Termik kreking nima

Termik kreking — uglevodorodlarni, odatda, molekulyar massasi kichikroq mahsulotlar olish maqsadida yuqori haroratda (havo ishtirokisiz qizdirib) qayta ishlash jarayonidir. Neft fraksiyalarining termik krekingi yoqilg‘i tarkibiy qismlari hamda kimyo va neft-kimyo sanoati uchun xomashyo olish maqsadida 500—540°С harorat va 2-5 МПа bosimda amalga oshiriladi.

Termik krekingda og‘ir uglevodorodlarning parchalanishi bilan bir qatorda polimerlanish va kondensatlanish jarayonlari ham sodir bo‘ladi. Ularning natijasida politsiklik va poliaromatik birikmalar hosil bo‘ladi. Shuningdek, termik krekingda tabiiy neftda uchramaydigan to‘yinmagan uglevodorodlar, ular nisbatan past kimyoviy barqarorlikka ega. Ushbu ikki omil termik krekingning asosiy kamchiliklari hisoblanadi. Natijada termik kreking o‘rnini neftni qayta ishlashning boshqa, ilg‘orroq usullari egallamoqda. Shulardan biri — katalitik kreking.

Neftning yuqori haroratdagi o‘zgarishlariga oid dastlabki ilmiy tadqiqotlarni rossiyalik muhandis-kimyogar A. A. Letniy olib borgan. U 300°С dan yuqori haroratda og‘ir neft qoldiqlari qisman yengilroq mahsulotlar — benzin, kerosin va gazlarga parchalanishini birinchi bo‘lib aniqlagan («Bitumli qazilmalarning quruq haydalishi», 1875). Ushbu kashfiyot kreking jarayonini ishlab chiqishga asos bo‘lgan.

Dunyodagi birinchi uzluksiz ishlaydigan sanoat termik kreking qurilmasini rossiyalik muhandis V. G. Shuxov 1891-yilda yaratgan va patentlagan.

Tasnifi

Termik kreking uchta asosiy turga bo‘linadi:

  • suyuq neft xomashyosining yuqori bosim ostidagi termik krekingi;
  • suyuq neft qoldiqlarining past bosimdagi termik krekingi (kokslash, destruktiv haydash);
  • suyuq va gazsimon neft xomashyosining pirolizi.
  • Agar kreking jarayoni 2–5 МПа bosimda va +470…540 °С haroratda amalga oshirilsa, u suyuq fazali kreking, 0,2 – 0,6 МПа bosimda va 550 °С yoki undan yuqori haroratda amalga oshirilsa, bug‘ fazali kreking deb ataladi. Masalan, 400 °С haroratda mazutdan 30% benzin olish uchun taxminan 12 soat kerak bo‘lsa, harorat +500 °С gacha ko‘tarilganda bu jarayon atigi 30 daqiqa davom etadi.

Jarayonning fizik-kimyoviy asoslari

Odatda, termik kreking radikal-zanjirli mexanizm asosida kechadi. Bunda parafinli, naftenli, alkilaromatik hamda yuqori haroratda qaynaydigan to‘yinmagan uglevodorodlar molekulalaridagi С—С bog‘lari, shuningdek, past molekulyar massali parafinli va boshqa uglevodorodlardagi С—H bog‘lari uziladi. Bog‘larning uzilishi bilan bir vaqtda polimerlanish va kondensatlanish reaksiyalari ham sodir bo‘lib, ular quyidagi mahsulotlarni hosil qiladi: yuqori haroratda qaynaydigan smolali-asfaltenli kreking qoldig‘i va koks.

Kreking jarayonining asosiy omillari — xomashyoning issiqlikka chidamliligi, harorat, bosim, jarayon davomiyligi, reaksiyalarning issiqlik effektlari va koks hosil bo‘lishi.