Uluru qoyasi haqida

Uluru
ingl. Uluru
Eng baland nuqtasi
Dengiz sathidan balandligi863 m 
Nisbiy balandligi348 m
Joylashuvi
25°20′48″ j. k. 131°02′03″ sh. u.HGYaO
Mamlakat
HududShimoliy hudud
Австралия
Красная точка
Uluru
Северная территория
Красная точка
Uluru

environment.gov.au/parks…
Логотип Викисклада Vikimedia omboridagi mediafayllar

Uluru (ingl. Uluru, Ayers Rock) — ulkan, to‘q sariq-jigarrang tusli, oval shakldagi qoya tuzilmasi bo‘lib, taxminan 680 million yil avval geologik jarayonlar natijasida shakllangan. U Markaziy Avstraliyada — Shimoliy hududning eng janubiy ma’muriy mintaqasida, qit’aning geografik markaziga yaqin joyda joylashgan. Undan 340 km shimoli-sharqda joylashgan shahar — Alis-Springs. Qoya «Uluru — Kata-Tyuta» milliy bog‘ining bir qismi bo‘lib, bog‘ 1300 kvadrat kilometr maydonni egallaydi. Bog‘ni Butunjahon merosi ro‘yxatiga kiritgan xalqaro tashkilot — YUNESKO.

Uluruning uzunligi 3,6 km, eni taxminan 3 km, balandligi 348 metr. Uning yuzasida chuqurligi 2 m gacha bo‘lgan parallel egatlar bor. Tosh tuzilmasi yer ostiga 6 km dan ham chuqurroq kirib boradi. Qoyaning etak qismi g‘orlar bilan o‘yilib ketgan bo‘lib, ularda qoyatosh rasmlari va tosh o‘ymakorligi namunalari mavjud.

Mahalliy aborigenlarning afsonalariga ko‘ra, bir zamonlar bu yerda tog‘ning egasi — suvda yashovchi piton, tik yonbag‘rida esa qora varan yashagan. Aborigenlar o‘zlarini muqaddas qoyaning qo‘riqchilari deb bilishadi, unga sig‘inishadi va marosimlar o‘tkazishadi.

Ulurudan 18 km shimolda Yulara (Yulara) kurort shaharchasi barpo etilgan. Unda dam olish hududi va sayyohlarga xizmat ko‘rsatish infratuzilmasi mavjud. Shaharcha chegarasida joylashgan aeroport — Ayers-Rok aeroporti.

Geologiya

Uluru asosan arkozlardan — cho‘kindi jinslarning bo‘laklaridan tashkil topgan bo‘lib, ularda dala shpati va yirik donali qumtosh ko‘p uchraydi. Qoyani hosil qilgan ancha zichlashgan qumli cho‘kindilar, asosan, granitdan tashkil topgan baland tog‘larning yemirilishi natijasida paydo bo‘lgan.

Shakllanishi

Taxminan 900 million yil avval muzliklarning harakati tufayli Yer po‘stida botiqlar paydo bo‘lgan. Ularda suv to‘planib, sayoz dengizlar vujudga kelgan. Bu dengizlar tubida bir necha yuz million yil davomida turli cho‘kindilar qatlamma-qatlam yig‘ilgan. Dengizlarning okeanlar bilan aloqasi uzilgan, suvi bug‘langan yoki muzlik davrida muzga aylangan. Yer po‘stining shakllanishi jarayonida, taxminan 550 mln yil avval, hozirgi cho‘l o‘rnida tog‘lar bo‘lgan. Ular bakteriyalar, shamol va yomg‘ir kabi tabiiy omillar ta’sirida yemirilgan. Juda katta miqdordagi cho‘kindi jinslar suv bilan yuvilib ketgan va bu jarayonda allyuvial yotqiziqlar hosil bo‘lgan. Bunday yotqiziqlarning ikkitasi bugun Uluru va Kata-Tyuta deb ataladi. Ular Shimoliy hududda, Markaziy Avstraliyadagi yirik kraton cho‘kindi havzasi — Amadey havzasida (ingl. Amadeus Basin) joylashgan.

