Kompyuter grafikasi — tasvirlarni yaratish, saqlash va qayta ishlash (vizuallashtirish)da kompyuterlardan foydalanish usulidir. Kompyuter grafikasi obyektlarni modellashtirish, texnik jarayonlarni vizuallashtirish, kinoda, videoo‘yinlarda, raqamli san’atda, shuningdek, operatsion tizimlarning foydalanuvchi interfeysida qo‘llanadi. Grafik tasvirni ekranga chiqarishda videokartalar, obyektlar va animatsiyalar yaratishda esa maxsus dasturiy ta’minotdan foydalaniladi. Kompyuter grafikasining badiiy bo‘lmagan jihatlari kompyuter fanlariningmuhim yo‘nalishidir. Atama 1960-yilda Boeing kompaniyasidan Vern Hadson va Uilyam Fetter tomonidan o‘ylab topilgan. Ingliz tilida CG qisqartmasi, kino sohasida esa CGI (kompyuterda yaratilgan tasvirlar) keng ishlatiladi. Rus tilidagi texnik matnlarda esa «kompyuter» so‘zi ko‘pincha tushirib qoldiriladi va quyidagi atama ishlatiladi: grafika.

Kompyuter grafikasi tushunchasi foydalanuvchi interfeysi, spraytli va vektorli grafika, renderlash, nurlarni kuzatish, obyektlar geometriyasini qayta ishlash, kompyuter animatsiyasi, 3D modellashtirish, sheyderlar, grafik protsessorlarni loyihalash, vizuallashtirish, ilmiy hisoblashlar, tasvirlarni qayta ishlash, hisoblash geometriyasi va kompyuter ko‘rishi. Kompyuter grafikasi shu tushunchalarni birlashtiradi. Tasvir va obyektlarni loyihalash hamda sintez qilish metodologiyasi geometriya, optika va fizikaga asoslanadi.
Kompyuter grafikasi sohasidagi taraqqiyot turli xil media vositalariga jiddiy ta’sir ko‘rsatib, multfilm animatsiyasi, kino va videoo‘yinlarning rivojlanishi va tubdan o‘zgarishiga olib keldi.
Atama
Bugun «kompyuter grafikasi» atamasi kompyuterdagi matn yoki tovush bo‘lmagan deyarli barcha narsalarni tavsiflash uchun keng qo‘llanadi. Odatda kompyuter grafikasi deganda bir nechta turli tushuncha nazarda tutiladi:
- kompyuterda tasvirlarni ifodalash va qayta ishlash;
- tasvirlarni yaratish va qayta ishlashning turli texnologiyalari;
- vizual kontentni raqamli sintez qilish va qayta ishlash usullari.
Bugungi kunda kompyuter grafikasi juda keng tarqalgan. Bunday tasvirlarni televideniyeda, gazetalarda, ob-havo prognozlarida, shuningdek, tibbiy tadqiqotlar va jarrohlik amaliyotlarida uchratish mumkin. Puxta tuzilgan grafik murakkab statistik ma’lumotlarni tushunish va talqin qilish oson bo‘lgan shaklda ko‘rsatadi. Media vositalarida «bunday grafiklar maqolalar, hisobotlar, dissertatsiyalar» va boshqa materiallarni bezash, shuningdek, taqdimotlarda ishlatish uchun qo‘llanadi.

Ma’lumotlarni vizuallashtirish uchun ko‘plab vositalar ishlab chiqilgan. Kompyuterda yaratilgan tasvirlar bir necha turga ajratiladi: ikki o‘lchamli (2D), uch o‘lchamli (3D) va animatsion grafika. Texnologiyalar takomillashgani sayin uch o‘lchamli kompyuter grafikasi kengroq tarqaldi, biroq ikki o‘lchamli kompyuter grafikasi hamon faol qo‘llanadi. Kompyuter grafikasi vizual kontentni raqamli sintez qilish va qayta ishlash usullarini o‘rganuvchi kompyuter fanlari tarmog‘iga aylandi. So‘nggi o‘n yillikda axborotni vizuallashtirish va ilmiy vizuallashtirishkabi alohida yo‘nalishlar ham rivojlandi. Ular «uch o‘lchamli hodisalarni (me’morchilik, meteorologiya, tibbiyot, biologiya va hokazo) vizuallashtirishga ko‘proq yo‘naltirilgan. Bunda hajm, sirt, yorug‘lik manbalari va boshqa xususiyatlarni, ehtimol, dinamik (vaqtga bog‘liq) tarkibiy qism bilan birga realistik ko‘rsatishga urg‘u beriladi».
Tarix

Zamonaviy kompyuter grafikasining shakllanishiga XX asrning birinchi yarmida elektrotexnika, elektronika va televideniye sohasida erishilgan yutuqlar zamin yaratdi. Dastlabki filmlarda maxsus effektlar yaratish uchun Lyumyer mat plyonkalari 1895-yildan boshlab ishlatilgan, biroq bu ekranlar imkoniyati cheklangan va interaktiv bo‘lmagan. Birinchi katod-nur trubkasi — Braun trubkasi — 1897-yilda ixtiro qilindi va keyinchalik ossillograf va harbiy boshqaruv panellarini yaratishga yordam berdi. Ular dastur yoki foydalanuvchi kiritgan ma’lumotlarga javob beradigan dastlabki ikki o‘lchamli elektron displeylar bo‘lgani uchun ushbu sohaning bevosita ajdodlari sanaladi. Shunga qaramay, kompyuter grafikasi 1950-yillar va urushdan keyingi davrgacha nisbatan noma’lum yo‘nalish bo‘lib qoldi. O‘sha paytda u universitetlar va laboratoriyalardagi ilg‘or kompyuterlarga oid ilmiy tadqiqotlar hamda AQSH qurolli kuchlarining radar, zamonaviy aviatsiya va raketasozlik kabi texnologiyalari rivojlanishi tutashgan nuqtada vujudga keldi. Ushbu texnologiyalar Ikkinchi jahon urushidavrida rivojlantirilgan edi. Bunday loyihalarda to‘plangan ulkan hajmdagi axborotni qayta ishlash uchun yangi turdagi displeylar talab qilindi va bu kompyuter grafikasining alohida yo‘nalish sifatida shakllanishiga olib keldi.
1950

Dastlabki loyihalar, jumladan, Whirlwind va SAGE loyihalari, katod-nur trubkasini (CRT) amalda foydalanish mumkin bo‘lgan displey va o‘zaro aloqa interfeysi sifatida joriy etdi, shuningdek, yorug‘lik ruchkasini kiritish qurilmasi sifatida qo‘lladi. Whirlwind SAGE tizimida ishlagan Duglas T. Ross shaxsiy tajriba o‘tkazdi: u barmog‘i harakatini qayd etib, uning vektor ko‘rinishini (o‘zi yozgan ismni) ekranda aks ettiradigan kichik dastur yozdi. Tanish grafikaga ega dastlabki interaktiv videoo‘yinlardan biri — Tennis for Two — ossillograf uchun Uilyam Xiginbotam tomonidan 1958-yilda tashrif buyuruvchilarni ko‘ngil ochish maqsadida Brukxeyven milliy laboratoriyasida yaratilgan va tennis o‘yinini taqlid qilgan. 1959-yilda Duglas T. Ross Massachusets texnologiya institutida (MIT) ishlayotib, matematik ifodalarni raqamli dasturli boshqaruv stanoklari uchun kompyuterda hosil qilingan 3D vektorlarga aylantirdi va shu imkoniyatdan foydalanib, The Walt Disney Company multfilm qahramonining tasvirini ekranga chiqardi.
