Yarimo‘tkazgichli lazer

Yarimo‘tkazgichli lazer — faol sohasi (majburiy nurlanish hosil bo‘ladigan qatlam) hamda boshqa sohalari [optik cheklash qatlami va nomuvozanatdagi zaryad tashuvchilari kiritiladigan qatlamlar (qoplamalar)] uchun material sifatida yarimo‘tkazgichlar ishlatiladigan lazerdir. Bunday lazerlarda boshqa turdagi lazerlardan (jumladan, qattiq jismli lazerlardan) farqli ravishda, nurlanishga olib keladigan o‘tishlar atomlar, molekulalar yoki ionlarning energetik sathlari o‘rtasida emas, balki yarimo‘tkazgich monokristalidagi ruxsat etilgan energetik zonalar, kichik zonalar yoki o‘lchamiy kvantlanish sathlari o‘rtasida sodir bo‘ladi. Yarimo‘tkazgichli lazerda damlash quyidagi usulda amalga oshiriladi:

  • bevosita elektr toki yordamida, ya’ni zaryad tashuvchilarini injeksiya qilish orqali (bevosita tok bilan damlash).

Yarimo‘tkazgichli lazerlarning ilm-fan va texnikaning turli sohalarida, tibbiyotda hamda kundalik hayotda keng qo‘llanishi, xususan, ularda tok bilan bevosita damlash imkoniyati mavjudligi bilan bog‘liq.

Yarimo‘tkazgichli lazerda damlash quyidagi usullar bilan ham amalga oshirilishi mumkin:

Yarimo‘tkazgichli lazer deb ko‘pincha kuchli damlovchi yorug‘lik diodi va unga yopishtirilgan qattiq jismli faol elementdan iborat gibrid lazer ham ataladi. Bunday lazerlarning afzalligi shundaki, damlash uchun ishlatiladigan yorug‘lik diodi tuzilmasini ancha uzun va shunga mos ravishda yuqori quvvatli qilib tayyorlash mumkin. Qizish natijasida yuzaga keladigan mexanik deformatsiyalar faol elementga kamroq ta’sir qiladi. Quvvati bir necha vattdan o‘nlab vattgacha bo‘lgan «yarimo‘tkazgichli» lazerlar asosan aynan shu texnologiya asosida ishlab chiqariladi. Gibrid lazerni haqiqiy yarimo‘tkazgichli lazerdan tashqi ko‘rinishiga qarab ajratish ancha qiyin.

Yarimo‘tkazgichli lazerda kristall panjarani tashkil etuvchi atomlar birgalikda qo‘zg‘alib, nurlanish chiqargani sababli lazerning o‘lchamlari juda kichik bo‘lishi mumkin.

Yarimo‘tkazgichli lazerlarning boshqa xususiyatlari — yuqori foydali ish koeffitsiyenti, past inersionlik va tuzilishining soddaligidir.

Yarimo‘tkazgichli lazerlarning odatiy vakili — lazer diodi bo‘lib, uning ishchi sohasi yarimo‘tkazgichli p-n-o‘tish hisoblanadi. Bunday lazerda nurlanish elektronlar va kovaklarning rekombinatsiyasi natijasida yuzaga keladi..

Yaratilish tarixi

9-iyul 1962-yilda MIT Linkoln laboratoriyasi tadqiqotchilari Robert Kiyes va Teodor Kvist qattiq jismli qurilmalarni tadqiq etishga bag‘ishlangan konferensiyada tajribaviy yarimo‘tkazgichli lazer ustida ishlayotganlarini ma’lum qildilar. Kiyesning so‘zlariga ko‘ra, lazer hali kogerent nur dastasini chiqarmagan edi, biroq ish jadal davom etayotgan edi.

Kiyes va Kvist konferensiya qatnashchilarini hayratda qoldirdilar: ular galliy arsenididan tayyorlangan yarimo‘tkazgichga berilgan elektr energiyasining deyarli 100 foizini yorug‘likka aylantirish mumkinligini isbotlay olishlarini bildirdilar. Ko‘plab olimlarning ishonmasligi va kulgisiga qaramay, bunday samaradorlikni o‘sha konferensiyaning o‘zida Robert N. Xoll isbotladi.

1962-yil kuzida AQShda uchta tadqiqot guruhi bir-biridan mustaqil ravishda va deyarli bir vaqtda birinchi ishlaydigan yarimo‘tkazgichli lazer yaratilganini ma’lum qildi :

  • General Electric (GE) — Robert Xoll (Robert N. Xoll) rahbarligida.
  • IBM kompaniyasining Tomas J. Uotson nomidagi tadqiqot markazi — Marshall Neytan (Marshall I. Neytan) rahbarligida.
  • MIT Linkoln laboratoriyasi (Robert Rediker, Robert Kiyes va Teodor Kvist).

Ularning barchasi galliy arsenidi (GaAs) kristallidan va kriogen haroratlarda (suyuq azot bilan sovitilganda) impulsli damlash usulidan foydalangan.

IBM va GE kompaniyalari oktabr oyida AQShda patent olish uchun ariza topshirdilar va yakunda har ikkisi ham patent oldi.

Uchala muassasa ham o‘z ishlari uchun IEEE mukofoti bilan taqdirlandi.

1970-yilda Jores Alfyorov qo‘sh geterotuzilmani ishlab chiqqach, ulkan yutuqqa erishildi. Bu tuzilma xona haroratida uzluksiz rejimda samarali lazer nurlanishini hosil qilish imkonini berdi va lazerlarning keng miqyosda tijorat maqsadlarida qo‘llanishiga yo‘l ochdi. Ushbu ishlari uchun J. I. Alfyorov Nobel mukofoti bilan 2000-yilda taqdirlandi.

Tasniflash

Faol muhit turiga ko‘ra yarimo‘tkazgichli lazerlar quyidagi turlarga bo‘linadi:

  • hajmiy faol sohaga ega (3D) lazerlar;
  • kvant quduqlariga asoslangan (2D) lazerlar;
  • kvant simlariga asoslangan (1D) lazerlar;
  • kvant nuqtalariga asoslangan (0D) lazerlar.


Rezonator turiga ko‘ra yarimo‘tkazgichli lazerlar quyidagi turlarga bo‘linadi:

  • tashqi rezonatorli va o‘z rezonatoriga ega (monolit) lazerlar;
  • Fabri–Pero rezonatorli lazerlar;
  • taqsimlangan teskari aloqali rezonatorlarga ega lazerlar;
  • taqsimlangan Bregg ko‘zgulariga ega lazerlar.


Nurlanishning chiqish usuliga ko‘ra yarimo‘tkazgichli lazerlar quyidagi turlarga bo‘linadi:

  • yarimo‘tkazgich chipining uchki yuzalaridan nurlanuvchi lazerlar;
  • sirtidan nurlanuvchi lazerlar (vertikal rezonator).

Adabiyotlar