| Eshakemi | |
|---|---|
| Qo‘ldagi eshakemi toshmasi | |
| KXT-11 | EB05 |
| KXT-10 | L50 |
| KXT-9 | 708 |
| KXT-9-KM | 708.8, 708.9 va 708 |
| DiseasesDB | 13606 |
| MedlinePlus | 000845 |
| eMedicine | mavzular ro‘yxati |
| MeSH | D014581 |
Eshakemi (lot. urticaria), ba’zan qichitqi isitmasi, qichitqi toshmasi, urtikariya deb ham ataladigan teri kasalligi, dermatit bo‘lib, asosan allergik kelib chiqishga ega hamda kuchli qichishadigan, teri yuzasidan yassi shaklda ko‘tarilgan och pushti rangli qavarchiqlar (lot. urtica) tez paydo bo‘lishi bilan tavsiflanadi; ular ko‘rinishidan qichitqi o‘t tekkanda hosil bo‘ladigan qavarchiqlarga o‘xshaydi.
Zamonaviy ta’rifga ko‘ra, eshakemi — qichishadigan qavarchiqlar va/yoki angioshishlar rivojlanishi bilan tavsiflanadigan kasalliklar guruhi.
Eshakemi biror ta’sirlovchiga nisbatan mustaqil (odatda allergik) reaksiya bo‘lishi yoki muayyan kasallikning belgilaridan biri sifatida namoyon bo‘lishi mumkin.
Qavarchiqlar simptom sifatida yuzaga keladigan ayrim holatlar eshakemiga kiritilmaydi. Ular jumlasiga teri sinamalari, autoyallig‘lanish sindromlari (yallig‘lanish reaksiyasini boshqarishda yetakchi rol o‘ynaydigan oqsillarni kodlovchi genlardagi mutatsiyalar tufayli kelib chiqadigan kasalliklar), anafilaksiya.
Klinik shakllari
Eshakemining o‘tkir va surunkali shakllari farqlanadi. O‘tkir spontan eshakemining o‘ziga xos belgisi — 6 haftadan kam davr mobaynida qavarchiqlar va/yoki angioshishlarning rivojlanishi. Surunkali eshakemiga 6 haftadan ortiq muddat davomida o‘z-o‘zidan yoki muayyan ta’sir natijasida paydo bo‘ladigan qichishuvchi qavarchiqlar, angioshish bilan yoki usiz kechishi xos. Ayrim hollarda angioshish yagona simptom bo‘ladi.
Surunkali eshakemi spontan va induksiyalanuvchi shakllarga bo‘linadi. Spontan (idiopatik) surunkali eshakemining rivojlanishiga noma’lum tashqi omillar sabab bo‘ladi, induksiyalanuvchi eshakemi esa muayyan tashqi fizik ta’sirlar (sovuq, issiqlik, tebranish, bosim va boshqalar) natijasida rivojlanadi.
Surunkali eshakemining tasnifi
| Surunkali spontan (idiopatik) eshakemi |
Induksiyalanuvchi eshakemi |
|---|---|
| Qavarchiqlar va/yoki angioshishlarning 6 hafta va undan ko‘p muddat davomida ma’lum va noma’lum sabablar tufayli paydo bo‘lishi; |
Fizik eshakemi: Simptomatik dermografizm (dermografik eshakemi); Sovuq ta’sirida yuzaga keladigan eshakemi; Bosimdan kelib chiqadigan eshakemi (kechikib yuzaga keladigan bosim eshakemisi); Quyosh ta’siridagi eshakemi; Issiqlik ta’sirida yuzaga keladigan eshakemi; Vibratsion angioshish. Boshqa shakllari: Xolinergik eshakemi; Akvagen eshakemi; Kontakt eshakemi. |
Bir bemorda ikki yoki undan ortiq turli shakldagi eshakemi uchrashi mumkin.
