| Hayvonlar | |||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||
|---|---|---|---|---|---|---|---|---|---|---|---|---|---|---|---|---|---|---|---|---|---|---|---|---|---|---|---|---|---|---|---|---|---|---|---|---|---|---|---|---|---|
| | |||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||
| Ilmiy tasnif | |||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||
|
Domen: Olam: Hayvonlar |
|||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||
| Xalqaro ilmiy nomi | |||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||
| Animalia Linnaeus, 1758 | |||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||
| Quyi guruhlar | |||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||
| Geoxronologiya paydo bo‘lgan 665 mln yil
◄ Hozirgi vaqt
◄ Bo‘r-paleogen qirilib ketishi ◄ Trias davridagi qirilib ketish
◄ Ommaviyperm qirilib ketishi ◄ Devon davridagi qirilib ketish
◄ Ordovik-silur davridagi qirilib ketish
◄ Kembriy portlashi
|
|||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||
| |||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||
Hayvonlar (lot. Animalia) — anʼanaviy ravishda (Aristotel davridan boshlab) ajratib kelingan organizmlar guruhi bo‘lib, hozirda biologik olam sifatida qaraladi. Hayvonlar zoologiya fanining asosiy tadqiqot obyektidir.
Hayvonlar eukariotlar jumlasiga kiradi (ularning hujayralarida yadrolar mavjud). Hayvonlarning klassik belgilari: geterotroflik (tayyor organik birikmalar bilan oziqlanish) va faol harakatlana olish qobiliyatidir. Biroq bir joyga yopishib hayot kechiradigan hayvonlar ham ko‘p, geterotroflik esa zamburug‘larga va ayrim parazit o‘simliklarga ham xosdir.
Ilgari bu olamga ko‘plab geterotrof protistlar kiritilib, hayvonlar ikki kichik olamga: bir hujayrali Protozoa va ko‘p hujayrali Metazoa guruhlariga bo‘lingan. Hozir taksonomik maʼnoda «hayvonlar» nomi ko‘p hujayralilarga nisbatan qo‘llanadi. Shu maʼnoda hayvonlar takson sifatida aniqroq belgilarga ega: ularga oogamiya, ko‘p to‘qimali tuzilish, kamida ikkita embrion qavati, blastula va gastrula bosqichlarining embrional rivojlanishda mavjudligi xos. Hayvonlarning aksariyatida mushaklar va nervlar mavjud; ularsiz guruhlar — g‘ovaktanlilar, plastinkasimonlar, mezozoylar, knidosporidiyalar — ularni evolyutsiya jarayonida ikkinchi marta yo‘qotgan bo‘lishi mumkin.
2013-yil holatiga ko‘ra, olimlar hayvonlarning 1,6 mlndan ortiq turini (jumladan, 133 mingdan ziyod qazilma turlarni) tavsiflagan. Ularning asosiy qismini bo‘g‘imoyoqlilar (1,3 mlndan ortiq tur, 78 %), mollyuskalar (118 mingdan ortiq tur) va umurtqalilar (qazilma turlari bilan birga 85 mingdan ortiq tur) tashkil etadi.
Etimologiya
Rus tilidagi «животное» («hayvon») so‘zi qadimda «hayot, mol-mulk» maʼnosini bildirgan «живот» so‘zidan kelib chiqqan. Kundalik turmushda «yovvoyi hayvonlar», «uy hayvonlari» deganda ko‘pincha faqat sutemizuvchilar yoki to‘rt oyoqli quruqlik umurtqalilari (sutemizuvchilar, sudralib yuruvchilar va suvda hamda quruqlikda yashovchilar) tushuniladi. Ammo fanda «hayvonlar» atamasi lotincha Animalia nomiga mos keladigan ancha keng maʼnoga ega (yuqoriga qarang). Ilmiy jihatdan hayvonlarga, sutemizuvchilar, sudralib yuruvchilar va amfibiyalardan tashqari, juda ko‘plab boshqa organizmlar ham kiradi: baliqlar, qushlar, hasharotlar, o‘rgimchaksimonlar, mollyuskalar, dengiz yulduzlari, chuvalchanglar va boshqalar. Inson ham hayvonlar olamiga, yo‘ldoshli sutemizuvchilar kladasiga, primatlar turkumiga kiradi, ammo anʼanaviy ravishda alohida fan — antropologiya tomonidan o‘rganiladi.