Kompyuter grafikasining rivojlanishi maxsus grafik apparat vositalari paydo bo‘lishi bilan tezlashdi. Hisoblash texnikasidagi navbatdagi yutuqlar interaktiv grafikada yanada katta burilishlarga olib keldi. 1959-yilda Massachusets texnologiya institutining Linkoln laboratoriyasida TX-2 kompyuteri ishlab chiqildi. TX-2 bir nechta yangi inson–mashina interfeyslarini birlashtirgan edi. Yorug‘lik ruchkasi orqali kompyuterda eskizlar chizish uchun Ayven Sazerlend yaratgan inqilobiy Sketchpad dasturidan foydalanish mumkin bo‘ldi. Sketchpad’da yorug‘lik ruchkasi yordamida ekranda oddiy shakllarni chizish, ularni saqlash va keyin qayta ochish mumkin edi. Ruchkaning uchida kichik fotoelektrik element joylashgan bo‘lib, ekran elektronnur dastasi uning ro‘parasidan o‘tganda elektron impuls hosil qilardi. Impulsni elektron dastaning ayni paytdagi joylashuvi bilan moslashtirish orqali ruchkaning ekrandagi o‘rnini istalgan vaqtda aniq belgilash mumkin edi. Shundan so‘ng kompyuter o‘sha joyda kursorni chizardi. Sazerlend shu yo‘l bilan ko‘plab grafik muammolarga mukammal yechim topgandek bo‘ldi. Kompyuter grafikasi interfeyslarining ko‘plab standartlari aynan dastlabki Sketchpad dasturidan boshlangan. Masalan, chizish cheklovlarini olaylik: kvadrat chizmoqchi bo‘lgan kishi to‘rtta chiziqni mutlaqo aniq tutashtirish haqida o‘ylashi shart emas edi. Faqat shakl kvadrat bo‘lishi kerakligini, uning joyi va o‘lchamini ko‘rsatish yetarli bo‘lardi. Dastur belgilangan joyda kerakli o‘lchamdagi mukammal kvadratni yasardi. Sazerlend dasturi obyektlarning faqat tasvirini emas, balki o‘zini model sifatida ifodalar edi. Masalan, avtomobil modelida qolgan qismlarga tegmasdan shinalar o‘lchamini o‘zgartirish yoki shinalarni deformatsiya qilmasdan kuzovni cho‘zish mumkin edi.
1960
«Kompyuter grafikasi» atamasining paydo bo‘lishi Boeing kompaniyasida 1960-yilda ishlagan grafik dizayner Uilyam Fetter nomi bilan bog‘lanadi. Fetter esa bu atamani Boeing’da ishlagan Vern Hadsonga nisbat bergan.
1961-yilda Massachusets texnologiya institutining yana bir talabasi Stiv Rassell videoo‘yinlar tarixidagi muhim o‘yinlardan biri — Spacewar! ni yaratdi. U DEC PDP-1 kompyuteri uchun yozilgan edi. Spacewar! tezda shuhrat qozondi, nusxalari boshqa PDP-1 egalariga tarqaldi va oxir-oqibat DEC kompaniyasiga ham yetib bordi. DEC muhandislari har bir yangi PDP-1 kompyuterini jo‘natishdan oldin uni diagnostika dasturi sifatida ishlatishgan. Savdo xodimlari buni payqab, yangi qurilmani o‘rnatayotganda mijozlarga «dunyodagi birinchi videoo‘yin»ni namoyish eta boshlashdi. (Xiginbotam yaratganTennis for Two o‘yini Spacewar!dan qariyb uch yil oldin paydo bo‘lgan, biroq tadqiqot va akademik muhitdan tashqarida deyarli noma’lum edi.)
Taxminan shu davrda (1961—1962) Kembrij universitetida Elizabet Uoldram radioastronomik xaritalarni katod-nur trubkasida aks ettirish uchun dastur yozdi.
1963-yilda Bell laboratoriyasining ilmiy xodimi E. E. Zajak «Ikki giroskopli gravitatsion boshqaruv tizimi simulyatsiyasi» nomli film yaratdi. Kompyuterda ishlangan bu filmda Zajak sun’iy yo‘ldosh Yer atrofida aylanayotganda uning yo‘nalishini qanday o‘zgartirish mumkinligini ko‘rsatdi. Animatsiyani u IBM 7090 kompyuterida tayyorladi. Bell laboratoriyasida Ken Noulton, Frenk Sinden, Rut A. Vayss va Maykl Noll ham kompyuter grafikasi ustida ishlay boshladi. Sinden Nyutonning harakat qonunlarini tushuntiruvchi «Kuch, massa va harakat» filmini yaratdi. Xuddi shu davrda boshqa olimlar ham o‘z tadqiqotlarini tasvirlash uchun kompyuter grafikasidan foydalana boshlagan. Lourens laboratoriyasida Nelson Maks «Qovushqoq suyuqlik oqimi» va «Qattiq jismlarda zarba to‘lqinlarining tarqalishi» filmlarini yaratdi. Boeing Aircraft kompaniyasida esa «Samolyot tebranishi» filmi tayyorlandi.
1960-yillarning boshlarida Pyer Bezyening ning Renault kompaniyasidagi dastlabki ishlari ham muhim bo‘ldi. U Pol de Kastelyoning egri chiziqlaridan (keyinchalik Bezyening bu sohadagi ishlari tufayli Bezye egri chiziqlari deb atalgan) Renault avtomobillari kuzovlarini 3D modellashtirish usullarini ishlab chiqishda foydalandi. Bu chiziqlar sohadagi ko‘plab modellashtirish usullariga asos bo‘ldi.
Ko‘p o‘tmay yirik kompaniyalar ham kompyuter grafikasiga qiziqa boshladi. TRW[inglizcha], Lockheed-Georgia, General Electric va Sperry Rand 1960-yillarning o‘rtalarida bu soha bilan shug‘ullana boshlagan ko‘plab kompaniyalar qatoriga kiradi. IBM qiziqish ortishiga tez javob berib, IBM 2250 grafik terminalini — bozorda sotuvga chiqarilgan dastlabki grafik kompyuterni taqdim etdi. Ralf Ber, Sanders Associates kompaniyasining bosh muhandisi, 1966-yilda uy videoo‘yin konsolini yaratdi. Keyinchalik uning litsenziyasini Magnavox sotib oldi va qurilma Odyssey deb nomlandi. Konsol juda sodda bo‘lib, arzon elektron qismlardan foydalanishiga qaramay, o‘yinchi ekrandagi yorug‘ nuqtalarni harakatlantira olardi. Bu iste’molchilar uchun mo‘ljallangan birinchi kompyuter grafikasi mahsuloti edi. Devid S. Evans 1953—1962-yillarda Bendix Corporation kompyuter bo‘limining muhandislik direktori bo‘lib ishladi, keyingi besh yil davomida esa Berklida taklif etilgan professor sifatida faoliyat yuritdi. Shu yerda u kompyuterlar va insonning ular bilan o‘zaro aloqasiga qiziqishini davom ettirdi. 1966-yilda Yuta universiteti Evansni kompyuter fanlari dasturini tashkil etishga taklif qildi va kompyuter grafikasi tez orada uning asosiy qiziqishiga aylandi. Yangi kafedra 1970-yillar davomida dunyodagi kompyuter grafikasiga oid yetakchi tadqiqot markaziga aylandi.