Bosimdan kechikib yuzaga keladigan eshakemi — induksiyalovchi omil ta’siridan bir necha soat o‘tgach, bosim tushgan joyda rivojlanadigan shishdir. Surunkali eshakemisi bo‘lgan bemorlarda qavarchiqlarsiz alohida shishlar rivojlanishi mumkin.
Ilgari eshakemi yoki angioshish simptomlardan biri sifatida namoyon bo‘ladigan quyidagi kasallik va sindromlar ham eshakemi guruhiga kiritilgan.
- Pigmentli eshakemi (mastotsitoz);
- Urtikar vaskulit;
- Oilaviy sovuq eshakemisi;
- Nogistaminergik angioshish (masalan, irsiy angionevrotik shish);
- Jismoniy zo‘riqish ta’sirida yuzaga keladigan anafilaksiya;
- Kriopirin bilan bog‘liq sindromlar (CAP):
- Oilaviy sovuq autoyallig‘lanish sindromi;
- Makl–Uells sindromi (eshakemi-karlik-amiloidoz);
- Neonatal ko‘p tizimli yallig‘lanish kasalliklari (NOMID);
- Shnitsler sindromi — monoklonal gammapatiya, qaytalanuvchi isitma, artritlar, mushak va suyaklardagi og‘riqlar, limfadenopatiya, gepatosplenomegaliya, qaytalanuvchi eshakemi, kamroq hollarda angioshish;
- Gleych sindromi (eozinofiliya bilan kechadigan epizodik angioshish) — IgM gammapatiyasi, eozinofiliya, mialgiya, angioshish.
Hozirgi vaqtda ushbu kasalliklar alohida ko‘rib chiqiladi va eshakemi guruhiga kiritilmaydi.
Epidemiologiyasi
Eshakemi juda keng tarqalgan kasallikdir. Uning turli klinik shakllari aholining 15−25 % ida tashxislanadi. Taxminan har uchinchi kishi hayoti davomida kamida bir marta eshakemi bilan kasallangan. Eshakemi holatlarining to‘rtdan biri surunkali eshakemi hissasiga to‘g‘ri keladi. Kattalar bolalarga qaraganda ko‘proq kasallanadi.
Surunkali eshakemi holatlarining uchdan ikki qismi surunkali spontan (idiopatik) eshakemi hissasiga to‘g‘ri keladi. Ushbu shakl eng ko‘p 20 yoshdan 40 yoshgacha bo‘lgan davrda uchraydi. Ayollar ushbu kasallikka erkaklarga nisbatan 2 marta ko‘proq chalinadi, bu ularning neyroendokrin tizimi xususiyatlari bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin. Klinik kuzatuvlar surunkali spontan va induksiyalangan eshakemi shakllari birga uchrashini ko‘rsatadi, bunday holatlar 13,9 % ni tashkil etadi.
Kattalarda kasallikning davomiyligi o‘rtacha 3 yildan 5 yilgacha, surunkali eshakemisi bo‘lgan har beshinchi bemorda esa qavarchiqlar yanada uzoq muddat (20 yilgacha) paydo bo‘lib turadi. Eshakemi bilan kasallangan har ikkinchi bemorda angioshish qayd etiladi.
Surunkali spontan eshakemining asosiy xususiyatlaridan biri uning simptomlari (qichishish, toshmalar, angioshishlar) hayot sifatiga ta’sir qilishidir. Ushbu ta’sir psoriaz yoki yurak ishemik kasalligining ta’siri bilan qiyoslanishi mumkin, bu esa surunkali eshakemi muammosini nihoyatda dolzarb qiladi.