Shu bilan birga, fanda «hayvonlar» atamasidan yanada kengroq maʼnoda foydalanish ham taklif qilingan. Bunda hayvonlar deganda takson emas, balki harakatlanishga asoslangan tashkiliy tuzilish turi — hayot shakli tushuniladi (garchi hamma hayvonlar ham harakatlanavermasa-da: masalan, o‘troq shakllar juda ko‘p, jumladan, o‘troq meduzalar va o‘troq qisqichbaqasimonlar).
Hayvonlarning kelib chiqishi va evolyutsiyasi
Hayvonlar xivchinli bir hujayralilardan kelib chiqqan. Ularning hozir yashayotgan eng yaqin maʼlum qarindoshlari — xoanoflagellatalar (yoqali xivchinlilar) bo‘lib, ular morfologik jihatdan quyidagilarga o‘xshaydi: xoanotsitlar — ayrim g‘ovaktanlilarning maxsus hujayralari. Molekulyar tadqiqotlar hayvonlarga haqiqiy zamburug‘lar, shuningdek, oz sonli protistlar ham yaqin ekanini ko‘rsatdi. Barcha sanab o‘tilgan organizmlarni birlashtiruvchi guruh Opisthokonta (orqa xivchinlilar) deb nomlangan. Bunga sabab ularning harakatchan hujayralaridagi xivchin orqada joylashgani (yaʼni hujayrani oldinga itargani) bo‘lib, bu ko‘pchilik hayvonlar spermatozoidlariga ham xos. Boshqa eukariotlarning hujayralarida esa xivchin odatda old tomonda joylashadi.
Dastlabki hayvonlar
Birinchi hayvonlar qachon paydo bo‘lganining aniq sanasi hali aniqlanmagan. Hayvonlarga tegishli deb katta ehtimol bilan hisoblash mumkin bo‘lgan eng qadimgi qazilma qoldiqlar 665 mln yillik yotqiziqlardan, Trezona formatsiyasida[ingl.] Janubiy Avstraliyada topilgan; bu kechki kriogen davriga to‘g‘ri keladi. Tashqi ko‘rinishidan bu qoldiqlar hozirgi g‘ovaktanlilarga o‘xshaydi. Yoshi 650 mln yil bo‘lgan boshqa yotqiziqlarda esa 24-izopropilxolestan[ingl.] molekulalari topilgan. Bunday moddalarni faqat g‘ovaktanlilar va suvo‘tlarning Pelagophycidae[ingl.] kenja sinfi vakillari ajratadi. Molekulyar tadqiqotlarga ko‘ra, yuqoridagi suvo‘tlar fanerozoyda, g‘ovaktanlilar esa neoproterozoyda paydo bo‘lgan. Demak, topilgan molekulalar dastlabki g‘ovaktanlilar tomonidan ajratilgan.
Kriogen davridan keyingi ediakar davrida ilk hayvonlarning qoldiqlari ancha ko‘p uchraydi. O‘sha paytda Yerda umumiy nom bilan ediakar biotasi deb ataladigan organizmlar yashagan. Ularning aksariyati hozirgi hayvon guruhlaridan keskin farq qilgan, hozirgi hayvon tiplariga qarindoshligi esa hanuz aniqlanmagan. Hatto ayrim olimlar bu organizmlarning umuman hayvonlarga tegishli ekanini shubha ostiga olgan. Bunday organizmlar qatoriga charniya, dikinsoniya va spriggina kiradi. Avvaliga ularni hayvonlar olamiga kiritish bahsli bo‘lgan, ammo 2018-yilda dikinsoniya qoldiqlaridan xolesterin molekulalarining topilishi bu organizmlarning hayvonlarga tegishliligini aniqladi.
