Tromboz nima

Tromboz
Цианоз нижней правой конечности  в результате острого венозного тромбоза правой ноги
Sianoz — o‘ng oyoqning o‘tkir venoz trombozi natijasida o‘ng pastki oyoqning ko‘karishi
KXT-10 I80-I82
KXT-9 437.6, 453, 671.5, 671.9
KXT-9-KM 453.9
MeSH D013927
Логотип Викисклада Vikiombordagi mediafayllar

Tromboz (yangi lot. thrombōsis «ivish» ← qad. yun. θρόμβος «laxta») — organizm hayotligida qon tomirlari ichida qon laxtalari (tromblar) hosil bo‘lib, ular qonning erkin oqishiga to‘sqinlik qiladigan jarayondir. Tromboz organizmning himoya mexanizmi ham, patologik jarayon ham bo‘lishi mumkin. Birinchi holatda tromboz qon ketishini to‘xtatishga yordam beradi: qon tomiri shikastlanganda qonning ivish tizimi ishga tushib, qon laxtasini (tromb) hosil qiladi. U tomir devoridagi shikastlangan joyni yopib, qon yo‘qotilishiga mexanik to‘sqinlik qiladi. Ikkinchi holatda tromboz turli kasalliklar va patologik holatlarning kechishini og‘irlashtiradi (ateroskleroz, infeksiyalar va boshqalar). Tomir devoriga birikmagan va qon oqimida erkin harakatlanadigan qon laxtasining nomi — embol. Tromboemboliya — dastlab hosil bo‘lgan va birikkan joyidan uzilgan tromb bo‘lagi tufayli qon tomirining o‘tkir tiqilib qolishi.

Tromb arteriya bo‘shlig‘ining ko‘ndalang kesim yuzasini 75 % dan ortiq to‘sib qo‘yganda to‘qimaga qon va shunga mos ravishda kislorod kelishi shu darajada kamayadiki, gipoksiya belgilari va metabolizm mahsulotlari, jumladan, sut kislotasi to‘planishining belgilari namoyon bo‘ladi. Tomirning tiqilishi 90 % dan oshganda gipoksiya, kislorodning butunlay yetishmasligi va hujayralar hamda to‘qimalarning nobud bo‘lishi kuzatilishi mumkin.

Sabablari

Tromboz rivojlanishiga yordam beradigan quyidagi omillar ajratiladi (Virxov triadasi):

Giperkoagulyatsiya

Giperkoagulyatsiya, masalan, genetik nuqsonlar yoki autoimmun kasalliklar tufayli yuzaga keladi. So‘nggi tadqiqotlar neytrofillar tromb hosil bo‘lishiga ko‘maklashuvchi ko‘plab vositachilik jarayonlarini amalga oshirib, chuqur venalar trombozida asosiy rol o‘ynashini ko‘rsatdi.

Endoteliy hujayralarining shikastlanishi

Tomir devorlari jarohat, jarrohlik aralashuvi, infeksiya yoki tomirning ikkiga tarmoqlanish joyidagi turbulent oqim tufayli shikastlanishi mumkin. Asosiy mexanizm — to‘qima omilining qon ivish tizimiga ta’siridir.

Qon oqimining buzilishi

Qon oqimining buzilishi sabablariga qonning jarohatlangan joyni aylanib o‘tishi tufayli yuzaga keladigan qon dimlanishi, yurak yetishmovchiligi yoki uzoq vaqt o‘tirib qolish (masalan, uzoq davom etadigan aviaparvozlar) natijasidagi venoz dimlanish kiradi. Bundan tashqari, yurak bo‘lmachalari fibrillyatsiyasi chap bo‘lmachada yoki uning quloqchasida qon dimlanishiga sabab bo‘ladi va tromboemboliyaga olib kelishi mumkin.

Saraton yoki boshqa xavfli o‘sma, masalan, leykoz, qon tomirlarining tashqaridan siqilishi yoki (kamroq hollarda) o‘smaning tomir tizimiga o‘sib kirishi (masalan, buyrak venalariga o‘sib kirgan buyrak hujayrali saraton) tufayli tromboz rivojlanish xavfini oshirishi mumkin. Bundan tashqari, saratonni davolash usullari (nur va kimyoterapiya) ko‘pincha qon ivuvchanligini yanada oshiradi.

