Elektronika nima

Turli xil elektron komponentlar

Elektronika (yunoncha ηλεκτρόνιο «elektron») — elektronlar bilan elektromagnit maydonlar o‘rtasidagi o‘zaro taʼsirni hamda shu taʼsirdan elektromagnit energiyani o‘zgartirish uchun foydalanadigan elektron asbob va qurilmalarni yaratish usullarini o‘rganuvchi fan. Bunday qurilmalarning ishlashi tok tashuvchilarining vakuumda, gazlarda, suyuqliklarda va qattiq jismlarda turli sharoitlarda harakatlanishiga asoslanadi.

Tarixi

Elektronikaning paydo bo‘lishidan avval elektr, elektromagnetizm hodisalari kashf etilib, o‘rganildi, keyinchalik esa radio ixtiro qilindi. Radio uzatkichlar darhol (birinchi navbatda kemalarda va harbiy sohada) qo‘llanila boshlagani sababli ular uchun elementlar bazasi zarur bo‘ldi. Uni yaratish va o‘rganish elektronikaning vazifasiga aylandi. Birinchi avlod elementlar bazasi elektron lampalarga asoslangan edi. Shunga muvofiq vakuum elektronikasi rivojlandi. Uning taraqqiyotiga televideniye ixtirosi hamda radarlarning paydo bo‘lishi ham uning rivojiga turtki berdi. Radarlardan ayniqsa Ikkinchi jahon urushida keng foydalanilgan.

Biroq elektron lampalarning jiddiy kamchiliklari bor edi. Eng avvalo, ular katta hajmli bo‘lib, ko‘p quvvat isteʼmol qilardi (bu ko‘chma qurilmalar uchun ayniqsa muhim edi). Shu sababli qattiq jism elektronikasi rivojlana boshladi. Elementlar bazasida diodlar hamda tranzistorlar ishlatila boshlandi.

Elektronikaning keyingi rivojlanishi kompyuterlarning paydo bo‘lishi bilan bog‘liq. Tranzistorlarga asoslangan kompyuterlar katta hajmli, ko‘p quvvat isteʼmol qiladigan va ishonchliligi past (qismlari ko‘pligi sababli) edi. Bu muammolarni bartaraf etish uchun avval mikroyig‘malar, keyin esa integral mikrosxemalar ishlatila boshlandi. Mikrosxemalardagi elementlar soni asta-sekin ortib, mikroprotsessorlar paydo bo‘ldi. Hozirgi paytda elektronika rivojiga uyali aloqa hamda turli simsiz qurilmalar, navigatorlar, kommunikatorlar, planshetlar va boshqalarning paydo bo‘lishi yordam bermoqda.

Rossiyada elektronikaning shakllanishi va rivojiga quyidagilar hissa qo‘shdi: A. S. Popovning ilmiy faoliyati va simsiz telegraf qurilmalaridan foydalanila boshlanishi, lampali triggerning M. Bonch-Bruyevich tomonidan 1918-yilda ixtiro qilinishi, Losev tomonidan yarimo‘tkazgich elementidan elektr signallarini kuchaytirish va hosil qilishda foydalanishi, Ioffening o‘tkazgich va yarimo‘tkazgich elementlariga oid ishlari, shuningdek, GaAs/AlAs va ularning uch komponentli qattiq eritmalari asosidagi yarimo‘tkazgich bazasini rivojlantirish bo‘yicha Alfyorov laboratoriyasidagi tadqiqotlar.

Elektron hisoblash mashinalari paydo bo‘lishidan oldin mantiqiy amallar elektromexanik yoki mexanik relelar yordamida bajarilgan. 1943-yilda elektromexanik Mark-1 kompyuteri bitta qo‘shish amalini 0,3 soniyada bajargan. Ammo XX asr o‘rtalaridayoq Liben (1912) va Li de Forest (1906) ixtiro qilgan  — triod nomli elektrovakuum asbobdan foydalanila boshlandi. Uning tokini to‘r yordamida boshqarish mumkin edi, bu esa signalni boshqarish imkonini bergan. 1939-yilda vakuum lampalariga asoslangan birinchi kompyuter (J. Atanasov) paydo bo‘ldi va unda hisoblashlar mantiqiy amallar orqali bajarildi. 1946-yilda elektrovakuum elektron hisoblash mashinasi ENIAC yaratildi. Unda 17 468 ta lampa bo‘lib, o‘rnatish paytida ularni tekshirish kerak edi. Bu mashina soniyasiga 5000 ta qo‘shish amalini bajara olgan.