Shuningdek, 1966-yilda Ayven Sazerlend Massachusets texnologiya institutida izlanishlarini davom ettirib, birinchi boshga taqiladigan displeyni ixtiro qildi. U simli modelning har bir ko‘z uchun alohida ikkita 3D tasvirini ko‘rsatardi. Natijada tomoshabin kompyuter sahnasini stereoskopik 3D ko‘rinishda ko‘ra olardi. Displey va uning harakatni kuzatuvchi qurilmasini ko‘tarib turuvchi og‘ir moslama qulashi mumkinligi sababli «Damokl qilichi» deb nomlandi. MIT’da doktorlik darajasini olgach, Sazerlend ARPA (Ilg‘or tadqiqot loyihalari agentligi)da axborotni qayta ishlash bo‘limi direktori, keyinchalik Garvard universitetida professor bo‘ldi. 1967-yilda Evans Sazerlendni Yuta universitetining kompyuter fanlari dasturiga qo‘shilishga taklif etdi. Bu dastur deyarli o‘n yil davomida grafikaga oid eng muhim ilmiy markazlardan biriga aylandi va sohaning ko‘plab yetakchi kashshoflarini yetishtirdi. Shu yerda Sazerlend boshga taqiladigan displeyni takomillashtirdi. Oradan yigirma yil o‘tib NASA virtual reallik tadqiqotlarida uning usullariga qaytdi. Sazerlend va Evans yirik kompaniyalarda maslahatchi sifatida juda talabgir bo‘lgan, biroq o‘sha paytda mavjud grafik uskunalarining yetishmasligidan norozi edilar. Shuning uchun ular o‘z kompaniyasini ochish rejasini tuza boshladi.
1968-yilda Deyv Evans va Ayven Sazerlend kompyuter grafikasi uskunalarini ishlab chiqaruvchi birinchi kompaniyaga asos soldi — Evans & Sutherland[inglizcha]. Dastlab Sazerlend kompaniyani Massachusets shtatining Kembrij shahriga joylashtirmoqchi bo‘lgan, ammo oxir-oqibat Solt-Leyk-Siti shahri tanlandi, chunki u Yuta universitetidagi professorlar tadqiqot guruhiga yaqin edi.

1968-yilda Artur Eppel nurlar asosida renderlash algoritmlari sinfiga kiruvchi dastlabki nurni tashlash (ray casting) algoritmini ham ta’rifladi. Bunday algoritmlar yorug‘lik nurlarining manbadan sahnadagi sirtlarga va kameraga tomon yo‘lini modellashtirish orqali grafikada fotorealizmga erishishda asosiy rol o‘ynadi.
1969-yilda Hisoblash texnikasi assotsiatsiyasi grafika bo‘yicha guruhni (SIGGRAPH) tashkil etdi. U konferensiyalar o‘tkazadi, kompyuter grafikasi standartlarini ishlab chiqadi va sohaga oid nashrlar tayyorlaydi. SIGGRAPHning birinchi yillik konferensiyasi 1973-yilda o‘tkazildi va tashkilotning asosiy tadbirlaridan biriga aylandi. Kompyuter grafikasi kengaygani sayin SIGGRAPH ham rivojlanib, ahamiyati ortdi.
1970
Keyinchalik kompyuter grafikasidagi bir qator ulkan yutuqlar, ayniqsa grafikaning shunchaki foydali vositadan realistik tasvir yaratish texnologiyasiga aylanishidagi muhim qadamlari 1970-yillarda Yuta universitetida yuz berdi. Bu yerda Ayven Sazerlend ishga qabul qilindi. U Devid S. Evans bilan birgalikda kompyuter grafikasidan ilg‘or kurs olib bordi. Ushbu kurs muhim ilmiy tadqiqotlarga turtki berdi va keyinchalik Pixar, Silicon Graphics va Adobe Systems kabi sohaning eng muhim kompaniyalarini tuzgan bir qancha talabalarni tayyorladi. Tom Stokhem Yuta universitetining tasvirlarni qayta ishlash guruhiga rahbarlik qildi; bu guruh kompyuter grafikasi laboratoriyasi bilan yaqindan hamkorlik qilar edi.
Shunday talabalardan biri Edvin Katmull edi. U Boeing Company’dan yaqinda ketgan va fizika bo‘yicha ilmiy daraja olishga harakat qilayotgan edi. Disney multfilmlari bilan ulg‘aygan Katmull animatsiyani juda yaxshi ko‘rar, ammo rasm chizishga iste’dodi yetishmasligini tezda anglagan. Endi Katmull va boshqa ko‘plab kishilar kompyuterlarni animatsiyaning tabiiy davomi deb ko‘rishdi va bu inqilobda qatnashishni istashdi. Katmull birinchi bo‘lib ko‘rgan kompyuter animatsiyasini o‘zi yaratgan edi: unda qo‘li ochilib-yopilardi. 1974-yilda u uch o‘lchamli modellarga tekstura qo‘llash usulini ham ilk bor tatbiq etdi; bugun bu uch o‘lchamli modellashtirishning asosiy usullaridan biri sanaladi. Uning maqsadlaridan biri kompyuter grafikasi yordamida to‘liq metrajli film yaratish edi. U Pixar’ni tashkil etishdagi ishtirokidan keyin, yigirma yil o‘tib, bu maqsadiga erishdi. Xuddi shu guruhdagi Fred Park rafiqasining yuz animatsiyasini yaratdi. Har ikkala rolik 1976-yilgi «Futureworld» filmiga kiritildi.
Yuta universitetining kompyuter grafikasi laboratoriyasi butun dunyodan tadqiqotchilarni jalb qilgan. Dastlabki kashshoflardan yana biri Jon Uornok edi. U keyinchalik Adobe Systems kompaniyasiga asos solib, sahifani tavsiflash tili — PostScript yordamida nashriyot sohasida inqilob yasadi. Keyinchalik Adobe suratlarni tahrirlashning standart dasturiga aylangan Adobe Photoshop hamda kino maxsus effektlari uchun Adobe After Effects dasturini ishlab chiqdi.
Ular orasida keyinchalik Silicon Graphics kompaniyasiga asos solgan Jeyms Klark ham bor edi. Bu kompaniya 1990-yillarning boshlariga qadar yuqori sifatli grafika sohasida yetakchi bo‘lgan ilg‘or renderlash tizimlarini ishlab chiqargan.
Yuta universitetidagi ilk kashshoflar uch o‘lchamli kompyuter grafikasining muhim yutug‘i — yashirin sirtlarni aniqlash algoritmini yaratdi. Uch o‘lchamli obyektni ekranda chizish uchun kompyuter kuzatuvchi nuqtayi nazaridan qaysi sirtlar obyekt ortida qolib, tasvir yaratilganda (renderlanganda) ko‘rinmasligi kerakligini aniqlashi lozim. Bu sohada dastlabki grafik standart — 3D Core Graphics System (Core) ham ishlab chiqildi.
1970-yillarda Anri Guro va Jim Blinn ham CGI’da soyalash asoslariga hissa qo‘shdi. Ular yaratgan Guro va Blinn–Fong soyalash modellari grafikaga «yassi» ko‘rinishdan chiqib, chuqurlikni aniqroq ko‘rsatish imkonini berdi. 1978-yilda Jim Blinn bo‘rtmalar xaritalashini (bump mapping) taqdim etib, yana bir yangilik kiritdi. Bu notekis sirtni taqlid qilish usuli bo‘lib, bugungi kunda ishlatiladigan ko‘plab murakkab xaritalash texnikalariga asos bo‘ldi.
Hozirgi zamonaviy arkada videoo‘yinlarining ilk namunalari 1970-yillarda paydo bo‘lgan. Dastlabki arkada o‘yinlarida real vaqtda ishlaydigan ikki o‘lchamli spraytli grafika qo‘llanardi. 1972-yilgi Pong eng ommabop ilk arkada o‘yinlaridan biri bo‘ldi. 1974-yilgi Speed Race vertikal aylanuvchi yo‘l bo‘ylab harakatlanadigan spraytlarni joriy etdi. 1975-yilgi Gun Fight inson shaklidagi qahramonlar animatsiyasini ko‘rsatdi, 1978-yilgi Space Invaders esa ekranga ko‘plab harakatlanuvchi figuralarni olib kirdi. Oxirgi ikki o‘yinda diskret mikrosxemalardan tuzilgan maxsus siljituvchi multipleksor zanjiri qo‘llanib, Intel 8080 protsessoriga ekrandagi grafikani animatsiyalashda yordam berdi.
