan sharqda Missisipi vodiysigacha, shimolda Kanada chegarasidan janubda Arkanzas daryosi havzasi bilan suvayirg‘ichgacha cho‘zilgan. Ikki daryo qo‘shiladigan joydan yuqoridagi Missisipi bilan solishtirganda, Missuri deyarli ikki baravar uzun va havzasi deyarli uch baravar katta. Missisipi yillik oqimining 45 % i Missuri hissasiga to‘g‘ri keladi, ayrim qurg‘oqchil yillarda esa bu ulush 70 % ga yetadi.

1990-yil ma’lumotlariga ko‘ra, Missuri havzasida qariyb 12 mln kishi yashagan. U AQSHning Nebraska shtatini to‘liq, shuningdek Kolorado, Ayova, Kanzas, Minnesota, Missuri, Montana, Shimoliy Dakota, Janubiy Dakota va Vayoming shtatlarining katta qismini hamda Kanadaning Alberta va Saskachevanprovinsiyalarining kichik qismini qamrab oladi. Havzadagi eng katta shahar — Denver (Kolorado shtati) bo‘lib, aholisi 600 ming kishidan oshadi va 4 mln kishidan ortiq aholi yashaydigan yirik aglomeratsiyani hosil qiladi (2005-yil ma’lumotlari). Boshqa katta shaharlar asosan Missuri havzasining janubi-sharqida joylashgan: Omaxa (Nebraska), Kanzas-Siti (Missuri), Kanzas-Siti (Kanzas) va Sent-Luis (Missuri). Havzaning shimoli-g‘arbiy qismi esa ancha siyrak aholi yashaydigan hududdir. Shunga qaramay, aynan shu yerda havzadagi eng tez rivojlanayotgan shaharlar, masalan, Billings (Montana) joylashgan.

Haydaladigan yerlar maydoni 440 000 km² dan ortiq bo‘lgan Missuri havzasi mamlakatdagi barcha qishloq xo‘jaligi yerlarining qariyb chorak qismini qamrab oladi. Bu yerda AQSHdagi bug‘doy, suli, arpa va zig‘ir hosilining uchdan bir qismidan ko‘prog‘i yetishtiriladi. Shu bilan birga, havzadagi jami qishloq xo‘jaligi yerlarining atigi 28 000 km² qismi sug‘oriladi. Yana 730 000 km² maydonni asosan qoramol boqishga mo‘ljallangan yaylovlaregallaydi. O‘rmonlar taxminan 113 000 km² maydonni egallaydi. Aholi punktlari maydoni 34 000 km²dan kam bo‘lib, ularning ko‘pchiligi Missuri va Platt hamda Yellouston kabi bir necha yirik irmoqlar bo‘yida joylashgan.

Missuri havzasining dengiz sathidan balandligi quyilish joyidagi taxminan 120 m dan Koloradoning markazidagi Greys cho‘qqisining 4352 m balandligigacha o‘zgaradi.[manba ko‘rsatilmaganiga 2275 kun bo‘lgan]

Havzaning iqlimi turlicha, ammo umuman olganda yozi iliq va nam, qishi sovuq hamda ancha qattiq bo‘lgan kontinental iqlimga mansub. Havzaning katta qismida yiliga 200–250 mm yog‘in yog‘adi. Qoyali tog‘lardagi eng g‘arbiy qismda va Missuri shtatining janubi-sharqiy hududlarida esa yog‘in 1000 mm gacha yetadi. Yog‘inning asosiy qismi qishda tushadi, biroq havzaning g‘arbida qisqa, ammo kuchli yozgi momaqaldiroqlar davri ham kuzatiladi. Qishda Montana, Vayoming va Koloradoda harorat −51 °C gacha pasayishi mumkin, yozda esa Kanzas va Missurida 49 °C ga yetadi.[manba ko‘rsatilmaganiga 2275 kun bo‘lgan]

Missuri havzasi AQSH va Kanadadagi ko‘plab boshqa suv yig‘ish havzalari bilan chegaradosh. Amerika kontinental suvayirg‘ichiQoyali tog‘larning asosiy tizmasidan o‘tib, havzaning g‘arbiy chegarasining katta qismini ham hosil qiladi. Vayomingdagi Uind-River tizmasi atrofida uchta daryo — Missuri, Kolumbiya va Kolorado havzalari tutashadi. Vayomingning g‘arbida, Missuri va Grin-River (Koloradoning irmog‘i) havzalari orasida tashqi oqimi bo‘lmagan anchagina katta hudud mavjud. Bu hudud suvlari kontinental suvayirg‘ichning hech bir tomoniga oqib chiqmasa-da, ba’zan Missuri havzasiga kiritiladi. Missuri havzasining shimoliy chegarasini Gudzon qo‘ltig‘i ga — Shimoliy Muz okeanigaquyiladigan daryolardan ajratib turuvchi shimoliy suvayirg‘ich hosil qiladi. Missuri bilan Nelson daryosi havzalari orasida Kanada provinsiyalari Alberta va Saskachevanning janubida joylashgan bir necha yirik berk havza bor. Sharqiy chegara Minnesota va De-Moyn daryolari (yuqori Missisipi irmoqlari) havzalari bilan tutashadi. Janubiy chegara Ozark platosi va Uayt-River hamda Arkanzas — Missisipining boshqa irmoqlari — havzalarini ajratuvchi ayrim hududlar bo‘ylab o‘tadi.