Etiologiyasi
Eshakemi rivojlanishining yetakchi mexanizmi reaginli shikastlanish mexanizmidir. Ko‘pincha dori preparatlari (antibiotiklar, rentgen-kontrast moddalar va boshqalar), zardoblar, gamma-globulinlar, bakterial polisaxaridlar, oziq-ovqat mahsulotlari va hasharot allergenlari allergen sifatida namoyon bo‘ladi. Shikastlanish mexanizmlarining ikkinchi turi qon quyish vaqtida faollashishi mumkin. Immun komplekslar bilan bog‘liq mexanizm ayrim dori preparatlari, antitoksik zardoblar va gamma-globulin yuborilganda ishga tushishi mumkin.
Psevdoallergik eshakemi quyidagi omillar ta’siri natijasida yuzaga keladi: gistamin ajralishini rag‘batlantiruvchi moddalar (liberatorlar), komplement tizimi yoki kallikrein-kinin tizimi faollashtiruvchilari (dori preparatlari, fizik omillar, tarkibida ksenobiotiklar mavjud oziq-ovqat mahsulotlari).
Tizimli sharh ma’lumotlariga ko‘ra, parazitlar surunkali eshakemining ancha kam uchraydigan sababidir. Sharh mualliflari infeksiya laboratoriya tekshiruvlari va anamnez asosida tasdiqlanmagan hollarda surunkali eshakemi bilan kasallangan bemorlarga sinov tariqasida parazitlarga qarshi davolash buyurilishiga qarshi fikr bildirgan.
Surunkali spontan eshakemining rivojlanish sabablarini tushuntirish uchun mutaxassislar autoimmun eshakemi konsepsiyasini ilgari suradilar. Masalan, surunkali spontan eshakemisi bo‘lgan bemorlarning 45 % ida IgG va IgE sinfiga mansub autoantitanalar aniqlanadi. Bemorlarning 5−10 % ida E immunoglobuliniga (IgE) qarshi IgG autoantitanalar, 35−40 % ida esa semiz hujayralardagi IgE ga yuqori moyillikka ega retseptorga (FcεRI) qarshi IgG autoantitanalar aniqlanadi. Bu autoantitanalar semiz hujayralar va bazofillardagi FcεRI bilan bog‘lanib, ularning faollashishiga olib kelishi mumkin.
Shuningdek, surunkali spontan eshakemisi bo‘lgan bemorlarda autoallergenlarga — tireoperoksidaza va ikki spiralli DNKga qarshi IgE sinfidagi antitanalar ko‘pincha (33−52 % hollarda) aniqlanadi.
O. Shmetser (Schmetzer) va hammualliflarining tadqiqoti ma’lumotlariga ko‘ra, surunkali spontan eshakemisi bo‘lgan bemorlarda 200 dan ortiq autoantigenga qarshi IgE sinfidagi antitanalar aniqlanadi. Bundan tashqari, tekshirilgan surunkali spontan eshakemisi bo‘lgan bemorlarning 80 % ida IL-24 ga qarshi auto-IgE antitanalar aniqlangan.
Bemorlarning 55 % ida surunkali spontan eshakemi rivojlanishining idiopatik mexanizmi taxmin qilinadi, chunki kasallik sababini aniqlashning imkoni bo‘lmaydi. Bunday bemorlarda tadqiqotchilarga hali noma’lum bo‘lgan boshqa autoantigenlar kasallikka sabab bo‘lishi mumkin.
Patogenezi
Semiz hujayralar eshakemi patogenezida asosiy rol o‘ynaydigan hujayralardir.
Eshakemi rivojlanishini yuzaga keltiradigan asosiy mediator — semiz hujayralarda (mastotsitlarda) hosil bo‘ladigan va to‘planadigan gistamin. Semiz hujayralarning degranulyatsiyasi va gistaminning atrofdagi to‘qimalar hamda qonga ajralishi immun va noimmun mexanizmlar (jumladan, fizik va kimyoviy mexanizmlar) bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin.
Semiz hujayralardagi IgE ga yuqori moyillikka ega retseptorlar (FcεRI) semiz hujayralarning faollashishida va surunkali eshakemi patofiziologiyasida asosiy rol o‘ynaydi.
