Modda haqida tushuncha, modda nima

  Kimyo, Nazariy

Modda kimyo fani oʻrganadigan asosiy ob’yekt boʻlib, unga dunyoviy bilimlar nuqtai nazaridan qaralsa, modda fazoni (boʻshliqni) to’ldirib turuvchi, massaga ega boʻlgan materiyadir.
Kimyoviy nuqtai nazardan qaraganda, modda bir turdagi molekula yoki kristallar toʻplami boʻlib, oʻzining aniq tarkibi, tuzilishi va xossasi bilan bir-biridan farq qiladigan turli koʻrinishdagi materiyadir. Modda to’g’risida toʻliq tushunchaga ega bo’lish uchun modda toʻgʻrisidagi atom-molekulyar taʼlimotni, tarkibiy qismlarini, tuzilishini va fizik- kimyoviy xossalarini bilish kerak. Moddaning tarkibiy qismlari: molekula — moddaning tarkibini, tuzilishini va xossalarini oʻzida mujassamlashtirgan eng kichik zarrachadir. Har qanday molekula bir yoki undan ortiq atomlardan tarkib topib, atomlar bir yoki bir necha turdagi elementlarga tegishli boʻladi.

Atom — kimyoviy elementning xossalarini oʻzida namoyon etadigan eng kichik zarrachadir. Atomlar proton, neytron va elektronlardan tashkil topgan.

Kimyoviy element — bir turdagi atomlar majmuidir. Boshqacharoq aytadigan boʻlsak, kimyoviy element — yadro zaryadi bir xil boʻlgan zarrachalar to’plamidir. Kimyoviy element tushunchasi kimyoning bosh tushunchasi boʻlib, elementlarni va ular hosil qilgan birikmalarni oʻrganish yoʻli bilan kimyoni oʻrganamiz. Tabiatda materiyaning turli zarracha koʻrinishlari mavjud boʻlsa-da, ularning hammasini ham kimyoviy element sifatida qabul qilib boʻlmaydi.

Kimyo fani va uning predmeti

Kimyoviy elementlarni bir-biridan farq qilib turgan asosiy tavsiflari ularning atom yadro zaryadi (tartib raqami), kimyoviy belgisi (sim- voli) va nomlanishidir. Shunday shartlarni toʻliq bajara olgan 119 xil rasman tan olingan zarracha, ya’ni kimyoviy elementlar hozirgi kungacha elementlar davriy jadvaliga kiritilgan. Yuqorida aytilganlarga asoslanib kislorod elementi bilan tanishaylik:
16O — atom massasi
8O — kislorod (Oxygenium) ← nomlanishi kimyoviy belgisi, uning oʻqilishi — “O” (8) tartib raqami (yadro zaryadining qiymati)

Moddaning tuzilishi — tuzilish formulalari orqali ifodalanib, uning molekulasidagi (yoki kristall panjarasidagi) zarrachalar oʻzaro qanday tartibda, qanday bogʻlanishlar orqali bogʻlanganini ko’rsatuvchi yozuv usuli.
Moddalar fizikaviy va kimyoviy xossalarga ega boʻladi.

Fizikaviy xossalarga agregat (gaz, suyuq, qattiq) holatiga xos boʻlgan xossalari, rangi, suyuqlanish, qaynash, muzlash (qotish, kristallanish) temperaturalari, eruvchanligi, zichligi, elektr va issiqlik oʻtkazuvchanligi, qutbliligi kabi xossalar kiradi. Moddaning fizikaviy xossalarini aniqlash vaqtida uning tarkibi oʻzgarmaydi.

Kimyoviy xossalarga metall yoki metallmasligi, oksidlovchi yoki qaytaruvchiligi, asosli yoki kislotaliligi, yonish-yonmasligi va qanday moddalar bilan reaksiyaga kirishishi kabilar kirib, bu xususiyatlarni aniq- lash mobaynida moddaning tarkibi oʻzgaradi.

Moddalar toza modda yoki aralashma holida mavjud boʻladi Toza modda — bitta modda boʻlib, yuqoridagi xossalari bilan tavsiflanadi.

Aralashmalar bir-biri bilan o`zaro reaksiyaga kirishmaydigan ikki yoki undan ortiq moddalardan iborat boʻlib, aniq yagona tarkibga ega boʻlmay, bir-biridan osonlik bilan ajratilishi mumkin boʻlgan tarki- biy qism (komponent) lardan iborat boʻladi. Aralashmalar bir jinsli (agregat holatlari bir xil moddalar aralashmasi) yoki gomogen aralashma va turli jinsli (turli agregat holatdagi moddalar) aralashmasi, ya’ni geterogen aralashmalarga boʻlinadi.
Masalan:

a) Havo (N₂, O2, CO, va boshqa) gazsimon moddalarning 2 (gomogen) aralashmasi boʻlib, ularni suyuqlanish temperaturalari orqali ajratish mumkin.
b) Oltingugurt kukuni temir kukuni bilan aralashtirilganda (geterogen) aralashma hosil qiladi. Ular tashqi tomondan bir-biridan farqlanib turadi. Magnitni aralashmaga yaqinlashtirsak temir magnitga tortilib, oltingugurt ajralib qoladi.
c) Toshko’mir (C va boshqa moddalar aralashmasi, geterogen).
d) Tabiiy gaz (CH4 -metan, C2H6 etan, CO₂, H₂S, N₂) larning gomogen aralashmasidir.
e) Mexanik qoʻshimchalardan tozalangan neft (turli uglevodorodlarning gomogen aralashmasi)