Asosiy irmoqlari

Missuriga 95 dan ortiq yirik va bir necha yuzta mayda irmoq quyiladi. Ularning aksariyati Buyuk tekisliklar nishabligiga mos ravishda g‘arbdan sharqqa oqadi, biroq Jeyms va Big-Su kabi ayrim chap irmoqlar shimoldan janubga yo‘nalgan. Suv oqimi hajmi bo‘yicha eng yirik irmoqlar Yellouston, Platt, Kanzas va Oseyjdir. Bu daryolarning har biri 26 000 km² dan ortiq havzadan suv yig‘adi va o‘rtacha suv sarfi 140 m3/s dan yuqori. Platt Missurining eng uzun irmog‘i hamda havzasi eng katta bo‘lgan daryo bo‘lsa-da, suv sarfi bo‘yicha eng yirik irmoq Yellouston bo‘lib, uning o‘rtacha suv sarfi taxminan 390 m3/s — bu Platt daryosinikidan qariyb 2 baravar ko‘p.

Suv sarfi

2011-yilda Missuridagi toshqin paytida Fort-Kalxun atom elektr stansiyasi

Missuri AQSH daryolari orasida suv sarfi bo‘yicha Missisipi, Avliyo Lavrentiy, Ogayo, Kolumbiya, Niagara, Yukon, Detroyt va Sent-Kler daryolaridan keyin to‘qqizinchi o‘rinda turadi (oxirgi 2 daryo aslida Guron va Eri ko‘llari o‘rtasidagi bo‘g‘ozning bir qismidir). Shimoliy Amerikaning barcha daryolari orasida Missuri suv sarfi bo‘yicha o‘n uchinchi o‘rinda turadi. Undan yuqorida Missisipi, Makkenzi, Avliyo Lavrentiy, Ogayo, Kolumbiya, Niagara, Detroyt, Sent-Kler, Freyzer, Sleyv va Koksoak.

Missuri asosan chala qurg‘oqchil hududlardan oqib o‘tadi. Bu uning suv sarfi Shimoliy Amerikadagi o‘zidan qisqaroq bo‘lgan ayrim boshqa daryolarnikidan ancha kamligi va kuchli o‘zgaruvchanligini ko‘p jihatdan izohlaydi. To‘g‘onlar qurilishidan oldin Missuri yiliga ikki marta toshardi: aprel oyida tekisliklardagi qor eriganda va iyun oyida Qoyali tog‘larda qor erishi hamda yozgi jala yomg‘irlari vaqtida. Iyun oyidagi bahorgi-yozgi to‘lin suv davri ancha vayronkor bo‘lgan; ayrim yillarda suv sarfi me’yordan 10 baravar yoki undan ham ko‘proq oshgan. Missurining suv sarfiga 17 mingdan ortiq suv ombori ta’sir ko‘rsatadi; ularning jami sig‘imi taxminan 173,9 km3. Suv omborlari orqali toshqinlar boshqariladi. Suv omborlari yuzasidan kuchli bug‘lanish ham suv sarfiga ta’sir qilib, yiliga 3,8 km3 dan ortiq suv yo‘qotilishiga sabab bo‘ladi; bu faqat bevosita Missuridagi suv omborlariga tegishli.

AQSH Geologiya xizmati Missuri bo‘ylab 51 ta gidrologik kuzatuv postiga ega. Bismark shahri yonida (quyilish joyidan 2115,5 km uzoqlikda) o‘rtacha suv sarfi 621 m3/s, suv yig‘ish havzasi maydoni esa 483 000 km² ni tashkil etadi (Missuri havzasining 35 % i). Kanzas-Siti shahri yaqinida (quyilish joyidan 589,2 km uzoqlikda) o‘rtacha suv sarfi 1570 m3/s, suv yig‘ish havzasi maydoni 1 254 000 km² ga teng (butun Missuri havzasining qariyb 91 % i). Eng quyi gidrologik post Missuri shtatining Hermann shahri yaqinida (quyilish joyidan 157,6 km uzoqlikda) joylashgan. Bu yerda 1897–2010-yillar davomida o‘rtacha suv sarfi 2478 m3/s, suv yig‘ish havzasi maydoni esa 1 353 000 km² bo‘lgan (Missuri havzasining 98,7 % i). Ushbu postda eng yuqori o‘rtacha suv sarfi 1993-yilda qayd etilgan va 5150 m3/s ni tashkil qilgan; eng past ko‘rsatkich esa 2006-yilda kuzatilib, atigi 1181 m3/s bo‘lgan. Ekstremal ko‘rsatkichlar bundan ham keskin farq qiladi. Masalan, 31-iyul 1993-yilgi toshqin paytida suv sarfi 21 000 m3/s ga yetgan, 23-dekabr 1963-yildagi muz tiqilishi vaqtida esa atigi 17 m3/s bo‘lgan.