Eshakemining barcha klinik shakllari uchun umumiy patogenetik bo‘g‘in — mikrosirkulyatsiya tizimi qon tomirlari o‘tkazuvchanligining ortishi va shishning ushbu tomirlar atrofida o‘tkir rivojlanishidir. Sezuvchi nerv oxirlari faollashadi, natijada giperemiya, qavarchiqlar va terining qichishishi yuzaga keladi.
Eshakemi faolligini baholash
Surunkali spontan eshakemida simptomlarning og‘irlik darajasini baholash uchun oddiy ball tizimi — UAS7 (Urticaria Activity Score 7), ya’ni eshakemining 7 kunlik faollik indeksi qo‘llaniladi.
UAS7 bemorning o‘zi tomonidan kasallikning asosiy simptomlarini har 24 soatda, ketma-ket 7 kun davomida ballar yig‘indisi asosida baholashni nazarda tutadi. Har bir simptom 0 dan 3 gacha ball bilan baholanadi. Bir sutkadagi ballar yig‘indisi — 0 dan 6 gacha, bir haftadagi eng yuqori ball esa 42 ni tashkil etadi.
| Ball | Qavarchiqlar (namoyon bo‘lish darajasi) | Qichishish (namoyon bo‘lish darajasi) |
|---|---|---|
| 0 | Yo‘q | Yo‘q |
| 1 | Yengil (< 20 ta qavarchiq / 24 soat) | Yengil (mavjud, ammo bezovta qilmaydi) |
| 2 | O‘rtacha (20−50 ta qavarchiq / 24 soat) | O‘rtacha (bezovta qiladi, ammo kunduzgi faollik va uyquga ta’sir qilmaydi) |
| 3 | Kuchli (> 50 ta qavarchiq / 24 soat yoki bir-biriga qo‘shilib ketgan yirik qavarchiqlar) |
Kuchli (og‘ir qichishish, ancha bezovta qiladi, kunduzgi faollik va uyquni buzadi) |
Eshakemining 7 kunlik faollik ballari yig‘indisi kasallikning og‘irlik darajasini aks ettirishi mumkin:
Qavarchiqlar va qichishishning yo‘qligi (0 ball), yaxshi nazorat qilinayotgan kasallik (1−6 ball), yengil kechishi (7−15 ball), o‘rtacha og‘irlikda kechishi (16−27 ball), og‘ir kechishi (28−42 ball). Ushbu indeks shifokor tayinlagan davolashga bemorning individual javobini xolis baholash imkonini ham beradi.
Eshakemi nazoratini baholash
Eshakemini nazorat qilish testi (Urticaria Control Test) surunkali spontan va induksiyalangan eshakemisi bo‘lgan bemorlarda oxirgi 4 hafta davomida kasallik qay darajada nazorat qilinganini baholash uchun ishlatiladi. Kasallik simptomlarini nazorat qilish, hayot sifatiga ta’sir, davolash samaradorligi va kasallikning umumiy nazorati bilan bog‘liq 4 ta savolga javob berish kerak.
Har bir savolga berilgan javob 0 dan 4 gacha ball bilan baholanadi. Savollarga berilgan javoblar bo‘yicha eng yuqori ballar yig‘indisi — 16 bo‘lib, u kasallik to‘liq nazorat qilinayotganini ko‘rsatadi. Chegaraviy qiymat 12 ballni tashkil etadi. UCT ≤ 11 ball bo‘lishi surunkali eshakemi nazorat qilinmayotganini ko‘rsatadi.
Davolash
Simptomlarni to‘liq nazorat qilishga erishish eshakemini davolashning asosiy maqsadidir.
