| I turdagi neyrofibromatoz | |
|---|---|
| Teridagi «qahva rangidagi dog‘lar». | |
| KXT-11 | LD2D.10 |
| KXT-10 | Q85.0 |
| KXT-9 | 237.71 |
| OMIM | 162200 |
| DiseasesDB | 8937 |
| MedlinePlus | 000847 |
| eMedicine | derm/287 neuro/248 oph/338 radio/474 |
| MeSH | D009456 |
I (birinchi) turdagi neyrofibromatoz (feoxromotsitoma bilan kechuvchi neyrofibromatoz, fon Reklingxauzen kasalligi, Reklingxauzen sindromi, NF-1) — odamda o‘smalar paydo bo‘lishiga moyillik tug‘diradigan eng keng tarqalgan irsiy kasallik. XIX asrning ikkinchi yarmida bir qator tadqiqotchilar, jumladan, 1882-yilda Rudolf Virxovning shogirdi Fridrix fon Reklingxauzen tomonidan tavsiflangan. Eskirgan nomlari — Reklingxauzen kasalligi, periferik neyrofibromatoz va boshqalar. Autosom-dominant tarzda irsiylanadi, erkak va ayollarda bir xil chastotada, 1 nafar chaqaloqda har 3500 ta yangi tug‘ilish hisobiga uchraydi. Boshqa turdagi neyrofibromatozlar (2011-yilning birinchi yarmi holatiga ko‘ra 7 tur ajratilgan, ulardan dastlabki ikkitasi eng katta klinik ahamiyatga ega) I turga o‘xshash belgilar bilan bir qatorda farqli xususiyatlarga ham ega.
Holatlarning yarmida kasallik irsiy bo‘lsa, qolgan yarmida spontan mutatsiya natijasida yuzaga keladi. Shikastlanishi I turdagi neyrofibromatozga olib keladigan genlarning mutatsiya chastotasi inson genlari uchun ma’lum bo‘lgan eng yuqori ko‘rsatkichdir.
Kasallikka «sutli qahva» rangidagi ko‘plab pigmentli dog‘lar, yaxshi sifatli yangi hosilalar — neyrofibromalar, markaziy nerv tizimi o‘smalari, suyak anomaliyalari, ko‘zning rangdor pardasidagi o‘zgarishlar va boshqa qator belgilar xos.
Tarixi
Ushbu kasallikdagi klinik va morfologik o‘zgarishlarning ilk ilmiy tavsifi 1882-yilda nemis patologoanatomi Fridrix fon Reklingxauzen tomonidan berilgan. Kasallik DNK tuzilishi kashf etilishidan ancha oldin tavsiflangan. Shu sababli u «Reklingxauzen kasalligi» deb nomlangan. Bu atama nafaqat I turdagi neyrofibromatozni, balki umuman neyrofibromatozni anglatgan. Kelib chiqish sabablari va ayrim belgilari bilan farqlanuvchi I va II turdagi neyrofibromatoz Reklingxauzen kasalligining «periferik» va «markaziy» shakllari deb atalgan. Genetik sabablari aniqlangach, bu atama eskira boshladi. Zamonaviy tibbiy adabiyotlarda kasallik «I turdagi neyrofibromatoz» deb ataladi.
Uzoq vaqt davomida tana deformatsiyalari bilan tanilgan Jozef Merrik, ya’ni «fil odam» laqabli shaxs I turdagi neyrofibromatoz bilan kasallangan deb hisoblangan. Devid Linchning «Fil odam» nomli mashhur filmi Jon Merrikning og‘ir taqdiri haqida bo‘lib, jamiyatda ushbu kasallikka chalingan kishilarning tashqi ko‘rinishi dahshatli bo‘ladi, degan noto‘g‘ri tasavvurning shakllanishiga sabab bo‘lgan. Zamonaviy tadqiqotchilar Merrikda Protey sindromi bo‘lganini taxmin qilishadi.