1980
1980-yillar kompyuter grafikasining modernizatsiyasi va tijoratlashuvi davri bo‘ldi. Uy kompyuterlari kengaygani sayin ilgari faqat ilmiy doiralarga xos bo‘lgan bu mavzu ancha katta auditoriyani qiziqtirdi. Natijada kompyuter grafikasi dasturchilari soni sezilarli oshdi.
1980-yillarning boshida katta va keyinchalik o‘ta katta integratsiyali mikrosxemalar (katta integral sxemalar, o‘ta katta integral sxemalar, VLSI) paydo bo‘ldi. Bu 16 bitli markaziy protsessorlar (CPU) va ilk grafik protsessorlar (GPU) rivojiga yo‘l ochdi. Ular kompyuter grafikasida tub o‘zgarishlarni boshlab, yuqori aniqlikdagi tasvirni grafik terminallarda va shaxsiy kompyuterlarda (ShK) ta’minladi.
Birinchi grafik protsessor µPD7220 chipini NEC kompaniyasi yagona NMOS mikrosxemasi sifatida yaratdi. U 1024x1024 pikselgacha bo‘lgan aniqlikni qo‘llab-quvvatladi, rivojlanayotgan shaxsiy kompyuter grafika bozoriga zamin yaratdi, bir qancha videokartalarda ishlatildi va Intel’ning birinchi grafik protsessori Intel 82720 kabi nusxalar uchun litsenziyalandi (qarang: Intel grafik protsessorlari ro‘yxati).
1980-yillarning boshlarida MOS xotirasi ham arzonlashdi. Natijada kadr buferi uchun hamyonbop xotira, shu jumladan VRAMvideoxotirasini taklif qilgan Texas Instruments (TI) 1980-yillarning o‘rtalarida taqdim etgan videoxotira bilan bog‘liq edi.
1984-yilda Hitachi ARTC[inglizcha] HD63484 chipini — komplementar MOS (CMOS) texnologiyasiga asoslangan birinchi GPU’ni chiqardi. U rangli rejimda yuqori aniqlikdagi, oq-qora rejimda esa 4K gacha bo‘lgan tasvirlarni chiqarardi. 1980-yillarning oxirida bir qancha videokarta va terminallarda qo‘llandi. 1986-yilda TI TMS34010 — dasturlash mumkin bo‘lgan birinchi to‘liq MOS grafik protsessorini taqdim etdi.
Bu o‘n yillikda grafik terminallar tobora aqlliroq, yarim mustaqil va to‘liq mustaqil ish stansiyalariga aylandi. Grafik va amaliy dasturlarni qayta ishlash vazifalari markaziy va minikompyuterlardan ko‘ra stansiyaning o‘zida ko‘proq bajarila boshlandi.[aniqlashtirish kerak] Kompyuter yordamida loyihalash bozoriga mo‘ljallangan dastlabki yuqori aniqlikdagi ish stansiyalari orasida Ottavadagi Orcatech yaratgan Orca 1000, 2000 va 3000 bor edi. Orcatech esa Bell-Northern Research[inglizcha] kompaniyasidan ajralib chiqqan bo‘lib, unga ish stansiyalari kashshoflaridan Devid Pirson rahbarlik qilgan. Orca 3000 16 bitli Motorola 68000 mikroprotsessori hamda AMD’ning mikroprotsessor qismi asosida qurilib, Unix operatsion tizimidan foydalanardi. U muhandislik loyihalashining murakkab vazifalariga mo‘ljallangan edi. Rassomlar va grafik dizaynerlar shaxsiy kompyuterni, ayniqsa Amiga va Macintoshni boshqa usullardan ko‘ra vaqtni tejaydigan va aniqroq chizish imkonini beradigan jiddiy dizayn vositasi sifatida ko‘ra boshladi.
Realistik grafika sohasida ham 1986-yilda Devid Immel va Jeyms Kajiya umumiy renderlash tenglamasini ishlab chiqdi. Bu global yoritishni hisoblash yo‘lidagi muhim qadam bo‘ldi[aniqlashtirish kerak], chunki global yoritish kompyuter grafikasida fotorealizmga erishish uchun zarur.
«Yulduzlar jangi» va boshqa franshizalar fantastik asarlarining kinodagi kompyuter grafikasiga ta’sirida Lucasfilm va Industrial Light & Magic kompaniyalarining hissasi katta bo‘ldi. Ular kinofilmlar uchun yuqori sifatli kompyuter grafikasi tayyorlovchi eng talabgir studiyalar sifatida tanildi. «Yulduzlar jangi» trilogiyasining keyingi filmlari xromakey texnologiyalarida («ko‘k ekran» va boshqalar) muhim yutuqlarni namoyish etdi. Yana ikki videotasvir tarixda katta ahamiyatga ega bo‘ldi: Dire Straits guruhining «Money for Nothing» qo‘shig‘iga 1985-yilda ishlangan klip kompyuter grafikasini o‘sha davrdagi musiqa muxlislari orasida ommalashtirdi; ikkinchisi esa «Yosh Sherlok Xolms» filmining shu yildagi sahnasi bo‘lib, unda badiiy kinodagi dastlabki to‘liq kompyuterda yaratilgan qahramon — animatsiyalangan shisha ritsar namoyish etilgan. 1988-yilda Pixar birinchi sheyderlarni — soyalashni alohida algoritm sifatida bajarishga mo‘ljallangan kichik dasturlarni yaratdi. Bu kompaniya Industrial Light & Magic’dan mustaqil yuridik shaxs sifatida ajralib chiqqan edi, biroq keng jamoatchilik ushbu texnologik taraqqiyot samarasini keyingi o‘n yillikdagina ko‘rdi. 1980-yillarning oxirida Silicon Graphics (SGI) kompyuterlaridan Pixarstudiyasining dastlabki to‘liq kompyuterda yaratilgan qisqa metrajli filmlarini tayyorlashda foydalanildi. Shu o‘n yillikda Silicon Graphics uskunalari sohadagi eng ilg‘or texnika hisoblanardi.
Bu o‘n yillik «videoo‘yinlarning oltin davri» deb ham ataladi. Atari, Nintendo, Sega va boshqa kompaniyalarning o‘yin tizimlari kompyuter grafikasini ilk bor yangi, yosh va ta’sirchan auditoriyaga namoyish etdi. MS-DOS, Apple II, Mac va Amiga asosidagi shaxsiy kompyuterlar esa yetarli bilimga ega foydalanuvchilarga o‘z o‘yinlarini dasturlash imkonini berdi. Arkada avtomatlarida tijoriy va real vaqtdagi 3D grafika bo‘yicha katta yutuqlar ro‘y berdi. 1988-yilda arkadalar uchun real vaqtli 3D grafikaga mo‘ljallangan dastlabki ixtisoslashgan videokartalar — Namco System 21 va Taito Air System taqdim etildi. Professional sohada Evans & Sutherland hamda SGI 3D rastrli grafika apparatlarini yaratdi. Ular keyinchalik yagona chipli grafik protsessor (GPU) rivojiga bevosita ta’sir ko‘rsatdi. Bunda grafikani tezlashtirish uchun markaziy protsessor bilan parallel ishlaydigan alohida, juda qudratli chipdan foydalaniladi.
