| Glyukoza | |
|---|---|
| | |
| Umumiy ma'lumotlar | |
| Tizimli nomlanishi |
(2R,3S,4R,5R)-2,3,4,5,6-pentagidroksigeksanal (D-glyukoza), (2S,3R,4S,5S)-2,3,4,5,6-pentagidroksigeksanal (L-glyukoza) |
| An'anaviy nomlari | Glyukoza, dekstroza |
| Kimyoviy formulasi | C6H12O6 |
| Fizik xossalari | |
| Agregat holati | rangsiz kristallar |
| Molyar massa | 180,16 g/mol |
| Zichlik | 1,5620 g/sm³ |
| Issiqlik xossalari | |
| Harorat | |
| • erish |
α-D-glyukoza: 146 °C (monogidrat: 83 °C) β-D-glyukoza: 148–150 °C |
| Kimyoviy xossalari | |
| Eruvchanlik | |
| • suvda |
32,3 g/100 ml (0 °C) 82 g/100 ml (25 °C) 562 g/100 ml (90,8 °C) |
| • 80 % li etanolda | 2 g/100 ml |
| Optik aylantirish |
α-D-glyukoza: +112,2° β-D-glyukoza: +18,7° |
| Tuzilishi | |
| Dipol momenti | 14,1 D |
| Tasnifi | |
| Ro‘yxatga olish raqami CAS |
50-99-7 (D-glyukoza) 921-60-8 (L-glyukoza) |
| PubChem | 5793 |
| Ro‘yxatga olish raqami EINECS | 200-075-1 |
| RTECS | LZ6600000 |
| ChEBI | 17234 |
| Ma'lumotlar standart sharoitlar (25 °C, 100 kPa) uchun keltirilgan, agar boshqacha ko‘rsatilmagan bo‘lsa. | |
Glyukoza, yoki uzum shakari, yoki dekstroza (D-glyukoza), C6H12O6 — organik birikma, uglevod, monosaxarid (6 uglerod atomli gidroksialdegid, geksoza), tirik organizmlarda eng keng tarqalgan energiya manbalaridan biri hisoblanadi. U sharbatida glyukoza mavjud bo‘lgan ko‘plab mevalar va rezavor mevalar, jumladan, uzum tarkibida uchraydi. Shu sababli bu turdagi shakar «uzum shakari» deb ataladi. Glyukoza qoldig‘i polisaxaridlar (selluloza, kraxmal, glikogen) hamda ayrim disaxaridlar (maltoza, laktoza va saxaroza) tarkibiga kiradi. Ular ovqat hazm qilish yo‘lida monomerlarga parchalanadi: masalan, saxaroza — glyukoza va fruktozaga, laktoza esa glyukoza va galaktozaga parchalanadi va hokazo.
Etimologiyasi
«Glyukoza» nomi 1838-yilda Jan-Batist Dyuma tomonidan berilgan. Nomning kelib chiqishi yunoncha γλυκύς so‘ziga borib taqaladi; u «shirin» degan ma'noni bildiradi. Fridrix Avgust Kekule «dekstroza» atamasini taklif qilgan, chunki glyukozaning suvli eritmasi chiziqli qutblangan yorug‘lik tekisligini o‘ngga buradi, «dexter» esa lotin tilida «o‘ng» degan ma'noni bildiradi.
Tarixi
Glyukoza insoniyatga qadim zamonlardan ma'lum bo‘lgan bo‘lishi mumkin, chunki uning kristallari asal tarkibidan ajralib chiqadi. Biroq uni sof holda ancha keyin ajratib olishgan: nemis kimyogari Andreas Marggraf 1747-yilda uni uzum sharbatidan olgan. Jozef Lui Prust 1801-yilda xuddi shu uzum sharbatidan α-D-glyukoza kristallarini cho‘ktirib olgan. Ushbu tajribalar tufayli glyukoza uchun «uzum shakari» degan an'anaviy nom mustahkam o‘rnashgan.