Ediakar davrida hayvonlarning hozirgi tiplariga mansub ilk vakillar ham paydo bo‘lgan. Ulardan biri Auroralumina attenboroughii bo‘lib, taxminan 560 mln yil oldin yashagan. U eng qadimgi maʼlum otuvchi hujayralilardan biri va eng qadimgi maʼlum yirtqich hayvon hisoblanadi. Boshqa hayvon tiplarida vaziyat ancha murakkab. Yoshi 555 mln yil bo‘lgan yotqiziqlardan kimberella qoldiqlari topilgan bo‘lib, u tashqi ko‘rinishidan qorinoyoqli mollyuskalarga o‘xshaydi. Uning ularga mansubligi, shuningdek, umuman birlamchi og‘izlilar bilan aloqasi ham bahsli. Lekin olimlar kimberellaning ikki tomonlama simmetriyali hayvonlarga mansubligiga shubha qilmaydi.
Hayvonlarning bundan ham avvalroq paydo bo‘lgani haqidagi gipotezalar
Molekulyar tadqiqotlarga ko‘ra, hayvonlar toniy davrining o‘rtalarida (taxminan 900 mln yil oldin) paydo bo‘lgan. Biroq ko‘p hujayrali organizmlar bundan ham oldin mavjud bo‘lganidan dalolat beruvchi belgilar bor. Grypania spiral shaklidagi uglerodli tasma ko‘rinishida 1,9—1,4 mlrd yillik tog‘ jinslaridan, Yuqori ko‘l atrofidan topilgan. Ushbu topilmalarning hayvonlarga mansubligi aniq emas. Baʼzi tadqiqotchilar ularni sodda ko‘p hujayrali eukariot suvo‘tlarning qoldiqlari yoki rivojlangan sianobakteriyalar koloniyasi deb hisoblaydi. Yana bir taxminiy qadimgi hayvon — Horodyskia, uning qoldiqlari Shimoliy Amerikada 1,44 mlrd yillik, Avstraliyada esa 1,4—1,07 mlrd yillik yotqiziqlardan topilgan. Xitoy va Rossiyada 1 mlrddan 840 mln yilgacha bo‘lgan davrga oid bir nechta kichik organizm izlari topilib, ularga «Xuaynan biotasi» nomi berilgan. Dastlabki hayvonlardan biri deb ko‘pincha taxminiy g‘ovaktanli Otavia ham hisoblanadi. Uning yoshi 760–550 mln yil deb belgilanadi, biroq bu organizmning g‘ovaktanlilarga mansubligi bahsli.
Hozirgi hayvonlarning aksariyat maʼlum tiplari deyarli bir vaqtda, kembriy davrida, taxminan 542 mln yil avval paydo bo‘lgan. Bu hodisa — kembriy portlashi — guruhlarning tez ajralib rivojlanishi yoki qazilma qoldiqlar hosil bo‘lishiga imkon bergan sharoit o‘zgarishi bilan izohlanadi. Ammo ayrim paleontologlar va geologlar hayvonlar avval o‘ylanganidan ancha oldin, ehtimol 1 milliard yil avval — toniy boshlarida paydo bo‘lgan. Bunga stromatolitlar xilma-xilligining kamayishi taxminan shu davrga to‘g‘ri kelgani dalil bo‘la oladi. Bundan tashqari, toniy yotqiziqlarida kengligi taxminan 5 mm bo‘lgan, yomg‘ir chuvalchanglaridek murakkab tuzilgan uch qavatli chuvalchanglar mavjudligidan dalolat beruvchi izlar va inlar topilgan. Biroq bu izlarni bunday talqin qilish shubha ostida: bugungi kunda dengiz tubida ularga juda o‘xshash izlarni ulkan bir hujayrali protistlar — Gromia sphaerica ham qoldirishi aniqlangan.
- Otavia antiqua ayrim olimlar tomonidan hozirgacha maʼlum eng qadimgi hayvon deb hisoblanadi
- Dikinsoniya (Dickinsonia costata) — fan maʼlum qilgan eng qadimgi hayvonlardan biri bo‘lib, kechki ediakar davrida yashagan
- Auroralumina attenboroughii — ediakar davriga mansub sodda tuzilgan otuvchi hujayrali hayvon
Tavsif
Barcha hayvonlar geterotroflardir — ular bevosita yoki bilvosita boshqa tirik organizmlar bilan oziqlanadi. Asosiy energiya manbaiga ko‘ra, hayvonlar o‘txo‘rlar, go‘shtxo‘rlar (jumladan, o‘limtikxo‘rlar), hammaxo‘rlar va parazitlarga bo‘linadi.