Epidemiologiyasi

I turdagi neyrofibromatoz bilan kasallanish 30—40 bemorni tashkil etadi (har 100 ming aholiga), bu har 2500—3000 kishidan biriga to‘g‘ri keladi. I turdagi neyrofibromatoz autosom-dominant kasallik bo‘lib, yuqori penetrantlik va yangi mutatsiyalarning yuqori chastotasi bilan ajralib turadi. Kasallangan kishidan neyrofibromatozli farzand tug‘ilishi xavfi 50 % (geterozigota holatida) yoki 100 % (gomozigota holatida) ni tashkil etadi. Kasallik holatlarining taxminan 50 % ini yangi mutatsiyalar tashkil qiladi — lot. de novo. I turdagi neyrofibromatoz bilan kasallanish chastotasi turli geografik hududlarda va etnik guruhlarda farq qilmaydi.
Etiopatogenezi
I turdagi neyrofibromatoz genetik kelib chiqishi isbotlangan birinchi o‘sma kasalligi bo‘lgan. Lokus — shikastlanishi neyrofibromatoz rivojlanishiga olib keladigan genlar joylashgan soha — 17-xromosomaning uzun yelkasida joylashgan (17q11.2). U 400 ming nukleotid juftidan iborat. Unda miyelin tarkibiy qismlaridan biri bo‘lgan glikoprotein, neyrofibromin va boshqa oqsillar sintezi uchun mas’ul axborot mavjud. I turdagi neyrofibromatozda ushbu lokusda har xil mutatsiya va qayta tuzilishlar aniqlangan — translokatsiyalar, deletsiyalar, inversiyalar va nuqtaviy mutatsiyalar. Mutatsiyalar tabiati juda o‘ziga xos: ularning 80 % dan ortig‘i funksional bo‘lmagan «qisqargan» oqsil sintezlanishiga yoki transkriptning butunlay yo‘qligiga olib keladi (nonsens mutatsiyalar, splaysing sohalaridagi mutatsiyalar, o‘qish ramkasi siljishiga sabab bo‘ladigan deletsiyalar va insertsiyalar, butun genni yoki uning katta qismini qamrab oluvchi yirik deletsiyalar).
Neyrofibromin — sitoplazmatik oqsil bo‘lib, 2818 ta aminokislotadan iborat. U oqsil-promotorlarni (RAS oqsili va uning analoglarini) faolsizlantirishda qatnashadi va hujayra o‘sishini dinamik nazorat qiladi. NF-1 geni organizm to‘qimalarining taxminan yarmi, birinchi navbatda, neyroektodermal kelib chiqishga ega, proliferatsiyasi RAS oqsillari tizimi bilan belgilanadigan to‘qimalar uchun o‘sma o‘sishini bostiruvchi asosiy genlardan biridir. Neyrofibromin hujayradagi adenozinmonofosfat (AMF) miqdoriga ham ta’sir qiladi. AMF, o‘z navbatida, hujayra bo‘linish jarayonlarini bilvosita tormozlaydi.
NF1 geni 17-juft xromosomalardan birida shikastlanganda sintezlanadigan neyrofibrominning yarmi nuqsonli bo‘lib qoladi va hujayralar o‘sishi muvozanati proliferatsiya tomon siljiydi. Shikastlanmay qolgan allel (juft xromosomada joylashgan) NF1 geni normal neyrofibromin sintezini ta’minlaydi. Neyrofibromatoz klinik belgilarining ifodalanish darajasi umumiy o‘smaga qarshi immunitet holatiga bog‘liq bo‘lib, keng chegaralarda o‘zgarishi mumkin. Yaxshi sifatli yangi hosilalar yuzaga keladi.
Mutatsiya tufayli normal allel NF1 geni yo‘qotilganda hujayralar shiddatli va nazoratsiz o‘sadi, ya’ni yomon sifatli o‘sma rivojlanadi (ko‘pincha neyrofibrosarkoma yoki neyroblastoma). Ularning paydo bo‘lish ehtimoli 3—15 %. I turdagi neyrofibromatoz bilan bog‘liq yomon sifatli o‘sma rivojlanish ehtimoli umumiy populyatsiyadagidan yuzlab marta yuqori (birgina miyeloleykoz bo‘yicha 200—500 marta).