Tasnifi

Trombozning 2 shakli ajratiladi: venoz tromboz va arterial tromboz. Ularning har biri, o‘z navbatida, bir nechta kichik turga bo‘linadi.

Venoz tromboz

Chuqur venalar trombozi — chuqur venalar ichida tromblarning hosil bo‘lishi. Bu jarayon ko‘pincha oyoq venalariga, masalan, son venasiga ta’sir qiladi. Chuqur venalarda tromb hosil bo‘lishida uch omil muhim rol o‘ynaydi: qon oqimining tezligi, tomir devorining holati va qonning qovushqoqligi. Chuqur venalar trombozining odatiy belgilari — shish, zararlangan sohadagi og‘riq va qizarish.

Darvoza venasi trombozi

Darvoza venasi trombozi venoz trombozning shakllaridan biri bo‘lib, jigarning darvoza venasini zararlaydi. Bu bosimning oshishiga va jigarga qon kelishining kamayishiga olib kelishi mumkin. Odatda uning patologik sabablari quyidagilardir: pankreatit, sirroz, divertikulit yoki xolangiokarsinoma.

Buyrak venalari trombozi

Buyrak venasi trombozi — buyrak venasining tromb bilan tiqilib qolishi. Bu buyrakdan qon oqib chiqishining kamayishiga olib keladi. Bunday holatda antikoagulyant terapiya qo‘llanadi.

Bo‘yinturuq venasi trombozi

Bo‘yinturuq venasi trombozi infeksiya, giyohvand moddalarni vena ichiga yuborish yoki xavfli o‘sma jarayoni natijasida yuzaga kelishi mumkin. Bo‘yinturuq venasi trombozi turli asoratlarni keltirib chiqarishi mumkin, jumladan: sepsis, o‘pka emboliyasi, ko‘ruv nervi diskining shishi. Bo‘yinturuq venasi trombozi odatda vena joylashgan sohada kuchli og‘riq bilan kechishiga qaramay, uni aniqlash qiyin bo‘lishi mumkin, chunki tromboz turli joylarda yuzaga kelishi mumkin.

Badd–Kiari sindromi

Badd–Kiari sindromi jigar venasi yoki pastki kovak venaning tiqilib qolishidan iborat. Trombozning ushbu shakli qorin og‘rig‘i, assit va gepatomegaliya bilan kechadi. Davolash konservativ terapiyadan tortib shunt yordamida jarrohlik aralashuvigacha bo‘lgan usullarni o‘z ichiga oladi.

Pedjet–Shryotter sindromi

Pedjet–Shryotter sindromi — yelka chuqur venalarining o‘tkir trombozi bo‘lib, odatda o‘mrovosti yoki qo‘ltiqosti venalarida tromb hosil bo‘lishidan kelib chiqadi. Bunday holat ko‘pincha jadal jismoniy mashqlar natijasida yuzaga keladi va sog‘lom yoshlarda ko‘proq uchraydi. Erkaklar bu kasallikka ayollarga qaraganda ko‘proq moyil.

Bosh miya venoz sinusi tomirlarining trombozi

Tomirlarning bosh miya venoz sinusidagi trombozi insultning kam uchraydigan shakli bo‘lib, miyaning qattiq pardasidagi venoz sinuslarning tromb bilan tiqilib qolishi natijasida yuzaga keladi. Belgilari bosh og‘rig‘i, ko‘rishning buzilishi, shuningdek, yuz va qo‘l-oyoqlarning tananing bir tomonida kuchsizlanishi kabi insultning asosiy belgilaridan istalgan birini o‘z ichiga olishi mumkin. Tashxis odatda kompyuter tomografiyasi yoki magnit-rezonans tomografiyasi yordamida qo‘yiladi. Aksariyat hollarda to‘liq tiklanish mumkin. O‘lim darajasi 4,3 % ni tashkil etadi.

