Kola yarimoroli

Kola yarimoroli
Xususiyatlari
Maydoni100 000 km²
Eng baland nuqtasi1200 m
Joylashuvi
68° sh. k. 36° sh. u.HGЯO
Atrofini o‘rab turgan suv havzalariOq dengiz, Barens dengizi
Mamlakat
Rossiya Federatsiyasi subyektiMurmansk viloyati

Россия
Точка
Kola yarimoroli
Мурманская область
Точка
Kola yarimoroli
Логотип Викисклада Vikimedia omboridagi mediafayllar

Kola yarimoroli (eskirgan nomi: Murman, Kola, Ter; kildin saam tilida Kuelnegk nyoarrk) — yarimorol Rossiyaning Yevropa qismining shimoli-g‘arbida, Murmansk viloyatida joylashgan. Uni Barens va Oq dengizlari o‘rab turadi.

Maydoni — taxminan 100 ming km².

G‘arbiy qismida Xibin tog‘lari (balandligi 1200 m gacha) va Lovozero tundralari (balandligi 1120 m gacha) joylashgan. Shimolida — tundra o‘simliklari, janubroqda esa o‘rmon-tundra va tayga.

Tarixan yarimorolda saamlar (qarang: Rossiya saamlari) yashagan va ular saam tillarida so‘zlashgan. Hozir ular yarimorol umumiy aholisining 0,2 % idan oshmaydi.

Nomi

V. P. Voshchinin fikricha, yarimorol nomiga asos bo‘lgan «kola» so‘zi fin-ugor tillaridagi kul — «baliq» so‘zidan kelib chiqqan (taqqoslang: hozirgi kildin saam tilidagi kuull).

Fizik-geografik tavsifi

Kola yarimoroli relyefida tepalikli balandliklar va platolar ustunlik qiladi. Shuningdek, botiqlar va terrasalar ham mavjud.

Yarimorol tog‘ tizmalari dengiz sathidan 800 metrdan ortiq balandlikka ko‘tariladi. Eng g‘arbiy chekkasida quyidagi tog‘ massivlari qad rostlagan — Lovozero tundralari va Xibin tog‘lari.

Janubiy qismida botqoqlashgan pasttekisliklar va ko‘plab ko‘llar tarqalgan. Yarimorolni Oq va Barens dengizlari o‘rab turadi. Shimoliy qirg‘og‘i (Murman qirg‘og‘i) muzdan xoli. Qirg‘oqlar uncha kuchli parchalanmagan. Yarimorol suv havzalari va uni o‘rab turgan dengizlar turli xil baliqlarga boy.

Chegaralari

Kola yarimoroli Rossiyadagi mazkur viloyat maydonining 70 % dan sal kam qismini egallaydi — Murmansk viloyati. Kola yarimorolining g‘arbiy chegarasi meridian yo‘nalishidagi botiq bo‘ylab belgilanadi; u Kola qo‘ltig‘idan Kola daryosi, Imandra ko‘li, Niva daryosi orqali Kandalaksha qo‘ltig‘igacha cho‘ziladi. G‘arbda esa Skandinaviya yarimoroliga tutashadi.

«Tabula Russiae» xaritasidan parcha, 1614-yil

Geografik joylashuvi

Kola yarimorolidagi temiryo‘l

Kola yarimoroli Rossiyaning Uzoq Shimolida joylashgan. Uning deyarli butun hududi Shimoliy qutb doirasidan shimolda, janubiy tundra, o‘rmon-tundra va shimoliy tayga mintaqalari doirasida joylashgan. Kola yarimorolining shimoli-sharqida doimiy muzlagan tog‘ jinslari tarqalgan.

Shimoldan Barens dengizi, janub va sharqdan Oq dengiz suvlari bilan o‘ralgan. Kola yarimorolining g‘arbiy chegarasi Kola qo‘ltig‘idan Kola daryosi vodiysi, Imandra ko‘li va Niva daryosi bo‘ylab Kandalaksha qo‘ltig‘igacha cho‘zilgan meridian yo‘nalishidagi botiq hisoblanadi. Maydoni taxminan 100 ming km². U bevosita Skandinaviya yarimorolining davomi.