Klinik manzarasi


I turdagi neyrofibromatoz qator patognomonik, ya’ni kasallikka xos belgilar bilan namoyon bo‘ladi. Ularga terida «sutli qahva» rangidagi pigmentli dog‘lar, neyrofibromalar (ularning aksariyati teri yuzasida joylashadi) va Lish tugunchalari — gamartomalar (rangdor parda hosilalari) kiradi.
I turdagi neyrofibromatozning belgilari ko‘pincha skoliozdan (umurtqa pog‘onasining qiyshayishidan) boshlanadi, keyin o‘rganishda qiyinchiliklar, ko‘rish muammolari va epilepsiya yuzaga keladi.
Neyrofibromalar ko‘pincha periferik nervlar yo‘nalishi bo‘ylab joylashadi. Biroq orqa miya va bosh miya ham zararlanishi mumkin, neyrofibromalar qovoqlarda, konyunktivada, ko‘ks oralig‘ida, qorin bo‘shlig‘ida ham aniqlanadi. Joylashuviga qarab neyrofibromalar turli klinik belgilarni keltirib chiqarishi mumkin: tirishishlar, bosh miya nervlari va orqa miya segmentlari funksiyasining buzilishi, ko‘z mushaklari falaji, ptoz, ko‘ks oralig‘i a’zolarining siqilishi.
Neyrofibromalar

Ushbu kasallik uchun ko‘p sonli neyrofibromalarning (ham teri, ham pleksiform shakllarining) paydo bo‘lishi xos. Teri neyrofibromalari kichik, yaxshi sifatli va chegaralangan yangi hosilalardir. Ular teri ostida joylashib, terining mayda nervlari qobiqlarida o‘sadi. Pleksiform neyrofibromalar yirik nervlarda rivojlanib, ularning funksiyasi buzilishiga olib keladi. Pleksiform neyrofibromalar katta o‘lchamlari bilan ham ajralib turadi. Ular I turdagi neyrofibromatozli bemorlarning 30 % ida uchraydi.
Klinik jihatdan nervning shikastlanishi surunkali og‘riq, uvishish va/yoki mushaklar falaji bilan namoyon bo‘ladi.
Markaziy nerv tizimi o‘smalari

I turdagi neyrofibromatozda markaziy nerv tizimi o‘smalarining rivojlanish chastotasi 5 dan 30 % gacha. Ko‘p hollarda neyrofibromatozli bemorlarda markaziy nerv tizimi (MNT) o‘smalari aniqlanmaydi. I turdagi neyrofibromatoz bilan kalla ichi yangi hosilalari o‘rtasidagi bog‘liqlik ilk bor 1940-yilda qayd etilgan.
Ushbu kasallikda eng ko‘p uchraydigan MNT o‘smalari — ko‘ruv nervlari gliomalari, astrotsitomalar, ependimomalar, eshituv nervi nevrinomalari, meningiomalar va neyrofibromalar.
MNT o‘smalarining klinik manzarasi ularning o‘lchami, joylashuvi va patologik jarayonga jalb etilgan tuzilmalarga bog‘liq bo‘ladi.
Pigmentatsiya buzilishlari
Neyrofibromatozga xos patognomonik belgilar och bejdan to‘q jigarranggacha bo‘lgan pigmentli dog‘lardir. Ular tana va qo‘l-oyoqlar terisida, kamroq hollarda yuz, bo‘yin va og‘iz bo‘shlig‘ining shilliq qavatida aniqlanadi. Ularning yuzasi silliq, teri sathidan ko‘tarilib turmaydi. Pigmentli dog‘larni gistologik tekshirishda dermaning so‘rg‘ichsimon qavatida melanoblastlar va melanotsitlarning diffuz to‘planishi aniqlanadi, ularda melanin donachalari sitoplazmada joylashgan bo‘ladi.