Geologiyasi

Missuri va Missisipi daryolarining qo‘shilishi

Montananing janubi-g‘arbida, Missurining yuqori oqimidagi Qoyali tog‘lar Laramid orogenezi — 70–45 mln yil avval ( bo‘r davri ning oxiri — paleogenning boshida) sodir bo‘lgan tog‘ hosil bo‘lish jarayonida ko‘tarilgan. Ushbu tog‘ hosil bo‘lish jarayoni Niobrara dengizining g‘arbiy sohili bo‘ylab bo‘r davri jinslarini ko‘targan. Niobrara Shimoliy Muz okeanidan Meksika qo‘ltig‘igacha cho‘zilgan sayoz ichki dengiz bo‘lib, unda hozir Missuri havzasining katta qismi tagida yotgan cho‘kindilar to‘plangan. Laramid ko‘tarilishi dengizning chekinishiga sabab bo‘lib, Qoyali tog‘lar va Appalachi tog‘laridan oqib tushuvchi, zamonaviy Missisipi havzasining ajdodi hisoblangan keng daryo tizimiga zamin yaratgan. Bu tog‘ hosil bo‘lish jarayoni Missuri gidrologiyasi uchun juda muhim, chunki Qoyali tog‘lardagi eruvchi qor va muzlar daryoning to‘yinishida katta rol o‘ynaydi.

Missuri va uning ko‘plab irmoqlari Buyuk tekisliklarni kesib o‘tib, Ogallala guruhi jinslari hamda o‘rta kaynozoyning qadimgiroq cho‘kindi jinslari ustidan yoki ichiga o‘yilib oqadi. Kaynozoydagi eng quyi yirik qatlam (Uayt-River formatsiyasi) taxminan 35–29 mln yil avval to‘plangan; u argillitlar, qumtoshlar, ohaktoshlar va konglomeratlardan tashkil topgan. Arikari daryo guruhining o‘zan qumtoshlari va maydaroq cho‘kindilari taxminan 29–19 mln yil avval yotqizilgan. miotsen davriga mansub Ogallala hamda undan yoshroq pliotsen davridagi Brod-Uoter formatsiyasi Arikari guruhi ustida joylashgan. Ular relyef jadal shakllangan davrda Qoyali tog‘lardan yuvilib kelgan eroziya mahsulotlaridan hosil bo‘lgan. Bu formatsiyalar Qoyali tog‘lardan deyarli Ayova chegarasigacha cho‘zilib, Buyuk tekisliklarning sharqqa tomon sekin, ammo uzluksiz pasayib borishini belgilaydi hamda asosiy suvli qatlamni hosil qiladi.

Bevosita to‘rtlamchi davr muzlanishi dan avval Missuri, ehtimol, 3 qismga bo‘lingan: shimoli-sharqqa oqib Gudzon qo‘ltig‘iga quyiladigan yuqori qism hamda sharqqa oqadigan o‘rta va quyi qismlar. Illinoys (o‘rta to‘rtlamchi davr) muzlanishi davrida Missuri oqim yo‘nalishini janubi-sharqqa, hozirgi Missisipiga quyiladigan joygacha o‘zgartirishga majbur bo‘lgan. Muzlanish ushbu qismlarning hududiy nishablik bo‘ylab oqadigan yagona daryo tizimiga birlashishiga ham sabab bo‘lgan.

Missurining «Katta loyqa daryo» (Big Muddy) degan laqabi unda cho‘kindi va loyqa miqdorining g‘ayrioddiy ko‘pligi — Shimoliy Amerikadagi daryolar orasida eng yuqori ko‘rsatkichlardan biri — sababli paydo bo‘lgan. Ilgari daryo yiliga taxminan 193–290 mln tonna material tashigan. Hozir to‘g‘onlar qurilishi natijasida bu miqdor 18–23 mln tonnagacha kamaygan. Materialning katta qismi daryo o‘zani o‘zgarganda qayirning yuvilishidan hosil bo‘ladi. To‘g‘onlar qurilishi cho‘kindi materialining tabiiy tashilish joylarini sezilarli o‘zgartirdi. Daryo bo‘ylab joylashgan suv omborlarida yiliga qariyb 32,9 mln tonna material to‘planadi. Shunga qaramay, Missuri hozir ham Meksika qo‘ltig‘iga olib boriladigan jami qattiq oqimning yarmidan ko‘prog‘ini tashiydi. Missisipining ulkan deltasi ham ko‘p jihatdan Missuri keltirgan materiallardan shakllangan.

Tarixi

Dastlabki odamlar

«Mandanlar qishlog‘i» — Karl Bodmerning taxminan 1840–1843-yillarda chizilgan rasmi

Arxeologik topilmalar Missuri havzasida dastlabki odamlar taxminan 10 000–12 000 yil avval, pleystotsenoxirida paydo bo‘lganini ko‘rsatadi. So‘nggi muzlik davrining oxirida odamlarning Bering quruqlik ko‘prigi orqali Yevrosiyodan Shimoliy va Janubiy Amerikaga buyuk ko‘chishi boshlangan. Bu ko‘chish ancha sekin kechib, ko‘p asrlar davom etgan. Missuri daryosi Ogayo vodiysi va Missisipining quyi oqimi vodiylariga olib boruvchi asosiy ko‘chish yo‘llaridan biri bo‘lgan. Biroq ko‘chmanchilarning katta qismi, jumladan qo‘rg‘onlar bunyod etganlar, bevosita daryo vodiysida qolib, keyingi Buyuk tekisliklar hindularining ajdodlariga aylangan.

