To‘yinmagan (to‘yingan bo‘lmagan) uglevodorodlar — shunday uglevodorodlarki, ularning molekulalarida qo‘sh (C=C) yoki uch (CΞC) kabi karrali bog‘lar mavjud. Ular shu bog‘lar orqali vodorodni oson biriktirishi natijasida to‘yingan uglevodorodlar — alkanlar hosil bo‘ladi.
Tasniflanishi
To‘yinmagan uglevodorodlar quyidagi sinflarga bo‘linadi:
- olefinlar, tarkibida kamida bitta qo‘sh bog‘ bo‘ladi, jumladan
- alkenlar (etilenlar), umumiy formulasi — СnН2n, bitta qo‘sh bog‘ga ega, siklik tuzilishga ega emas;
- diyenlar (alkadiyenlar), umumiy formulasi — СnН2n–2, ikkita qo‘sh bog‘ga ega, siklik tuzilishga ega emas;
- poliyenlar, uchta yoki undan ortiq qo‘sh bog‘ga ega;
- alkinlar, umumiy formulasi — СnH2n–2, bitta uch bog‘ga ega, siklik tuzilishga ega emas;
- diinlar (umumiy formulasi — CnH2n–6) va poliinlar, ikkita yoki undan ortiq uch bog‘ga ega;
- tuzilishida ikki va uch bog‘larning turli kombinatsiyalari mavjud bo‘lgan boshqa olefinlar (eninlar), shuningdek, siklik qismlar (masalan, alkenilsikloalkanlar).
Aromatik uglevodorodlar to‘yinmagan birikmalar qatoriga faqat shartli ravishda kiritilishi mumkin, chunki ularda yopiq konjugatsiyalangan π-bog‘lar tizimi mavjud bo‘lib, bu tizim ularga aromatiklikka ega bo‘lmagan birikmalarda kuzatilmaydigan ko‘plab o‘ziga xos xossalarni beradi.
Xuddi to‘yingan uglevodorodlar kabi, to‘yinmagan uglevodorodlarga ham tuzilish izomeriyasi xos. Alkenlar bilan sikloalkanlar, shuningdek, alkinlar bilan alkadiyenlar o‘rtasida sinflararo izomeriya mavjud.
Fizik xossalari
Quyi vakillari gaz, murakkabroq tuzilishga egalari suyuqlik, undan keyingilari esa qattiq modda bo‘ladi. Ularning suyuqlanish va qaynash haroratlari ortib boradi. Ko‘pchiligiga o‘tkir hid xos.
Kimyoviy xossalari
To‘yingan uglevodorodlardan farqli ravishda, ular juda yuqori reaksion faollikka ega bo‘lib, birikish reaksiyalariga ochiq zanjirdagi qo‘sh va uch bog‘lar orqali kirishadi. Masalan, ular bromni biriktiradi va kaliy permanganat eritmasi bilan oson oksidlanadi. Ko‘pgina to‘yinmagan uglevodorodlarga polimerlanish reaksiyalari xos.
Olinishi
Ularni to‘yingan uglevodorodlardan vodorodni katalitik ajratib chiqarish (degidrogenlash yoki degidrogenizatsiya reaksiyasi) orqali olish mumkin. Masalan, neft bilan birga chiqadigan gaz tarkibidagi etandan etilen olinadi, butandan — butadiyen; izopren esa izopentanni degidrogenlash orqali olinishi mumkin. To‘yinmagan uglevodorodlar neft mahsulotlarining krekingi jarayonida ham to‘yingan uglevodorodlardan hosil bo‘ladi.
Adabiyotlar
- Kimyo ensiklopediyasi : 5 jildda / I. L. Knunyans tahriri ostida. — M. : Katta Rossiya ensiklopediyasi, 1992. — J. 3. — 639 b. — ISBN 5-85270-039-8.