Avtotebranishlar nima

Avtotebranishlar — dissipativ dinamik tizimda chiziqli bo‘lmagan teskari aloqa orqali yuzaga keladigan, doimiy, ya’ni davriy bo‘lmagan tashqi ta’sir energiyasi hisobiga saqlanib turadigan so‘nmas tebranishlardir.

Avtotebranishlar majburiy tebranishlardan shunisi bilan farq qiladiki, majburiy tebranishlar davriy tashqi ta’sir natijasida yuzaga keladi va shu ta’sirning chastotasi bilan sodir bo‘ladi; avtotebranishlarning yuzaga kelishi va ularning chastotasi esa avtotebranish tizimining ichki xususiyatlari bilan belgilanadi.

«avtotebranishlar» atamasi rus tilidagi ilmiy terminologiyaga A. A. Andronov tomonidan 1928-yilda kiritilgan.

Misollar

Avtotebranishlarga quyidagilar misol bo‘la oladi:

  • soat mayatnigining so‘nmaydigan tebranishlari — soat mexanizmidagi osma yukning og‘irlik kuchi doimiy ta’sir etishi hisobiga;
  • bir tekis harakatlanayotgan kamon ta’sirida skripka torining tebranishlari
  • o‘zgaruvchan tokning multivibrator va boshqa elektron generatorlar zanjirlarida doimiy ta’minot kuchlanishi ta’sirida hosil bo‘lishi;
  • havo bir tekis uzatilganda organ cholg‘usi quvuridagi havo ustunining tebranishi (shuningdek, turg‘un to‘lqin)
  • flutter va bafting — uchish apparati konstruksiyasi elementlaridagi tebranishlar.

Avtotebranishlar tabiatdagi ko‘plab hodisalarning asosini tashkil etadi:

  • bir tekis havo oqimi ta’sirida o‘simlik barglarining tebranishi;
  • daryolarning sayoz va ostonali qismlarida turbulent oqimlarning paydo bo‘lishi;
  • odamlar, hayvonlar va qushlarning ovozi havo ovoz boylamlari orasidan o‘tganida yuzaga keladigan avtotebranishlar tufayli hosil bo‘ladi;
  • muntazam otilib turadigan geyzerlar faoliyati va boshqalar.

Turli xil texnik qurilma va moslamalarning juda ko‘pida ishlash prinsipi avtotebranishlarga asoslanadi. Jumladan:

Ko‘rsatilgan hodisa — Takoma ko‘prigining qulashi (AQSH, Vashington shtati) 7-noyabr 1940-yilda shamol ta’sirida yuzaga kelgan avtotebranishlar oqibatida sodir bo‘lgan.

Shu bilan birga, ayrim texnik tizimlarda avtotebranishlar konstruktori buni ko‘zlamagan holda, texnik parametrlar noto‘g‘ri tanlangani sababli paydo bo‘lishi mumkin. Bunday avtotebranishlar nomaqbul (masalan, suvning ayrim sarf miqdorlarida jo‘mrakning «g‘irillashi»), ko‘pincha esa vayronkor bo‘lib, tizimda katta miqdorda energiya aylanib turganda og‘ir oqibatli avariyalarga sabab bo‘lishi mumkin. Masalan:

  • elektr stansiyalari turbinalarida;
  • reaktiv aviatsiya (pompage (kompressorning beqaror ishlash rejimi)) va raketa dvigatellarida;
  • yuqori bosimli gaz va suyuqlik magistrallarida;
  • flutter (uchish apparatlari turli elementlarining aerodinamik tebranishi);
  • shamol rezonansi — muayyan tezlikdagi shamol ta’sirida aerodinamik qarshiligi katta bo‘lgan baland inshootlarda yuzaga keladigan avtotebranishlar (Karman girdoblari paydo bo‘lishi) va boshqalar.

Avtotebranishlar mexanizmi

1-rasm. Avtotebranishlar mexanizmi

Avtotebranishlar mexanik, issiqlik, elektromagnit yoki kimyoviy tabiatga ega bo‘lishi mumkin. Turli tizimlarda ularning paydo bo‘lishi va davom etish mexanizmi fizika yoki kimyoning har xil qonunlariga asoslanadi. Har bir tizimdagi avtotebranishlarni aniq miqdoriy tavsiflash uchun turlicha matematik apparat talab qilinishi mumkin. Shunga qaramay, barcha avtotebranish tizimlari uchun umumiy bo‘lgan, ushbu mexanizmni sifat jihatidan ifodalovchi sxemani keltirish mumkin (1-rasm).

Sxemada: S — doimiy (davriy bo‘lmagan) ta’sir manbai; R — doimiy ta’sirni o‘zgaruvchan (masalan, vaqt bo‘yicha uzlukli) ta’sirga aylantiradigan chiziqli bo‘lmagan rostlagich. U ossillyatorni, ya’ni V elementi bilan ifodalangan tizimning tebranuvchi qismini harakatga keltiradi; ossillyator tebranishlari esa teskari aloqa B orqali R rostlagichning ishini boshqarib, uning ta’sir fazasini va chastotasini belgilaydi. Avtotebranish tizimidagi dissipatsiya (energiyaning sochilishi) doimiy ta’sir manbaidan keladigan energiya hisobiga qoplanadi, shu tufayli avtotebranishlar so‘nmaydi.