Shu o‘n yillikda kompyuter grafikasi ko‘plab boshqa kasbiy sohalarga ham kirib bordi. Jumladan, E&S’ning Digistar tizimi yordamidagi mahalliy ko‘ngilochar va ta’lim loyihalarida, avtomobillarni loyihalash va modellashtirishda hamda kimyoda qo‘llandi.
1990
1990-yillarning asosiy yo‘nalishi 3D modellashtirishning ommalashuvi va umuman kompyuter grafikasi sifatining sezilarli oshishi bo‘ldi. Uy kompyuterlari ilgari minglab dollar turadigan ish stansiyalaridagina bajariladigan renderlash vazifalarini uddalay boshladi. Uy kompyuterlari uchun 3D modellashtirish dasturlari paydo bo‘lgach, Silicon Graphics stansiyalarining ommabopligi kamaydi. Microsoft Windows va Apple Macintosh tizimlarida ishlaydigan, Autodesk’ning 3D Studio kabi mahsulotlari yoki boshqa renderlash dasturlariga ega kuchli kompyuterlar katta ahamiyat kasb etdi. O‘n yillik oxirida GPU hozirgacha saqlab kelayotgan o‘rnini egallay boshladi.
Bu davrda tayyorgarligi bo‘lmagan tomoshabinga chinakam fotorealistik tuyuladigan ilk renderlar paydo bo‘ldi (garchi professional CGI rassomi nazarida ular hali mukammal bo‘lmasa ham). 3D grafika o‘yinlar, multimedia va animatsiyada ancha ommalashdi. 1980-yillarning oxiri va 1990-yillarning boshida Fransiyada dastlabki kompyuter grafikasi teleseriallari yaratildi: Mac Guff Ligne studiyasining «La Vie des bêtes» (1988), Fantôme studiyasining «Les Fables Géométriques» (1989—1991) va Moris Benayun hamda Fransua Shyuyten yaratgan birinchi yuqori aniqlikdagi kompyuter grafikasi teleseriali «Quarxs» (Z-A production studiyasi, 1990—1993).
Kinoda Edvin Katmull rahbarligidagi Pixar shu davrda tijoriy muvaffaqiyat cho‘qqisiga ko‘tarila boshladi. 1995-yilda studiyaning birinchi yirik filmi — «O‘yinchoqlar tarixi» namoyish etildi va tanqidchilar hamda tomoshabinlar tomonidan katta e’tirofga sazovor bo‘ldi. Dasturlanadigan sheyderni ixtiro qilgan ushbu studiya keyinchalik ham ko‘plab muvaffaqiyatli animatsion filmlar chiqardi. Uning oldindan animatsiya yaratishga oid ishlari hanuzgacha soha yetakchisi va dadil izlanishlarning namunasi hisoblanadi.
Videoo‘yinlarda 1992-yilda Sega Model 1 arkada tizimida ishlagan Virtua Racing to‘liq uch o‘lchamli poyga o‘yinlariga asos soldi va real vaqtli uch o‘lchamli grafikani keng o‘yinchilar auditoriyasiga tanitdi. Keyinchalik Sega Model 2 (1993) va Sega Model 3 (1996) tijoriy real vaqtli uch o‘lchamli grafika imkoniyatlarini yanada kengaytirdi. Shaxsiy kompyuterlarda id Software chiqargan Wolfenstein 3D, Doom va Quake — ommaviy muvaffaqiyatga erishgan dastlabki uchta uch o‘lchamli birinchi shaxs nuqtayi nazaridagi otishma o‘yinlari — o‘n yillik davomida tanqidiy hamda ommaviy e’tirofga sazovor bo‘ldi. Ular asosan Jon Karmak yaratgan renderlash dvijogidan foydalanardi. Sony PlayStation, Sega Saturn, Nintendo 64 va boshqa konsollar millionlab nusxada sotilib, uy o‘yinchilari orasida uch o‘lchamli grafikani ommalashtirdi. 1990-yillar oxiridagi dastlabki avlod uch o‘lchamli o‘yinlaridan Super Mario 64 va The Legend of Zelda: Ocarina of Time platformerlari, shuningdek Virtua Fighter, Battle Arena Toshinden va Tekken kabi ilk uch o‘lchamli jangovar o‘yinlar konsol foydalanuvchilari orasida ushbu grafikani keng yoydi.
Renderlash texnologiyalari va algoritmlari jadal takomillashdi. 1996-yilda Krishnamurti va Levoy Jim Blinnning bo‘rtmalar xaritalashini takomillashtirgan normal xaritalashni ixtiro qildi. 1999-yilda Nvidia GeForce 256 nomli muhim videokartani — GPU deb atalgan birinchi uy grafik kartasini chiqardi. Kompaniya ta’rifiga ko‘ra, unda «transformatsiya, yoritish, uchburchaklarni sozlash/qirqish va renderlash uchun o‘rnatilgan protsessorlar» bor edi. O‘n yillik oxiriga kelib kompyuterlar DirectX va OpenGL kabi umumiy grafik ishlov berish platformalariga o‘tdi. Shundan beri qudratli grafik uskunalar va uch o‘lchamli modellashtirish dasturlari yordamida kompyuter grafikasi yanada batafsil va realistik bo‘lib bordi. Shu o‘n yillikda AMD ham grafik kartalar ishlab chiqarishda yetakchiga aylanib, sohada hozirgacha davom etayotgan «ikki kompaniya ustunligi»ni shakllantirdi.
2000
Shu davrda CGI hamma joyda qo‘llanadigan texnologiyaga aylandi. 1990-yillar oxirida videoo‘yinlar va kinodagi kompyuter grafikasi uni keng ommaga tanitdi; 2000-yillarda bu jarayon yanada tezlashdi. 1990-yillar oxiri hamda 2000-yillarda CGI televideniye reklamalarida ham keng qo‘llanib, ulkan auditoriya uchun tanish hodisaga aylandi.
Bu o‘n yillikda GPU quvvatining ortishi va murakkablashuvi katta ahamiyat kasb etdi. Uch o‘lchamli renderlash imkoniyati standart xususiyatga aylandi, chunki stol kompyuteri ishlab chiqaruvchilari 3D grafik protsessorni zarur komponent deb hisoblay boshladilar. O‘n yillik boshida Nvidia GeForce videokartalari bozorda yetakchi edi, ba’zan ATI ham kuchli raqobat ko‘rsatardi. Davr o‘tishi bilan hatto arzon kompyuterlarda ham odatda 3D’ni qo‘llab-quvvatlovchi GPU paydo bo‘ldi. Nvidia va AMD arzon chipsetlarni taklif qilib, bozordagi ustunligini saqlab qoldi. 1980-yillarda GPU’da maxsus ishlov berish uchun kiritilgan sheyderlar o‘n yillik oxiriga kelib deyarli barcha iste’molchi uskunalarida qo‘llana boshladi. Bu grafikani sezilarli tezlashtirdi va normal xaritalash, bo‘rtmalar xaritalashi hamda ko‘plab mayda tafsilotlarni taqlid qilishga imkon beradigan boshqa usullar orqali tekstura va soya effektlarini ancha yaxshiladi.
Film va videoo‘yinlarda ishlatiladigan kompyuter grafikasi asta-sekin shunchalik realistik bo‘lib bordiki, «notabiiylik vodiysi» hodisasiga yaqinlashdi. CGI animatsion filmlari keng tarqaldi. «Muzlik davri», «Madagaskar» kabi an’anaviy animatsiya uslubidagi filmlar hamda Pixar’ning «Nemoni izlab» singari ko‘plab asarlari yetakchi o‘rinni egalladi.