Hayvonlarning umr davomiyligi keskin farqlanadi. Eng uzoq yashovchilar qatorida Savalia savaglia marjon koloniyasi bor, uning yoshi 2700 yilga yetadi; gidralar esa nazariy jihatdan o‘lmas bo‘lishi va qarish sababli nobud bo‘lmasligi mumkin. Bu to‘rt yillik tajriba davomida aniqlangan.
Inson bilan o‘zaro munosabatlar
Insoniyat oziq-ovqat ishlab chiqarish uchun ko‘plab hayvon turlaridan uy hayvonlari sifatida chorvachilikda foydalanadi, shuningdek, yovvoyi tabiatda, asosan dengizlarda ovlaydi. Dengizlar, okeanlar va chuchuk suv havzalarida minglab baliq hamda umurtqasizlar (jumladan, qisqichbaqasimonlar, mollyuskalar va ignaterililar) ovlanadi. 2016-yilda dunyo bo‘yicha baliq va umurtqasizlar ovi hajmi taxminan 91 mln tonnani tashkil etgan. Jahon akvakultura mahsuloti 2016-yilda 80 mln tonnadan oshgan. Qishloq xo‘jaligi hayvonlari (sigir, qo‘y, cho‘chqa, tovuq va boshqalar) inson tomonidan oziq-ovqat mahsulotlari (go‘sht, yog‘, sut, tuxum, asal), ishlab chiqarish xomashyosi (jun, ipak, momiq, teri, mo‘yna, qil, suyak, pat), shuningdek, tashish va ish bajarish (tortish, yuk tashish) uchun boqiladi.
Tasniflash
Hayvonot dunyosini tasniflash tarixi

Aristotel o‘zining «Hayvonlarning paydo bo‘lishi haqida» nomli alohida asarida ilk bor tirik dunyoni o‘simliklar va hayvonlarga ajratishga uringan. Keyingi yirik tadqiqotlar Karl Linneyga — shved tabiatshunosi va shifokoriga — tegishli bo‘lgan. U o‘simliklar va hayvonot dunyosining yagona tasniflash tizimini yaratdi (bu tizim unga hayotligidayoq jahon miqyosida shuhrat keltirdi). Unda biologiya taraqqiyotining oldingi bosqichlarida to‘plangan biologik bilimlar sezilarli darajada tartibga solinib, umumlashtirildi. Linneyning asosiy xizmatlaridan biri — biologik tur tushunchasini aniqlash, binominal (ikkilik) nomenklaturani faol qo‘llashga kiritish va sistematik (taksonomik) toifalar o‘rtasida qatʼiy ierarxik bog‘lanishni o‘rnatishdir. Bundan tashqari, Karl Linney ilmiy tasnif uchun asos bo‘lgan tirik tabiatning birinchi ierarxik tasnifini yaratdi. U tabiatni uch «olamga»: mineral, o‘simlik va hayvonot olamlariga ajratdi va to‘rtta tasnifiy darajadan («rang») foydalandi: sinflar, turkumlar, urug‘lar va turlar. Karl Linney sistematikaga joriy qilgan, har bir tur uchun ilmiy nom tuzish usuli (lot. nomina trivialia deb ataladigan sodda nomlar keyinchalik tur epitetlari sifatida tirik organizmlarning binominal nomlarida ishlatila boshlangan) hozirgacha qo‘llanadi (ilgari ishlatilgan ko‘p so‘zli uzun nomlar turlarni tavsiflagan, ammo qatʼiy standartlashtirilmagan edi). Ikki so‘zdan tuzilgan lotincha nom — avval urug‘ nomi, so‘ng turga xos nom — nomenklaturani taksonomiyadan ajratishga imkon berdi. Karl Linneyning dastlabki tizimida hayvonlar uch olamdan biriga kiritilib, quyidagi sinflarga ajratilgan: Chuvalchanglar, Hasharotlar, Baliqlar, Sudraluvchilar (keyinchalik Amfibiyalar va Reptiliyalar), Qushlar va Sutemizuvchilar. Keyinchalik oxirgi to‘rtta sinf bitta tip — xordalilar tarkibiga birlashtirildi, qolgan sinflar esa umurtqasizlar tarkibiga kiritildi. 1874-yilda nemis biologi Ernst Gekkel hayvonlarni ko‘p hujayrali Metazoa (hozir Animalia sinonimi) va sodda organizmlarga ajratdi; ikkinchilari endi hayvon deb hisoblanmaydi.