Glyukozaning shirinlashtiruvchi modda sifatida ishlatilishi shunga bog‘liqki, Napoleon urushlari davrida qamish shakarining yetkazib berilishi Vest-Indiyadan to‘sib qo‘yilgan. Miloddan avvalgi 1000-yillarda Xitoyda kraxmaldan (guruchni fermentatsiyalash yo‘li bilan) sun'iy shirinlashtiruvchi modda — disaxarid maltoza olingan. XVIII asr oxiriga kelib Yevropada kraxmalga kislota bilan ishlov berib, shirin modda olish mumkinligi ma'lum edi. Aynan shu narsa K. S. Kirxgofga qizdirish orqali kartoshka kraxmalidan va sulfat kislotadan foydalanib, shirin siropsimon modda olish imkonini bergan. Jarayonni takomillashtirish natijasida u tindirilganda kristallanadigan sirop olgan. Olingan massani presslab qattiq mahsulotga aylantirish va shu holda sotishga ham urinishgan. Ammo Napoleon mag‘lubiyatga uchrab, shakar yetkazib berish tiklanganligi sababli ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishning imkoni bo‘lmagan.
Glyukozani kraxmaldan olish jarayonini fransuz kimyogari Sossyur o‘rgangan. U kraxmal gidrolizga uchrashini, bunda uglevod bo‘laklari orasidagi bog‘lar uzilishini va har bir bog‘ uzilishiga bitta suv molekulasi sarflanishini aniqlagan.
Shuningdek, glyukoza siropidan tayyorlangan konfetlar saxarozadan tayyorlangan konfetlarga qaraganda unchalik shirin emasligi aniqlangan. Shu sababli Germaniyada va Yevropaning boshqa mamlakatlarida glyukoza ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgan.
O‘sha davrda sanoatda olinadigan glyukoza yetarlicha toza bo‘lmagan va sirop ko‘rinishida ishlab chiqarilgan. Uni suvdan qayta-qayta kristallantirish yoki organik erituvchilardan foydalanishga to‘g‘ri kelgan. Ko‘p miqdorda ishlab chiqarilgan yagona qattiq shakli qolipga quyilgan glyukoza edi: sirop qoliplarga quyilib, o‘sha yerda qotirilgan.
1923-yilda AQSHda Uilyam B. Nyukirk (ingl. William B. Newkirk) glyukoza olishning sanoat usulini patentlagan. Ushbu usulda kristallanish sharoitlari puxta nazorat qilingan, natijada glyukoza eritmadan yirik va toza kristallar holida ajralgan.
Molekulasining tuzilishi
Glyukoza aldogeksozalar sinfiga kiradi, ya'ni oltita uglerod atomi, aldegid guruhi va beshta gidroksil guruhiga ega poligidroksialdegiddir. Uning tuzilishidagi to‘rtta uglerod atomi xiral bo‘lib, shu sababli aldogeksozalarning 16 ta stereoizomeri mavjud: ularning ayrimlari tabiatda uchraydi, ayrimlari esa sun'iy sintez qilingan. XIX asr oxirida glyukozaning xiral markazlari aniq konfiguratsiyasini nemis kimyogari Emil Fisher aniqlagan. U buni shakarlarning uglerod zanjirini uzaytirish va qisqartirish reaksiyalari orqali amalga oshirgan. Tabiatda eng keng tarqalgan monosaxarid D-glyukozadan tashqari, uning enantiomeri L-glyukoza ham mavjud bo‘lib, tabiatda deyarli uchramaydi.