Videoo‘yinlar sohasida Sony PlayStation 2 va 3, Microsoft Xbox turkumi, Nintendo’ning GameCube konsoli hamda Windows tizimidagi shaxsiy kompyuterlar ommabop bo‘ldi. Grand Theft Auto, Assassin’s Creed, Final Fantasy, BioShock, Kingdom Hearts, Mirror’s Edge va boshqa ko‘plab CGI’ga boy loyihalar fotorealizmga yaqinlashib, o‘yin sanoatini rivojlantirdi va katta taassurot qoldirdi. O‘yin sanoatining daromadi kinofilmlar daromadiga yaqinlashdi. Microsoft XNA dasturi orqali mustaqil dasturchilarga DirectX’dan foydalanishni osonlashtirishga urindi, ammo tashabbus muvaffaqiyat qozonmadi. DirectX esa umuman olganda tijoriy muvaffaqiyatini saqladi. OpenGL ham rivojlanishda davom etdi; ikkala texnologiya jiddiy takomillashdi. Shu o‘n yillikda ikkinchi avlod HLSL va GLSL sheyder tillari ommalashdi.
Ilmiy hisoblashlarda katta hajmdagi ma’lumotlarni GPU va CPU o‘rtasida ikki yo‘nalishda uzatishga imkon beruvchi GPGPU usuli yaratildi. U bioinformatika va molekulyar biologiyadagi ko‘plab tajribalar tahlilini tezlashtirdi. Bu usul Bitcoin mayningida ham, kompyuter ko‘rishida ham qo‘llanadi.
2010
2010-yillarda CGI videolarning deyarli barchasida uchraydi. Oldindan tayyorlangan tasvirlar fotorealizm jihatidan deyarli ilmiy darajaga yetdi, yuqori darajali tizimlarda real vaqtli grafika esa mutaxassis bo‘lmagan odamga fotorealistik tuyuladigan tasvirlarni yaratishi mumkin.
Teksturalarni xaritalash texnologiyasi yangi bosqichga ko‘tarilib, ko‘p qatlamli jarayonga aylandi. Ko‘pincha tekstura xaritalash, bo‘rtmalar xaritalash, siljishlar, normal xaritalash, ko‘zgusimon yaltirash va aks ettirish usullarini qamrab oluvchi yorug‘lik teksturalari, shuningdek tez rivojlanayotgan sheyderlar yordamidagi hajmli soyalar birgalikda qo‘llanadi. Endilikda sheyderlar sohadagi ilg‘or ishlar uchun deyarli zarur bo‘lib, alohida piksellar, uchlar va teksturalarni juda murakkab boshqarish hamda son-sanoqsiz effektlarni yaratish imkonini beradi. HLSL va GLSL sheyder tillari faol tadqiqot va ishlanmalar yo‘nalishidir. Ko‘plab teksturalar va haqiqiy optik yoritishni taqlid qiluvchi murakkab hisoblarni ishlatadigan fizik asoslangan renderlash (PBR) ham faol o‘rganilmoqda. Atrof-muhit soyalanishi, sirt ostida yorug‘likning sochilishi, Reley sochilishi, foton xaritalash va boshqa ilg‘or usullar bo‘yicha ham tadqiqotlar olib borilmoqda. Masalan, 4K Ultra HD aniqlikdagi real vaqtli grafikani ta’minlash uchun zarur hisoblash quvvati borasidagi izlanishlar endigina boshlangan, hozircha bu faqat eng kuchli uskunalarda mavjud.
Kinoda endilikda aksariyat animatsion filmlar CGI texnologiyasida yaratiladi. Har yili ko‘plab CGI animatsion filmlar chiqadi, biroq «notabiiylik vodiysi»dan cho‘chish sababli ulardan oz qismi fotorealizmga intiladi. Ko‘pchiligi 3D multfilmlardir.
Videoo‘yinlar olamida Microsoft Xbox One, Sony PlayStation 4 va Nintendo Switch konsollari yetakchi bo‘ldi; barchasi ilg‘or 3D grafikani ta’minlay oladi. Windows tizimidagi kompyuterlar hamon eng faol o‘yin platformalaridan biridir.
Hozirgi holati
Asosiy qo‘llanish sohalari
Ilmiy grafika — dastlabki kompyuterlar faqat ilmiy va ishlab chiqarish vazifalarini hal qilish uchun ishlatilgan. Olingan natijalarni yaxshiroq tushunish maqsadida ular grafik jihatdan qayta ishlangan, grafiklar, diagrammalar va hisoblangan konstruksiyalarning chizmalari tuzilgan. Dastlab kompyuter grafiklari belgilarni bosib chiqarish rejimida olinardi. Keyinchalik maxsus qurilmalar — grafik chizgichlar (plotterlar) yordamida chizmalar va grafiklar qog‘ozga siyohli pero bilan chizila boshlandi. Zamonaviy ilmiy kompyuter grafikasi hisoblash tajribalarini o‘tkazish va natijalarni ko‘rgazmali tasvirlash imkonini beradi.
Ishbilarmonlik grafikasi — muassasalar faoliyatidagi turli ko‘rsatkichlarni ko‘rgazmali ifodalashga mo‘ljallangan kompyuter grafikasi yo‘nalishi. Reja ko‘rsatkichlari, hisobot hujjatlari va statistik ma’lumotlar uning yordamida tasviriy materialga aylantiriladi. Ishbilarmonlik grafikasi dasturiy vositalari elektron jadvallar tarkibiga kiradi.
Loyihalash grafikasi muhandis-konstruktorlar, me’morlar va ixtirochilar ishida qo‘llanadi. Bu avtomatlashtirilgan loyihalash tizimlarining (ALT) ajralmas qismidir. Bunday grafika yordamida ham tekis tasvirlar (proyeksiya va kesimlar), ham fazoviy uch o‘lchamli tasvirlar olinadi.
Illyustrativ grafika — monitor ekranida erkin rasm chizish va chizmalar tayyorlashdir. Bunday grafika paketlari umumiy maqsadli amaliy dasturiy ta’minotga kiradi. Eng sodda illyustrativ grafika dasturlari grafik muharrirlar deb ataladi.
Badiiy va reklama grafikasi ko‘p jihatdan televideniye tufayli ommalashdi. Kompyuter yordamida reklama roliklari, multfilmlar, kompyuter o‘yinlari, videodarslar va videotaqdimotlar yaratiladi. Bunday grafik paketlar kompyuter tezkorligi va xotirasiga yuqori talab qo‘yadi. Ularning farqli xususiyati realistik tasvirlar va harakatlanuvchi rasmlar yaratish imkoniyatidir. Uch o‘lchamli obyektlar tasvirini olish, ularni aylantirish, yaqinlashtirish, uzoqlashtirish va deformatsiyalash katta hisoblash quvvatini talab qiladi. Obyekt yoritilishini yorug‘lik manbasining joyi, soyalar va sirt teksturasiga qarab ifodalash uchun optika qonunlarini hisobga oluvchi hisoblar zarur.
Piksel-art — piksel grafikasi raqamli san’atning muhim ko‘rinishi bo‘lib, tasvirlar piksel darajasida tahrirlanadigan rastrli grafika dasturlarida yaratiladi. Tasvir kattalashtirilganda alohida piksellar kvadrat ko‘rinishida yaqqol seziladi. Raqamli tasvirda piksel (tasvir elementi) — rastrli tasvirdagi alohida nuqta. Piksellar muntazam ikki o‘lchamli to‘rga joylashtiriladi va odatda nuqta yoki kvadrat shaklida ifodalanadi. Eski yoki imkoniyati cheklangan kompyuter va videoo‘yinlarning aksariyati, grafik kalkulyatorlardagi o‘yinlar hamda ko‘plab mobil telefon o‘yinlari asosan piksel grafikasidan foydalanadi.