Missuri bo‘yida yashagan hindular yetarli oziq-ovqat, suv va boshpana manbalariga ega bo‘lgan. Tekisliklarda ko‘plab hayvonlar yashab, mahalliy aholini go‘sht, kiyim-kechak va boshqa zarur buyumlar bilan ta’minlagan. Daryo vodiysidagi o‘simliklar ham tabiiy dorivor giyohlar va oziq-ovqat bergan. Bu qabilalarda yozuv bo‘lmagani uchun yevropaliklardan oldingi davrga oid yozma manbalar mavjud emas. Sayohatchilar tavsifiga ko‘ra, daryo bo‘yida yashagan asosiy qabilalar quyidagilar bo‘lgan: oto, missuri, omaxa, ponka, yanktonay, lakota, yankton, arikara, xidatsa, mandan, assiniboyn, grovant va pikani.

Hindular Missuridan savdo va transport yo‘li sifatida cheklangan darajada foydalangan. Bundan tashqari, daryo va uning irmoqlari ko‘pincha qabilalar chegarasi vazifasini bajargan. Daryo bo‘yidagi hindularning turmush tarzi asosan yarim ko‘chmanchi bo‘lib, ko‘plab qabilalarning alohida yozgi va qishki manzilgohlari bo‘lgan. Shu bilan birga, mintaqa boyligi va savdosining markazi aynan daryo bo‘yida joylashgan. Missuri orollari va tik qirg‘oqlarida joylashgan mandan, xidatsa va arikara qishloqlarining katta to‘plami minglab hindular uchun maskan bo‘lgan, keyinchalik esa bu yerlarga kelgan dastlabki tadqiqotchilar va mo‘yna savdogarlari uchun bozor hamda savdo punktlari vazifasini bajargan.

Dastlabki tadqiqotchilar

Xarita: Lyuis va Klark

1673-yil may oyida fransuz tadqiqotchilari Lui Jole va Jak Market Tinch okeaniga chiqish umidida Guron ko‘lidagi Sent-Inyas manzilgohidan Viskonsin va Missisipi daryolari bo‘ylab pastga yo‘l olgan. Iyun oxirida ular Missuri daryosiga yetib kelib, uni o‘rgangan dastlabki hujjatlashtirilgan yevropalik kashfiyotchilarga aylangan. Ularning kundaliklariga ko‘ra, daryoda toshqin bo‘lgan. Ekspeditsiya faqat quyilish joyini tekshirib, Missisipi bo‘ylab quyi oqimga qarab davom etgan. Missisipi ularning kutganidek Tinch okeaniga emas, Meksika qo‘ltig‘iga quyilishini bilib, Arkanzas daryosi quyilish joyigacha yetgach ortga qaytgan.

1682-yilda Fransiya Shimoliy Amerikadagi hududiy da’volarini kengaytirib, Missisipi daryosidan g‘arbdagi yerlarni, jumladan Missurining quyi oqimini ham o‘z tarkibiga kiritgan. Shunga qaramay, daryo Etyen Vinyar de Burgmon[ingl.] boshchiligidagi 1714-yilgi ekspeditsiyagacha yevropaliklar tomonidan amalda o‘rganilmagan edi. Bu ekspeditsiya hech bo‘lmaganda Platt daryosi quyilish joyigacha yetib borgan. Ayni paytda Burgmon faqat shu yergacha yetgan bo‘lsa, hozirgi Shimoliy Dakota hududida yashagan oqish sochli mandanlarni kundaligida qanday tasvirlagani unchalik aniq emas. Ehtimol, ekspeditsiya ancha uzoqqa borgan. Burgmon o‘sha yili chop etgan hujjatlarda daryo ilk bor «Missuri» deb atalgan. U ko‘plab irmoqlarga, asosan ularning bo‘yida yashagan qabilalar nomlari bilan, nom bergan. Bu nomlarning aksariyati hozirgacha qo‘llanadi.

Fransuz-hind urushi 1754-yilda mintaqadagi Fransiya va Buyuk Britaniya o‘rtasidagi ziddiyatlar avjiga chiqqanda boshlangan. 1763-yilga kelib Fransiya urushda yengilgan, mamlakatning deyarli barcha mustamlaka mulklari Britaniyaga o‘tgan. Biroq Luiziana Parij tinchlik shartnomasiga ko‘ra Ispaniya mustamlakasiga aylangan. Eng muvaffaqiyatli ekspeditsiyalardan biri Jeyms Makkey va Jon Evans boshchiligidagi ekspeditsiya bo‘lgan. Ular hozirgi Su-Sitidan 32 km janubda 1795-yilda qishki lager tashkil etib, Shimoliy Dakota hududigacha borgan. Mahalliy aholi bilan suhbatlar orqali Yellouston daryosi qayerda joylashganini aniqlashgan va Missurining yuqori oqimi bo‘yicha ancha aniq xarita tuzishgan.