Birinchi tranzistorning 1947-yilda Uilyam Shokli, Jon Bardin va Uolter Bratteyn tomonidan yaratilishi qattiq jism elementlariga asoslangan mantiqiy sxemalarga o‘tish imkonini berdi. Keyinchalik metall–oksid–yarimo‘tkazgich tuzilmasining ixtiro qilinishi elektronika taraqqiyotidagi eng muhim bosqichga aylandi. Bu integral sxemaning yaratilishiga va zamonaviy elektronikaning asosiy yo‘nalishi — mikroelektronikaning keyingi rivojiga olib keldi.

Elektronikaning yo‘nalishlari

Elektronikaning quyidagi yo‘nalishlarini ajratish mumkin:

Elektron qurilma tarkibida elektr signaliga turli fizik jarayonlar yordamida ishlov beriladigan xilma-xil materiallar va muhitlar bo‘lishi mumkin. Biroq har qanday qurilmaning ajralmas qismi — elektr zanjiri.

Elektronikaning turli jihatlarini o‘rganishga bag‘ishlangan ko‘plab ilmiy fanlar texnika oliy taʼlim muassasalarida o‘qitiladi.

Qattiq jism elektronikasi

«Qattiq jism elektronikasi» atamasi adabiyotlarda XX asr o‘rtalarida paydo bo‘lgan. U katta hajmli va samaradorligi past elektrovakuum qurilmalar — radiolampalar o‘rnini egallagan tranzistorlar va yarimo‘tkazgich diodlarga asoslangan qurilmalarni ifodalagan. Bu atamadagi «qattiq» so‘zi elektr tokini boshqarish jarayoni elektron radiolampadagidek vakuumda emas, yarimo‘tkazgichning qattiq jismida sodir bo‘lishi bilan bog‘liq. Keyinchalik, XX asr oxirida, sivilizatsiyamizdagi elektronikaning deyarli barcha sohalari faol elementlar bazasi sifatida faqat qattiq jism yarimo‘tkazgichlaridan foydalana boshlagach, ushbu atama o‘z ahamiyatini yo‘qotib, asta-sekin isteʼmoldan chiqdi.

Qattiq jism elektronikasi paydo bo‘lishi bilan elektron asboblarni miniatyuralashtirish jarayoni nihoyatda tezlashdi. Bir necha o‘n yil ichida faol elementlarning o‘lchami keskin kichraydi: lampalar bir necha santimetr bo‘lgan bo‘lsa, zamonaviy integral sxemalarning yarimo‘tkazgich kristallaridagi tranzistorlar o‘nlab nanometrga yetadi. Hozirgi mikrosxemalarda bunday tranzistorlarning bir necha milliardtasi bo‘lishi mumkin.

Elementlarni tayyorlash texnologiyasi

Qattiq jism elektronikasidagi faol va passiv elementlar bir jinsli, o‘ta toza yarimo‘tkazgich kristalida, ko‘pincha kremniyda, inʼeksiya yoki boshqa kimyoviy elementlar atomlari hamda murakkabroq, jumladan, organik moddalarning molekulalarini kristall jismidagi belgilangan koordinatalarda yangi qatlam sifatida purkab yotqizish usuli bilan hosil qilinadi. Inʼeksiya yarimo‘tkazgichning inʼeksiya (legirlash) amalga oshirilgan joyidagi xususiyatlarini o‘zgartirib, uning elektr o‘tkazuvchanligini qarama-qarshi turga aylantiradi. Shu tariqa diod, tranzistor yoki passiv element — rezistor, o‘tkazgich, kondensator yoxud induktivlik g‘altagi, izolyator, issiqlikni olib ketuvchi element va boshqa elementlar yaratiladi. So‘nggi yillarda kristall asosida yorug‘lik manbalari ishlab chiqarish texnologiyasi keng tarqaldi. Qattiq jism texnologiyalaridan foydalanishga oid juda ko‘p kashfiyotlar va ishlab chiqilgan usullar hali ham patent egalari seyflarida saqlanib, o‘z vaqtini kutmoqda.