Taxminan 500 million yil avval Shimoliy hududni qoplab yotgan sayoz dengiz arkozlar va mayda konglomeratlardan tashkil topgan, qalinligi kamida 2,5 km bo‘lgan allyuvial yotqiziqlar ustida joylashgan. Vaqt o‘tishi bilan ularni qum, loy va dengiz organizmlarining qoldiqlari qoplagan. Yuqorida yotgan cho‘kindilar qum va yirik shag‘aldan iborat arkozlarni asta-sekin siqib, sementlab, konglomeratga aylantirgan. Dengiz 400–300 million yil avval chekingan, zichlashgan jinslar esa yana deformatsiyaga uchragan. Vulkanik faollik natijasida jinslarning hozir ko‘rinib turgan qismi dengiz sathidan yuqoriga ko‘tarilgan. Uluruning ko‘rinadigan qismi yer ostidagi gorizontal jins qatlamlariga nisbatan deyarli 90 gradusga burilgan. Kata-Tyuta konglomeratlari esa gorizontga nisbatan atigi 15-20 gradusga qiyalashgan. Taxminan 65 million yil avval ikki qoya o‘rtasida keng vodiy shakllangan. Uning bir qismi daryo qumlari, botqoqliklar va qazilma boyliklar, jumladan ko‘mirning yupqa qatlamlari bilan to‘lgan. Shu sababli keyinchalik vodiyda bir muddat ko‘mir qazib olingan.

Landshaft shakllangan davrda iqlim nam bo‘lgan. Faqat so‘nggi 500 000 yil ichida u quruqlashib bormoqda; shamol uchirgan qum yotqiziqlar ustini yupqa qatlam bilan qoplaydi. Yemirilish hozir ham, garchi sekinroq sur’atda bo‘lsa-da, davom etmoqda. Uluru monoliti uzoqdan silliq ko‘rinadi, ammo yaqinlashganda uning yuzasidagi notekisliklar, yoriqlar va egatlar yaqqol bilinadi. Qoyalarning qumli yuzasi tez nuraydi va yuvilib ketadi. Uluru va Kata-Tyuta ulkan tosh plitalarning ko‘rinib turgan uchlari bo‘lib, xuddi aysberglar singari ularning yer yuzasidagi ko‘rinadigan qismi kichik, asosi esa yer ostida juda chuqur joylashgan bo‘lishi mumkin. Olimlarning fikricha, ular 6 kilometrgacha chuqurlikka cho‘zilgan bo‘lishi ehtimol.

Iqlim

Mintaqada yilning aksariyat qismida quruq va issiq ob-havo hukm suradi; cho‘llarga xos ravishda kunduzgi va tungi harorat o‘rtasida katta farq kuzatiladi. Maydan iyungacha (qish mavsumi) kunduzlari ancha salqin bo‘ladi, kechasi esa harorat noldan pastga tushishi mumkin. 1997 yilda Uluruga hatto qor yoqqan. Eng issiq oy — dekabr bo‘lib, kunduzgi eng yuqori harorat 40-43˚ C ga yetadi. Qurg‘oqchilik tez-tez kuzatiladi; yog‘in miqdori o‘zgarib turadi, ammo yiliga 300 mm dan oshmaydi.

Qoya cho‘lning markazida joylashgan bo‘lsa-da, har yili mintaqaga dovullar kirib keladi va yil davomida bir necha marta jala yomg‘ir yog‘ishiga sabab bo‘ladi. Yomg‘irli mavsum boshlanganda qoya tepasidan juda ko‘p suv oqib tushib, son-sanoqsiz kichik sharsharalar bordek taassurot uyg‘otadi. Qoya namlangach, uning rangi kulrangdan qizil, to‘q qizil va jigarrangning turli tuslariga o‘zgaradi.

Flora va fauna

Milliy bog‘ning butun hududida 400 dan ortiq o‘simlik turi o‘sadi. Bu yerda cho‘l emanlari, evkaliptlar va turli butalar kabi keng tarqalgan o‘simliklar bilan birga Avstraliyaga xos noyob turlar ham bor. Hayvonlardan uzunligi 2,5 metrgacha yetadigan kaltakesaklar, qizil kengurular, zaharli ilonlarning 5 turi hamda qushlarning 170 dan ortiq turi uchraydi. Cho‘lning qizil qumlari orasida kenguru, emu, dingo va vallabi.

2017 yilda Uluru monoliti sharafiga Avstraliyaga xos endemik pashshalarning turi va avlodi shunday nomlandi: Ulurumyia macalpinei (Ulurumyiidae).