Davolash har doim imkon qadar sabablar va qo‘zg‘atuvchi omillarni bartaraf etishdan boshlanadi, kasallikka sabab bo‘lishi gumon qilingan dori preparatlari (angiotenzinni aylantiruvchi ferment (AAF) ingibitorlari, nosteroid yallig‘lanishga qarshi preparatlar) bekor qilinadi. Stress, haddan tashqari qizib ketish yoki sovqotishga olib keladigan sharoitlardan (ayniqsa, og‘ir induksiyalanuvchi eshakemida) saqlanish tavsiya etiladi.
Shuningdek, eshakemi bilan kasallangan bemorlarga kasallikka sabab bo‘ladigan allergenlar va gistamin liberatorlari chiqarib tashlangan parhez buyuriladi. Parhez ham diagnostik, ham davolovchi chora sifatida qaraladi. Aniqlangan allergenlar ovqatlanish ratsionidan chiqarib tashlanganda, 24−48 soatdan keyin ahvol yaxshilanadi. Psevdoallergik reaksiya bo‘lsa, gipoallergen parhez fonida yaxshilanish 3 haftadan keyin kuzatiladi.
Umuman olganda, eshakemini dori vositalari bilan davolash simptomatik xarakterga ega. Surunkali eshakemisi bo‘lgan kishilarga simptomlarni nazorat qilish uchun antigistamin preparatlaridan tashqari boshqa dori vositalari ham kerak bo‘lishi mumkin. Enterosorbentlar buyuriladi. Eshakemi Kvinke shishi (angioshish) bilan kechadigan bemorlar epinefrin, prednizolonni vena ichiga yuborish va kislorod ingalyatsiyasi bilan shoshilinch davolanishga muhtoj.
Surunkali eshakemini farmakologik davolash bosqichma-bosqich yondashuvni nazarda tutadi. EAACI/GA2 LEN/EDF/WAO tashkilotlarining eshakemi diagnostikasi va davolashiga oid 2016 yilda qayta ko‘rib chiqilgan konsensus hujjatida 4 bosqichdan iborat davolash algoritmi taklif qilingan. Birinchi bosqich preparatlariga standart sutkalik dozalarda qo‘llanadigan, sedativ ta’sir ko‘rsatmaydigan ikkinchi avlod H1-antigistamin preparatlari (AGP) kiradi. Davolash fonida simptomlar saqlanib qolsa yoki kuchaysa, ikkinchi avlod H1-AGP dozasini 4 marta oshirish mumkin. Omalizumab — monoklonal anti-IgE antitana bo‘lib, uchinchi bosqich davolash vositalariga kiradi. To‘rtinchi bosqichda shifokor siklosporin A ni buyurishi mumkin.
Surunkali eshakemining kechishiga xos xususiyat — kasallikning spontan remissiyasi rivojlanishi bo‘lib, u klinik holatlarning 50 % ida kuzatiladi. Remissiya 1 yil davomida saqlanishi mumkin.
Antigistamin preparatlari
Gistaminning H1-retseptorlarini bloklaydigan antigistamin preparatlari birinchi qator davolash vositalari hisoblanadi. Birinchi avlod antigistamin preparatlari, masalan, difengidramin yoki gidroksizin, markaziy va periferik H1-retseptorlarni bloklaydi, shu sababli kuchli sedativ ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Ikkinchi avlod antigistamin preparatlari, masalan, feksofenadin (Feksadin), levotsetirizin (Alerzin), tsetirizin yoki dezloratadin, faqat periferik H1-retseptorlarni tanlab bloklaydi, shu sababli ularning sedativ hamda antixolinergik ta’siri kamroq va umuman olganda birinchi avlod antigistamin preparatlariga nisbatan afzalroqdir. Eng yuqori terapevtik samaraga erishish uchun antigistamin preparatlarini faqat kasallik zo‘rayganda emas, balki muntazam ravishda qabul qilish muhimdir. H1-antigistamin preparatlarining maksimal dozalariga javob bermaydigan bemorlarga H2-antigistamin preparatlari buyurilishi mumkin. Biroq barcha kombinatsiyalar ham foydali emas. Tadqiqotlar gidroksizin bilan simetidin kombinatsiyasi yaxshiroq samara berishini, tsetirizin bilan simetidin kombinatsiyasi esa bunday samara bermasligini ko‘rsatgan. Zamonaviy klinik tavsiyalar nuqtayi nazaridan H1-AGP va H2-AGP ni birgalikda qo‘llash kabi davolash yondashuvini tasdiqlovchi dalillar sifati past bo‘lib, bu usul faqat muqobil terapiya sifatida asosli ravishda qo‘llanishi mumkin.