O‘lchami bir necha nanometr bo‘lgan elementlarni yaratish imkonini beradigan darajada toza yarimo‘tkazgich kristallarini tayyorlash texnologiyasi nanotexnologiya, elektronikaning tegishli yo‘nalishi esa nanoelektronika deb atala boshlandi.

1970-yillarda qattiq jism elektronikasini miniatyuralashtirish jarayonida analog va raqamli mikroelektronika yo‘nalishlari ajrala boshladi. Elementlar bazasi ishlab chiqaruvchilari o‘rtasidagi bozor raqobatida raqamli elektronika ishlab chiqaruvchilari g‘olib chiqdi. XXI asrda esa analog elektronika ishlab chiqarilishi va rivojlanishi deyarli to‘xtadi. Aslida mikroelektronika isteʼmolchilariga, odatda, raqamli emas, balki uzluksiz analog signallar yoki harakatlar kerak bo‘lgani sababli raqamli qurilmalarning kirish va chiqish qismlari raqamli-analog o‘zgartirgich (RAO)lar bilan jihozlangan.

Elektron sxemalarning kichrayishi qurilmalarning tezkorligi oshishi bilan birga kechdi. Masalan, TTL texnologiyasidagi ilk raqamli qurilmalar bir holatdan ikkinchi holatga o‘tish uchun mikrosoniya talab qilgan va katta tok isteʼmol qilgan. Bu esa issiqlikni chiqarib yuborish uchun maxsus choralarni talab etgan.

XXI asr boshlarida qattiq jism elektronikasi elementlarini kichraytirish jarayoni asta-sekin sekinlashdi va hozirda deyarli to‘xtagan. Bu holat tok o‘tishida ajraladigan issiqlikni chiqarishga va buzilmasdan ishlashga qodir bo‘lgan yarimo‘tkazgich kristalidagi tranzistorlar, o‘tkazgichlar va boshqa elementlarning eng kichik o‘lchamlari chegarasiga yetilgani bilan bog‘liq. Bu o‘lchamlar bir necha nanometrni tashkil etadi, shu sababli mikrosxemalar ishlab chiqarish texnologiyasi nanotexnologiyaga mansub.

Elektronika evolyutsiyasining navbatdagi bosqichi optoelektronika bo‘lishi mumkin. Unda asosiy tashuvchi sifatida foton xizmat qiladi. Foton qattiq jism elektronikasidagi yarimo‘tkazgichlarda harakatlanuvchi elektron va «kovak»ka qaraganda ancha harakatchan va inertligi kamroq.

Asosiy qattiq jism elementlari

Elektron qurilmalarda ishlatiladigan asosiy faol qattiq jism elementlari:

  • Diod — anoddan katodga bir yo‘nalishda tok o‘tkazadigan element. Turlari: tunnel diodi, ko‘chkili-uchish diodi, Gann diodi, Shottki diodi va boshqalar;
  • Bipolyar tranzistorlar — ikkita fizik p–n o‘tishga ega tranzistorlar; ulardagi kollektor-emitter toki baza–emitter toki bilan boshqariladi;
  • Maydoniy tranzistor — istok–stok toki kuchlanish orqali, yaʼni zatvor–stok orasidagi p–n yoki n–p o‘tishda yoki fizik o‘tish mavjud bo‘lmagan, zatvori stok–istok kanalidan galvanik ajratilgan tranzistorlarda zatvor potensiali bilan boshqariladigan tranzistor;
  • Boshqariladigan o‘tkazuvchanlikka ega diodlar (dinistorlar va tiristorlar) kalit sifatida, yorug‘lik diodlari va fotodiodlar esa elektromagnit nurlanishni elektr signallariga yoki elektr energiyasiga hamda aksincha aylantiruvchi qurilmalar sifatida ishlatiladi;
  • Integral mikrosxema — bitta korpusdagi bir yoki bir necha kristallga joylashtirilgan faol va passiv qattiq jism elementlari majmuasi; analog va raqamli mikroelektronikada ishlatiladigan elektron sxema.