Iqlimi

Yarimorol iqlimi xilma-xil. Iliq Shimoliy Atlantika oqimi ta’sirida isiydigan shimoli-g‘arbida iqlim subarktik dengiz iqlimidir. Yarimorolning markazi, sharqi va janubi-g‘arbida iqlim ko‘proq kontinental — bu yerlarda u mo‘tadil sovuqdir.

Yoz qisqa va salqin, qish esa uzoq va sovuq. Yanvar–fevral oylarining o‘rtacha harorati yarimorol shimoli-g‘arbida −8 °C dan markazida −15 °C gacha; iyul oyida esa tegishlicha +8 °C dan +14 °C gacha bo‘ladi. Qor, odatda, oktabr o‘rtalaridan may o‘rtalarigacha (tog‘li hududlarda sentabr oxiridan iyun o‘rtalarigacha) saqlanadi. Yozda ham sovuq urishi va qor yog‘ishi mumkin. Sohilbo‘yi va tog‘ platolarida kuchli shamollar (45—60 m/s gacha), qishda esa uzoq davom etadigan qor bo‘ronlari ko‘p kuzatiladi. Havo namligining yuqoriligi va kuchli shamollar tufayli hatto uncha qattiq bo‘lmagan sovuqqa ham chidash juda qiyin.

Yillik yog‘in miqdori taxminan 375 mm ni tashkil etadi.

Gidrologiyasi

Ko‘l — Imandra
Tog‘ ko‘li, Xibin tog‘larida

Kola yarimorolidan ko‘plab daryolar oqib o‘tadi: Ponoy (yarimoroldagi eng uzun daryo), Varzuga, Kola, Yokanga, Teriberka, Voronya, Umba va boshqalar.

Bu yerda ko‘plab ko‘llar mavjud. Ularning eng yiriklari — Imandra, Umbozero, Lovozero.

Umbozero

Geologik tuzilishi

Geologiya va landshaft jihatidan Kola yarimoroli Fennoskandiyaga mansub.

Kola yarimorolining relyefi parchalangan g‘arbiy qismida eng katta balandliklar kuzatiladi. Bu yerda yassi cho‘qqili tog‘ massivlari mavjud. Ular bir-biridan botiqlar bilan ajraladi. Asosiy massivlar: Xibin tog‘lari va Lovozero tundralari. Ularning balandligi 900—1000 m ga yetadi. Xibin tog‘larining faqat ayrim cho‘qqilari (jumladan, Chasnachorr tog‘i — 1191 m) va Lovozero tundralarining ayrim cho‘qqilari 1000 m dan yuqori. Kola yarimorolining sharqiy yarmi relyefi ancha sokin va to‘lqinsimon bo‘lib, balandliklar asosan 150—250 m ni tashkil etadi. To‘lqinsimon tekislik o‘rtasidan Keyvi tog‘ tizmasi (397 m) ko‘tarilib turadi; u yarimorolning markaziy qismi bo‘ylab shimoli-g‘arbdan janubi-sharqqa cho‘zilgan alohida tog‘ zanjirlaridan tashkil topgan.

Kola yarimoroli Boltiq kristall qalqonining sharqiy qismini egallaydi. Uning geologik tuzilishida arxey va proterozoy davrlariga oid qalin qatlamlar ishtirok etadi. Arxey qatlamlari kuchli metamorfizmga uchragan va keskin deformatsiyalangan gneyslardan va granitlardan iborat bo‘lib, ularni ayrim joylarda pegmatit tanalari kesib o‘tgan. Proterozoy yotqiziqlari tarkibi yanada xilma-xil: kvarsitlar, kristalli slanetslar, qumtoshlar, marmarlar va qisman gneyslar, shuningdek, yashil rangli tog‘ jinslari bilan almashinib keladigan qatlamlar mavjud.

