Geliy-neon lazeri — lazer, uning faol muhiti geliy va neon aralashmasidan iborat. Geliy-neon lazerlari ko‘pincha laboratoriya tajribalarida va optikada[aniqlashtirish kerak]. Uning ishchi to‘lqin uzunligi 632,8 nm bo‘lib, u ko‘rinadigan spektrning qizil qismida joylashgan.

Geliy-neon lazerining ishchi muhiti geliy va neon gazlarining 5:1 nisbatdagi aralashmasi bo‘lib, u shisha kolbada past bosim ostida (odatda taxminan 300 Pa) saqlanadi. Qo‘zg‘atish energiyasi kolbaning ikki uchida joylashgan, taxminan 1000—5000 volt kuchlanishli ikkita elektr razryadlagich orqali beriladi (naycha uzunligiga qarab). Rezonator odatda ikkita ko‘zgudan iborat: kolbaning bir tomonidagi ko‘zgu nurlanishni mutlaqo o‘tkazmaydi, qurilmaning chiqish tomonidagi ikkinchi ko‘zgu esa o‘ziga tushgan nurlanishning taxminan 1 % ini o‘tkazadi.
Geliy-neon lazerlari ixcham: rezonatorning odatiy uzunligi 15 sm dan 2 m gacha, chiqish quvvati esa 1 dan 100 mVt gacha o‘zgaradi.
Ishlash prinsipi

Gaz razryadi paytida geliy va neon aralashmasida har ikki elementning qo‘zg‘algan atomlari hosil bo‘ladi. Bunda geliyning metastabil energetik sathi 1S0 va neonning 2p55s2[1/2] nurlanuvchi sathi energiyalari taxminan bir xil — mos ravishda 20,616 va 20,661 eV. Qo‘zg‘alish energiyasining bu ikki holat o‘rtasida uzatilishi quyidagi jarayon orqali sodir bo‘ladi:
- He* + Ne + ΔE → He + Ne*
Bu jarayonning samaradorligi juda yuqori (bu yerda (*) qo‘zg‘algan holatni, ΔE esa ikki atomning energetik sathlari orasidagi farqni bildiradi). Yetishmaydigan 0,05 eV atomlarning kinetik energiyasi hisobidan olinadi. Neonning 2p55s2[1/2] sathidagi atomlar soni ortadi va muayyan vaqtda pastroqda joylashgan 2p53p2[3/2] sathidagi atomlar sonidan oshadi. Shunda energetik sathlar bandligining inversiyasi yuzaga keladi — muhit lazer nurlanishini hosil qila oladigan holatga o‘tadi.
Neon atomi 2p55s2[1/2] holatdan 2p53p2[3/2] holatga o‘tganida chiqariladigan nurlanishning to‘lqin uzunligi 632,816 nm ga teng. Neon atomining 2p53p2[3/2] holati ham qisqa yashash vaqtiga ega nurlanuvchi holatdir. Shu sababli atom bu holatdan tezda 2p53s sathlar tizimiga, so‘ng esa 2p6 asosiy holatiga qaytadi. Bu jarayon rezonans nurlanishini chiqarish (2p53s tizimining nurlanuvchi sathlari) yoki kolba devorlariga urilish (2p53s tizimining metastabil sathlari) hisobiga sodir bo‘ladi.
Bundan tashqari, rezonator ko‘zgulari to‘g‘ri tanlansa, boshqa to‘lqin uzunliklarida ham lazer nurlanishini olish mumkin: xuddi shu 2p55s2[1/2] sathi 2p54p2[1/2] sathiga o‘tib, to‘lqin uzunligi 3.39 mkm bo‘lgan foton chiqarishi mumkin. Geliyning boshqa metastabil sathi bilan to‘qnashuv natijasida hosil bo‘ladigan 2p54s2[3/2] sathi esa 2p53p2[3/2] sathiga o‘tib, to‘lqin uzunligi 1,15 mkm bo‘lgan foton chiqarishi mumkin. Shuningdek, 543,5 nm (yashil), 594 nm (sariq) yoki 612 nm (to‘q sariq) to‘lqin uzunliklarida ham lazer nurlanishini olish mumkin.
Geliy-neon lazeri nurlanishining spektral polosasi ancha tor bo‘lib, kengligi taxminan 1,5 GGs ni tashkil etadi. Bu qiymat asosan neon atomlari nurlanishining Dopler effekti sababli spektral kengayishi bilan belgilanadi. Nurlanish spektrining torligi geliy-neon lazerlarini quyidagi sohalarda qo‘llash uchun yaxshi nurlanish manbaiga aylantiradi: interferometriya, golografiya, spektroskopiya, shuningdek, shtrix-kodlarni o‘qish qurilmalari.
Kashf etilish tarixi
Geliy va neon aralashmasida ishlaydigan ilk gaz lazerini Ali Javan, Uilyam Bennett va Donald R. Herriott (ingl. D.R. Herriott) 1960-yilda namoyish etishgan. Ushbu lazer 1,15 mkm to‘lqin uzunligida (infraqizil diapazonda) nurlanish chiqargan. Ikki yil o‘tib, Alan Devid Uayt va Deyn Rigden (ingl. Dane Rigden) geliy-neon lazeri 632,8 nm to‘lqin uzunligida, ya’ni ko‘rinadigan spektr diapazonida nurlanish chiqarishi mumkinligini ko‘rsatishgan. Keyinchalik aynan shu uzluksiz ishlaydigan ko‘rinadigan diapazondagi lazer keng qo‘llanila boshlagan.