Qo‘llanilishiga misollar

Elektronikada qattiq jism asboblaridan foydalanishga misollar:

Analog va raqamli elektronikaning asosiy farqlari

shuningdek qarang:: Raqamli elektronika

Analog va raqamli sxemalarda axborot turlicha kodlangani sababli ularda signallarga ishlov berish jarayonlari ham farq qiladi. Shu bilan birga, analog signal ustida bajariladigan barcha amallarni (xususan, kuchaytirish, filtrlash, diapazonni cheklash va hokazolarni) raqamli elektronika usullari hamda mikroprotsessorlarda dasturiy modellashtirish orqali ham bajarish mumkin.

Analog va raqamli elektronikaning asosiy farqi axborotni kodlashning har bir yo‘nalishga xos usullarida namoyon bo‘ladi.

Analog elektronika eng oddiy, proporsional bir o‘lchovli kodlashdan foydalanadi: axborot manbaining fizik parametrlari elektr maydoni yoki kuchlanishning mos fizik parametrlarida aks ettiriladi (amplituda — amplitudada, chastota — chastotada, faza — fazada va hokazo).

Raqamli elektronika axborot manbai fizik parametrlarini n o‘lchovli kodlashdan foydalanadi. Raqamli elektronikada kamida ikki o‘lchovli kodlash qo‘llaniladi: kuchlanish (tok) va vaqt nuqtalari. Bunday ortiqchalik qurilmada dasturiy yo‘l bilan qo‘shiladigan shovqinlar va dastlabki signal buzilishlarining har qanday darajasida maʼlumot uzatilishini kafolatlash uchun qabul qilingan. Murakkabroq raqamli sxemalarda axborotni mikroprotsessor yordamida dasturiy qayta ishlash usullari qo‘llanadi. Maʼlumotlarni raqamli uzatish usullari amalda mutlaqo yo‘qotishsiz (shovqinlar va boshqa buzilishlar ortmasdan) fizik maʼlumot uzatish kanallarini yaratish imkonini beradi.

Fizik nuqtayi nazardan esa istalgan raqamli elektron sxema va butun qurilmaning ishlashi analog elektron qurilma yoki sxemaning ishlashidan farq qilmaydi. Uni analog elektron qurilmalarning ishlashini tavsiflovchi nazariya va qoidalar asosida izohlash mumkin.

Shovqin

Axborotni kodlash usuli tufayli analog sxemalar raqamli zanjirlarga qaraganda shovqin taʼsiriga ancha sezgir bo‘ladi. Signaldagi kichik o‘zgarish uzatilayotgan axborotni jiddiy buzishi va oxir-oqibat uning yo‘qolishiga olib kelishi mumkin. Raqamli signallar esa faqat ikkita mumkin bo‘lgan qiymatdan birini oladi. Shu sababli xatoga olib kelish uchun xalaqit kattaligi ular orasidagi umumiy farqning taxminan yarmiga yetishi kerak. Raqamli sxemalarning ushbu xususiyatidan signallarning xalaqitlarga chidamliligini oshirishda foydalanish mumkin. Bundan tashqari, har bir mantiqiy ventil orqali signalni tiklash vositalari shovqin va xalaqitlarni kamaytiradi yoki yo‘qotadi. Bunday mexanizm raqamli signallarni kvantlash tufayli mumkin bo‘ladi. Signal muayyan qiymatlar oralig‘ida qolguncha bir xil axborotga mos keladi.

Shovqin signalning aniqligiga taʼsir qiluvchi asosiy omillardan biridir. Bular, asosan, dastlabki signaldagi shovqin va uni uzatish paytida yuzaga keladigan xalaqitlardir (qarang: signal/shovqin nisbati). Fundamental fizik cheklovlar — masalan, komponentlardagi «drobli» shovqin — analog signallarning ajrata olish qobiliyatiga chegara qo‘yadi. Raqamli elektronikada signalni tavsiflovchi qo‘shimcha razryadlardan foydalanish orqali yuqoriroq aniqlikka erishiladi. Bunday razryadlar soni analog-raqamli o‘zgartirgichning (ARO) unumdorligiga bog‘liq.