Missurining quyi oqimi ham kirgan butun Luiziana hududi 1803-yilda AQSH prezidenti Jefferson tomonidan Fransiyadan sotib olingan. Natijada AQSH hududi qariyb ikki baravar kengaygan. O‘sha vaqtga kelib shu kengliklarda oqadigan Kolumbiya daryosi ma’lum bo‘lgan va Missuri bilan Kolumbiya o‘rtasida tutashuv yoki tor quruqlikdan kemalarni o‘tkazish yo‘li bor, degan fikr keng tarqalgan. Meriueter Lyuis va Uilyam Klark 1804-yilda mashhur ekspeditsiyasiga otlangan. U 33 kishidan iborat bo‘lib, uch qayiqda harakatlangan. Ular Missurining butun uzunligi bo‘ylab sayohat qilib, Kolumbiya daryosi orqali Tinch okeani sohiliga yetgan ilk yevropaliklar bo‘lishgan, ammo shimoli-g‘arbiy dengiz yo‘lining mavjudligini aniqlay olishmagan. Lyuis va Klark xaritalari keyingi tadqiqotchilar va ko‘chmanchilar uchun asos bo‘lib xizmat qilgan. Ular bir necha hindu qabilasi bilan aloqa o‘rnatib, mintaqaning iqlimi, ekologiyasi va geologiyasi haqida ko‘p ma’lumot to‘plashgan. Missurining yuqori oqimidagi ko‘plab zamonaviy joy nomlarini aynan shu ekspeditsiya qatnashchilari bergan. Missurining boshlanish qismini birinchi bo‘lib 1829-yilda nemis sayyohi, gersog Paul Vilgelm Vyurtembergli.

Mo‘yna savdosi

«Missuridagi mo‘yna savdogarlari», Jorj Binxemning 1845-yildagi rasmi

Mo‘yna ovlovchi dastlabki ovchilar Missuri havzasining shimoliga XVIII asrdayoq kirib kelgan. Ular turli joylardan: Gudzon qo‘ltig‘i, Tinch okeanining shimoli-g‘arbiy sohili va AQSHning O‘rta G‘arbidan yo‘lga chiqqan. Biroq aksariyati jiddiy resurslar topmagach, mintaqada uzoq qolmagan. Minglab hayvonlar to‘dalari haqidagi dastlabki xabarlar Meriueter Lyuis va Klarkning ikki yillik ekspeditsiyadan 1806-yilda qaytishi ortidan tarqalgan. Ularning kundaliklarida minglab bizonlar, qunduzlar va suvsarlar, shuningdek Tinch okeanining shimoli-g‘arbiy sohilidagi ko‘plab dengiz qunduzlari tasvirlangan. 1807-yilda Manuel Liza ekspeditsiya uyushtirdi va bu keyinchalik mintaqada mo‘yna savdosining gullab-yashnashiga olib keldi. Liza va uning jamoasi Missuri hamda Yellouston daryolari bo‘ylab sayohat qilib, mahalliy aholidan mo‘ynani turli sanoat mahsulotlariga ayirboshlagan. Bundan tashqari, ular Montananing janubida Yellouston va Bigxorndaryolari tutashgan joyda Raymond fortini qurgan.

Keyinroq Raymond forti Yellouston Missuriga quyiladigan joydagi Liza forti va Nebraskadagi daryo bo‘ylab quyiroqda joylashgan xuddi shunday nomli yana bir fort bilan almashtirilgan. 1809-yilda Liza Uilyam Klark, Pyer Shoto va boshqalar bilan birga Missuri mo‘yna kompaniyasiga asos solgan. 1828-yilda Amerika mo‘yna kompaniyasi Yellouston quyilish joyida Fort-Yunionni tashkil etgan. Keyinchalik u Missuri yuqori havzasidagi mo‘yna savdosining bosh qarorgohiga aylangan.

Mintaqaga minglab mo‘yna ovchilari kelib, keyinchalik g‘arbga yo‘l olgan dastlabki ko‘chmanchilar foydalangan ilk so‘qmoqlarni ochishgan. Juda katta miqdordagi mo‘ynani tashish uchun kemalar kerak bo‘lgan. Bu Missurida daryo transportining rivojlanishiga kuchli turtki bergan.

XIX asrning 30-yillarida mintaqadagi mo‘yna sanoati sekin-asta tanazzulga yuz tutgan. Bunga mahsulotga talabning keskin pasayishi, shuningdek haddan tashqari ko‘p ov qilish natijasida Qoyali tog‘larda qunduzlar sonining jiddiy kamayishi sabab bo‘lgan. Bundan tashqari, mahalliy aholining savdo punktlariga tez-tez hujumlari mo‘yna kompaniyalari xodimlari ishini nihoyatda xavfli qilgan. Ayrim hududlarda bu soha 1840-yillargacha saqlangan bo‘lsa-da, havzaning katta qismida ancha oldin so‘ngan. Mo‘yna savdosi markazi Missisipi vodiysi va Kanadaga ko‘chgan. Shunga qaramay, mo‘yna savdosi Amerika G‘arbining o‘rganilishiga hamda keyinchalik ko‘chmanchilar oqimi kuchayishiga yordam bergan.

Ko‘chmanchilar va kashshoflar

1908-yilgi otkritkada Missuri ustidagi ilk ko‘prik (Gannibal ko‘prigi nomi bilan tanilgan)

XIX asrda Missuri, ayniqsa Kanzas-Sitidan quyidagi quyi oqimida, mamlakat chegarasini taxminan belgilab turgan. Amerikaning g‘arbiga olib boruvchi barcha muhim ko‘chish yo‘llari, jumladan Kaliforniya, Mormon va Oregon yo‘llari hamda Santa-Fe yo‘li aynan shu daryodan boshlangan. 1869-yilda Kanzas-Sitida qurilgan Gannibal ko‘prigi Missuri ustidagi birinchi ko‘prik bo‘lgan. 1830–1860-yillarda faqat daryoning quyi oqimidagi Independens shahridan olis g‘arbga 500 mingdan ortiq odam ketgan. Bunga iqtisodiy halokatdan tortib Kaliforniya oltin vasvasasi davridagi boylik orttirish istagigacha turli sabablar bo‘lgan. Sayohatning keng tarqalgan boshlanish nuqtasi Nebraska shtatidagi Omaxa shahri ham bo‘lib, u yerdan ko‘chmanchilar Platt daryosi bo‘ylab g‘arbga ketishgan. 1850-yillarda daryoda muntazam kemachilik shakllanguncha asosiy transport vositasi usti yopiq aravalar bo‘lgan; ular ko‘pincha «preriya shxunalari» deb atalgan.

