Geografik mintaqa nima

Kyoppen tasnifi bo‘yicha yangilangan iqlim xaritasi  Qutbiy muzliklar iqlimi  Tundra iqlimi  Boreal iqlim  Mo‘tadil iqlim  Subtropik iqlim  Tropik iqlim
B. P. Alisov tasnifi bo‘yicha Yerning iqlim mintaqalari.

Geografik mintaqa (fizik-geografik mintaqa, tabiiy mintaqa — Yerning geografik qobig‘idagi eng yirik zonal bo‘linma bo‘lib, Yer sharini kenglik yo‘nalishida o‘rab turadi. Geografik mintaqalarning ajralib turishi, asosan, ularga kelib tushadigan Quyosh radiatsiyasi miqdorining bir-biriga yaqinligi bilan bog‘liq. Har bir geografik mintaqa qo‘shni mintaqalarnikidan farq qiladigan o‘ziga xos radiatsion (issiqlik) balansiga ega. Ko‘pincha atmosfera sirkulyatsiyasining umumiy xususiyatlari, masalan, mo‘tadil kengliklarda havo massalarining g‘arbdan sharqqa ko‘chishi ham kuzatiladi. Modda va energiya aylanishining tezligi, o‘simliklarning vegetatsiya davri maromi, relyef hosil bo‘lishi va biokimyoviy jarayonlarning tezligi hamda turlari, tuproq va hayvonot dunyosining asosiy xususiyatlari ham har bir mintaqaga xosdir. Har bir geografik mintaqaning kenglik, uzunlik (ba’zan namlanish darajasi keskin farqlanadigan) va balandlik bo‘yicha o‘ziga xos tabiiy (landshaft) zonalari mavjud. Jahon okeanida oqimlarning o‘xshash turlari, suv haroratining taqsimlanishi hamda planktonning asosiy xususiyatlari va mahsuldorligi kuzatiladi. Okean oqimlari yoki relyefning yirik shakllari ta’sirida mintaqalarning kengligi butun aylana bo‘ylab bir xil bo‘lmaydi. Yer shari quyidagi geografik mintaqalarga bo‘linadi:

Geografik mintaqalar iqlim mintaqalariga mos keladi. Zonal va mintaqaviy xususiyatlariga ko‘ra fizik-geografik mintaqalar geografik zonalar va sektorlarga bo‘linadi. Ko‘plab tog‘ tizimlarida tog‘ etagidan cho‘qqisiga qarab issiqlikning kamayishi va namlanishning o‘zgarishi tufayli balandlik mintaqalari ajratiladi. Arktika va Antarktika mintaqalari qutbiy mintaqalar, subarktika va subantarktika mintaqalari esa subqutbiy mintaqalar deb ataladi.

Tarix

Geografik zonalarning mavjudligi haqidagi ilk farazni qadimgi yunon olimi Aristotel ilgari surgan. U zonalarning ekvatordan uzoqligiga asoslanib, Yer uch turdagi iqlim zonasiga bo‘lingan deb hisoblagan.

Ekvatordan yaqin hududlar yashash uchun haddan tashqari issiq, deb o‘ylagan Aristotel ekvatorning ikki tomonidagi hududni (23,5° sh. k. — 23,5° j. k.) ajratib, uni «Issiq zona» deb atagan. Uning fikricha, Shimoliy qutb doirasidan qutbgacha bo‘lgan hududda doimiy muzloq yerlar mavjud. U yashash uchun yaroqsiz bu hududni «Qutbiy zona» deb atagan. Aristotel yashashga yaroqli deb hisoblagan yagona hudud «Qutbiy zona» bilan «Issiq zona» oralig‘ida joylashgan «Mo‘tadil zona» edi. Uning mo‘tadil zonani yashash uchun eng qulay hudud deb hisoblashiga sabablaridan biri o‘zi ham shu zonada yashagani bo‘lishi mumkin.

Yer geografiyasi haqidagi bilimlar kengaygani sari ekvatorning janubida ikkinchi «Mo‘tadil zona», Antarktika atrofida esa ikkinchi «Qutbiy zona» ajratildi.

Aristotel tuzgan xarita ancha soddalashtirilgan bo‘lsa-da, uning umumiy g‘oyasi to‘g‘ri edi. Hozir odatda nemis-rus iqlimshunosi va havaskor botanik Vladimir Kyoppen (1846—1940) tuzgan iqlim xaritasidan foydalaniladi. Yer yillik o‘rtacha yog‘in miqdori, oylik o‘rtacha yog‘in miqdori va oylik o‘rtacha haroratga ko‘ra oltita asosiy iqlim hududiga bo‘lingan.