Imandra ko‘lining Xibin tog‘laridan ko‘rinishi

Foydali qazilmalari

Minerallar turlarining xilma-xilligi bo‘yicha Kola yarimorolining dunyoda tengi yo‘q. Uning hududida 1000 ga yaqin mineral aniqlangan. Taxminan 100 ta mineral boshqa hech qayerda uchramaydi. Bu yerda apatit-nefelinli rudalar (Xibin tog‘lari), slyuda (muskovit, flogopit va vermikulit — dunyodagi eng yirik zaxiralar), temir, nikel, mis, sirkoniy, niobiy, alyuminiy, platina guruhi metallari, nodir yer metallari, litiy, titan, berilliy, qurilish, zargarlik va bezak toshlari (amazonit, ametist, xrizolit, granat, yashma, iolit va boshqalar), sopol ishlab chiqarishga mo‘ljallangan pegmatitlar.

O‘simlik va hayvonot dunyosi

Kola yarimorolidagi o‘rmonlar

Yarimorolning shimoliy qismida tundra bo‘lib, u yerda yo‘sinlar, lishayniklar va pakana Arktika qayinlari o‘sadi. Yarimorolning markaziy va janubiy qismida esa tayga bo‘lib, unda qayinlar, qoraqarag‘aylar va qarag‘aylar o‘sadi.

Suv havzalari baliqlarga boy: Atlantika lososi va paliya balig‘i, sig balig‘i, forel, xarius, cho‘rtan va boshqalar. Yarimorolni o‘rab turgan dengizlarda treska, kambala, paltus, moyva, seld, krab, dengiz karami ko‘p uchraydi.

Tarixi

Avvallari, XX asr boshlariga qadar Murman deb faqat yarimorolning shimoliy qirg‘og‘i — Svyatoy Nosdan Norvegiya chegarasigacha bo‘lgan hudud atalgan. Keyinchalik bu tushuncha kengayib, hozir butun Kola yarimorolini anglatadi. Yarimorolning janubiy qirg‘og‘i tarixan Ter va Kandalaksha qirg‘oqlariga bo‘linadi.

Hozir yarimorol aholisining ko‘pchiligini ruslar (80,75 %) tashkil qiladi. Mahalliy tub aholi (saamlar) esa ozchilikni (0,2 %) tashkil etadi.

Infratuzilmasi

Yarimorolda quyidagi shaharlar joylashgan: Murmansk, Apatiti, Severomorsk, Kirovsk, Olenegorsk, Monchegorsk, Ostrovnoy, Kola, Kovdor va Kandalaksha. Shuningdek, shahar tipidagi quyidagi posyolkalar mavjud: Safonovo, Kildinstroy, Revda va Umba.

Iqtisodiyotning asosiy tarmog‘i — Xibin tog‘laridagi Kirovsk va Apatiti shaharlarida jamlangan konchilik sanoati. Eng katta shahar — Kola qo‘ltig‘ining sharqiy qirg‘og‘ida joylashgan, muzlamaydigan Murmansk port shahri. Boshqa joylarda aholi kam va asosan qirg‘oqbo‘ylarda yashaydi; ularning bosh mashg‘uloti baliqchilikdir. Saamlar (eskirgan nomi — loparlar) bug‘uchilik bilan shug‘ullanadi. Eng janubiy qismida yog‘ochni qayta ishlash sanoati rivojlangan. Yarimoroldan Oktabr temiryo‘lining bir qismi o‘tadi.

Yarimorolda Rossiya Shimoliy flotining Severomorsk va Gremixa bazalari joylashgan. Severomorsk — Rossiya Harbiy-dengiz floti Shimoliy flotining shtab-kvartirasi.

Yarimorolda (12 km g‘arbda, Zapolyarniy shahridan hisoblaganda) Kola o‘ta chuqur qudug‘i joylashgan. U dunyodagi eng chuqur burg‘ilangan quduq bo‘lib, chuqurligi 12 262 metr.

Murmansk yaqinidagi Kola yarimorolining panoramasi

Adabiyotlar

Havolalar