Bu pigmentli dog‘lar «sutli qahva» rangidagi dog‘lar (frans. café-au-lait, ingl. milk coffee) va «sepkillar to‘plami» ko‘rinishida bo‘ladi. Ayrim hollarda dog‘lar ko‘k yoki binafsha rangda bo‘ladi, depigmentatsiya esa kamroq uchraydi.
Lish tugunchalari

Lish tugunchalari I turdagi neyrofibromatoz bilan kasallangan 20 yoshdan katta bemorlarning deyarli barchasida uchraydi. Ular mayda oqish dog‘lar (gamartomalar) bo‘lib, ko‘zning rangdor pardasida joylashadi. Lish tugunchalari oddiy ko‘z bilan ko‘rinmaydi, oftalmologik tekshiruv zarur. Lish tugunchalarining aniqlanish chastotasi bemor yoshi ulg‘ayishi bilan ortadi: 0 dan 4 yoshgacha — 22 % gacha; 5—9 yoshda — 41 gacha; 10—19 yoshda — 85 % gacha; 20 yoshdan katta I turdagi neyrofibromatozli bemorlarda — 95 % gacha. Bu tugunchalar boshqa shakldagi neyrofibromatozlarda uchramaydi.
Rangdor parda gamartomalari ilk bor 1918-yilda tavsiflangan. Ularning I turdagi neyrofibromatoz diagnostikasidagi ahamiyati 1937-yilda avstriyalik oftalmolog Karl Lish tomonidan ko‘rsatilgan va ular uning sharafiga nomlangan. Keyinchalik ularning Reklingxauzen kasalligini differensial diagnostika qilishdagi nihoyatda muhim roli aniqlangan.
Suyaklardagi o‘zgarishlar

Yaqqol ifodalangan neyrofibromatozga umurtqa pog‘onasining skolioz shaklidagi deformatsiyasi xos; umurtqalar tanasi, ularning bo‘g‘im va ko‘ndalang o‘simtalarida chekka nuqsonlar, umurtqalararo teshiklarning kengayishi va chetlarining eroziyasi, uzuralar — neyrofibromatoz tugunlari bosimi tufayli qovurg‘alarning orqa qismlari pastki chetlaridagi yemirilishlar yuzaga kelishi mumkin.
Uzun naysimon suyaklar atrofiyaga uchragan, egilgan, ba’zan esa, aksincha, gipertrofiyalangan, qalinlashgan bo‘lishi mumkin. Kompakt modda gipertrofiyalangan suyakda qalinlashadi. Suyak yuzasida periostal qirralar ko‘rinadi, ba’zan paraostal suyaklanishlar ham aniqlanadi. Naysimon suyaklardagi suyak ichi neyrofibromalari chegaralangan bo‘rtmalar va kistasimon hosilalar ko‘rinishida bo‘ladi.
Kalla suyaklari jarayonga jalb etilganda ularning assimetriyasi aniqlanadi. Bu, ayniqsa, kallaning yuz qismi va ko‘z kosasi devorlari deformatsiyalarida yaqqol namoyon bo‘ladi. Kalla gumbazi suyaklarida nuqsonlar va uzuralar, suyak atrofiyasi sohalari yoki giperostoz hodisalari bo‘lishi mumkin.