Loyihalash murakkabligi

Analog sxemalarni loyihalash ularni raqamli sxemalar bilan solishtirganda qiyinroq. Shu sababli raqamli tizimlar analog tizimlarga nisbatan kengroq tarqalgan. Analog sxema qo‘lda loyihalanadi, uni yaratish jarayonida avtomatlashtirish imkoniyatlari kamroq. Raqamli elektron qurilma tashqi muhit bilan biror shaklda o‘zaro ishlashi uchun analog interfeysga muhtoj. Masalan, raqamli radioqabul qilgichda qabul qilish zanjirining birinchi bo‘g‘ini bo‘lgan analog dastlabki kuchaytirgich mavjud.

Sxemalar turlari

Elektron sxemalar va ularning tarkibiy qismlari umumiy ishlash tamoyillariga ko‘ra ikkita asosiy turga bo‘linadi: analog (uzluksiz) va raqamli (diskret). Bitta qurilma faqat bitta turdagi sxemalardan yoki har ikki turdagi sxemalarning turli nisbatdagi aralashmasidan iborat bo‘lishi mumkin.

Analog sxemalar

Analog elektron asboblar va qurilmalar (masalan, radioqabul qilgichlar) odatda bir nechta asosiy sxema turlarining birikmasidan tuziladi. Raqamli sxemalarda qo‘llanadigan diskret darajalardan farqli ravishda analog zanjirlarda kuchlanishning uzluksiz diapazonidan foydalaniladi. Hozirga qadar juda ko‘p turli analog sxemalar ishlab chiqilgan. Ayniqsa, «sxema» tushunchasi bitta komponentdan tortib minglab elementlardan tashkil topgan butun tizimgacha bo‘lgan narsalarni anglatishi mumkinligi sababli ularning soni nihoyatda katta. Analog sxemalar baʼzan chiziqli sxemalar ham deb ataladi (garchi ayrim turlarida, masalan, o‘zgartirgichlar yoki modulyatorlarda ko‘plab nochiziqli effektlar ham qo‘llanilsa-da). Analog sxemalarning odatiy misollari: elektron lampalar va tranzistorlarga asoslangan kuchaytirgichlar, operatsion kuchaytirgichlar hamda ossillyatorlar.

Hozirda butunlay analog bo‘lgan elektron sxemani topish qiyin. Analog zanjirlarda ham raqamli yoki hatto mikroprotsessorli texnologiyalar qo‘llanib, ular zanjirlarning unumdorligini oshirish imkonini beradi. Bunday sxema odatda analog yoki raqamli emas, balki aralash sxema deb ataladi. Baʼzi hollarda uzluksiz va diskret sxemalar orasiga aniq chegara qo‘yish qiyin, chunki har ikkala turda ham chiziqli va nochiziqli elementlar mavjud. Bunga, masalan, komparator misol bo‘la oladi: uning kirishiga kuchlanishning uzluksiz diapazoni berilsa-da, chiqishida raqamli sxemadagi kabi signalning faqat ikkita mumkin bo‘lgan darajasidan biri hosil bo‘ladi. Xuddi shuningdek, haddan tashqari yuklangan tranzistorli kuchaytirgich ham ikkita chiqish signali darajasiga ega boshqariladigan kalit xususiyatlarini olishi mumkin.

Raqamli sxemalar

Raqamli sxemalar kuchlanishning ikki yoki undan ortiq diskret darajasiga asoslanadi. Ular Bul algebrasining eng odatiy fizik amalga oshirilishi bo‘lib, barcha raqamli kompyuterlarning elementlar bazasini tashkil qiladi. «Raqamli sxema», «raqamli tizim» va «mantiqiy sxema» atamalari ko‘pincha bir maʼnoda qo‘llanadi. Raqamli sxemalar, odatda, mantiqiy nol va mantiqiy birga mos keluvchi ikkita kuchlanish darajasiga ega ikkilik tizimdan foydalanadi. Ko‘pincha nol past kuchlanishga, bir esa yuqori kuchlanishga mos keladi, ammo buning aksi ham uchraydi. Uchta mumkin bo‘lgan holatga ega uchlik mantiqiy sxemalar ham o‘rganilgan; ularning asosida Setun elektron hisoblash mashinasi yaratilgan. Hisoblash mashinalaridan tashqari, raqamli sxemalar elektron soatlar va dasturlanadigan mantiqiy kontrollerlarning (sanoat jarayonlarini boshqarishda qo‘llaniladigan) asosini tashkil etadi. Yana bir misol — raqamli signal protsessorlari.