2-rasm. Mayatnikli soatning xrapovikli mexanizmi sxemasi

Agar tizimning tebranuvchi elementi o‘zining so‘nuvchi tebranishlarini yuzaga keltira olsa (ya’ni garmonik dissipativ ossillyator bo‘lsa), avtotebranishlar (bir davr davomida tizimga kirgan energiya sochilgan energiyaga tenglashganda) shunday chastotada qaror topadiki, u ossillyatorning rezonans chastotasiga yaqin bo‘ladi; tebranishlarning shakli garmonik shaklga yaqinlashadi, amplitudasi esa ma’lum qiymatlar oralig‘ida doimiy tashqi ta’sir qanchalik katta bo‘lsa, shunchalik katta bo‘ladi.

Bunday tizimga 2-rasmda sxemasi keltirilgan mayatnikli soatning xrapovikli mexanizmi misol bo‘ladi. Xrapovikli g‘ildirakning A o‘qiga (bu tizimda u chiziqli bo‘lmagan rostlagich vazifasini bajaradi) doimiy kuch momenti M ta’sir etadi. Bu moment tishli uzatma orqali soatning buralgan prujinasidan yoki osma yukidan uzatiladi. A g‘ildirak aylanganda uning tishlari qisqa muddatli kuch impulslarini mayatnikka P (ossillyatorga) uzatadi, natijada uning tebranishlari so‘nmaydi. Mexanizmning kinematikasi tizimda teskari aloqa vazifasini bajaradi: u g‘ildirak aylanishini mayatnik tebranishlari bilan shunday sinxronlashtiradiki, bir to‘liq tebranish davrida g‘ildirak bir tishiga mos burchakka buriladi.

Garmonik ossillyatorga ega bo‘lmagan avtotebranish tizimlari relaksatsion tizimlar deb ataladi. Ulardagi tebranishlar garmonik tebranishlardan keskin farq qilishi, to‘g‘ri to‘rtburchak, uchburchak yoki trapetsiya shaklida bo‘lishi mumkin. Bu tebranishlarning amplitudasi va davri doimiy ta’sir kattaligi bilan tizimning inersion va dissipativ xususiyatlari o‘rtasidagi nisbatga qarab belgilanadi.

3-rasm. Elektr qo‘ng‘iroq

Relaksatsion avtotebranishlarga eng oddiy misol 3-rasmdagi elektr qo‘ng‘iroqning ishlashidir. Bu yerda doimiy (davriy bo‘lmagan) ta’sir manbai — U elektr batareyasi; chiziqli bo‘lmagan rostlagich vazifasini T uzgich bajaradi. U elektr zanjirini navbatma-navbat ulab va uzib turadi, natijada zanjirda uzlukli tok yuzaga keladi. Tebranuvchi elementlar — magnit maydoni (u davriy ravishda elektromagnitning E o‘zagida hosil bo‘ladi) va A yakor (u o‘zgaruvchan magnit maydoni ta’sirida harakatlanadi). Yakorning tebranishlari uzgichni ishga tushiradi va shu tariqa teskari aloqa yuzaga keladi.

Tizimning inersion xususiyatlari ikki fizik kattalik bilan belgilanadi: inersiya momenti (A yakorniki) va induktivlik (elektromagnit E chulg‘aminiki). Parametrlardan istalgan birining ortishi avtotebranishlar davrini uzaytiradi.

Tizimda bir-biridan mustaqil tebranadigan, bir vaqtning o‘zida chiziqli bo‘lmagan rostlagichga yoki bir nechta rostlagichga ta’sir etadigan bir necha element bo‘lsa, avtotebranishlar murakkab tus olib, masalan, aperiodik yoki dinamik xaos shaklida namoyon bo‘lishi mumkin.

Maklakov bolg‘asi

Bolg‘a zarbalarni energiya manbai — o‘zgaruvchan tok hisobiga beradi; zarba berish chastotasi esa elektr zanjiridagi tok chastotasidan ko‘p marta kichik bo‘ladi.

Tebranish konturining g‘altagi L bo‘lib, u stol ustiga (yoki zarba berilishi kerak bo‘lgan boshqa buyum ustiga) joylashtiriladi. Unga pastdan temir nay kirib turadi; nayning pastki uchi bolg‘aning zarba beruvchi qismidir. Nayda Fuko toklarini kamaytirish uchun bo‘ylama tirqish mavjud. Tebranish konturining parametrlari shunday tanlanganki, uning xususiy tebranish chastotasi zanjirdagi tok chastotasiga (masalan, shahar elektr tarmog‘idagi 50 gerslik o‘zgaruvchan tok chastotasiga) teng bo‘ladi.

Tok ulangach va tebranishlar qaror topgach, kontur bilan tashqi zanjirdagi toklar orasida rezonans kuzatiladi va temir nay g‘altak ichiga tortiladi. Induktivlik g‘altakda ortadi, tebranish konturi rezonans holatidan chiqadi va g‘altakdagi tok amplitudasining tebranish paytidagi qiymati kamayadi. Shu sababli nay og‘irlik kuchi ta’sirida dastlabki holatiga — g‘altakdan tashqariga qaytadi. So‘ng kontur ichidagi tok tebranishlari yana kuchayib, rezonans qayta yuz beradi: nay yana g‘altak ichiga tortiladi.

Nay avtotebranishlar, ya’ni davriy ravishda yuqoriga va pastga harakatlanishni bajaradi hamda shu paytda stolni xuddi bolg‘adek qattiq taqillatadi. Bu mexanik avtotebranishlarning davri ularni saqlab turuvchi o‘zgaruvchan tok davridan o‘nlab marta katta bo‘ladi.

Bolg‘a avtotebranishlarni namoyish etish uchun mazkur tajribani taklif etgan va amalga oshirgan Moskva fizika-texnika institutining ma’ruza assistenti M. I. Maklakov nomi bilan atalgan.

Adabiyotlar