D-glyukozaning formulasi ko‘pincha ochiq zanjirli shaklda tasvirlanadi. Aslida esa D-glyukoza halqasimon shaklda bo‘lib, bu shakl birikish reaksiyasi orqali, ya'ni 5-holatdagi uglerodga bog‘langan OH-guruhning aldegid guruhiga qo‘shilishi natijasida hosil bo‘ladi. Bunda vujudga keladigan halqasimon yarimatsetal barqarordir: eritmalarda ham, kristall holatda ham D-glyukozaning 99 % dan ortiq qismi yarimatsetal shaklda bo‘ladi. Umuman, bunday shakl piranoza shakli deb ataladi (bu nom piran — bitta kislorod atomiga ega olti a'zoli geterohalqa nomidan kelib chiqqan). Halqasimon D-glyukoza esa D-glyukopiranoza deb ataladi.
Ta'riflangan halqalanishda yarimatsetal uglerod atomida yangi stereomarkaz paydo bo‘ladi. Shu bois D-glyukopiranoza ikki xil diastereomer ko‘rinishida mavjud bo‘lishi mumkin. Ular anomerlar deb ataladi: α-D-glyukopiranoza va β-D-glyukopiranoza (qisqacha α-D-glyukoza va β-D-glyukoza; α-anomer va β-anomer). Uglevodlarning halqasimon shakllarini Xeuors proyeksiyalari yordamida, ya'ni o‘rinbosarlari halqa tekisligining ustida va ostida joylashgan ideal olti a'zoli halqalar ko‘rinishida tasvirlash qulay.
Glyukoza molekulasining haqiqiy tuzilishini «kreslo» konformatsiyasi orqali aniqroq tasvirlash mumkin. Bunda D-glyukopiranozaning barcha gidroksil guruhlari ekvatorial holatda joylashadi (anomerga qarab ekvatorial yoki aksial holatda bo‘lishi mumkin bo‘lgan anomer gidroksil guruhi bundan mustasno). Ekvatorial holat aksial holatga qaraganda energetik jihatdan qulayroq. Bu glyukozaning tabiatda eng keng tarqalgan monosaxarid ekanini ham izohlaydi.
Eritmalarda α-D-glyukopiranoza va β-D-glyukopiranoza muvozanatda bo‘ladi va ochiq zanjirli shakl hosil bo‘lishi orqali bir-biriga aylanadi. Muvozanatda α-anomerning 31 °C haroratdagi ulushi 38 %, barqarorroq β-anomerniki esa 62 % ni tashkil etadi. Sof anomerlarni kristall holda olish mumkin: α-anomer suvdan monogidrat shaklida kristallanadi, β-anomer esa piridindan kristallanadi.

Fizik xossalari
Glyukoza — hidsiz, rangsiz kristall modda. Shirin ta'mga ega. D-glyukoza uchta kristall shaklda uchraydi: suvsiz α-D-glyukopiranoza, α-D-glyukopiranoza monogidrati va suvsiz β-D-glyukopiranoza (β-D-glyukopiranoza monogidrati ham tavsiflangan). Suvsiz shakllar ortorombik kristallarga, gidrat esa monoklin kristallarga ega. Uchala shakl erish harorati bilan farqlanadi: α-anomer 146 °C haroratda, uning monogidrati 83 °C haroratda, β-anomer esa 148—150 °C haroratda eriydi.
D-glyukopiranoza anomerlari optik faol: α-anomerning solishtirma optik aylantirish burchagi +112,2°, β-anomerniki esa +18,9°. Eritilganda ikkala anomer ham mutarotatsiyaga uchraydi, ya'ni 62 % β-anomer va 38 % α-anomerdan tashkil topgan muvozanat aralashmasiga aylanadi. Ushbu aralashmaning solishtirma optik aylantirish burchagi +52,7° ga teng.