I turdagi neyrofibromatozning qo‘shimcha klinik belgilari
- Kognitiv buzilishlar — yozish, o‘qish va matematikani o‘zlashtirishdagi qiyinchiliklar. Ko‘pincha intellektning o‘rtacha pasayishi (IQ<70) bilan birga kechadi. Bemorlarda ko‘pincha depressiya — neyrofibromalar tufayli tana va yuz ko‘rinishining o‘zgarishidan uyalish sababli — hamda jamiyatdan qo‘rqish kuzatiladi;
- Endokrin buzilishlar — feoxromotsitoma, o‘sish va jinsiy yetilishning buzilishi;
- Epileptik tutqanoqlar;
- Pasaygan mushak tonusi;
- Xulq-atvor buzilishlari;
- Nervlarning zararlanishi bilan bevosita bog‘liq bo‘lmagan kasalliklar — buyrak va o‘pka arteriyalarining stenozi, o‘pka kistalari, interstitsial pnevmoniya, klitor gipertrofiyasi, oshqozon-ichak yo‘li qismlarining noto‘g‘ri shakllanishi. Buyrak arteriyasi stenozi, ayniqsa feoxromotsitoma bilan birga kechganda, arterial gipertenziya rivojlanishiga sabab bo‘ladi
- Siringomiyeliya

Diagnostikasi
I turdagi neyrofibromatoz tashxisi bemorda kasallikka xos ikki yoki undan ortiq patognomonik belgilar mavjud bo‘lganda qo‘yilishi mumkin:
- diametri 5 mm dan katta oltita yoki undan ko‘p «sutli qahva» rangidagi dog‘lar, bolalarda prepubertat davrida, postpubertat davrida esa 15 mm dan katta;
- ikki yoki undan ortiq oddiy neyrofibroma yoki bitta pleksiform neyrofibromaning mavjudligi;
- qo‘ltiq osti va/yoki chov sohasida giperpigmentatsiya («sepkillar to‘plami» ko‘rinishida);
- ko‘ruv nervlari gliomalari;
- ikki yoki undan ortiq Lish tugunchasi;
- suyak anomaliyalari (naysimon suyaklar kortikal qatlamining yupqalashishi, ko‘pincha soxta bo‘g‘imlar, qanotlar displaziyasi, ya’ni ponasimon suyak qanotlarining nuqsonli rivojlanishi);
- yaqin qarindoshlarda I turdagi neyrofibromatoz mavjudligi.
Kasallikning birlamchi diagnostikasi umumiy amaliyot shifokorlari hamda tor soha mutaxassislari (nevrologlar, dermatologlar, oftalmologlar, neyroxirurglar, stomatologlar va boshqalar) tomonidan amalga oshiriladi. I turdagi neyrofibromatozda klinik belgilar rivojlanishi dinamik jarayondir.
I turdagi neyrofibromatoz belgilari va asoratlari aniqlanadigan yosh davrlari| Belgi | Erta bolalik (0—2 yosh) | Maktabgacha yosh | Maktab o‘quvchilari va o‘smirlar (6—16 yosh) | Kattalar (16 yoshdan katta) |
|---|---|---|---|---|
| «Sutli qahva» rangidagi dog‘lar | + | |||
| Diffuz pleksiform neyrofibromalar | + | |||
| Qo‘ltiq osti va/yoki chov sohasidagi giperpigmentatsiya | + | + | ||
| Ko‘ruv nervlari gliomalari | + | |||
| O‘rganishdagi buzilishlar | + | + | ||
| Arterial gipertenziya | + | + | + | |
| Bosh og‘rig‘i | + | + | + | |
| Teri neyrofibromalari | + | + | ||
| Skolioz | + | |||
| MNTning yomon sifatli o‘smalari | + | + | ||
Differensial diagnostika
100 dan ortiq irsiy kasallik va sindromda I turdagi neyrofibromatozning asosiy belgilaridan biri — teridagi «sutli qahva» rangidagi dog‘lar aniqlanadi.
Differensial diagnostika ko‘pincha II turdagi neyrofibromatoz bilan o‘tkaziladi. Ushbu kasallikda paydo bo‘ladigan o‘smalar yaxshi sifatli, biroq I turdagiga qaraganda agressivroq bo‘ladi. Mutlaq diagnostik mezon bemorda ikki tomonlama nevrinomalar mavjudligidir — VIII juft bosh miya nervlarida. II turda boshqa kalla ichi yangi hosilalari ham yuzaga kelishi mumkin: meningiomalar, gliomalar, shvannomalar. Bundan tashqari, differensial diagnostika Protey sindromi, Klippel–Trenone–Veber sindromi[ingl.], tarqoq lipomatoz va boshqa kasalliklar bilan ham o‘tkaziladi.