Biologik sistematika
Keltirilgan tasnifda hozirgi hayvonlarning 32 tipi mavjud («tip» so‘zi yozilmagan). Quyida tasnifning ayrim muqobil variantlari bayon etiladi:
- Kichik olam Prometazoylar (Prometazoa)
- G‘ovaktanlilar (Porifera yoki Spongia) — taxminan 8000 tur
- Plastinkasimonlar (Placozoa) — 3 tur
- Kichik olam Eumetazoylar yoki haqiqiy ko‘p hujayralilar (Eumetazoa)
- Taroqlilar (Ctenophora) — 100—150 tur
- Otuvchi hujayralilar yoki knidariyalar (Cnidaria) — taxminan 11 ming tur
- Ikki tomonlama simmetriyalilar (Bilateria)
- Xenacoelomorpha — taxminan 400 tur
- Birlamchi og‘izlilar (Protostomia)
- Qiljag‘lilar (Chaetognatha) — taxminan 120 tur
- Disiemidlar (Dicyemida) — 70—75 tur
- Ortonektidlar (Orthonectida) — taxminan 30 tur
- Yassi chuvalchanglar (Plathelmintes) — taxminan 25 ming tur
- Qorin kiprikli chuvalchanglar yoki gastrotrixlar (Gastrotricha) — taxminan 600 tur
- Gnatostomulidlar (Gnathostomulida) — taxminan 100 tur
- Micrognathozoa — yagona tur — Limnognathia maerski
- Tikanboshlilar yoki akantotsefallar (Acanthocephala) — taxminan 750 tur
- Kolovratkalar (Rotatoria yoki Rotifera) — taxminan 1500 tur
- Ichki anal teshiklilar (Entoprocta) — taxminan 150 tur
- Siklioforlar (Cycliophora) — 3 tur
- Mshankalar (Bryozoa yoki Ectoprocta) — taxminan 5000 tur
- Foronidlar (Phoronida) — 12 tur
- Yelkaforlilar yoki braxiopodlar (Brachiopoda) — taxminan 280 ta hozirgi va 30 mingta qirilib ketgan tur
- Nemertinalar (Nemertina yoki Nemertini) — taxminan 1000 tur
- Sipunkulidlar (Sipuncula) — 144—320 tur
- Halqali chuvalchanglar yoki annelidlar (Annelida) — 12 mingdan ortiq tur
- Mollyuskalar yoki yumshoqtanlilar (Mollusca) — 150 mingdan ortiq tur
- Scalidophora — taxminan 300 tur
- Nematodalar yoki yumaloq chuvalchanglar (Nematoda) — 80 mingga yaqin turi tavsiflangan, turlarning umumiy soni taxminan bir millionga yetadi
- Qilsimon chuvalchanglar (Nematomorpha yoki Gordiacea) — taxminan 320 tur
- Sekin yuruvchilar (Tardigrada) — 900 dan ortiq tur
- Onixoforlar yoki dastlabki traxeyalilar (Onychophora) — taxminan 100 tur
- Bo‘g‘imoyoqlilar (Arthropoda): hasharotlar (1 mlndan ortiq tur), o‘rgimchaksimonlar (taxminan 114 ming tur), qisqichbaqasimonlar (taxminan 73 ming tur) va boshqalar.