Monoklonal anti-IgE antitanalar
Omalizumab — erkin IgE bilan tanlab bog‘lanadigan va IgE ning semiz hujayralardagi yuqori moyillikka ega retseptorlar bilan bog‘lanishiga to‘sqinlik qiladigan insoniylashtirilgan monoklonal antitana. Omalizumab hujayralar yuzasidagi IgE bilan bog‘lanmaydi, shu sababli semiz hujayralar va bazofillarning faollashishiga olib kelmaydi.
2014 yilda FDA tomonidan surunkali idiopatik (spontan) eshakemisi bo‘lgan 12 yosh va undan katta bemorlarni davolash uchun tasdiqlangan. Antigistamin preparatlari samarasiz bo‘lgan hollarda qo‘llaniladi.
Klinik va kuzatuv tadqiqotlari ma’lumotlariga ko‘ra, omalizumab qo‘llanilganda qichishish va toshmalar kamayishi, angioshishsiz kunlar sonining ortishi hamda hayot sifatining yaxshilanishi kuzatiladi. Omalizumab surunkali eshakemini davolashning zamonaviy algoritmiga kiritilgan. Ushbu preparat bilan davolash mutaxassis shifokor (allergolog yoki dermatolog) nazorati ostida olib borilishi kerak.
2024 yilda dupilumab Yaponiyada surunkali spontan eshakemini davolash uchun tasdiqlangan.
Tizimli steroidlar
Peroral (ya’ni og‘iz orqali qabul qilinadigan) glyukokortikoidlar surunkali eshakemi simptomlarini bartaraf etishda samaralidir, biroq ular ko‘plab nojo‘ya ta’sirlarga ega, masalan, buyrakusti bezlari faoliyatining susayishi, tana vaznining ortishi, osteoporoz, giperglikemiya va boshqalar. Shuning uchun ularni qo‘llash bir necha hafta bilan cheklanishi kerak.
Bundan tashqari, bir tadqiqot tizimli glyukokortikoidlarni antigistamin preparatlari bilan birgalikda qo‘llash faqat antigistamin preparatlarini qo‘llashga nisbatan simptomlarning bartaraf etilishini tezlashtirmasligini ko‘rsatgan.
Leykotrien retseptorlari antagonistlari
Leykotrienlar semiz hujayralardan gistamin bilan birga ajralib chiqadi. Montelukast va zafirlukast kabi preparatlar leykotrien retseptorlarini bloklaydi hamda eshakemisi bo‘lgan bemorlarni davolashga qo‘shimcha vosita yoki alohida davolash usuli sifatida qo‘llanishi mumkin. Ushbu preparatlar nosteroid yallig‘lanishga qarshi preparatlarni qabul qilish oqibatida eshakemisi rivojlangan bemorlar uchun ko‘proq foyda berishi mumkin.
Boshqa preparatlar
Surunkali eshakemining murakkab holatlarini davolashning boshqa usullari yallig‘lanishga qarshi preparatlar, omalizumab va immunodepressantlarni qo‘llashni o‘z ichiga oladi.
Yallig‘lanishga qarshi preparatlar: dapson, sulfasalazin va gidroksixloroxin.
