

Purkinye hujayralari (lot. neuronum piriforme, ingl. Purkinje cells) — noksimon shaklga ega bo‘lgan miyacha po‘stlog‘i neyronlari bo‘lib, miyachadagi eng yirik neyronlardir. Ular bosh miyadagi eng yirik neyronlardan ham biri bo‘lib (faqat Betsning gigant piramidal neyronlaridan kichikroq), o‘z nomini ularni birinchi bo‘lib kashf etgan (1837) chex shifokori va fiziologi Yan Evangelista Purkinye sharafiga olgan. U bu hujayralarni «ganglioz tanachalar» deb atagan. Bular birinchi bo‘lib kashf etilgan neyronlar edi.
Xususiyatlari
Purkinye hujayralari — GAMK-ergik (ya’ni signalni neyromediator — gamma-aminomoy kislota yordamida uzatuvchi) tormozlovchi neyronlar bo‘lib, miyacha po‘stlog‘ining yagona «chiqish» neyronlaridir. Akson uzunligi sichqonlarda — 2 millimetr, kalamushlarda — 3 millimetr. Dendritlarning qalinligi yo‘g‘on shoxlarda 2—5 mkm, ingichka shoxlarda esa 0,5—1 mkm ni tashkil etadi. Purkinye hujayrasining tanasi noksimon shaklda bo‘lib, undan ko‘plab dendritlar chiqadi. Ular miyacha burmalariga qat’iy perpendikulyar tekislikda kuchli tarmoqlanib, juda ko‘p (ikki yuz mingtagacha) sinapslar hosil qiladi. Bu sinapslar dendrit shoxlari qatlamlarini kesib o‘tuvchi parallel tolalar — miyacha donador hujayralarining burmalar yuzasi bo‘ylab yo‘nalgan aksonlari bilan bog‘lanadi. Purkinye hujayrasining yaxshi rivojlangan dendrit daraxtini Bergman gliotsiti — «ixtisoslashgan astrosit» o‘z o‘simtalari yordamida qo‘llab-quvvatlaydi. Uzun akson (unda akson do‘mboqchasi bo‘lmaydi) miyacha po‘stlog‘ining chuqur qismida joylashgan hujayra asosidan boshlanib, oq modda orqali miyacha yadrolariga yo‘naladi va sinapslar hosil qilish orqali ularning neyronlari bilan bog‘lanadi. Akson vestibulyar yadrolarga ham boradi.
Miyacha po‘stlog‘ida 26 mln gacha Purkinye hujayrasi mavjud. Ular inson hayotining faqat sakkizinchi yiliga kelib to‘liq rivojlanadi. Shu sababli kichik yoshdagi bolalar o‘z harakatlarini aniq rejalashtira olmaydi, ularning harakatlari beso‘naqay va no‘noq ko‘rinadi, qalam bilan chizganlari esa pala-partish chiziqlardan iborat bo‘ladi. Mashqlar Purkinye hujayralarining yetilishini tezlashtiradi — miyachasi eng yaxshi rivojlangan kishilar gimnastikachilar, balerinalar va figurali uchish sportchilari hisoblanadi. Bundan tashqari, Purkinye hujayralari alkogolga juda sezgir: hatto oz miqdordagi spirtli ichimliklar ham harakat trayektoriyasini hamda qo‘l va oyoqlar harakatining o‘zaro muvofiqligini belgilovchi miyacha faoliyatini izdan chiqaradi.