- Ikkilamchi og‘izlilar (Deuterostomia)
- Ignaterililar (Echinodermata) — taxminan 7000 tur: dengiz yulduzlari (taxminan 1600 tur), dengiz tipratikanlari (taxminan 940 tur) va boshqalar.
- Yarimxordalilar (Hemichordata) — 130 tur
- Xordalilar (Chordata) — taxminan 51 ming tur: sutemizuvchilar (5400 tagacha tur), qushlar (taxminan 10,7 ming tur) va boshqalar.

Filogenetik sistematika
Tasniflashning muqobil variantlari
Hayvonlar olamining tasnifi hali uzil-kesil shakllanmagan, uning ko‘plab variantlari mavjud. Baʼzan sodda organizmlar aksariyatining geterotrof va faol harakatlanuvchi organizmlar ekaniga asoslanib, hayvonlarning kichik olami deb qaraladi. Boshqa tomondan, sodda organizmlarda ko‘pincha o‘simliklarga xos belgilar ham kam emas va ular maʼlum maʼnoda hayvonlar hamda o‘simliklar o‘rtasida oraliq o‘rin egallaydi. Shu sababli protistlar alohida olam (yoki bir nechta olam) sifatida ham ajratiladi. Ayrim tasniflarda Agnotazoylar kichik olami ajratilib, unga plakozoylar, ortonektidlar va disiemidlar kiritilgan.
Bundan tashqari, tiplarning soni va tarkibi ham turlicha o‘zgartiriladi. Quyida ayrim ehtimoliy variantlar keltirilgan:
- Knidariyalar va taroqlilar bitta tipga birlashtirilishi mumkin (bo‘shliqichlilar).
- Nematodalar, qorin kiprikli chuvalchanglar, kinorinxlar, qilsimon chuvalchanglar, kolovratkalar va baʼzan priapulidlarni bir tipning sinflari sifatida birlashtirishadi: birlamchi bo‘shliqli chuvalchanglar yoki yumaloq chuvalchanglar (bu tasnif aniq eskirgan).
- Nematodalar, qilsimon chuvalchanglar va qorin kiprikli chuvalchanglar yumaloq chuvalchanglar (Nemathelminthes) tipiga kiritiladi.
- Sinflar: boshxartumlilar — priapulidlar, kinorinxlar va loritsiferlar alohida tiplar deb qaraladi.
- Foronidlar, mshankalar va yelkaforlilar paypaslagichlilar yoki lofoforlilar tipiga birlashtirilib, uchta tegishli sinfga ajratiladi.
- Yarimxordalilar ilgari xordalilarning kichik tipi deb hisoblangan.
- Qobiqlilar ko‘pincha alohida tip sifatida qaralgan.
- Ko‘plab qo‘llanmalarda ikkilamchi og‘izlilarning alohida tipi sifatida pogonoforlar.
- Ortonektidlar va disiemidlar bitta tip — mezozoylar sifatida ko‘rilishi mumkin (bu tasnif aniq eskirgan).
- Hayvonlar tarkibiga Myxozoa tipi ham kiradi; u avval protistlarga kiritilgan.
Hayvonlar guruhlari
Birlamchi og‘izlilar

Birlamchi og‘izlilar (lot. Protostomia) — ko‘p hujayrali hayvonlarning Bilateria guruhiga kiruvchi takson. Embrional rivojlanish vaqtida ularning dastlabki og‘zi (blastopor) o‘rnida og‘iz yoki blastopor yoriqsimon yopilganda og‘iz va anal teshik paydo bo‘ladi. Shu jihati bilan ular ikkilamchi og‘izlilardan farq qiladi: ikkilamchi og‘izlilarda blastopor o‘rnida anal teshik hosil bo‘ladi, og‘iz esa keyinchalik boshqa joyda paydo bo‘ladi.