Davolash
Davolash jarrohlik usulida amalga oshiriladi. Kuchli og‘riq yoki o‘smaning yaralanishi, harakatlanishdagi qiyinchiliklar, hayot uchun muhim a’zolarning siqilishi yoki siljishi operatsiya uchun ko‘rsatma hisoblanadi. Ayrim hollarda operatsiya kosmetik maqsadda bajariladi. Neyrofibromatozda zararlanishlar ko‘p sonli bo‘lgani sababli aksariyat hollarda barcha patologik o‘choqlarni olib tashlash imkoni bo‘lmaydi.
Neyrofibromatozning filsimon shaklini jarrohlik yo‘li bilan davolashdan keyin teri plastikasi talab etiladi. Neyrofibroma to‘qimasi qon tomirlari bilan mo‘l ta’minlangan. Tugun yirik nerv ustunida joylashganda o‘sma qobig‘idan ajratib olinadi, nerv rezeksiya qilinib nerv choki qo‘yiladi yoki nervning chekka qismi rezeksiya qilinib qisman nerv choki qo‘yiladi. Ayrim hollarda tugunlardan birining jarrohlik yo‘li bilan olib tashlanishi jarayonning kuchayishiga va boshqa tugunlarning keskin kattalashishiga olib kelishi mumkin.
Patogenetik davolash (ya’ni kasallik rivojlanishining asosiy mexanizmlariga qaratilgan davolash) 2011-yilning birinchi yarmi holatiga ko‘ra I—II bosqichdagi klinik tadqiqotlar jarayonida bo‘lib, keng qo‘llanilmagan. Ras (tipifarnib) ingibitorlarining I turdagi neyrofibromatozni davolashdagi samaradorligi haqida ma’lumotlar mavjud. Shuningdek, hayvonlarda pirfenidonning samaradorligi ko‘rsatilgan. Biroq klinik tadqiqotlar yakunlanmaguncha bu va boshqa qator preparatlardan neyrofibromatozni davolashda foydalanish mumkin emas.
2020-yil aprel oyida FDA «Koselugo»ni (Koselugo, selumetinib[ingl.]) tasdiqladi — u I turdagi neyrofibromatozdan aziyat chekadigan ikki yosh va undan katta bolalarni davolashga mo‘ljallangan birinchi dori vositasi. Bemorlarda kasallik simptomatik kechishi va operatsiya qilib bo‘lmaydigan pleksiform neyrofibromalar mavjudligi bilan tavsiflanishi kerak. «Errey Biofarma» (Array BioPharma) ishlab chiqqan va «AstraZeneka» (AstraZeneca) kompaniyasiga litsenziyalagan selumetinib (selumetinib) og‘iz orqali qabul qilinadigan kichik molekulali, ATFga bog‘liq bo‘lmagan ingibitor bo‘lib, mitogenlar faollashtiradigan proteinkinaza kinazasining 1-turi (MEK1) va 2-turiga (MEK2) ta’sir ko‘rsatadi. MEK1 va MEK2 oqsillari, ya’ni RAS/RAF/MEK/ERK signal yo‘lini faollashtirish uchun zarur oqsillar, ko‘pincha yuqori faollik namoyon etadi, bu jumladan hujayralar proliferatsiyasida aks etadi. MEK1/MEK2 ning bostirilishi ERK-fosforillanishining ingibirlanishiga olib keladi, natijada neyrofibromalar soni va hajmi kamayadi hamda hujayralar proliferatsiyasi cheklanadi. 2025-yilda mirdametinib[ingl.] tasdiqlandi.
Prognozi
Kutilayotgan umr davomiyligi umumiy populyatsiyaga nisbatan 8—12 yilga qisqargan. O‘lim darajasining ortishi yoshroq kishilarda (40 yoshgacha), asosan yomon sifatli yangi hosilalar paydo bo‘lish xavfining oshishi hisobiga kuzatiladi.