Kompyuter animatsiyasi — displey ekranida harakatlanuvchi tasvirlarni hosil qilishdir. Rassom harakatdagi obyektlarning boshlang‘ich va oxirgi holatlarini chizadi, oraliq holatlarning barchasini esa kompyuter shu harakatning matematik tavsifiga asoslangan hisoblar orqali yaratadi. Bu usul kalit kadrlar asosidagi animatsiya deb ataladi. Kompyuter animatsiyasining boshqa turlari ham mavjud: protseduraviy animatsiya, shakllar animatsiyasi, dasturlanadigan animatsiya va rassom barcha kadrlarni qo‘lda chizadigan animatsiya. Tayyor tasvirlar ekranda ma’lum chastotada ketma-ket ko‘rsatilganda harakat illyuziyasi paydo bo‘ladi.
Multimedia — kompyuter ekranidagi yuqori sifatli tasvirni ovozli jo‘rlik bilan birlashtirishdir. Multimedia tizimlari eng ko‘p ta’lim, reklama va ko‘ngilochar sohalarda qo‘llanadi.
Ilmiy faoliyat
Kompyuter grafikasi ilmiy faoliyat yo‘nalishlaridan biri hamdir. Bu sohada dissertatsiyalar himoya qilinadi va turli konferensiyalar o‘tkaziladi:
- Siggraph konferensiyasi— AQSHda o‘tkaziladi
- Eurographics konferensiyalari— Eurographics uyushmasi tomonidan har yili Yevropa mamlakatlarida o‘tkaziladi
- Grafikon konferensiyasi— Rossiyada o‘tkaziladi
- CG tadbiri— Rossiyada o‘tkaziladi
- CG Wave 2008— CG Wave, Rossiyada o‘tkaziladi
Texnik jihatlari
Tasvirlarni ifodalash usullariga qarab grafika quyidagi toifalarga bo‘linadi:
Ikki o‘lchamli grafika
Ikki o‘lchamli (2D — inglizcha two dimensions — «ikki o‘lcham») kompyuter grafikasi grafik axborotni ifodalash turi va undan kelib chiqadigan tasvirni qayta ishlash algoritmlariga ko‘ra tasniflanadi. Odatda kompyuter grafikasi vektorli va rastrli turlarga ajratiladi, biroq tasvirni ifodalashning fraktal turi ham alohida ko‘riladi.
Vektorli grafika

Vektorli grafika tasvirni geometrik sodda shakllar to‘plami sifatida ifodalaydi. Odatda bular nuqtalar, to‘g‘ri chiziqlar, aylanalar, to‘g‘ri to‘rtburchaklar, shuningdek, umumiy holatda ma’lum tartibli egri chiziqlar ham kiradi. Obyektlarga chiziq qalinligi va to‘ldirish rangi kabi xususiyatlar beriladi. Rasm koordinatalar, vektorlar va sodda shakllar to‘plamini tavsiflovchi boshqa sonlar sifatida saqlanadi. Ustma-ust kelgan obyektlarni ko‘rsatishda ularning tartibi muhimdir.
Vektor formatidagi tasvirni tahrirlash imkoniyatlari keng. Uni sifat yo‘qotmasdan kattalashtirish yoki kichraytirish, aylantirish va deformatsiyalash mumkin. Uch o‘lchamlilikni taqlid qilish ham vektorli grafikada rastrli grafikadagiga qaraganda osonroq. Sababi, har bir bunday o‘zgartirishda eski tasvir yoki uning bo‘lagi o‘chirilib, o‘rniga yangisi quriladi. Vektorli rasmning matematik tavsifi o‘zgarmaydi, faqat koeffitsiyent kabi ayrim o‘zgaruvchilarning qiymati almashadi.
Rastrli rasmni o‘zgartirganda boshlang‘ich ma’lumot faqat piksellar to‘plamining tavsifidan iborat bo‘ladi. Shu sababli kattalashtirishda oz sonli piksellarni ko‘proq pikselga, kichraytirishda esa aksincha aylantirish muammosi tug‘iladi. Eng oddiy yo‘l — bitta pikselni ayni rangdagi bir necha piksel bilan almashtirish (eng yaqin qo‘shni pikselni nusxalash, Nearest Neighbour). Murakkabroq usullarda interpolatsiya algoritmlari ishlatiladi: yangi pikselning rangi qo‘shni piksellar rang kodlari asosida hisoblanadi. Adobe Photoshop’da ham masshtablash shunga o‘xshash usulda amalga oshiriladi (bilinear va bikubik interpolatsiya).
Biroq har qanday tasvirni ham sodda geometrik shakllar to‘plami sifatida ifodalab bo‘lmaydi. Bu usul sxemalar, masshtablanuvchi shriftlar va ishbilarmonlik grafikasi uchun qulay; u multfilmlar va turli mazmundagi videoroliklar yaratishda ham keng qo‘llanadi.
Rastrli grafika

Rastrli grafika doimo piksellarning ikki o‘lchamli massivi (matritsasi) bilan ishlaydi. Har bir pikselga yorqinlik, rang, shaffoflik yoki ularning kombinatsiyasi qiymati beriladi. Rastrli tasvir ma’lum sondagi qator va ustunlardan iborat.
Rastrli tasvirlarni katta yo‘qotishlarsiz faqat kichraytirish mumkin, lekin bunda ayrim tafsilotlar butunlay yo‘qoladi. Vektorli tasvirda esa bunday emas. Rastrli tasvir kattalashtirilganda avval piksel bo‘lgan turli rangli kattalashgan kvadratlar ko‘zga tashlanadi.
Har qanday tasvirni rastrli ko‘rinishda ifodalash mumkin. Biroq ushbu saqlash usulining kamchiliklari bor: tasvirlar bilan ishlash uchun ko‘proq xotira talab qilinadi va tahrirlashda sifat yo‘qolishi mumkin.
Rastrli grafikadan alohida ijodiy ishlarni tayyorlovchi dizaynerlar, animatorlar va rassomlar, shu jumladan individual buyurtma va sotuvlar bilan ishlovchilar foydalanadi. Rastrli tasvirlar kattalashtirilganda sifatini yo‘qotgani uchun ularni ommaviy nusxalash va sotuvda ishlatish qiyin. Biroq rastrli grafika deyarli rangtasvir darajasidagi asarlar, puxtaroq dizaynlar va tezkor ishlanmalar yaratishga imkon beradi. Zarurat bo‘lsa, ular keyinchalik vektorli dasturlarda tahrirlanib, kerakli formatda qayta tayyorlanadi.[manba 2862 kundan beri ko‘rsatilmagan]
Fraktal grafika

Fraktal — alohida qismlari asosiy tuzilmalarning xususiyatlarini takrorlaydigan obyekt. Kichikroq masshtabdagi qismlarni batafsil ifodalash oddiy algoritmga asoslangani uchun bunday obyektni bir nechta matematik tenglama bilan tavsiflash mumkin.
Fraktallar tasvirlarning butun sinflarini nisbatan kam xotira bilan batafsil ifodalash imkonini beradi. Boshqa tomondan, fraktallar bu sinflarga kirmaydigan tasvirlarda unchalik qo‘l kelmaydi.
Uch o‘lchamli grafika
Uch o‘lchamli grafika (3D — inglizcha three dimensions — «uch o‘lcham») uch o‘lchamli fazodagi obyektlar bilan ishlaydi. Natija odatda tekis rasm — proyeksiya ko‘rinishida namoyon bo‘ladi. Uch o‘lchamli kompyuter grafikasi kino va kompyuter o‘yinlarida keng qo‘llanadi.