Tarix

Qoya tuzilmalari yevropaliklar Avstraliyaga kelishidan ancha oldin Uluru va Kata-Tyuta (anangu tilida — catta-jew-tah) deb atalgan. Bu nomlar mahalliy aborigenlar shevalaridan biridagi otlar bo‘lib, avvallari ingliz tilida muqobili bo‘lmagan. Vaqt o‘tishi bilan vaziyat o‘zgargan va ko‘plab so‘z hamda tushunchalar ingliz tiliga moslashtirilgan. Yevropalik tadqiqotchilar bergan Ayers-Rok nomi 1993 yilgacha keng qo‘llanilgan. Keyin qoya rasman Ayers-Rok / Uluru deb qayta nomlangan (Shimoliy hududning o‘ziga xos jihati — geografik obyektlarning qo‘sh nomlarga ega bo‘lishi). 2002 yilda mintaqaviy turizm uyushmasining iltimosiga ko‘ra nom Uluru / Ayers-Rok shakliga o‘zgartirildi. Bu rasmiy nom hozirgacha qo‘llanmoqda. Milliy bog‘da esa asl Uluru nomidan foydalanish afzal ko‘riladi.

Yevropalik tadqiqotchilar

Uluruni 1872 yilda birinchi bo‘lib ko‘rgan yevropalik sayyoh Ernest Jaylz edi. U qoyani Amadius ko‘li qirg‘og‘idan ko‘rgan, ammo unga yetib bora olmagan. Bir yil o‘tib, avstraliyalik tadqiqotchi Uilyam Goss [ingl.] 1873 yilda Uluruni tasvirlab bergan. U o‘z kashfiyotini Janubiy Avstraliya gubernatori Genri Ers [ingl.] (keyinchalik bosh vazir bo‘lgan) sharafiga Ers-Rok (Ayers-Rok) deb atagan. Bu hududga keyingi yirik ekspeditsiya 1894 yilda tadqiqot olib borgan olimlar guruhidan iborat edi. Ular Markaziy Avstraliyaning geologiyasi, mineral resurslari, o‘simlik va hayvonot dunyosi hamda aborigenlar madaniyatini o‘rganishgan. Olimlar mintaqa haqida juda ko‘p qimmatli ma’lumot to‘plashgan va uning qishloq xo‘jaligi uchun yaroqsizligini tasdiqlashgan.

1920 yilda Uluru va Kata-Tyuta aborigenlarning yashashi uchun ajratilgan hududlarni o‘z ichiga olgan yirikroq qo‘riqxonalar tizimi tarkibida Janubi-g‘arbiy qo‘riqxona maqomini oldi.

Tub aholi

Uluru va Kata-Tyuta atroflarida kamida 30 000 yil avval bir nechta tub aholi qabilalari yashagan. Vaqt o‘tishi bilan aborigenlar soni keskin kamaygan. Cho‘lda yashovchi taxminan 4000 ming kishi «Anangu (Anangu)» deb nomlangan shartli qabilaga birlashgan. Bu nom aborigenlar tilida — arn-ahng-oo deb talaffuz qilinadi. Ular azaldan o‘zlarining muqaddas va ota-bobolaridan meros qolgan yerlarini himoya qilish hamda oqilona boshqarishni o‘z vazifasi deb bilishgan. Bu joy ko‘plab tub xalqlar uchun kuch-qudrat, sig‘inish va madaniyat markazidir. Ularning e’tiqodiga ko‘ra, Uluru va Kata-Tyuta muhim qismi bo‘lgan Markaziy Avstraliya manzarasini zamon boshida ajdodlari yaratgan. Qoyalar anangu rivoyatlarida hikoya qilinadigan dunyo yaralishi davridagi ajdodlar jasoratining moddiy dalili hisoblanadi. Rivoyatlarga ko‘ra, dastlab dunyoning aniq qiyofasi va shakli bo‘lmagan. So‘ng Yer bo‘ylab sayohat qilib, barcha tirik mavjudotlar va shakllarni yaratgan zotlar paydo bo‘lgan. Uluru va Kata-Tyuta dunyo yaratilgan davrda ajdodlar amalga oshirgan ishlarning moddiy dalili deb qaraladi.

Shunday rivoyatlardan birida shimoldan Uluruga kelgan, tili ko‘k rangli, ochko‘z va noinsof Lungkata kaltakesagi emuning go‘shtini o‘g‘irlagani hikoya qilinadi. Emu uning ortidan g‘orga borib, o‘ljasini qaytarishni so‘raganida, Lungkata bu iltimosni e’tiborsiz qoldirgan. Emu ketib, o‘zini uxlagandek ko‘rsatgan. Qorni to‘yib uxlab qolgan kaltakesak yotgan g‘orda Emu olov yoqqan. Tutun Lungkataning chiqish yo‘lini to‘sib qo‘ygan va u tashqariga chiqa olmagan. Uluru cho‘qqisida katta ko‘k dog‘ bor. Aborigenlar bu yonib ketgan Lungkatadan qolgan iz deb ishonishadi. Ular qadimiy og‘zaki rivoyatlarning aksariyatini aytib berishmaydi, chunki ularni «haddan tashqari muqaddas» deb hisoblashadi.