Olinishi
Glyukoza siroplarini ishlab chiqarish
Kraxmalning kislotali gidrolizi

Glyukoza ishlab chiqarishning yagona xomashyosi kraxmal hisoblanadi. Biroq glyukozaning boshqa bir tabiiy polimeri — sellulozadan foydalanishga ham urinishlar mavjud. Kraxmalning asosiy manbai makkajo‘xori: 100 % glyukozali shirinlashtiruvchi moddalar AQSHda va 84 % Yaponiyada makkajo‘xori kraxmalidan ishlab chiqariladi. Shuningdek, dunyoda yetishtiriladigan makkajo‘xorining 70 % glyukoza ishlab chiqarishga sarflanadi. Yevropada bug‘doy kraxmalidan foydalanish asta-sekin ortib bormoqda, ammo hozir ham asosan makkajo‘xori kraxmalidan foydalaniladi. Avstraliyada glyukoza faqat bug‘doy kraxmalidan olinadi. Osiyoda esa sago, tapioka va makkajo‘xori kraxmalidan foydalaniladi.
Glyukoza olish uchun kraxmal gidrolizlanib, bunda kislotalar yoki fermentlar ishtirok etadi. Bunda kraxmal polimerlari — amiloza va amilopektin tarkibidagi glyukoza bo‘g‘inlari orasidagi bog‘lar uzilib, monomer (D-glyukoza) hamda ma'lum miqdorda dimerlar: maltoza va izomaltoza hosil bo‘ladi. Kislotali gidroliz uchun kraxmalning suvdagi suspenziyasi tayyorlanadi (massa bo‘yicha 30—40 %) hamda pH qiymati 2 yoki undan past darajaga tushiriladi. Atmosfera bosimida kislotali gidroliz 6 soat davom etadi. Biroq zamonaviy qurilmalarda jarayonni yuqoriroq bosim va shunga mos ravishda yuqoriroq haroratda o‘tkazish mumkin. Bosim 415—620 kPa va harorat 160 °C gacha bo‘lganda kraxmal bir necha daqiqada gidrolizlanadi. Reaksiya neytrallovchi modda (odatda natriy karbonat) qo‘shish orqali to‘xtatiladi va pH 4-5,5 gacha oshiriladi.
Gidrolizdan keyin kraxmalda dastlab bo‘lgan erimaydigan aralashmalar sentrifugalash yoki filtrlash orqali, eriydigan aralashmalar esa faollashtirilgan ko‘mir va ion almashinuvchi smolalar yordamida chiqarib tashlanadi. Smolalar hosil bo‘lgan glyukozani rangsizlantirishga ham imkon beradi. Yakuniy eritma bug‘latib quyuqlashtiriladi. Glyukoza siroplarining aksariyati 70—85 % li eritma holida sotiladi, ammo ularni qattiq holatgacha bug‘latish ham mumkin.
Glyukoza siroplari kraxmalning gidrolizlanish darajasi bilan farqlanadi. Bu daraja yakuniy mahsulotdagi qaytaruvchi shakarlar miqdori bo‘yicha baholanadi va dekstroza ekvivalenti (DE) bilan ifodalanadi. Qizig‘i shundaki, kislotali gidroliz umuman olganda tasodifiy kechadigan jarayon bo‘lsa-da, konversiya darajasi bir xil bo‘lganda yakuniy mahsulotning uglevod tarkibi deyarli bir xil takrorlanadi. Ayrim hollarda bu holat cheklov tug‘diradi, chunki ishlab chiqaruvchi uglevodlar nisbatini moslashuvchanroq boshqarishni istashi mumkin. Shu sababli sanoatda kraxmalning fermentativ gidrolizidan foydalanila boshlangan.
Kraxmalning fermentativ gidrolizi
Fermentativ gidroliz kislotali gidrolizga qo‘shimcha sifatida qo‘llanadi. Dastlab bu usul bilan konversiya darajasini oshirish, tarkibida glyukoza ko‘proq bo‘lgan shirinroq va kamroq qovushqoq sirop olishga urinishgan. Biroq fermentativ gidroliz mahsulotdagi glyukoza va maltoza nisbatini ham boshqarish imkonini beradi. Buning uchun pH 4—6 gacha oshiriladi, harorat esa 60—70 °C gacha pasaytiriladi, so‘ng kerakli tarkibga qarab tanlangan fermentlar qo‘shiladi. Bakterial α-amilazalar kraxmaldagi α-1,4-glikozid bog‘larini tasodifiy tarzda parchalaydi. β-Amilazalar va zamburug‘ α-amilazalari ham xuddi shu bog‘larni parchalaydi, ammo asosan maltoza hosil qiladi. Glyukoamilaza qaytarmaydigan uchidan bittadan glyukoza molekulasini ajratadi, shuningdek α-1,6-bog‘larni ham parchalashi mumkin. Pullulanaza α-1,6-bog‘larni parchalaydi. Jarayon tugagach, fermentlar qizdirish yoki pH ni o‘zgartirish orqali faolsizlantiriladi.