Montana va Oregondagi oltin vasvasasi davrida ushbu hududlar bilan O‘rta G‘arb o‘rtasidagi barcha yuk va yo‘lovchilarning 80 % gachasi Missuri orqali tashilgan. Ko‘chmanchilar Buyuk tekisliklardagi mahalliy aholi bilan ko‘pincha nizolashgan, ularning ko‘pi shafqatsiz urushlarga aylangan. Asosiy maqsadi qabilalar chegaralarini tartibga solish bo‘lgan bitimlar ko‘pincha kutilgan natijani bermagan. Montana, Shimoliy va Janubiy Dakota hamda Vayomingdagi Bozman yo‘li bo‘ylab ochiq qurolli to‘qnashuvlar tez-tez yuz bergan. Bu to‘qnashuvlar Qizil Bulut urushi ga — lakota va shayenn qabilalarining oq tanli amerikaliklarga qarshi urushiga olib kelgan. Urush 1868-yilda hindular shartlari asosidagi tinchlik bitimi bilan yakunlangan.

Biroq mahalliy aholining tinchligi va erkinligi uzoq davom etmagan. Amerikalik konchilar Janubiy Dakotaning g‘arbi va Vayomingning sharqida oltin topib, uni qazib olishni boshlaganlarida mahalliy aholining qarshiligiga duch kelishgan. Chunki 1868-yilgi Fort-Lerami shartnomasiga ko‘ra, bu yerlar hindularga ajratilgan edi. Natijada 1876–1877-yillarda Blek-Xils uchun urushboshlangan. Urush siu va shayenn hindularining mag‘lubiyati hamda ularning rezervatsiyalarga majburan ko‘chirilishi bilan yakunlangan.

To‘g‘onlar qurilishi

1918-yilda qurilishdan ko‘p o‘tmay Xolter to‘g‘oni
1908-yilda yuqori oqimdagi Xauzer to‘g‘oni buzilishi oqibatidagi toshqinlardan Greyt-Folsni himoya qilish uchun Blek-Igl to‘g‘onining portlatilishi
To‘g‘on Fort-Pek

XIX va XX asrlar chegarasida Missuri bo‘ylab juda ko‘p to‘g‘on qurilgan. Natijada daryo oqimining qariyb 35 % i suv omborlari zanjiriga aylangan. Bunga havzaning shimoli-g‘arbiy qismidagi qishloq joylarda elektr energiyasi yetishmasligi hamda Missurining quyi oqimidagi qishloq xo‘jaligi va shahar hududlarining tez rivojlanishiga to‘sqinlik qilgan toshqinlar va qurg‘oqchiliklar sabab bo‘lgan. Xususiy kichik gidroenergetika loyihalari 1890-yillardayoq mavjud bo‘lsa-da, daryoning o‘rta oqimidagi zamonaviy to‘g‘on va suv omborlarining katta qismi XX asrning birinchi yarmida qurilgan.

1890–1940-yillarda Greyt-Fols (Montana) yaqinida Missuridagi shu nomli sharsharalar tizimidan foydalanib elektr energiyasi ishlab chiqarish uchun 5 ta to‘g‘on qurilgan. 1891-yilda barpo etilgan Blek-Igl to‘g‘oni Missuridagi birinchi to‘g‘on bo‘lgan. 1926-yilda u zamonaviyroq inshoot bilan almashtirilgan. Besh to‘g‘onning eng yirigi 1913-yilda balandligi 27 m bo‘lgan sharshara tepasida qurilgan Rayan to‘g‘onidir. Shu bilan birga, bir nechta xususiy kompaniya, ular orasida eng muhimi Montana Power Companybo‘lgan kompaniya, Greyt-Folsdan yuqorida va Xelena shahridan quyida qurilishni boshlagan. Hozirgi Kanyon-Ferri to‘g‘oni yaqinidagi kichik inshoot 1898-yilda qurib bitkazilgan va Missuridagi ikkinchi to‘g‘onga aylangan. 1907-yilda shu joy yaqinida Xauzer to‘g‘oni qurilgan, biroq konstruktiv nuqsonlari tufayli u 1908-yilda qulab, Missurining quyi oqimidagi hududlarda halokatli toshqinlarga sabab bo‘lgan. Yaqin atrofdagi zavodlarni suv bosishidan saqlash uchun Blek-Igl to‘g‘onining bir qismi portlatilgan. Xauzer to‘g‘oni 1910-yilda qayta qurilgan va hozirgacha mavjud.