Arterial tromboz

Arterial tromboz — arteriyada tromb hosil bo‘lishi. Ko‘pchilik hollarda arterial tromboz aterosklerotik pilakchalar bilan bog‘liq bo‘ladi, shuning uchun aterotromboz deb ataladi. Arterial trombozning yana bir keng tarqalgan sababi — yurak bo‘lmachalari fibrillyatsiyasi bo‘lib, u qon oqimining buzilishiga olib keladi. Bundan tashqari, bo‘lmachalar fibrillyatsiyasida o‘zgarmas tok yordamida bajariladigan kardioversiya tromboemboliyaning yuqori xavfi bilan bog‘liqligi yaxshi ma’lum, ayniqsa aritmiya 48 soatdan ortiq davom etsa. Antikoagulyant terapiya o‘tkazilmasa, taxminan 5 % hollarda tromboemboliya kuzatiladi. Kardioversiyadan keyingi tromboemboliya mexanizmi va patogenezi to‘liq o‘rganilmagan. Arterial tromboz arterial emboliyaning asosiy sababi bo‘lib, har qanday organda infarkt yuzaga kelish xavfini tug‘diradi.

Insult

Insult — miyaning qon bilan ta’minlanishi buzilishi natijasida miya funksiyalarining tez pasayishi. Bu ishemiya, tromb, embol yoki qon quyilishi (qon ketishi) bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin. Trombotik insultda tromb odatda aterosklerotik pilakchalar atrofida hosil bo‘ladi. Arteriya asta-sekin tiqilib qolsa, belgilari namoyon bo‘ladigan trombotik insult sekinroq rivojlanadi. Trombotik insultni 2 toifaga ajratish mumkin: yirik tomirlardagi va mayda tomirlardagi buzilishlar. Birinchi toifa uyqu arteriyasi va katta miyaning arterial halqasi (Villiziy halqasi) kabi arteriyalarni zararlaydi. Ikkinchi toifa Villiziy halqasining tarmoqlarini zararlashi mumkin.

Miokard infarkti

Miokard infarkti ishemiya tufayli to‘qimaning nobud bo‘lishidan kelib chiqadi. Ishemiya ko‘pincha koronar arteriyaning tromb bilan tiqilib qolishi natijasida yuzaga keladi. Bemorga o‘z vaqtida shoshilinch tibbiy yordam ko‘rsatilmasa, miokard infarkti tezda o‘limga olib kelishi mumkin. Birinchi xurujdan keyin 12 soat ichida tashxis qo‘yilsa, trombolitik terapiya boshlanadi.

Boshqa joylashuvlar

Jigar arteriyasi trombozi odatda jigar transplantatsiyasidan keyingi asorat sifatida uchraydi. Arterial embollar qo‘l-oyoq arteriyalarida ham hosil bo‘lishi mumkin.

Embolizatsiya

Tromboz sohasida bakterial infeksiya mavjud bo‘lsa, tromb parchalanishi va uning infeksiyalangan bo‘laklari butun qon aylanish tizimi bo‘ylab tarqalishi (piyemiya, septik emboliya), ular to‘xtab qolgan har qanday joyda metastatik abssesslarni hosil qilishi mumkin. Infeksiya bo‘lmaganda tromb uzilib, qon aylanish tizimi bo‘ylab embol sifatida harakatlanishi va oxir-oqibat qon tomirida oqimga to‘sqinlik qilishi yoki uni butunlay to‘sib qo‘yishi mumkin. Davolanmasa, bu juda tez tiqilish joyidan keyingi to‘qimalarning nekroziga (infarktiga) olib keladi. Koronar arteriya tiqilib qolganda miokard ishemiyasi yuzaga kelishi ehtimoli bor. Natijada kardiomiotsitlar kislorod yetishmasligi tufayli normal faoliyat ko‘rsata olmaydi. Kislorodning bunday yetishmasligi oxir-oqibat miokard infarktiga olib kelishi mumkin. Biroq tromblarning aksariyati fibrinolizga uchraydi va tromb bilan tiqilgan tomirning o‘tkazuvchanligi asta-sekin tiklanadi.

Tashxislash

Qonning ivish tizimi holatini tashxislashning turli usullari mavjud.

Profilaktika

Bemorlarda geparin yordamida venoz tromboemboliyaning oldini olish, ehtimol, o‘lim darajasini kamaytirmaydi. Bunda o‘pka emboliyasi va chuqur venalar trombozi ehtimoli kamaysa-da, bir vaqtda qon ketish xavfi ortadi. Demak, umumiy klinik samara juda kichik yoki umuman mavjud emas.