Issiqlikka chidamli α-amilazalarning kashf etilishi to‘liq fermentativ jarayonlarni ishlab chiqish, konversiya darajasi va mahsulotning uglevod tarkibini yanada aniqroq boshqarish imkonini berdi. Fermentlar pH 6-6,5 bo‘lgan kraxmal suspenziyasiga qo‘shiladi, so‘ng suspenziya bug‘ yordamida 103—107 °C gacha qizdirilib, 5-10 daqiqa saqlanadi, keyin esa 1—2 soat 95 °C haroratda ushlab turiladi. Shundan so‘ng, kislotali gidrolizdagi kabi, ikkilamchi fermentativ gidroliz o‘tkaziladi.
Umumiy shakarni ishlab chiqarish
Glyukozaning katta qismi sirop holida sotiladi, biroq qattiq glyukozaga ham oz miqdorda talab mavjud. U sof holda ham, umumiy shakar (ingl. total sugars) — kraxmalning qotirilgan gidrolizati ko‘rinishida ham ishlab chiqariladi. Umumiy shakar tarkibida maltoza sezilarli miqdorda bo‘lishi (DE<20), uning deyarli sof glyukozadan iborat bo‘lishi (95-99 %), shuningdek, tarkibida ma'lum miqdorda fruktoza bo‘lishi ham mumkin.
Kristall glyukoza ishlab chiqarish
Dastlab sof kristall glyukoza kislotali muhitda gidrolizlangan kraxmaldan olinardi. Bunday sharoitda glyukoza miqdorini atigi 88 % darajaga yetkazish mumkin edi, chunki gidroliz vaqtida mutarotatsiya va izomerlanish bilan bog‘liq qo‘shimcha mahsulotlar hosil bo‘lardi. 1938-yildan fermentativ gidroliz qo‘llana boshladi va bu yanada toza glyukoza olishga imkon berdi.
α-D-glyukoza monogidrati kristallantirish yo‘li bilan olinadi: o‘ta to‘yingan siropning quruq modda ulushi 74—79 %, glyukoza ulushi esa 95—96 %. Bunday siroplar konversiyani maksimal darajaga yetkazishga qaratilgan fermentativ gidroliz yordamida tayyorlanadi. Sirop 46—50 °C gacha sovitilib, oldingi partiyadan olingan urug‘ kristallar bilan aralashtiriladi. So‘ng sirop 20—40 °C gacha 2—5 kun davomida sekin sovitiladi. Bunda taxminan 60 % α-D-glyukoza monogidrati shaklida kristallanadi. Ona eritma sentrifugalarda ajratiladi, glyukoza kristallari suv bilan yuviladi va shu yerning o‘zida iloji boricha quruq holatgacha quritiladi (14 % namlik). So‘ng issiq havo oqimida 8,5—9 % namlik darajasigacha qo‘shimcha quritiladi (monogidratdagi suvning nazariy miqdori — 9,08 %). Aralashmalar kristallanishga xalaqit bermaydi. Shu sababli ona eritma quyuqlashtirilib, kristallarning ikkinchi porsiyasi olinadi yoki keyingi sirop partiyasi bilan birlashtiriladi. Siropdan glyukoza monogidratini ajratib olish darajasi 87,5 %. Ona eritmani takror kristallantirish orqali ajratib olish darajasi 100 %.