1918-yilda Xelena shahridan 72 km quyida Xolter to‘g‘oni qurildi. Suv ombori tashkil etilganda «Tog‘lar darvozasi» deb ataluvchi ohaktosh kanyon suv ostida qoldi (Gates of the Mountains). 1949-yilda Greyt-Fols atrofida toshqinlarga qarshi kurashish uchun zamonaviy Kanyon-Ferri to‘g‘oni qurilishi boshlandi. 1954-yilda 1898-yilda qurilgan eski inshoot Kanyon-Ferri suv ombori suv ostida qoldi. U hozir ham zamonaviy to‘g‘ondan taxminan 2,4 km yuqorida suv ostida turibdi. 1940-yilda Montanadagi Fort-Pek to‘g‘oni qurib bitkazildi va daryoning quyi oqimini toshqinlardan himoya qilishga xizmat qildi. To‘g‘on qurilishi davomida 50 mingdan ortiq ish o‘rni yaratildi. Bu ishlar Buyuk depressiya davrida Ruzveltning Yangi kurs siyosati doirasida amalga oshirildi. Shunga qaramay, Fort-Pek toshqinlardan to‘liq himoya qila olmagan, chunki u daryo oqimining faqat kichik qismini nazorat qilgan.

1944-yildaFlood Control Act(Toshqinlardan himoyalanish to‘g‘risidagi qonun) qabul qilinib, keyingi to‘g‘onlar qurilishiga turtki berdi. 1950-yillarda Missurida 5 ta to‘g‘on — Garrison, Oaxe, Big-Bend, Fort-Rendall va Geyvins-Poynt qurildi. Ularning qurilishi Pik–Sloun rejasi doirasida amalga oshirildi.

Kemachilik

Missuridagi dastlabki bug‘ kemalaridan biri — «Yellouston» paroxodi, taxminan 1833-yil. Rasmda kema daryoning xavfli oqimi sabab sayoz joyga o‘tirib qolgani tasvirlangan

Missurida kemachilik yevropaliklar Buyuk tekisliklarga kelishidan minglab yillar oldin hindularning ilk qayiqlari va kanoelaridan boshlangan. Daryodagi birinchi bug‘ kema Independencebo‘lib, u taxminan 1819-yilda Sent-Luis va Keytesvill (Missuri) o‘rtasida qatnay boshlagan. 1830-yillarga kelib pochta va yuk kemalari Kanzas-Siti bilan Sent-Luis o‘rtasida muntazam, daryoning yuqori oqimiga esa ancha tez-tez qatnagan. Faqat ayrimlari, jumladan Western Engineer va Yellowstone bug‘ kemalari sharqiy Montanagacha yuqoriga suza olgan. Kemachilik mo‘yna savdosi davrida ayniqsa rivojlanib, bug‘ kemalari va boshqa kemalar Missurining deyarli butun uzunligi bo‘ylab qatnay boshlagan.

9-aprel 1852-yil kuni Leksington shahri bandargohi yaqinida g‘ildirakli bug‘ kema «Saluda[ingl.]» (ingl. Saluda) portlab, cho‘kib ketgan. Unda taxminan 250 nafar mormonbo‘lgan; 100 dan ortiq kishi halok bo‘lgan. Bu hodisa eng dahshatli falokatlardan biri sifatida Missuri daryosi kemachiligi tarixidan joy olgan.

XIX asrning 50-yillarida kemachilik jadal rivojlanib, 1858-yilda eng yuqori cho‘qqisiga yetgan. O‘sha vaqtda daryoda 130 dan ortiq bug‘ kema va ko‘plab kichik kemalar muntazam ishlagan. Ko‘p kemalar avval Ogayo daryosida qurilib, keyin Missuriga olib kelingan. Biroq sohaning muvaffaqiyati uning xavfsizligini anglatmagan. Oqim olib keladigan juda ko‘p loyqa va boshqa materiallar, shuningdek o‘zanning o‘zgarishi tufayli odamlar daryo tubi haqida yetarli aniq ma’lumotga ega bo‘lmagan. Natijada 300 dan ortiq kema halokatga uchragan. Suzishning xavfliligi sabab Missuridagi kemalarning o‘rtacha xizmat muddati atigi to‘rt yil atrofida bo‘lgan. Transkontinental va Shimoliy Tinch okeani temiryo‘llarining qurilishi kemachilik tanazzulining boshlanishiga sabab bo‘lgan. Kemalar soni asta-sekin kamayib, 1890-yillarga kelib deyarli butunlay yo‘qolgan. Shunga qaramay, XX asrning birinchi yarmida Missuri bo‘ylab barjalarda qishloq xo‘jaligi va konchilik mahsulotlarini tashish qayta jonlangan.

XX asr boshidayoq Missuri daryosi kemalar qatnovi uchun sezilarli darajada o‘zgartirilgan va moslashtirilgan. Ko‘plab chuqurlashtiruvchi va to‘g‘rilovchi kanallar qazilgan. To‘g‘onlar qurilishi yil davomida barqaror suv sathini saqlashga yordam bergan. Missurida barjalarda tashiladigan yuk hajmi 1960-yillardan boshlab tez kamaygan. Masalan, 1977-yilda u taxminan 3 mln tonna bo‘lgan bo‘lsa, 2000-yilga kelib 1,18 mln tonnaga, 2006-yilda esa atigi 180 000 tonnaga tushgan. So‘nggi yillardagi bunday keskin kamayishning asosiy sabablari XXI asr boshidagi tez-tez takrorlangan qurg‘oqchiliklar va boshqa transport turlari, ayniqsa temiryo‘l bilan kuchli raqobatdir. Daryo transporti samaradorligi va nisbatan arzonligi hamda boshqa transport yo‘llarining ortiqcha yuklangani sabab Missurida kemachilikni qayta tiklashga urinishlar amalga oshirilmoqda.

