Zaxira nusxa olish

Axborot saqlashga mo‘ljallangan strimer qurilmasining LTO formatidagi kartriji — zaxira nusxa tashuvchisiga misol.

Zaxira nusxalash, bekap (ingl. backup copy, backup) — ma’lumotlarning asl nusxasidan alohida, odatda boshqa axborot tashuvchida saqlanadigan nusxasini (zaxira nusxani) yaratish jarayoni yoki amaliyoti.

Zaxira nusxa ma’lumotlarning qayta tiklab bo‘lmaydigan darajada yo‘qolishining oldini olishga mo‘ljallangan. Zaxira nusxa mavjud bo‘lsa, shikastlangan yoki yo‘q qilingan ma’lumotlarni undan tiklash va zaxira nusxa yaratilgan paytdagi dastlabki holatiga qaytarish mumkin.


Zaxira nusxalashning vazifalari

Zaxira nusxalash ma’lumotlar (raqamli axborot) saqlanishini quyidagi holatlarda ta’minlash uchun zarur:

Zaxira nusxalash ma’lumotlarni tezda tiklash imkonini beradi. Bu korxonalar uzluksiz faoliyat yuritishi va xarajatlarini kamaytirishi uchun nihoyatda muhim.

Zaxira nusxalash mezonlari

Zaxira nusxalashni rejalashtirishda odatda ikki mezondan foydalaniladi: ma’lumotlar yo‘qolishidan oldingi holatni tavsiflovchi tiklash nuqtasi ko‘rsatkichi va ma’lumotlar yo‘qolgan hodisadan keyin tizimni tiklash uchun ketadigan vaqtni ifodalovchi tiklash vaqti ko‘rsatkichi. Bu ko‘rsatkichlar ma’lumot yo‘qolishining biznes uchun xavfi va tiklash xarajatlariga qarab o‘zaro kuchli yoki sust bog‘liq bo‘lishi mumkin.

Tiklash nuqtasi ko‘rsatkichi

Tiklash nuqtasi ko‘rsatkichi yoki maqsadli tiklash nuqtasi (ingl. Recovery Point Objective, RPO) zaxira nusxa yaratilgan paytdan ma’lumotlarga zarar yetkazuvchi hodisa sodir bo‘lgunigacha o‘tishi mumkin bo‘lgan eng uzoq vaqtni ifodalaydi. Bu davr mobaynida yo‘qolgan ma’lumot miqdori maqbul deb hisoblanadi.

Aynan RPOga zaxira nusxalash chastotasi bog‘liq bo‘lib, bu jarayonni tashkil etish xarajatlariga bevosita ta’sir qiladi. Masalan, uzluksiz tranzaksiyalarni amalga oshiradigan banklar va boshqa moliya tashkilotlari doimiy zaxira nusxalashdan (ma’lumotlarni ko‘zgulashdan) foydalanishga majbur. Bu usul barcha zaxira nusxalash usullari ichida eng katta joriy etish xarajatlarini talab qiladi.

RPO hisoblanayotganda quyidagilar hisobga olinadi:

  • ma’lumotlar bilan bog‘liq avariya yuz bersa, yo‘qotishlar ko‘lami;
  • ma’lumotlar bilan bog‘liq avariya ehtimoli;
  • ma’lumotlar to‘plamidan biznes jarayonlarida qanchalik faol foydalanilishi;
  • tanlangan RPO bilan zaxira nusxalash xarajatlari;
  • ma’lumotlarni saqlashning amaldagi qoidalari.

Tiklash vaqti ko‘rsatkichi

Tiklash vaqti ko‘rsatkichi yoki maqsadli tiklash vaqti (ingl. Recovery Time Objective, RTO) ma’lumotlarga zarar yetkazuvchi hodisa sodir bo‘lgan paytdan tizimning ish faoliyati tiklangunigacha o‘tadigan vaqtni belgilaydi.

RTO — nosozlik (ma’lumotlarning shikastlanishi) paytidan axborot tizimi sinovdan o‘tkazilib, qayta ishga tushirilgan va uning to‘liq ishlash qobiliyati tiklangunigacha davom etadigan to‘xtab turish vaqti.