Suvsiz α-D-glyukoza 60—65 °C haroratda, vakuumda erituvchini bug‘latish sharoitida kristallanadi. Dastlabki siroplar yetarlicha toza bo‘lishi kerak. Kristallanish sikli monogidratnikidan ancha qisqa bo‘lib, 6—8 soatni tashkil etadi. Kristallar yuqorida ta'riflangandek ajratiladi va quritiladi. Tayyor mahsulot tarkibidagi suv miqdori 0,1 %.
Suvsiz β-D-glyukoza 100 °C dan yuqori haroratda kristallantirish orqali olinadi. Qo‘shimcha qiyinchilik β-D-glyukozaning suvda α-D-glyukozaga nisbatan ancha yaxshi erishi bilan bog‘liq (72 % va 30 % , harorat 25 °C).
Kimyoviy xossalari
Glyukoza qaytarilganda olti atomli spirt (sorbit) hosil bo‘lishi mumkin. Glyukozaning oksidlanishidan qo‘llaniladigan usulga qarab uch xil mahsulot olinishi mumkin: glyukon kislotaga (bunda oksidlanadigan qism — aldegid guruhi), glyukar kislotaga (bunda birlamchi OH-guruh ham oksidlanadi) yoki glyukuron kislotaga (bunda faqat birlamchi OH-guruh oksidlanadi).
Glyukoza qaytaruvchi shakar bo‘lgani uchun qaytaruvchilik xossalarini namoyon qiladi. Bu xossalar quyidagi reaktivlar bilan reaksiyalarda ko‘rinadi: Tollens reaktivi (ammiakli eritmadagi kumush oksidi), Benedikt reaktivi va Feling reaktivi (tarkibida mis bo‘lgan reaktivlar)[manba 1849 kundan beri ko‘rsatilmagan].
Glyukoza shuningdek, quyidagidek o‘ziga xos xossalarga ega: bijg‘ish — fermentlar ta'sirida parchalanish jarayoni. Bijg‘ishning bir necha turi mavjud: spirtli bijg‘ish (bunda etanol va karbonat angidrid hosil bo‘ladi), sut kislotali bijg‘ish (bunda sut kislotasihosil bo‘ladi), moy kislotali bijg‘ish (bunda butan kislotasi, vodorod va karbonat angidrid hosil bo‘ladi), atsetonli bijg‘ish (bunda butanol, atseton, vodorod va karbonat angidrid hosil bo‘ladi), limon kislotali bijg‘ish (bunda limon kislotasi)[manba 1849 kundan beri ko‘rsatilmagan].
Biologik ahamiyati
Glyukoza — fotosintezning asosiy mahsuloti bo‘lib, Kalvin siklida hosil bo‘ladi.
Organizm odamniki yoki hayvonniki bo‘lishidan qat'i nazar, glyukoza undagi eng asosiy va universal energiya manbai bo‘lib, metabolik jarayonlarni ta'minlaydi. Glyukoza glikoliz jarayonining substrati hisoblanadi. Bu jarayonda u aerob sharoitda piruvatgacha, anaerob sharoitda esa laktatgacha oksidlanishi mumkin. Shu tarzda glikolizda hosil bo‘lgan piruvat keyinchalik dekarboksillanadi, natijada atsetil-KoA (atsetilkoenzim A) hosil bo‘ladi. Piruvatning oksidlovchi dekarboksillanishi davomida NAD+ kofermenti ham qaytariladi. Atsetil-KoA keyinchalik Krebs siklida ishtirok etadi, qaytarilgan koferment esa nafas olish zanjirida ishlatiladi.