Yuqoridan qaralganda qoya yonboshlab yotgan ulkan filni eslatadi

1948 yilda Avstraliyaning mashhur diqqatga sazovor joylariga tuproq yo‘l tortildi. Shundan so‘ng konchilar, ishchilar va sayyohlar Uluru, Kata-Tyuta va ularning atroflariga bora boshladi. Bog‘ 1950 yilda tashkil etilgan. Mintaqaning ulkan sayyohlik salohiyatini ko‘rgan Alis-Springs shaharchasi aholisidan biri 1955 yilda maktab o‘quvchilari guruhi uchun ekskursiya uyushtirdi, so‘ng barcha xohlovchilar uchun muntazam sayohatlarni taklif qila boshladi. Qoya etagida ichimlik suvi bilan ta’minlangan dastlabki dam olish chodirlari paydo bo‘ldi.

1958 yilda Kata-Tyuta Ayers-Rok — Maunt-Olga milliy bog‘iga qo‘shildi. Dastlabki mehmonxonalar paydo bo‘ldi, sayyohlik guruhlari uchun aerodrom va yangi uchish-qo‘nish yo‘lagi qurildi. Bu davrda anangu (ingl. Tribespeople) xalqi vakillari o‘zlariga ajratilgan hududlarda yashagan. Ularga bog‘ga kirishga ruxsat berilmagan, lekin ko‘pchiligi baribir ona yerlariga borib, ov qilgan, o‘simliklar tergan, muloqot qilgan va marosimlar o‘tkazgan. 1964 yilda subsidiyalar bekor qilindi. Hukumat tub aholi uchun «xavfsizlik maqsadida» Kaltukatjara (Doker daryosi yaqinida) aholi punktini tashkil etib, ularning bog‘ hududiga kirishini to‘xtatdi.

Yerga bo‘lgan huquqlarning qaytarilishi

1966 yilda tub aholi mazkur aholi punktini tark etib, mintaqaga qaytdi. Keyingi o‘n yil davomida Uluru va Kata-Tyutaning an’anaviy egalari hukumatdan bu yerlarga bo‘lgan qonuniy huquqlarini tiklashni talab qildilar. Ular foydali qazilmalarni qazib olish, chorvachilik, turizm va muqaddas joylarning tahqirlanishi yuzasidan xavotir bildirdilar. 1976 yilda tarixiy «Aborigenlarning yerga bo‘lgan huquqlari to‘g‘risida (Shimoliy hudud)»gi qonun kuchga kirdi. Qonun tub xalqlarning yerga bo‘lgan huquqlarini tan oldi hamda ularning o‘z yerlarida yashashi va resurslarini boshqarishiga imkon beradigan tartiblarni belgiladi. Markaziy yer kengashi 1979 yilda an’anaviy yer egalari nomidan sudga da’vo kiritdi va ishda g‘alaba qozondi. Biroq milliy bog‘ yerlari da’vodan chiqarib tashlandi, chunki ular anangu da’vogarlik qilgan hududlar ro‘yxatiga kiritilmagan edi.

Tub aholining milliy bog‘ga egalik huquqini qaytarib olishiga yana olti yil kerak bo‘ldi. 26 oktabr 1985 yilda Avstraliya general-gubernatori yerlarga egalik huquqini aborigenlarga qaytarish haqidagi hujjatlarni imzoladi. Mutitjulu jamoasida mulk huquqini topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi. Anangu bog‘ yerlarini Avstraliyaning Milliy bog‘lar va yovvoyi tabiat xizmati (hozirgi Parks Australia)ga 99 yilga ijaraga berdi. 1985 yil dekabrda bog‘larni boshqarish kengashi tuzildi. Uning a’zolarining aksariyatini tub aholi vakillari tashkil etdi. Hozir milliy bog‘ni anangu vakillari va Avstraliya Atrof-muhitni muhofaza qilish departamenti tarkibidagi milliy bog‘lar boshqarmasi (Parks Australia) birgalikda boshqaradi.