Maqsadli RTO ko‘rsatkichini muayyan qiymatdan pastga tushirish zaxira nusxalash va ma’lumotlarni tiklash tizimiga ketadigan xarajatlarni sezilarli oshirishi mumkin.

Aynan RTO ko‘rsatkichi hisoblanayotganda tiklash jarayoni hodisa sodir bo‘lishi bilanoq emas, balki u aniqlangandan keyin boshlanishini hisobga olish kerak. Bu kechikishni kamaytirish uchun ogohlantirishlar sozlangan ishonchli monitoring tizimi ishlashi, texnik xodimlar esa uning xabarlariga tezkor javob bera olishi lozim.

RTO quyidagilar asosida hisoblanadi:

  • axborot tizimi yo‘qotilgan taqdirda yetadigan zarar miqdori;
  • tizim to‘xtab turgandagi xarajatlar yoki yo‘qotishlar;
  • taxminiy to‘xtab turish davomiyligi;
  • tizim zaifliklarining mavjudligi va xususiyatlari;
  • allaqachon joriy etilgan himoya choralari;
  • ehtimoliy tahdidlar.

Zaxira nusxalash turlari

Zaxira nusxalashning bir necha turi mavjud.

Aylantirish (rotatsiya) usulida zaxira nusxalash uch bosqichdan iborat:

  • to‘liq zaxira nusxalash (ingl. Full backup);
  • differensial zaxira nusxalash (ingl. Differential backup);
  • inkremental zaxira nusxalash (ingl. Incremental backup);

To‘liq zaxira nusxalash

To‘liq nusxalash odatda butun tizim va barcha fayllarni qamrab oladi. Har haftalik, har oylik va har choraklik zaxira nusxalash barcha ma’lumotlarning to‘liq nusxasini yaratishni nazarda tutadi. Odatda bu katta hajmdagi ma’lumotlarni nusxalash tashkilot ishiga ta’sir qilmaydigan vaqtda bajariladi. Resurslarning ortiqcha sarflanishini oldini olish uchun siqish algoritmlaridan foydalaniladi, shuningdek, to‘liq nusxalash differensial yoki inkremental nusxalash bilan birga qo‘llanadi. Tizimni noldan tez tiklash uchun zaxira nusxa tayyorlash zarur bo‘lgan hollarda to‘liq zaxira nusxalash beqiyos ahamiyatga ega.

Differensial zaxira nusxalash

Differensial («farqli») zaxira nusxalashda oxirgi to‘liq zaxira nusxa yaratilganidan beri o‘zgargan har bir fayl har safar qaytadan nusxalanadi. Differensial nusxalash tiklash jarayonini tezlashtiradi. Fayllarning barcha nusxalari muayyan vaqtlarda yaratiladi; bu, masalan, virus yuqqan hollarda muhimdir.

Inkremental zaxira nusxalash

Qo‘shimcha («inkremental») zaxira nusxalashda faqat oxirgi marta to‘liq yoki qo‘shimcha zaxira nusxalash amalga oshirilganidan keyin o‘zgargan fayllar nusxalanadi. Keyingi inkremental zaxira nusxaga faqat oldingi nusxalashdan beri o‘zgargan fayllar qo‘shiladi. Fayllar kamroq nusxalangani uchun inkremental zaxira nusxalash kamroq vaqt oladi. Biroq ma’lumotlarni tiklash ko‘proq vaqt talab qiladi, chunki oxirgi to‘liq zaxira nusxadagi barcha ma’lumotlar, shuningdek, undan keyingi barcha inkremental zaxira nusxalardagi ma’lumotlar tiklanishi kerak. Differensial nusxalashdan farqli ravishda, o‘zgargan yoki yangi fayllar eskilarining o‘rnini egallamaydi, balki axborot tashuvchiga alohida qo‘shiladi.

Klonlash

Klonlash barcha fayl va kataloglari bilan birga butun bo‘lim yoki axborot tashuvchini (qurilmani) boshqa bo‘limga yoxud boshqa tashuvchiga nusxalash imkonini beradi. Agar manba bo‘lim yuklanadigan bo‘lsa, klonlangan bo‘lim ham yuklanadigan bo‘ladi.

