Kreking nima

Termik kreking qurilmasi V. G. Shuxov, Boku, SSSR, 1934

Kreking, krekinglash, kreking jarayoni (ingl. cracking, crack — parchalamoq) — neft mahsulotlarining maxsus qurilmalarda 450—550°С haroratda, ko‘p hollarda yuqori bosim va katalizator ishtirokida parchalanishi; krekinglash jarayonida og‘ir, qiymati past mahsulotlar (mazut, solyar moyi va boshqalar) yanada qimmatli mahsulotlarga (benzin, gazolin va boshqalar) parchalanadi. Kreking — neft va uning fraksiyalarini odatda molekulyar massasi kichikroq bo‘lgan mahsulotlar — motor yoqilg‘isi, moylash moylari va shu kabilarni, shuningdek, kimyo va neft-kimyo sanoati uchun xomashyo olish maqsadida yuqori haroratda qayta ishlash jarayonidir. Kreking C—C bog‘larining uzilishi va erkin radikallar yoki karbanionlar hosil bo‘lishi bilan kechadi. C—C bog‘lari uzilishi bilan bir vaqtda degidrogenlash, izomerlanish, polimerlanish va kondensatsiyalanish jarayonlari ham oraliq, ham dastlabki moddalarda sodir bo‘ladi. Oxirgi ikki jarayon natijasida quyidagilar hosil bo‘ladi: kreking qoldig‘i deb ataluvchi mahsulot (qaynash harorati 350 °C dan yuqori bo‘lgan fraksiya) va neft koksi.

Neftning yuqori haroratdagi o‘zgarishlari bo‘yicha dastlabki ilmiy tadqiqotlar muhandis-kimyogar A. A. Letniyga tegishli. U birinchi bo‘lib 300°С dan yuqori haroratda neftning og‘ir qoldiqlari qisman yengilroq mahsulotlar — benzin, kerosin va gazlarga parchalanishini aniqlagan («Bitumli qazilma boyliklarni quruq haydash», 1875). Bu kashfiyot kreking jarayonini ishlab chiqishga asos bo‘lgan. 1877-yilda u ilk bor neftdan aromatik uglevodorodlar — benzol, toluol, ksilol, antratsen va boshqalarni ajratib olgan hamda neftning pirolizi qonuniyatlarini aniqlagan.

Dunyodagi birinchi uzluksiz termik kreking sanoat qurilmasi muhandis V. G. Shuxov va uning yordamchisi S. P. Gavrilov tomonidan 1891-yilda yaratilgan va patentlangan (Rossiya imperiyasining № 12926 patenti, 27-noyabr 1891-yil). Tajriba qurilmasi ham tayyorlangan. V. G. Shuxovning ilmiy va muhandislik yechimlaridan U. Barton birinchi sanoat qurilmasini AQSHda 1915—1918-yillar oralig‘ida qurishda foydalangan. Dastlabki mahalliy sanoat kreking qurilmalari V. G. Shuxov tomonidan 1934-yilda «Sovet krekingi» zavodida qurilgan; zavod Bokuda.

Kreking neft xomashyosini qizdirish yoki unga bir vaqtning o‘zida yuqori harorat va katalizatorlar ta’sirida qayta ishlash orqali amalga oshiriladi.

Xomashyoni pirolitik parchalashning boshqa usullari ham qo‘llanadi. Masalan, etilen va atsetilenni elektr razryadi yordamida metandan (elektrokreking) usulida 1000—1300 °C harorat va 0,14 MPa bosimda 0,01—0,1 s davomida olish mumkin.

Kreking jarayoni metanda ikki bosqichda kechadi:

1. Dastlabki kreking bosqichi qizdirish va katalizatorlar ta’sirida kechadi; bunda etin (atsetilen) va vodorod hosil bo‘ladi:

2CH4 + Q → C2H2 + 3H2↑

2. Qurum va vodorodga to‘liq parchalanish:

C2H2 + Q → 2C + H2↑

Adabiyotlar