Hozirgi davr
  • Uluru — Kata-Tyuta milliy bog‘i 1987 yilda YUNESKOning Butunjahon merosi ro‘yxatiga kiritildi. 1994 yilda esa u tirik madaniy landshaft sifatida alohida yuksak qadriyatga ega hududlar ro‘yxatiga qo‘shildi.
  • Bog‘dagi tub xalqlar madaniyat markazi 1995 yilda Uluru — Kata-Tyuta an’anaviy egalariga qaytarilganining o‘n yilligi munosabati bilan ochildi.
  • 2000 yilda Sidney Olimpiya o‘yinlari boshlanishidan darak beruvchi Olimpiya mash’alasining Avstraliya bo‘ylab safari avval Uluru etagini aylanib o‘tishdan boshlandi.
  • Avstraliya Hamdo‘stligining davlat organi bo‘lgan «Tub xalqlarning yer va dengiz korporatsiyasi» (Land Fund and Indigenous Land Corporation, ILSC) 2011 yilda Ayers Rock Resort majmuasini sotib oldi va Tub xalqlar milliy ta’lim akademiyasini tashkil etdi. Bundan maqsad Avstraliya turizm sanoatida tub aholi ta’limi va bandligini oshirish edi. Mintaqa turizm sohasida ishlovchi tub xalq vakillarining ulushi yerlar sotib olingan vaqtdagi 1 % dan qariyb 32 % gacha ko‘tarilib, 2015 yilda shu darajaga yetdi.

Galereya

Uluru yaqinida yana bir mashhur tog‘ majmuasi — Kata-Tyuta — Olga (Kata Tjuta, «Ko‘p boshlar») joylashgan. U bir nechta to‘q qizil rangli, yumaloq tog‘lardan iborat bo‘lib, eng baland cho‘qqisi 546 m ga yetadi.

Turizm

Xususan, 1931 yildan 1946 yilgacha monolit cho‘qqisiga 22 kishi ko‘tarilgan. Sayyohlarning ommaviy oqimi 1950 yilda boshlangan. Bunga Uluru joylashgan hudud orqali avtomagistral qurilishi yakunlangani sabab bo‘lgan. 1969 yilga kelib, Uluruga dunyoning turli mamlakatlaridan har yili keladigan sayyohlar soni 23 mingga yetgan, bugungi kunga kelib esa yarim millionga chiqqan. Qizil qumtoshdan tashkil topgan bu noyob ulkan qoya yorug‘likka qarab sutka davomida rangini o‘zgartirish xususiyatiga ega. Tongda tog‘ning qora silueti asta-sekin yorishib, to‘q binafsha tus oladi. Quyosh ko‘tarilgach, Uluru qirmizi-qizil rangda tovlanadi, keyin pushti rangga kiradi, peshinda esa oltin tusga aylanadi. Ranglarning bu ajoyib o‘yini kun bo‘yi davom etadi. Kechga borib «xameleon» tog‘ cho‘l fonida to‘q rangli siluetga aylanadi.

Yaqinda Yulara (yoki Ayers Rock Resort) sayyohlik shaharchasi joylashgan. U mintaqaga dastlabki sayohatchilar kelganidan keyinoq qurilgan. Yonida asosan sayyohlarni qabul qiladigan kichik aeroport bor. Kuniga 5-7 ta samolyot qo‘nadi, ular yiliga taxminan 300 ming yo‘lovchini tashiydi. Shaharchada sayyohlarga xizmat ko‘rsatuvchi xodimlar — taxminan 900 nafar aholi istiqomat qiladi.

Anangu xalqi minga («qora chumolilar») deb ataydigan, tosh gigantining cho‘qqisiga ko‘tariluvchi sayyohlar doim ham o‘zini madaniyatli tutmaydi, Ayers-Rok atrofini ifloslantiradi. 2019 yilda xavfsizlik nuqtayi nazaridan Uluru cho‘qqisiga chiqish taqiqlandi. Sababi 1950-yillardan beri davom etgan turizm davrida bu yerda 37 kishi yiqilish va oftob urishi oqibatida halok bo‘lgan; baxtsiz hodisalarning aksariyatiga yurak xurujlari sabab bo‘lgan. 2019 yil oktabrida sayyohlar uchun tog‘ga chiqish yo‘li butunlay yopildi.

Monolit etagida va g‘orlarda qadimiy qoyatosh san’ati namunalari saqlangan. Rasmlar Uluruning paydo bo‘lish tarixini bir ma’noda tushuntirib bermaydi, balki bugungi avlodga bir nechta talqinni taqdim etadi. Ko‘plab rivoyatlarda bu g‘aroyib tog‘ning yaratilishi hikoya qilinadi. Ulardan biriga ko‘ra, uni qadimgi devlar yaratgan. Qoyada aborigenlarning eng e’zozli ilohlari — Mala («Quyonkenguru»), Kuniya («Piton ayol») va Liru («Jigarrang ilon») tasvirlangan. Qoya etagida hayvonlar suv ichish uchun keladigan buloq bor.

Ulurudan 100 km janubda joylashgan tog‘ tizmasi — Masgreyv.

Adabiyotlar

Havolalar