. Ushbu turdagi asosiy konstruktiv elementlar:

Yuqori integratsiya darajasiga ega qurilmalar:

va boshqalar.

Elektron qurilmalarning ishonchliligi

Ishonchlilik elektron qurilmaning o‘z ishonchliligi hamda elektr taʼminotining ishonchliligidan tashkil topadi. Elektron qurilmaning o‘z ishonchliligi esa elementlar, ulanishlar, sxema va boshqa qismlarning ishonchliligiga bog‘liq. Elektron qurilmalar ishonchliligi grafikda nosozliklar egri chizig‘i (nosozliklar sonining foydalanish vaqtiga bog‘liqligi) bilan ifodalanadi. Odatdagi nosozliklar egri chizig‘i turli qiyalikka ega uchta qismdan iborat. Birinchi qismda nosozliklar soni kamayadi, ikkinchi qismda u barqarorlashib, uchinchi qism boshlanguncha deyarli o‘zgarmaydi. Uchinchi qismda esa nosozliklar soni qurilma butunlay yaroqsiz holga kelguncha uzluksiz ortib boradi.

O‘lchash texnikasi

Radioelektron qurilmalar va komponentlar rivojining barcha bosqichlarida alohida radiodetallar hamda tayyor mahsulotlarning sozligi va parametrlarini xolis baholash zarur bo‘lgan. Bu ehtiyoj turli o‘lchov asboblari majmuasiga ega bo‘lishni talab etgan va hozir ham talab qiladi. Ularning funksional xususiyatlari juda xilma-xil. Shu bilan birga, o‘lchov asboblarining o‘zi ham elektronikaning alohida yo‘nalishidir. O‘lchash texnikasining aniqligi juda muhim omil bo‘lib, ushbu asboblar yordamida yaratilgan va sozlangan radioapparatura sifati bevosita unga bog‘liq. O‘lchash uslubiyotiga amal qilish ham shunchalik muhim (qarang: Metrologiya). Eng aniq asboblar maxsus vazifalarda ishlatiladi va ko‘pchilik ishlab chiquvchilar uchun mavjud emas. Boshlang‘ich darajadagi asboblarni (multimetr, laboratoriya quvvat manbai) ishqibozlar ko‘pincha o‘zlari yasashgan.

Adabiyotlar

  • Elektronika: ensiklopedik lug‘at / Bosh muharrir: V. G. Kolesnikov. — Moskva: Sovet ensiklopediyasi, 1991. — 688 bet. — ISBN 5-85270-062-2.
  • I. A. Kazakova Hisoblash texnikasi tarixi. — Penza: Penza davlat universiteti nashriyoti, 2011. — 232 bet.
  • Elektronika / A. I. Shokin // Katta sovet ensiklopediyasi : [30 jildda] / bosh muharrir: A. M. Proxorov. — 3-nashr. — Moskva : Sovet ensiklopediyasi, 1969—1978.
  • A. E. Malyutin, I. V. Filippov Elektronika tarixi. — Moskva: Elektron darslik — RGRTA, 2006.
  • U. Titse, K. Shenk Yarimo‘tkazgich sxemotexnikasi. Nemis tilidan tarjima. — Moskva: Mir, 1982. — 512 bet.
  • U. Titse, K. Shenk Yarimo‘tkazgich sxemotexnikasi. 12-nashr. 2 jildda. Darslik-maʼlumotnoma-ensiklopediya. Nemis tilidan tarjima. — Moskva: DMK Press, 2008.
  • E. D. Geyts Elektronikaga kirish. — Rostov-Don: Feniks, 1998. — 396 bet. — ISBN 5-222-00417-1.
  • G. N. Gorbachyov, E. E. Chapligin Sanoat elektronikasi / professor V. A. Labunsov tahriri ostida. — Moskva: Energoatomizdat, 1988. — 320 bet. — ISBN 5-283-00517-8.
  • B. Grabovski Elektronika bo‘yicha maʼlumotnoma. 2-tuzatilgan nashr. — Moskva: DMK Press, 2009. — 416 bet. — ISBN 978-5-94074-472-6.
  • I. P. Jerebtsov Elektronika asoslari. 5-nashr. — Leningrad: Energoatomizdat, 1989. — 352 bet. — ISBN 5-283-04448-3.