Flora va fauna

Ekohududlar Missuri havzasi

Daryo qayiridagi biologik xilma-xillik yuqori oqimdagi subalp iqlimidan Missuri shtatidagi mo‘tadil nam iqlimli hududlarga tomon, umuman olganda, ortib boradi. Sohilbo‘yi o‘simliklari asosan terak, tol va chinor, shuningdek zarang va shumtol kabi daraxtlardan iborat. Suvda erigan cho‘kindilar konsentratsiyasi juda yuqori bo‘lgani uchun Missurida ko‘plab odatiy umurtqasizlar uchramaydi. Daryo havzasida taxminan 300 tur qush va 150 tur baliq yashaydi. Ularning ko‘plari, masalan, oq kurakburun baliqyo‘qolib ketish xavfi ostida. Suvda va sohil hududlarida qunduzlar, suvsarlar, ondatralar, norkalar va yenotlarkabi sutemizuvchilar yashaydi. Missurida baliqlarning laqqasimonlar, krappi, katta og‘izli okun, ko‘kjabra quyoshbalig‘i, oq Amerika okuni, karp, ola do‘ngpeshona, buffalo balig‘i, gorbil baliqlari, sargan va boshqa turlari uchraydi.

Butunjahon yovvoyi tabiat jamg‘armasi daryo havzasini uch asosiy ekohududga ajratadi: yuqori, markaziy va quyi Missuri. Yuqori Missuri taxminan Montana, Vayoming, Shimoliy Dakota hamda Kanadaning Saskachevan va Alberta provinsiyalarining janubini qamrab oladi. Bu hudud asosan butazorli chala qurg‘oqchil dashtlardan iborat. Unda biologik xilma-xillik nisbatan kam, endemik turlar yo‘q, Qoyali tog‘lardan tashqari yog‘in miqdori ham kam. Markaziy hudud Nebraska, Kanzas shimoli, Kolorado janubi va qo‘shni shtatlarni qamrab oladi; u mo‘tadil mintaqaning o‘rmon va o‘tloqlari bilan ajralib turadi. Bu yerda hayvon turlari soni yuqori ekohududga qaraganda taxminan ikki baravar ko‘p. Quyi Missuri shu nomli shtatning bir qismi va Kanzasning ayrim janubiy hududlarini qamrab oladi. Haroratning sezilarli o‘zgarishlariga qaramay, bu hudud eng yuqori biologik xilma-xillikka ega. Qisqichbaqalarning 13 turi Missurining quyi oqimiga xos endemik turlardir.

Ekologiyasi

Hozir qishloq xo‘jaligi yerlarining katta qismi daryo qayiri ni egallagan

Daryo suvi sifatining yomonlasha boshlashi XIX asrda savdo, sanoat va kemachilik rivojlanishi bilan bog‘liq. Daryo gidrologiyasining o‘zgarishi va qayirning o‘zlashtirilishi Missurining o‘simlik va hayvonot dunyosini keskin o‘zgartirgan. Daryo yaqinidagi tabiiy o‘simliklarning katta qismi allaqachon sug‘oriladigan qishloq xo‘jaligi yerlariga almashtirilgan. Dalalarga solinadigan o‘g‘itlar sabab suvda azot va ayrim boshqa moddalar miqdorining ko‘payishi, ayniqsa daryoning quyi oqimida va Missuriga qo‘shilgan joydan quyidagi Missisipida jiddiy muammo hisoblanadi. Missuri va Missisipining boshqa irmoqlarida ozuqa moddalari konsentratsiyasining yuqoriligi daryoning quyi oqimida va Meksika qo‘ltig‘ining katta hududida kislorod kamayishiga ham sabab bo‘ladi.

To‘g‘onlar va kanallar qurilishi natijasida tashiladigan cho‘kindi materiallari kamayishi ko‘plab baliqlar, qushlar va amfibiyalarning yashash joylari yo‘qolishiga olib kelgan. XXI asr boshida ko‘plab mahalliy turlar sonining kamayishi AQSH Baliq va yovvoyi tabiatni muhofaza qilish xizmati ni yo‘qolib ketish xavfi ostidagi baliq va qushlarning yashash hududlarini saqlash masalasi bilan shug‘ullanishga undagan. AQSH muhandislik qo‘shinlari ham Missurining quyi oqimi bo‘ylab ekotizimlarni tiklash ishlarini boshlagan. Hozir daryo o‘zanini toraytirib turgan ayrim to‘g‘onlarni olib tashlash imkoniyati ko‘rib chiqilmoqda: bu qirg‘oqbo‘yi ekotizimlarining tabiiy tiklanishiga yordam beradi. 2001-yildan buyon daryo qayirining taxminan 87 000 akr (350 km²) maydonida faol tiklash ishlari olib borilmoqda.

2010-yilda Milliy tadqiqot kengashi hisobotida Missuri tashiydigan cho‘kindilarning ahamiyati qayd etilgan hamda yashash muhitini tiklashning amaldagi strategiyalari va cho‘kindilarni boshqarishning muqobil usullari baholangan. Hisobotda cho‘kindilar ko‘chishi va to‘planishi jarayonlarini yaxshiroq tushunish suv sifatini oshirish hamda yo‘qolib ketayotgan turlarni muhofaza qilish loyihalariga asos bo‘lishi ta’kidlangan.

Adabiyotlar