Disk obrazi shaklida zaxira nusxalash

Obraz — butun bo‘lim yoki axborot tashuvchining (qurilmaning) bitta faylda saqlanadigan aynan nusxasi.

Real vaqt rejimida zaxira nusxalash

Real vaqt rejimida zaxira nusxalash fayllar, kataloglar va jildlarning nusxalarini ishni to‘xtatmasdan, kompyuterni qayta yuklamasdan yaratish imkonini beradi.

Sovuq zaxiralash

Sovuq zaxiralashda ma’lumotlar bazasi o‘chirilgan yoki foydalanuvchilar uchun yopilgan bo‘ladi. Ma’lumot fayllari o‘zgarmaydi va ma’lumotlar bazasining zaxira nusxasi keyingi ishga tushirishda izchil holatda bo‘ladi.

Issiq zaxiralash

Issiq zaxiralashda ma’lumotlar bazasi yoqilgan va foydalanuvchilar uchun ochiq bo‘ladi. Ma’lumotlar bazasining zaxira nusxasi ma’lumot fayllari nusxalangach, unga avtomatik tarzda zaxiralash jurnallarini qo‘llash orqali izchil holatga keltiriladi.

Rotatsiya sxemalari

Nusxalash jarayonida ishchi tashuvchilar to‘plamining almashtirib turilishi ularning rotatsiyasi deyiladi. Zaxira nusxalashda mos rotatsiya sxemasini tanlash juda muhim (masalan, magnit lentalar).

Bir martalik nusxalash

Eng oddiy, tashuvchilar rotatsiyasi ko‘zda tutilmagan sxema. Barcha amallar qo‘lda bajariladi. Nusxalashdan oldin administrator zaxira nusxalash boshlanadigan vaqtni belgilaydi va nusxalanishi kerak bo‘lgan fayl tizimlari yoki kataloglarni ko‘rsatadi. Bu ma’lumotni keyin qayta ishlatish uchun ma’lumotlar bazasida saqlash mumkin. Bir martalik nusxalashda ko‘pincha to‘liq nusxalash usuli qo‘llanadi.

Oddiy rotatsiya

Oddiy rotatsiyada muayyan lenta to‘plamidan navbatma-navbat foydalaniladi. Masalan, rotatsiya davri bir hafta bo‘lishi mumkin: bunda haftaning har bir ish kuniga alohida tashuvchi ajratiladi. Bu sxemaning kamchiligi — arxiv yuritish uchun uncha mos emasligi, chunki arxivdagi tashuvchilar soni tez ko‘payadi. Bundan tashqari, inkremental yoki differensial yozuvlar ayni tashuvchilarga qayta-qayta yoziladi. Bu ularning sezilarli eskirishiga va oqibatda ishdan chiqish ehtimoli ortishiga olib keladi.

«Bobo, ota, o‘g‘il»

Ushbu sxema iyerarxik tuzilishga ega bo‘lib, uch xil tashuvchilar to‘plamidan foydalanishni nazarda tutadi. Haftada bir marta kompyuter disklarining to‘liq nusxasi olinadi («ota»), har kuni esa inkremental (yoki differensial) nusxalash bajariladi («o‘g‘il»). Bundan tashqari, oyda bir marta yana bir to‘liq nusxa olinadi («bobo»). Kundalik va haftalik to‘plamlarning tarkibi o‘zgarmaydi. Shunday qilib, oddiy rotatsiyaga nisbatan arxivda faqat oylik nusxalar hamda eng so‘nggi haftalik va kundalik nusxalar bo‘ladi. Bu sxemaning kamchiligi — arxivga faqat oy oxirida mavjud bo‘lgan ma’lumotlar kiritilishi va tashuvchilarning eskirishidir.