Spirallilar

Spirallilar (lot. Spiralia) — umurtqasiz hayvonlarning ulkan guruhi bo‘lib, unga mollyuskalar va halqali chuvalchanglar kiradi. Birinchi guruhga, jumladan, shilliqqurtlar, ikki pallali mollyuskalar va kalmarlar, ikkinchisiga esa yomg‘ir chuvalchanglari va zuluklar kiradi. Ilgari halqali chuvalchanglar tana segmentlari mavjudligi sababli bo‘g‘imoyoqlilarga yaqin deb hisoblangan. Bu guruh 1995-yilda Kennet M. Xalanich (Kenneth M. Halanych) tomonidan molekulyar tadqiqotlar asosida taklif etilgan. Molekulyar maʼlumotlar, masalan, evolyutsiya jarayonida kichik subbirlikli rRNKning o‘zgarishi ushbu katta tip tarkibidagi tiplarning monofiliyasini tasdiqlaydi.
Panarthropoda
Panarthropoda (lot.) — birlamchi og‘izlilar (Protostomia) guruhidagi umurtqasizlar taksoni bo‘lib, bo‘g‘imoyoqlilar, sekin yuruvchilar, onixoforlarni, shu jumladan qirilib ketgan ksenuziyalar.
guruhini birlashtiradi. Panarthropoda vakillarining umumiy tuzilish belgilari metamer simmetriya qonuniyatlariga bo‘ysunadi: organizm tanasi bir-biriga o‘xshash bir necha element — segmentlardan iborat bo‘lib, ular tana o‘qi bo‘ylab ketma-ket joylashgan. Segmentatsiyaning eng yaqqol belgilaridan biri juft oyoqlarning joylashuvidir. Dastlab barcha Panarthropoda vakillarida bu oyoqlarning uchida qattiq tirnoqchalar bo‘lgan. Metameriya ichki aʼzolarga ham xos: oyoqlarni harakatlantiruvchi mushaklar, ayirish aʼzolari va nerv tizimi qismlari segmentlar bo‘yicha takrorlanadi. Panarthropoda morfologiyasi nihoyatda xilma-xil bo‘lgani uchun ayrim vakillarning tashqi tuzilishida yuqorida tasvirlangan umumiy tuzilish rejasiga mos gomologik belgilarni aniqlash ko‘pincha qiyin kechadi.
Ikkilamchi og‘izlilar
Ikkilamchi og‘izlilar (lot. Deuterostomia) — ko‘p hujayrali hayvonlarning Bilateria guruhiga mansub bo‘lib, yarimxordalilar, ignaterililar va xordalilarni o‘z ichiga oladi. Atama nemis zoologi K. Grobben tomonidan 1908-yilda kiritilgan. Ikkilamchi og‘izlilarning embrional rivojlanishi davomida dastlabki og‘iz (blastopor) o‘rnida anal teshik hosil bo‘ladi, og‘iz esa tananing oldingi qismida mustaqil ravishda paydo bo‘ladi. Ularda ikkilamchi tana bo‘shlig‘i (selom) mavjud. Bu guruhga evolyutsion taʼlimot nuqtayi nazaridan eng rivojlangan hayvonlar — umurtqalilar (xordalilarning kichik tipi) ham kiradi. Ammo ikkilamchi og‘izlilarning kelib chiqishi noaniq. Ehtimol, ular radial simmetriyali (bo‘shliqichli) hayvonlardan birlamchi og‘izlilardan mustaqil ravishda kelib chiqqan. Boshqa gipotezalarga ko‘ra, ikkilamchi og‘izlilarning ajdodlari quyi chuvalchanglar deb birlashtirilgan sodda birlamchi og‘izlilar tiplaridan birining vakillari bo‘lgan. Biroq eng yangi molekulyar tadqiqotlar birinchi taxminni qo‘llab-quvvatlaydi.
Adabiyotlar
- M. S. Gilyarov va boshqalar tahriri ostidagi «Biologik ensiklopedik lug‘at», M., «Sovetskaya ensiklopediya» nashriyoti, 1989.
- Piter Godfri-Smit. «Metazoa. Hayvonot dunyosida ongning paydo bo‘lishi». — M.: Alpina non-fikshn, 2023. — 416 b. — ISBN 978-5-00139-865-3.
- Hayvon // Brokgauz va Yefron ensiklopedik lug‘ati : 86 jild (82 jild va 4 qo‘shimcha). — Sankt-Peterburg, 1890—1907.