Hayvonlarda glyukoza glikogen, o‘simliklarda esa kraxmal shaklida zaxiralanadi. Glyukoza polimeri — selluloza — hujayra devorlarining asosiy tarkibiy qismi bo‘lib, barcha yuksak o‘simliklarda mavjud. Glyukoza hayvonlarning sovuqqa bardosh berishiga ham yordam beradi. Masalan, ayrim qurbaqalar turlarida qishdan oldin qondagi glyukoza miqdori ko‘tariladi va shu tufayli ularning tanasi muz ichida muzlab qolishga bardosh bera oladi.
Qo‘llanilishi
Tibbiyotda

Glyukoza intoksikatsiyada (masalan, ovqatdan zaharlanish va infeksiyalarda) qo‘llanadi. U universal zaharlanishga qarshi vosita hisoblangani uchun vena ichiga oqim va tomchilab yuboriladi.
Glyukoza organizmni regidratatsiya qilish uchun uglevod manbai sifatida, jumladan, parenteral oziqlantirish uchun ham qo‘llanadi.
Shuningdek, glyukoza asosidagi preparatlar va glyukozaning o‘zi endokrinologlar tomonidan qandli diabetning mavjudligi va turini aniqlashda (organizmga ko‘proq glyukoza yuborish orqali o‘tkaziladigan yuklama testi shaklida) ishlatiladi.
Glyukoza tibbiyotda oziq moddasi va qon o‘rnini bosuvchi, shokka qarshi suyuqliklarning tarkibiy qismi sifatida qo‘llanadi. Bundan tashqari, tibbiyotda glyukon kislotaning kalsiyli tuzi ham keng qo‘llanadi (kalsiy glyukonat).
Tibbiy maqsadlarda glyukoza odatda inyeksiya yoki infuziya uchun eritma, shuningdek tabletka shaklida qo‘llanadi.
Oziq-ovqat sanoatida
Oziq-ovqat sanoatida glyukoza non yopishda, qandolatchilikda, shuningdek quyultirilgan sut, muzqaymoq, qatiq, kefir ishlab chiqarishda ham qo‘llanadi. Bundan tashqari, spirt, vino va pivo ishlab chiqarishda ham ishlatiladi.
Qishloq xo‘jaligida
Qishloq xo‘jaligida glyukoza ko‘pincha quyidagi maqsadda qo‘llanadi: asalarilarni qo‘shimcha oziqlantirish.
Kimyo sanoatida
Glyukozadan quyidagi moddalarni olishda foydalaniladi: C vitamini (askorbin kislota), sorbit va biopolimerlar.
Adabiyotlar
- Linevich L. I. Glyukoza // Kimyo ensiklopediyasi : 5 jildda / Bosh muharrir I. L. Kunyans. — Moskva: Sovet ensiklopediyasi, 1988. — J. 1: A — Darzana. — B. 589–590. — 623 b. — 100 000 nusxa — ISBN 5-85270-008-8.
- Terney A. Zamonaviy organik kimyo : 2 jildda. — Moskva : Mir, 1981. — J. 2.
- Schenck F. W. Glucose and Glucose-Containing Syrups (ingl.) // Ullmann's Encyclopedia of Industrial Chemistry. — Wiley, 2006. — doi:10.1002/14356007.a12_457.pub2.
- Yelnitskiy A. P. Kimyo: rus tilida ta'lim beriladigan umumiy o‘rta ta'lim muassasalarining 11-sinfi uchun darslik / A. P. Yelnitskiy, E. I. Sharapa. — 3-nashr, qayta ko‘rilgan va to‘ldirilgan. — Minsk : Narodnaya asveta, 2013. — 318 bet / rasmlar. ISBN 978-985-03-1960-9.
Havolalar
- 1H va 13C α-D-glyukozaning YaMR spektrlari. Sigma-Aldrich. Murojaat qilingan sana: 9-aprel 2019-yil.
- α-D-glyukozaning infraqizil spektri. Sigma-Aldrich. Murojaat qilingan sana: 9-aprel 2019-yil.
- α-D-glyukozaning Raman (kombinatsion sochilish) spektri. Sigma-Aldrich. Murojaat qilingan sana: 9-aprel 2019-yil.