Ushbu sxema oddiy rotatsiya hamda «Bobo, ota, o‘g‘il» rotatsiyasi kamchiliklarining ayrimlarini bartaraf etishga mo‘ljallangan. Sxema bir nechta tashuvchi to‘plamidan foydalanishga asoslanadi. Har bir to‘plam oddiy rotatsiyadagi kabi bir haftalik nusxalash uchun mo‘ljallangan, biroq unda to‘liq nusxalar olib tashlanmaydi. Boshqacha aytganda, alohida to‘plamda haftalik to‘liq nusxa yozilgan tashuvchi va kundalik inkremental (differensial) nusxalar yozilgan tashuvchilar bo‘ladi. «Xanoy minorasi» sxemasining o‘ziga xos kamchiligi — boshqa sxemalarga nisbatan murakkabroq ekanidir.

«10 ta to‘plam»

Ushbu sxema o‘nta tashuvchi to‘plami uchun mo‘ljallangan. Qirq haftalik davr o‘nta siklga bo‘linadi. Har bir siklda har bir to‘plamga haftaning muayyan kuni biriktiriladi. To‘rt haftalik sikl tugagach, to‘plam raqami bir kunga suriladi. Boshqacha aytganda, birinchi siklda dushanba uchun 1-raqamli, seshanba uchun 2-raqamli to‘plam javobgar bo‘lsa, ikkinchi siklda dushanba uchun 2-raqamli, seshanba uchun esa 3-raqamli to‘plam javobgar bo‘ladi. Bu sxema yuklamani, demak, eskirishni ham barcha tashuvchilar o‘rtasida teng taqsimlash imkonini beradi.

«Xanoy minorasi» sxemasi[manba 5442 kundan beri ko‘rsatilmagan] va «10 ta to‘plam» sxemasi kam qo‘llanadi, chunki ko‘plab zaxira nusxalash tizimlari ularni qo‘llab-quvvatlamaydi.

Zaxira nusxani saqlash

Axborot yo‘qolishining sabablari

Ishlatish jarayonida axborot tashuvchilarining buzilishi

Tavsif: nosozliklar statistikasi doirasida ehtiyotsizlik, foydalanish resursining tugashi yoki olinadigan tashuvchining tasodifiy ishdan chiqishi bilan bog‘liq buzilishlar. Agar muhim ma’lumotlar allaqachon yo‘qolgan bo‘lsa, ixtisoslashgan xizmatga murojaat qilish mumkin, ammo ma’lumotlarni tiklash yuz foiz kafolatlanmaydi.

Yechim: barcha axborotni (har bir faylni) kamida ikki nusxada saqlash (har bir nusxa alohida axborot tashuvchida bo‘lishi kerak). Buning uchun quyidagilar qo‘llanadi:

  • RAID 1 — eng so‘nggi ma’lumotlarni tiklash imkonini beradi. RAID o‘rnatilgan serverdagi fayllar mahalliy kompyuterda saqlanadigan fayllarga nisbatan buzilishlardan yaxshiroq himoyalangan;
  • Boshqa tashuvchiga qo‘lda yoki avtomatik nusxalash. Buning uchun versiyalarni boshqarish tizimi, maxsus zaxira nusxalash dasturi yoki vaqti-vaqti bilan ishga tushiriladigan cmd-fayl kabi oddiy vositalardan foydalanish mumkin.

Tabiiy va texnogen ofatlar

Tavsif: bo‘ron, zilzila, o‘g‘irlik, yong‘in, suv quvurining yorilishi — bularning barchasi muayyan hududdagi barcha axborot tashuvchilarning yo‘qolishiga olib kelishi mumkin.

Himoya chorasi: tabiiy ofatlardan himoyalanishning yagona yo‘li — zaxira nusxalarning bir qismini boshqa binoda saqlash. Xususan, nusxalarni tarmoq orqali yetarlicha uzoqda joylashgan kompyuterga uzatish yordam beradi (yoki bulutli ma’lumotlar omboriga).

Tavsif: bu toifaga tasodifan tizimga kirib qolgan va axborotni ataylab buzadigan zararli dasturlar, jumladan viruslar, qurtlar, «troyan otlari» kiradi. Ba’zan zararlanish ma’lumotlarning katta qismi buzilgan yoki yo‘q qilinganidan keyingina aniqlanadi.