Uch o‘lchamli grafika poligonli va vokselli bo‘ladi. Voksel grafikasi rastrli grafikaga o‘xshaydi: obyekt uch o‘lchamli shakllar, ko‘pincha kublar to‘plamidan tuziladi. Poligonli kompyuter grafikasida esa obyektlar, odatda, sirtlar to‘plami ko‘rinishida ifodalanadi; eng kichik sirt elementi poligon deb ataladi. Odatda poligon sifatida uchburchak tanlanadi.
2D grafikadan farqli ravishda 3D grafika geometrik ma’lumotlarning uch o‘lchamli ifodasidan foydalanadi. Ishlash samaradorligi uchun bu ma’lumot kompyuterda saqlanadi. Undan keyinchalik tasvir chiqarish yoki real vaqtda ko‘rish uchun foydalanish mumkin.
Vektorli (poligonli) 3D grafikadagi barcha vizual o‘zgarishlarni matritsalar boshqaradi (shuningdek qarang: affin o‘zgartirish , chiziqli algebrada). Kompyuter grafikasida uch turdagi matritsa ishlatiladi:
- aylantirish matritsasi
- siljitish matritsasi
- masshtablash matritsasi
Har qanday poligonni uning uchlarining koordinatalari to‘plami sifatida ifodalash mumkin. Masalan, uchburchakning 3 ta uchi bor. Koordinatalar har bir uch uchun vektor (x, y, z) ko‘rinishida ifodalanadi. Vektorni tegishli matritsaga ko‘paytirib, yangi vektor hosil qilamiz. Shu o‘zgartirishni poligonning barcha uchlariga qo‘llasak, yangi poligon, obyektning barcha poligonlariga qo‘llasak, dastlabkisiga nisbatan aylantirilgan/siljitilgan/masshtablangan yangi obyekt hosil bo‘ladi.
Har yili Magick next-gen yoki Dominance War kabi uch o‘lchamli grafika tanlovlari o‘tkaziladi.
CGI grafika
CGI (inglizcha computer-generated imagery, so‘zma-so‘z «kompyuterda yaratilgan tasvirlar») — kompyuterda hisoblash orqali hosil qilinadigan va tasviriy san’at, matbaa, kinodagi maxsus effektlar, televideniye va simulyatorlarda qo‘llanadigan tasvirlardir. Harakatlanuvchi tasvirlarni yaratish bilan kompyuter animatsiyasi shug‘ullanadi; bu CGI grafikasining torroq yo‘nalishidir.
Kompyuterda ranglarni ifodalash

Kompyuter grafikasida rangni uzatish va saqlash uchun uni turlicha ifodalash usullari qo‘llanadi. Umuman olganda, rang muayyan rang tizimidagi koordinatalarni bildiruvchi sonlar to‘plamidan iborat.
Kompyuterda ranglarni saqlash va qayta ishlashning standart usullari insonning ko‘rish xususiyatlariga asoslanadi. Eng ko‘p ishlatiladigan tizimlar — displeylar uchun RGB , matbaa ishlari uchun esa CMYK tizimlaridir.
Ba’zan uchdan ortiq komponentli tizimlardan foydalaniladi. Bunda manbaning qaytarish yoki nurlanish spektri kodlanadi, natijada rangning fizik xususiyatlarini aniqroq tavsiflash mumkin bo‘ladi. Bunday usullar fotorealistik uch o‘lchamli renderlashda qo‘llanadi.
Grafikaning amaliy ko‘rinishi
Har qanday monitor tasviri ekran tekis bo‘lgani sababli rastrli ko‘rinishga ega: monitor ustunlar va qatorlardan tashkil topgan matritsadir. Uch o‘lchamli grafika faqat tasavvurimizda mavjud, chunki monitorda ko‘rayotganimiz uch o‘lchamli shaklning proyeksiyasidir, fazo haqidagi tasavvurni esa o‘zimiz shakllantiramiz. Shunday qilib, grafikani ifodalash rastrli yoki vektorli bo‘lishi mumkin, biroq monitorda ko‘rsatish usuli faqat rastrga (piksellar to‘plamiga) asoslanadi. Tasvirni ifodalash usuli esa shu piksellar soniga bog‘liq.
Dastlabki grafik displeylar davrida elektron nur yo‘nalishi rastr ishlatmasdan, ossillograf prinsipi asosida boshqariladigan katod-nurli displeylar mavjud edi. Ularda ko‘rsatilgan shakllar sof vektorli edi. Dasturlar murakkablashib, hal qilinadigan masalalar ko‘paygani sari bu turdagi displeylar istiqbolsiz deb topildi, chunki yetarlicha murakkab tasvirlarni shakllantira olmasdi. Shunga o‘xshash prinsip vektorli grafik chizgichlarda ishlatiladi. Farqi shundaki, vektor displeyda tasvir murakkabligi lyuminoforning so‘nggi yaltirash davomiyligi bilan cheklanadi, vektorli plotterda esa bunday cheklov yo‘q.
Adabiyotlar
- Kolodnikov A. I. Kompyuter dizaynining dastlabki shakllari: piksel grafikasi va rastrli tizim // Terra artis. San’at va dizayn. 2022. № 3. 36–41-betlar.
- Knabe G. A. Bosma mahsulot dizaynerining ensiklopediyasi. Professional faoliyat. — Kiyev: «Dialektika», 2005. — B. 736. — 3000 nusxa. — ISBN 5-8459-0906-6.
- Nikulin Ye. A. Kompyuter grafikasi. Modellar va algoritmlar. Sankt-Peterburg: «Lan» nashriyoti. — 708 bet. (2017). Murojaat qilingan sana: 24-noyabr, 2018-yil. Asl nusxadan arxivlangan 24-noyabr, 2018-yilda.
- Nikulin Ye. A. Kompyuter geometriyasi va mashina grafikasi algoritmlari. — Sankt-Peterburg: BXV-Peterburg, 2003. — 560 bet. — 3000 nusxa. — ISBN 5-94157-264-6.
- Kompyuter fantastik olamlarni chizadi (2-qism) // Kompyuter aql-idrokka ega bo‘lmoqda = Artificial Intelligence Computer Images / V. L. Stefanyuk tahriri ostida. — Moskva: Mir, 1990. — 240 bet. — 100 000 nusxa. — ISBN 5-03-001277-X (ruscha); 7054 0915 5 (inglizcha).
- Donald Hern, M. Polin Beyker. Kompyuter grafikasi va OpenGL standarti = Computer Graphics with OpenGL. — 3-nashr. — Moskva: «Vilyams», 2005. — B. 1168. — ISBN 5-8459-0772-1.
- Edvard Engel. Interaktiv kompyuter grafikasi. OpenGL asosidagi kirish kursi = Interactive Computer Graphics. A Top-Down Approach with Open GL. — 2-nashr. — Moskva: «Vilyams», 2001. — B. 592. — ISBN 5-8459-0209-6.
- Sergeyev Aleksandr Petrovich, Kushchenko Sergey Vladimirovich. Kompyuter grafikasi asoslari. Adobe Photoshop va CorelDRAW — ikkalasi birda. Mustaqil o‘rganish qo‘llanmasi. — Moskva: «Dialektika», 2006. — B. 544. — ISBN 5-8459-1094-3.
Havolalar
- Videodagi N o‘lchamli kompyuter matematik parametrik grafikasi
- Onlayn rasm chizish (rasm chizish vositalari, professional rastrli va vektorli muharrirlar)
- Kompyuter grafikasiga umumiy kirish
- Seliverstov M. «3D kino — yangilikmi yoki yaxshi unutilgan eskilikmi?»
- Rossiyadagi ilk kompyuter grafikasi studiyalaridan biri — Begemot, 1993-yildan beri shu sohada faoliyat yuritadi.
- 3D kompyuter grafikasi havolalar katalogida Open Directory Project (dmoz)