Genlar ekspressiyasi nima

Поток генетической информации.
Dastlab, 4 belgili alifboda ifodalangan gen haqidagi ma’lumot DNK (A,T,G,C) tarkibidan transkripsiya jarayoni orqali 4 belgili RNK (A,U,G,C) alifbosiga ko‘chiriladi. RNKdagi axborot esa translyatsiya orqali 20 belgili alifboga, ya’ni sintezlanayotgan oqsilning aminokislotalariga o‘tkazilishi mumkin

Genlar ekspressiyasi — bu gendagi irsiy axborot (ya’ni nukleotidlar dan tuzilgan DNK ketma-ketligi) funksional mahsulot — RNK yoki oqsilga aylantiriladigan jarayon. Genlar ekspressiyasining ayrim bosqichlari boshqarilishi mumkin. Bular: transkripsiya, translyatsiya, RNK splaysingi va oqsillarning translyatsiyadan keyingi modifikatsiyasi bosqichidir. Qisqa ikki zanjirli RNK yordamida genlar ekspressiyasini faollashtirish RNK orqali faollashtirish deb ataladi.

Genlar ekspressiyasini boshqarish hujayralarga o‘z tuzilishi va faoliyatini nazorat qilish imkonini beradi hamda hujayralarning differensiatsiyasi, morfogenezi va moslashuvining asosini tashkil etadi. Genlar ekspressiyasi evolyutsion o‘zgarishlar uchun asos bo‘lib xizmat qiladi, chunki bitta gen ekspressiyasining vaqt, joy va miqdoriy xususiyatlarini boshqarish butun organizmdagi boshqa genlarning faoliyatiga ham ta’sir ko‘rsatishi mumkin.

Transkripsiya va translyatsiya

Transkripsiya — DNK asosida RNK sintezlanishi. Bunda ferment RNK-polimeraza II ishtirok etadi

Ham prokariotlar, ham eukariotlarning genlari DNK nukleotidlari ketma-ketligidan iborat. DNK matritsasida transkripsiya, ya’ni komplementar RNK sintezi amalga oshadi. So‘ngra mRNK matritsasida translyatsiya sodir bo‘lib, oqsillar sintezlanadi. Ayrim genlar matritsa vazifasini bajarmaydigan RNK turlarini (masalan, rRNK, tRNK, kichik RNKlar) kodlaydi. Bunday genlar ekspressiyalanadi (transkripsiyalanadi), ammo oqsilga translyatsiya qilinmaydi.

Transkripsiyadan keyingi boshqarilish

MikroRNK — 18—25 ta nukleotiddan tashkil topgan qisqa, bir zanjirli RNK ketma-ketligi bo‘lib, genlar ekspressiyasini susaytiradi. MikroRNK o‘z nishoni — informatsion RNK bilan komplementarlik tamoyili asosida bog‘lanadi. Natijada oqsil sintezi to‘xtatiladi yoki informatsion RNK parchalanadi.

MikroRNKning o‘z nishoniga nisbatan spetsifikligi unga komplementar azotli asoslar ulushiga bog‘liq bo‘lib, yuqori yoki past bo‘lishi mumkin. Past spetsifiklik bitta mikroRNKning yuzlab turli genlar ekspressiyasini susaytirishiga imkon beradi.

Genlar ekspressiyasini aniqlash

Hozirgi vaqtda genlar ekspressiyasini aniqlashning asosiy usullari — RNKni sekvenslash, xususan, poli-A dumiga ega RNKlarni (mRNK) sekvenslash, shuningdek, gen ekspressiyasini o‘lchovchi DNK-mikrochiplardan foydalanishdir. Yangi avlod sekvenslash usullari takomillashgani sari RNKni sekvenslash yanada keng tarqalmoqda. Bu usul genomdagi har bir oqsilni kodlovchi genning ekspressiya darajasini aniqlash bilan birga, mRNKning muqobil splaysing natijasida hosil bo‘lgan variantlarini ham farqlash imkonini beradi.

Genlarning murakkab ekspressiyasi

Ontogenez jarayonida genlarning murakkab ekspressiyasiga inson gemoglobinlari sintezining genlar orqali boshqarilishini misol qilish mumkin. Gemoglobin molekulasi 4 qismdan: ikkita bir xil alfa-zanjir va ikkita bir xil beta-zanjirdan iborat. Sog‘lom katta yoshli inson gemoglobini (НвА) inson embrioni gemoglobinidan (embrional gemoglobin, НвF) farq qiladi. Bu farqlar beta-zanjirga tegishli. Homila gemoglobinida u polipeptid gamma-zanjir bilan almashgan. Bundan tashqari, katta yoshli odamlar qonida oz miqdorda НвА2 uchraydi; unda beta-zanjir sigma-zanjir bilan almashgan. Insondagi normal gemoglobinning barcha 3 turi (НвА НвА2 НвF) alohida lokuslar tomonidan boshqariladi. αA lokusi alfa-zanjirlarning hosil bo‘lishini belgilaydi. U insonning butun umri davomida faol bo‘lib, yuqorida sanab o‘tilgan barcha gemoglobinlarda alfa-zanjirlar mavjudligini ta’minlaydi.

Genlarning monoallelli ekspressiyasi

Monoallelli ekspressiya eukariotlarda quyidagilarga xos:

Hozirgi ma’lumotlarga ko‘ra, eukariotlar genlarining taxminan 5—10 %i hujayralarda monoallelli ekspressiyalanadi. Ular orasida hujayra yuzasidagi oqsillarni, xususan, immunoglobulinlar, T-hujayra va hid bilish retseptorlarini kodlaydigan genlar ko‘proq uchraydi. Bu hodisa allel istisnosi deb ham ataladi. Qaysi allel ekspressiyalanishi rivojlanishning erta bosqichida tasodifiy belgilanadi. Natijada organizm hujayralarining taxminan yarmi otadan, qolgan yarmi esa onadan o‘tgan allelni ekspressiyalaydi. Ba’zan genning monoallelli ekspressiyasi faqat muayyan to‘qimaga xos bo‘ladi, boshqa to‘qimalarda esa o‘sha genning ikkala alleli ham ekspressiyalanishi mumkin. Genning cis-boshqaruvchi ketma-ketliklaridagi polimorfizm tufayli autosoma genining turli allellari har xil darajada ekspressiyalanadigan holatlar tasodifiy monoallelli ekspressiya hisoblanmaydi.

Adabiyotlar