Himoya choralari:

  • Ishchi kompyuterlarga antivirus dasturlarini o‘rnatish. Eng oddiy antivirus choralari — avtomatik ishga tushirishni o‘chirish, mahalliy tarmoqni internetdan ajratish va hokazo.
  • Yangilanishlarni markazlashtirilgan tarzda ta’minlash: antivirusning birinchi nusxasi yangilanishlarni bevosita internetdan oladi, qolgan nusxalar esa birinchi nusxa yangilanishlarni yuklab oladigan papkaga yo‘naltiriladi; shuningdek, proksi serverni yangilanishlar keshlanadigan tarzda sozlash mumkin (bularning barchasi trafik sarfini kamaytirishga qaratilgan choralar).
  • Nusxalarni virus yetib bora olmaydigan joyda — maxsus ajratilgan serverda yoki olinadigan axborot tashuvchilarda saqlash.
  • Agar nusxalash serverga amalga oshirilsa, uni viruslardan himoyalash kerak (antivirus o‘rnatish yoki zararlanish ehtimoli past bo‘lgan operatsion tizimdan foydalanish). Yetarlicha eski versiyalarni saqlash lozim, shunda zararlangan kompyuter bilan aloqa qilmagan nusxa mavjud bo‘ladi.
  • Agar nusxalash olinadigan tashuvchilarga amalga oshirilsa, ularning bir qismini (ustiga yangi ma’lumot yozmasdan) yetarlicha uzoq muddat saqlash kerak, shunda zararlangan kompyuter bilan aloqa qilmagan nusxa qoladi.
  • Faqat bir marta yozish mumkin bo‘lgan CD-R, DVD-R, BD-R kabi tashuvchilardan foydalanish. Ularning sig‘imi jiddiy vazifalar uchun yetarli emas.

Tavsif: muhim axborotning inson, ataylab yaratilgan zararli dastur yoki nosoz dasturiy ta’minot tomonidan qasddan yoki bilmasdan yo‘q qilinishi.

Himoya choralari:

  • Barcha resurslarga kirish huquqlarini puxta taqsimlash, shunda boshqa foydalanuvchilar o‘zgalarning fayllarini o‘zgartira olmaydi. Bundan tizim administratori mustasno: u foydalanuvchilar, dasturlar va boshqalarning xatolarini tuzata olishi uchun barcha resurslarga to‘liq huquqqa ega bo‘lishi kerak.
  • Amalda ishlaydigan zaxira nusxalash tizimini yaratish — odamlar haqiqatan foydalanadigan va operator xatolariga yetarli darajada bardoshli bo‘lgan tizim. Agar foydalanuvchi zaxira nusxalash tizimidan foydalanmasa, ma’lumotlarni saqlab qolish uchun barcha javobgarlik uning o‘ziga yuklanadi.
  • Ma’lumotlar buzilgani aniqlanganda faylni tiklash mumkin bo‘lishi uchun yetarlicha eski versiyalarni saqlash.
  • Operatsion tizimni qayta o‘rnatishdan oldin u o‘rnatiladigan bo‘limning barcha ma’lumotlarini serverga, boshqa bo‘limga yoki CD/DVD diskka albatta nusxalash kerak.
  • Ma’lumot yo‘qolishiga sabab bo‘lishi mumkin deb taxmin qilingan dasturiy ta’minotni zudlik bilan yangilash.

Zaxira nusxalashdagi qiyinchiliklar

Xususan, mualliflik huquqi va boshqa mutlaq huquqlar haqidagi qonunlar nusxalashni taqiqlashi yoki cheklashi mumkin. Ba’zan zaxira nusxalash uchun istisnolar nazarda tutiladi (qarang: Asarlardan erkin foydalanish, mualliflik huquqi sohasidagi cheklovlar va istisnolar).

Ayrim mulkiy dasturiy ta’minot va boshqa erkin bo‘lmagan asarlardan foydalanish shartlari ham zaxira nusxalashni cheklashi yoki taqiqlashi mumkin.

Nusxalashdan himoyalash bo‘yicha texnik choralar qonunlar va foydalanish shartlaridan qat’i nazar zaxira nusxalashni qiyinlashtiradi.

Havolalar