Dapson, taxmin qilinishicha, fermentlarni ingibitsiyalash yoki oksidlovchi xususiyatlarni namoyon qilish qobiliyati yoxud immunotrop (immunosupressiv) ta’siri tufayli gerpetiform dermatit rivojlanishini susaytiradi. U davolashga chidamli eshakemi holatlarida qo‘llanadi hamda og‘ir anemiya, glyukoza-6-fosfatdegidrogenaza yoki metgemoglobinreduktaza yetishmovchiligi bo‘lgan bemorlarga qo‘llash mumkin emas.
5-aminosalitsil kislotasining hosilasi bo‘lgan sulfasalazin adenozin ajralishiga ta’sir ko‘rsatadi va E immunoglobulini vositachiligida kechadigan semiz hujayralar degranulyatsiyasini ingibitsiyalaydi, deb hisoblanadi. Sulfasalazin dapson qabul qila olmaydigan anemiyali kishilar uchun yaxshi muqobil vositadir.
Gidroksixloroxin — bezgakka qarshi vosita bo‘lib, T-limfotsitlar faoliyatini susaytiradi. U arzon, biroq dapson yoki sulfasalazinga nisbatan uzoqroq davolash kursini talab qiladi.
Immunodepressantlar oxirgi qator davolash vositalari sifatida ishlatiladi, jiddiy nojo‘ya ta’sirlar yuzaga kelishi ehtimoli tufayli ularni faqat og‘ir holatlarda qo‘llash nazarda tutiladi. Eshakemini davolashda ishlatiladigan immunodepressantlar ro‘yxatiga siklosporin, takrolimus, sirolimus va mikofenolat mofetil kiradi.
Siklosporin va takrolimus kabi kalsinevrin ingibitorlari semiz hujayralar reaksiyasini susaytiradi va T-hujayralar faolligini ingibitsiyalaydi. Ayrim mutaxassislar ularni eshakemining davolashga chidamli shakllarini davolashda tavsiya etadilar. Hozirgi kunda surunkali eshakemisi bo‘lgan bemorlarni davolashning zamonaviy algoritmiga kiritilgan yagona shunday preparat — siklosporin. Omalizumab samarasiz bo‘lsa, davolovchi shifokor surunkali eshakemini davolashning to‘rtinchi bosqichida siklosporin A ni qo‘llashni ko‘rib chiqishi mumkin. Preparat buyurilganda jigar va buyrak faoliyati, shuningdek, arterial bosim muntazam nazorat qilinishi kerak. Siklosporin A bilan uzoq muddatli (3 oydan ortiq) davolash tavsiya etilmaydi.
Surunkali eshakemini davolash uchun sirolimus va mikofenolat mofetilni qo‘llash nisbatan kamroq ma’lumotlarga asoslangan, biroq hisobotlar ularning samaradorligini ko‘rsatadi.
2025 yilda tasdiqlangan preparat — remibrutinib[ingl.].
Davolash qiyin kechadigan surunkali eshakemi mehnat qobiliyatining sezilarli darajada yo‘qolishiga olib kelishi mumkin.
Adabiyotlar
- Kolxir P. V. Eshakemi va angioshish. — M.: Amaliy tibbiyot, 2012. — 363 b. — ISBN 5-98811-228-5.
Havolalar
- Eshakemi // 1. Kichik tibbiyot ensiklopediyasi. — M.: Tibbiyot ensiklopediyasi. 1991—96 yy. 2. Birinchi tibbiy yordam. — M.: Katta Rossiya ensiklopediyasi. 1994 y. 3. Tibbiy atamalarning ensiklopedik lug‘ati. — M.: Sovet ensiklopediyasi. — 1982—1984 yy.
- Eshakemi va Kvinke shishi. Dalillarga asoslangan tibbiyot ma’lumotlari asosida bemorlar va shifokorlar uchun axborot hamda fotosuratlar
- Eshakemi — simptomlari, belgilari va davolash usullari. Eshakemi fotosuratlari