Mexanik usullar ham ushbu bemorlar guruhida kam foyda keltiradi, insultga chalingan bemorlarda esa zararli. Chuqur venalar trombozi rivojlanish xavfi yuqori bo‘lgan operatsiyalardan keyin geparin qo‘llanishi bunga dalil bo‘la oladi, biroq uning o‘pka arteriyasi tromboemboliyasiga (O‘ATE) yoki umumiy o‘lim darajasiga ta’siri noma’lum.

Odatda xavf va foyda nisbatini tahlil qilish talab etiladi, chunki barcha antikoagulyantlar qon ketish xavfini biroz oshiradi. Masalan, yurak bo‘lmachalari fibrillyatsiyasida tromboemboliya xavfi keksalik va gipertoniya kabi qo‘shimcha xavf omillari asosida hisoblanadi va varfarin qo‘llanishi bilan bog‘liq kichik, ammo mavjud qon ketish xavfidan ustun bo‘lishi kerak. Kasalxonaga yotqizilgan odamlarda tromboz asoratlar rivojlanishining, ba’zan esa o‘limning asosiy sababidir. Masalan, Buyuk Britaniyada Jamoalar palatasining Sog‘liqni saqlash bo‘yicha maxsus qo‘mitasiga 2005-yilda kasalxonaga yotqizilgan bemorlar orasida trombozdan yillik o‘lim soni 25000 kishini tashkil etgani ma’lum qilingan.

Shu sababli tromboz profilaktikasiga tobora ko‘proq alohida e’tibor berilmoqda. Jarrohlik amaliyoti uchun yotqizilgan bemorlarda kompression paypoqlar keng qo‘llanadi. Bundan tashqari, og‘ir kasallik, uzoq vaqt harakatsiz qolish yoki ortopedik jarrohlik holatlarida mutaxassislar past molekulyar massali geparinni, boldirlarning mexanik kompressiyasini yoki (boshqa barcha usullar qarshi ko‘rsatilgan va bemor yaqinda chuqur venalar trombozini boshdan kechirgan bo‘lsa) pastki kovak venaga venoz filtr (kava-filtr) o‘rnatishni tavsiya etadilar.

Kubada o‘tkazilgan tadqiqotlar natijalariga ko‘ra, tromboz profilaktikasi uchun polikozanolni quyidagi dozada: sutkasiga 10-20 mg qo‘llash mumkin.

Jarrohlik amaliyotini talab qilmaydigan kasalliklari bo‘lgan bemorlarda trombozning oldini olish uchun eng keng tanilgan vosita past molekulyar massali geparindir.

Davolash

Shoshilinch davolash

Statsionarda tromboz paytida tromblarni erituvchi trombolitiklar yuboriladi. Hozirgi vaqtda quyidagi trombolitiklar ma’lum:

I avlod preparatlari:

II avlod preparatlari:

III avlod preparatlari:

Terapevtik davolash

Xolesterin miqdori kam bo‘lgan parhez va past zichlikdagi lipoproteinlar (PZLP) darajasini kamaytiruvchi preparatlar tavsiya etiladi:

Hayvonlarda tomirlar trombozi

Hayvonlarda tromboz belgilari tromblarning joylashuvi va zararlangan tomirlarning kattaligiga bog‘liq. Masalan, koronar tomirlar trombozi tegishli belgilar majmuasi bilan kechadigan miokard infarktini, buyrak arteriyasi trombozi esa «buyrak sanchig‘i», gipertoniya, siydikda oqsil va qon paydo bo‘lishini keltirib chiqarishi mumkin. Itlar va cho‘chqalarda o‘pka arteriyasi trombozi tez-tez uchraydi. Venalar trombozi, odatda, og‘riq bilan kechadi. Ba’zan tana harorati ko‘tariladi, shuningdek, eritrotsitlarning cho‘kish tezligi (ECHT) ortishi va neytrofil leykotsitoz kuzatiladi.

Adabiyotlar

  • Tromboz / Smirnov A. N., Topolyanskiy V. D. // Sekin yuruvchilar — Ulyanovo. — M. : Sovet ensiklopediyasi, 1977. — B. 242. — (Buyuk sovet ensiklopediyasi : [30 jildda] / bosh muharrir A. M. Proxorov ; 1969—1978, j. 26).